Mavzu: Omma psixologiyasi Reja



Yüklə 52,61 Kb.
səhifə4/5
tarix26.05.2023
ölçüsü52,61 Kb.
#113089
1   2   3   4   5
1. Omma psixologiyasi nazariyasi

Ijtimoiy xulq-atvor instinktlari nazariyasi XX asrning boshida Angliyada shakllandi. Uning asoschisi ingliz psixologi Uilyam Makdugall bo‘lib, u o‘zining 1908 yilda yozgan “Sotsial psixologiyaga kirish” kitobidagi inson xulq-atvorining motivi yoki uni harakatga keltiruvchi kuch instinktlardir deb yozgan. Keyinchalik u instinkt tushunchasi bilan birga layoqat, intilish iboralarini ham ishlata boshladi. Uning fikricha, xulq-atvorni ta’minlovchi narsa tug‘ma, psixofiziologik tayyorlik holati bo‘lib, u nasldan-naslga uzatiladi. Makdugall barcha harakatlarni refleksiv holda tushuntirishga intilib, refleksiv yoyga xos bo‘lgan barcha qismlar – ya’ni, efferent – qabul qiluvchi, retseptiv bo‘lim, afferent (harakat) va markaziy bo‘limdan iborat tizim sifatida tasavvur qiladi. Barcha ijtimoiy harakatlar ham ana shunday refleksiv tabiatga egadir, deb uqtiradi u.
Shunga o‘xshash fikrlar E.Ross (“Sotsial psixologiya”) va J.Bolduin (“Sotsial psixologiya bo‘yicha tadqiqotlar”) qarashlarida ham rivojlantirilgan. Masalan, Bolduin ikki turli irsiyat haqida – tabiiy va ijtimoiy irsiyat haqida yozib, ijtimoiy irsiyat odamlardagi taqlid qilish qobiliyati bilan bog‘liq, deb yozadi. Jamiyatda yashayotgan odamlar bir-birlariga ta’sirlarini o‘tkazishga moyildirlarki, bu narsa ular o‘rtasidagi munosabatlarini boshqarib turadi.
Shunday qilib, bu yo‘nalish tarafdorlarining fikricha, barcha ongli harakatlarning boshi – ongsizlikdir, ya’ni instinktlar bo‘lib, ular asosan hissiyotlarda namoyon bo‘ladi. Hissiyot bilan instinktlar bog‘liqligini Makdugall juftliklarda ko‘rsatishga harakat qilgan: masalan, kurash instinkti – qo‘rquv, g‘azab hissi; nasl qoldirish instinkti – rashk, ayollardagi tobelik hissi; o‘zlashtirish instinkti – xususiylikka intilish hissi va hokazo. Ijtimoiy hodisalarni tushuntirishda tug‘ma instinktlar rolining yuqori qo‘yganligi uchun bu nazariya ilmiy taraqqiyot bosqichida salbiy o‘rin tutdi, deb aytishimiz mumkin. Lekin uning ayrim hodisalar sabablarini tushuntirishga harakat qilishi fan oldiga ulkan vazifalarni qo‘ydi. Sotsial psixologiya fan sifatida ana shu muammolarni tadqiq qilishi lozim edi.
Demak, yuqorida to‘xtab o‘tilgan uchala nazariyaning ahamiyati shundan iborat ediki, ular yangi tug‘ilishi lozim bo‘lgan, lekin yetarli ilmiy asosi bo‘lmagan fan – sotsial psixologiya ning istiqboldagi tadqiqot mavzularini ochib berdi. Qolaversa, bu uchala yo‘nalish ham nazariy qarashlarni isbot qilishda obyektiv tekshiruv usuli hisoblangan eksperimentdan foydalanish zaruriyatini ko‘rsatdi. Bu narsa yana bir bor махсус фаннинг келажак режаларини аниқлашга ёрдам берди.
XX asr shu bilan xarakterli ediki, u turli fanlar oldiga konkret topshiriqlar qo‘ya boshladi. Bundan tashqari, juda ko‘p fanlarda obyektiv eksperimental usul yo‘li bilan ilmiy faktlar to‘plash yo‘lga qo‘yildi. Psixologiya fani ham bundan istisno emas edi. Sof psixologlar individ psixologiyasini eksperimental o‘rganar ekanlar, ularning boshqa individlar ta’sirida bo‘lishi faktini inkor qila olmas edilar. Ikkinchidan esa, Amerikada ko‘pgina psixologlar o‘z tadqiqot obyektlarini laboratoriyalarda ayrim psixik jarayonlarni o‘rganishdan kichik guruhlarga ko‘chira boshladilar. Bu davrda psixologiyada shakllanib bo‘lgan uch asosiy oqim (psixoanaliz, bixeviorizm va geshtalt psixologiya) ichida ham ijtimoiy xulq-atvorni kichik guruhlar doirasida o‘rganish tendensiyasi paydo bo‘ldi. XX asr psixologiya fani tarixida shu bilan ajralib turadiki, olimlar nazariy izlanishlarga e’tibor berishmas, hattoki, katta guruhlar, ommaviy hodisalar psixologiyasi ham nazardan ancha chetda qolgan edi. Asosiy diqqat kichik guruhlarga va ularda turlicha eksperementlar o‘tkazishga qaratilgan edi. Bunday holatning paydo bo‘lganligi sotsial psixologiya ning fan sifatida shakllanishida nihoyatda katta rol o‘ynadi.
Geshteltpsixologiya yo‘nalishi negizida maxsus ijtimoiy-psixologik yo‘nalishlarning – interaksionizm va kognitivizmning paydo bo‘lganligi esa bu fanning eksperimental ekanligini yana bir bor isbot qildi.
Bixeviorizm yo‘nalishlari doirasida o‘tkazilgan ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar avvalo amerikalik olimlar K.Xall va V.Skinnerlar nomi bilan bog‘liq.. Ular va ularning izdoshlari hisoblangan K.Miller, D.Dollard, J.Tibo, G.Kelli va boshqalar diada – ikki kishi o‘rtasidagi munosabatlarning xilma-xil eksperimental ko‘rinishlarini tadqiq qilib, ularda matematik o‘yin nazariyasi elementlarini qo‘lladilar. Diada sharoitida laboratoriyalarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda asosan mustahkamlash g‘oyasini isbot qilishga urinildi. Klassik bixeviorizmdan farqli o‘laroq, ijtimoiy-psixologik bixevioristlar hayvonlar o‘rniga laboratoriyaga naqd pulga odamlarni taklif eta boshladilar, shuning uchun ham ularning g‘oyasida biologizm va mexanizm tarzda ilgarigi hayvonlarda to‘plangan dalillar modelini insonlarda qo‘llash hollari kuzatildi.
Psixoanaliz doirasida esa ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar E.Fromm va J.Salliven ishlari bilan bog‘liq, Bixevioristlardan farqli o‘laroq, bu yerda eksperimentlar ikki kishi emas, balki ko‘pchilik ishtirokida o‘tkazila boshladi. Ularning izdoshlari (V.Bayon, V.Bennis, G.SHeparde, V.Shuts) o‘tkazgan tadqiqotlar tufayli hozirgi kunda ham katta qiziqish bilan o‘rganilayotgan “T – Guruhlar” psixologiyasi yaratildi. Unda guruh sharoitida bir odamning boshqalarga ta’siri, guruhning ayrim individlar fikrlariga ta’siri kabi masalalar ishlab chiqildi va ijtimoiy-psixologik treninglar o‘tkazishga asos solindi.
Kognitivizm Kurt Levin nazariyasi asosida paydo bo‘lgan psixologik yo‘nalish bo‘lib, undagi o‘rganish obyekti munosabatlar tizimidagi odamlar, ularning bilish jarayonlari, ong tizimiga taalluqli bo‘lgan kognitiv holatlar bo‘ldi. Kognitivizm doirasida shunday mukammal, boshqalarga o‘xshamas nazariyalar yaratildiki, ular hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Masalan, F.Xayderning balanslashtirilgan tizimlar nazariyasi, T.Nyukomning kommunikativ aktlar nazariyasi, Festingerning kognitiv dissonanslar nazariyasi va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Ulardagi asosiy g‘oya shundan iboratki, shaxs o‘ziga o‘xshash shaxslar bilan muloqatga kirishar ekan, doimo munosabatlarda ruhiy mutanosiblik, tenglik bo‘lishiga, shu tufayli ziddiyatlardan chiqishga harakat qiladi. Maqsad – turli ijtimoiy sharoitlarda shaxs xulq-atvorining psixologik sabablarini tushuntirish va ziddiyatlarning oldini olish uchun yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqishdan iborat. Hozirgi davrda ham taniqli ijtimoiy psixologlar Olport, A.Maslou, K.Rojers va ularning safdoshlari gumanistik psixologiya doirasida bu ishlarni faol davom ettirmoqdalar.
Nihoyat, yana bir eksperimentlar bilan bog‘liq bo‘lgan nazariya interaksionizm bo‘lib, bu aslida sotsiologik nazariya hisoblanadi. Uning asoschisi Gerbart Mid bo‘lib, uning qarashlari ta’sirida T.Sarbinning rollar nazariyasi, G.Xaymen va R.Mertonlarning referent guruhlar nazariyasi, F.Gofmanning ijtimoiy dramaturgiya nazariyalari shakllanadi. Ular turli ijtimoiy sharoitlardagi xulq-atvorni tushuntirish orqali shaxs ijtimoiy-psixologik sifatlarining sabablarini topishga harakat qildilar. Har bir shaxs doimo ijtimoiy o‘zaro ta’sir tizimida mavjud bo‘ladiki, unda u to‘g‘ri harakat qilish uchun o‘zgalarni tushunishga harakat qilishi, o‘zgalar rolini qabul qilishga tayyor bo‘lishi lozim. Lekin o‘zgalar rolini to‘g‘ri qabul qilish uchun unda “umumlashtirilgan o‘zga” obrazi bo‘lishi lozimki, bu obraz shaxslararo muloqat jarayonida, har bir shaxs uchun ibratli bo‘lgan kishilar guruhi bilan muloqotda bo‘lish jarayonida shakllanadi. YA’ni, shaxsning faolligi tan olinadi, bu esa fan tarixida o‘ta progressiv holat edi.
Yuqorida aytib o‘tilgan nazariya va oqimlar hozirgi kunda ham Sotsial psixologiya ning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Keyingi davrlarda Rossiyada rivojlangan Sotsial psixologiya va sobiq Ittifoq daslatlarida barcha o‘tkazilgan fundamental va tatbiqiy tadqiqotlarda chet ellik psixologlar, xususan amerikalik olimlar qarashlarining ta’siri kattadir.
Sobiq ittifoq davlatlarida, birinchi navbatda Rossiyada sotsial psixologiya 20-yillardan boshlab rivojlana boshladi. Bu borada rus sotsial psixologiya sining asoschisi deb haqli ravishda V.M.Bexterevni ko‘rsatish mumkin. U o‘zining refleksologiya nazariyasi doirasidan shaxs xulq-atvorining motivlarini tushuntirishga uringanlardan biridir. Uning fikricha, barcha ongli va ongsiz jarayonlar tashqi xulq-atvorda, harakatlarda ifodalanadi, shuning uchun ham tashqi harakatlarni, qiliqlarni, nutqni, tovushni o‘rganish orqali shaxsning o‘zini va bu harakatlarning sabablarini aniqlash mumkin. Bexterev qarashlaridagi kamchilik shu ediki, u o‘z ilmiy xulosalarida sotsiologiyani biologiya bilan, psixologiyani esa fiziologiya bilan aralashtirib yubordi, shu orqali shaxs va jamiyat taraqqiyotining universal qonunlarini topmoqchi bo‘ldi.
Bexterevdan keyingi olimlar, chunonchi, Y.Vasilyevning “biologik sotsiologiyasi” ham, M.A.Reystnerning “ommaviy psixologiyasi” ham, L.N.Voytolovskiyning “jamoa psixologiyasi” ham reflekslar qonunini mexanik tarzda ijtimoiy-psixologik jarayonlarni tushuntirishga ko‘chirish bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.
20-30-yillarda bolalar va o‘smirlar ijtimoiy-psixologik taraqqiyotini o‘rganishga qaratilgan ikki yo‘nalish paydo bo‘ldiki, ular ham qator kamchiliklardan holi bo‘la olmadilar. Masalan, biologik yoki biogenetik nazariya tarafdorlari shaxsning shakllanishida irsiy va biologik nasliy omillar yetakchi rol o‘ynaydi, deb hisoblashsa (YE.Arkin, I.Aryamov va boshqalar), sotsiologik yoki sotsiogetik nazariyotchilar bu borada ijtimoiy muhit rolini nihoyatda katta ekanligini himoya qilib chiqdilar (S.Molojaviy, A.Zalkind va boshqalar).
30-yillarda A.S.Makarenko, A.Zalujniy, L.S.Vigotskiy, N.K.Krupskaya, M.Suxomlinskiy va boshqa qator olimlar o‘z nazariy qarashlarini marksizm bilan bevosita bog‘lab, jamoa va shaxs nazariyasini yaratdilar. Ular shaxsning shakllanishida ijtimoiy muhitning, jamoaning rolini, ta’lim-tarbiyaning ahamiyatini isbotlashga urindilar. 40-60-yillarda ijtimoiy-psixologiya taraqqiyotida nisbatan sokinlik davri bo‘ldi. Chunki psixologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar ichida ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar yo‘q hisob edi. Bu fan Rossiyada va boshqa sobiq ittifoqdosh respublikalarda 70-yillardan keyin keskin rivojlana boshladi. Bunda moskvalik va leningradlik (hozirgi Sankt-Peterburg) olimlar maktabi katta rol o‘ynadi. Agar Moskva shahrida, asosan, sotsial psixologiya bo‘yicha fundamental nazariy tadqiqotlar ko‘plab o‘tkazilib, unda hozirgi zamon ijtimoiy-psixologik tadqiqotlarning empirik qonunlari asoslari ishlab chiqilgan bo‘lsa, Sankt-Peterburgda ko‘proq tatbiqiy ilmiy tadqiqot ishlari olib borildiki, ular birgalikda minglab yosh ijtimoiy psixologlar avlodini tarbiyalab yetishtirdilar. Ular esa hayotimizga ilg‘or fikrlar va dalil tadqiqotlar bilan kirib kelib, hozirgi kun fanini dunyo miqyosida misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tardilar. Lekin yuqorida aytib o‘tilganidek, Rossiyada Sotsial psixologiya ning rivojlanishida xorij psixologiyasining, ayniqsa Amerika Qo‘shma Shtatlari psixologiyasining ta’siri ancha sezilarlidir.
Sotsial psixologiyaning fan sifatida yurtimizda rivojlanish tarixiga e’tibor beradigan bo‘lsak, tarixan qisqa fursatda uning rivojlanishi uchun imkoniyatlar kengayib borayotganligini ta’kidlash joiz. Chunki mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov 1997 yildayoq O‘zbekiston Respublikasida Kadrlar tayyorlashning milliy dasturini ishlab chiqarish zarurati to‘g‘risida gapirib, unda sotsial psixologiya va sotsiologiya kabi yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidladilar. Chunki ilmiy salohiyatli, ma’nan baquvvat, yurt uchun, xalq va Vatan uchun sadoqatli yangi avlodni tarbiyalash, unda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish shaxs va jamiyat o‘zaro munosabatlarini yaxshi bilishni taqozo etishini davlatimiz rahbari o‘ta ziyraklik bilan tasavvur qildilar, shu bois Prezidentimizning barkamol avlod tarbiyasiga oid barcha asrlaridan psixolog olimlar, jumladan, sotsial psixologiya sohasida izlanishlar olib borayotgan olimlar to‘g‘ri xulosalar chiqara oldilar.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar dastlab asosan oila va oilaviy munosabatlarga bag‘ishlanganligi bilan xarakterlanadi va shunga bog‘liq tarzda oxirgi yillarda ham shaxsning kamol topishida ijtimoiy muhit omili o‘rganilganda, eng avvalo oilaviy ijtimoiylashuv nazarda tutiladi. Prezidentimiz Islom Karimov 2004 yilda tarixiy bir hujjatga – “O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlari munosabati bilan xotin-qizlarni davlat va jamiyat qurilishigi ishtiroklarini to‘la ta’minlash vazifasi o‘rtaga qo‘yildi va gender tadqiqotlarga ham katta yo‘l ochildi. Bundan tashqari, yangi davr avlodining jamiyatda ro‘y berayotgan turli hodisalarga munosabati, ularga beradigan bahosi va ular ta’sirida shakllandigan ijtimoiy xulqi masalasi yurtimizda ijtimoiy tasavur konsepsiyasi asosida turli yo‘nalishli izlanishlar uchun istiboqlli yo‘nalishga yo‘l ochdi. Bundan tashqari, yangicha ishlab chifqarish va ijtimoiy munosabatlar sharoitida xodimlar xulqini muvofiqlashtirish borasida boshqaruv psixologiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan monografik tadqiqotlar ham yangi davr sotsial psixologiya sining predmeti ekanligini ta’kidlash mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonda tatbiqiy yo‘nalishdagi ijtimoiy-psixologik izlanishlarga keng yo‘l ochildiki, bu holat ushbu fanning yangi davr fani ekanligini isbotlamoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, birinchi ijtimoiy-psixologik tadqiqot yurtimizda XX asrning 70-yillari oxiri 80-yillarning boshida I.Yoqubov tomonidan o‘tkazilgan bo‘lib, u oilaviy munosabatlarning barqarorligi va er-xotin ijtimoiy rollarining muvofiqligini ta’minlovchi ijtimoiy-psixologik omillarni o‘rgandi. Tadqiqot natijasida shu narsa aniqlandiki, oila a’zolarining rollar borasidagi muvofiq o‘zaro munosabatlari oilaviy hamjihatlikning muhim shartidir. Oilaviy majorolar esa, asosan hozirgi zamon o‘zbek ayolining ijtimoiy mehnat bilan bandligi hamda oilaviy munosabatlarda eskilik sarqitlarining saqlanib qolganligidadir.
Keyinchalik shu kabi oila va oilaviy munosabatlarning ijtimoiy-psixologik fenomenlariga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘zbekistonlik olimlar G‘.B.Shoumarov va uning izdoshlari, shogirdlari ishlarida rivojlantirildi. Masalan, G‘.Shoumarov va YE.A.Morshinalarning (1986) tadqiqotlarida oilada bolalar tarbiyasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ijtimoiy-psixologik omillar o‘rganildi, chunonchi, unda o‘ziga xos milliy va an’anaviy o‘zaro munosabat xususiyatlarining o‘rni belgilandi.
Oilaviy munosabatlar psixologiyasi xususida o‘tkazilgan muhim tadqiqotlardan biri N.Sog‘inovning o‘zbek oilasiga xos bo‘lgan nikoh va oila munosabatlari-nikohdan qoniqish, nikoh motivlari, oila qurishning o‘zbeklarga xos bo‘lgan yosh xususiyatlari, yosh o‘zbek oilalaridagi psixologik mojarolar va ajralishlarning sabablarini sistematik tarzda o‘rgangan ilmiy ishidir. Bu tadqiqotda ilgari xech o‘rganilmagan ilmiy ma’lumotlar to‘plandiki, ularga ko‘ra, o‘zbek oilasining qurilishiga sabab bo‘ladigan asosiy motiv – bu “Farzandli bo‘lish”, (birinchi o‘rinda), ikkinchi o‘rinda “Jamoatchilikning gap-so‘ziga qolmaslik”, uchinchi o‘rinda “Ota-ona va qavmi-qarindoshlarning istaklarini bajo etish” va hokazolar aniqlandi. N.Sog‘inovning to‘plagan ma’lumotlari yosh oilalar, mojaroli oilalar va yoshlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lganlar uchun muhim ilmiy yo‘l-yo‘riqdir. Bu kabi izlanishlar keyinchalik M.Utepbergenev, M.Dushanov ishlarida davom ettirildi. Ularda oila va nikoh munosabatlari qoraqalpog‘istonliklar va qirg‘iz oilalari misolida o‘rganildi.
Oxirgi 10-20 yil oralig‘ida O‘zbekistonda ijtimoiy tasavvurlar konsepsiyasi doirasida o‘tkazilayotgan tadqiqotlar (V.Karimova, K.Rahimova, Z.Nishonova, M.Umarova, O.Hayitov, G.Yadgarova, L.Karimova, K.Farfiyeva, Sh.Eshmetov, N.Lutfullayeva, A.Kadirova va boshqalar) ayni shu yo‘nalishning istiqbolli ekanligini, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi murakkab va serqirrali munosabatlarning ijtimoiy xulqda namoyon bo‘lishi mexanizmini tushuntirishda nazariy-metodologik asosning mavjudligini isbotladi.
Keyingi yangi davrda gender tenglik masalasi, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini oshirishga bag‘ishlangan qator tadqiqotlarga yosh psixolog olimlarning qo‘shilishi ushbu yo‘nalishning ham istiqbolli ekanligini ko‘rsatmoqda. Davr talabidan kelib chiqayotgan bu vazifa o‘zbek psixologlari oldiga qator muammolarni qo‘yish bilan birgalikda ulardan gender muammolari, jinsiy tafovutlar masalasiga ilmiy jihatdan yondashishni taqozo etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘g‘il va qizlarning ijtimoiy tasavvurlarida jinsiy tafovutlarga oid tushuncha, bilim va ko‘nikmalar, stereotiplar eng avvalo oilada shakllanadi. Shuning uchun ham oila psixologiyasi doirasida aynan jinsiy tafovutlar va gender muammolari o‘rganilishi va amaliyotda qanday ekanligi tadqiq etilishi kerak.
Avvalo shuni ta’kidlash joizki, gender psixologiyasi – sotsial psixologiya fanining bir sohasidir. Boshqa sohalar singari u ham o‘z tarixiga ega. Ammo bu tarixni XX asrning 70-yillaridan boshlab o‘rganish noo‘rin deb hisoblaymiz. Bundan tashqari, uni fenemizm mevasi deyish ham noto‘g‘ri. Biroq fanning asosiy xizmati zamonaviy psixologik muammolarga jamoatchilik fikrining jalb qilinishi hisoblanadi.
O‘zbekistonda ham gender masalasi ko‘pincha oila muammolari doirasida o‘rganilishi an’anaga aylangan. Qator tadqiqotlarda (E.G‘oziyev, G‘.Shoumarov, V.Karimova, I.Yoqubov, B.Qodirov, S.Mirhosilov, E.Usmonov, N.Sog‘inov, F.Akramova, L.Karimova, O.Hayitov, N.Salayeva, O.Shamiyeva, O.Abdusattorova va b-q.) oilaviy hamda shaxslararo o‘zaro munosabatlarga e’tibor qaratilgan.
Muallifningning oila va oilaviy munosabatlarning ijtimoiy-psixologik omillari va oqibatlariga bag‘ishlangan asarlarida oilada yoshlarni gender munosabatlarga tayyorlash muammolariga, gender tasavvurlarning shaxs tarbiyasidagi o‘rni (2006) kabi masalalarda e’tibor qaratilgan. Bizning oxirgi tadqiqotlarimizda er-xotin va oiladagi sibling munosabatlarning bola shaxsiga ta’siri, jumladan, erkaklik va ayollik fazilatlari shakllanishidagi o‘rni o‘rganilgan, ilmiy xulosalar chiqarilgan.
Bu kabi ota-ona munosabatlarining farzandlarga ta’siri muammosi M.Salayeva (2005) tadqiqotlarining ham predmetiga aylangan. Jumladan, u qo‘lga kiritgan xulosalardan biri, “o‘zbek oilalarida onalarning otalarga nisbatan farzandlarga o‘ta g‘amxo‘rligi, ya’ni, ularni qiyinchiliklardan saqlash, ziyon yetkazib qo‘yishdan qo‘rqish, farzandning o‘ziga bog‘langanligi va tobeligini rag‘batlantirish, ularda shahvoniylik va tajovujkorlikni bosish kabi xususiyatlarning kuchligigi, onalarda otalarga nisbatan demokratiklilikning kuchliligi isbotlangan”.
Gender tafovutlarga bag‘ishlangan ayrim tadqiqotlar reklamadagi ayollar va erkaklar obrazi (A.Dudareva, 2003), o‘g‘il va qiz bolalarning obrazidan foydalanish samarasi (V.Karimova, 2006, S.Abidov, 2006), er va xotinlarning reklama qilingan mahsulotlarga jinsga oid o‘ziga xos munosabatlari (L.Karimova, 2003, 2004) kabi masalalarga bag‘ishlangan. O‘tkazilgan tadqiqotlar va olingan empirik ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, reklama sohasida kattalar va bolalar obrazidan keng foydalaniladi, lekin ularni idrok qilish va xaridorlik ustanovkalarida aniq ravshan jinsiy tafovutlar mavjduddir (V.Karimova, S.Abidov, 2005, 2006). Ayniqsa, bola obrazi aks ettirilgan reklamaning qizlar va o‘g‘il bolalardagi jinsiy identifikatsiyaga bevosita ta’siri alohida o‘rganilsa, bizning fikrimizcha. ma’lumotlarning tatbiqiy ahamiyati yanada kuchli bo‘lar edi.
L.I.Karimovaning yurtimizda o‘tkazgan tadqiqotlarida yoshlarning reklama mahsulotlarining iste’molchisi sifatidagi ijtimoiy tasavvurlari o‘rganilgan. Masalan, u o‘z tadqiqoti mobaynida 50 ta er-xotinlar juftligi o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, zamonaviy oilada ko‘pchigina masalalarda xotin-qizlarning fikri yetakchi ekanligini aniqlagan (L.Karimova, 2004). Masalan, “Oilangizda kim pul mablag‘larini taqsimlaydi?” deb berilgan savolga erkaklarning 73%i va ayollarning 51% “men o‘zim” degan javobni berishgan. Lekin “Kuniga uy uchun biror narsa xarid qilishga taxminan qancha vaqt sarflaysiz?” degan savolga esa, erkaklarning 69 foizi “bilmayman” javobini bergan bo‘lsa, ayollarning 71 foizi - “bir soatgacha”, 7 foizi - 2 soatdan ortiq vaqt ajratishlarini qayd etishgan. “Reklama qilingan xo‘jalik mollarining sotib olasizmi?” deb berilgan savolga 14 foiz erkaklar va 32 foiz ayollar ijobiy javob bergani holda, 58% erkaklar “yo‘q” javobini berganlar. Shundan tadqiqotchi ularning reklama qilinayotgan mahsulotlarga ishonchini aniqlaganda, erkaklarning 45 foizi va ayollarning 48 foizi ishonishini qayd etganlar. Demak, reklama qilinayotgan mahsulotlar dunyosida xotin-qizlarning faolligi bugungi kunda erkaklarnikidan ancha yuqori. Demak, zamonaviy oila bekalari oilaviy daromadning taqsimoti va uni nimaga ishlatish masalalarida ham yetakchilikka da’vo qiladilar. Chunki uy bekalari uy yumushlarini bajarishda ko‘proq xo‘jalik mollaridan foydalanadi, farzandlarini yuvib-tarash va ularni bog‘cha yoki maktabiga zarur bo‘lgan narsalarni ham yaxshiroq bilgani sababli, reklama qilinayotgan tovarlarning eng yaxshisini va arzonini xarid qilish tarafdori ham bo‘lib boradi. Bu holatni milliy reklama kompaniyalari inobatga olishlari kerak.
Shu kabi O‘zbekistonda muayyan ijtimoiy-psixologik muammo tadqiq etilganda, gender tafovutlarga e’tibor berish tobora an’anaga aylanib bormoqda. Masalan, yosh tadqiqotchi O.Abdusattorova (2007)ning dissertatsion izlanishi bu borada alohida ahamiyatga ega bo‘lib, unda o‘smir yoshli o‘g‘il va qiz bolalardagi gender tasavvurlarga bog‘liq jinsiy identifikatsiyani aniqlash va bunda oila muhitining rolini asoslash uchun Sotsial psixologiya da qo‘llanilgan qator ishonchli metodikalardan foydalanilgan. Alohida ta’kidlash joizki, ota-onalar o‘rtasidagi o‘tkazilgan test va so‘rovlar ularning gender ustanovkalarini va liderlik maqomlarini aniqlashga imkon bergan bo‘lsa, farzandlari o‘rtasida olib borilgan empirik tadqiqot otalik va onalik gender maqomlarining qizlar va o‘g‘il bolalarda o‘ziga xos ustanovka shaklida identifikatsion jarayonlar yo‘nalishini belgilashini isbot qildi. Zamonaviy o‘zbek oilasidagi erkaklar va ayollarning o‘zaro munosabatlarida ayollar mavqeining mustahkamlanib borayotganligi, ularning liderlik pozitsiyalarida hamda turmush o‘rtoqlarini hamkor va sherikchilik munosabatlari tizimida ko‘rishni afzal ko‘rishlarida namoyon bo‘ldi. Shu sababli ham bu holat ularning o‘z jinslarini va turmush o‘rtog‘idagi qarama-qarshi jinsga nisbatan ustanovkalarini belgilaydi. Tadqiqot zamonaviy erkaklar va xotin-qizlarning ayollik va erkaklik obrazlarida femininlik hamda sof maskulinlik sifatlari ko‘proq androginlik sifatlariga o‘rin berayotganligini, qizlarda maskulinlik sifatlari ham tobora sezilarliroq namoyon bo‘layotganligini ko‘rsatdi.
Shunday qilib, yurtimizda gender tadqiqotlari uchun keng yo‘l ochilgan va ularda oila va oilaga nisbatan ijtimoiy ustanovka ustuvor masala sifatida qaraladi.
Lekin O‘zbekistonda ijtimoiy psixologlar oldida juda muhim tadqiqot mavzulari mavjudki, ularda hozirgi mustaqillik sharoitida shaxs va turli ijtimoiy guruhlar psixologiyasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, turli yosh, demografik, etnik, professional guruhlarga mansub bo‘lgan kishilarning ijtimoiy tasavvurlari, ular asosida ijtimoiy xulq-atvorni ilmiy boshqarish asoslari ishlab chiqilmog‘i lozim. YA’ni, ishlab chiqarish Sotsial psixologiya si, boshqarish psixologiyasi, guruhlar psixologiyasi hamda ommaviy psixik jarayonlarning ta’siri masalalari o‘zbek psixologlaridan o‘z yechimini kutmoqdaki, ularda ilg‘or fan yutuqlaridan foydalanilgan holda hududning milliy o‘ziga xos qirralari ishlab chiqilishi kerak.


Yüklə 52,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə