Мундaрижa



Yüklə 260,5 Kb.
səhifə9/19
tarix11.12.2023
ölçüsü260,5 Kb.
#146215
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   19
4.XIV ASRDAN XX ASRNING 90-YILLARIGACHA BO’LGAN DAVRDA TARBIYA, MAKTAB VA TA’LIM TIZIMI

...Ilmi diniy ila barcha ilmi zamoniy — ilmiy dunyoviy tahsil qilmaslik munkariz bo’larmiz...»28.
Behbudiy o’zining mana shu fikrlarini amalga oshirish borasidagi ko’p qirrali va sermahsul faoliyati davomida ma’rifatparvarlik va taraqqiyparvarlik: g’oyalarini keng tashviq etibgina qolmasdan, balki Jomboy qishlog’ida o’qituvchilik qilib yurgan Abduqodir Shakuriyni yollab, maktab uchun o’z hovlisining tashqarisini beradi, bolalar esa tekinga o’qitiladi.U katta o’g’li Ma’sud bilan qizi Parvinni ham Shakuriy maktabiga o’qishga beradi. Behbudiy o’z uyida ochilgan “usuli jadid”maktabining butun moddiy xarajatlarini o’z gardaniga oladi «Padarkush»ning sahnaga qo’ilishidan kelgan asosiy daromadni Samarqand, Qo’qon, Namangan, Toshkent, Kattaqo’rg’on va boshqa shaharlardagi “usuli jadid” maktablariga hadya qildi, bu maktablar uchun o’zi «Muntaxabi jo’g’rofiya umumiy» («Qisqacha umumiy jo’g’rofiya»), «Madxali jo’xrofiya umro-qiy» («Ahli jo’g’rofiyasiga kirish»), «Muxtasari jo’g’rofiyai Rusiy» («Rusiyaning qisqacha jo’g’rofiyasi»), «Kitobul aftol» («Bolalar maktubi»), «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Amaliyati islom» va «Yangi hisob» darsliklarini yaratdi va o’z mablag’iga matbaa ochib, maktab uchun darslik va qo’llanmalarini tekinga bosib tarqatadi. Samarqanddagi birinchi musulmon kutubxonasi va qiroatxonaning asosiy mablag’i ham uning hisobidan chiqqan edi.
Qizig’i shundaki, Mahmudxo’ja Behbudiyning hayot yo’li, uning din va jamoat arbobi sifatidagi faoliyatida ma’rifatparvarlik va shariat uzviy birlikni tashkil etadi. Chunki, Behbudiy faqat diniy bilimlarnigina emas, shu bilan birga, zamonaviy ilmlarning zo’r bilimdoni, xalqni ma’rifatli qilish uchun kurash yo’lida o’z moddiy boyliklarini, hatto jonini ayamagan shaxsdir. Professor Abdurahmon Sa’diy 1923 yilda z’lon qilgan «Behbudiy va uning tegrasiga yig’ilgan yozuvchilar» nomli maqolasida «O’z zamonida Turkiston jadidlarining eng faol va eng ma’lumotli rahbarlaridan edi»29 deb ta’riflagan bo’lsa, Fayzulla Xo’jaev o’zining «Buxoro tarixi» asarida bu fikrni rivojlantirib: «Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o’sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng kelaoladigan kishi bo’lmasa kerak»30 deb yozgan edi.
Bu gapda haqiqat bor, chunki zamonasidagi fikrlar — diniy huquq bilimdonlaridan hech biri fikh ilmining kengligi jihatidan mufti Mahmudxo’ja Behbudiyga teng kela olmas edi. Behbudiyning ayrim jaholatparast ruhoniylardan farqi va afzalligi shunda ediki, u hech qachon fikhning biror qoidasi yoki yo’l-yo’rig’ini xalq manfaatlari va ijtimoiy taraqqiyotga zarar keltiradigan tarzda talqin qilmagan. Aksincha, oyat va hadislarga tayangan holda, shar’iy dalillar asosida jamiyatdagi davlatmand sinf vakillarini insofga, shafqatga chorlaydi, ularning ochko’zligi va noinsofligini keskin qoralaydi, ayni paytda ma’rifatparvar arbob sifatida mehnatkashlarning bolalarini o’qimishli, bilimdon qilish vositasida ijtimoiy tengsizlik ildizlarini quritish mumkin degan xayol bilan bepul yangi usul maktabi ochadi, keng xalq ommasining barcha tabaqalarini ma’rifatli etish choralarini izlaydi, bu yo’lda shaxsiy mablag’larini beg’araz sarf qiladi. U xalqni, millatni ma’rifatli etish yo’lidagi tadbirlar uchun o’z mablag’larini ayagan mulkdorlarni qanchalik yomon ko’rsa, umumxalq manfaatini oyoq osti qilib, mulkdorlar yuz-xotirini qilgan din arboblaridan ham shunchalik nafratlanadi. Biroq Mahmudxo’ja Behbudiyning muftiylik lavozimini bunday halollik bilan ado etishi, yangi usul maktabi ochishi va taraqqiyparvar jadidlar faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlashi mutaassib ruhoniylarga hecham yoqmas edi. Shu bois 1914 yilning 3 yanvarida g’oyat mash’um hodisa ro’y berdi: Samarqanddagi Ulug’bek madrasasining ichida joylashgan Jomeda o’qilgan juma namozidan so’ng muazzin besh-olti ming musulmon huzurida nutq so’zlab, «usuli jadidchilarning kofirligi va har kim bolasini usuli jadid maktabiga bersa, o’zi kofir, xotini taloq bo’lishini», jamoaga e’lon qiladi. Uning aytishicha, bu favqulodda takfirni u ulamoning «qavmi va buyrug’i» ila e’lon etgan. Bu shum xabar yashin tezligida butun Turkistonga tarqaladi. Mutaassib ruhoniylar tomonidan qo’llangan bu makkorona usul jadidlarni mushkul ahvolga solib qo’ydi, o’z bolalarini usuli jadid maktabiga bergan ota-onalar tavahhumda qoldilar. Bunday vaziyatda eng oqilona tadbir jadidlarni diniy dalillar vositasida himoya qilmoq edi. Bu vazifani muftiy Behbudiy yuksak mahorat bilan ado etadi. To’g’ri, zamonaning zayli bilan dastlab ulamoning o’zi takfirdan tanishga majbur bo’ladi. Gap shundaki, mustamlakachi ma’muriyatning Samarqand viloyatidagi Mahkamasiga mazkur takfirning ma’naviy rahbarlari hamda muazzin chaqirtiriladi. Shunda ularning jamoadagi jangariligi va yuqoridagi xurujidan asar ham qolmaydi, ular hayosizlarcha bu dalildan tonadilar va almoyi — aljoyi javoblar beradilar. Natijada, Behbudiy «Oyna» jurnalining 1914 yil yanvarida chiqqan 12-sonida e’lon qilingan «Favqulodda takfir» maqolasida sodir bo’lgan voqea haqida zo’r taassuf bilan xabar beradi. «Oyna» jurnalining 12-sonida esa Mahmudxo’ja Behbudiyning bu masalaga bag’ishlangan «Bizni(ng) hollar va ishlar» maqolasida: «Ushbu nutq hukumatga ma’lum bo’lib, hukumat tarafidan Madrasai Tillakor va Madrasai Ulug’bek mudarrislari janob mulla Imomnazar va mulla Salim ham nutq qilg’on muazzindan so’rolibdur - Janob mudarrislar ushbu nutqdan xabarimiz yo’q— debdurlar. Muazzin aytibdurki, men usuli jadid o’ruscha o’qumoq va yo usuli jadidchilar haqida hech bir nimarsa aytganim yo’q...— boshqa aytganlariga munkir bo’lubdir.
Biz bu so’zni yozmas edik, ammo butun xalq orasinda shuhrat topgani va jomei sharafda so’ylang’ani uchun va Turkistondagi yuz ming otalarki, bolalari usuli jadid maktabiga o’qiydur,— alarg’a daf’i ishtiboq qilmoq uchun va xaloyiqni(ng) har nimarsadan aziz imonig’a chang urulg’on uchun yozib fursatingizni favt qilarmiz. Va a’lon turib, munkir bo’lg’uvchi kishi so’zining bir pullik e’tibori yo’qdur»31,— deyiladi. Qisqasi, Mahmudxo’ja Behbudiy jadidlardan xalqning ixlosini qaytarishga intilgan jaholatparast ruhoniylarning bunday xurujlariga zo’r bilimdonlik bilan shariat nuqtai nazaridan g’oyat asosli ravishda qaqshatqich zarba bera olgan edi.
Xullas, Mahmudxo’ja Behbudiy butun ongli faoliyati davomida faqat xalq manfaatlarini himoya qildi, xalqni baxtiyor etish, farzandlarini esa savodxon qilish uchun kurashdi. 1914 yilda yozilgan «Yoshlarga murojaat» maqolasida: “...islomiyat shunday bir dini metin va qobili taraqqiydurki, naqadar ilmi zamoniy ko’p o’qulsa, insonning dini islomg’a shuncha aqidasi mahkam bo’lur... hatto lozim bo’lganda mulkingizni sotsangizda, o’g’lingizning zamoncha o’qumog’a sa’y qilingiz32 deb ta’kidlaydi. Adabiyotshunos Sherali Turdievning yozishicha, Behbudiy Buxoro amirining dahshatli zindonida o’z qotilini kutib yotgan og’ir damlarda hom Turkiston va Buxoroda maorif nurlarini yoyish, xalqni jaholatdan qutqazish, ularga haqiqat, adolat, ozodlik yo’lini ko’rsatishga, bu yo’lda qurbon bo’lganlarni unutmaslikka undovchi vasiyat xatini zindondan ozodlikdagi do’stlariga chiqarishga muvaffaq bo’ladi33. Bu xatda «Ey, Turkiston maorif ishlarida bo’lg’on o’rtoq va o’g’lonlarim! Men, o’zim garchand bandi bo’lsam-da, sizlarni esimdan chiqarmayman va sizlarga birov vasiyat qilib o’taman:
Mani sevar o’rtoqlarim! Manim so’zlarimni quloqlaringizga olinglar! Biz ikki oydan beri Buxoro shaharlarida bandi bo’lib yurib, oxir o’n kundan beri bu erda bu zolimlarning qo’liga tushib bandi bo’ldik, jadid-kofirlik otini ko’tardik. Bu erdan qutilmog’imiz gumon bo’ldi. O’rtoqlarim Siddiqiy, Ayniy, Fitrat, qori va Akobir Maxdum va o’g’lonlarim Vadud Maxdum, Abduqodir Shakuriy!
Sizlarga vasiyat qilaman: Maorif yo’lida ishlayturg’on muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! O’rtadan nifoqni ko’taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo’ymangizlar! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingizlar! Hammaga ozodlik yo’lini ko’rsatingizlar! Bizdek maorif qurbonlarini yo’qlangizlar! Buxoro tuprog’iga tezlik ila yo’l boshlangizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Bizning qonimizni zolim beklardan talab qilingizlar! Maorifni Buxoro tuprog’ida joriy qilingizlar”34 – deyiladi.
Shunday qilib, Mahmudxo’ja Behbudiy o’zbek xalqining milliy mustaqilligi yo’lida ulkan iste’dodini, bilimini, butun kuch-g’ayratini, aziz umrini fido qildi. Uning hamfikrlaridan toshkentlik jadidlardan MUNAVVAR QORI ABDURAShIDXON O’G’LI (1878—1931) ham «usuli savtiya» maktabiga ixlos bilan qarab, chor hukumati Turkiston o’lkasidagi aholini qanday ma’naviy-madaniy uzlatda saqlayotganini va undan qutulish choralari faqat maktab ta’lim-tarbiyasidagi keskin islohotga bog’liqligini to’g’ri tushungan holda chor hukumatining mustamlakachilik boshqaruv usuliga qarshi kurashda faollik ko’rsatdi: mana shu maqsad yo’lida Toshkentda ilg’or fikrli ziyolilar va turli guruhlardan iborat «Turon» jadidlar jamiyatini tashkil etdi. Uzi ta’kidlaganidek: «Chor hukumatini yo’qotish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo’lishi yashirin emas»35.
Munavvar qori Turkiston o’lkasining iqtisodiy va madaniy taraqqiyot yo’liga kirishida, musulmon bolalariga dunyoviy bilimlar berishning birdan-bir yo’li eng avvalo mavjud eski maktab va madrasalarni isloh qilish, yangi maorif tarmoqlarini yaratishda deb tushungan holda, o’rus-tuzem maktablariga qarshi yangi usuldagi maktablarni ochishga ahd qiladi. U xalq orasidagi buyumparast, savdoni taraqqiy ettirmay, hunarmandchilikni rivojlantirish to’g’risida jiddiy qayg’urmay, sudxo’rlik orqali boyigan kishilarning loqaydligi, murosasozligi oqibatida yuzaga kelgan milliy porakandalikni tagtomiri bilan qo’porib tashlash uchun maorifni mutlaqo yangidan tashkil etish zarurligini anglagan holda ishga qat’iy kirishadi. Shu bois, u 1901-1904 yillarda qrimlik do’sti Rasim Kishod yordamida Toshkentda «usuli savtiya» yoki yangi usuldagi jadid maktabini ochadi. U maktabni avval o’z hovlisida, keyin boshqa joylarda ochishga harakat qiladi. Bu ishda unga tog’asining o’g’illari Hasanxo’ja va Eshonxo’ja Xoniy yaqindan yordam berishadi. Bu haqda yozuvchi Mo’minjon Muhammadjonov «Turmush urinishlari» kitobida quyidagicha hikoya qiladi: «...shayx Xovand Tahur dahalik Mirdadaxo’jaboyning mehmonxonasida maktab ochib, bir-ikki yildan berib Abdusami qori degan bir kishi bilan bola o’qitib turmoqda bo’lg’onin aytdilar... Bolalarning o’qishlarini sinf-sinflaridayurib ko’rib chiqdim. Hozirda to’rt sinf boshlang’ich (ibtidoiy) maktab bo’lib, yaxshigina tartiblik: parta qora taxtalar, er yuzi bo’laklarining (qit’alarining) qisqacha ham butun xaritalari bor ekan.
...Bu yangi tartiblik maktablarning Toshkent shahrida joriy bo’lib ketishiga birinchi sabab Munavvar qori bo’lib, barchasining prog’romini shul tuzib bergan»36.
Munavvar qori... qadimchilar tomonidan «kufur uyasi» deb atalgan yangi usul maktabiga ilm-ma’rifag o’chog’i, yangi ma’naviyat, ma’naviyat maskani chor mustamlakachilari zulmi ostida milliy g’ururi, qadr-qimmati erga urilgan xalqni milliy mustaqillik uchun kurashga hozirlaydigan targ’ibotxona sifatida qaradi. U maktabni islohot qilmay turib, odamlarning ongida o’zgarish yasab bo’lmasligini yaxshi tushunib etgan edi. Munavvar qori ochgan yangi usul «Namuna» maktabida bir necha yuz bola o’qigan. Bu maktabda tayyorgarligi ancha jiddiy bo’lgan iste’dodli yoshlar o’qituvchilik qilishgan. Munavvar qorining o’zi esa jadid maktablari uchun yangi tovush («usuli savtiya») usulida darsliklar – «Adibi avval» «Birinchi adib» (1907) alifbosi va «Adibi soniy» «Ikkinchi adib», 1907), «Er yuzi» («Jug’rofiya»), «Havoyijon diniya» (1907) kitoblarini yozib chop ettirgan. Bular o’lkadagi jadid maktablari uchun asosiy darslik sifatida bir necha bor qayta nashr etildi.
Munavvar qori o’z fikrdoshlari Ubaydulla Xo’jaev, Abdulla Avloniy, Toshpo’latbek Norbo’tabekov, Karim Norbekov va boshqalar bilan hamkorlikda 1909 yilda toshkentlik bir boyning raisligida «Jamiyati hayriya» tashkil etadi. Bu haqda u «Toshkentdagi musulmon jamiyati» maqolasida quyidagicha yozadi: «Yoshlarning sovuqqonlik va sabrliklari bu sana yaxshi natijalar berdi. Boylarning o’zlari ittifoq bo’lib, o’z oralaridan faqat bir kishini rais va bir mashvarat a’zosi verib, boshqa a’zolarning barchasin yoshlardan saylatdilar...
Bu ittifoqning natijasi o’lsa kerak. Toshkent jamiyati bu yil butunlay boshqa tusga kirdi. Uyqudan u uyg’onib, ko’zlarini uqalab, atrofga nazar sola boshladi. Qonunda zikr etilgan moddalardan birin-ketin foydalanmoqqa shuru’ qildi, boshlab bir necha yildan beri qaror berilubda ochiltoy yotgan «Dorul ojizin»ni rasman ochib, bir necha miskin va ojizlarni tarbiyaga oldi. Bir necha maktab va madrasalarga yuz so’m va ikki yuz so’mlar ionalar berdi. Bir iecha beva va bechoralarga oylik ionalar bermoqda va oltmish qadar faqir va qashshoq bolalarni turli maktablarda o’qitib, tarbiya qilib turmoqdalar.
Jamiyatning yangi a’zolari... pul topmoqqa ham yangi yo’llar izladi, boshlab «Gramofon obshestvo» sila so’ylashib, har bir plastinkadan o’n tiyin olmoq shartila bir necha hofizlarni o’z tarbiyasidagi maktab shogirdlarining tovushini sotdi, bundan faqat shu yil ichidagina loaqal ikki ming so’m kirsa kerakdir»37.
Xullas, Munavvar qori va safdoshlari bu jamiyat orqali qashshoq va kasalmand kishilar, o’quvchilarga yordam ko’rsatish bilan cheklanmaydi, Rusiya va Turkiyadagi oliy o’quv yurtlariga talabalar yuborish bilan ham shug’ullanganlar. U millat bolalarini savodxon qilishdek bunday savob ishga faqat «Turon» jamiyati a’zolarini jalb etibgina qolmasdan, balki mahalliy boylarning ham boshini qovushtirib, ularning e’tiborini bu xayrli ishga tortadi. Bu haqda jamiyatning faol a’zosi, keksa san’atkor Abdurahmon Akbarov shunday deb yozadi: «Jamiyatimizdagi jadidlarning bosh rahbari bo’lgan Munavvar qori bir kuni jamiyatimizning majlisiga kelib: «Ziyoli yoshlardan bir nechtasini Germaniyaga yuborib o’qitish kerak», deb uzoq nutq so’zladi. Shundan keyin jamiyatning rahbarlaridan 7-8 kishi Orifxo’jaboyning yangi shahardagi hovlisida shu haqda birinchi marta majlis o’tkazadilar. Ammo «Toshkent bayonlarining ko’pchiligi bo’lishi maslahatliroq bo’ldi» deb ikkinchi kattaroq yig’in majlisini shayx Xovand Tahurlik Kattaxo’ja Xo’jaevning uyida o’tkazishga qaror qildilar.
...1916 yil oxirlari edi. Oradan chamasi 15 kunlar keyin Kattaxo’ja Xo’jaevning uyida ikkinchi marta katta yig’in bo’ldi. Bu majlisga Toshkentning eng mashxur boyonlari yig’ildilar. Jumladan, Orifxo’jaboy, Saidkarimboy, Komiljonboy choyfurush, Asil oqsoqol, Boqijonboy va boshqalar.
Bu erga to’planganlarning soni 50-60 ga etardi.Buni tashkil qilishda ko’proq tashabbus ko’rsatgan Munavvar qori bilan Ilhom samovarchi va Murodxo’ja Solixo’ja o’g’illari edi. Hamma yig’ilib bo’lgandan keyin majlis ochilib, birinchi bo’lib Munavvar qori so’zga chiqdi.
Munavvar qori: «O’zbek ziyoli bolalarini Germaniyaga yuborib o’qitishga juda muhtojmiz, bolalar o’quv, ilm-tahsil olib kelsalar, millatiga katta xizmat qila oladilar», degan so’zlar bilan uzoq nutq so’zladi. Uning ketidan Munavvar qorining so’zini quvvatlab Samig’ qori chiqib so’zladi, oxirida savollar tushdi: kim, necha kishini yuboramiz, deb Samig’ qori «boradigan kishilarning ro’yxati bor, deb domla Murodxo’ja Solixo’ja o’g’lidan ro’yxatni o’qib berishni so’radi: Germaniyaga o’qib kelish uchun boruvchilar shular ekan: 1. Shayx Xovand, Tahur dahasidan Abdulvahob Murodiy yana bir kishi, Beshyog’och dahasidan ham ikki kishi; birinchisi — Chaqar mahallalik
Muhammadjon, ikkinchisi Yalanqori mahallalik A’zam soatsoz o’g’li, jami 4 kishi ekan.
Munavvar qori yana o’rnidan turib: jamoat, mana bu-yosh o’smir bolalarimizning Olmoniyaga borib o’qib kelishlari faqat siz boyonlarimizning yordami ostida vujudga chiqadi»,— deyish bilan o’tirgan boylardan biri Munavvar qorining qo’liga anchagina pul berdi... Pul to’planib, sanalib bo’lgandan keyin Munavvar qori o’rnidan turib: «Millatimizning kelajakdagi baxtu saodati uchun shunday katta xizmatlaringizga ko’pchilik tomondan rahmatlar aytaman, deb tashakkur bildirdi»72.
El murabbiysi Munavvar qori har bir xalqning millat sifatida shakllanishining birinchi belgisi mazkur xalqning o’zligini tanish va o’zini himoya qilish tuyg’usining uyg’onishi, milliy qadriyatlarini saqlash va taraqqiy ettirishida ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi va bu yo’lda turli-tuman jamiyat hamda uyushmalarni vujudga keltirish zarurligi haqida yozadi: «Madaniy millatlarning butun taraqqiyoti diniya va ehtiyoj mayllari uchun eng ishonchli suyanchiq va mutakka attehoz (qabul – mualliflar) o’linmish va ulardan madaniyat narvonining birinchi bosqichi maktab, ikkinchisi jamiyat ekan»38. Demak, Munavvar qori har ikki bosqichga ham jiddiy e’tibor beradi. U mana shu ikki tayanch bilan millat bolalarining ko’zini ochadi, chorhukumatiga qarshi kurash olib boradi. Shu boisdan bo’lsa kerak, u maktab va madrasalarda o’qish va o’qitish ishlarini takomillashtirish, imtihonlar o’tkazish haqida yozar ekan, «maktab va madrasalarda imtihon joriy bo’lsa, ko’p shogirdlarning va bir necha mudarrislarning madrasadan chiqarmaqlari lozim kelur»39, deydi.
O’zbek xalqini ma’rifatli qilishga intilgan Munavvar qori 1918 yil may oyida
Toshkent shahrida «Turk o’chog’i» ilmiy-madaniy jamiyatini tuzadi. O’shbu jamiyat Turkiston turklarini milliy tug’ ostiga to’plab, ularga milliy ruh, milliy g’oya va milliy tarbiya berish, milliy urf-odatlar asosida ilm-ma’rifatli, tijorat, adabiyot va san’atni rivojlantirib, chin bir turk madaniyatini vujudga keltirishni va shu tariqa millatimizning ruhiy va jismoniy quvvatini orttirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. Munavvar qori ana shu g’oya asosida astoydil ish olib boradi.
Ma’lumki, 1918 yil boshida Toshkentda ovro’palik aholi uchun so’l eser, Turkiston xalq maorif komissari K. Uspenskiy tashabbusi bilan xalq dorilfununi tashkil etiladi. Ulka Sovetlarining IV qurultoyida (1918 yil yanvar) janob Uspenskiy: «O’rtoq musulmonlar! Shuni bilingizki, biz sizlarning katta og’angizmiz. Siz kichiksiz. Tushunarlikmi, bizga bo’ysunishingiz kerak», deya shovinistik mahoratini namoyish qiladi40. Ammo bu janob tatar va o’zbeklar uchun milliy dorilfunun ochishga jon kuydirmaydi. Bunga javoban 1918 yil 9 aprelda Munavvar qori uyida to’plangan jadidlar Turkiston Xalq dorilfununining musulmon bo’limini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzadi. Komissiyaga Munavvar qori (rais), Burxon Habib,
Iso To’xtaboev, Sodiq Abdusattorov, Murodbek, Murodxo’ja, Muxtor Bakir, Ablusami qori Ziyoboev va boshqalar kirgan edi. Ular 22 kun ichida musulmon bo’limi dasturlarini tuzadilar. Dorilfununning musulmon bo’limi hamda o’rus bo’limi kabi uch bosqichdan iborat bo’lishi belgilanadi.
Yuqori bosqich – dorilmuallimin (o’qituvchilar kursig keyinroq institut); o’rta bosqich– o’rta hunar maktablari; quyi bosqich – boshlang’ich maktablarni o’z ichiga olar edi. Xalq dorilfununi tarkibining bu shaklda bo’lishi sharoitining o’zidan kelib chiqqan holda zamonaviy bilim va savodxonlikka ehtiyojdan tug’ilgandi.
Shu yilning 3 mayida dorilfununning Musulmon bo’limi rahbariyatiga saylov bo’lib, unda Munavvar qori rais (rektor), Iso Tuxtaboev birinchi muovin, Burxon Habib ikkinchi muovin, Abdusami qori Ziyoboev xazinador, Muxtor Bakir sarkotib bo’lib saylandi. 13 may (yakshanba) kuni Toshkentniig eski shahar qismida Vikula
Morozovning sobiq do’koni binosi (hozirgi A.Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog’i o’rnida joylashgan sobiq o’zbek “Yosh tomoshabinlar” teatri (binosi)da musulmon aholi uchun «xalq dorilfununi» ochiladi. Bu bo’lim tez orada o’ziga xos yirik bilim maskaniga aylanadi. Dastlab 9 ta boshlang’ich maktab ochish mo’ljallangan bo’lsa-da, aholi ehtiyojiga ko’ra, ularning soni 24 taga etadi. Dorilfununning musulmon bo’limi 15 demokratik tashkilot vakillari uyushgan 45 kishilik kengash tomonidan boshqariladi. Undagi muallimlar soni 180 nafarga etadi.
1918 yil 2 iyun kuni sobiq seminariya binosida dorilfununning o’zbeklar uchun maxsus o’qituvchilar tayyorlov bo’limi – «Dorilmuallimin» ochildi. Unda Fitrat ona tilidan, Kamol Shams arifmetika va geo-metriyadan, Haydor Shavqiy gigiena, gimnastika va nemis tilidan, Rahimboev arifmetikadan, Abdurahmon Ismoilzoda san’atdan, Rizaev madaniyat tarixi va siyosiy iqtisoddan, Munavvar qori ona tilidan dars berishadi. Bu bo’limning ochilish marosimida Munavvar qori nutq so’zlab, insonning ma’rifatli bo’lib, ko’zi ochilmaguncha vijdon uyg’onmasligini, vijdon uyg’onmasa na o’zini, na xalqini erkin muhofaza qila olishini, bu imonsizlik ekanini mutafakkirona noziklik bilan ifoda etadi:
«...asrimizda esa insonlarni milal soira (o’ziga millat —mualliflar) tarafidan doim bir nazar tahqir ila ko’rungan Turkiston millatini qutilaturg’on va qutiltiraturg’onlarni tayyorlaydigan yolg’iz muallimlar bo’lg’onidan, muallimlarning Turkistondagi jaholatni yiqub, millatni bu razolatdan, bu jaholatdan qutqarmoqlarini tamomila va bu kunda hukumatlarni bir-birlari ila bo’lgan mujdalari, muharabalari ham bir millatni boshqa millatga dushmanligidan emas, balki jahl birla ilm g’avg’osini, yashasin ilm va ma’rifat!
So’nggi ikki yil ichida Turkiston xalqining boshiga kelgan falokatlar har bir yolg’iz nodonlik va maorifsizlik orqasindagina bo’lg’onligi har kimga ma’lumdir. Kelajakda bunday falokatlardan qutulmoq va Turkiston xalqi tilagan ravishda idora qilmoq va dushmanlardan saqlamoq yolg’iz sanoyi’ va maorif vositasi ilagina mumkindir»41.
Ha, bu Munavvar qorining imon-e’tiqodidan, vijdonidan sizib chiqqan so’zlar edi. Munavvar qori ovro’pacha usuldagi bunday xalq dorilfununi tashkil etish bilan bir qatorda, mavjud madrasalarni isloh qilish va ularda asosan dunyoviy fanlar o’qitib, milliy ziyolilar tayyorlash g’oyasini ham ilgari suradi. Bu qarashlarini – u 1923 yil iyunda Toshkentda bo’lib o’tgan xalq maorifi mudirlari qurultoyidagi ma’ruzasida bayon etgan, 1923 yilda bu yangi usulda 30 dan ortiq madrasa va eski maktablarda talabalar o’qitilganligi ma’lum.
Munavvar qori 1922 yildan Turkiston maorif noziri, keyin esa Toshkentning eski shahar maorif bo’limi muboshiri (inspektori) bo’lib ishladi, o’sha yili 23-25 martda bo’lib o’tgan II–Umumturkiston maorif xodimlari qurultoyida ishtirok etib, maktab bo’limiga a’zolikka saylandi. Keyinchalik Alisher Navoiy nomli ta’lim-tarbiya bilim
yurtida va turli maktablarda o’zbek tili va adabiyotidan dars berdi. Do’stlari va shogirdi Qayum Ramazon va Shorasul Zunun bilan hamkorlikda uch bo’limdan iborat «O’zbekcha til saboqlari» kitobini (1925 yil) nashr ettirdi. Ustoz Munavvar qorining o’sha ta’lim-tarbiya bilim yurtidagi faoliyati to’g’risida hazratning shogirdi: jumhuriyatda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi, keksa yozuvchi Rahmat Azizxo’jaev shunday deb yozadi:
«Men 1926-27 o’quv yilining ikkinchi yarmida, kechikib bo’lsa-da, o’qishga kirganimda Munavvar qori ona tilidan saboq berganlar. U kishi saboqxonamizda mendan imtihon olgani, birinchisidan yaxshi o’tganim hali-hali yodimda. Dars o’tganlarida ba’zi muallimlar kabi kitob-daftarga qaramas, ortiqcha bir og’iz so’z aytmas, qunt bilan dars tinglar, kitoblardan ko’ra saboqlaridan ko’proq bahramand bo’lar edi. Puxta bilim olish uchun, ko’proq insho yozdirib, ularni tekshirishdan zerikmas zdilar...
Men ustozga «O’tgan kunlar» romanini o’qiganligim va undagi o’zim tushunmagan ba’zi arab-fors so’zlarini yozuvchimiz Abdulla Qodiriyga uchrashib, aniqlab, yaxshi maslahatlar olib kelganimgacha aytar ekanman, u kishi xursand bo’lib, bosh irg’ab, ma’qulladilar. So’ng jiddiy tus olib, dedilar: «Xalqimiz o’qirmikin, ko’zlari ochilib maktab-ma’rifat yo’liga astoydil bel bog’larmikan?» Kitob, gazetalarni orqalagan, turli ta’qiblar ostida qolgan kunlarni esladilar. So’ng, chehralari yorishib: «Mana, sizlar, endilikda xalqimiz bolalariga ta’lim berishda ziyo tarqatuvchilar bo’lursizlar», dedilar. Ustoz talabalar yozgan insholar haqida to’xtab, mening yozgan inshoimni namuna sifatida baholadilar. Quvonar edim, ammo quvonchim uzoqqa cho’zilmadi.
Mart oyi edi shekilli talabalardan kimdir «Adabiyot parchalari», she’rlar to’plamini olib keldi, u saboq chog’i: «Qori aka, shu kitobdagi mana shu she’rni bir o’qiylik», deya iltimos qildi. Shunda qori yana qo’llar bilan rad etib, «Yo’q o’qimang, u Cho’lponning she’ri, hozir uni mafkurasi buzuq deb tanqid etishgan... Ammo talaba esa, keling, bir o’qiylik, dedi-yu, Cho’lponning «Buloq boshida» she’rini o’qidi. Shunday qilib, hech kim kutmagan hodisa yuz berdi, kelasi hafta ustoz saboqxonaga zo’r hayajon bilan kirib kelib, qo’llaridagi gazetani baland ko’tarib, dedilar:
— Mana, sizlarga nima degan edim?! Nima degan edim? Mana, Akmal qurultoyda meni Cho’lponning she’rlarini talabalarga o’qitib, ularning miyasini zaharlabdi, dedi. (Ushanda Samarqandda Uzkomfirqa qurultoyi kunlari edi.)
Oradan ko’p kun ham o’tmadi. Darsxonamizga «Qizil O’zbekiston» (hozirgi «O’zbekiston ovozi») gazetasining muharriri Abdusalom Niyoziy kirib keldi. U qori aka haqida so’ragan bo’ldi, talabalar bo’lgan gapni aytib berishdi. Kelasi sabog’imizda esa biz xalqimiznnng fidoiy farzandi, ma’rifatparvar ustozimiz Munavvar qori hazratlarini boshqa ko’rmadik»42.
Darhaqiqat, Munavvar qori ana shu xulosadan so’ng1926 yili GPU tomonidan qamoqqa olinib, «yovuz niyatli jadid va turkparast», «millatchi», «Xalq dushmani» sifatida 1931 yilda otishga hukm etildi.
Aslida Munavvar qori millatchi ham, islomparast ham, turkparast ham emasdi.

Yüklə 260,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə