Mavzu: Genetikaning yangi yo‘nalishlari Kirish Asosiy qism


II. Genetikaning yangi yo‘nalishlari va uning istiqbollari



Yüklə 105,18 Kb.
səhifə4/10
tarix30.12.2023
ölçüsü105,18 Kb.
#164563
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
genetika

II. Genetikaning yangi yo‘nalishlari va uning istiqbollari
2.1. Odam genetikasi: nazariy va amaliy ahamiyati
Odam genetikasi genetika fanining bir shoxobchasi bo‘lib, u odamdagi irsiyat va o‘zgaruvchanlikni o‘rganadi. Odam genetikasi antropologiya va tibbiyot bilan uzviy aloqadordir. Odam genetikasi shartli ravishda antropogenetika va tibbiyot genetikasidan tashkil topgan. Antropogenetika odam organizmidagi normal belgixususiyatlarini, tibbiyot genetikasi esa uning patologiyasi, ya’ni irsiy kamomatlarning irsiylanishini tadqiq qiladi.
Odam genetikasi fanining rivojlanish tarixi. Ota-ona belgixossalarining kelgusi avlodga berilish muammosi bilan odamlar milloddan oldingi davrlarda ham qiziqqanlar. Bu sohada olimlar o‘z fikrlarini bayon etganlar. Xususan, qadimgi yunon olimlaridan Gippokrat odam urug‘ining hosil bo‘lishida tananing barcha a’zolari qatnashadi, urug‘dan o‘z navbatida odam tanasi rivojlanadi, sog‘ odamdan sog‘ farzand tug‘iladi, deb ta’kidlab o‘tgan. Aristotelning qayd qilishicha, kelgusi avlod uchun ona organizmi asosiy material beradi. Ota urug‘i esa uni harakatga keltiradi xolos. Agar ota baquvvat bo‘lsa o‘g‘il, ona kuchli bo‘lsa qiz farzand tugiladi. Shu sababli o‘g‘il - otaga, qiz - onaga o‘xshash degan tashabbusni ilgari surgan. XVII asrda birinchi marotaba hujayrani mikroskop orqali ko‘rgan A.Levenguk urug‘da shakllangan odam organizmi bor, ona esa uni dunyoga keltiradi, deb uqtirgan. Faqat, XVIII asrga kelib odamdagi ba’zi belgilarning avloddan avlodga berilishi haqida to‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lgan. Masalan, 1752-yil Mopertyu odamlarning to‘rt avlodida polidaktiliya (barmoqlar sonini beshtadan ortiq bo‘lishi)ni kuzatib, bu belgining naslga berilishi ham ota, ham onaga bog‘liq ekanligini e’tirof etgan. Ingliz shifokori Adams o‘zining «Taxmin qiluvchi irsiy kasallik xossalari to‘g‘risida» deb nomlangan asarida odamlarda yashirin holda tug‘ma kasallik omillari mavjud, ular yaqin qarindoshlar nikohida ro‘yobga chiqadi, lekin ular tug‘ilganda birdaniga emas, keyinchalik paydo bo‘lishi mumkin, bunda muhit omillarining ma’lum darajada roli bor, degan.
Uning fikricha irsiy kasalliklarga duchor bo‘lgan shaxslarning urchishi pasaygan holatda bo‘lgani sababli bunday kasalliklar keyingi avlodlarda yo‘qolishi mumkin.
1820-yili nemis olimi Nasse qon ivimaslik - gemofiliya kasalligi erkaklar orqali kelgusi avlodlarga berilishini ma’lum qilgan. Ingliz olimi Galton «Iste’dod va fe’l-atvorni irsiylanishi» (1865) va «Iste’dod irsiylanishi» (1869) nomli asarida mashhur odamlar shajarasini o‘rganib, ham ruhiy holat, ham jismoniy rivojlanish irsiylanadi, degan xulosaga keldi. U belgi-xossalarning irsiylanishida ota-ona organizmlarining teng qimmatga ega ekanligini e’tirof etdi.
Olim fikriga ko‘ra faqat qobiliyat, iste’dodgina emas, balki boshqa ruhiy, biologik xossalar, chunonchi spirtli ichimliklarga, darbadar hayot kechirishga moyillik, sil, yurak xastaliklari, uzoq yashashlik, hatto axloq, xudojo‘ylik ham nasldannaslga beriladi. Galton odam rivojlanishida irsiyatning roli muhimligini isbotlab, fanga egizaklar metodikasini joriy etgan.
Olim tabiiy tanlanish haqidagi Charlz Darvin ta’limotini odamzodga tatbiq etish yo‘li bilan jamiyatda iste’dodli, qobiliyatli shaxslarni ko‘paytirishni taklif etdi. Bu bilan odam genetikasida g‘ayriilmiy nazariya hisoblangan yevgenika oqimiga asos soldi. Galton yevgenika tushunchasi ostida «odamlar avlodini yaxshilash» ta’limotini ilgari surdi. U yevgenikani uch bosqichda olib borishni tavsiya etdi.

  • Birinchi bosqichda odam irsiyati o‘rganilib, har bir odam o‘z irsiyati haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

  • Ikkinchi bosqichda odam irsiyati haqidagi ma’lumotlarga asos-lanib insonlarning jismoniy va ruhiy faoliyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan nikohlarni amaliyotga joriy etish inson nasliga ziyon keltiruvchi nikohlarga to‘sqinlik qiluvchi qonunlarni yaratishni ko‘zda tutish.

  • Uchinchi bosqichda odamlar irsiyat haqida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lganlaridan so‘ng jamiyatda yaxshi avlodni vujudga keltiruvchi nikohlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladi, deydi.

Dastlab yevgenika oqimi barcha mamlakatlarda shiddat bilan rivojlanadi. Lekin 1930-40-yillarda yevgenika oqimining «negativ» holatlari namoyon bo‘la boshladi. Yevgenikani targ‘ib qilish bilan bog‘liq holda bir irq yoki millatni boshqalari ustidan hukmron bo‘lish g‘oyasi yoki irqlarni, millatlarni tabaqalarga ajratish kabi g‘ayriilmiy nazariyalar paydo bo‘ldi.
Chunonchi shu yillarda Germaniya «fashistlari» tomonidan yevgenika oqimi niqobi ostida o‘tkazilgan «irqchilik gigiyenasi» butun dunyo jamiyati oldida yevgenika oqimining inqirozga uchrashiga sababchi bo‘ldi. Shunday qilib, dastlabki vaqtlarda odam irsiyatini o‘rganish va bu sohada olib borilgan tadqiqotlar biror-bir nazariy qoidalarga asoslanmadi.
Faqat XX asr boshlarida ingliz tibbiyot olimi Gerrod Mendelning irsiyat qonunlari bilan tanishgach, modda almashish bilan aloqador ba’zi belgi-xossalarning irsiylanishi mana shu qonunlar zaminida ro‘y berishini qayd etdi. Masalan, alkaptonuriyaga yo‘liqqan odamlarning farzandlari yaqin qarindoshlariga uylansalar yoki turmushga chiqsalar, ular naslida oz sonda shunday xastalikka chalingan bolalar tug‘ilishi aniqlandi.
Keyinchalik Landshteyner odamlar qonini tekshirib, ularda A,V,0 guruhlari borligini ma’lum qildi. Dungem va Girshfeld odamdagi qon guruhlari Mendel kashf qilgan qonunlar bo‘yicha irsiylanishini aniqladilar. 1924-yili Bershteyn tadqiqotlari qonning A,V,O guruhlari ko‘p allellar tomonidan nazorat qilinishini ko‘rsatdi. Odam xromosomalari tuzilishini o‘rganishda A.P.Prokofeva-Belgovskayaning xizmati muhimdir.
Odam genetikasi bo‘yicha keyingi yillarda O‘zbekistonda bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, Ye.X.To‘raqulov va uning shogirdlari tomonidan irsiy kasalliklar rivojlanishining biokimyoviy mexanizmlari o'rganildi. Akademiklarimizdan J.X.Xamidov va A.A.Abdukarimovlar tireoid gormonlar ta’sirining genetik mexanizmlarini o‘rganishga o‘zlarining katta hissalarini qo‘shdilar.
Akademik N.M.Majidov va professor Sh.Shomansurovlar asab kasalliklarining kelib chiqishida irsiy omillar rolini o‘rgandilar. Markaziy Osiyo respublikalarida, birinchi marta Toshkent tibbiyot institutida 1971-yili J.X.Xamidov, prof. A.T.Oqilov rahbarligida irsiy kasalliklarning tarqalishining oldini olish maqsadida tibbiyot genetikasi bo‘limi ochildi. Hozirgi paytda Toshkentdagi akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot institutida hamda tibbiyot institutlarida, yirik poliklinikalar qoshida tibbiyot genetikasi laboratoriyalari ochilgan bo‘lib, ularda nikohlanuvchi yoshlarga, irsiy kasalliklari bor odamlarga amaliy yordam ko‘rsatiladi. Genetik injeneriya va biotexnologiya usullarining odam genetikasida keng qo‘llanilishi tufayli irsiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash va oldini olish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.

Yüklə 105,18 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə