Мундaрижa


Mirzo Ulug’bekning ilm-fan va ijtimoiy-pedagogik fikrlar taraqqiyotiga qo’shgan hissasi



Yüklə 260,5 Kb.
səhifə6/19
tarix11.12.2023
ölçüsü260,5 Kb.
#146215
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
4.XIV ASRDAN XX ASRNING 90-YILLARIGACHA BO’LGAN DAVRDA TARBIYA, MAKTAB VA TA’LIM TIZIMI

Mirzo Ulug’bekning ilm-fan va ijtimoiy-pedagogik fikrlar taraqqiyotiga qo’shgan hissasi
Muhammad Tarag’ay – Mirzo Ulug’bek (1394-1449) Amir Temur sulolasiga mansub ulug’ zot, ulkan davlat arbobi va buyuk dahodir. Amaliy faoliyatida davlat arboblikni olimlik, olimlikni esa davlat arboblik bilan qo’shib olib borish Mirzo Ulug’bekka xos bo’lgan nodir fazilatdir. Ulug’bek – podshohlar ichra donishmand, donishmandlar ichra podshohdir. U – insoniyat tarixida ahyon-ahyondagina uchraydigan noyob fenomen.
Ulug’bekning zamondoshi Sakkokiy qasidalaridan birida Ulug’bekning ilmu kamolotini, buyuklik cho’qqisiga ko’tarila olganligi, dunyoda podshoh va olimlar ko’p o’tganu, ammo unga tenglasha oladigani bo’lmaganligini shunday odil va orif misrlarda bayon etadi:
Salotin dunyoda ko’p keldi-yu ketdi, seningdek bir,
Falakning gar tili bo’lsa ayitsunkim qachon kelgan.
Mirzo Ulug’bekning olam uzra mashhur bo’lishi va tarixda abadiy qolishida buyuk sohibqiron bobomizning ta’lim-tarbiyasi va shaxsan unga nisbatan bo’lgan mehrmuhabbatining ahamiyati beqiyosdir. Amir Temur sevikli nabirasi Muhammad Tarag’ay tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qaragan. Amir Temur nabirasi Ulug’bekning o’tkir zehnli, aqlu farosatli bo’lganligi uchun juda sevardi. «Ko’zimning nuri, saltanatimning umidli niholi», deb erkalatardi. Biroq, Ulug’bek Mirzo nozik bo’lib o’sdi, buning ustiga ko’p vaqtini kitob mutolaa qilish bilan o’tkazar, davlat ishlariga rag’bati yo’q ko’rinar edi.
Ulug’bekning tarbiyasi bilan buvisi Saroy Mulk xonim shug’ullanib, sevimli nabirasiga o’quv-yozuvni o’rgatgani, tarixiy mavzularda hikoya va ertaklarni so’ylab bergani uning hayotida o’ziga xos maktab bo’ldi.
U Amir Temur saroyida bo’ladigan maslahatlar, olimlar, sayyidlar, ulamolar, shayxlar bilan bo’ladigan kengash va mashvaratlarda, chet eldan kelgan elchi va davlat arboblarini qabul qilgan paytlarda, ziyo fatlar chog’ida, shuningdek, harbiy mashqlar paytlari va yurishlarda Ulug’bekni ko’pincha ishtirok ettirgan.44 U nabirasini qilichboz sarkarda emas, balki buyuk donishmand olim bo’lib etishishini aniq bilgan va shu yo’lda unga rahnamolik qilgan.
Ulug’bek yoshligidan ko’p kitoblarni mutolaa qilgan bo’lib, u ayniqsa, matematika, astronomiya ilmlariga qiziqdi. U bobosining xos munajjimi mavlono Badriddin bilan ko’p vaqtini o’tkazar, undan hisob va taqvimdan dars olar, ba’zi kechalari, qor tinib osmon yorishgan paytlarida yulduzlarning o’rni va harakatini kuzatish bilan mashg’ul bo’lar edi.
Taniqli olim Bo’riboy Ahmedovning ma’lumotlariga ko’ra, mavlono Badriddin Samarqandda bo’lgan vaqtda Ulug’bekni Qo’ksaroydagi xos kutubxonasiga boshlab borib, kutubxonaga yangi kelib tushgan Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma»sini ko’rsatadi. Shu erda mavlono Badriddin Ulug’bekka alloma al-Farg’oniy tarafidan bitilgan «Kitob fi javome’ ilm an-nujum va usul al harakat as-samoviya» («Yulduzlar haqidagi ilm bilan osmon yoritgichlari harakatining asosini (bir-biriga), qo’shuvchi kitob»)ni ko’rsatadilar.
Shunday qilib, Ulug’bek bolalik yillaridayoq mavlono Badriddin Tusiy yordamida al-Xorazmiy, al-Farg’oniy, Nasriddin Tusiy, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom kitoblari bilan hamda Oqsulot va Utrorda «Ziji Malikshohi» bilan tanishdi.
Fanga bo’lgan zo’r muhabbati, katta qobiliyati va mehnatsevarligi tufayligina Ulug’bek astronomiya maktabining asoschisi va rahbari sifatida ajoyib muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Bu maktab butun dunyoda hamma tomonidan e’tirof etildi, shuhratga sazovor bo’ldi.
Zo’r qobiliyat, o’tkir xotira va asta-sekin bilimlarni to’plash shunga olib keldiki, Ulug’bekda fanga qiziqish va intilish rivojlana bordi. Ulug’bek bilimlarini tinmay chuqurlashtirishi va o’z ustida muntazam ravishda ishlashi natijasida o’zining ko’pgina zamondoshlaridan o’zib ketdi. Shunday qilib, oldin o’tgan ajdodlar – Markaziy Osiyodagi qadimgi xalqlarning madaniy merosi Ulug’bek bilimlarining asosiy manbai bo’ldi.
O’sha davrda aniq fanlarning rivojlanishi, ana shu sohaga oid ajoyib asarlarning yozilishi va, nihoyat, buyuk astronomlar va matematiklar bilan yaqin munosabatda bo’lish Ulug’bek ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishini belgilab berdi.
1411yilda 17yoshli Ulug’bek Mirzo Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlanishi Temuriylar xonadonida uning mavqei naqadar yuksak ekanligidan dalolat beradi. Ulug’bek hokim bo’lgach, bobosidan farqli o’laroq harbiy yurishlar bilan kiziqmadi. Aksincha, u o’rta asrlardagi boshqa xokimlardan o’zgacha yo’l tutdi, ko’proq ilm-fanga moyil edi. Lekin, afsuski, Ulug’bekning boshlang’ich ma’lumoti va murabbiy hamda ustozlari haqida to’liq ma’lumotga ega emasmiz. Shunday bo’lsa-da, munajjim Mavlono Ahmad Ulug’bekning dastlabki ustozlaridan biri bo’lsa kerak, deb taxmin qilish mumkin, chunki bu kishi Amir Temur saroyidagi eng yirik olimlardan bo’lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulug’bekning o’zi keyinchalik asosiy asari bo’lmish «Ziji»da faqat Qozizoda Rumiyni «ustozim» deb ataydi.
Haqiqatan ham Qozizoda Rumiy 1360 yillarda tug’ilgan bo’lib, 20-25 yoshlarida, ya’ni Ulug’bek tug’ilmasdanoq Amir Temur saroyiga xizmatiga o’tadi. Natijada, Ulug’bek umrining ilmga qiziqqan davridanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi falaqiyotshunos va riyoziyotchilar ta’sirida ulg’ayadi. Shu sababli uning hayotida aniq fanlar muhim ahamiyat kasb etadi. Yigirma yoshlarida u o’zdavrinnng yirik olimlaridan bo’lib shakllandi. U hokim bo’lgan paytidagi olamshumul o’zgarishlar butun o’rta asr madaniyati tarixida betakror voqea bo’lib qoldi.
Ulug’bek ixlosmandlaridan G’iyosiddin Jamshid Koshiy 1417 yili Samarqanddan Koshonga otasiga yozgan maktubida Ulug’bekning faoliyati va bilimdonligini quyidagicha ta’riflaydi: «Olloga va uning ne’matlariga shukronalar bo’lsinkim, etta iqlimning farmonbardori, islom podshohi Ulug’bek donishmand kishidirlar. Men bu narsani odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo’q. Haqiqat shuki, avvalo u kishim Qur’oni Karimning aksariyat qismini yoddan biladilar. Tafsirlarni va mufassarlarning har bir oyat haqidagi so’zlarini aqlda saklaydilar va yoddan biladilar, arabchada g’oyat yaxshi yozadilar. Shuningdek, u kishim fiqhdan xabardorlar: mantiq ma’nolariniig bayoni va usullaridan ham xabardorlar».
Amir Temur nabirasi Ulug’bekda, eng avvalo, insonparvarlik, adolat va dilovarlik fazilatlari bo’lishini istagan. Zotan, insonparvargina sahiy va adolatli bo’lishi mumkin.
Amir Temur fikricha, saltanat da’vogarlik qilgan har bir kishi saltanat sha’ni – martabasiga loyiq ish tutishi va unga muvofiq bo’lishi zarur. Uzoqni ko’rolmagan hukmdor yaqindagi balolarga giriftor bo’ladi. Ammo yaqinni ko’rib ish tutgan hukmdor xam xato yo’ldadir.
Amir Temur nabirasiga har doim, toleingda bitilgan bo’lsa, hukmdor bo’lursan, ammo kim bo’lmagin, musulmon bo’l, hech kimsaga haqsizlik qilma, sababsiz ranju ozor etkazma, to’g’rilik to’pini kiygin, faqirlar va ojizlarga har qanday sharoitda muruvvat ko’rsat, deb ta’lim bergan.
Ulug’bek sohibqiron bobosining, qo’l ostingdagilarning qalbi va ko’nglidan faqat yaxshilik bilan joy top, aks holda quvvatsiz qolursan va unutilarsan, degan yo’l-yo’rig’ini yoshlik chog’idan boshlab botinan va ruhan o’zlashtirib, butun hayoti davomida ularga qat’iy amal qilgan. Bularning hammasi Mirzo Ulug’bekning ilmiy kamoloti va siyosiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. "Tarix, tibbiyot, matematika, astronomiya, me’morchilik sohalarida yuksak salohiyatga ega Amir Temur uchun bu tabiiy hol edi.
Mazkur fazilat sohibqironning avlodlari, ayniqsa, Mirzo Ulug’bekka o’tgani shubhasiz. Mirzo Ulug’bekning davlat arbobi bo’lish bilan bir qatorda buyuk olim darajasiga etishishida bobosi Amir Temurning ta’siri benihoya katta bo’lgan. U Ulug’bekdagi noyob iste’dodni boshdanoq payqab, safarlarda ham olib yurib, dunyoning mashhur olimlari tarbiyasidan bahramand etgan".19
Mirzo Ulug’bek insoniyatning bir necha ming yillik tafakkur boyliklarini, madaniyma’naviy, ilmiy-falsafiy bilimlarini, tarixiy, diniy, axloqiy merosini, umumbashariyat xazinasiga ulkan ulush qo’shgan buyuk allomalar g’oyalari, qarashlari va ta’limotlarini katta qiziqish, zavq-shavq bilan o’rgangan. U yoshlik kezlaridan boshlab mashhur yunon olimlari Aflotun, Arastu, Gipparx, Ptolomey, Bitlimus va Kolius ta’limotlarini sinchiklab o’rganib, siyosiy, ilmiy-amaliy faoliyatida, kuzatish va tadqiqotlarida ulardan unumli foydalangan.
Ulug’bek diqqat-e’tiboridan Muhammad ibn Muso al - Xorazmiy, Ahmad
Muhammad al – Farg’oniy, Ahmad ibn Abdulla al – Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari buyuk allomalarning tabiiy-ilmiy, falsafiy asarlari, ta’limotlari chetda qolmadi. Ulug’bek Abul Vafoning osmon yoritqichlari harakati nazariyasi va astronomik jadvallari, Abu Mahmudxon Xo’jandiy ixtiro qilgan sekstant, Umar Hayyom rahbarligida isloh qilingan quyosh yilligi, Nasruddin Tusiy tajribalaridan foydalanib, olamshumul kashfiyotlar qilgan.
Ulug’bek qaerda bo’lmasin, G’iyosiddin al-Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari zamondosh olimlar va boshqa ko’plab shoirlar, san’atkorlar, tarixchi va faylasuflar, munajjimlar, matematiklar, diniy ulamolar, shayxlar davrasida bo’ldi, ular bilan suhbatlar, ilmiy bahslar o’tkazdi, ahli donishlardan ko’p narsa o’rgandi, shu tariqa aql-idrok va tafakkuri rivojlanib, fikran-ma’nan boyib, dunyoqarashi kengayib va chuqurlashib bordi.
Temur va temuriylar davri shart-sharoitlar va ta’lim-tarbiyasi, iqtisodiy-ijtimoiy, g’oyaviy-siyosiy zamin, moddiy-ma’naviy va intellektual imkoniyatlari bo’lmaganda, ehtimol, Mirzo Ulug’bek dunyoga bu qadar dovruq taratgan saltanat sohibi va buyuk mutafakkir bo’la olmasdi.
Allomai jahon Mirzo Ulug’bek ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga alohida ahamiyat berib, atrofiga o’z zamonasining buyuk olimlari, astronomlar va matematiklarni to’plab, ularga homiylik qildi. Uning saroyi madaniyat, ilmu ma’rifatning haqiqiy markaziga aylandi. Ulug’bek davrida "Zubdat ut-tavorix" ("Solnomalar qaymog’i") nomli ajoyib asar yozgan tarixchi Lutfulla Hofizi Abro’, "At-tarifati Jurjoniy" nomli falsafiy risola muallifi Ali ibn Muhammad Jurjoniy, mashhur tibbiyot olimi Mavlono Nafis, lirik shoirlardan Sirojiddin Basotoyi Samarqandiy, zabardast shoirlar Lutfiy, Mavlono Xisliy, Ismatillo Buxoriy, Kamol Badaxshiy, yirik tilshunos va adabiyotshunos Fazlulloh Abullays va boshqa ko’plab dongdor olim va mutaffakirlar yashab, ijod etishgan.
Mirzo Ulug’bek jamiyat taraqqiyotini ilm-fansiz tasavvur eta olmagan buyuk alloma sifatida tarixda o’zidan mangu nom qoldirdi. Uningdek ulug’ siymolar, ma’naviyat va ma’rifat daholari insoniyat tarixida kamdan-kam uchraydi. Mutaffakir bobokalonimizning fikricha, jamiyatning hayotiy ehtiyojlarini qondirish zaruriyati asosida yuzaga kelgan ilm-fan uning taraqqiyoti va istiqboli uchun xizmat qilmog’i lozim.
Mirzo Ulug’bek Movarounnahrning qariyb qirq yillik hukmdori sifatida ilm-fan, madaniyat va ma’rifat rivojlanishiga alohida e’tibor bilan qaradi. 17 yoshdan boshlab to vafotigacha obodonchilikka, ilm-fanga katta e’tibor berdi. Uning davrida Buxoro,
Samarqand, G’ijduvon va boshqa joylarda madrasalar qurildi. Bu madrasalar orasida eng mashhurlaridan biri – 1417-1420 yillarda qurilgan Samarqand madrasasidir. Madrasalarda tabiiy fanlar, xususan, tibbiyot, matematika, astronomiya kabi ilmlar, fiqh, tafsir, shariat, islom asoslari o’qitilgan.
Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417 yili boshlanib, uch yilda qurib bitkaziladi. Tez orada Ulug’bek madrasaga mudarris va olimlarni to’play boshlaydi va shu tariqa uning falaqiyotshunoslik maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari ilmiy ishlarga qulay sharoit va panoh izlab Temur davridayoq Samarqandga kelgan Taftazoniy, Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi. Qozizodaning maslahati bilan Ulug’bek otasining mulki Xurosonning Koshon shahridan G’iyosiddin Jamshid Koshiyni chaqirtirdi. Shunday qilib, Movarounnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan to’plangan olimlarning soni 1417 yilga kelib 100 dan ortib ketdi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, me’morlar bor edi. Lekin yulduzshunoslik va riyoziyot sohasidagi olimlar sharafliroq va obro’liroq edi.
Ular orasida Qozizoda bilan Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar.
1420 yili Samarqand madrasasining tantanali ochilishi bo’ldi. Manbalarda qayd etilishicha, «madrasa binosi bitishiga yaqinlashganda, bu erga to’plangan adabiyot, san’at va fan namoyandalari Ulug’bekdan madrasaga kimni mudarris etib tayinlamoqchisiz, deb so’rashganda, u barcha fanlardan xabardor bo’lgan biror odamni qidirib topaman, deb javob bergan. Shu erda g’ishtlar orasida iflos kiyimda o’tirgan Mavlono Muhammad Ulug’bekning bu gapini eshitib qolgan va shu onda o’rnidan turib, bu vazifaga men loyiqman, degan. Shundan keyin Ulug’bek uni imtihon qila boshlab, uning chinakam bilimdon odam ekanligiga ishonch hosil qilgan va uni hammomda yuvintirib, yaxshi kiyintirish to’g’risida buyruq bergan. Madrasaning ochilish kunida mavlono Muhammad mudarris sifatida ma’ruza o’qigan; mavlono Muhammadning olimlardan 90 kishi ishtirokida qilgan ma’ruzasini Ulug’bek bilan Qozizoda Rumiydan boshqa hech kim tushuna olmagan».20 Chunki bu ma’ruza haddan tashqari ilmiy – nazariy jihatdan kuchli va murakkab masalalarni o’z ichiga olgan edi.
Bu erda tilga olingan Qozizoda Rumiy (Salohiddin Musa bin Mahmud) mashhur matematik va astronomdir. U Ulug’bek madrasasining dastlabki mudarrislaridan biri edi.
G’oyat bilimli bu olimni zamondoshlari «O’z davrining Aflotuni» deb ataganlar. U Samarqandda dafn etilgan bo’lib, Qozizodaga yuksak baho bergan Ulug’bekning farmoniga ko’ra, uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Bu maqbara Shohizinda maqbaralari yaqinida joylashgan.
Ulug’bekning falaqiyotshunoslik (astronomik) maktabi tarixi-da muhim rol o’ynagan boshqa yirik matematik va astronomlardan biri G’iyosiddin Jamshid ibn Mas’ud edi. U 1416 yildayoq astronomik asboblar to’g’risida risola yozgan edi. Bu asboblarning ko’pidan Ulug’bek rasadxonasida foydalanilgan. U matematika va astronomiyaga oid bir qancha asarlarning muallifidir.
Ulug’bek falaqiyotshunoslik maktabida ish olib borgan Muiniddin, uning o’g’li Mansur Koshiy va Koshiyning shogirdi, Ulug’bek asarlarining sharhchisi Ali ibn Muhammad Birjoniylar ham taniqli astronomlardan bo’lgan.
Ulug’bek asarlarining sharhchisi, Qozizoda va Ulug’bekning iste’dodli shogirdi, samarqandlik matematik va astronom Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchini ham eslatib o’tish kerak. U «o’zdavrining Ptolemeyi» deb nom olgan. Ali Qushchi ilmiy ishda Ulug’bekning eng yaqin yordamchilaridan biri edi. Ulug’bek maktabi namoyandasi sifatida Ulug’bek asarining sharhchisi, astronom Chalabiy nomi ham mashhurdir.
Madrasada boshqa mudarrislar bilan bir qatorda, Ulug’bekning o’zi ham astronomiya bo’yicha ma’ruzalar o’qir edi. Uchinchi darajali algebraik tenglamaga olib kelgan bir gradus yoyning sinusini aniqlash — Ulug’bek va uning maktabi erishgan ajoyib va eng muhim muvaffaqiyatlardan biri bo’ldi.
Ulug’bek atrofida to’plangan Samarqand olimlari katta ahamiyat bergan eng muhim ilmiy yo’nalishlardan biri falaqiyotshunoslik fani edi. Shuni ham aytish kerakki, musulmon mamlakatlarida va umuman islom madaniyatida aniq fanlar, ayniqsa, falaqiyotshunoslik va riyoziyot muhim o’rin tutadi. Chunki, musulmon kishi qaerda bo’lishidan qat’i nazar erta tongdan oqshomgacha qadar uning uchun besh vaqt namoz farzdir. Namoz yuzni qiblaga - Makkadagi Ka’ba yo’nalishiga qarab o’qiladi. Namozning vaqtlari esa har bir jug’rofik kenglikda ham Quyoshning erdan balandligiga qarab belgilanadi. Undan tashqari, islomda qabul qilingan hijriy yil hisobi 354 kunni tashkil qiluvchi 12 qamariy oydan iborat bo’lib, yangi oy - hilolni masjid minorasidan yoki rasadxona tepasidan ko’z bilap ko’rib aniqlangan. Shuning uchun musulmon kishining hayoti falaqiyotshunoslik, riyoziyot, jug’rofiya, hunarmandchilik va me’morchilikka aloqador quyidagi masalalarni hal qilish bilan bog’liq bo’lgan:

  1. joyning jug’rofik yo’nalishlarini aniqlash;

  2. mahalliy meridian bilan qibla yo’nalishini ko’rsatuvchi katta doira orasidagi burchakni aniqlash;

  3. jug’rofik yo’nalishlarni hisoblash uchun aniq riyoziy (trigonometrik)

hisoblash qoidalari va usullarini bilish;

  1. jug’rofik yo’nalish asosida Quyosh balandligini aniq-

lash qoidalarini bilish;

  1. quyosh, Oy, sayyoralar va boshqa yoritgichlarning kecha-kunduzning istalgan vaqtidagi holatlarini aniqlaydigan sferik astronomiyaning aniq qoidalarini bilish;

  2. turli shaharlar orasidagi masofalarni aniqlash uchun

geodezik o’lchashlarni bajarish;

  1. turli vaqt o’lchash asboblarini yasash;

  2. erning ma’mur qismi haqida aniq tasavvurga ega bo’lish

uchun xaritalar tuzish;

  1. xaritalar tuzish uchun riyoziyotga taalluqli ko’rinish holatlarini bilish; 10) falaqiyotshunoslik, jug’rofiya va geodeziyaga taalluqli hisoblarni bajarish uchun yuksak aniqlikdagi riyoziy hisoblash usullarini bilish;

  1. yoritgichlarni kuzatish ob-havo bilan bog’liq bo’lganligi uchun meteorologiya va geofizikadan ma’lumotga ega bo’lish;

  2. masjid, madrasa va rasadxonalarda barpo etish uchun me’morchilik san’ati va an’analaridan xabardor bo’lish.

Yuqorida ko’rsatilgan va ro’yxatga kirmagan boshqa ko’plab masalalar shunchalik chambarchas bog’lanib ketganki, ularni hal qilish uchun olim va hunarmandlarning katta jamoa va guruhlari kerak edi. Ana shuning uchun Ulug’bek o’z atrofiga turli ilm va hunar namoyondalarini to’plagan.
Keltirilgan masalalar ro’yxatidan ko’rinib turibdiki, ularning ko’pi falaqiyotshunoslikka aloqador. Islomdagi eng avvalgi yulduzlar haqidagi asarlar «Zij» deb atalib, ular asosan jadvallardan iborat bo’lgan. U Ulug’bekdan avval yozilgan eng mukammal zijlar: Beruniyning «Qonuni Mas’udiy»si va Nasriddin Tusiyning 1256 yili yozib, Xulashxonga taqdim etgan «Ziji Elxoniy» asari edi. XV asr boshlarida yozilib, Shohruhga atalgan Jamshid Koshiyning «Ziji Hoqoniy» asari asosan xitoy va mo’g’ul an’analariga asoslangan bo’lib, islom mamlakatlari uchun deyarli ahamiyatga ega emas va ilmiy jihatdan ham aytgulik emas edi. Movarounnahrda esa mo’g’ul istilosidan keyin birorta zij yozilmagan edi. Ana shu sabablarga ko’ra Ulug’bek eng avvalo yulduzlar haqidagi ilmni yo’lga qo’yishga intiladi. Buning uchun Ulug’bek boshchilik qilgan astronomlarning muvaffaqiyatli ravishda olib borgan ta’lim va ilmiy ishlari ularni aniqroq asboblar bilan ta’minlangan namunali rasadxona qurish kerak degan fikrga olib keldi.
Madrasa bilan rasadxona orasida mustahkam aloqa bor edi. Rasadxonada ishlab turgan ilmiy xodimlarning bir qismi madrasada mudarrislik qilishgan. Ular orasida
G’iyosiddin Jamshid Koshoniy va Mirzo Ulug’bekning o’zi ham bo’lgan.
Ulug’bek madrasa toliblari bilan tez-tez bahslashib, imtihon qilib turgan. Bir kuni
Ulug’bek madrasa toliblarini riyozat bilan taqvimdan bir imtihon qilmoqchi bo’libdi. U o’rtaga mana bu savolni tashlabdi: «Qani, tolibi ilm, aytingchi, hijriy 818 yil, rajab oyining o’n ikkinchi birlan o’n beshinchi o’rtasi, 918 yil rajab oyining o’n ikkinchi birlan o’n beshinchi orasi qaysi ayyomga to’g’ri keladur? Buning uchun juda ko’p raqamlarni yodda tuta bilishi zarur ekan. Talabalardan birortasi ham bu masalani echolmabdi.
Shunda Ulug’bek buni uyga vazifa qilib topshiribdi va ustozlarga xos husnu odob bilan mehribonlik ko’rsatib, o’rtaga qo’yilgan masalani tushuntirgan va echib bergan. So’ng Abu Rayhon Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» kitobini ochib, oltinchi maqolasining ettinchi bobidan parcha o’qib bergan. So’ng kitobni yopib talabalarga bir necha savollar bergan. Javoblardan qisman qoniqish hosil qilish ustoz tolibu ilmlarga bu asarni chuqurroq tahlil qilib unipg mohiyatini anglab etishni uyga yana bir bor vazifa qilib berishi, u qadar talabchan olim ekanligidan dalolat beradi.
Rasadxona bilan madrasa ilm ahllarining birgalikdagi faoliyati Ulug’bek ilmiy maktabida yulduz ilmi va riyoziyotnn o’rta asrlar davrida eng yuqori pog’onaga ko’tardi. Davlat ishlari bilan bog’liq bo’lgan yurish-ko’chishlar, rasadxonadagi kuzatishlar va madrasadagi darslar, ilmiy ishlarga umumiy rahbarlik qilish ham Ulug’bekning ko’p vaqtini olardi.
Ulug’bek ilmiy merosining eng asosiysi, ma’lum va mashhuri uning «Ziji» bo’lib, bu asar «Ziji Ulug’bek»dir. «Ziji jadidi ko’ragoniy» deb ham ataladi. «Ziji»dan tashqari uning qalamiga mansub riyoziyot asari – «Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola», yulduzlarga bag’ishlangan «Risolai Ulug’bek» (yagona nusxasi Hindistonda Aligarh universitetining kutubxonasida saqlanadi.
Ulug’bek «Ziji» o’z tarkibiga ko’ra VIII-IX asrlarda boshlangan yulduzshunoslik an’anasini davom ettirsada, ilmiy pog’onasi ularga nisbatan baland.
Bu asar muqaddima va to’rt maqoladan iborat. Muqaddimaning boshida Qur’ondan yulduzlar va sayyoralarga taalluqli oyatlar keltiriladi. Ulug’bek bu bilan yulduzlarni kuzatish zarurligini g’oyaviy asoslamoqchi bo’ladi.
Ulug’bek «Ziji» o’rta asrlardagi eng mukammal asar bo’lib, tezda zamondoshlarining diqqatini o’ziga jalb etdi. Eng avval, bu asar Samarqandda Ulug’bek atrofida to’plangan olimlar ijodiga katta ta’sir ko’rsatdi. «Zij»da hech qanday nazariy dasturlar bayon etilmaydi va teoremalar isbotlanmaydi, balki nazariy mavqe’dagi jumlalar qoida tarzida bayon qilinadi. Shuningdek, muhim ahamiyatga ega bo’lgan miqdorlar va parametrlar «biz shunday topdik» degan ibora bilan hisobsiz va isbotsiz keltiriladi. «Zij»ni o’rganish shuni ko’rsatadiki, u faqat amaliy qo’llanishga mo’ljallangan bo’lib, nazariy masalalarni bayon etishni Ulug’bek oldiga maqsad kilib qo’ymagan. Shuning uchun bo’lsa kerak, «Zij»ni birinchi bo’lib Samarqand olimlarining o’zi xususan Ali Qushchi sharhlaydi. Undan keyingi sharhlarni Mirim Chilabiy va Husayn Birjandiylar yozadi.
1449 yili Ulug’bekning fojiali halokatidan so’ng Samarqand olimlari asta-sekin
Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari bo’ylab tarqalib ketadilar. Ular o’zlari borgan erlarga Samarqand olimlarining yutuqlarini va «Zij»ning nusxalarini ham etkazadilar. Jumladan, Ali Qushchi1473 yili Istambulga borib, u erda rasadxona quradi. Shu tariqa Ulug’bek «Ziji» Turkiyada tarqaladi va Turkiya orqali Ovrupa mamlakatlariga ham etib boradi.
Mirzo Ulug’beqday benazir alloma o’rta asrlar sharoitida fanning juda ko’p sohalariga taalluqli, xususan, matematika, falaqiyot, musiqashunoslik va tarix ilmlari bo’yicha qimmatli asarlar yaratdi. Bu asarlar markazida "Ziji Ko’ragoniy" katta o’rin tutadi. Bu ulug’ zot minglab yulduzlarni jamlagan mukammal xarita va astronomik jadval yaratgan.
Mirzo Ulug’bek tarix ilmlari sohasida ham qalam tebratgan yirik olimdir. Uning "To’rt ulus tarixi" nomli asari insoniyat uchun mislsiz ilmiy-ma’naviy boylikdir.
Insoniyat tarixida ulug’ iz qoldirgan Mirzo Ulug’bekning hayoti, ilmiy-amaliy faoliyati o’zbek milliy ma’naviyati-ma’rifati poydevoriga qo’yilgan tamal toshlardan biri bo’lib, xalqimizning o’rta asrlarda fundamental va gumanitar fanlarga nechog’lik buyuk ahamiyat berganini ko’rsatadi.
Taqdir Ulug’beqdek buyuk zotning zimmasiga behad ulkan va mashaqqatli vazifalar yukladi. Buyuk sarkarda Amir Temur bunyod etgan saltanat vorisi bo’lishdek mislsiz sinov aynan unga nasib etdi. Mirzo Ulug’bek uzoq yillar mobaynida Movarounnahr diyorining nomdor hukmdori bo’ldi. Hukmdor sifatida u tinchlik, totuvlik, har tomonlama taraqqiyotni qaror toptirish yo’lida mislsiz shijoat va matonat ko’rsatdi. Davlat arbobi sifatida qurilish ipsharini ancha rivojlantirdi, poytaxtni me’morchilik san’ati asosida qurilgan ulkan binolar bilan obod qildi, o’zigacha boshlangan qurilishlarni nihoyasiga etkazdi.
Ulug’bek tabiiy va ijtimoiy fanlar sohasida ulkan kashfiyotlar qilish bilan bir qatorda insoniyat ma’naviy-ma’rifiy axloqiy qarashlari va ta’limotlari rivojlanishiga ham beqiyos katta ulush qo’shdi. U o’zidan oddingi mutaffakirlar singari inson qalbida ezgulik, iymon-e’tiqod, go’zal xulq-atvor-ning shakllanishi va rivojlanishi aqliy kamolot bilan bog’liq-ligiga e’tibor berdi va kishilarni bilim egallashga undadi.
Mirzo Ulug’bek ta’limotida ilm inson ma’naviyatining asosi ekanligi haqidagi g’oya etakchi o’rin tutadi. Darhaqiqat, ilm jaholat, xurofotning kushandasidir. Ilm insonni g’aflat uyqusidan uyg’otadi, fikrini teranlashtiradi, tafakkurini o’tkirlashtiradi. Inson ilm-ma’rifat yordamida ulug’lar darajasiga etadi.
Ulug’bekning asarlari va falsafiy-axloqiy o’gitlarida dunyoda ilm-ma’rifatdan naf ko’rmagan va ko’rmaydigan inson zoti yo’qligi takror -takror qayd etilgan. Ulug’bek ayni paytda insonda har bir ishni ado etishda aql-idrok va tafakkur, o’tkir zehn, qobiliyat, talant va iste’dod mavjudligini alohida uqtirdi. Madaniy-ma’naviy taraqqiyotga ilmdan boshqa yo’l bilan erishib bo’lmasligini, bilimni faqat kitoblardan emas, balki faoliyat orqali, hayotdan olish zarurligini ta’kidladi. Ulug’bek Buxoroda o’zi qurdirgan madrasa peshtoqiga: "Bilim olish har bir muslim va muslimaning burchidir", deb yozdirib qo’ydirgan.
Ulug’bekning fikricha, odob va axloq inson ma’naviyati va ma’rifati kamolotida katta o’rin egallaydi. Insonlar orasidagi o’zaro munosabat, odamgarchilik, mehrmuhabbat, do’stlik, birodarlik, ahillik asosida yashash va faoliyat ko’rsatish aqliy-axloqiy tarbiyaga ko’p jihatdan bog’liqdir.
Ulug’bek ma’naviyat va ma’rifat haqidagi yo’l-yo’riqlari va falsafiy-pedagogik ta’limotida haqiqiy va soxta do’stlarni ajratish lozimligi, g’arazli kishi do’st bo’lmasligini, bunday "do’stlar" kishilarni to’g’ri yo’ldan chiqarishi haqidagi g’oyalarini dasturiy yo’llanma sifatida ilgari surgan. Ulug’bekning, hech qachon ixtiyoringni tilyog’lamaga berma, atrofingga laganbardorlarni to’plama, ular sening emas, o’z manfaatlarini ko’zlab seni maqtaydilar, o’z ixtiyorini shunday kimsalarga berib qo’ygan hukmdorga sadoqatli insonlar yaqinlashmaydilar, degan ibratli so’zlari ham mavjud. Uning fikr-mulohazalaridan ko’rinib turganidek, qalbi nopok, niyati buzuq, iymoni sust, beoqibat kishilardan har qanday yo’l bilan bo’lsa-da, yiroq bo’lish, tuzog’iga ilinmaslik, tilyog’lamaligiga uchmaslik, aksincha, zoti toza, nasl-nasabli kishilarni qo’ldan qo’ymaslik kerak. Inson yakka-yolg’izlikda qila olmagan yumushlarini ko’pchilik bilan birgalikda bajarishi mumkin. Do’stlarsiz hech narsaga erishib bo’lmaydi. Ulug’bekning ilmiy-amaliy faoliyati uning bu nazariy fikrini tasdiqlaydi.
Ulug’bek jasurlik, mardlik, chidamlilik, jismoniy sog’lomlik va baquvvatlik masalalariga alohida e’tibor beradi. Uning ta’kidlashicha, bularning hammasi hayotda zarurdir. Odam sog’lom va baquvvat bo’lish uchun yoshlik chog’laridan boshlab otda yurishi, kurash tushishi, suvda suzishi, nayzabozlik bilan muntazam shug’ullanishi lozim. Ruhan va jismonan baquvvat, aqlan etuk, axloqan barkamol kishilar, olimning fikricha, o’z yurtini, vatanini dushmanlardan himoya qila oladigan, xalqparvar bo’lib shakllanadi.
Ulug’bek ma’naviy-ma’rifiy va pedagogik ta’limotida mehnatsevarlik haqidagi g’oyani o’z davri talab va ehtiyojlarini nazarda tutib rivojlantirdi. Tinimsiz harakat qilmasang, mehnat qilib kasb-hunar o’rganmasang, murabbiylardan ta’lim-tarbiya, o’git olmasang, - deydi bu haqda u, - aql-zakovatda etuk, odob-axloq va ilmda barkamol bo’la olmaysan, jamiyatda qadr-qimmat topolmaysan.
Ulug’bek ta’biri bilan aytganda, sa’y-harakat va tirishqoqlik jilovlari go’zaldir, agar ular ilmiy haqiqatlarga va donolik nafosatlariga erishishga sarflansa, u o’tkir qalami birla va chuqur tafakkuri ila ilmlar sirlariga, san’at nafosatiga etadi. Ulug’bekda shijoat bilan bir qatorda jonkuyar va muruvvatli ma’rifatchilik, ilm-fan ravnaqi yo’lida sahovatli rahnamolik, shirinsuhan va yuksak aql-idrokli insonlik, bag’rikenglik, kelajakni oldindan ko’ra bilishlik singari fazilatlar mujassam edi.
Ulug’bek ilm-fan ravnaq topishiga katta umid bilan qaradi. Bu yo’lda u hormaytolmay mehnat qildi, inson aql-idroki va tafakkuri tantana qilishiga, jaholat va xurofot tumandek tarqalib ketishiga astoydil ishondi. Ilm yordamida kelajakni oldindan ko’rdi. Mirzo Ulug’bek hazrat bobosi Amir Temur ta’limotiga, yo’l-yo’riqlariga, “Tuzuklar” ida belgilab berilgan qonun-qoidalarga umrbod sodiq qoldi. Amir Temurning, kuch-adolatdadir, degan umumbashariy ahamiyatga ega bo’lgan dono o’giti va sabog’i Mirzo Ulug’bekning shoh va donishmand sifatidagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy, ma’rifiy-urfoniy faoliyatida mezon bo’lib xizmat qildi.
Bobosidan qolgan bebaho yodgorlik – vasiyat va tuzuklarni Mirzo Ulug’bek o’zining ilmiy-amaliy, ijtimoiy-siyosiy faoliyatida dasturulamal deb bildi, ulardagi asosiy g’oyalardan aslo chekinmadi. Amir Temurning “Millatning dardlariga darmon bo’lmoq vazifangizdir. Zaiflarni ko’ring, yo’qsullarni boylar zulmiga tashlamang. “Adolat va Ozodlik” dasturingiz, rahbaringiz o’lsun... Bularga sodiq qolsangiz tosh boshingizga tushmas”, - degan ta’limotini Ulug’bek qalb to’rida saqladi va tadbiq etdi.
Mirzo Ulug’bek xalqni, saltanat sohiblarini ochiq yuzlilik, samimiyat, mehr-shafqat bilan o’ziga rom etdi. Adolat bilan ish yuritdi. Raiyat ahvolidan doimo ogoh bo’lib turdi, har bir o’lka va shahar aholisining ulug’lari, buzurglari, ahli donishlari bilan hurmatli munosabatda bo’ldi. Qo’l ostidagi mamlakat aholisining rasm-rusm, odatlari, an’analari, tarixi, madaniyati va tili, e’tiqodlariga hurmatla qarashlarini qattiq turib talab qildi. Hokimlar, sipohdan qaysi birining xalqqa jabr qilganini eshitsa, insof-adolat bilan chorasini ko’rdi. Islom diniga bobosi kabi e’tiborla munosabatda bo’ldi.
Ulug’bek o’z asarlari, ma’naviy-axloqiy ta’limoti orqali barcha insonlarni go’zal xulqli, mexr-oqibatli bo’lishga va yaxshilikka chaqirdi. Go’zal xulqli bo’lish, faqat yaxshilikni o’ylab, yaxshilik qilishdan charchamaslik, ezgulik deya yashash, o’zida borini o’zgalar bilan baham ko’rish, muhtojlarga yordam berish, yoru do’stlar sharafi, nomusini himoya qilish, zohiran va botinan pok yurish, tirikchilikni halol topilgan non bilan kechirish har qanday odamning ma’naviy qiyofasini bezaydi, deydi. Ayniqsa, hokimlar, podshohlar adolatli, insonparvar, mard va kechirimli bo’lsalar xalqning baxtistiqbolidir. Ulug’bekning o’zi xuddi shunday go’zal ma’naviy-axloqiy fazilatlar sohibi edi.
Ulug’bek nafaqat o’zi mansub millatning, ayni paytda butun insoniyatning ham faxridir. Ulug’bekday farzandi bo’lgan xalq har qancha faxrlansa arziydi. O’z tomirlarimizda Ulug’bek qoni oqayotganligidan, ruhimizda ul muborak zotning ruhi barhayotligidan baxtiyormiz. “Mirzo Ulug’bek o’z umrini kelajak uchun, bugungi hayot uchun fido etdi. O’sha uzoq zamonlarda bashariyat taraqqiyotini o’ylab yashadi, o’z avlodlari asrlar osha tartib etajak ma’rifatli bir jamiyatni orzu qildi. Har qanday millat ham Ulug’bekday farzandni tarbiya etgani uchun g’ururlanishi tabiiy holdir. Chunki bunday insonlar faqat o’z xalqiga emas, balki umumbashariy tsivilizatsiya uchun ham xizmat qiladi va jahonning e’tiborini qozonadi”21
Shunday qilib, Mirzo Ulug’bekning milliy va umumbashariy ma’naviy-ma’rifiy va pedagogik ta’limotlar rivojlanishiga qo’shgan hissasi beqiyos bo’lib, u bugungi kunda ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O’zbekistonning xalqaro maydonda obro’sini oshirish yo’lida katta xizmat qilmoqda.

-----------


Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar Qori, Abdulla Avloniy, Abduqodir Shakuriylarning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma'rifatparvarlik xizmatlari.
O’zbekiston tarixi sahifalaridan o’ziga munosib o’rin olgan ma’rifatchilik harakati tasodifiy ravishda yuzaga kelgan emas. Uning paydo bo’lishini taqazo etgan, ob’ektiv zaruriyatga aylantirgan bir qancha sabablar, ehtiyojlar bo’lgan.
Ma’rifatchilik, jadidchilik harakati qadimiy Turonu Turkistonning XIX asrning ikkinchi yarmilaridan boshlab chor Rossiyasi tomonidan zo’ravonlik yo’li bilan bosib olinib, mustamlaka, qilinishiga qarshi norozilik belgisi sifatida hamda xalqimizning ozodlik, mustaqillik yo’lida olib borayotgan kurashlarini qo’llab-quvvatlash, ularga g’oyaviy rahnamolik qilish maqsadida yuzaga keldi.
Turkistonning chor Rossiyasi qo’shinlari tomonidan istilo qilinishi o’lkamiz tarixidagi eng qora, eng qonli sahifadir. Mustamlakachilik oqibatida xalqlarimiz o’zining erki va ozodligidan mahrum bo’ldi. Iqtisodiy, siyosiy, harbiy tazyiqlar, oshkora zo’ravonlik siyosati, milliy kamsitishlar o’lkamiz tarixidagi eng qora, eng qonli sahifadir. Mustamlakachilik oqibatida xalqlarimiz o’zining erki va ozodligidan mahrum bo’ldi. Iqtisodiy, siyosiy, harbiy tazyiqlar, oshkora zo’ravonlik siyosati, milliy kamsitishlar o’lkamiz mustamlaka qilib olinishining dastlabki kezlaridanoq boshlangan edi. Xalqimiz, millatimizning ko’rmagan jabr-jafosi, chekmagan azob-uqubati, g’amanduhi qolmadi. Mustamlakachilik zulmi siyosiy, harbiy tazyiqlar, chorizm amaldorlari zo’ravonligi bilan qo’shilib ketdi. Abdurauf Fitrat Turkiston chor hukumatining tom ma’nodagi mustamlakasiga aylanib qolganidan afsuslanib va g’azabga kelib, “ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo’limiz bog’landi, tilimiz kesildi, og’zimiz qoplandi, erimiz bosilda, molimiz talandi, sharafimiz yumurildi, nomusimiz g’asb qilindi, huquqimizga tajovuz bo’ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi.. Ko’rdim, kezdim, eshitdim, o’qidim. Mamlakatlar orasida Turkistonimiz kabi baxtsiz bir mamlakat yo’qdir”,22 - deb yozgan edi.
Chor hukumatining mustamlakachilik zulmi Turkiston xalqi uchun dahshat, ozodlik, erk va mustaqillik yo’lida kishan ekanligini, erki yo’q xalq, millat va vatanning istiqboli bo’lmasligini o’lkamizning taraqqiyparvar, iymon e’tiqodi but, millat ravnaqini o’ylaydigan kishilar, ziyolilarning ilg’or qatlami birinchilardan bo’lib tushunib etishgandi. Ular xalqning milliy ongini oshirish va o’zligini anglatishning asosi, najot va istiqbolning kaliti deb ilmu urfonini tushundilar.

Birinchidan, ma’rifat yuksaltirmay, milliy ongni o’stirmay, xalqni g’aflat uyqusidan uyg’otmasdan turib mustaqillik uchun kurashib, ozodlikka erishib bo’lmasligini mintaqamizning aqli raso, zukko, siyosiy ziyrak kishilari, donishmand farzandlari yaxshi bilardilar. Shunga ko’ra millat, xalq, Vatan qayg’usi va istiqboli bilan tashvish chekib yashovchi fidoiy yoshlar xalqni qudratli kuch sifatida oyoqqa turg’azishni ilmu urfondan, ma’rifatdan boshlashga azmu qaror qilganlar. Ma’rifatparvarlik harakati yuzaga kelishi va rivojlanishining asosiy ijtimoiy-siyosiy sababi, eng avvalo, shundan iborat edi.


Ikkinchidan, chor hukumati o’lkamizni bosib olgandan keyin mahalliy aholini madaniyatidan, milliy urf-odatlari, an’nalari tarixiy merosi, milliy qadriyatlaridan mahrum etish, ma’naviy kamolotini cheklab qo’yish aholini madaniyatidan, milliy urfodatlari, an’analari, tarixiy merosi, milliy qadriyatlaridan mahrum etish, ma’naviy kamolotini cheklab qo’yish uchun zo’r berib harakat qildi. Madaniy qoloqlik, ma’naviy bo’hron siyosiy va iqtisodiy qoloqlikka asos bo’lishini, bu tadbir o’lkada mustamlakachilik tuzumini saqlab qolish va mustahkamlashda qo’l kelishini, ma’naviy tushkunlikka tushgan, manqurtlik holatiga kelib qolgan millat hech vaqt o’z manfaatlarini anglab mustaqillik uchun uyushib kurash olib borolmasligini chor hukumati amaldorlari juda yaxshi anglab etgan edilar.
Tarixda isbotlanganidek, barcha tushkunliklar, turg’unlik holatlari, iqtisodiy va siyosiy inqirozlar ma’naviy bo’hronning natijasi bo’lgan. Butun insoniyat tarixida barcha bosqinchilar biror mamlakatni bosib olib hukmronlik qilish, xalqni asoratda ushlash uchun uning madaniyati, ma’naviyatiga tajovuz qilganlar. Erli xalqlarni ma’naviy qashshoqlik holatida saqlashga zo’r berib intilish barcha mustamlakachi davlatlar singari chor hukumati siyosatida ham katta o’rin tutgan.
Chor hukumati Turkistonni iqtisodiy va siyosiy jihatdangina emas, madaniyma’naviy qoloqlik va qaramlik holatida ushlab turishdan ham manfaatdor edi. Ana shu niyatda o’lkamiz xalqlari o’rtasida jaxolat, xurofot va bid’atni zo’r berib avj oldirdi, ma’naviy-siyosiy manqurtlikni ko’llab-quvvatladi, Bosqinchilar Turkiston xalqining ma’rifat yo’liga kirib, o’z xaq-huquqlarini tanishi, milliy ongi o’sishiga tish-tirnog’i bilan qarshilik qildi. Buning uchun Turkiston general-gubernatori Kuropotkinning, biz tub, joy xalqni taraqqkyotdan, maktabdan, rus hayoti va madaniyatida 50 yil chetda tutdik, degan so’zlarini eslash kifoyadir.
Turkistonda chor hukumati mustamlakachiligi siyosati tufayli ro’y bergan fojiali voqea-xodisalarga qarama-qarshi ravishda ma’rifatparvarlik – jadidchilik harakati dunyoga keldi Ma’rifatparvarlarning ijtimoiy-siyosiy, falsafiy, ma’naviy-axloqiy g’oyalar, fikr-muloxazalari o’sha murakkab tarixiy sharoitlarda shakllandi va rivojlandi.
Ma’rifatparvarlar xalqimizning donishmand farzandlari sifatida mustamlakachilik davrida Turkistonda hukmron bo’lgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatni, xalqning ma’naviy holati darajasini yaxshi bilganlar. Mustaqillikka erishish uchun xalqning umumiy madaniy saviyasini davr talablari va imkoniyatlari darajasida rivojlantirish, xalqni yangi madaniyat, ma’rifatga chorlash zarurligini chuqur anglab etganlar. Xalqni Evropa mamlakatlari madaniyati, fan-texnika yutuqlari, ilg’or tajribalari bilan tanishishga tinimsiz ravishda da’vat etganlar. Bilimli, madaniyatli, ma’naviyatli millat va xalq juda katta ijtimoiy kuchga aylanishini ma’rifatparvarlar birinchilardan bo’lib tushunib etganlar. "Asta-sekin ma’rifatchilikdan jadidchilik o’sib chiqdi va u ma’lum darajada siyosiy masalalarni olg’a sura boshladi. Yangi talim-tarbiya, yangi maktab, yangi maorif, uni boshqarish, madaniy targ’ibot, tashkilotchilik, masalalari asosiy o’ringa ko’tarildi. Yangiliklarga asoslangan holda rus va eski maorifdan farq qiluvchi fikrg’oyalar oldinga surildi, ular mahalliy matbuot, turli kitoblar orqali keng targ’ib qilindi.

Yüklə 260,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə