Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə30/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

BASHORAT
Ola qarg‘a qag‘ etadi,
O‘z vaqtini chog‘ etadi.
Maqol
Nikolay zamonida mayiz qimmat, ko‘knor arzon edi:
hozirgi zamonda mayiz arzon, ko‘knor qahat. Esizgina, o‘sha
vaqtda chala siqib tashlangan ko‘knorlar!


171
Mulla Said Jalolxon shuni ko‘nglidan o‘tkazib devorga
suyandi va ko‘zlarini yumdi, burniga qo‘ngan pashshani
qo‘lidagi ro‘molcha bilan qo‘rish malol keldi shekilli, ostki
labini cho‘zib «puf!» dedi. Pashsha ko‘tarildi, ammo shu
ondayoq uning labiga qo‘ndi. Said Jalolxon sekin labini qimtib
pashshani oyog‘idan qisib oldi. Tuzoqqa tushgan bu dilozorni
ushlab, ikki barmoq orasida aylantirib tashlash qasdida ko‘ta-
rilgan qo‘l to labiga kelguncha, la’nati pashsha oyog‘ini sug‘u-
rib qochdi. Said Jalolxonning achchig‘i keldi: yo‘q yerdan
ko‘knor topib, kayf qilib o‘tirganda bu nimasi!
Insof yuzasidan aytganda, pashsha yaramas maxluq: quyib
qo‘yilgan choyga tushib tarvayib yotadi, mayiz talashadi,
pokiza qilib suzib qo‘yilgan ko‘knordan qanoti chiqadi. Qano-
tini ko‘knorga tashlab o‘zi qayoqqa ketadi deng!
Xayol kayfini o‘g‘irlagan pashshani qidirib ketdi.
Uyda g‘ij-g‘ij bo‘lib yotgan pashshalarning qaysi biri o‘sha?
Said Jalolxon darhol eshikni yopib, uzun supurgini qo‘liga
oldi. U supurgini ko‘tarishi bilan hamma pashsha g‘ing‘il-
lashib, bir yerga to‘plandi va bir kirpi holiga keldi. Kirpi
qanot chiqardi, katta bir pashshaga aylandi-da, oldingi oyoq-
lari uzra turib Said Jalolxonga qaradi va g‘ing‘illadi:
– Shoshma, sening orqangda qancha mo‘min namoz o‘qiydi,
xudoning maxluqiga ozor bergani nechuk hadding sig‘adi?
– Qandoq maxluqsan o‘zing? – dedi Said Jalolxon
supurgini yelkasiga qo‘yib.
– Pashshalarning shohi bo‘laman.
– Shoh bo‘lsang, sabab o‘g‘irlik qilgan fuqarolaringni
tergamaysan?
– Sening soqolingga tekkan bir qatra shira mening barcha
fuqarolarimga bir kunlik ovqat bo‘ladi, qandoq qilib sen shuni
o‘g‘irlik deysan? Nimangni o‘g‘irladi?
– Kayfimni o‘g‘irladi! Ne mashaqqatlar bilan ko‘knor topib
kayf qilib o‘tirganimda burnimga va labimga qo‘ndi. Shuning
uchun sendan qasos olaman: qanotingni yulib tashlayman.
Pashshalar shohi yalindi, yolvordi. Said Jalolxon ko‘nmadi.
Oxiri ikkovi murosaga keldi: shoh unga qanot beradigan, u
uchib yurib, gunohkor pashshani o‘zi topadigan bo‘ldi. Shoh
keyingi oyoqlari bilan qanotining ustini siladi, oldingi oyoq-
larini bir-biriga ishqadi, keyin g‘ing‘illadi. Said Jalolxon xuddi


172
baland yerdan o‘zini tashlaganday, yuragi «shuv» etib qanot
chiqardi va uchdi, shu uchganicha necha zamonlar qidirib,
gunohkor pashshani qir etagida o‘tlab yurgan bir eshakning
yag‘iridan topdi. Pashsha jarohat atrofida oqsoqlanib yurar
edi. Said Jalolxon bir qo‘l urib uni hovuchiga qamab oldi,
so‘ngra, darrov o‘ldirib qo‘ymaslik uchun ehtiyot qilib bir
qanotidan ushladi. Pashsha g‘ing‘illadi:
– Labing bilan qisib bir oyog‘imni uzganing yetmasmidi,
yana nima deysan?
– Sen o‘g‘risan! Odam bo‘lganingda shar’an qo‘lingni
kesish lozim bo‘lar edi. Qanotingni yulib tashlayman!
Pashsha yalindi, yolvordi – bo‘lmadi. Oxiri ikkovi kelishdi.
Pashsha Said Jalolxonni ergashtirib bir biyobonga olib
chiqdi. Biyobon somon, qum va toshbaqadan iborat edi.
Pashshaning amri bilan Said Jalolxon bir toshbaqa va bir
dona toshbaqaning tuxumidan oldi. Biyobonning allaqayeri-
dan bir qozon topildi. Said Jalolxon pashshaning amri bilan
tuxumni yerga qo‘yib, ustiga qozonni to‘ntardi va toshbaqani
qo‘yib yubordi. Pashsha bir somon parchani ushlab qozonning
qoq tepasiga qo‘nib turdi. Toshbaqa qozon atrofida aylana
berdi, aylana berdi. Oxiri qozon yorilib chilparchin bo‘ldi,
ammo hech qanday tovush chiqmadi. Toshbaqa bilan tuxum
ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qozon yorilgan vaqtda allaqayoqqa
borib tushgan pashsha ushlab turgan somon parchasini keltirib
Said Jalolxonga berdi va g‘ing‘illadi:
– Mana shuni tering orasiga tiqsang, ko‘zdan g‘oyib bo‘la-
san. Sen hammani ko‘rasan, seni hech kim ko‘rmaydi. Qishloqda
kimda qancha ko‘knor bo‘lsa hammasi seniki bo‘ladi.
Said Jalolxon darhol bir cho‘p bilan bilagini tirmalab,
somon parchani terisi orasiga joyladi va qanday ko‘zdan g‘oyib
bo‘layotganini ko‘rib turdi: boshlab kavshining uchi, so‘ngra
birdaniga tizzasigacha oyog‘i ko‘rinmay qoldi...
Tamom ko‘zdan g‘oyib bo‘lganidan so‘ng Said Jalolxon
tikka o‘zining ulfati mulla Shamsiddinning uyiga bordi.
U eshik oldidagi supada, oldida bir g‘alvir mayiz, cho‘pini
terib o‘tirgan edi. Said Jalolxon tovush chiqarmay uning
yoniga borib o‘tirdi. Mulla Shamsiddin uni ko‘rmadi, g‘alvirga
qo‘l solib bir changal mayiz oldi – payqamadi.


173
Said Jalolxonga uning bir qadoqqa yaqin ko‘knorisi borligi
ma’lum edi, shu ko‘knorini izlab uyga kirdi. Hujrada bir
qadoq emas, bir lingcha ko‘knor bor ekan. Said Jalolxon
ko‘knorining hammasini ko‘tarib jo‘nadi, uni hujrasiga qo‘yib
yana ko‘p joylarga bordi, hatto yuk avtomobilining kapoti
ustiga ayri minib shaharga ham tushib chiqdi. Hech qayerda
bunday ulgurji g‘animat uchramadi. Said Jalolxon yiqqan
ko‘knorini uyning o‘rtasiga to‘kib, qancha vaqtga yetishini
mo‘ljallab ko‘rdi – olti oyga yetar ekan. Bu atrofda ko‘knor
qolmadi-ku, olti oydan keyin nima bo‘ladi? Said Jalolxonni
vahima bosdi.
Birdan uning esiga bir narsa tushdi: modomiki uni hech
kim ko‘rmas ekan, xo‘jalik raisining oldiga borib, «bu yil
paxta atrofiga ko‘knor ektirib berasan», desa nima qiladi?
Said Jalolxonga bu fikr shuncha yoqdiki, aqli ko‘payib, boshi
kattaroq bo‘lganini sezdi.
Said Jalolxon tikka xo‘jalik idorasiga bordi. Rais o‘zi yakka
qatiq ichib o‘tirar ekan. Said Jalolxon har holda avval o‘zini
bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi: qani, rais ko‘radimi, yo‘qmi?
– Assalomu alaykum! – dedi raisga ro‘para bo‘lib. Rais
tovush qayoqdan kelganini bilmay alangladi, so‘ngra qo‘rqib
rangi o‘chdi-da, mo‘ylovida qolgan qatiq yuqini yengi bilan
artib, sekin o‘rnidan turdi.
– Qo‘rqma, qo‘rqma! – dedi Said Jalolxon dadillanib,–
senga ham arz, ham farmon qilgali keldim: bu yil paxta
atrofiga ko‘knor ektirasan.
Rais hushi yo‘q, javob berdi:
Majlis qilib, o‘rtaga solish kerak...
– Majlis qilasanmi, ma’raka qilasanmi, ertaga ish
boshlamasang, kechasi uyingga kafanlik kiraman. Men arvoh
bo‘laman!..
Rais rozi bo‘ldi. Said Jalolxon raisning oldidagi qatiqni
qo‘shqulog‘i bilan olib chiqib ariqqa tashladi.
Shunda uning boshiga yana bir fikr keldi va bu fikrdan
boshi yana ham kattaroq bo‘lganini his qildi: «Modomiki
paxta atrofiga ektirish qo‘limdan kelar ekan, nima uchun
hamma yerga ko‘knor ektirmayman?»
Said Jalolxon qaytib kirdi, bor tovushi bilan baqirdi:
– Hamma yerlaringga ko‘knor ektirasan!


174
Rais ko‘ndi. Said Jalolxon ketdi. Yo‘lda uning boshiga
yana bir fikr keldi: «Raisga qilgan do‘qimni hukumatga qilsam,
o‘zimni xon ko‘tara olmaymanmi?»
Bu fikrdan uning kallasi yana ham kattaroq bo‘lib, juda
og‘irlashib ketdi. «Aql kallani bunday katta qilsa va bunday
og‘ir bo‘lsa, – der edi u ichida, – Aflotunning o‘z ajali bilan
o‘lganiga ishonmayman, uni albatta kallasi bosib o‘ldirgan».
U hujraga kirishi bilan birvarakayiga go‘yo qiyomat qo‘p-
di. Ko‘chada yugur-yugur, shovqin, itlar vangillagan, tovuqlar
qiyqillab qochgan, gursillab devorlar yiqilgan, sharaqlab
daraxtlar qulagan... Qandaydir bir xotin qichqirdi:
– Kim ekan u, bizga ko‘knor ektiradigan!..
Bu tovush hammayoqni larzaga keltirdi. Hujraning devor-
laridan chang yog‘di, tokchadagi mis lagan jangillab ketdi.
Said Jalolxon tezda mulla Shamsiddinning oldiga bordi
va o‘z terisi orasidagi somon parchasini sindirib yarmini unga
berdi. Ikkovi dashtga chiqib baravariga na’ra tortdi. Ko‘z
ochib yumguncha necha ming piyoda va suvori kishilar paydo
bo‘ldi. Bularning hammasi kuloh kiygan va tug‘ ko‘targan
edi. Ming-ming toshbaqa ming-ming qozon atrofida aylanib,
ko‘zga ko‘rinmaydigan necha yuz ming lashkar bo‘ldi. Shu
yerning o‘zida unga «Said Jalolxoni sohibqiron» deb nom
berildi va xon ko‘tarildi. Mulla Shamsiddin unga vazir bo‘ldi.
Musulmonobod yo‘lida g‘azotni boshlash uchun hamma
narsa tayyor, faqat yarog‘-aslaha yo‘q edi. Afg‘onistonga o‘tib
ketgan ko‘r Shermatga Said Jalolxoni sohibqiron nomidan
darhol noma yozildi. Nomaga javob ham keldi. Javobda ko‘r
Shermat «Necha ming sipohi bilan yo‘lga chiqdim, Sizga
o‘z belimdagi shamshirimni yubordim», debdi.
Shunday qilib, ish borgan sari katta bo‘lar va ish katta
bo‘lgan sari Said Jalolxonning kallasi og‘irlashar edi.
Xudo allaqaysi tog‘ning g‘orida «Qirarman» va «Yig‘ar-
man» nomli ikki maxluqni Said Jalolxonning xon bo‘lishiga
atab boqib yurgan ekan, yarim odam, yarim maymun qiyo-
fasidagi bu ikki jonivor kelib xonga salom berdi va har qaysisi
o‘z hunarini aytdi. Qirarman – ro‘para kelgan kishining kalla-
sini uzib tashlar, Yig‘arman – kallasiz tanalarni sarjinga o‘x-
shatib taxlar ekan. Said Jalolxon ko‘p xursand bo‘ldi. U qo‘z-
g‘algan qishloqni qilichdan kechirgani bu jonivorlarning yoniga


175
necha ming so‘filardan qo‘shib berdi. Ular dashtni changitib
ketar ekan, orqalaridan Said Jalolxon qichqirib qoldi:
– Qiringiz! Quritingiz! Ekindan ko‘knor, jon egasidan
toshbaqa bilan pashsha qolsa bas!
Bular ketgandan keyin Said Jalolxon g‘ayratiga chidolmay
shamshir sug‘urdi va havoda o‘ynatib, askarga farmon berdi:
– Ot qo‘yingiz! G‘azot! Qishloqqa ot qo‘yingiz!
Oldinda xon, ko‘rinmas askar quyunday borar edi.
Banogoh Said Jalolxonning ko‘zi qarshidan ot qo‘yib kela-
yotgan mulla Shamsiddinga tushdi. Mulla Shamsiddin kelib
otdan tushdi, xonning oyog‘ini o‘pdi.
– Qishloqda askarlar bor. Yaqiniga borishning sira iloji
yo‘q, – dedi.
Qishloq tomonda yana chang ko‘rindi. Yig‘arman kelar
edi. U ham kelib otdan tushdi va xonning oyog‘ini o‘pib,
zo‘r musibatdan darak berdi:
– Qirarman shahid! – dedi.
Said Jalolxon ishongan tog‘i xususidagi bu xabarni eshitib
oh tortdi va otdan yiqildi, boshi bilan tushdi, kimdir uning
boshini juda ham katta va haddan tashqari og‘ir latta bilan
bog‘ladi, shundan so‘ng hushidan ketdi.
Xon talay vaqtdan keyin hushiga kelib ko‘zini ochdi va
o‘zini o‘z hujrasida ko‘rdi. Yonida vaziri mulla Shamsiddin
cho‘kka tushib o‘tirar edi.
– Nima bo‘ldi? Qani shamshir, qani ot? – dedi xon
boshini ko‘tarib: ammo boshi shunday og‘rir ediki: yana
yostiqqa qo‘ydi.
Mulla Shamsiddin ro‘molchasi bilan uni yelpib, yig‘lam-
sirab dedi:
– Axir, mulla Said Jalolxon, nega kishini qo‘rqitasiz?
Nima? Shamshir nimasi? Qanaqa ot?
Said Jalolxon mulla Shamsiddinning yig‘lamsirashidan
qishloqqa ketgan boshqalarni ham shahid bo‘lgan gumon qildi.
– Hammasimi? Hech kim qolmadimi? Hozir xabar
oldiring! Afg‘oniston yo‘liga kishi chiqaring!
Said Jalolxon o‘rnidan turgan edi, gandiraklab yiqildi.
Mulla Shamsiddin kuyib-pishib hech qanday g‘azot, hech
qanday askar yo‘qligini, uning ertalabdan beri shu yerda
yotganini uqtira boshladi.


176
– Ahmoq, – dedi xon achchig‘i kelib, – axir, men otdan
yiqildim... Boshimning og‘rig‘i hali bosilgani yo‘q-ku! Nima
uchun men seni ko‘rib turibman? Boshimning katta bo‘lganiga
nima deysan?
– Boshingiz katta bo‘lgani yo‘q, axir, – dedi mulla Sham-
siddin jerkib, – men kelsam mana bu sabil mo‘ridan shamol
toshko‘mir tutunini qaytarib, butun uy tutunga to‘lgan ekan.
Xudo ko‘nglimga solib kelmasam, halok bo‘lar edingiz!
Said Jalolxon hamon ishonmas edi. U devorlarni ushlab,
tashqari chiqdi, ikki qadam bosish bilan yana yiqildi. Mulla
Shamsiddin xizmat qilib, bir necha soatdan keyin arang uni
o‘ziga keltirdi. Said Jalolxon butun boshdan kechirganlarini
inqillay-inqillay hikoya qilib berdi.
– Men sizning ko‘knoringizni olib kelgan edim, – dedi
yana aynib.
– Qanaqa ko‘knor?
Said Jalolxon yana o‘ziga kelib uh tortdi.
– Bu bir bashorat, – dedi mulla Shamsiddin anchadan
keyin.
Ertasiga ikki o‘rtoq musulmonobod qilish uchun toshbaqa
izlab cho‘lga chiqib ketishdi.

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə