O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi


Dunyoni qayta taqsimlash uchun, bo’lib o‘tgan harbiy to’qnashuvlar



Yüklə 3,97 Mb.
səhifə9/14
tarix26.03.2022
ölçüsü3,97 Mb.
#84736
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
XIX asr oxiri - XX as

2.2. Dunyoni qayta taqsimlash uchun, bo’lib o‘tgan harbiy to’qnashuvlar
Germaniya 70 – yillarda keskin ravishda mustamlakalar bosib olishga kirishdi. Bir qancha vaqtgacha Bismark bu yo‘lga kirishga jur’at etolmadi. Lekin 80 – yillarning boshlarida mustamlakalar uchun bo‘lgan janjallar keskinlashishi natijasida Angliya bilan Fransiya o‘rtasidagi, Fransiya bilan Italiya o‘rtasidagi, bundan ilgariroq, 70 – yillarning ikkinchi yarmida Angliya bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlasha boshlagandan keyin, Germaniyaning Yevropadagi mavqei esa mustahkamlangandan keyin Bismark qat’yat bilan mustamlakachilik siyosatini tuta boshladi. Germaniya 1884 – yilda, keyinchalik Germaniyaning Janubi – G‘arbiy Afrikasi deb atalgan viloyatlarni, undan keyin esa Togo va Kamerun hududlarini bosib oldi, 1885 – yilda u Germaniya Sharqiy Afrikasini va yangi Gvineyaning shimoli-sharqiy qismini bosib oldi. Lekin 1886 – yildan boshlab Yevropa qit’asida vujudga kelgan murakkab ahvol Germaniya hukumatini vaqtincha yangi bosqinlardan to‘xtab turishga majbur etdi.

Ana shu yillarda (1885 – 1887 – yillar) Germaniya hukumati ataylab Fransiya bilan munosabatlarni keskinlashtirishga intildi. U Fransiyada qasos olish haqida bulanjistlar olib borgan propagandaning ahamiyatini sun’iy ravishda bo‘rttirib ko‘rsata boshladi. Bismark Bolgariyada ahvolning murakkablashuvi Rossiyaning e’tibori va kuchini o‘sha yoqqa tortadi, bu bilan Fransiya Germaniya tomonidan urush xavfi tug‘ilganda yakkalanib qoladi, deb hisoblagan edi. 1887 – yil yanvarida Germaniya hukumati Fransiya – Germaniya munosabatlarini haddan tashqari keskinlashtirib yubordi.

Biroq tez orada sharoit o‘zgardi. Germaniya hukumati, Rossiyaning Bolgariyadagi ahvoli og‘irligiga qaramay, agar Fransiya bilan Germaniya o‘rtasida janjal chiqib qolgudek bo‘lsa, Rossiya betaraf bo‘lib qolmasligini tushundi.

1887 yil aprelida, nemis ma’murlari fransuzlarning chegara amaldorini qamoqqa olishi tufayli vujudga kelgan (Shnebele ishi deb atalgan ish), chegara janjallari tufayli Fransiya – Germaniya munosabatlari yana keskinlashgan paytda, Germaniya hukumati bu janjalni tinch yo‘l bilan hal etishga tayyor ekanligini izhor qildi, masala xuddi ana shunday hal etildi.

1887 yil iyulida 1881 yildan beri davom etib kelgan, betaraflik haqida Avstriya – Rossiya – Germaniya o‘rtasida tuzilgan bitimning muddati tugagan edi. Chor hukumati uchala davlat o‘rtasidagi bu bitimni tiklashdan voz kechdi, ya’ni bitimda Avstriya – Vengriyaning ishtirok etishini istamadi. Buning natijasida Avstriya – Rossiya – Germaniya bitimi Rossiya bilan Germaniya o‘rtasidagi bitim bilan almashtirildi, bu bitim keyinchalik “hadiksirash bitimi” degan nom oldi. Bismark Avstriya – Vengriya va Italiya bilan tuzilgan ittifoq tufayli Rossiya bilan Fransiyadan o‘zini ta’minlagandan keyin, endilikda Rossiyaning o‘zi bilan ham kelishib oldi: har ikki tomon ham agar biron – bir uchinchi davlat bilan urush chiqib ketadigan bo‘lsa, bir – birlariga nisbatan betaraf bo‘lishni va’da qildilar. Lekin bundan ikki narsa istisno edi: Rossiya Avstriya – Vengriyaga hujum qilgan taqdirda Germaniya betaraflikka rioya qilishga majbur emas edi, Rossiya ham Germaniya Fransiyaga hujum qilgudek bo‘lsa, betaraf qolishga majbur emas edi. Maxsus bayonnoma bilan, agar rus imperatori “Qora dengizga chiqadigan yo‘lni himoya qilishga majbur bo‘lib qolgan taqdirda” Germaniya o‘z zimmasiga diplomatik jihatdan uni qo‘llab – quvvatlash majburiyatini olgan edi. Bismark provokatsiya yo‘li bilan Rossiyani Yaqin Sharqdagi va bo‘g‘ozlardagi avantyuraga tortish bilan bir vaqtda, o‘sha, 1887 yildayoq, Angliya, Avstriya va Italiya o‘rtasida Rossiyaga qarshi qaratilgan bitim tuzishga aktiv yordam bergan edi. “Sharqiy Antanta” deb atalgan bu bitim maxsus ravishda bo‘g‘ozlarda va Bolqonda Rossiyaga qarshi kurash maqsadida tuzilgan edi va tomonlarning O‘rta dengiz, Qora dengiz, Egey dengizi va Adriatika dengizlari qirg‘oqlarida status-kvoni saqlab qolishda hamkorlik qilish majburiyati ko‘zda tutilgan edi.

70-yillarning oxirigacha Germaniya sanoati rus bozorida hukmronlik qilib keldi. Endilikda, Rossiyada kapitalistik sanoatining rivojlanishi natijasida Rossiya bilan Germaniya kapitali o‘rtasida ichki bozor uchun kurash boshlanib ketdi. 1876-yildan boshlab Rossiya yildan-yilga tamojnya bojlarini oshirib boraverdi. Rus kapitalistlari o‘z hukumatlaridan proteksionizmni tobora kuchaytirishni talab qildilar. Bu narsa Germaniyadagi kapitalistik doiralarning katta noroziligiga sabab bo‘ldi. Ularning ta’siri ostida Germaniya hukumati rus bojlarini kamaytirishga erishmoqchi bo‘ldi. Lekin hukumatning bu harakati deyarli natija bermadi, buning natijasida Rossiya bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Rus agrarlari bilan prus agrarlari o‘rtasida bir vaqtlar Germaniya bozori uchun bo‘lgan raqiblikka Rossiya bozori uchun rus va german kapitalining kurashi kelib qo‘shildi.1

Chor hukumati bu haqda Parij bankiga murojaat qilib, Berlin rad etgan va o‘ziga kerakli bo‘lgan pulni oldi. 1887 - yil voqealari Rossiya bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni ancha murakkablashtirdi va Fransiya bilan Rossiyaning 1875 - yildagi urush vahimasi natijasida va Avstriya, Germaniya hamda Uchlik ittifoqi tuzilishi natijasidayoq obyektiv ravishda vujudga kelgan yaqinlashuvini tezlashtirdi.

Rossiya bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashganligi tufayli Bismark Angliya bilan ittifoq tuzishga urinib ko‘rdi. Lekin ingliz hukumati nemislarning ittifoqchilik bitimi tuzish haqidagi taklifini rad (1889 yil) etdi.

Ingliz hukumati 80 – yillarda va 90 – yillarning boshlarida “ajoyib yakkalab qo‘yish” deb atalgan siyosatni o‘tkazib keldi. Bu siyosat quyidagicha edi. O‘sha vaqtda Rossiya bilan Fransiya Angliyaning asosiy raqiblari edi. Lekin Angliyaning davlat arboblari, bir tomondan, Rossiya bilan Fransiya o‘rtasidagi, ikkinchi tomondan, Germaniya va Avstriya – Vengriya o‘rtasidagi ziddiyatlar Angliya bilan uning kontinental davlatlardan iborat raqiblari o‘rtasidagi ziddiyatlarga qaraganda ancha keskin, deb o‘ylagan edilar. Shuning uchun ham bu siyosat tarafdorlari, agar Rossiya bilan, yoki Fransiya bilan urush chiqib qolgudek bo‘lsa, Angliya Germaniya bilan Avstriya – Vengriyaning qo‘llab – quvvatlashiga ko‘z tutishi mumkin deb o‘yladilar, demak, qit’ada Germaniya yoki Avstriya – Vengriya manfaatlari uchun urushga tortilishi mumkin bo‘lgan ittifoqchilik majburiyatlari bilan o‘zini bog‘lab o‘tirishning hojati yo‘q, deb hisobladilar.

Angliya o‘zini ana shunday bitimlar bilan bog‘lab o‘tirmay, o‘z manfaatlarini boshqalar qo‘li bilan himoya qilishga intilishi kerak edi. Buning uchun “ajoyib yakkalab qo‘yish” siyosatining tarafdorlari boshqa buyuk davlatlar o‘rtasida janjal chiqarish eng yaxshi vosita, deb hisobladilar. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar qancha keskin bo‘lsa, mamlakatlar bosib olish jarayonida Angliya uchun shuncha ko‘p imkoniyatlar ochilardi. Bu siyosatning hammasi, Angliyaning orolda joylashganligi tufayli biron – bir davlat uning hududiga bevosita hujum qilishidan qo‘rqishga to‘g‘ri kelmasligi asosiga qurilgan edi. O‘sha vaqtlarda, hali aviatsiya bo‘lmagan va ingliz harbiy floti dengizda hukmron bo‘lgan paytlarda, ana shunday tinch yashash uchun asos bor edi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, Avstriya – Vengriya va Italiya bilan bitim tuzilishi “ajoyib yakkalab qo‘yish” siyosatidan birmuncha chekinish edi. Lekin bu bitimda qurolli kuchlarni birgalikda qo‘llanish majburiyati yo‘q edi, demak, bu bitim ittifoqchilar bitimi emas edi.

80 – yillarning ikkinchi yarmidan boshlab Fransiya bilan Italiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada yomonlashdi. Shimoliy Afrika (Tunis) ni bo‘lib olish uchun kurashdan tashqari, Fransiya bilan Italiya kapitali o‘rtasida Italiyaning ichki bozorida raqiblik vujudga keldi. 80 – yillarga qadar bu yerda fransuz kapitali hukmron edi. Endilikda yosh italyan burjuaziyasi bu hukmronlikni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘lgan edi. Shunday qilib, Fransiya bilan Italiya o‘rtasida bojxona urushi boshlandi, bu urush o‘n yildan ortiqroq (1886 yildan 1898 yilgacha) davom etdi.

1890 yilda Germaniya siyosatida ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Bismark iste’fo berishga majbur bo‘lgan edi. Uning o‘rniga kelgan Kaprivi 1887 yilda Rossiya bilan tuzilgan va muddati tugagan bitimni tiklashdan bosh tortdi. Kaprivi bu bitimning mustahkamligiga ishonmadi va bu bitim Uchlik ittifoqiga Angliyani qo‘shib olish yo‘li bilan Germaniya boshliq harbiy blokni yanada mustahkamlashni qiyinlashtiradi, deb qo‘rqardi. Uning bu fikri to‘g‘ri bo‘lib chiqmadi. Angliya Sharqiy Afrikada uning kattakon yon berishlarga qaramay (Germaniya Shimoliy dengizning Geramniya qirg‘og‘i yaqinidagi strategiya jihatidan muhim bo‘lgan Gelgoland oroli o‘rniga bir qator mustahkamlanardi, shu jumladan, Ugandani Angliyaga bergan edi) Uchlik ittifoqiga qo‘shilishdan bosh tortdi.

Germaniyaning “hadiksirash bitimi” dan voz kechishi Rossiya hukumatini Fransiya bilan ittifoq tuzishga rag‘batlantirdi. Fransiya 1887-yil voqealaridan keyin ana shunday bitim tuzishga qat’iyan tarafdor edi. 1891 yilda Rossiya bilan Fransiya o‘rtasida konsultativ pakt tipidagi bitim tuzildi: har ikki davlat ham urush xavfi paydo bo‘lib qolgan taqdirda, birgalikda qanday choralar ko‘rish kerakligini muhokama qilish majburiyatini oldilar.

1892 yilda bu sohada olg‘a qarab yana qadam qo‘yildi: harbiy konvensiya ishlab chiqildi. Bu konvensiyaga muvofiq, agar Fransiyaga Germaniya hujum qilib qolsa, yoki Germaniya qo‘llab – quvvatlagan Italiya hujum qilib qolsa, Rossiya “o‘z ixtiyoridagi” barcha kuchlarni ishga solib, Germaniyaga qarshi hujum boshlash majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Agar Germaniya yoki Germaniya qo‘llab – quvvatlagan Avstriya – Vengriya Rossiyaga hujum qilib qolgudek bo‘lsa, Fransiya ham xuddi ana shunday qilish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Bunda Rossiya va Fransiya Uchlik paktining a’zosi bo‘lgan eng kuchli dushman – Germaniyaga qarshi urush olib borish uchun qancha qo‘shin ajratish kerakligi aniq belgilab qo‘yilgan edi. Konvensiyada Uchlik ittifoqining kuchlari yoki uning tarkibiga kirgan biron mamlakatning kuchlari safarbar etilishiga javoban, Rossiya bilan Fransiya ham bir vaqtning o‘zida darhol safarbarlik e’lon qilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu konvensiya faqat 1893-yildagina ratifikatsiya qilindi. Shundan keyin Rossiya bilan Fransiya boshqa harbiy blokka qarshi bundan ham ilgariroq Germaniya tomonidan tuzilgan harbiy blokka qarshi qaratilgan harbiy ittifoq bilan bog‘langan edilar. Fransiya bilan Rossiya o‘rtasida tuzilgan ittifoq Uchlik pakti tuzilishiga javob edi, lekin bu ittifoqdan agressiv, bosqinchilik maqsadlari uchun ham foydalanildi.1

Yirik Yevropa davlatlari o‘rtasida 1871-yildan boshlab 90-yillarning o‘rtalarigacha davom etgan o‘zaro munosabatlarning rivojlanishi shunga olib keldiki, qit’adagi yirik harbiy davlatlar bir-biriga xavf solib turgan ikkita katta lagerga: bir tomondan, Rossiya va Fransiyaga ikkinchi tomondan, Germaniya va Avstriyaga bo‘linib ketdi. Bir-biriga qarama-qarshi turgan ana shu ikki harbiy blok zo‘r berib qurollanishni tezlashtirib yubordi: ana shu bloklarning har biridagi qatnashchilar bir-birlarini quvlab, bir-birlaridan qolib ketishdan qo‘rqib, dushmanning qurolli kuchlar sohasida ustunlikka erishishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun intilib, qurollana boshladilar. Angliya XX asr boshlariga qadar har ikki harbiy gruppirovkaning bittasiga ham qo‘shilmay, ularning ziddiyatlaridan foydalanishga intilib keldi, lekin o‘sha vaqtlarda (90-yillarning o‘rtalariga qadar) u Germaniya gruppirovkasiga yaqin edi. Angliya zo‘r berib qurollanishda, ayniqsa dengiz flotini kuchaytirishda aktiv qatnashdi, aktiv qatnashdi, ingliz harbiy dengiz floti dunyoda hamisha eng qudratli bo‘lishi uchun, o‘zining butun kuchi bo‘yicha o‘zidan keyingi ikkita dengiz mamlakatlaridan ustun turishi uchun harakat qildi va bunga muvaffaqiyat bilan erishdi. Britaniya imperiyasi o‘sha vaqtda Angliya atrofidagi suvlardagina emas, shu bilan birga, Angliyani uning mustamlakalari bilan bog‘laydigan dengiz kommunikatsiyalarida ham hukmronlik rolini o‘ynardi.

XIX asrning oxirida Xitoyda ta’sir doirasi uchun kapitalistik davlatlar o‘rtasidagi kurash keskinlashib ketdi. Xitoy yerlarini bosib olish uchun kurashga 70 – yillardayoq Tayvan (Formoza) orolini bosib olishga uringan yapon militarizmi asos soldi. 1894 yilda Yaponlar oldindan e’lon qilmasdan turib, yana Xitoyga hujum qildi. Yaponlar Xitoy imperiyasining yaxshi tashkil etilmagan feodal tipdagi armiyasini tezda tor – mor keltirdi. 1895 yilda Yaponiya hukumati Xitoyga sulh shartlarini qabul qildilar. Simoniseki sulh bitimiga muvofiq, Xitoy Yaponiyaga Janubiy Xitoyga qarshi kurashda tayanch punkti bo‘lgan Tayvan orolini va Tyanszinga, demak, Xitoy poytaxti Pekinga kirib boradigan dengiz yo‘liga hukmronlik qiladigan Port – Artur bilan birgalikda Lyaodun yarim orolini berdi. Xitoyga vassal qaramlikda bo‘lgan Koreya “mustaqil” deb e’lon qilindi. Yaponiyaning bu “mustaqillik” dan Koreya ustidan o‘z protektoratini o‘rnatish uchun foydalanajagi ravshan edi. Sulh bitimi shartlariga ko‘ra, Xitoy Yaponiyaga kontributsiyalar ham to‘lash majburiyatini olgan edi.

Xitoy bilan bitim tuzganda Yaponiyaning hukmron doiralari Uzoq Sharqda agressiyani bundan keyin avj oldirish uchun o‘zlariga platsdarm egallashni ko‘zda tutgan edilar. Yaponiya Lyaodun va Koreyani bosib olgandan keyin faqat Xitoygagina emas, shu bilan birga Rossiyaning Uzoq Sharqdagi yerlariga ham xavf solishi mumkin edi.

Rossiyaning bu yerlari o‘sha vaqtda deyarli mutlaqo himoyasiz edi. U yerda Rossiyaning hammasi bo‘lib bir necha o‘n ming soldati bo‘lib, qo‘shimcha kuchlar keltirish imkoniyati deyarli yo‘q edi: Sibir temir yo‘li 1891 yilda qurila boshlagan va 1895 yilga kelib faqat G‘arbiy Sibirgacha olib borilgan edi. U yerdan Vladivostokka qadar qo‘shinlarni ot – aravada yoki piyoda jo‘natish mumkin edi, xolos.

Rus hukumati yaponlar agressiyasiga to‘sqinlik qilishga qaror berdi. Rossiya bunda endigina Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lgan Fransiyaning qo‘llab – quvvatlash haqidagi va’dasini olgan edi. Ularga, yapon – xitoy munosabatlariga aralashish Uzoq Sharqda ta’sir o‘tkazish imkoniyatini beradi, deb hisoblagan Germaniya ham qo‘shilgan edi. Bu uch davlat Yaponiyadan o‘zi bosib olgan yerlardan voz kechishni talab qildilar, aks holda yapon suvlariga o‘z harbiy dengiz kuchlarini yuborish bilan do‘q qildilar. Uch ulug‘ davlatning tazyiqi ostida Yaponiyaning hukmron doiralari chekindilar. O‘sha, Simonoseki shahrida tuzilgan yangi bitimga ko‘ra, Yaponiya Tayvanni o‘zida saqlab qoldi, lekin Lyaodun yarim orolini Xitoyga qaytarib berdi. Yaponiya buning evaziga Xitoy to‘laydigan kontributsiya hajmini birmuncha ko‘paytirdi.

Xitoy hukumatining kontributsiyani to‘lash uchun mablag‘i yo‘q edi, u tashqaridan qarz olishi kerak edi. Xitoyga ana shunday qarzni Rossiya bilan Fransiya berib, bu bilan Xitoyning chet el kapitaliga asorati yana kuchaygan edi. 1896 yilda Rossiya Xitoy bilan ittifoq tuzdi, bu ittifoqqa ko‘ra Rossiya Yaponiya hujum qilib qolgan taqdirda Xitoyni himoya qilish majburiyatini olgan edi.

Chor hukumati Yaponiya ustidan bo‘lgan o‘z diplomatik g‘alabasidan Uzoq Sharqda o‘zining ekspansiyasini rivojlantirish uchun foydalandi. 1896 yilda Sharqiy Xitoy temir yo‘lini qurish va ekspluatatsiya qilish konsessiyasini Xitoy Rossiyaga berdi. Zabaykalyedan Vladivostokka qadar Xitoy hududi bo‘ylab yo‘l o‘tkazish – Vladivostokka boradigan yo‘lni to‘g‘rilash demak, harakatni tezlashtirish demak edi. 1897 yil oxirida Germaniya hukumati Xitoyning Sindao porti bilan birga Szyao – Chjou buxtasini bosib oldi va Xitoy hukumatidan buni tan olishni, Szyao – Chjouni Germaniyaga “ijaraga” berish haqidagi shartnomasiga qo‘l qo‘yishni talab qildi. Chor hukumati bunga dastlab bunga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘ldi: Xitoy hukumati qarshilik ko‘rsatish uchun juda zaif edi. Biroq tez orada rus chorizmi Germaniya diplomatiyasi taklif qilgan bitimga: Szyao Chjouning Germaniya tomonidan bosib olinishiga va buning evaziga o‘zi Port – Arturni olishiga rozi bo‘ldi. 1898 yil boshlarida Lyaodun yarim orolini Rossiyaga ijaraga berish haqida rus – xitoy bitimi tuzildi. Shundan keyin Xitoy hukumati KVJD ni Port – Artur bilan (bo‘lajak Janubiy Manjuriya temir yo‘li bilan) ulaydigan temir yo‘l qurilishini konsessiyaga berdi.

Germaniya hukumati chorizmning Port – Arturni bosib olishini rag‘batlantirib, Szyao – Chjouni bosib olishga rozilik olishdan tashqari, boshqa maqsadlarni ham ko‘zlagan edi. Agar Rossiya Uzoq Sharqda bosqinchilik siyosatini boshlaydigan bo‘lsa, bu narsa uning kuchlarini Yevropadan chetga tortgan bo‘lardi va Geramniyaning, xususan, Fransiyaga qarshi kurashida katta harakat erkinligini ta’minlagan bo‘lardi.

Szyao – Chjouning Germaniya tomonidan bosib olinishi Xitoydan o‘z luqmasini uzib olishga intilib kelgan boshqa imperialistlarni ham harakatga keltirib yubordi.1

XIX asrning ikkinchi yarmi davomida ingliz kapitali o‘zini Uzoq Sharqning xo‘jayini deb his qilib keldi. Angliyaning savdosi Xitoyda birinchi o‘rinda turardi. 60 – yillarda ochilgan Gonkong – Shanxay banki inglizlarning eng yirik mustamlaka banklaridan biri bo‘lib, bank ishlarida butun mamlakatda hukmron edi. Xitoydagi dengiz bojxonasi boshida ingliz turardi. Bojxona daromadlari Xitoy hukumatining muhim daromad manbai edi, shuning uchun ham dengiz bojxonasi ustidan nazorat qilish katta siyosiy ta’sir o‘tkazishni ta’minlardi. Angliya 90 – yillarga qadar Xitoy qirg‘oqlarida – Gonkong orolida yaxshi uskunalangan harbiy dengiz bazasiga ega yagona davlat edi. Yevropa va Amerikaning bironta ham davlati 90 – yillarga qadar Uzoq Sharqda bunday ustunliklarga ega emas edi. Shanxaydagi xalqaro settlment va uni boshqarish amalda inglizlar qo‘lida edi. Ingliz burjuaziyasi va uning hukumati Yaponiyaning Xitoyga qarshi harakatiga noroizilik bilan qaradilar. Lekin Angliya bunga toqat qilib turdi, chunki ingliz burjuaziyasi uchun bo‘lishi mumkin bo‘lgan raqiblarining eng xavflisi Rossiya edi.

Angliya o‘sha vaqtda Rossiyani Osiyo uchun kurashda asosiy raqib deb bilardi. 1895 yili Angliya Rossiya, Fransiya va Germaniyaning Yaponiyaning talablariga qarshi harakatiga qo‘shilishdan bosh tortdi. U Yaponiya bilan munosabatlarini buzishni istamasdi, chunki u Yaponiyadan Rossiyaga qarshi kurash maqsadlarida foydalanishni ko‘zda tutardi.

Ingliz hukumati Port – Arturning bosib olinganligiga qarshi birmuncha strategik ustunlikka erishish uchun Veyxayvey portini bosib oldi. Shundan keyin ingliz kapitali Xitoyda temir yo‘l qurilishi, har holda Manjuriyadan tashqarida bo‘lsa ham, Rossiyaning va u bilan birga harakat qilayotgan Fransiyaning qo‘liga tushib qolmasligi uchun Xitoy hukumatidan mumkin qadar ko‘proq temir yo‘l konsessiyasi olishga harakat qildi. Eng janubda, Hindi – Xitoy bilan qo‘shni yerda, temir yo‘l konsessiyasini Fransiya qo‘lga oldi. Shandunda temir yo‘l qurilishi va kon sanoati konsessiyasini endilikda Szyao – Chjou harbiy dengiz bazasiga ega bo‘lgan Germaniya qo‘lga oldi. Lekin Angliya hissasiga Xitoyning eng boy qismi – Yanszi daryosi havzasi, shuningdek Gonkong qarshisidagi materikda joylashgan Kanton bilan birga Guandun viloyati qoldi. Xitoyni imperialistik davlatlar o‘rtasida ta’sir doirasina bo‘lib olish ana shunday bo‘ldi.

80 – yillardan boshlab Italiyaning hukmron doiralari Efiopiya (Abissiniya)ni bosib olishga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. 1895 yilda ular bu mamlakatga hujum qildilar. 1896 yilning boshlarida Italiyaning ekspeditsion korpusi negus Menelika qo‘mondonligi ostidagi efioplar tomonidan Adua yonidagi jangda butunlay tor – mor qilindi. Efiopiya qahramonona kurashda o‘z mustaqilligini saqlab qoldi.

1896 yilda ingliz hukumati Sudanni zabt etishga kirishdi. 1898 yilda ingliz qo‘shinlari mahalliy aholining qarshiligini yengib, Xartumni egalladilar, u yerda hatto mustamlakachilar praktikasida misli ko‘rilmagan shafqatsizlik bilan o‘ch oldilar. Shundan keyin Angliyaning ekspeditsion korpusi Nil daryosi bo‘ylab yuqoriga harakat qilib borib, Fashoda qishlog‘i yaqinida kapitan Marshal qo‘mondonligi ostidagi fransuz otriyadini uchratdi. Marshal fransuz yer-mulkidan Ubanga (Kongo havzasida) oblastiga tomon tropik o‘rmonlar va Markaziy Afrikaning savannalari orqali o‘tib borib, inglizlarning yo‘lini qirqib qo‘ymoqchi edi. Uning vazifasi – Angliyaga butun Nil vodiysining xo‘jayini bo‘lib olishga imkon bermaslik edi. Marshal Nil Daryosining yuqori qismida joylashib olib, bu bilan Misrda fransuzlar ta’sirining kuchayishiga yordam berishi kerak edi.

Ingliz qo‘shinlarining qo‘mondoni Kitchener Marshalga Nil havzasidan ketishni taklif qildi. Angliya hukumati, agar fransuz qo‘shinlari bu talabni bajarmaydigan bo‘lsa, urush ochamiz, deb Fransiyaga do‘q qildi.

Marshal yon berish haqida o‘z hukumatining buyrug‘ini oldi. Tez orada Angliya Suddani bosib olishni tugalladi.

1900 – yilda dunyoning yirik sakkizta davlatlari tomonidan Xitoyni asoartga solishiga qarshi xalq qo‘zg‘oloni boshlanib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar Pekinni bosib oldilar. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun Angliya, Yaponiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Rossiya va Italiya, Avstriya – Vengriya xalqaro jazo korpusi yubordilar. 1900 – yil 15 – avgustda bu xalqaro korpus Pekinni ishg‘ol qildi va qo‘zg‘olonni shafqatsizlik bilan bostirdi. Pekindagi saroy va ibodatxonalar ajnabiy bosqinchilar tomonidan talandi, shahar va qishloqlar to‘pga tutildi. G‘olib davlatlar Xitoyni yangi asoratli shartnomalar tuzishga majbur qildi.




Yüklə 3,97 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə