Nutq savodxonlik va nutq madaniyati asoslari Reja: Nutq madaniyati kursining maqad va vazifalari



Yüklə 70,5 Kb.
tarix29.11.2023
ölçüsü70,5 Kb.
#141214
Nutq savodxonlik va nutq madaniyati asoslari


Aim.uz

Nutq savodxonlik va nutq madaniyati asoslari
Reja:
1.Nutq madaniyati kursining maqad va vazifalari.
2.Nutq madaniyati borasidagi ilmiy tadqiqotlar .
3.O`zbek adabiy til me`yori.
Tayanch so`z va iboralar : Nutq madaniyati tushunchasi, nutqiy madaniyatni shakllantiruvchi omillar, nutqiy savodxonlik o‘lchovlari, o‘zbek nutqidagi kamchiliklar va ularni tuzatish yo‘llari haqidagi tushunchalar


Yuqori nutq madaniyatibu o‘z fikrlarini til vositalari bilan to‘g‘ri, aniq va ta’sirchan qilib bera olishdir. Togri nutq deb esa hozirgi adabiy til me’yorlariga rioya qilib tuzilgan nutqqa aytiladi. Ammo yuqori nutq madaniyati faqatgina me’yorga rioya qilishdan iborat emas. U yana fikrni ifodalashning aniq vositasini topishdangina iborat bo‘lib qolmasdan, birmuncha ta’sirchan va maqsadga muvofiq vositalarni topish uquvini ham o‘z ichiga oladi»
L. I. Skvorsov: «Nutq madaniyati» tushunchasi bir to­mondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo‘lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug‘ullanuvchi sohadir».
Ma’lum bo‘ladiki, nutq madaniyati, agar masalaga til nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, bu dastlab nutqning grammatik to‘g‘riligi demakdir. Ikkinchidan esa, u uslubiy jihatdan ham to‘g‘ri bo‘lishi kerak, ya’ni yaxshi nutqda noaniqlikka, ikki ma’nolilikka, uzundan-uzoqlikka yo‘l qo‘yilmasligi, qisqalik, aniqlik va soddalik uning o‘lchovi bo‘lishi lozim. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o‘tkirlik va obrazlilikni ifoda etadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, nutq madaniyati mu­ammolari bilan olimlar hamma zamonlarda ham shug‘ullanib kelishgan. Bu sohada Praga lingvistik to‘garagi, rus tilshunosligi katta yutuqlarga erishganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Keyingi 40-50 yil ichida bu sohada o‘zbek tilshunosligida ham ma’lum ishlar amalga oshirildi va bu ishlar davom ettirilmoqda.
O‘zbek tilshunosligi erishgan yutuqlardan biri shu bo‘ldiki, nutq madaniyati alohida o‘rganish obyekti qilib olindi va u alohida fan sifatida nazariy asosga qo‘yildi, ilmiy o‘rganish metodlari ishlab chiqildi, u bilan aloqador tushunchalarning chegaralari belgilandi. Bu borada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida tashkil etilgan Nutq madaniyati sektorining, ayniqsa, unda uzoq yillar sektor mudiri bo‘lib ishlagan professor E. A. Begmatovning xizmatlari katta bo‘ldi. Olimning qalamiga mansub «Nutq madaniyati problemasining paydo bo‘lishi va asoslanishi» (1973), «Tilshunoslikning muhim sohasi» (1973), «Nutq madaniyati tushunchasi haqida» (1975), «Nutq madaniyati mezonlari» (1976), «O‘zbek nutqi madaniyati masalalari» (1980). «Notiqning nodir boyligi» (1980), «Adabiy norma, va nutq madaniyati», «O‘zbek nutq madaniyati ocherklari» (1989), «O‘zbek nutqi madaniyati asoslari» (1991), «Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari» (1992), «Adabiy norma nazariyasi» (1997, 1998, 1999) singari asarlarida nutq madaniyatiga oid ko‘plab ilmiy-nazariy fikrlar bayon etilgan (Ularning ayrimlari ham mualliflikda yozilgan)
Nutq madaniyatini yuksaltirish muammolarini aniq ko‘ra bilgan olim bundan 30 yil muqaddam quyidagilarni yozgan edi: «Bizning fikrimizcha, nutq madaniyati sohasi o‘z o‘rni va fandagi mavqeini to‘la egallashi uchun u nazariy jihatdan asoslangan bo‘lishi lozim. Birinchidan, bu tushunchaning til hodisasi va ilmiy problema sifatida tarixi yoritilmog‘i kerak. Ikkinchidan, nutq madaniyati sohasini o‘rganuvchi asosiy obyekt bo‘lgan til hodisasi aniqlanishi kerak. Uchinchidan, nutq madaniyatining ilmiy-tadqiqiy obyekti bilan bog‘liq problemalar belgilanishi lozim. To‘rtinchidan esa, nutq madaniyatini o‘rganish aspektlari (lingvistik va ekstralingvistik) chegaralanishi zarur».
XXI asrga kelib bu masalalarning ko‘plari hal bo‘ldi. Bu borada yana E.Begmatovning xizmatlari katta ekanligini ta’kidlashimiz zarur.
Birgina «til madaniyati» va «nutq madaniyati» tushunchalarini chegaralash masalalarini olib qaraylik. Olimning fikrlarini keltiramiz: «...nutq madaniyati tushunchasi bu, avvalo to‘g‘ri, shu bilan birga, yaxshi so‘zlash, ya’ni madaniy nutqiy protsess demakdir. Ammo madaniy gapirish uchun nutqda xizmat qiluvchi madaniy vositalar, ya’ni aniqrog‘i madaniy til vositalari lozim bo‘ladi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, madaniy nutq ikki faktor asosidagina yuzaga chiqa oladi: a) madaniy til (adabiy til) vositalarining mavjudligi, ushbu madaniy til vositalaridan gapirganda yoki yozganda maqsadga muvofiq ravishda foydalana olish.
Keltirilgan ikki omil asosida nutq madaniyati hodisasi ham, bizningcha, ikki xil talqin qilinishi va nomlanishi lozim boladi.

  • til madaniyati.

  • nutq madaniyati yoki so‘zlashuv madaniyati.

Tilshunoslikda nutq madaniyati tushunchasini til mada­niyati va so‘zlash madaniyati tushunchasiga ajratish izchillikka ega emas. Umuman, bu ikki tushuncha, asosan, birga yoki qorishtirilgan holda nutq madaniyati yoki til madani­yati termini bilan yuritilmoqda. Demak, bu holda til madaniyati termini nutq madaniyati terminiga ekvivalent bo‘lib kelmoqda. Shu sababli ham, biz nutq madaniyati nomi bilan umumiy tarzda yuritilayotgan tushuncha (hodisa)dagi ikki holatni til madaniyati va nutq, ya’ni so‘zlash madaniyatini farqlash tarafdorimiz. Nutq madaniyati tushunchasi va termini keltirilgan ikki hodisa uchun umumiy tasavvur va umumiy nom tarzida tushunilishi mumkin. Xo‘sh, til madaniyati tushun­chasi nima?
Til madaniyati tushunchasi nutq madaniyati sohasida til sistemasining o‘zini, masalan, o‘zbek adabiy tilining vosita va imkoniyatlarini, «madaniylashtirishni» ko‘zda tutadi. Demak, til madaniyati termini bilan ataluvchi tushuncha til sistemasining madaniylik darajasini, ya’ni uning qanchalik ishlanganligi, normalanganligini ko‘rsatadi»
Ko‘rinadiki, garchi «til madaniyati» va «nutq madaniya­ti» tushunchalari tilga oid atama sifatida bir-biridan farqlansa ham, aslida ularning birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydigan, biri ikkinchisini taqozo qiladigan tushunchalardir. «Nutq madaniyati» aniq ma’noda til birliklarini nutq jarayonida qo‘llashning me’yori, maqsadga muvofiqligini anglatsa ham, umumiy ma’noda ma’lum millatning umumtil doirasida qaraladi. To’g’ri, nutq til va tildan tashqaridagi (lingvistik va ekstralingvistik) omillarni o‘z ichiga oladigan murakkab jarayon bo‘lib, u mantiq, ruhshunoslik, pedagogika, etika, estetika masalalari bilan ham bog‘liq. Ammo nutq uchun tilning birinchi darajada turishini hech kim inkor eta olmaydi.
Ma’lum bo‘ladiki, til birliklarini me’yorlashtirish, hamma uchun umumiy va tushunarli bo‘lgan bir qolipga keltirish umuman tilshunoslikning vazifasi sanalsa ham, u nutq madaniyati sohasining xizmatlarini inkor etmaydi. Binobarin, me’yor muammolari hamisha ushbu sohaning tadqiqot obyekti bo‘lib qolaveradi. Nutq madaniyati tilda ma’lum me’yorda keltirilgan til birliklarining nutqda qo’llanish shart-sharoitlarini, qonuniyatlarini nazariy jihatdan asoslaydi hamda bu me’yorga amal qilishni ma’lum ma’noda nazorat ham qilib boradi. Nutqdagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, kamchiliklarni tugatishning eng ma’qul yo‘llari ko‘rsatib turiladi. «Nutq madaniyati keng miqyosdagi til tarbiyasini va ommaviy stilistik savodlilikni, boshqacha aytganda, so‘zlovchi va yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tatbiq etishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi».
Til elementlarining me’yorlashishidek uzluksiz jarayonda eskilik bilan yangilik o‘rtasida kurash hamisha davom etadi. Tilda yashab turgan so‘z va iboralar ularning o‘rniga kelayotgan yangilariga osonlikcha o‘rnini bo‘shatib bermaydi. Ma’lum muddat ular teng darajada, parallel qo‘llanilishi va vaqtlar o‘tishi bilangina o‘rnini bo‘shatib berishi mumkin.
Ba’zan buning aksi ham kuzatiladi. Bunday birliklar orasida til tizimiga to‘g‘ri kelmaydigan, tasodifiylari uchrab qolishi, omma o‘rtasida me’yorlashmasdan, adabiy til doirasining tashqarisida qolib ketishi ham mumkin.
Shu tariqa amaldagi me’yor va yangilik o‘rtasida doimiy kurash davom etadi. «Biz yangi me’yorlarning grammatika va lug‘atlarda qoidalashtirilishi (kodifikatsiya) va joylashish vaqtini qayd qilishimiz mumkin, – deb yozadi V.A.lskovich. – Ammo eski me’yorni yangisining siqib chiqarishi uzoq va ko‘p bosqichli jarayondir. Yangi birlik adabiy qo‘llanishning tashqarisida – jonli so‘zlashuvda, kasb-hunarga oid va kundalik maishiy nutqda paydo bo‘lib, faqat asta-sekinlik bilangina adabiy tildan o‘rin oladi»
Xuddi mana shu eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi kurash va bu kurashda tildagi me’yoriy ko‘rinishlarning tanlana borishi jarayonida adabiy til shakllanib boradi. O‘zbek milliy adabiy til garchi umumxalq tilidan o‘sib chiqqan bo‘lsa ham, unda mavjud bo‘lgan dialektlar va shevalardan, jargonlardan, oddiy so‘zlashuv tilidan, umuman xalq tilidan ba’zi jihatlari bilan farq qiladi. Chunki umumxalq tili o‘zbek tilida uchraydigan barcha elementlanii o‘z ichiga oladi va ishlanmagan shaklda bo‘ladi. Adabiy til esa undan o‘zbek millati uchun tushunarli bo‘lgan va foydalanishda qulay deb topilgan variantlarini tanlab oladi hamda ularni millat vakillari uchun me’yor sifatida tavsiya etadi.
Garchi umumxalq tilining hamima ko‘rinishlarida, barcha til jamoalarida o‘ziga xos tarzda amal qiladigan me’yorlar mavjud bo‘lsa ham kodifikatsiyalashtirilgan, ya’ni ma’lum qoidalarga kiritilgan me’yorlar faqat adabiy tilga xos xususiyatdir. «Faqat adabiy tildagina, – deydi V.A.Iskovich, – qanday gapirish va qanday gapirmaslik; me’yoriy grammatikalarda, lug‘atlarda, ma’lumotnomalarda qayd etilgan; maktablarda o‘rganiladigan qoida va ko‘rsatmalar amal qiladi». Shuning uchun ham adabiy tilning umumxalq tilidan farq qiluvchi tomoni unda yagona me’yorning qat’iy amal qilishi hisoblanadi.
Tilning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi xalq hisoblansa ham, uning taraqqiyotida olimlarimizning, shoir va yozuvchilarimizning, davlat va jamoat arboblarining, pedagoglar va matbuot xodimlarining, kino, teatr san’ati ustalari va nashriyot xodimlarining hamda jurnalistlarning xizmatlarini qayd qilish lozim. Ayniqsa mustaqillik davrida tilshunos olimlarimiz, shoir yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizning xizmatlari katta bo‘ldi. Ularning samarali mehnatlari tufayli tilshunoslikning ko‘pgina yo‘nalishlari bo‘yicha qat’iy me’yorlar belgilandi, ona tilimiz rivojiga oid yangi qoidalar va qarorlar inobatga olingan holda til birliklarining yozuv va muomala jarayonidagi namunaviy variantlari tavsiya etildi, til tizimidagi ko‘pgina munozarali masalalar o‘zining nazariy asosiga qo‘yildi.


Savol va topshiriqlar
1.Nutqiy savodxonlik deganda nimani tushunasiz?
2. Nutq madaniyatini shakllantiruvchi omillar qaysilar?
3.Adabiy tilning umumxalq tilidan farqi nimada? Misollar keltiring.



Aim.uz



Yüklə 70,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə