O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi


XIX-asrni oxirlarida dunyoda yuz bergan siyosiy ziddiyatlar



Yüklə 3,97 Mb.
səhifə6/14
tarix26.03.2022
ölçüsü3,97 Mb.
#84736
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
XIX asr oxiri - XX as

1. XIX-asrni oxirlarida dunyoda yuz bergan siyosiy ziddiyatlar.

1. 1. Dunyoning yirik mamlakatlari o’rtasidagi siyosiy ziddiyatlarning keskinlashuvi.
1877 – 1878 yillardagi Rossiya – Turkiya urushining eng muhim natijasi Bolgar davlatining tiklanishi va Serbiya, Chernogoriya hamda Ruminiyaning turklar asoratidan uzil-kesil ozod etilishi bo‘ldi.1

Bu Bolqon davlatlarining ozod qilinishi muhim ahamiyatga ega edi, chunki usmoniylar Turkiyasi feodal davlatligicha qolib kelayotgan edi.

Bolqondagi kichik xalqlar turklar asoratidan o‘z kuchlari bilan qutula olmas edilar. Ularning hammasi Rossiyaning hal qiluvchi yordamida mustaqillikka erishdilar. Yaqin sharqda rus siyosatining asosiy maqsadi Bolqonda, shu bilan Turkiya poytaxti Konstantinopolda (Istanbulda) o‘z ta’sirini mustahkamlash edi. Chor Rossiyasi Rossiyaning ta’siri ustun turadigan mustaqil Bolqon davlatlari tuzish yo‘li bilan o‘zining ana shu maqsadini amalga oshirish uchun kurashdi.

Rossiya bilan g‘arb davlatlari o‘rtasidagi siyosatning bir-biriga qarama-qarshiligini 1877 – 1878 yillardagi Rossiya Turkiya urushida Turkiyaning mag‘lubiyatga uchrab, Bolgariya davlati tuzilishi ayniqsa yaqqol ko‘rsatdi. Rossiyaning Turkiya bilan 1878 yil 3 martda San-Stefanoda tuzgan dastlabki sulh shartnomasiga muvofiq, Bolgariya o‘zini o‘zi idora qiluvchi xristian hukumati va zemsk qo‘shini bo‘lgan knyazlik tashkil qildi. San-Stefano shartnomasiga muvofiq tuzilgan Bolgariya chegaralari Janubiy Dobruja, Shimoliy va Janubiy Bolgariya, Makedoniyani o‘z ichiga oldi, g‘arbda Bolgariya tarkibiga Pirot va Vranskiy okruglari kiritildi. San-Stefano Bolgariyasining umumiy maydoni 160 ming kvadrat kilometrni tashkil qildi. Bolgariyaning janubiy chegaralari Struma va Mesta daryolari kelib quyiladigan hududlarni o’z ichiga olib,u Egey dengiziga borib tutashgan edi.

Rodop tog‘laridagi odam o‘tishi qiyin bo‘lgan yerlarda urush vaqtida hech qanday jang harakatlari bo‘lmadi. Vaqtincha yarashdan so‘ng rus qo‘shinlari Rodop tog‘ etaklaridan Adrianopol, Plovdin va Xaskov rayoniga qaytdilar. Rodop tog‘lari turk feodallarining boshpanasi bo‘lib qoldi. Ularning ko‘plari 1876 yil aprelida bolgarlarning qurolli qo‘zg‘olonini bostirish davrida juda og‘ir jinoyatlar qilib, o‘zlariga isnod keltirgan edilar. Kallakesarlarning boshliqlari ham, tor – mor bo‘lgan Sulaymon podsho armiyasidagi ofetserlar va soldatlarning ba’zi bir qismi va hokazolar ham shu yerga qochib kelib joylashib olgan edilar. Varna rayonidan bo‘lgan yirik zamindor ingliz Senkler ham shular orasiga kirib olgan ekan. Muvaqqat rus idorasi va yangi tuzulgan bolgar hokimiyatiga qarshi bu hukmron to‘daning qurolli kurashiga ana shu ingliz boshchilik qildi. Bu yerga ingliz ofitserlari, ingliz qurollari yuborildi, “Rodop milliy armiyasi” degan armiya tuzuldi, bu armiyaga o‘ziga Iyedet podsho degan turkcha nom qo‘yib olgan Senkler boshchilik qildi.1

Shundan keyin Angliya va uni qo‘llab – qo‘ltiqlab turgan davlatlar, ayniqsa Avstriya – Vengriya boshqa taktika yurgizmoqchi bo‘ldilar. Inglizlar tashabbusi bilan Rodop tog‘lari yonida to‘planib qolgan turk qochoqlarini joylashtirish xalqaro komissiyasi tuzildi. Bu komissiyaning maqsadi Janubiy Bolgariyada turklarni ko‘paytirishdan, G‘arbiy davlatlar tomonidan Rossiyaning Bolgariyadagi ta’siriga qarshi olib borilgan kurashda ularni o‘z tayanchiga aylantirishdan. Janubiy Bolgariyani Turkiya tarkibida mustahkamlab qolishdan iborat edi.

Berlin kongressining qarori bilan bolgariya knyazligi hududi shimolda Dunay daryosi va janubda eski Planino bilan, g‘arbda Timok daryosi va sharqda Qora dengiz bilan chegaralanadi. Kongressda bolgarlarning manfaatini himoya qilib chiqqan rus delegatsiyasining harakati soyasida Sofiya va Kyustendil okruglari Bolgariya knyazligi sostaviga kiritilgan edi. Ular juda muhim iqtisodiy va strategiya rayonlari bo‘lib, Venadan Istanbulga va Dunaydan Egey dengiziga boradigan yo‘llar shu rayondan o‘tardi; San-Stefano shartnomasiga muvofiq, Bolgariya hududi 160 ming kvadrat kilometr bo‘lgan bo‘lsa, Berlin kongressining qarori bilan uning hududi 62 776 kvadrat kilometrga keltirildi, aholisi 2 million qoldirildi. Bolgariya knyazligi sulton suvereniteti ostida bo‘lib, unga boj-xiroj to‘lab turishi lozim edi.

Rus okkupatsiyachi qo‘shinlarining Bolgariyada turish muhlati San-Stefano shartnomasida ko‘zda tutilgan ikki yildan to‘qqiz oyga keltirildi. Shu muhlat ichida rus okkupatsiyachi ma’murlari bolgar knyazligining davlat tuzimini tamomiga yetkazishlari lozim edi.

Angliya va boshqa g‘arbiy davlatlarning bolgar qurolli tashkilotlarini tugatish yo‘lida qilgan harakatlari Bolgariyadagi rus ma’murlarining qat’iy qarshiligiga duch keldi, ular faqat Janubiy Bolgariyaning qurolli xalqi turk garnizonlarini o‘z hududiga kiritmadi, Janubiy Bolgariyadagi turklar hokimiyati esa, qurolli kuchi bo‘lmaganidan keyin, faqat nomigagina hokimiyat bo‘lib qoldi. Turklar hokimiyati zaif bo‘lgani holda, bolgarlar o‘z qurolli kuchlariga ega bo‘lganligi 1885 yilda Janubiy Bolgariya bilan Shimoliy Bolgariyani ancha osonlik bilan birlashtirishga imkon berdi.

1877 – 1878 yillardagi Rossiya - Turkiya urushi Serbya, Chernogoriya va Ruminiyaning turklarga qaramlikdan uzul – kesil ozod bo‘lishiga olib bordi.

XIX asrning 60 – yillaridayoq serblar hududidan turk garnizonlari chiqarib yuborilgandan keyin Serbiyaning Turkiya imperiyasiga qaramligi shunchaki nomigagina qaramlik bo‘lib qolgan edi. 70 – yillarda Serbiyaning tashqi siyosatdagi asosiy vazifasi hali ham Turkiya qo‘l ostida bo‘lgan qadimgi serb yerlarini yagona Serbiya davlatiga birlashtirishdan iborat bo‘lib qolgan edi.

Shu sababli, 1875 yil yozida Bosniya bilan Gersegovinada qo‘zg‘olon boshlanib ketganida, Chernogoriya singari, Serbiya ham bu qo‘zg‘olonda har jihatdan yordam berdi, 1876 yil yozida esa Turkiyaga urush e’lon qildi. Lekin Serbiya bu urushda mag‘lubiyatga uchradi va yil oxirida yarashishga majbur bo‘ldi. 1877 yil dekabrida rus qo‘shinlari muvaffaqiyat bilan hujum olib borayotgan bir vaqtda Serbiya yana Turkiyaga qarshi urushga kirishdi, uning qo‘shinlari Nishni va undan janub va g‘arbdagi rayonlarni ishg‘ol qildi.

Bosniya bilan Gersogovinadagi qo‘zg‘olonga Chernogoriya Serbiya bilan birgalikda faol yordam berdi. Chernogoriya Serbiya bilan birgalikda 1876 yilda Turkiyaga qarshi urush boshladi, lekin Chernogoriya, Serbiyadan farqli o‘laroq, yarashmadi to Rossiya – Turkiya urushi tamom bo‘lishiga qadar Turkiyaga qarshi urushni davom qilaverdi, San – Stefano sulh shartnomasiga muvofiq Chernogoriya Turkiyadan tamomila mustaqil bo‘lib oldi, uning hududi 10 ming kvadrat kilometr oshdi.

Berlin kongressi Chernogoriyaning San-Stefano shartnomasiga muvofiq qo‘lga kiritgan hududini 10 ming kvadrat kilometrdan 7 ming kvadratga tushurdi va uning Antivari portini ham, shu bilan birga Chernogoriyaning butun dengiz sohilini ham Avstriya – Vengriya nazorati ostiga qo‘ydi. Bundan tashqari, Berlin traktati asosida Turkiyadan olib berilgan yangi hududlar usmoniylar davlati to‘laydigan qarzning bir qismini to‘lash Chernogoriya zimmasiga yuklatilgan edi. Chernogoriyani Serbiyadan uzib qo‘yish va shu bilan ularning birlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ular o‘rtasidagi yer (Novi – Pazar sanjaki) Turkiya qo‘lida qoldirildi va bu yerga Avstriya qo‘shinlari kiritildi.

Ruminiya 1877 – 1878 yillardagi Rossiya – Turkiya urushiga qadar Turkiyaga vassal qaram mamlakatligicha qolaverdi, Turkiya Ruminiyaning ichki ishlariga tez – tez aralashib turardi.1

1877 – 1878 yillarda Rossiya – Turkiya urushining Bolqon xalqlari uchun natijalari ana shunday bo‘lgan edi. 2

Germaniya imperiyasi va bir butun Italya davlatining barpo etilganligi G‘arbiy Yevropaning siyosiy qiyofasini va yer sharining bu qismidagi kuchlar nisbatini o‘zgartirib yubordi. Yevropadagi bir necha o‘nlab mayda davlatlar o‘rnida ikkita yangi katta davlat paydo bo‘ldi. Bunda Germaniya imperiyasi “yuqoridan qilingan inqilob” ning g‘alabasi natijasida o‘ziga xos militaristik davlat bo‘lib qoldi. Yangidan barpo qilingan birlashgan Germaniyada prus militarizmining agressiv ruhi hukmronlik qila boshladi. Germaniya imperiyasi 70-yillardayoq qudratli harbiy tashkilotni yuksak taraqqiy etgan sanoat bilan uyg‘unlashtirgan edi. Bunday xarakterdagi yangi ulug‘ davlatning paydo bo‘lishi unga qo‘shni bo‘lgan barcha mamlakatlarni o‘z xavfsizliklari uchun tashvishlanishiga majbur qilishi tushunarli hol edi. Bu narsa, xususan, yaqindagina prus armiyasi bosqinini boshdan kechirgan Fransiyaga ayniqsa taalluqli edi. 1871-yil 10 mayda Frankfurt-Maynda Fransiya bilan germaniya o‘rtasida sulh bitimi imzolandi, bu bilan Fransiya bilan prussiya o‘rtasidagi urush tugadi. Frankfurt bitimi shartlariga ko‘ra, Fransiya Germaniyaga oltin bilan 5 milliard frank kontributsiya to‘ladi va ikki oblastni – Elzas bilan sharqiy Lotaringiyani unga topshirdi. Bu bosqinchilik, talonchilikdan iborat bitim edi.

Elzas bilan Lotaringiyani bosib olish Germaniyaga muhim strategik ustunliklar tug‘dirib berdi. Elzas Fransiyaga qarashli bo‘lganda, egalik qilish Fransiya armiyasi uchun Germaniyaning eng zaif rayonlariga – Prussiyaga dushman bo‘lgan ta’sirli doiralar turgan mamlakatning Janubiy qismiga hujum qilishni osonlashtirardi

Fransiyani talab, shu bilan birga, uni abadiy xavf ostida qoldirib, Bismark va Prussiya general shtabi obyektiv ravishda Fransiyada qasos olish va E’lzas bilan Lotaringiyani qaytarib olish uchun intilishni kuchaytirib yubordi. Qasos olish fikri Fransiyadagi hukmron doiralar tomonidan kuchli ravishda alangalatib yuborilishi bilan, Fransuz xalqining milliy g‘ururi xo‘rlanganligi bilan ham mustahkamlangan edi. Elzas bilan Lotaringiyaning annesiya qilinishi fransuz – german urushi xavfini Yevropadagi siyosiy sharoitining doimiy xususiyatiga aylantirib yubordi. 1871 yildan boshlab xalqaro ahvol “qurollangan sulh” deb ataalgan xarakterga ega bo‘ldi, bunda urush xavfi diyarli hech qachon siyosiy doiradan ketmadi va uzluksiz ravishda zo‘r berib qurollanish kuchayib bordi.

Germaniya imperiyasining hukmron doiraari va ularning vakili bo‘lgan kansler Bismark uchun Fransiya – Germaniya munosabatlarining keskinlashuvi o‘zlarining ichki siyosatlarini o‘tkazishda qulay sharoit tug‘dirib bergan edi. Lekin bu keskinlik Germaniyaning xalqaro ahvoli uchun ham xavfli edi. Germaniya kim bilan janjallashib qolmasin, uning dushmanining Fransiyadan iborat tayyor ittifoqchisi mavjud edi. Bismark buni e’tiborga olib va Fransiyaning Germaniyaga qo‘shni bo‘lgan biron – bir mamlakat bilan yaqinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun uncha aniq bo‘lmagan nomga ega “Uch imperator ittifoqi” (1873 yil) degan nom bilan mashhur bitimni tuzishga erishdi. Germaniya, Rossiya va Avstriya – Vengriya ana shu mamlakatlardan birontasiga boshqa bir tomondan hujum qilish xavfi tug‘ilib qolgan taqdirda “birgalikda harakat qilish” haqida kelishib oldilar. Bu bitimning noaniq xarakterga egaligi shuning natijasi bo‘ldiki, bitim qatnashchilarining birontasi ham o‘zini aniq majburiyatlar bilan bog‘lab qo‘yishni istamasdi.1

1875 yildayoq Germaniyaning hukmron doiralari qulay sharoit bo‘lib qolgan taqdirda Fransiyani yangidan tor – mor qilishga tayyor edilar, chunki Fransiyaning kuchi ularning nuqtai nazari bo‘yicha juda tez tiklanmoqda edi.

1875 yil ko‘klamida Bismarkka itoat qiladigan matbuot Fransiyaga qarshi ig‘vogarlik kampaniyasini boshladi. Germaniya harbiy tayyorgarlikni kuchaytirib yubordi. Shu bilan bir vaqtda diplomatik tayyorgarlik ham olib borildi, bu tayyorgarlikning maqsadi uchinchi davlatning aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikdan, Germaniyaga Fansiya bilan yakkama – yakka urushish imkoniyatini berishni ta’minlashdan iborat edi. Bismark Peterburgga maxsus missiya bilan – rus hukumati yangi Fransiya – Germaniya urushida Rossiyaning to‘la betaraf bo‘lishi evaziga Turkiya hisobiga nimalarni olgisi kelganligini aniqlash uchun o‘z diplomatlaridan birini yubordi.

Elzas – Lotaringiya masalasi va Fransiya bilan Germaniya o‘rtasidagi ziddiyatlar XIX asrning oxirlaridagi eng keskin xalqaro muammolardan biri edi.

O‘sha, 1875 yilda, boshqa juda katta xalqaro muammo – sharqiy masala va u bilan bog‘liq bo‘lgan, bir tomondan Rossiya, ikkinchi tomondan Angliya va Avstriya – Vengriya o‘rtasidagi ziddiyatlar keskinlashib ketgan edi. Sharqiy masalaning keskinlashuviga o‘sha vaqtda Turkiyaga qarashli Gersogovinada yashovchi slavyan aholisining turklar hukmronligiga qarshi 1875 yilda ko‘tarilgan milliy ozodlik qo‘zg‘oloni sabab bo‘lgan edi. Podsho Aleksandr II hukumati o‘sha vaqtda og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda edi. dehqonlarning xonavayron bo‘lishi, pomeshchik xo‘jaliklarining inqirozi, dvoryanlar liberalizmining o‘sishi, nihoyat, narodniklar harakatining kuchayishi – bularning hammasi chor Rossiyasining ichki ahvolini murakkablashtirib yuborgan edi. Hukumat burjuaziya va dvoryanlar e’tiborini ichki siyosatdan chetga burib yuborishga intilmoqda edi. Hukumat ularga, chorizm tashqi siyosat sohasida hali ham ilgarigidek kuchli, u Rossiyadagi hukmron sinflarning manfaatini hali ham muvaffaqiyat bilan himoya qila oladi, deb ko‘rsatishga intilardi. Rossiyadagi demokratik va liberal jamoatchilik ezilgan slavyan xalqlarining ozodlik kurishiga qizg‘in xayrixoh edi. Shuning uchun ham Rossiyadagi hukmron doiralarning fikricha, bu kurashni qo‘llab – quvvatlash hukumatning obro‘sini va shuhratini oshirishi mumkin edi. Chor Rossiyasi uchun Bolqon ichki siyosat mulohazalaridan tashqari, strategiya platsdarmi ahamiyatiga ham ega edi. Rossiya bu yerda turib bug‘ozlarni nazorat qilishi, bu bo‘g‘ozlarga zaif Usmoniylar imperiyasini o‘ziga bo‘ysundirib, Rossiya uchun Qora dengizga chiqish yo‘lini bekitib qo‘yish qobiliyatiga ega bo‘lgan Angliya yoki boshqa biron – bir davlatning kirib qolmasligi uchun nazorat qilib turishi mumkin edi. Chor hukumati Bolqon platsdarimida o‘zining ta’sirini mustahkamlashga intilib, Bolqon slavyanlarning Turkiyaga qarshi kurashini qo‘llab – quvvatladi.

Turkiyaga qarashli slavyan xalqlarining ozod qilinishi ularning Avstriya – Vengriyadagi ezilgan hamqabilalari uchun signal bo‘lishi mumkin edi. Shu bilan bir vaqtda, Avstriya burjuaziyasi Bolqonga qiladigan iqisodiy ekspansiyasidan muhim mol sotish bozori sifatida manfaatdor edi. Bularning hammasi natijasida Avstriya – Vengriya Bolqondagi rus siyosati va rus ta’siriga qarshi uzluksiz ravishda kurash olib bordi.

Angliyaga kelganda shuni aytish kerakki, u Turkiyani o‘z ta’siriga olishga intildi. Angliya bu bilan Turkiyadan ingliz kapitali uchun bozor sifatida va ayniqsa Osiyoda Angliya – Rossiya raqobati davom etayotgan sharoitda muhim strategiya pozitsiyasi sifatida foydalanmoqchi bo‘ldi. Qrim urushi Angliya harbiy floti bo‘g‘ozlar orqali Qora dengizga kirib boradigan bo‘lsa, Rossiyaga qanday xavf tug‘dirishi mumkinligini ochiq – oydin ko‘rsatib berdi. Angliya Turkiya ustidan hukmronlik qilishga intilib, bo‘g‘ozlar xo‘jayini Rossiya bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildi. Suvaysh kanali qurilgandan keyin (1869 yil) O‘rta Dengiz Angliya uchun Hindistonga boradigan eng yaqin yo‘l bo‘lib qoldi. Endilikda bu yer orqali Britaniya imperiyasining asosiy yo‘li o‘tardi. Angliya O‘rta dengizda rus flotining ham paydo bo‘lish imkoniyatiga yo‘l qo‘yishni mutlaqo istamasdi. Shuning uchun ham u, Avstriya – Vengriya singari, Rossiyaning Turkiya ustidan g‘alaba qilishini istamasdi.

1877 yil aprelida Rossiya bilan Turkiya o‘rtasida urush boshlandi. Rossiya Ruminiya bilan ittifoqchilik shartnomasi tuzdi, shunga asosan Ruminiya Rossiya tomonida Turkiyaga qarshi urush boshlandi. Rus qo‘shinlari Ruminiya hududi orqali Dunaygacha borib, uni kechib o‘tdi, bunda urushga tayyor bo‘lmaganligi natijasida ko‘p vaqtini bekorga o‘tkazdi. Urush chor Rossiyasining iqtisodiy jihatdan qoloqligini ko‘rsatib berdi. Armiyaning moddiy va sanitariya qismlari yetishmaganligi, intendantlarning suiiste’mol qilishlari va armiyaning yomon ta’minlanganlig zaif, chirib borayotgan Usmoniylar imperiyasiga qarshi urushni anchagina murakkab vazifaga aylantirib qo‘ygan edi. Urush harakatlarining Rossiya markazidan uzoqligi va yo‘llarning og‘irligi ham urush olib borishni qiyinlashtirib qo‘ygan edi.

1878 – yil 3 martda Konstantinopol yaqinidagi San-Stefano qishlog‘ida sulh haqidagi bitim imzolandi. San-Stefano bitimi bilan shu vaqtgacha Turkiya sultoniga qaram bo‘lib kelgan Serbiya bilan Ruminiya ning to‘la mustaqilligi o‘rnatilgan edi. Ruminiya Rossiyaga Qrim urushidan keyin olgan Bessarabiyaning bir qismini qaytarib berdi. Buning urniga u Turkiyadan Shimoliy dobrujani oldi. Yangi davlat – Bolgariya barpo qilindi. Bu davlat knyazlik bo‘lib qolib, nomigagina Turkiyaga qaram bo‘lishi kerak edi. Chor hukumati Bolgariyada Rossiyaning ta’siri ustunlik qiladi, deb o’ylagan edi. Bolgariya bug’ozlarga chiqish uchun rus plasdarmi bo’lib qolishi kerak edi. Bolgariya San – Stefano bitimiga ko’ra, Bolgariya knyazligi sharqda Qora dengizdan, g’arbda Serbiya chegaralari va Oxrid ko’ligacha, shimolda Dunaydan, janubda Egey dengizigacha cho’zilib ketib, bu bilan Makedoniyaning katta qismini o’z ichiga oldi. Rus qo’shinlari Osiyoda ham turklarga og’ir talofatlar yetkazib, Rossiya atrofidagi rayonlari bilan birga Kars, Botumi, Ardagan va Bayazidni ishg’ol qildi. San – Stefano bitimi serb va rumin xalqlarining turk hukumronligidan milliy jihatdan to’la ozod bo’lganligini va Bolgariyani ozod qilishda katta qadam tashlaganligini bildiradi.

Bu bitim Angliya va Avstriya – Vengriya hukumron doiralarining keskin noroziligiga sabab bo’ldi, chunki ular allaqachonlardan beri, bir tomondan, Rossiyaning ta’siri har qanday tarzda bo’lsa ham ko’chayishiga,ikkinchi tomondan esa, slavyan xalqlarining ozod bo’lishiga qarshilik ko’rsatib kelardilar.

Angliya va Avstriya – Vengriya hukumatlari San – Stefano bitimi shartlarini barcha davlatlar ishtirokida xalqaro kongressda qayta ko‘rib chiqishni talab qildilar. Chor hukumati bunga qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘rdi. Lekin bu yerda ko‘p narsa Germaniya imperiyasining pozitsiyasiga bog‘liq edi. Germaniya ham San – Stefano bitimini qayta ko‘rib chiqish tarafdori ekanligini bildirgandan keyin chor hukumati bunga rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi. Rossiya mutlaqo yakkalab qo‘yilgan edi, uning moliyasi juda zaiflashib ketgan edi. Chor hukumati xavfni bir qancha kuchaytirib, kongressda qatnashishdash bosh tortish yangi urushga sabab bo‘lishi mumkin deb qo‘rqdi, chunki u ikkita ulug‘ davlatga qarshi yana bir urush olib borishga ojizlik qilar edi. Rossiya hukumati kongressda o‘z pozitsiyasini mustahkamlab olish uchun Angliya bilan dastlabki bitim tuzish yo‘lini tutdi. 1875 yil 30 mayda Londonda ingliz – rus memorandumi imzolandi, bu memorandumga muvofiq, Angliya San – Stefano bitimining Buyuk Bolgariya haqidagi punktidan tashqari bir qator shartlarini qabul qildi – Rossiya bu eng muhim masalada yon berdi.1

1878 yil 13 iyunda Berlinda Bismark raisligida San – Stefano bitimini rasmiy ravishda qayta ko‘rib chiqish uchun xalqaro kongress ochildi. Asosiy masala – Bolgariya masalasi bo‘yicha – Berlin kongress ishlab chiqqan traktat amalda faqat ingliz – rus bitimi shartlariga rozi bo‘lishdangina iborat bo‘ldi. Bolon yarim orolidagi slavyan oblastlarining San – Stefano bitimi bo‘yicha mustaqillik olgan katta qismi kongress edi. Makedoniyaning qismati ana shunday bo‘lgan edi. Bolgariyaning Bolqon tizma tog‘laridan janubda bo‘lgan qismi ham Turkiyaning bir viloyati bo‘lib qolgan edi, u sharqiy Rumeliya deb atalib, biroq unga keng avtonomiya berilgan edi. Bolgariya knyazligi asosan Bolqon tizma tog‘laridan shimol tomondagi hudud bilan cheklanib qolgan edi.

Berlin traktati Serbiya va Ruminiyaning San – Stefano bitimida e’lon qilingan mustaqilligini tasdiqladi, vaholanki, Avstriya – Vengriya ham, Angliya ham, Germaniya ham bunga xayrixoh emas edilar.

San – Stefano bitimining Bessabariya va Dobrujaga taalluqli shartlari o‘z kuchida qoldi. Rossiya Kichik Osiyoda Boyaziddan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Angliya bilan Avstriya – Vengriya San – Stefano bitimini qayta ko‘rib chiqishga erishib, Turkiyaning himoyachisi bo‘lib ko‘ringan bo‘lsalar ham, ular amalda uni juda shafqatsizlik bilan taladilar. Dizraeli hukumati kongress ochilishigachayoq Turkiya bilan shartnoma tuzgan bo‘lib, bu shartnomaga muvofiq Turkiya Angliya O‘rta Dengizning Sharqiy qismidagi kuchli strategiya pozitsiyasi bo‘lgan Kipr orolini berishi kerak edi. Kipr aholisining katta qismini greklar tashkil etishiga qaramay, ingliz mustamlakasiga aylangan edi.

Berlin traktatining shartlari rus jamoatchiligini g‘azablantirib yubordi. Chor hukumatining effektli tashqi muvaffaqiyatlar yordami bilan ichki qiyinchiliklarni hal etish sohasidagi hisoblari muvaffaqiyatsizlikka uchradi, bu esa chorizmning yangidan zaiflashuviga olib keldi.1

1875 – yilgi urush vаhimasi va 1875-1879-yillardagi Yaqin Sharq inqirozi Yevropa qit’asidagi buyuk davlatlar kuchining quyidagicha joylashganligini ko‘rsatib berdi. Rossiya Fransiya-Prussiya urushidan keyin Fransiyaning bundan buyon zaiflashuviga yo‘l qo‘ymaslikdan manfaatdor edi, chunki bu narsa Germaniya imperiyasi qudratining o‘sib ketish xavfini tug‘dirardi. Germaniyaning hukmron doiralari, Germaniyani birlashtirish tugallangandan keyin Gabsburglar monarxiyasini butunligicha saqlab qolish zarur, demak, Avstriya-Vengriya Rossiya bilan to‘qnashib qolgan taqdirda uni qo‘llab-quvvatlash kerak, degan xulosaga kelgan edilar. Berlin kongressida xuddi ana shunday yordam ko‘rsatildi. Germaniya hukumatining Gabsburglarning quroq monarxiyasini saqlab qolishdan manfaatdorligi shu bilan izohlanardiki, agar Avstriya-Vengriya bo‘linib ketib, uning o‘rnida milliy slavyan davlatlari paydo bo‘lsa, ular Rossiyaga ko‘z tutadi, deb qo‘rqardi. Bu narsa Rossiyaning kuchayishiga olib borardi, Buni Germaniya mutlaqo istamasdi. Shunday qilib, 1875-yildagi Fransiya bilan Germaniya o‘rtasidagi janjallar va Berlin kongressi natijasida 60-yillarda va 70-yillarning boshlarida juda do‘stona bo‘lgan rus-german munosabatlari keskin yomonlashib ketdi. Bu munosabatlarning keskinlashuviga iqtisodiy tartibdagi sabablar ham katta yordam berdi. 1879 - yilda Germaniyaga rus chorvachiligi mahsulotlari olib kirish cheklab qo‘yildi. Bu narsa rus eksportiga, Rossiya qishloq xo‘jaligi va rus pomeshchiklari manfaatlariga katta zarba bo‘lgan edi.

Bismark xalqaro ahvolning o‘zgarishi natijasida Avstriya-Vengriya bilan yaqinlashish yo‘lini tutdi. Avstriya-Vengriya ham o‘z navbatida Rossiyaga qarshi ana shunday qudratli ittifoqchi paydo bo‘lishini tabriklardi. 1879-yilda Germaniya bilan Avstriya-Vengriya hukumatlari ittifoqchilik bitimini imzoladilar. Bu bitim uning har bir qatnashchisini, agar Rossiya ana shu mamlakatlarning biriga hujum qilgudek bo‘lsa, bir-biriga qurol kuchi bilan yordam berishga majbur qilgan edi. Bitim mudofaa formasida edi. Amalda esa bu bitim agressiv maqsadlarga xizmat qildi va uzluksiz ravishda murakkablashish xavfini tug‘dirdi. Bismark Avstriya-Vengriya bilan ittifoq tuzib va Yevropada harbiy bloklar barpo qilishga asos solib, bu bilan Rossiyani va Fransiyani Avstriya-Germaniya ittifoqiga qarshi o‘zlarining harbiy bloklarini tuzishga undadi. Bu bilan u obyektiv ravishda Fransiya bilan Rossiyaning yaqinlashuviga turtki berdi.1

Uning hukmron doiralari sanoat monopoliyasini qo‘ldan chiqarganliklari evaziga juda katta mustamlaka imperiyasini yanada kengaytirishga harakat qilar edilar. 1882 yilda Angliya Misr xalqining milliy ozodlik qo‘zg‘olonini shafqatsizlik bilan bostirib, Misrni bosib oldi va uni o‘zining mustamlakasiga aylantirdi. Shu tariqa u yaqinda qurilgan Suvaysh kanalini – Atlantika okeani va O‘rta dengizdan Hind okeaniga olib boradigan dengiz yo‘lidagi g‘oyat muhim strategik punktni batamom o‘z nazorati ostiga oldi. Inglizlar Misrdan platsdarm sifatida, shuningdek, ingliz qo‘shinlaridan foydalanib, Sharqiy Sudanni bosib oldilar. Shu davrda Britaniya Sharqiy Afrikasi deb nom olgan mustamlakalar guruhi tashkil etildi.

1889 yilda Angliya Transvaal va To‘qsariq daryo respublikasiga hujum qildi. U yerda Gollandiya, Fransiya va Germaniyadan ko‘chib borgan kishilarning avlodlari – burlar hukmronlik qilar edilar. Angliyaning burlar respublikalariga qarshi urush mustamlakalarni qaytadan taqsimlash uchun olib borilgan bo‘lib, imperialistik urush edi. Buyuk Britaniya haddan tashqari zo‘r kuch ishlatish bilangina 1902 yilda ingliz burlar urushida g‘alabaga erishib, Janubiy Afrikani bosib olishni tamomladi. 1910 yilda Kap koloniyasi, Natal To‘qsariq daryo respublikasi va Transvaal birlashib, Janubiy Afrika ittifoqini tuzdilar va bu ittifoq o‘z – o‘zini boshqarish huquqini oldi, ya’ni dominion* bo‘lib qoldi. Bu yerda mustamlakachilar – inglizlar va burlarning negr aholisiga qarshi bloki tashkil topdi.1

Buyuk Britaniya XIX asr oxirida Janubiy – Sharqiy Osiyoda katta – katta bosqinchiliklar qilib, Birma, Malayya va boshqalarni qo‘lga kiritdi. Ingliz mustamlakachilari yirtqich qo‘llarini Xitoyga, Afg‘onistonga, O‘rta Osiyoga, G‘arbiy Afrikaga, Tinch okeani orollariga ham cho‘zmoqda edi.

XIX asrning 90 – yillariga qadar Osiyoda Rossiya, Afrikada Fransiya Angliyaning asosiy raqiblari edi. Lekin asr oxirida Angliya – Germaniya ziddiyatlari keskinlashdi. Angliyaning hukmron doiralari “Germaniya Angliya bilan qasddan xavfli raqobat boshlaganiga va Britaniyaning ustunligini yo‘q qilish uchun bor kuchi bilan kurashayotganiga” ishonch hosil qildilar.

XIX asrning oxrigacha Angliya “ajoyib yakkalik” prinsipiga amal qilib keldi. Bu prinsipning mohiyati boshqa mamlakatlar bilan uzoq muddatli ittifoqlar tuzib, o‘z qo‘lini bog‘lab qo‘ymaslikdan, boshqa mamlakatlar o‘ratasidagi ziddiyatlardan foydalanib qolish va faqat o‘rni kelgandagina o‘z manfaatlariga amal qilib, tomonlardan birini qo‘llab – quvvatlashdan iborat edi. Endi esa Angliyaning “ajoyib yakkalik” prinsipidan voz kechishiga to‘g‘ri keldi. U “qit’adagi soldatlarga” muhtoj bo‘lib, Fransiya va Rossiya bilan yaqinlasha boshladi. Bunda ularning qo‘shinlaridan Germaniyaga qarshi foydalanmoqchi bo‘ldi.

Fransiya qurolli kuch ishlatib, Tunisni, Shimoli-G‘arbiy Afrikani, Madagaskarni, Somalining bir qismini, Hindi-Xitoyni bosib oldi. Fransiyaning Afrikadagi shundan keyingi bosqinchiliklari uning Angliya bilan to‘qnashuviga olib keldi. Fransiyaning hukmron doiralari Germaniyaga nisbatan murosasiz bo‘lganliklaridan Angliya bilan munosabatlarning keskinlashuvi Germaniyaga qarshi kurashish imkoniyatini bo‘shashtirib yuborishini tushunar edilar. Ular Angliyaga yon berdilar va u bilan Afrikani bo‘lib olish haqida bitim tuzdilar. Bu bitim Germaniyaning da’volariga ham qarshi qaratilgan edi. U Fransiyaga XX asr boshlarida Marokashni bosib olish va ko‘pgina yo‘nalishlarda ekspansiyani davom ettirish imkonini berdi. Fransiya Osiyoda Kampuchiyani (Kambodjani), Laosni, Vetnamni (Tonkin va Annamni) Tinch okeanidagi ko‘pdan-ko‘p orollarni bosib olishni nihoyasiga yetkazdi. XIX asr 70-yillarining oxiridan to 1914-yilgacha u o‘z mustamlakalarining hududsini10.5 baravar ko‘paytirdi. Fransiya mustamlakalar bosib olish sohasida Germaniyadan ancha o‘zib ketdi; Fransiya bilan Germaniya o‘rtasidagi mavjud ziddiyatlar yoniga yangilari – mustamlakalar tufayli kelib chiqqan ziddiyatlar qo‘shildi.

Fransiyaning hukmron doiralari mamlakatning xalqaro ahvolini mustahkamlashga harakat qilib, urush – Germaniyaga qarshi revansh tayyorlab va Yevropada gegemon bo‘lib olishni orzu qilib, Buyuk Britaniya va Rossiya bilan yaqinlashmoqda edilar. Rossiya ham o‘z harbiy kuchlarini oshirib bordi1.




Yüklə 3,97 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə