O‘zbekiston respublikasi fan,TA‘lim va innovatsiyalar vazirligi farg‘ona politexnika instituti


MDHning tashkil topishi va ko’ptomonlama hamkorliklar



Yüklə 0,51 Mb.
səhifə61/91
tarix28.09.2023
ölçüsü0,51 Mb.
#124471
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   91
Majmua-2023 tarix

MDHning tashkil topishi va ko’ptomonlama hamkorliklar.
1991 yilning avgust-sentabr oylariga kelib sobiq SSSR tarkibidagi barcha 15 ta respublika o’zini mustaqil davlat deb e‘lon qilingan bo’lsa-da, SSSR Prezidenti, parlamenti, hukumati o’z faoliyatini tugatmagan edi.
1991 yil 8 dekabrda Rossiya, Ukraina va Belorus rahbarlari Belovejskoe Pushcheda (Minsk, Belorus) Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH)ni tuzish to’g’risidagi Bitimni imzoladilar. 1991 yil 13 dekabrda Ashxabodda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston Davlat boshliqlari uchrashib, MDHni tuzish to’g’risida Minskda imzolangan Bitimni muhokama qildilar va Bayonot qabul qildilar.
1991 yil 21 dekabrda Almatida MDni tuzish to’g’risidagi Bitimga Ozarbayjon, Armaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston ham imzo qo’ydilar. Shu kuni ushbu davlatlar rahbarlari Rossiya, Ukraina va Belorus rahbarlari bilan birgalikda «Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining maqsad va tamoyillari to’g’risidagi Shartnoma»ni imzoladilar.
Shartnomada yagona iqtisodiy makon, yagona valyuta va moliya-bank tizimi bo’lishi, fan, ta‘lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik qilinishi, tashqi siyosat va armiya sohasidagi siyosat kelishilgan holatda yuritilishi qayd etildi. Mazkur hujjatda SSSR davlatining faoliyati va SSSR Konsitusiyasi to’xtatiladi, deb e’lon qilindi.
Kengashda Almati Deklaratsiyasi qabul qilindi. MDH davlatlari boshliqlarining Almati kengashi maxsus qaror qabul qilib, Hamdo’stlik a‘zolari bo’lgan davlatlarning BMT Nizomi bo’yicha majburiyatlarni bajarish niyatida ekanligini va BMTga a‘zo bo’lish istaklarini bildirdilar.
1993 yilda MDHga Gruziya qo’shildi. Bu bilan MDHga a‘zo bo’lgan davlatlar soni 12 taga
yetdi. MDH oldida katta muammolarni yechish uchun Hamdo’stlik mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlari tez-tez uchrashib, muhim hujjatlar va tadbirlar ishlab chiqdilar.
Jumladan, 1991 yil 30 dekabrda Minskda MDH davlatlari boshliqlarining Kengashida MDH mamlakatlari o’rtasida o’zaro manfaatli hamkorlikni yo’lga qo’yishga qaratilgan muhim masalalar ko’rib chiqildi.
1992 yil 15 mayda Toshkentda o’tkazilgan MDH mamlakatlarining navbatdagi Kengashida moliyaviy ahvol va bu sohadagi hamkorlik haqida, havo bo’shlig’idan foydalanish haqida, kosmik dasturlarni bajarishga pul ajratish to’g’risida, chegara qo’shinlarini pul bilan ta‘minlash to’g’risida, qurolli kuchlarni qisqartirish to’g’risida bitimlar va boshqa hujjatlar imzolandi.
1994 yil 21 oktabrda Moskvada o’tkazilgan MDH davlat boshliqlarining Kengashida asosiy e‘tibor MDH mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasiga doir masalaga qaratildi. MDH davlatlari o’rtasida integratsiyani rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari haqida memorandum imzolandi. Unda iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo’nalishlari, integratsiyaviy taraqqiyotning istiqbol rejalari belgilab berildi. Mazkur Kengashda Davlatlararo iqtisodiy qo’mita (DIQ) tuzildi. DIQning maqsadi MDH a‘zolari o’rtasida iqtisodiy aloqalarni tartibga solish, integratsiya jarayonlarini samarali rivojlantirishni ta‘minlashdan iborat, deb belgilandi. DIQning shtab-kvartirasi Moskva shahri deb belgilandi.
1995 yil 10 fevralda Almatida MDH mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlarining uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda MDH a‘zolari bo’lgan mamlakatlar chegaralarini qo’riqlashda hamkorlik qilish konsepsiyasi muhokama qilindi. Ammo masalaning xarakteri va mazmuni haqida bir-birlariga mos bo’lmagan turli fikrlar bildirildi.
Jumladan, O’zbekiston tomoni milliy tizimlardan ustun turadigan tuzilmalar, ayniqsa, harbiy tuzilmalar tuzishga qarshi ekanligini bildirdi.
MDH davlat boshliqlarining 1996 yil 17 may, 1997 yil 28 mart va 1998 yil 29 aprel kunlari Moskvada, 1997 yil 23 oktabrda Kishinevda o’tkazgan Kengashlarida integratsiya jarayonlarini tezlashtirish konsepsiyasi, uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi birgalikda kurash dasturi, MDH doirasida qabul qilingan hujjatlarning bajarilish ahvoli, MDHning istiqbollari, MDH organlari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 2006 yil 8 sentabrda Qozog’istonning Semipalatinsk shahrida I.Karimov tashabbusi bilan ilgari surilgan Afg’oniston va Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish bo’yicha shartnoma imzolangani mintaqaviy xavfsizlikni ta‘minlashda muhim qadam bo’lib xizmat qilmoqda. Buning yorqin amaliy ifodasi sifatida 2009 yil mart oyida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud haqidagi shartnomaning kuchga kirgani olamshumul tarixiy ahamiyat kasb etdi.
MDH tashkil etilgandan beri o’tgan davrda hammasi bo’lib iqtisodiy, ijtimoiy, harbiy-siyosiy, tashkiliy va umumiy sohalarga oid 1300 ga yaqin masalalar muhokama etilib, tegishli hujjatlar imzolandi. Hamdo’stlik mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy aloqalari katta mashaqqatlar va sekinlik bilan mustahkamlanib bormoqda. Qabul qilingan hujjatlarning aksariyati qog’ozda qolib ketdi. O’tgan yillar davomida erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirishning samarali mexanizmi yaratilmadi, o’zaro hisob-kitoblar hozirgi kungacha muvofiqlashtirilmadi.
O’zbekiston Respublikasi MDH doirasida sun‘iy ravishda joriy etiladigan integratsiyaga hamda davlatlardan yuqori turuvchi tuzilmalarni – parlament, ko’plab amaldorlar ishlaydigan ma‘muriy idoralar, harbiy-siyosiy organlarni tashkil etishga qarshi. O’zbekiston mustaqillik va integratsiyani uyg’unlashtirish tarafdori, MDHni haqiqiy mustaqil, suveren davlatlar integratsiyasi sifatida ko’rishni xohlaydi.
Markaziy Osiyo Hamkorligi tashkiloti. 2001-yil 28-dekabr kuni Toshkentda MOIH davlatlari boshliqlarining navbatdagi kengashi bo‘lib o’tdi. Kengashda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash masalalari muhokama qilindi va Toshkent bayonoti imzolandi. Mazkur kengashda MOIH tashkiloti faoliyatini to’xtatishga qaror qilindi. I.Karimov taklifiga binoan MOIH negizida Markaziy Osiyo Hamkorligi tashkilotini tuzishga kelishib olindi.
2002-yil 28-fevral kuni Almati shahrida Markaziy Osiyo davlatlari boshliqlarining uchrashuvi bo‘lib o’tdi. Muzokaralar yakunida prezidentlar Markaziy Osiyo Hamkorligi tashkilotini ta‘sis etish to’g’risidagi shartnomani imzoladilar. Shu tariqa MOH tashkiloti huquqiy jihatdan rasmiylashdi. MOH tashkilotining raisi etib I.Karimov saylandi. Mazkur tashkilot endi nafaqat iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa turdagi aloqalar ko‘lamini kengaytirish masalalari bilan shug’ullanadi. Har bir a‘zo mamlakatdan bevosita davlat rahbariga hisobot berib turadigan bittadan muvofiqlashtiruvchi vakil tayinlandi. 4 ta vakil MOH tashkiloti faoliyati samaradorligini oshirish, a‘zo mamlakatlarining integratsiya jarayonlarini faollashtirish borasidagi nuqtayi nazarlarini yaqinlashtirish, qabul qilingan hujjatlarning ijrosini nazorat qilish va umumiy vaziyatni tashkil etish bilan shug’ullanmoqda. MOH tashkilotining tashkil etilishi, uning a‘zolari bo‘lgan 4 ta mamlakat o’rtasidagi o’zaro manfaatli aloqalarni yangi pog’onaga ko’tardi.
MOH tashkilotiga a‘zo davlat boshliqlarining 2002-yil 6-7-iyul kunlari Oqtov (Qozog’iston), 5-6-oktabr kunlari Dushanbe (Tojikiston) sammitlari bo‘lib o’tdi. Toshkentda yil noyabr oyida MOH tashkilotiga a‘zo davlatlar parlamentlari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillarining forumlari bo‘lib o’tdi.
2002-yil 27-dekabrda va 2004-yil 28-mayda Astana shahrida bo‘lib o’tgan MOH tashkilotiga a‘zo davlat boshliqlarining sammitlarida mintaqaviy xavfsizlik, Orol inqirozi, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik, narkotik kontrabandasi, umumiy bozor barpo etish, suv-energetika zaxiralaridan unumli foydalanish, transport tizimining umum mintaqaviy
infratuzilmasini barpo etish kabi masalalar muhokama etildi. Mazkur masalalar bo’yicha hamkorlik qilishga qaratilgan qo’shma kommyunike va bitimlar imzolandi.
2017 yildan “O’zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo’nalish” tamoyilini amalda tatbiq etishga kirishildi. Natijada mintaqamizda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi, o’zaro ishonch va yaxshi qo’shnichilik asosidagi aloqalar mustahkamlana boshlandi.
2017 yilda Turkmaniston va Qirg’iziston bilan strategik hamkorlik o’rnatildi. Qozog’iston bilan strategik hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish borasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi, 2 milliard dollar miqdorida iqtisodiy bitimlar tuzildi. Tojikiston bilan hamkorligimiz har tomonlama mustahkamlandi. Toshkent va Dushanbe shaharlari o’rtasida aviaqatnov yo’lga qo’yildi. Qirg’iziston bilan davlat chegaralari to’g’risidagi bitimning imzolanishi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta‘minlashga qaratilgan katta qadam bo’ldi.
Orol muammolarini hal qilish tomon tutilgan y o’l. 1993-yil mart oyida Qizil O‘rdada Markaziy Osiyo davlatlari boshliqlarining Rossiya davlat delegatsiyasi ishtirokida anjumani bo’lib o’tdi. Anjumanda Orol dengizi va Orolbo’yi muammolarini hal etish, Orol mintaqasi ekologiyasini sog’lomlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta‘minlash sohasida birgalikda qilinadigan harakatlar to’g’risida bitim imzolandi. Orol dengizi havzasi muammolari bilan shug’ullanuvchi Davlatlararo kengash tuzildi. Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi ta‘sis etildi.
Uchrashuv qatnashchilari BMT Bosh kotibi Butros G’oliyga maktub yo’llab, Orol bo’yidagi murakkab ahvol va ro’y bergan muammolarni hal etish uchun belgilangan chora-tadbirlar haqida, shuningdek, Orol dengizi havzasi muammolarini hal qilishga xalqaro hamjamiyatning diqqat-e‘tiborini jalb qilish zarurligi to’g’risida uni xabardor etdilar.
1993-yil avgustda Nukusda Orol dengizi havzasi muammolari bilan shug’ullanuvchi Davlatlararo kengash va Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasining qo’shma majlisi bo’ldi. 1994-yil 11-yanvarda Nukusda Markaziy Osiyo mamlakatlari boshliqlarining Rossiya Federatsiyasi davlat delegatsiyasi ishtirokida konferensiyasi bo’lib o’tdi. Konferensiyada Orol dengizi havzasidagi ahvol bilan bog’liq ko’pgina masalalar, Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi mablag‘lari qanday to’planayotgani muhokama qilindi, faoliyati ma‘qullandi. Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan yaqin 3-5 yil ichida bajarilishi lozim bo’lgan vazifalar belgilandi. Orol dengizini qutqarish bo’yicha Davlatlararo kengash Nizomi tasdiqlandi hamda uning ijroiya organining rahbari tayinlandi. Bu masalalar bo’yicha qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston rahbariyati mintaqadagi mamlakatlar va xalqlar o’rtasida teng huquqli va o’zaro manfaatli hamkorlik o’rnatib, uni mustahkamlash va rivojlantirish tadbirlarini qadam-baqadam amalga oshirib bordi. Tojikiston xalqi boshiga musibat tushganda O‘zbekistonning bergan siyosiy va iqtisodiy madadi, Orolni qutqarish harakatida O‘zbekistonning faol ishtiroki fikrimizning dalilidir.
Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati (MOIH). 1994-yil 10-yanvar kuni O‘zbekiston bilan Qozog’iston o‘rtasida, 1994-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston bilan Qirg’iziston o’rtasida yagona iqtisodiy makon to’g’risida shartnoma imzolandi. 1994-yil 30-aprelda Cho’lponota shahrida O‘zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston o’rtasida yagona iqtisodiy makon tuzish to’g’risida uch tomonlama shartnoma imzolandi.
Uch davlat Prezidentlarining 1994-yil iyul oyi boshida Almati shahrida bo’lib o’tgan uchrashuvi ham bu uch qardosh mamlakatlar xalqlari o’rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda yana bir yangi qadam bo’ldi. Unda o’zaro integratsiyani kuchaytirish bo’yicha, Markaziy Osiyo hamkorlik va taraqqiyot bankini tuzish to’g’risida bitimlar imzolandi. Tomonlar dalvatlararo kengash hamda uning doimiy ijroiya organini, shuningdek, Bosh vazirlar kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Mudofaa vazirlari kengashini ta‘sis etdilar. Bunday yagona muvofiqlashtiruvchi boshqaruv organlarining paydo bo’lishi O‘zbekiston, Qozog’iston va Qirg’iziston o’rtasida integratsiya uchun huquqiy zaminni yanada mustahkamladi. Markaziy Osiyo hamkorlik va taraqqiyot banki tashkil etildi. Shu tariqa Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati (MOIH) tashkil topdi.
Tashkilotning 1995-yil 14-aprel kuni Chimkentda, 1995-yil 15-dekabrda Jambulda, 1997-yil 9-10-yanvar kunlari Bishkekda (uch qardosh davlatlar o’rtasida abadiy do’stlik haqida shartnoma imzolandi), 1997-yil 12-dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasining yangi poytaxti – Astana shahrida, 2000-yil 20-21-aprel kunlari Toshkentda va 2000-yil 14-iyulda tashkilotga 1998-yilda a‘zo bo‘lgan Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo’lib o’tgan kengashida iqtisodiy integratsiy muammolari hal etib borildi. Dushanbe Kengashida MOIH ning 2002-yilgacha bo’lgan muddatda yagona iqtisodiy makonni yaratish bo’yicha birinchi navbatdagi say-harakatlari dasturi to’g’risida, 2005-yilgacha bo’lgan muddatda integratsiyani rivojlantirish strategiyasi haqida qarorlar qabul qilindi.
Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YOIH). 2005-yil 6-7-oktabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o’tgan Markaziy Osiyo Hamkorligi tashkiloti Davlat rahbarlarining kengashida o’tgan davrda qilingan ishlar sarhisob qilindi. Kengashda Markaziy Osiyo umumiy bozorini barpo etish konsepsiyasi tasdiqlandi. MOHning bu galgi sammiti Yevrosiyoda integratsiyalashuv jarayonidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan MOH va Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati negizida yangi YOIHni shakllantirishga qaror qilindi. Negaki, bu ikki tashkilotning maqsad va vazifalari deyarli farq qilmas edi. Ikki tashkilotning qo’shilishi natijasida yirik geografik makonda yanada faol yangi integratsiya uchun keng yo’l ochildi. YOIH Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston o’rtasida 1995-yilda tuzilgan Bojxona ittifoqi negizida tashkil topgan edi. YOIHning 2006-yil 24-25-yanvar kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o’tgan Sammitida O‘zbekiston unga a‘zo bo‘lib kirdi. Mazkur sammitda O‘zbekistonning YOIHni ta‘sis etish to’g’risidagi shartnomaga qo’shilishi to’g’risidagi protokol, „YOIHni ta‘sis etish to’g’risidagi shartnomaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi Qarorlar imzolandi.
YOIH tashkiloti unga a‘zo mamlakatlar o’rtasida integratsiyani rivojlantirishga, yagona umumiy bozorning shakllanishiga, Bojxona ittifoqiga, erkin savdo zonasining tashkil topishiga ko’maklashadi.
2020 yilga kelib O’zbekistonning tashqi savdoga chiqadigan yuklari 80 foizi Qozog’iston, Qirg’iziston va Rossiyaning tranzit yo’laklari orqali o’tadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bo’yicha esa 80 foizi Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston hissasiga to’g’ri keladi. Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog’istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda O’zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog’liq masalalar chuqurlashmoqda (Qarang. O’z.R Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 24.01.2020).
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti. 1996-yilda Shanxayda, 1997-yilda Moskvada bo‘lib o’tgan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlat rahbarlarining sammitlarida harbiy sohada hamda chegara hududlarida o’zaro ishonchni mustahkamlash, qurolli kuchlarni qisqartirish to’g’risida shartnomalar imzolangan edi. Shu tariqa „Shanxay forumi“ yoki „Shanxay beshligi“ tashkiloti tuzilgan edi.
2001-yil 14-15-iyun kunlari Xitoyda navbatdagi Shanxay sammiti bo’lib o’tdi. Uning ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov qatnashdi va O‘zbekistonning „Shanxay forumiga to’la huquqli a‘zo bo’lishi to’g’risida bayonot imzolandi.
O‘zbekiston „Shanxay forumiga kirishi munosabati bilan uning nomi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti – SHHT, deb o’zgartirildi. O‘zbekiston uning asoschilaridan biri bo’ldi.
2001-yil iyunda bo’lgan Sammit yakunida Shanxay Hamkorlik Tashkilotini tuzish to’g’risida deklaratsiya hamda terrorchilik, ayirmachihk va ekstremizmga qarshi kurash borasidagi Shanxay konvensiyasi imzolandi.
Deklaratsiyada Shanxay Hamkorlik Tashkilotining maqsadi a‘zo mamlakatlarning bir-biriga o’zaro ishonchi, do’stlik va qo’shnichilikni mustahkamlash, ular orasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ta‘lim, energetika, transport, ekologiya va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni rag’batlantirishdan iborat ekanligi belgilab qo’yilgan.
SHHT doirasida a‘zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlarining Kengashi, Mudofaa vazirliklarining Kengashi tuzilgan va faohyat yuritmoqda. Davlat va hukumat, tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari, huquq-tartibot, xavfsizlik organlari rahbarlari va ekspertlarining uchrashuvlari va maslahatlashuvlari muntazam o’tkazilmoqda. Hamkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish, tegishli organlarning bahamjihat harakatini ta‘minlash maqsadida a‘zo davlatlarning Milliy muvofiqlashtiruvchilar Kengashi (MMK) tashkil etilgan. MMK 2001-yilning iyun oyida Tashqi ishlar vazirlari imzolagan nizom asosida faoliyat yuritmoqda. 2002-yil-ning 24-aprelida Almati shahrida bo’lib o’tgan a‘zo davlatlar chegara xizmatlari rahbarlarining uchrashuvida chegara xizmatlari faoliyatining, xususan, terrorchilik, g’ayriqonuniy muhojirlik va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurash bo’yicha harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari kelishib olindi.
2002-yil 6-7-iyun kunlari SHHT ga a‘zo mamlakatlar davlat boshliqlarining Sankt-Peterburg shahrida navbatdagi sammiti bo’lib o’tdi. Muzokaralar yakunida SHHTga a‘zo davlatlar rahbarlarining Deklaratsiyasi, tashkilotning ta‘sis hujjati – SHHT Xartiyasi, SHHTga a‘zo davlatlar o’rtasida Mintaqaviy antiterror tuzilmasi haqidagi bitim imzolandi. Xartiya imzolanishi bilan SHHT doirasidagi tashkiliy-huquqiy ishlar nihoyasiga yetdi. SHHT ochiq tashkilot bo‘lib, o’zaro ishonch, tenglik, manfaatdorlik, hamjihatlik tamoyillari asosida faoliyat yuritmoqda.
2003-yil 29-may kuni Moskvada bo‘lib o’tgan sammitda SHHT ning doimiy amal qiluvchi idoralari – Pekinda Kotibiyat va Toshkentda Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) ijroiya qo’mitasini ishga tushirishga qaror qilindi. Bu tashkilotlar 2004-yil 1-yanvardan boshlab ish boshladilar.
2003-yil sentabrda Pekinda SHHT davlatlari hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) Kengashi bo‘lib o’tdi, uning qarori bilan ko’p tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. SHHT doirasida a‘zo mamlakatlarning tashqi ishlar vazirliklari, iqtisodiy va savdo vazirliklari, xavfsizlik kengashlari o’rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo’yildi.
2004-yil 17-iyun kuni Toshkentda SHHT ga a‘zo davlatlar rahbarlarining Sammiti bo‘lib o’tdi. Unda ikki asosiy masala – xavfsizlik va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo’yicha muzokaralar bo‘ldi. Sammitda 2004-yil mart oyida O‘zbekistonda sodir etilgan terrorchilik harakati nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida vaziyatni izdan chiqarishga qaratilganligi qayd etildi. Butun dunyoda terrorchilik kuchayib, yadroviy, kimyoviy, biologik, elektron terrorchilik xavfi paydo bo‘lganligi, terrorchilarning bazalarini yo’qotish, odamlarning ongini zaharlaydigan, terrorchilikni moliyalashtiradigan markazlarga qarshi keskin kurash olib borish zarurligi ta‘kidlandi.
Shu boisdan Toshkentda tashkil etilgan MATT zimmasiga axborot almashish, chegara va bojxona qo’mitalarining, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish, shu orqali terrorchilikning oldini olish vazifasi yuklatiladi.
SHHTning Toshkent sammitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e‘tibor berildi. Sammitda SHHT a‘zo mamlakatlarni xavfsizlik orqali hamkorlik sari boshlaydigan tashkilotdir, deb ta‘kidlandi. Sammitda iqtisodiy hamkorlikning quyidagi yo’nalishlarini rag’batlantirishga kelishib olindi:
-transport infratuzilmasini rivojlantirish;
-tabiiy mineral xomashyo zaxiralarini o’zlashtirish; -suv-energetika zaxiralaridan unumli foydalanish;
-ekologiyaga oid masalalar, xususan, ichimlik suvi muammolarini hal qilish; -fan-texnika va yuqori texnologiya, energetika sohalarida integratsiyalashish;
-investitsiyalar xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy poydevor yaratish, bu sohadagi to’siq va muammolarni bartaraf etish.
Sammit yakunida Toshkent deklaratsiyasi, SHHTning vakolatlari va immunitetlari to’g’risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to’g’risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir hujjatlar – jami o’nta hujjat imzolandi.
2010-yil 11-iyun kuni Toshkentda SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi 10-majlisi bo’lib o’tdi. Davlat rahbarlari ko’p tomonlama va o’zaro hamkorlikni rivojlantirish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, muammolar bo’yicha fikr almashadilar. Kengashda kuzatuvchi va mehmon maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Turkmaniston, Pokiston va Mo’g’uliston Prezidentlari hamda Eron va Hindiston respublikalari tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdilar. Sammitda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkam masalalariga alohida e‘tibor berildi.
Muzokaralar yakunida SHHT Davlat rahbarlarining deklaratsiyasi, SHHTda yangi a‘zolarini qabul qilish tartibi to’g’risida Nizom, SHHT MATT kengashining 2009-yildagi faoliyatiga doir hisoboti tasdiqlandi. SHHT Davlat rahbarlari kengashi 10-majlisi yakunlari to’g’risida axborot qabul qilindi. Shuningdek, SHHTga a‘zo davlatlar hukumatlari o’rtasida qishloq xo’jaligi sohasida va jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik to’g’risidagi bitimlar imzolandi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston tarixan qisqa vaqtda dunyo hamjamiyati tomonidan e‘tirof etildi. Nufuzli xalqaro tashkilotlarga a‘zo bo’ldi.
O’zbekiston tashqi siyosatida Yevropa Ittifoqi (YEI) bilan yaqin aloqalar o’rnatish va rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda.
Yevropa Ittifoqi, avvalambor, bugungi kunga kelib, a‘zolari 27 Evropa davlatidan iborat integratsiya birlashmasidir. Ushbu Ittifoq izchil ravishda imzolangan bir qator shartnomalarga asoslanib, ularning asosiy maqsadi urushdan keyingi Yevropada tinchlik va barqarorlikni ta‘minlash va a‘zo-davlatlarni iqtisodiy integratsiya yo’li bilan birgalikda rivojlantirishdir.
O’zbekiston uchun Yevropa Ittifoqi ishonchli sherik hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish va hamkorlikka intilar ekan O’zbekiston uning yordamida transport, energetika. Moliya sohasi, xususiylashtirish, ilm-fan, ta‘lim, atrof muhitni muhofaza qilish, shuningdek demokratiya va inson huquqlari sohasi bilan bog’liq keng qamrovli muammolarni hal etishga harakat qiladi.
O’z navbatida Yevropa Ittifoqi, o’zining tashqi siyosiy faoliyati tamoyillari va manfaatlaridan kelib chiqqan holda, sobiq sovetlar makoni davlatlarini iqtisodiy jihatdan kuchli va barqaror, Yevropa mamlakatlari uchun ishonchli va teng huquqli sherik sifatida ko’rishni istaydi. Shunday ekan, sobiq sovetlar makonida yangi mustaqil davlatlar tashkil bo’lgan dastlabki yillardan boshlab Yevropa Itttifoqi tomonidan Markaziy Osiy mintaqasida O’zbekiston Respublikasi bilan o’zaro manfaatli munosabatlar o’rnatilishi va rivojlantirilishiga ko’proq e‘tibor qaratildi. YEIning O’zbekistondagi vakolatxonasi boshlig’i Olivye Alle ta‘kidlaganidek, O’zbekiston G’arb va Sharq yo’llari kesishgan yerda joylashgani tufayli Markaziy Osiyoda nafaqat eng qulay geografik mavqega ega, balki ko’p qo’shnilaridan o’zining ijtimoiy-siyosiy barqarorligi, keng yoyilgan iqtisodiy infratuzilmalari bilan ham ajralib turadi.
Obyektiv sharoitlar va ikki tomonning yaqinlashishga intilishi O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi o’zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarining rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratdilar. U ikki bosqichga bo’linadi. Ularning birinchisi 1992 yilda o’zaro anglashuv memorandumi imzolangan vaqtdan boshlanib, O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim kuchga kirgunga qadar bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Ikkinchi bosqich 1999 yilda O’zbekiston Respublikasi va YEI o’rtasidagi ushbu bitim kuchga kirgan kundan boshlanadi.
O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi hamkorlik munosabatlarini ko’rsatilgan har bir bosqichda rivojlantirish ikki yo’nalishda amalga oshirildi. Birinchi yo’nalish bu O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimni imzolash istiqbollari va uni kelajakda hayotga tatbiq etish bilan bevosita bog’liq siyosiy va iqtisodiy yo’nalishdir. Ikkinchi yo’nalish tomonlar o’rtasida memorandum imzolangan vaqtdan boshlab Yevropa Ittifoqining TASIS ilmiy-texnik ko’maklashu dasturini amalga oshirish bilan bevosita bog’liq bo’lib, islohotlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.
YEI bilan hamkorlik mamlakat tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yo’nalishi ekanidan kelib chiqqan holda O’zbekiston rahbariyati 1994 yilning mart oyida u bilan Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimni imzolash tashabbusi bilan chiqdi. Tomonlarning o’zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga bo’lgan ikki taraflama intilishlaridan kelib chiqqan holda tayyorgarlik ko’rish jarayoni bo’ldi (Uzbekistan-Yevropeyskiy Soyuz: vajniy shag na puti k yevropeyskoy integratsii. - T.:Informatsionnoye agentstvo «Jaxon». – 1996. - S. 5.).
Tomonlarning keng hamkorlik qilish bo’yicha eng asosiy hujjatni imzolashga tayyorgarliklari yakuni 1996 yilning 21 iyunida Florensiyada (Italiya), Forteza da Basso qal‘asida YEI a‘zo-mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari uchrashuvida O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimni imzolash marosimi bo’ldi. Hujjat O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov va o’sha paytda YEI Kengashining amaldagi raisi bo’lib turgan Italiya Vazirlar kengashi raisi Romano Prodi va YEI 15 a‘zo-davlatlari tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolandi.
1999 yilning 1 iyuli ham O’zbekiston va YEI o’zaro munosabatlari tarixiga alohida sana bo’lib kiradi. Bu kunda O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim, YEI 15 a‘zo mamlakati milliy parlamentlari va Yevropa parlamenti tomonidan murakkab ratifikatsiya taomilini o’tib, to’la kuchga kirdi. Bu O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasida Sheriklik va hamkorlik munosabatlarining qonuniy asosda rasmiylashtirilganini anglatadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu bitimga yuqori baho berib, ta‘kidlagan ediki: “Biz iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalar, shuningdek doimiy siyosiy muloqotga keng imkoniyatlar ochadigan Yevropa Ittifoqi bilan Sheriklik va hamkorlik bitimining amalga oshirilishiga juda katta e’tibor beramiz”.
O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi kuchga kirgan sherklik va hamkorlik bitimi o’zining asosiy maqsadi sifatida O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi va suverenitetini qo’llab-quvvatlashni; O’Rning demokratiyani mustahkamlash, iqtisodiyot va bozor iqtisodiyotiga o’tishdagi yutuqlarini rivojlantirish bo’yicha harakatlarini qo’llash; tomonlar o’rtasidagi siyosiy muloqotlar uchun tegishli ramkalarni ta‘minlash; tomonlar o’rtasidagi savdo, investitsiyalar va uyg’un iqtisodiy munosabatlarga ko’maklashish va bu bilan mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotini qo’llash; qonunchilik, iqtisodiyot, ijtimoiy, moliyaviy, fuqarolik, ilmiy, texnologik va madaniy sohalardagi hamkorlikning asoslarini yaratish; O’zbekistonda qonun ustuvorligiga asoslangan fuqarolik jamiyati qurishga ko’maklashishni biladi.
O’zbekiston Respublikasi xukumati, mazkur hujjatning respublika uchun muhimligini hisobga olgan holda, 1999 yilning 3 sentabrida O’zbekiston Respublikasi Hukumatining O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimni amalga oshirish bo’yicha kompleks dasturi to’g’risida qarorini qabul qildi. Ushbu hujjatga binoan Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimni amalga oshirish bo’yicha asosiy yo’nalishlar, mas‘ul idoralar va tegishli vazifalarni bajarishning aniq muddatlari belgilandi.
O’z navbatida Yevropa Ittifoqi tomonidan, Bitimga muvofiq, Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim moddalarining ijrosi yuzasidan kuzatuv idorasi sifatida Hamkorlik kengashi tuzildi. U O’zbekiston Respublikasi Hukumati a‘zolari, YEI Kengashi a‘zolari va YEI Komisssiyasi a‘zolaridan iborat bo’ldi. Hamkorlik kengashi o’z majlislarida hamkorlikning siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi asosiy yo’nalishlarini belgilaydi, xalqaro maydondagi vaziyat va ikki tomonni qiziqtirgan boshqa masalalar to’g’risida fikr almashadilar.
Hamkorlik kengashiga o’z vazifalarini bajarishda ko’maklashish uchun O’zbekiston Respublikasi hukumati vakillaridan, YEI Kengashi va YEIK a‘zolarining katta mansabdor shaxs darajasidagi vakillaridan iborat Hamkorlik qo’mitasi tashkil etilgan.
Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim qoidasiga binoan, shuningdek Parlament hamkorligi qo’mitasi ham ta‘sis etilgan bo’lib, u O’zbekiston Respublikasi Parlamenti va Yevropa parlamenti a‘zolarining uchrashuv va fikr almashishlari uchun forum hisoblanadi. Ular uchrashuv davomida O’zbekiston va Yevropa parlamentlari o’rtasidagi hamkorlikning ahvoli va istiqbolini qonunchilik, qonunchilikning moslashuvi, parlamentarizm tajribasi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish kabi yo’nalishlar bo’yicha muhokama qiladilar.
Undan tashqari, Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim qoidalari asosida turli masalalarni muhokama qilish uchun eksport darajasida iqtisodiy hamkorlik qilish bo’yicha O’zbekiston-YEI savdo va investitsiyalar bo’yicha quyi qo’mitasi ham tuzilgan.
Shunday qilib, Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimning to’liq kuchga kirishi asosida O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasida idoraviy tuzilma shaklantirilib, u o’ziga hamkorlik bo’yicha qabul qilingan majburiyatlarning amalga oshirilishiga rioya qilish bo’yicha mas‘uliyatni olgan.

Yüklə 0,51 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   91




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə