Microsoft Word Economic theory lecture 8


 O‘zbekistonda raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar va



Yüklə 134,8 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/5
tarix23.12.2023
ölçüsü134,8 Kb.
#155983
1   2   3   4   5
Economic theory - lecture 8

8.3. O‘zbekistonda raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar va 
monopoliyaga qarshi qonunchilik. 
Raqobatning amal qilishi ma’lum shart-sharoitlar mavjud bo‘lishini taqozo qiladi. Bu 
shart-sharoitlar faqat bozor munosabatlari qaror topgan muhitda bo‘lishi mumkin. Shunday 
ekan, bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirish ayni vaqtda raqobatchilik muhitining shakllanishini 
bildiradi. 
Bozor munosabatlari rivojlangan mamlakatlarda raqobatchilik muhiti uzoq davr davomida, 
o‘z-o‘zidan, evolyusion yo‘l bilan vujudga kelgan. Bu asta-sekin erkin raqobat muhitini keltirib 
chiqargan. 
Iqtisodiyotda monopollashuv prinsiplari kuchayib borishi bilan raqobat cheklanadi, shu 
sababli raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda davlat ham qatnashadi. Bu esa, yuqorida 
ta’kidlanganidek, davlatning monopoliyalarga qarshi siyosatida o‘z aksini topadi. Har bir 
mamlakatdagi aniq vaziyat, ya’ni iqtisodiyotning monopollashuv darajasi uning miqyosi va 
tavsifiga qarab, bu siyosat erkin raqobat muhitini yangidan yaratish, uni saqlab qolish, zarur 
bo‘lganda qaytadan tiklash, raqobat usullarini qaror toptirish kabilarga qaratiladi.
Ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotidan bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan mamlakatlarda, 
shu jumladan, bizning respublikada sog‘lom raqobatga shart-sharoit hozirlash, iqtisodiy 
sub’yektlar mustaqilligini kengaytirish orqali ularni raqobatchilikka jalb qilish iqtisodiy 
islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim jihatlari hisoblanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ham uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar 
shaklidagi monopoliyalar saqlanib qolgan bo‘lib, ular ko‘pincha tarmoq vazirliklari mavqe va 
vazifalariga ega bo‘ladilar. Mahsulot va xom ashyolarning alohida turlarini limit va fond 
ko‘rinishida taqsimlashning eskicha tizimi, shuningdek, biznesni amalga oshirish uchun ruxsat, 
litsenziya, sertifikatlar berish, kelishish kabi mavjud ma’muriy to‘siqlar monopolistik 
tendensiyalarga ko‘proq imkon yaratadi. 
Shunday qilib, O‘zbekistonda raqobatchilik muhitini vujudga keltirishning asosiy yo‘li, bu 
raqobatni inkor qiluvchi davlat monopoliyasidan nodavlat, turli xo‘jalik shakllarining 
mavjudligiga asoslangan va iloji boricha erkin raqobatni taqozo etuvchi bozor tizimiga 
o‘tishdir. Bu yerda raqobatchilik munosabatlarini shakllantirish, avvalo, mustaqil erkin tovar 
ishlab chiqaruvchilarning paydo bo‘lishini taqozo qiladi, chunki raqobatning asosiy sharti 
alohidalashgan, mulkiy mas’uliyat asosida o‘z manfaatiga ega bo‘lgan va tadbirkorlik 
tahlikasini zimmasiga oluvchi erkin xo‘jalik sub’yektlarining mavjudligi, ularning bozor orqali 
aloqa qilishidir. 
Shu maqsadda O‘zbekistonda «Monopol faoliyatni cheklash to‘g‘risida»gi qonun (1992 
yil, avgust) kuchga kiritildi hamda uning asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir 
turkum me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Mazkur qonunga ko‘ra, bozorda ataylab taqchillik 
hosil qilish, narxlarni monopollashtirish, raqobatchilarning bozorga kirib borishiga to‘sqinlik 
qilish, raqobatning g‘irrom usullarini qo‘llash man etiladi. Qonunni buzuvchilar raqibiga 
yetkazgan zararni qoplashlari, jarima to‘lashlari, g‘irromlik bilan olgan foydadan mahrum 
etilishlari shart. 
Iqtisodiyot va monopoliyaga qarshi amaliyot sohasidagi ahamiyatli o‘zgarishlar tegishli 
qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston 


Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1996 yil 27 dekabrda «Tovar bozorlarida monopolistik 
faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 
monopolistik faoliyat va g‘irrom raqobatning oldini olish, uni cheklash, to‘xtatishning tashkiliy 
va huquqiy asoslari belgilab berib, respublikaning tovar bozorlarida raqobat munosabatlarini 
shakllantirish va samarali amal qilishga qaratilgan. 
Shuningdek, qonunda asosan ikkita muhim yo‘nalish, ya’ni birinchidan, monopoliyaga 
qarshi taribga solishning prinsipial yangi ko‘rinishi bo‘lib, u mavjud va saqlanib qolgan 
monopolistlar tomonidan bozorda hukmronlik mavqeini suiste’mol qilishning oldini olish va 
unga barham berishni ko‘zda tutsa, ikkinchidan, eng asosiy muhim masalalardan bo‘lib 
hisoblangan monopoliyadan chiqarish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish ekanligi 
belgilab qo‘yilgan. 
Monopoliyaga qarshi faol choralarni amalga oshirish uchun 1992 yilda O‘zbekistonda 
monopoliyaga qarshi bo‘linma Moliya vazirligining Monopoliyaga qarshi va narx siyosati bosh 
boshqarmasi sifatida tashkil etildi. Boshqarmaga ro‘yxatga kiritilgan monopoliya mavqeidagi 
korxonalar mahsuloti bo‘yicha narxlarni va rentabillikni tartibga solib turish huquqi berildi. 
1996 yilda ushbu boshqarma negizida Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va 
raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil qilindi. 2000 yilda Respublika Birinchi Prezidentining 
«O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni riojlantirish davlat 
qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan monopoliyaga qarshi bo‘linma Moliya 
vazirligi tarkibidan chiqarildi va mustaqil davlat qo‘mitasiga aylantirildi. Keyinchalik mazkur 
qo‘mitaning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida 
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2005 yil 30 apreldagi Farmoniga binoan 
mazkur qo‘mita Monopoliyadan chiqarish, raqobatni va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash 
davlat qo‘mitasiga aylantirildi. 2017 yil 18 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Sh.M.Mirziyoyevning 
PF-5016-sonli 
«O‘zbekiston 
Respublikasi 
xususiylashtirilgan 
korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish 
to‘g‘risida»gi Farmoni hamda PQ-2897-sonli «Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash 
samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan Xususiylashtirilgan 
korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi. 
Respublikada monopol mavqeiga ega bo‘lgan korxonalarni Davlat reestriga kiritish uchun 
mezonlar belgilashda jahon tajribasi hamda o‘tish davrining o‘ziga xos jihatlari hisobga olinadi. 
Respublikada agar korxona ishlab chiqargan muayyan mahsulotlar bozordagi shu turdagi 
mahsulotning 35% dan ortiq bo‘lsa, bu korxona monopolistik korxona sifatida Davlat reestriga 
kiritiladi. Oziq-ovqat tovarlari guruhi uchun bunday mezon darajasi 20% deb belgilangan. 
Respublikada monopoliyalar ro‘yxatiga kirgan korxona yoki tarmoqlarning bozordagi 
mavqeini tartibga solishda davlat bir qator usullardan foydalanadi. Bu usullardan ikkitasini 
ajratib ko‘rsatish lozim: 
1) monopol mavqeidagi korxonalar mahsulotlariga narxlarning eng yuqori darajasini yoki 
rentabellikning chegarasini belgilab qo‘yish; 
2) o‘z monopol mavqeini suiste’mol qilgan monopolistik birlashmalarni bo‘lib tashlash yoki 
maydalashtirish. Bu usul Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Ob’yektlarning 
xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar va shirkatlar tarkibidan chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida 
amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish 
to‘g‘risida” gi qonuni asosida g‘irrom raqobatga, shu jumladan Respublika bozorlariga 
belgilangan talablarga javob bermaydigan tovarlarni chiqarishga yo‘l qo‘ymaydigan 
mexanizmni yaratishga ham alohida e’tibor beriladi. 


Tabiiy monopoliyalarni davlat yo‘li bilan tartibga solish, mahsulot va xizmatlariga narxlar 
va tariflar darajasini, shuningdek taklif etiladigan tovarlar va xizmatlar turiga doir asosiy 
ko‘rsatkichlarni belgilashni o‘z ichiga oladi. 
Respublikada raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda amalga oshirilayotgan barcha 
ishlar bozor iqtisodiyotini tarkib toptirishga xizmat qiladi. 
Monopoliyaga qarshi qonunchilik

Yüklə 134,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə