Kodirova nigora shaydullayevna yoshlarda huquqiy ongni rivojlantirishning usullari


Yoshlar huquqiy ongini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlari



Yüklə 134,7 Kb.
səhifə6/16
tarix15.06.2023
ölçüsü134,7 Kb.
#117416
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
MD-Kodirova-7.06.2023 (2)

Yoshlar huquqiy ongini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlari

Mustaqillik tufayli mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan hozirgi sharoitda huquqiy ong va huquqiy madaniyatga bo‘lgan talab tobora ortmoqda.
Ilmiy va o‘quv adabiyotlarida huquqiy ongning boshqa ijtimoiyhuquqiy hodisalarga, xususan, jamiyat rivojiga ta’siri masalasi ancha keng tahlil etilgan. Biroq huquqiy ongning shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar masalasi ko‘pincha e’tibordan chetda qolgan. Shu bois ham huquqiy ongning shakllanishi, unga ta’sir etuvchi omillar va vositalarning nazariy masalalarini tadqiq etish ilmiynazariy jihatdan katta ahamiyatga ega.
Huquqiy ong tasnifi bo‘yicha odatiy, kasbiy va ilmiy turlarga bo‘linadi. Ta’kidlash joizki, huquqiy ong turlari ichida odatiy huquqiy ong sohiblari ko‘pchilikni tashkil etadi. Jamiyat ushbu qismining huquqiy ongi ularning har kungi kundalik hayoti, turmush tashvishlari, hayotiy tajribasi ta’siri ostida shakllanadi va u empirik xarakterga ega bo‘ladi. Bunday ong insonlarning kundalik turmushlari ehtiyojlari bilan belgilanadigan huquq haqida, yuridik amaliyot haqidagi oddiy tasavvurlar, baholar, xulq-atvor ko‘nikmalarida ifodalanadi. Bunday huquqiy ong sohiblarining huquqni bilish darajasi ularning turmush sharoitlari bilan bog‘liq holda shakllanadi.
Huquqiy ong tizimida kasbiy huquqiy ong o‘ziga xos o‘rin tutishi tabiiy. Binobarin, kasbiy huquqiy ong sohiblarining huquqqa oid bilimlari, qarashlari, ichki ishonchlari, huquqiy bilim va ish tajribalari bevosita kasbiy faoliyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holda shakllanadi. Sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, advokat, yuristkonsult, notariuslarning huquqiy ongi huquqni yuqori darajada bilishligi bilan odatiy huquqiy ongdan sifat jihati bilan farqlanadi.
Huquqiy ongni, xususan, yuristlarning kasbiy huquqiy ongini shakllantirishda huquqiy ta’limning roli hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, mustaqillik yillarida oliy yuridik ta’lim tizimini shakllantirishga davlat tomonidan jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yuridik ta’lim muassasalari soni ko‘paytirildi, ularda bugungi kunda 10000 dan ortiq talaba (tinglovchi) o‘qimoqda, har yili bakalavriat va magistraturada 2000 dan ko‘proq mutaxassis yetishib chiqmoqda. Milliy huquq tizimining shakllanishi barobarida yangi huquq sohalari (masalan, bank huquqi, xalqaro xususiy huquq, soliq huquqi, bojxona huquqi, tadbirkorlik huquqi va h.k.) vujudga keldi40.
Huquqiy ong shakllanishida demokratik qadriyatlarning o‘rni haqida fikr yuritganda, ushbu jarayonda yuristlarning kasbiy huquqiy ongi o‘ziga xos o‘rin tutishini alohida ta’kidlash zarur bo‘ladi. Chunki, aynan yuristlar tomonidan eng muhim demokratik qadriyatlar hisoblangan: inson huquqlari, fuqarolarning tengligi, adolatlilik, qonun ustuvorligi kabi tamoyillarning ijtimoiy voqelikka tadbiq etilishi jamiyat, davlat va insonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, yuristlarning kasbiy huquqiy ongini shakllantirish masalasi hozirgi kunda muhim vazifa sifatida kun tartibida turibdi.
Ilmiy manbalarda ta’kidlanganidek, kasbiy huquqiy ong bu – professional yuristlarning huquqiy ongi, ya’ni maxsus yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va yetarli amaliy tayyorgarlikka ega mutaxassis uchun zarur bo‘lgan intellektual kasbiy ongdir.
Ma’lumki, yurist huquqiy ongi ham amaldagi qonunchilik, ham yuridik amaliyotni bilish asosida shakllanadi. Shu bois, yuristning empirik va ratsional huquqiy ongi o‘zaro uyg‘unlashgan va bog‘liqlikda amal qilsa, bu kutilgan natijaga olib keladi. Bunday ongni yuqori darajadagi ong deyishga asos bo‘ladi.
Shu munosabat bilan, kasbiy huquqiy ong ilg‘or huquqiy g‘oyalar va qarashlarni ifodalovchi teran ong yoki huquqiy davlat talablariga mos kelmaydigan qoloq ong bo‘lishi mumkin. Ilmiy adabiyotlarda kasbiy huquqiy ongni differensiyalash hollarini kuzatish mumkin. Masalan, A. A.Xamrayev sudyalarning kasbiy huquqiy ongini takomillashtirish muammolari yuzasidan ilmiy izlanishlarni amalga oshirgan. Muallifning fikricha, kasbiy huquqiy ong tizimida sudyalarning huquqiy kasbiy ongi alohida o‘rin tutishini ta’kidlamoq zarur. Chunki sudya boshqa yuridik kasblardan farq qilgan holda, ish yuzasidan davlat nomidan hukm chiqaradi. Bu holat uning maqomini o‘zgacha mas’uliyatli ekanligini belgilaydi.
A.A.Hamrayevning ta’kidlashicha, “huquqiy voqelikni aks ettiruvchi ong sohasi sifatida sudyalarning kasbiy-huquqiy ongi uning o‘zi bevosita shug‘ullanuvchi jabha maqom-mohiyatidan kelib chiqqan holda, shakllanib borishi, ana shu ong asosida uning fikr yuritishi va o‘z mehnat faoliyatini qonunlar ijrosini xolis, odil ta’minlash nuqtai nazaridan amalga oshirishi hamda amal qilayotgan huquq va huquqiy hodisalarga, qadriyatlarga munosabati (bahosi)ni ifodalovchi his-tuyg‘ular, tasavvurlar, tushunchalar, g‘oyalar, qarashlar, nazariyalar yig‘indisidir”41.
Shu bilan birga, kasbiy-professional huquqiy ongning shakllanishida empirik, ya’ni amaliy jihatni butkul birlamchi, deb hisoblash unchalik maqsadga muvofiq emas. Chunki, yurist (sudya, tergovchi, advokat va b.) juda katta va uzoq yillik yuridik amaliyot tajribasiga ega bo‘lishi, amaldagi qonunlarni, qonun osti aktlarini, protsessual normalarni juda yaxshi va batafsil bilishining o‘zi yetarli emas. Bundan tashqari, ular huquqning jamiyat tarixida yuzaga kelishi qonuniyatlari, huquq haqidagi turli nazariyalar, huquqni tushunish sohasidagi turli yirik yo‘nalishlar, huquqning boshqa ijtimoiy normalar bilan o‘xshash va farqli jihatlari, huquqiy qonunlar, huquq bilan adolatning o‘zaro nisbati, inson huquqlarining eng oliy qadriyat ekanligi, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati kabi demokratik qadriyatlar yuzasidan nazariy bilimlar bilan qurollangan bo‘lishlari ham maqsadga muvofiqdir.
Yuristlarning kasbiy huquqiy ongi huquqiy demokratik davlat qurayotgan jamiyatning umumiy ijtimoiy ongi bilan uyg‘unlashishi natijasida huquqiy ongning yangi tipi, yangi sifati haqida gapirish mumkin. Ilmiy adabiyotda professional huquqiy ongning oliy tipi sifatida demokratik huquqiy ong tushunchasi ilgari surilmoqda42.
Kasbiy huquqiy ongning jamiyatda qonun ustuvor bo‘lishi va inson huquqlarining ta’minlanishidagi roli va ahamiyati katta. Chunki yuridik faoliyat olib boradigan subyektlar bo‘lgan yuristlar huquq normalarini hayotga tatbiq etadilar, shu bois ularning huquqiy ongi darajasiga bog‘liq holda yuridik amaliyot shakllanadi. Qonuniy asoslarda, inson huquqlari ustuvorligi sharoitida olib boriladigan yuridik faoliyati barcha fuqarolarda huquqiy tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, ularda huquqqa va davlatga hamda uning o‘rnatgan tartib-qoidalariga hurmat hissini shakllantiradi.
Huquqiy ongning eng yuqori shakli bo‘lgan ilmiy (doktrinal) huquqiy ongning shakllanishi, unga demokratik qadriyatlarning ta’siri masalasi ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan masala. Zero, ilmiy huquqiy ong butun jamiyat huquqiy tizimi, yuridik amaliyot va faoliyat, huquqiy tarbiya, huquqiy siyosatning shakllanishi va rivojlanishida yo‘naltiruvchilik rolini o‘ynaydi. Bir tizimga solingan huquq to‘g‘risidagi turli ilmiy g‘oyalar, konsepsiyalar, qarashlar ilmiy huquqiy ongning mazmunini tashkil etadi. Ilmiy g‘oyalar huquqshunos olimlar tomonidan shakllantirilib, ular mamlakat huquqiy tizimi, huquqiy siyosati, amaldagi qonunchilik rivojining asosiy yo‘nalishlarini belgilashda hal qiluvchi o‘rin egallaydi.
Ilmiy huquqiy ongni shakllantirish va takomillashtirish masalasida ham ayrim muammolar mavjud. Shunday muammolardan biri tadqiqotlarning sifati masalasidir. M.X.Rustamboyev ta’kidlaganidek, ilmiy monografiyalar, risolalar, darsliklar sifati va saviyasi jiddiy nazorat qilinmog‘i zarur. Xorijiy davlatlarda chop etilgan ilmiy va o‘quv adabiyotlarini tarjima qilib o‘z nomi bilan chop etayotgan “mualliflar” tartibga chaqirilmog‘i, ularga tegishli ta’sir choralari ko‘rilmog‘i lozim. Agar ushbu sharmandali ahvolga barham berilmasa, yaqin kelajakda mamlakatimiz huquqiy fanining obro‘si nihoyatda tushib ketadi. Shu boisdan ham tan olingan yetuk xorijiy olimlarning kitob va darsliklarini o‘zbek tiliga tarjima qilish maqsadga muvofiqdir”43.
Shu o‘rinda, M.X.Rustamboyevning fikrlariga qo‘shilgan holda, yana shuni qo‘shimcha qilish zarurki, xorijiy kitoblarni tarjima qilish katta moddiy mablag‘, tashkiliy ishlar, mualliflik huquqiga oid masalalar bilan bog‘liqligi sababli, bunday ishlarni amalga oshirishning tartibi, jumladan, tashkiliy, huquqiy va moddiy mexanizmini ishlab chiqish zarurligini alohida ta’kidlash zarur.
Ma’lumki, huquqiy ong huquq subyektlarining huquqqa bo‘lgan munosabatini ifodalaydi. Huquq subyektlari huquqqa hurmat bilan qarashlari, amaldagi qonun normalariga rioya etishlari, huquqbuzarlikning har qanday ko‘rinishlariga murosasizlik bilan qarashlari uchun ular avvalo huquqning mohiyati, uning jamiyatda tutgan o‘rni, kishilar hayotini tashkil etishda ijobiy ahamiyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak. Bunda huquqiy tarbiya asosiy rol o‘ynaydi.
“Huquqiy tarbiya – bu davlat, uning organlari va xodimlarining, jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish va yuqori ko‘tarish yuzasidan maqsadga yo‘naltirilgan doimiy faoliyatidir”44.
Z.M.Islomovning fikricha, “huquqiy tarbiya – bu huquqiy tajriba almashish bo‘yicha davlat, jamoat tashkilotlari, alohida fuqarolarning bir maqsadga yo‘naltirilgan faoliyati: huquqiy normalarga rioya qilish, ularni bajarish va bu normalardan foydalanishni ta’minlovchi muayyan ijobiy tasavvurlar, qarashlar, qadriyatlarni tushunish, yo‘l-yo‘riqlarni shakllantirish maqsadida odam ongi va xulq atvoriga doimiy ta’sir o‘tkazib borishdir”45.
“Huquqiy tarbiya bu – individlar ongiga demokratik huquqiy va axloqiy qadriyatlarni, huquq prinsiplarini, yuridik normalarning zarurligi va adolatliligiga nisbatan qat’iy ishonchni singdirishga qaratilgan choralar tizimidir”46.
Shu o‘rinda ayrim manbalarda, jumladan, darsliklar, lug‘at va kitoblarda huquqiy tarbiyaning huquqiy ongni shakllantirishda asosiy vosita ekanligi umume’tirof etilgani holda, bu masala e’tibordan chetda qolganligini taassuf bilan ta’kidlash zarur47.
Bundan tashqari, ayrim mualliflar huquqiy davlatning belgilari haqida fikr yuritganda, “jamiyatning yuqori darajadagi huquqiy ongi va madaniyatga ega bo‘lishi” belgisini esdan chiqarib qo‘yishgan48.
Huquqiy tarbiya bu avloddan avlodga huquqiy madaniyat, huquqiy tajriba, huquqiy ideallar va jamiyatda vujudga keladigan nizolarni hal etishning vositalari va mexanizmlarini o‘tkazish (uzatish) yuzasidan tegishli subyektlar tomonidan olib boriladigan maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatdir.
Huquqiy tarbiyaning bosh maqsadi insonning huquqiy ongini rivojlantirish, boyitish, yuksaltirish va jamiyat huquqiy madaniyatini ko‘tarishdir. Odatda huquqiy tarbiya haqida gap ketganda uning tor va keng ma’nodagi tushunchalari ajratiladi.
Keng ma’nodagi huquqiy tarbiyada inson butun jamiyat tomonidan tarbiyalanadi, ya’ni o‘zini qurshab turgan muhit, yuridik amaliyot, davlatning mansabdor shaxslari va boshqa huquq subyektlarining xatti-harakati natijasida tarbiyalanadi. Mazmunidan ko‘rinib turibdiki, keng ma’nodagi huquqiy tarbiyada gap insonning jamiyatga kirishib ketishi, uning ijtimoiylashuvi haqida ketmoqda.
Bu joyda bir holatga e’tibor berish kerak. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari – davlat apparatida faoliyat olib borayotgan xodimlarning asosiy maqsadi bevosita insonlarga nisbatan huquqiy tarbiya olib borish bo‘lmasa-da, ularning faoliyati bilvosita insonlarning huquqiy ongi shakllanishiga ta’sir etadi.
Tor ma’noda huquqiy tarbiya – maxsus subyektlar tomonidan amalga oshirilib, o‘zining fuqarolar, aholi va butun jamiyatning huquqiy ongi va madaniyatini ko‘tarish maqsadiga yo‘naltirilganligi bilan tavsiflanadi.
Huquqiy tarbiya qator maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi:
– amaldagi qonunchilik, qonuniylik, birinchi navbatda bevosita insonga tegishli bo‘lgan shaxsning huquq va erkinliklari haqida yetarli va chuqur bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lish;
– huquqiy, madaniy qadriyat sifatidagi qonunga insonlarda chinakam hurmat hissini shakllantirish, uning nufuzini ko‘tarish, huquqiy nigilizm ko‘rinishlari bilan murosasiz kurash olib borish;
– insonlarda huquqiy itoatkorlik hissini tarbiyalash, huquqiy xulqning afzalliklarini aholi ongiga singdirish, huquqbuzarlikka nisbatan salbiy munosabatni mustahkamlash, aholida yuridik faoliyatda ishtirok etishning ko‘nikma va yo‘llarini shakllantirish;
– jazoning muqarrarligiga aholida ishonch hissini shakllantirish.
Yuqorida ta’kidlanganidek, huquqiy tarbiya ko‘p qirrali jarayon bo‘lib u bir qancha shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Bugungi kunda huquqiy tarbiyaning keng tarqalgan shakllariga quyidagilarni kiritish mumkin: ommaviy axborot vositalari yordamida huquqni targ‘ib etish; ommabop huquqiy adabiyotlarni chop etish; og‘zaki shakldagi huquqiy targ‘ibot olib borish; fuqarolarga huquqiy ta’lim berish; kasbiy huquqiy ta’limni olib borish; ko‘rgazmali huquqiy tarbiya olib borish; yuridik amaliyotning ta’siri orqali huquqiy tarbiya olib borish; san’at va adabiyot asarlari ta’siri yo‘li bilan huquqiy tarbiya olib borish49.
Ilmiy adabiyotlarda huquqiy tarbiyaning tamoyillariga alohida e’tibor qaratiladi. Tamoyillar - bu muayyan bir faoliyatga asoslanadigan asosiy qoidalar, bosh va rahbariy g‘oyalar majmuidir. Huquqiy tarbiya tamoyillari bu – huquqiy tarbiyani amalga oshirishda asoslanadigan, tayaniladigan asosiy, muhim qoidalar, talablar yig‘indisidir.
Huquqiy tarbiyaning prinsiplari jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
– huquqiy tarbiyaning ijtimoiy hayot, jumladan yuridik faoliyat va yuridik amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi;
– huquqiy tarbiyaning ilmiyligi, uning fan va yuridik bilimlar yutuqlariga asoslanishi;
– qonuniylikni mustahkamlashga, qonunning samaradorligini oshirishga, amaldagi qonunlarni bilishga va ulardan foydalana bilishga yo‘naltirilganligi;
– huquqiy tarbiyaning tushunarli va obrazliligi50.
Huquqiy ongni shakllantirishda huquqiy tarbiya vositalari katta ahamiyatga ega. Z.M.Islomov huquqiy targ‘ibot, huquqiy ta’lim, yuridik amaliyot va o‘zini-o‘zi tarbiyalashni huquqiy tarbiya vositalari sifatida ta’kidlab o‘tadi51.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 1997 yil 25 iyundagi “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi PF-1791 Farmonida, uning ijrosiga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining karorida sud-huquq amaliyotining ilmiy asos-manbalarini nazariy jihatdan to‘liq ta’minlash chora-tadbirlari ko‘zda tutilgani ham bejiz emas edi, albatta.
Huquqiy tarbiya vositalari ichida huquqiy ta’lim alohida o‘rin tutadi. Huquqiy ta’lim, aytish mumkinki, huquqiy ongning, huquqiy madaniyatning, huquqiy davlatning tayanchidir. Huquqiy davlat barpo etish uchun huquqiy tarbiyani, jumladan huquqiy ta’limni takomillashtirish vazifasi ustuvor vazifamizga aylangan.
Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan fikri XX asr boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda biz uchun ham shunchalik, balki undan ham ko‘ra muhim va dolzarbdir. Chunki ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirmasdan turib ongni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Bu ikki huquqiy hodisani, ta’sir etish obyekti, yo‘nalishiga qarab birmuncha farqlash mumkin bo‘ladi. Tarbiya, jumladan huquqiy tarbiya asosan inson ongining hissiy-irodaviy, qadriyatlar tizimi va dunyoqarashiga ta’sir etadi. Ta’lim, jumladan huquqiy ta’lim esa, inson ongining ratsional jihatiga axborot-tanishtirish mazmunida ta’sir etadi.
Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish zarur bo‘ladi. Tarbiyaning inson ongiga, uning hissiy-irodaviy va dunyoni bilish jihatiga ta’siri o‘z-o‘zidan uzil-kesil shakllanib qolmaydi, tarbiya natijasida olingan bilimlar, ma’lumotlar borliq bilan bog‘liq, u chinakam amalda mavjud bo‘lgan huquqiy amaliyot bilan uzviy bog‘liq holda o‘zlashtiriladi.
Tarbiya va ta’lim tarbiyalanuvchilarga qanchalik batafsil va ishonarli tarzda qadriyatlar, jumladan demokratik qadriyatlar haqida bilim berilmasin, insonlarning ongiga ta’sir etmasin, basharti amalda, real hayotda ular amalga oshmagan bo‘lsa, bu holda, insonda demokratik qadriyatlarga hurmat uyg‘otish mushkul bo‘ladi. Qonuniylik haqida, uning ijtimoiy ahamiyati haqidagi bilim va ma’lumotlar real hayotda qonuniylikning ijobiy daraja ko‘rsatkichi bilan mustahkamlanmasa, uning qadriyat sifatida insonlar ongida chuqur singishiga va harakat dasturiga va ichki zaruriy ishonchiga aylanishiga umid bog‘lash qiyin.
Yoki davlat hokimiyatini tashkil etishning oqilona, sinalgan tamoyili bo‘lgan “hokimiyatlarning taqsimlanishi va ayni paytda o‘zaro harakati” haqida juda ko‘p fikrlar va jahon amaliyotidan misollar keltirish mumkin. Biroq bu prinsip har bir mamlakatda to‘la amalga oshmas ekan, uning muhim demokratik qadriyat sifatida insonlar huquqiy ongidan joy olishi dargumon.
Shu bois huquqiy tarbiya ijtimoiy amaliyot va real hayot bilan hamohang bo‘lganida u insonlarning ongi va qalbidan tegishlicha joy oladi va ularning hulq-atvoriga, dunyoqarashiga ta’sir etadi. Basharti demokratik qadriyatlar faqat Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan, siyosatdonlarning va’dalarida e’lon etilgan bo‘lsa, amalda yo‘q qadriyatlar ta’lim beruvchilar tomonidan qayta-qayta uqdirilsa-da, ular subyekt ongiga samarali ta’sir eta olmaydi. Masalan, SHo‘rolar davrida, “vijdon erkinligi”, “e’tiqod erkinligi”, “matbuot erkinligi” kabi huquqlar Konstitutsiya va qonunlarda har tomonlama mustahkamlab qo‘yilgani bilan, real hayotda amalga oshmaganligi bois, u insonlar huquqiy ongiga ta’sir etib, o‘rin ola olmagan.
Yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ijtimoiy hayotning hamma sohalarida qo‘yilayotgan talab larga monand bo‘lishi taqozo etiladi. Bunday talablarni quyidagicha ifodalash mumkin:
– uzluksiz, o‘zaro bog‘liq, zamon talablariga javob beradigan, bakalavriat va magistraturada o‘rganiladigan fanlarni aniq ajratib beradigan, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlari qamrab oladigan yuridik ta’lim tizimini tashkil etish;
– davlat, sud-huquq, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarda o‘tkazilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlarini aks ettiruvchi o‘quv dasturlari, o‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlashning samarali tizimini yaratish;
– ta’lim beruvchi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash sifatini oshirish, ularning pedagogik mahoratini yuksaltirib beruvchi samarali tizimni uzluksiz tizimni yaratish;
– o‘quv jarayonini zamonaviy o‘quv-uslubiy, moddiy texnika bazasini yaratish, kadrlar tayyorlash tizimida zamonaviy pedagogik, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, o‘qitishning interaktiv usullarini keng qo‘llash sharoitini shakllantirish.
Bundan tashqari, yuridik ta’limni yuridik amaliyot bilan bog‘lash masalasi ham yuridik ta’limni takomillashtirishning dolzarb masalalaridan biridir.
Yuridik kadrlar tayyorlashni ixtisoslashtirish, bir tomondan, tegishli o‘quv fanlarini chuqur o‘zlashtirishni, ikkinchi tomondan esa, yurisprudensiya ixtisosliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga mas’ul bo‘lgan barcha o‘quv yurtlari uchun majburiy bo‘lgan tayanch yuridik fanlar ro‘yxatini belgilab qo‘yishni o‘z ichiga oladi52.
Bugungi kunda butun dunyoda, jumladan mamlakatimizda yuz berayotgan ijobiy islohiy o‘zgarishlar fuqarolarga nisbatan qator muhim talablarni qo‘yadi, ularning yuqori darajada ongli va hozirgi zamon dunyoqarashiga ega bo‘lishi taqozo etiladi.
Bu borada Z.M.Islomov ta’kidlaganidek, hozirgi amalga oshirilgan o‘zgarishlar, jumladan, Konstitutsiyamiz ham muayyan huquqiy ongga ega bo‘lgan kishilarga mo‘ljallangan. Biroq na huquqiy savodxonlik, na huquqiy madaniyat o‘zidan-o‘zi vujudga kelib qolmaydi. Uni maktab partasidan boshlab shakllantirish zarur, ya’ni mohiyatan gap huquqiy savod chiqarishni maktablarda, kasb-hunar kollejlarida, litseylarda va boshqa o‘quv yurtlarida tashkil etish haqida bor moqda. Binobarin, voyaga yetayotgan avlodga tegishli huquqiy e’tiqodlarni-huquqqa, huquqiy hodisalarga ijobiy munosabatni, huquqiy bilimlarni doimiy ravishda kengaytirib va chuqurlashtirib borish ehtiyojini tarbiyalash g‘oyat muhim53.
Haqiqatdan, yoshlarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik – kelajakdagi farovon hayot uchun zamin yaratish demakdir. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarni, barcha ezgu orzu-niyatlarimizni amalga oshirishda avvalambor milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va zamonaviy demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi keng ko‘lamli va murakkab vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasini muhim prinsipial va hal qiluvchi darajaga ko‘targanimiz hammaga ayon”54.
Shu o‘rinda ayrim son ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratish zarur: mamlakatimizda o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar 10 mln. 360 ming nafarni yoki umumiy aholi sonining taxminan 40 % tashkil etsa, o‘ttiz yoshgacha bo‘lganlar esa – 17 mln. 80 ming nafarni yoki aholining 64 % tashkil etadi.
Shu bois, jamiyatning, ayniqsa yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish masalasi bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etadi. Ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida yoshlarni tarbiyalashga juda mas’ullik bilan yondashish zarurligini hayot saboqlari talab etmoqda.
Inson huquqlari adolatli qonunlarga asoslangan demokratik jamiyatdagina e’zozlanishi va kafolatlanishi mumkin. Demokratik tuzum bu xalq hokimiyatiga asoslangan, huquq hukmron va qonun ustuvor bo‘lgan adolatli jamiyatdir.
Aytish mumkinki, demokratiyaning rivojlanish darajasi - jamiyatning ongi, huquqiy madaniyati darajasiga hamohangdir. Fuqarolar o‘z huquqlarini amaldagi qonunlarga muvofiq himoya qila olishlari hamda demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishlari – demokratik rivojlanish uchun muhimdir. Zotan, demokratik jamiyatni shakllantirishga faqat davlat tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar orqaligina erishib bo‘lmaydi, bu jarayonga har bir fuqaro hissa qo‘shishi kerak. Fuqarolarimiz jamiyatda kechayotgan jarayonlarga befarq va beparvo bo‘lmasliklari, loqaydlik kabi illatlardan xalos bo‘lishlari lozim.
Bu o‘rinda shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur masalalarning yechimi, ko‘p jihatdan jamiyatning iqtisodiy o‘sishi va aholining huquqiy ongi, huquqiy madaniyati yuqoriligi asosida shakllanadigan siyosiy faolligining oshishi bilan bog‘liqdir.
Bu o‘rinda shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur masalalarning yechimi, ko‘p jihatdan jamiyatning iqtisodiy o‘sishi va aholining huquqiy ongi, huquqiy madaniyati yuqoriligi asosida shakllanadigan siyosiy faolligining oshishi bilan bog‘liqdir. Muhimi har bir fuqaro mamlakatimizda kechayotgan demokratik jarayonga hissa qo‘shishni o‘zining vatanparvarlik burchi deb tushunishi va bu yo‘lda faollik ko‘rsatishi zarur.
Ijtimoiy va siyosiy faol fuqarolikni shakllantirmay turib fuqarolik jamiyatini shakllantirish amri-mahol. Fuqarolik jamiyatining asosiy harakatlantiruvchi kuchi – siyosiy, ijtimoiy faol fuqaro bo‘lib, u davlat tuzilmalari va mansabdor shaxslarning qonun doirasida faoliyat yuritishlarini tegishli jamoat tuzilmalari orqali nazorat qila olishga qodir bo‘lmog‘i taqozo etiladi. Chunki jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyatida alohida muhim o‘rin tutadi55. Shu bois ham mamlakatimizda ijtimoiy tuzilmalar va ularning faoliyatini kuchaytirish masalasi bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etmoqda.
Siyosiy partiyalar, aholining turli ijtimoiy va sotsial guruhlari manfaatlarini ifodalovchi, mamlakatimizda shakllanayotgan fuqarolik jamiyatining asosiy institutlari bo‘lgan nohukumat va jamoat tashkilotlarining nufuzi va ta’sirini oshirishga katta e’tibor ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va unda mustahkamlangan siyosiy-huquqiy qadriyatlar bugungi kunda mamlakatimizning erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va huquqiy davlat qurish yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatiga huquqiy asos, yo‘lchi yulduz bo‘lmoqda. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan siyosiy-huquqiy qadriyatlar mamlakatda demokratik institutlarning chinakam, tom ma’noda ishlashini ta’minlashga qaratilgan. Chunki, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun qator omillar yuzaga kelgan bo‘lishi talab etiladi.
Bunday omillar sirasiga demokratik institutlarning to‘laqonli ishlashi, aholining siyosiy madaniyati, siyosiy faolligi yuqoriligi, jamoat birlashmalari, nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining jamiyat hayotida tutgan o‘rni yuqoriligi, chinakam ko‘ppartiyaviylikning, muxolif partiyalarning mavjudligi, erkin, mustaqil ommaviy axborot vositalarining mavjudligi, ko‘p ukladli iqtisodiyotning shakllanganligi, jumladan, xususiy tadbirkorlikning keng rivojlanganligi, mulkdorlar sinfining shakllanganligi, erkin raqobatga asoslangan erkin bozorning mavjudligi kabi omillarni kiritish mumkin.
Demokratik jamiyatning muhim shart-sharoitlaridan biri bu ham bo‘lsa siyosiy plyuralizm va ko‘ppartiyaviylik hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”, deb mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu tamoyil harakati bilan jamiyatda ko‘ppartiyaviylikning shakllanishi bog‘liq. Konstitutsiyamizning o‘n uchinchi bobida jamoat birlashmalari va ular faoliyatiga doir eng umumiy va muhim qoidalar mustahkamlangan. Mazkur bobning 60-moddasida “Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlash manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadi”56 degan o‘ta muhim qoidalar mustahkamlangan.
Jahon davlatlari rivojida to‘plangan ijobiy tajriba shundan guvohlik beradiki, jamiyat hayoti tobora demokratlashgan sari unda jamoat birlashmalarining, jumladan siyosiy partiyalarning roli va ahamiyati orta boradi. Ma’lumki keyingi yillarda mamlakatimizda jamoat tashkilotlarining, jumladan siyosiy partiyalarning jamiyat ijtimoiyiqtisodiy, siyosiy rivojlanishidagi rolini ko‘tarish masalasiga alohida e’tibor berilmoqda.
Huquqiy ong – bu insonlarning huquqqa nisbatan munosabatini ifodalaydigan hislari, tuyg‘ulari, fikrlari, qarashlari, g‘oyalari majmuidir. Boshqacha qilib aytganda huquqiy ong insonlarning huquqqa bo‘lgan munosabatini va umuman huquq qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi fikr-o‘ylarini, qarashlarini ifodalaydi.
Huquqiy ongning jamiyat, davlat va shaxs hayotida tutadigan o‘rni juda ahamiyatlidir. Darhaqiqat, jamiyat a’zolarining va fuqarolarning huquqiy ongi qanchalik baland bo‘lsa, mamlakatda qonuniylik va huquqiy tartibot ta’minlanishiga shunchalik sharoit tug‘iladi. Oddiy insonning huquqiy ongi baland bo‘lsa, u nafaqat o‘z huquqlarini to‘la amalga oshirishga erishadi, balki o‘z majburiyatlarini ham yaxshi biladi, ularni to‘la bajaradi.
Huquqiy mafkura bu – huquqiy borliqni, huquqiy reallikni o‘zida ifodalovchi va uning rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi huquqiy g‘oyalar, nazariyalar, konsepsiyalar va qarashlar tizimidan iborat. Shu munosabat bilan huquqiy ongning tarkibiy qismlari bo‘lgan huquqiy ruhiyat bilan huquqiy mafkurani qiyoslash o‘rinli. Agar huquqiy ruhiyat atrofimizdagi mavjud huquqiy borliqni anglashning dastlabki bosqichi hisoblansa, huquqiy mafkura esa huquqiy borliqni anglashning yuqori shakli hisoblanadi va unga tizimlilik, shakllanganlik xos. Demak, huquqiy mafkuraga, huquqiy ruhiyatdan farq qilgan holda, huquqni anglash va bilishning yuqori darajasi xos. Mafkura har bir jamiyatning olimlari, faylasuflari, siyosiy arboblari tomonidan shakllantiriladi va u asta sekin xalqning ongi, qalbidan joy ola boradi.
Huquqiy ruhiyat bilan huquqiy mafkura muayyan jamiyatda mavjud huquqni bilishning darajasi, aniqrog‘i bilishning sifati, mohiyati bilan ham farqlanadi. Huquqiy ruhiyat, ko‘pincha huquqiy borliqning ko‘rinib turgan, kundalik turmush doirasida yuzada turgan jihatlarini hissiy qabul qilishda ifodalansa, huquqiy mafkura esa huquqiy borliqning chuqur, mohiyatiy sifat jihatlarigacha yetib boradi va ularni tugal bir qoidalar tizimi, xulosalar majmui sifatida shakllantira oladi. Shunga muvofiq huquqiy mafkura jamiyatdagi shakllangan ijtimoiy guruh va qatlamlarning, ijtimoiy harakat va partiyalarning, davlat va davlatlararo birlashmalarning manfaatini ifodalashga qodir.
Huquqiy davlat – bu huquq hukmronligiga asoslanadigan, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlanadigan, mustaqil sud hokimiyatiga ega bo‘lgan, davlat va fuqaro o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘lanadigan demokratik adolatli davlatdir.
Shu munosabat bilan, jamiyatning huquqiy ongini va madaniyatini ko‘tarish yo‘lida qanday to‘siqlar mavjud? –degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ma’lumki, huquqiy ong bu huquq subyektlarining amaldagi qonunlarga, huquqiy normalarga nisbatan munosabatlarini belgilovchi fikr-o‘ylari, his-tuyg‘ulari, tasavvurlari va qarashlari yig‘indisidan iborat. Huquqiy ong insonlarning nafaqat amaldagi, balki kutilayotgan, istalayotgan huquqqa nisbatan ham munosabatini o‘z ichiga oladi.
Huquqiy madaniyat bu- har bir jamiyatda huquqning ijtimoiy qadriyat sifatida mavjud bo‘lishi va rivojlanishida ifodalanadigan huquqiy ong va qonuniylik hamda yuridik amaliyotning chinakam ahvoli, qonunchilikning sifat darajasi bo‘lib, u mazkur jamiyatning o‘ziga xos yuridik boyligi hamdir57. Huquqiy madaniyat huquqni ijtimoiy taraqqiyotning mahsuli sifatida ijtimoiy -ma’naviy qadriyat sifatida qarashga asoslanadi.
Bugungi kunda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi vazifalar silsilasida jamiyat a’zolarining ongida, faoliyatida uchrab turadigan huquqiy nigilizmni yo‘qotish masalasi dolzarbdir.
Huquqiy nigilizm – bu jamiyatda huquqning tutgan ijtimoiy o‘rni va ahamiyatini inkor etishga asoslangan huquqqa nisbatan salbiy qarashdir. Huquqqa nigilistik munosabat turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin. U avvalo amaldagi qonun-qoidalarni ataylab rioya qilmaslikda, yuridik qoidalarni bajarmaslik ba’zan ommaviy tusga ega bo‘lishida, bir-biriga zid qoidalarning chiqishida, qonuniylik tamoyili ko‘pincha maqsadga muvofiqlik niqobi ostida buzilishida, shu tariqa inson huquqlariga daxl qilinishida ifodalanishi mumkin.
Huquqiy ong va huquqiy madaniyat haqida gapirar ekanmiz, yana bir muhim hodisa – huquqiy nigilizm va huquqiy idealizm haqida albatta fikr yuritishimiz lozim bo‘ladi. Chunki huquqiy nigilizm va huquqiy idealizm bevosita jamiyatdagi huquqiy ong va huquqiy madaniyatning darajasiga ma’lum ma’noda ta’sir etishi turgan gap.
Huquqiy nigilizm – bu jamiyatning muayyan bir holati bilan belgilanadigan huquqiy ong xastaligidir. Huquqiy, ya’ni yuridik nigilizm – bu huquqni ijtimoiy qadriyat sifatida e’tirof etmaslik bo‘lib, u huquqqa, qonunga, huquqiy tartibotga negativ-salbiy yondoshuvchi, uni inkor etuvchi hamda huquqning jamiyatda tutgan o‘rniga, uning zarurligiga va ahamiyatiga ishonmaslikda ifodasini topadi.
Nigilizm atamasi lotincha “nihil” – so‘zidan olingan bo‘lib, “hech narsa”, “hech nima” ma’nolarini anglatadi58. Nigilizm o‘z mazmuniga ko‘ra ijtimoiy hodisalar qatoridan o‘rin olgan bo‘lib, u ayni paytda quyidagi xususiyatlar bilan tavsiflanadi:
– nigilizm jamiyatda e’tirof etilgan qadriyatlarga nisbatan juda keskin yondoshuvi bilan ajralib turadi;
– nigilizmning ijobiy xarakterdagi biron-bir maqsadga yo‘naltirilmaganligi;
– bu hodisa o‘zida biron-bir yaratuvchilik g‘oyalarini jamlamagan.
Rossiyalik huquqshunos olim, professor N.I.Matuzov huquqiy nigilizmning quyidagi ko‘rinishlarini ajratgan:
– qonunlar va boshqa normativ aktlarni qasddan buzishlik;
– yuridik qoidalarni ommaviy tarzda bajarmaslik va ularga rioya etmaslik;
– bir-biriga zid huquqiy aktlar chiqarish;
– qonunchilikni maqsadga muvofiqlik bilan almashtirish;
– vakillik va ijro hokimiyati tuzilmalari o‘rtasida qaramaqarshilik;
– inson huquqlarining buzilishi;
– huquqiy nigilizmning nazariy shakli mavjudligi.
Huquqiy idealizm – huquqiy nigilizmdan farq qilgan holda, huquqning jamiyatda tutgan o‘rniga yuqori baho beradi. Bu ikki hodisaning ham oziqlanadigan manbasi bitta huquqiy johillik, huquqiy ong xastaligi, siyosiy-huquqiy madaniyatning zaifligi. Shu bois, ushbu ikki hodisaning bir medalning ikki tomoni deyish mumkin59.
Aytish kerakki, huquqiy idealizm darrov ko‘zga tashlanib ham turmaydi, uni tezda payqash ham qiyin. Biroq, uning natijalari davlat va jamiyat uchun juda sezilarli bo‘lishi mumkin. Bu shunda ko‘rinadiki, huquqqa amalga oshmaydigan orzu-umidlar bog‘lanadi, undan ortiqcha natijalar kutiladi, oqibatda esa, kutilgan natijalarni bera olmagan huquqning qadr-qimmati ancha tushib ketishi mumkin. Shuning uchun, huquqni mutlaq qadriyat sifatida ko‘klarga ko‘tarish ham maqsadga muvofiq emas, uning real hayotda o‘rni va roli qanday bo‘lsa, o‘shanga muvofiq ravishda vazifalar yuklatish ma’quldir.
Haqiqatan ham, faqat yaxshi qonunlar qabul qilish bilangina maqsadga erishishi mumkin bo‘lsa, allaqachon jamiyat juda ilgarilab ketgan bo‘lar edi. Biroq bu yaxshi qonunlar yaxshi natija berishlari uchun, sharoit, ya’ni iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy omillar pishib yetilgan bo‘lishi lozim.
Qonunlarning kuchsizligi, ularning hayotiy emasligi aholi orasida unga ishonchsizlikni, loqaydlikni shakllantirishi mumkin. Qonunga loqaydlik esa, asta-sekin hokimiyatga loqaydlikka olib keladi.
Shunday qilib, huquqiy nigilizm va huquqiy idealizm jamiyatning umumiy huquqiy ongi va umumiy huquqiy madaniyati hamda huquqiy tafakkuri bilan bog‘liq hodisalardir.
Huquqiy nigilizmni bartaraf etish hayotiy va adolatli qonunlarni qabul qilish bilangina bartaraf etilmaydi. Huquqiy nigilizmni bartaraf etishning muhim omillaridan biri – jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi, aholi moddiy turmushining ko‘tarilishi ham ekanligini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi ham shu masalaga qaratilgan.
Ma’lumki, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda ularni amalga oshirishining kafolatlari tizimi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Zero Konstitutsiya va qonun hujjatlarida mustahkamlangan huquqlar kafolatlanmasa, bu holda ularning ro‘yobga chiqishi mushkul. Bundan tashqari Konstitutsiya va qonun hujjatlarida inson huquqlarini ta’minlash mexanizmining mustahkamlanishi, ya’ni har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini qanday, qay tarzda, qay shaklda, qaysi organlarga murojaat qilish orqali himoya qilishi aniq va batafsil mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lishi muhim.

Yüklə 134,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə