O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi


Turistlik mahsulotlar haqida tushuncha



Yüklə 3,8 Mb.
səhifə10/24
tarix19.07.2018
ölçüsü3,8 Mb.
#57031
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   24

8.2. Turistlik mahsulotlar haqida tushuncha
Turistlik mahsulot turizm maqsadlari va jarayonida turistning ehtiyoj-larini qondirish uchun yetarli bo‘lgan, eng kamida ikkita yoki undan ko‘proq birlamchi yoki ko‘plab turistlik xizmatlar, ishlar, tovarlar va ta’minot vositalari, boshqa turistlik zahiralardan tashkil topgan turistlik xizmatlar, ishlar va tovarlar (turpaket, turistlik xizmatlar paketi) ning tartibga tushirilgan hamda maqsadga yo‘naltirilgan majmuidan iborat.

Turistlik mahsulot (turpaket) xizmatlar harakatining 24 soatdan ortiq vaqtiga ega va yoki tunab qolish (joylashtirish) va joydan -joyga ko‘chib o‘tish (yuk tashish) ni o‘z ichiga oladi. Turistlik mahsulot barcha ko‘rsatilgan xizmatlar va barcha harajatlarni o‘z ichiga olgan umumiy narx bo‘yicha taklif etiladi, uning iste’mol xususiyatlari esa shartnoma shartlariga mos keladi.

Agar turistlik xizmatlar ko‘rsatish jarayonini sinchiklab kuzatadigan bo‘lsak, unda turizm tashkilotchilari aynan xizmat ko‘rsatish bilan emas, balki ular turistlarning ehtiyojlariga qarab turistlik xizmatlarni jamlaydilar va ularning kombinatsiyalarini tuzadilar, band qiladilar, buning evaziga ular foiz ko‘rinishida mukofot oladilar. Shunday qilib, turizm tashkilotchilari turistlar va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida vositachi vazifasini o‘taydilar. Turizm tashkilotchilari nima bilan savdo qiladilar va turistlik yo‘llanma yoki vaucherni harid qilgan turist bevosita nimaga ega bo‘ladi degan savol tug‘iladi. Agar ushbu jarayonni diqqat bilan o‘rganilsa, unda turist ushbu yo‘llanma yoki hujjatning boshqa turi evaziga kelajakda turistlik xizmatdan (o‘rnatilgan muddatda) foydalanish xuquqiga ega bo‘ladi. Bu holda turistlik mahsulotning yangi ta’rifi paydo bo‘ladi. Turistlik mahsulot - turga bo‘lgan huquqdir.

O‘zbekiston Respublikasining «Turizm to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasiga asosan: «Tur - muayyan yo‘nalish bo‘yicha turistlik xizmatlar majmui (joy bandlash, joylashtirish, ovqatlantirish, transport, rekreatsiya, ekskursiya xizmatlari va boshqa xizmatlar) bilan ta’minlangan aniq muddatlardagi turistlik sayohat».

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, turmahsulotning asosiy elementlari bo‘yicha turistlik harajatlar tarkibi quyidagi holatda bo‘ladi:


Rasm 8.1. Turmahsulotning asosiy elementlari bo‘yicha turistlik harajatlar tarkibi

Turistlik harajatlar tarkibida ko‘rsatilganidek turist sayohat uchun qiladigan umumiy harajatlarining o‘rtacha 50% -tur (turpaket) harajatlari, 30% - qo‘shimcha turistlik xizmatlar, 20% - tovar (sotib olish: suvenir va boshqalar) harajatlarini tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki asosiy xizmatlar turist harajatlarining asosini tashkil etsada, qo‘shimcha xizmatlar uchun turist qolgan bor pulining aksariyat qismini sarflay olar ekan.



8.3. Jozibador turistlik mahsulot yaratish.
Turoperator faoliyatning asosiy vazifasi tegishli xizmat ko‘rsatish dasturi bilan mustahkamlangan tur yaratish hisoblanadi. Aynan shu mahsulot turoperator tomonidan yaratilgan bo‘lib, bozorga chiqariladigan asosiy turistlik mahsulotdir. Sotishni tashkil etish usuli va turist talabnoma-sining turiga qarab turlar individual va guruhli bo‘lishi mumkin.

Individual turlar. Turistlarga ko‘proq erkinlik va mustaqil harakatlanish imkonini beradi. Ammo bunday turlar guruhli turlarga nisbatan qimmatroq, chunki individual turlar tarkibiga kiruvchi ichki marshrutdagi transport, gid xizmatlari va ba’zi boshqa xizmatlar uchun to‘lov to‘lig‘icha turist zimmasiga tushadi. Guruhli turlarda esa to‘lov guruhdagi a’zolari o‘rtasida taqsimlanadi. Aynan shuning uchun individual turlar ko‘pchilik turistlar orasida unchalik talabgor emas. Undan tashqari individual turlarni tashkil etish sermehnat jarayon bo‘lib, u bron qilish uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, aloqa vositalarini tartibga solish, hisob va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishni talab qiladi. Boshqa tomondan turistlik firmalar guruhli turizmdan ko‘ra individual turizmdan ko‘proq foyda oladilar. Bu albatta iqtisod nuqtai nazaridan, shu sababdan turfirma strategiyasida ham individual ham guruhli turizm uchun ma’lum o‘rinlar topilishi lozim.

Guruhli turizm. Nisbatan arzon, ko‘p sonli turistlar uchun hamyonbop, ammo guruhli turizmda guruhning barcha a’zolari o‘rnatilgan tartibga bo‘ysu-nishlari lozim.

Jozibador turistlik mahsulot yaratish turoperatorlarning eng muhim va eng birinchi vazifasidir. Turistlik tashkilotlar faoliyatining ushbu sohasi ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Tashkilotning tovar siyosati ishlab chiqarish va sotish o‘rtasidagi kelishilgan, shuningdek turlar assortimenti, xizmat ko‘rsatish dasturi va turmahsulot birligi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishini talab etadi. «Turistlik mahsulot yaratishda turist nima sotib oladi?» degan savolga aniq javob berish lozim. Axir turist mehmonxonadagi joylashtirish uchun emas, yangi hissiyotlar va notanish narsalar bilan tanishish uchun, restorandagi bifshteks yoki go‘shtli qiyma uchun emas, balki e’tibor, qo‘laylik, xizmatlar uchun pul to‘laydi. Shuning uchun turmahsulot yaratish turistning iste’molchilik xususiyati va sifatlarini o‘rganishdan, turistlar uchun eng jozibali tomonlarni ochishdan boshlanadi. Aynan shu ko‘rsatkichlar turistlik mahsulotni ishlab chiqish va sotishdagi eng muhim yo‘naltiruvchilari hisoblanadi.



Mutaxassislar tomonidan turistlik mahsulotning bir nechta iste’mol-chilik xususiyatlari ajratib ko‘rsatiladi:

  • asoslanganlik, barcha xizmatlarni takdim etish turist ehtiyojlariga asoslangan, sayohat maqsadi va tegishli sharoitlar bilan moslashgan bo‘lishi lozim;

  • ishonchlilik, axborot, ma’lumot ishonchliligi, mahsulot real tarkibi-ning reklamaga muvofiq kelishi;

  • samaradorlik, turist tomonidan kam harajatlar evaziga ko‘proq samaraga erishilishi;

  • yaxlitlik, mahsulotning yakunlanganligi, uning turist talabini to‘la qondira olish xususiyati;

  • aniqlik, mahsulot iste’moli, uning yo‘naltirilganligi ham turist uchun, ham xizmat ko‘rsatuvchi xodim uchun tushunarli bo‘lishi lozim.

  • qo‘llashdagi oddiylik;

  • egiluvchanlik mahsulot va xizmat ko‘rsatish tizimining iste’molchi-larning turli tiplariga mos kelishi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimning o‘zgarishiga nisbatan befarqligi;

  • naflilik, mahsulotning bir yoki bir nechta maqsadga erishish uchun xizmat qilishi (masalan dam olish va o‘rganish) turistning u yoki bu ehtiyojlarini qondira bilish qobiliyati.

Ushbu xususiyatlar sotilishi ustidan nazorat birinchi navbatda turistning sayohatdan qoniqish darajasini o‘rganish (so‘rov, anketa) hisoblanadi. Ammo turistlik xizmat ustidan nazoratning o‘zi turmahsulotni rejalashtirish bosqichida boshlanadi. Yuqoridagi ta’kidlangan xususiyatlar bilan bir qatorda turmahsulotning mehmondo‘stlik kabi betakror xususiyati ham tan olingan. Ushbu xususiyatsiz har qanday eng mukammal turmahsulot ham o‘z qiyofasini yo‘qotadi va turist o‘zining u yoki bu ehtiyojining qoniqtirili-shining ko‘tilayotgan darajasiga erisha olmaydi. Turistlik industriyada mehmondo‘stlik – bu kasbiy talab, bu turistlarga ularga xizmat qilishdan xursand ekanligini bildirishdir. Mehmondo‘stlikning ajralmas qismlari bo‘lib e’tibor, hurmat, xodimlarning iltifotliligi hisoblanadi. Mehmondo‘stlik serqirra tushuncha bo‘lib, u bir necha tashkil etuvchi omillardan iborat:

  • Dam olish imkoniyatlari, bilim olish va vaqtichog‘lik haqidagi mahalliy va hududiy bozorlarning sifatli axboroti.

  • Potensial iste’molchilarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va turistlik hudud to‘g‘risida ijobiy tasavvur yaratish (reklama, teleko‘rsatuvlarda qatnashish va h.k.)

  • Xizmat ko‘rsatuvchi xodimning turistlarga iltifot ko‘rsatishga intilishi (hammasi mijoz uchun shiori bo‘yicha xizmat ko‘rsatish).

  • Turistlik mahsulotni taqdim etuvchilarning turistlar hajmi va iltimoslariga e’tiborli munosabati. (biz siz uchun nima qila olamiz? tamoyili bo‘yicha).

  • Xizmatlarni olishda turistning moslashuvini yengillashtirish (turfirma ichki axboroti, turistga tushunarli bo‘lgan tilda tayyorlangan bukletlar, sayohatnomalar).

  • Turistlarga marhamatli munosabatda bo‘lish ushbu xususiyat xizmat ko‘rsatish tamoyillaridan biriga aylanish lozim.

Yuqorida ta’kidlangan tamoyillarning barchasi xizmat ko‘rsatish texnolgiyasiga kiritilishi lozim. Turni tashkillashtirish texnologiyasida turistlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimning o‘zaro ta’sir muhiti ham turistlar tomonidan xizmatlar qabul qilinishining psixologik jihatlari ham birdek muhimdir. Bu shuni anglatadiki, turistning shaxsiy qiziqishlari, unga bo‘lgan samimiy munosabat doimo birinchi o‘ringa qo‘yilishi lozim.

Shu nuqtai nazardan xalqaro turizmda qo‘yidagi e’tibor alomatlarini turistlarga ko‘rsatish allaqachon amaliyotga aylangan:



  • har bir turist uchun qutlovchi suvenirlar mehmonxona xizmatidan farqli o‘laroq (mehmonxonada xatto yostiq ustidagi shokolod ham suvenir) turlarda suvenirlar sayohat maqsadidan kelib chiqib beriladi. Masalan: kasbiy sayohat, ya’ni ish yuzasidan sayohatlarda prospektlar yoki turistlarni qiziqtiruvchi mahsulot namunalari, folklor turlarda esa milliy harakterdagi suvenirlar bo‘lishi mumkin.

  • tur yakunida turistlarga bosib o‘tilgan marshrutlar hamda maxsus tayyorlangan diplomlar, yorliqlar, nishonlar taqdim etish.

  • reklama varaqlari, bukletlar, yo‘l ko‘rsatuvchilar va dam olish maskanlari haqidagi ma’lumotlar turistlar uchun doimiy ravishda tarqatilishi lozim.

  • sayohatning ilk kunlarida asosiy va qo‘shimcha xizmatlar bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish uchun turistlar bilan gidning uchrashuvini tashkil etish.

Bularning barchasi juda samimiy tus oladi va turistlar uchun joziba kashf etadi. Xizmat ko‘rsatishni tashkil qilishda ozodlik tamoyilini inobatga olish juda muhimdir, ya’ni sayohat chog‘ida barcha ko‘ngilsiz narsalardan ozod bo‘lishi lozim. Masalan, turistlarni transportga biletlar buyurtmasidan, konsert va teatrlarga biletlar buyurtmasidan, har qanday turdagi xizmatlarni kutishidan butunlay xolos qilish lozim.

Xizmat ko‘rsatishning optimalligi mehmondo‘stlikka aloqador bo‘lgan iste’molchi xususiyatlaridan biri. Xizmat ko‘rsatishning optimallashuvi qo‘yidagilarni nazarda tutadi:



  • barcha xizmat turlarining yagona klassga mos kelishi;

  • barcha xizmatlarning tur mazmuniga mos kelishi;

  • tur iste’molchilarining ma’lum maqsadli guruhiga yo‘naltirilganligi;

  • xizmat ko‘rsatish dasturini oldindan kelishish;

  • dasturlarning o‘zgaruvchanligi u yoki bu xizmatlarni almashtirish imkoni mavjudligi;

  • taqdim etiladigan xizmatlar soni bo‘yicha xizmatlarning maqsadga muvofiq tarkibi;

  • xizmat ko‘rsatishda majburiylik alomatlarining yo‘qligi;

Ushbu tamoyillarning barchasini turistlik mahsulotni ishlab chiqarish bosqichidayoq inobatga olish muhimdir. Bunda noto‘g‘ri tayyorlangan mahsulotga nafaqat talab mavjud bo‘lmasligi, balki bunday mahsulot tashkilotdan bo‘lajak potensial mijozlarning ixlosini ham qaytarishi mumkinligini unutmaslik lozim. Bugungi kunda turistlik bozorda hukum surayotgan raqobat sharoitida yuqoridagilar kuchli omillar bo‘lib hisoblanadi.
8.4. Xizmat ko‘rsatish klasslari
Xizmat ko‘rsatish klasslari taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini belgilash uchun ishlatiladi. Turistlik mahsulot turli tuman xizmatlar yig‘indisidan iborat bo‘lganligi uchun ularni turistga sotishda darajasini belgilash bilan bog‘liq muammolar kelib chiqadi. Turlar va xizmatlarning darajasini belgilash bo‘yicha bizning mamlakatimiz bozorlarida ham xalqaro bozorda ham normativ standartlar mavjud emas. Shuning uchun turoperator va turagentlar turni siljitish va sotishda shartli ravishda tur bo‘yicha xizmatlarni lyuks, birinchi klass, turistlik klass, ekonom (iqtisod) klass qilib belgilanadi.

«Lyuks klass». Ushbu klass bo‘yicha turlarni tashkil qilishda odatda eng yuqori darajali xizmatlar jalb qilinadi: 5 yulduzli xashamatli mehmonxonalar, birinchi klass va biznes aviatsiya samalyotlarida uchish, xashamatli restoranlarda ovqatlanish, alohida transport lyuks klass mashinalarida, alohida gid xizmatlari va h.k. Bunday turlar VIP-xizmat ko‘rsatish turkumi (razryadi) bo‘yicha taqdim etiladi.

Birinchi klass – bu ham nisbatan yuqori darajali xizmat ko‘rsatish bo‘lib, 4-5 yulduzli mehmonxonalarga joylashtirish, biznes klass darajadagi samalyotlarda uchishni, obro‘yli restoranlarda ovqatlanishni, individual transfertni, gid xizmatlarini nazarda tutadi.

Turistlik klass 2-3 yulduzli mehmonxonalarda joylashtirishni doimo aviareyslarning iqtisod klasslarida uchishni, shved stoli bo‘yicha ovqatlanishni, guruhli transfertni nazarda tutuvchi eng ommalashgan xizmat ko‘rsatish turidir.

Iqtisod klassi. Eng arzon xizmat ko‘rsatish turidir. Odatda iqtisod klassidan talabalar va kam ta’minlanganlar foydalanadi. Ushbu klass dasturlari yuqori darajada bo‘lmagan xizmatlarni kam miqdorda taqdim etishni ko‘zda tutadi: 1-2 yulduzli mehmonxonada joylashtirish, yotoqxona va xostellarda joylashtirish, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tamoyili bo‘yicha faoliyat yurituvchi kichik va kooperativ mehmonxonalarda joylashtirish, charter aviareyslarida uchish, kutib olish va kuzatish jamoat transportida amalga oshirilishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda hammasi tejamli va arzon.

Ammo shuni unutmaslik lozimki, ushbu belgilashlarning barchasi shartlidir va ko‘pincha ular milliy variantlar va farqlarga ega. Nima bo‘lganda ham turni sotib olishda har bir xizmat darajasini va uning tarkibini aniqlashtirish lozim.


Xizmatlar paketi (to‘plami).
Kompleks xizmat ko‘rsatish o‘z ichiga turistlik xizmatlar to‘plami turpaketni oladi. Turizmda xizmatlar turli tumandir: joylashtirish, ovqatlantirish, tanishish, ekskursion, dam olish-ko‘ngilochar va maishiy xizmatlar, sport va kurort dasturlari, turistlik safarlar va h.k.

Turistlik amaliyotda asosiy va qo‘shimcha xizmatlar tushunchalari amal qiladi. Ular o‘rtasida qanday farq bor? Iste’molchilik xususiyatlari nuqtai nazaridan ular o‘rtasida hech qanday farq mavjud emas. Ekskursiyalar agar ular turning narxiga va kompleks xizmat ko‘rsatishiga kiritilgan bo‘lsa ular asosiy xizmatlar hisoblanadi, ammo agar turist o‘z xohishiga binoan to‘langan turga qo‘shimcha ravishda yana biror ekskursiyani harid qilsa, bu qo‘shimcha xizmatga aylanadi. Shunday qilib, asosiy va qo‘shimcha xizmatlar o‘rtasidagi farq ularning turist tomonidan dastlabki sotib olingan turga aloqadorligiga bog‘liq.

Amaliyotda asosiy turistlik mahsulot bu xizmat ko‘rsatish kompleksidir, ya’ni turistlarga yagona paketda sotiluvchi xizmatlarning standart to‘plami. Xizmatlar paketi (to‘plami)-turoperator tomonidan yaratilgan bo‘lib, ma’lum xizmatlar to‘plamidan: tashish, joylashtirish, ovqatlanish, ekskursiyalar va h.k. iborat turistlik mahsulotdir. Turdagi xizmatlar paketi turist tomonidan tanlangan turistlik dam olish turi bo‘yicha ularning ehtiyojlari va sayohat maqsadidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Tur va uning paketini shakllantirishda turistlar bilan ishlashning ikki varianti mavjud:

a) buyurtmali turlar sotilishi;

b) inklyuziv turlar sotilishi.

Buyurtmali tur. Buyurtmali turlarni sotishda dasturni shakllantirish va xizmatlar tarkibini yaxlitlash turist xohishiga binoan, uning bevosita ishtirokida amalga oshiriladi. Turistga taklif etilayotgan dam olish maskanida turli xil tur xizmatlarning har biri bo‘yicha turli xizmat ko‘rsatish variantlari taklif etiladi:


  • joylashtirish-joylashgan joyi va turi, darajasi bo‘yicha turli xil mehmonxonalar.

  • ovqatlanish-turli variantlar (to‘liq yoki to‘liq yarim pansion, yoki umuman ovqatlanishsiz) shved stoli yoki «alya kort» va x.k.

  • ekskursiyalar, harid-ko‘ngilochar xizmatlar.

  • transport xizmatlari – aviauchish variantlari, temiryo‘l tashuvlar, avtomobil arendasi va h.k. variantlari.

  • sport va davolanish kurort xizmatlari.

  • viza xizmatlari, shuningdek sug‘urta xizmatlari.

Yuqorida aytilganidek, bunday turlarni tuzishda turistning o‘zi bevosita ishtirok etadi.

Turist tomonidan talangan xizmatlar tur dasturiga shakllantirladi. Narx hisoblanadi, uni turist turpaketga ega bo‘lgach to‘laydi. Odatda bunday buyurtmalar agentliklarda shakllantiriladi va so‘ng joriy uchun turopera-torga yo‘naltiriladi. Buyurtmalarning tez va sifatli ta’minlash uchun bugungi kunda xalqaro turizmda turagentliklar va operatorlik kompaniyalari tomonidan zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalanmoqda. Xalqaro turizmda paketni yaxlitlash muammolari, narxni hisoblash va turni sotishni operativ hal qilish uchun kompyuter va telefaks aloqasidan keng foydalaniladi.



Inklyuziv tur (IT) Bu oldindan rejalashtirilgan va dam olishning yoki turizmning ma’lum turi, hamda turistlarning ma’lum ijtimoiy guruhiga va uning yoniga yo‘naltirilgan qat’iy xizmatlar to‘plamidir. Eng ko‘p tarqqalgan inklyuziv turlar deb marshrutli turlarni aytish mumkin. Ya’ni bunda turistlar guruhi avtobusda bir nechta shaharlar va mamlakatlar bo‘ylab sayohat qiladi. Ushbu turning o‘ziga xos xususiyatlari (sayohat grafigi va muddatlari bilan qat’iy bog‘langan, barcha uchun yagona dastur) uning buyurtmali bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Kruiz turlar, hobbi turlar ham inklyuziv turlardir. Inklyuziv turlarni sotishda xizmatlar tarkibi o‘zgarmaydi.

Turist bunday turni to‘lig‘icha sotib olishi yoki undan butunlay voz kechishi mumkin. Inklyuziv turlar barqaror talabga ega taniqli turizm va dam olish maskanlaridagi marshrutlarda tashkillashtiriladi va taklif etiladi. Inklyuziv turlar narxining katta qismini joylashtirish ovqatlanish to‘lovlari tashkil etadi. Xalqaro (avia) havo transportlari assotsiatsiyasi talabiga binoan, inklyuziv turlar o‘z ichiga 3 tadan kam bo‘lmagan xizmatlar: aviauchish, joylashtirish butun marshrut bo‘ylab sayohat va yuqoridagi 2 tasi bilan bog‘liq bo‘lmagan biror xizmat (ekskursiya, avtomobil ijarasi va h.k.).

Bunday turlarga bo‘lgan talabning tebranishiga qaramasdan, ularni rivojlantirishning ma’lum afzalliklari mavjud:


  • umuman olganda kompleks sayohat alohida sotib olinadigan xizmatlar to‘plamidan arzondir;

  • narxlari oldindan ma’lum bo‘lganligi uchun turagentlarning turistlarga qanday marshrutni tanlash borasida maslahat berishlari oson kechadi. Bunda dasturlar ham oldindan belgilangan bo‘ladi;

  • o‘z mahsulotining jozibadorligini ko‘rsatish uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladi.

Inklyuziv turlarning kamchiliklari:

  • bunday turda mijozni qiziqtirmagan xizmatlarning mavjud bo‘lish ehtimoli bor;

  • dasturning haddan tashqari to‘yinganligi;

  • bunday tur reklamasi iste’molchilarning faqatgina bir qisminigina jalb qilishi mumkin.

Buyurtmali turlarda turoperator doimiy ravishda mehmonxonalardagi tasdiqlanmagan o‘rinlarga kvotalarni ushlab turish lozim. Sotishda turli talabnomalar bo‘lishi mumkin. Turoperator turli mehmonxonalarda joylashtirilgan turistlar bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Turistlarni bir mehmonxonada joylashtirib xizmat ko‘rsatish ancha oson kechadi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek turistning shaxsiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda barcha turistlik sayohatlar individual yoki guruhli tarzda amalga oshiriladi,



Turto‘plam (turpaket) – iste’molchilarga guruhli yoki individual variantlar bo‘yicha taqdim etiladigan xizmatlar to‘plamiga kiradi.

Turpaketni tashkillashtirishga ta’sir etuvchi omillar:



  • berilgan sayohatga talab mavjudligi;

  • xizmatlar, infratuzilma, moddiy bazaning mavjudligi;

  • avikompaniyalar va boshqa transport kompaniyalari bilan munosabati;

  • jo‘natuvchi va qabul qiluvchi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar;

  • hamkor turistlik tashkilotlar bilan munosabat;

  • belgilangan mamlakatda turizmning rivojlanish darajasi;

  • belgilangan mamlakatning siyosiy barqarorligi.

Shuni ta’kidlash lozimki, siyosiy barqarorlik omili turoperator tomonidan o‘zining strategiyasini ishlab chiqishda muhim hisoblanadi. Bizga Gresiyadagi kurd voqealari, Misrdagi terroristik portlashlar bilan bog‘liq talabning keskin pasayish hollari ma’lum. Ushbu yo‘nalishlarga ixtisoslashgan turoperatorlar katta yo‘qotishlarni boshdan kechirdilar. Ammo shuni ham ta’kidlash lozimki, ushbu hududlarda vaziyat barqaror bo‘lishi bilan turistlar oqimi yana qaytadi. Berlindagi xalqaro turizm birjasida qayd etilganidek turist xavf-xatarni yengib o‘tishga moyil. U siyosiy barqarorlik ro‘y bergan mamlakatlarda vaziyat yaxshilanishi bilan o‘sha yerga yana oshiqadi, ayniqsa, issiq iqlimli hududlar va arzon narxlar bo‘lsa.

Turpaket narxi. Turpaketning muvaffaqqiyatiga ta’sir etuvchi eng muhim omil bu – narxdir. Narxlashtirishda boshqalarnikiga o‘xshamagan, alohida xususiyatli turpaketga ega bo‘lgan turoperatorlar ko‘proq erkinlikka egadir. Ular narxni asosan xizmatlarni sotib olish va boshqa harajatlar, shuningdek daromadning ma’lum foizini kiritishga asoslanib belgilaydilar. Ommaviy bozor turoperatorlari asosan raqiblar narxiga asoslanib narx belgilashadi, ayniqsa turpaketlarga talab pasayganda (o‘lik mavsumda). Turpaket narxini aniqlashda turoperatorlar bozor yetakchilari narxlariga amal qilishadi. Yirik turoperatorlar harajatlarni kamaytirishadi va shu bilan raqiblari-ning narxlashtirishda omadga erishishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Eng ko‘p qo‘lla-niladigan narxlashtirish usullaridan biri bu harajatlarga asoslangan narxlardir, ya’ni mahsulot tannarxi hisoblanadi va daromadning ma’lum foizi qo‘shiladi. Turpaket narxiga kiruvchi daromad foizi qo‘shimcha harajatlarni qoplash, fondlarga ajratmalar, maosh va sof daromadni hisoblash orqali aniqlanadi va 15 % dan 30% gacha bo‘ladi. Turizmda narxlarni hisoblashning o‘ziga xos xususiyatlarini unutmaslik lozim. Masalan, agar mavsumiy dasturda uzoq-vaqtli charter reyslarining (seriyasining) ketma-ketiligi, joylashtirishning «bakk to bakk» tamoyili qo‘llanilayotgan bo‘lsa, harajatlar mavsum boshi va oxiridagi bitta bo‘sh reys+ma’lum samalyotdagi № jo‘natishlar soni va № ta o‘rinlar sonini hisoblash orqali aniqlandi. Bu mavsumiy charter dasturiga kiritiladigan to‘la harajatlar. Ular kirishlar soniga bo‘linadi va bu turpaket narxiga kirituvchi bitta uchishning narxidir. Ammo turoperatorlar narxlarni hisoblashning harajatlar usulini qo‘llashda marketing ma’lumotlarini qo‘llash bilan birga o‘rta bozor narxlarini ham inobatga olishadi.

Turizmda narxlar harajatlar va daromadlar notekis taqsimlangan vaqtda bozordagi talabning tebranishini ifodalaydi. «o‘lik mavsum»da narxlar pasayadi va mavsumda ular qayta tiklanadi (daromad evaziga). Narxlashtirish strategiyasi rivojlanish bosqichida turpaketlar uchun xosdir. Turpaketlar narxi nafaqat turistlik bozorning holati, raqobatchilarning narxiga balki boshqa turlar narxiga ham bog‘liq bo‘ladi.



Amaliy mashg‘ulotlar.


  1. O‘zbekiston turoperatorlarining ikki xil turistlik mahsulotni (turini) oling va ularning iste’molchilik xususiyatlarini baholang. Ularni taqqoslang va xulosa qiling.

  2. Tadqiqot qilanayotgan turlardagi xizmatlar optimalligini baholab xulosa chiqaring. Qaysi hollarda optimalroq dastur taklif etiladi? Bu ishlab chiqarishning qaysi omillariga bog‘liq?

  3. Tadqiqot qilanayotgan turlarning har birida mehmondo‘stlikni ta’minlash dasturini ishlab chiqing.

  4. Turoperatorlar reklama e’lonlarini tahlil qiling va ular orasidagi inklyuziv turlarni ajrating. Bunda o‘z qaroringizni tushuntirib bering.

  5. Biror bir inklyuziv turning qo‘shimcha xizmatlarni inobatga olgan holda asosiy xizmatlar to‘plamini tuzing.


Tayanch iboralar: Turistlik mahsulot, tur, jozibador turistlik mahsulot yaratish, individual turlar, guruhli turizm, xizmat ko‘rsatish klasslari, «Lyuks klass», «Iqtisod klassi,» xizmatlar paketi (to‘plami), kompleks xizmat ko‘rsatish, buyurtmali tur, inklyuziv tur, paket tur, milliy turistlik mahsulot.


Yüklə 3,8 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə