Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti ijtimoiy kafedrasi


Tarixiy shaharlar (Buxoro, Samarqand, Marg‘ilon, Qarshi, Toshkent, Xiva, Shahrisabz) yubileylarining xalqaro miqyosda keng nishonlanishi



Yüklə 1,29 Mb.
səhifə11/72
tarix28.04.2023
ölçüsü1,29 Mb.
#107515
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   72
Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti ijtimoiy kafedrasi

Tarixiy shaharlar (Buxoro, Samarqand, Marg‘ilon, Qarshi, Toshkent, Xiva, Shahrisabz) yubileylarining xalqaro miqyosda keng nishonlanishi.

  • Toshkent shahri – Islom madaniyati poytaxti.

    Tarixiy xotiraning tiklanishi. O‘zbekiston suveren davlat sifatida ijtimoiy-siyosiy hayotda ma’naviy yangilanish jarayonini amalga oshirmasdan mustaqillikni har tomonlama mustahkamlab bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Shuning uchun ham mamlakat rahbariyati istiqlolning dastlabki paytidanoq bu borada zarur choralar ko‘rdi. 1991-yili Alisher Navoiy tavalludining 550-yilligi keng nishonlandi. Alisher Navoiy nomida Davlat mukofoti ta’sis etildi. Adabiyot institutiga Alisher Navoiy nomi berildi. Navoiy haykali Toshkentning Komsomol ko‘li deb nomlangan istirohat bog‘iga o‘rnatildi va bu bog‘ Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i deb ataladigan bo‘ldi.


    1994-yilni hukumat qarori bilan mamlakatimizda Ulug‘bek yili, deb e’lon qilinishi, uning 600-yilligini O‘zbekistonda va jahon miqyosida, xususan, YUNESKO qarorgohi Parijda keng nishonlanishi ham buyuk allomalar qoldirgan meros umuminsoniy qadriyatga aylanganligining nishonasidir. 1996-yil Amir Temur tavalludining 660 yilligi ham keng miqyosda nishonlandi. Mamlakat Prezidenti “1996-yilni Amir Temur yili” deb atash to‘g‘risida farmon qabul qildi. “Temur tuzuklari” bir necha tilda chop etildi. O‘sha davr tarixiy-madaniy yodgorliklari tiklanib, yozma adabiyotlar ilmiy muomalaga kiritildi. Juda qisqa fursatda Toshkentda bobokalonimizning dunyoviy sha’ni va shavkatiga mos keladigan Temuriylar tarixi davlat muzeyi qurildi.
    Hukumatning maxsus qaroriga binoan, 1999-yil dekabrda Xorazmda Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 190 yilligi, Nukusda Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li tavalludining 175 yilligi, 1998-yil oktabrda esa Farg‘onada Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlandi. Islom olamining zabardast allomalari bo‘lmish Imom Ismoil Buxoriyning 1225 yilligi, Imom Abu Iso Termiziyning 1200 yilligi, Mahmud Zamaxshariyning 920 yilligi, Najmiddin Kubroning 850 yilligi, Bahouddin Naqshbandiyning 675 yilligi, Xoja Ahror Valiyning 600 yilligi va boshqa allomalarning yubileylari keng nishonlandi.
    1993-yil Toshkentda, 1996-yil Samarqand va Shahrisabzda Amir Temur haykali ochildi. Shu yili Samarqand va Shahrisabz shaharlari «Amir Temur» ordeni bilan mukofotlandi.
    Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan elu yurtga mehnati singgan insonlarning hurmatini joyiga qo‘yish an’anasi davom ettirilmoqda. 2017–2018-yillarda bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi. Toshkent, Samarqand va Qarshida Islom Karimov, Namangan viloyatida Is’hoqxon Ibrat, Xorazm viloyatida Komiljon Otaniyozov, Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov, Farg‘onada Erkin Vohidov, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Andijonda Muhammad Yusuf xotiralarini abadiylashtirish bo‘yicha yirik tadbirlar o‘tkazildi. Ularning nomi bilan ataladigan markazlar, ijodiy maktablar tashkil etildi. Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorlik majmuasi ochildi.
    Yrtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanishi xalqimizni quvontirdi. O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2017-yil 6-noyabr – Sharof Rashidov tug‘ilgan kuni Jizzaxda tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jizzax shahridagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Islom Karimov haykallari O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahriga va Islom Karimov birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahriga o‘rnatildi.
    Respublika rahbarligiga Islom Karimov kelgach, Sharof Rashidov shaxsiga nisbatan barcha tuhmat va ta’qiblar to‘xtadi. Uning pok nomi oqlandi. 1992-yil Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi. 2016-yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berildi. Bundan tashqari, Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etildi. Islom Karimov ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Shuningdek, bir qator ko‘chalar va yirik obektlarga Islom Karimov nomi berildi. Prezident farmoni bilan 2018-yil 30-yanvarda Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng nishonlandi, 24-martda esa Samarqandda xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
    Milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an’analarning tiklanishi. Istiqlol sharofati bilan xalqimizning milliy-ma’naviy merosini tiklash va yangilash hamda xalqimiz ongiga etkazish va turmushiga singdirish muhim vazifalardan biri sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
    O‘zbekistonda rasman 3 ta xotira kuni mavjud: 1) 1999-yildan boshlab 9 may – «Xotira va qadrlash kuni»; 2) 2001-yildan e’tiboran 31-avgust – «Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni»; 3) 2017-yildan boshlab 2-sentabr – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi kuni.
    Xalqimizning azaliy qadriyati, sevimli bayrami hisoblanmish “Navro‘z” bayramining xalqimizga qaytib berilishi mamlakat tarixida katta voqea bo‘ldi. 1991-yildan boshlab mamlakatda Prezident farmoniga ko‘ra, 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Qadimiy xalq bayrami – Navro‘zning tiklanishini respublikamizning butun aholisi mamnuniyat bilan ma’qullab, ko‘tarinki ruhda kutib oldi va hozirda ham ardoqli bayram sifatida nishonlamoqda. 2016-yil o‘zbek palovi YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi.
    O‘zbekiston hali sovetlar qaramog‘ida turgan og‘ir kunlarda Islom Karimov xalq xohish-irodasiga quloq tutib, unutilmas tarixiy hujjatga imzo chekdi. 1990-yil 2-iyun kuni “Musulmonlarning Saudiya Arabistoniga haj qilishi to‘g‘risida”gi farmonini e’lon qildi. Mamlakatda Islom dini omilidan unumli foydalanish, uning boy ma’naviy va madaniy qadriyat sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko‘rildi. Jumladan, 1990-yilda musulmonlarning Haj ziyoratiga borishini kafolatlaydigan Prezidentning maxsus farmoni qabul qilindi.
    1992-yil 27-martda O‘zbekiston Prezidentining “Ro‘za hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra musulmonlar hayotidagi qutlug‘ sanalar – Qurbon va Ramazon hayit kunlarini doimiy ravishda bayram qilish va ularning dam olish kunlari deb e’lon qilinishi ham aynan xalqimiz ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Mustaqillik sharofati bilan “Islom nuri” haftanomasi, “Hidoyat” jurnali dunyoga keldi, ko‘plab diniy-axloqiy adabiyotlar chop etila boshlandi.
    Jumladan, Imom Buxoriyning to‘rt jilddan iborat, Imom Termiziyning bir jildli hadis kitoblari, boshqa allomalarning qator asarlari yuz minglab nusxalarda chop etildi. Qur’oni Karim sakkiz marta, jami bir million nusxada nashr etildi. Bu muqaddas kitob yurtimizda ilk bor 1992-yil Alouddin Mansur tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi va uch marta, jami 300 ming nusxada bosmadan chiqarildi.
    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi sonining va so‘nggi yillarda haj ziyoratiga borish istagini bildirganlar sonining oshib borayotgani e’tiborga olinib, 2017-yildan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi soni 5200 dan 7200 nafarga ko‘paytirildi.
    2004-yili esa Toshkent Islom universitetida Qur’oni Karimning shayx Abdulaziz Mansur tarjimasida izohli nashri tayyorlandi hamda chop etildi. O‘zbekiston musulmonlari erkinlik va qulay imkoniyatlarga ega bo‘lmoqdalar. Ular bevosita hukumat yordamida har yili muqaddas haj va umra amallarini ado etish imkoniyatiga erishdilar. Agar sovet davrida mamlakatimiz fuqarolaridan 3–4 kishigina haj safarini ado etgan bo‘lsa, 2016-yilga qadar har yili 5000 dan ortiq fuqarolarimiz hoji bo‘lib qaytishadi. Tabiiyki, ma’naviy-ruhiy poklanish, qadriyatlarning tiklanishi bir kunda bo‘ladigan jarayon emas, balki u bizdan muntazam ravishda izchillik bilan ish olib borishimizni talab etadi. “Imom Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi, “Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari fikrimizning yaqqol isbotidir. 2003-yili esa Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 900 yilligi keng nishonlandi.
     1997-yil – Xiva va Buxoro shaharlarining 2500 yillik yubileyi nishonlandi.
     2002-yil – Termiz shahrining 2500 yillik yubileyi nishonlandi.
     2002-yil – Shahrisabz shahrining 2700 yilligi nishonlandi.
     2003 yil – Nukus shahrining 70 yilligi nishonlandi va shahar “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
     2006-yil – Qarshi shahrining 2700 yilligi nishonlandi.
     2006-yil – Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlandi.
     2007-yil – Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi o‘tkazildi.
     2007-yil – Marg‘ilon shahrining 2000 yillik yubileyi o‘tkazildi.
     2009-yil – O‘zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
    Ma’naviyat targ‘iboti. Mamlakat ma’naviy hayotini yanada yaxshilashda 1994-yil Prezident qarori bilan tashkil etilgan “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik Markazi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mamlakatimizda milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini, ularning hayotiyligi va ta’sirchanligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-avgustdagi qarori bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengash tarkibida ikki markaz – Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Bosh vazir Kengash raisi, hokimlar viloyat hududiy kengashlari raisi etib belgilandi.
    Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimi zamon va sharoit taqozosiga ko‘ra takomillashtirildi. Bugungi kunda dunyodagi murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qayta tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga raislik qilishi belgilandi. Ma’naviyat maskanlari. Teatr. Mustaqillik yillarida madaniy hayotda ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Bu, avvalo, teatr san’ati rivojlanishida yaqqol sezila boshladi, yangi teatr dargohlari qurib ishga tushirildi. 1991-yilda Farg‘ona, 1993-yilda Xorazmda davlat qo‘g‘irchoq teatrlari ish boshladi, 1994-yilda Qashqadaryo va Namangan viloyat teatrlari qoshida qo‘g‘irchoq guruhlari, 2001-yilda Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri ochildi. O‘zbek davlat akademik drama (2001-yil) va O‘zbekiston akademik rus drama teatrlari (1999-yil) kabi poytaxt hamda viloyat teatr jamoalariga yangi binolar qurildi, ta’mirlandi. 2015-yilning oktabrida rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
    1993-yilning sentabrida “Turkiston” saroyi ish boshladi. 2009-yilda “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyi, 2011-yilda Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidan tashkil topgan Ma’rifat markazi majmuasi, 2014-yilda Farg‘ona viloyatida Teatr-konsert saroyi kabi ma’naviyat maskanlari ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston teatr san’atini rivojlantirish to‘g‘risida”gi (1998-yil) farmoniga muvofiq ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda teatr arboblarining faol ishtirokini ta’minlash, milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi badiiy barkamol sahna asarlari yaratish kabi maqsadlarda “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. 2017-yil faoliyati tanqidiy o‘rganilib, “O‘zbekteatr” birlashmasi tugatilib, uning funksiyalari Madaniyat vazirligiga o‘tkazildi.
    2001-yil O‘zbek davlat akademik drama teatriga Prezident farmoni bilan “Milliy teatr” maqomi berildi. 2014-yilda Prezident “O‘zbek milliy akademik drama teatrining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Ushbu qarorga muvofiq teatr ta’mirlandi va yubiley tadbiri bo‘lib o‘tdi.
    Poytaxtdagi respublika teatrlari qatorida viloyat jamoalari ham xalqaro madaniy munosabatlarda qatnashib kelmoqda. Bu borada O‘zbekiston Yoshlar teatri, Ilhom teatri va Qashqadaryodagi “Eski masjid” teatr-studiyasi faollik ko‘rsatdi. 2018-yil O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzurida ilk bor harbiy teatr-studiya – «Turon» tashkil etildi. Mazkur teatr nafaqat harbiylar va ularning oilalari, balki barcha uchun xizmat ko‘rsatadi.
    Boshqa sohalarda bo‘lgani singari, 2017-yil teatr san’ati sohasida ham keng islohotlar boshlandi. eng avvalo, 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish hamda takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash belgilab qo‘yildi. Madaniyat muassasalarining faoliyatini tashkil etish, madaniyat va san’atning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniyga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud 37 ta teatr faoliyatini ta’minlash uchun 2017-yilning o‘zida davlat budjetidan 81 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat madaniyat muassasalari artistlari, ma’muriy-boshqaruv, badiiy-rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining mehnat haqi miqdorlari o‘rtacha 45 foizga oshirildi.
    Musiqa va raqs san’ati. Mustaqillik yillarida musiqa san’atida tub burilish asliga qaytish an’anaviy ohanglardan bahramandlik va ta’sirlanishda namoyon bo‘ldi. Buning uchun, eng avvalo, xalqqa yaqinlashish, el orasida yurish, eng noyob xalq iste’dodlarini izlab topish zarur edi. Shu maqsadda 1992-yili bir qancha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi. Jumladan, Toshkent shahrida mart oyida milliy soz ijrochilarining “Asrlarga tengdosh navolar”, aprel oyida mashhur san’atkorlar asarlari ijrochilarining “Boqiy ovozlar”, Xorazm viloyatida may oyida folklor jamoalarining, iyun oyida Qo‘qon shahrida askiya, qiziqchi va masxarabozlarning va avgust oyida Toshkent shahrida lapar, yalla ijrochilarining ko‘rik-tanlovlari tashkil etildi. Ular bir necha o‘nlab iste’dodlarni kashf qildi. Bu kabi tadbirlar, festivallar o‘tkazilishi an’anaga aylanib, xalqaro miqyosda nomoddiy madaniy merosni asrash yuzasidan olib borilayotgan harakatlar bilan uyg‘unlashib ketdi.
    Mustaqillik davrida professional musiqa va raqsni rivojlantirish ishlariga ham e’tibor qaratildi. 1996-yil “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 1997-yil Mukarrama Turg‘unboeva nomidagi “O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi hamda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tuzildi. 2001-yil “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi ish boshladi. Istiqlol davrida tamomila yangi ko‘rik-tanlovlar, festivallar yuzaga keldi.
    1995-yilda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston – Vatanim manim” mavzuida ko‘rik-tanlov o‘tkazish yuzasidan qaror qabul qildi. 1996-yil mart oyidan o‘tkazilib kelinayotgan “O‘zbekiston – Vatanim manim” mavzuidagi ko‘rik-tanlovi mustaqillikni, Vatanni anglash, uni ulug‘lash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Shuning uchun ham 1996-yil 27-avgust kuni maxsus farmon qabul qilindi. Unda har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasi, “O‘zbekiston – Vatanim manim” qo‘shiq bayrami kuni deb e’lon qilindi. Tanlov mustaqillikni madh etuvchi yuzlab qo‘shiqlar yaratilishiga turtki bo‘ldi.
    Vazirlar Mahkamasining 1997-yildagi qarori bilan har ikki yilda bir marotaba Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazila boshlandi. Birinchi festivalda dunyoning 31 mamlakatidan vakillar ishtirok etishdi. Festivalning mintaqaviy qamrovi ham tobora kengayib bormoqda. 2015-yili X festivalda 66 mamlakatdan vakillar qatnashdi.
    YUNESKO tomonidan yuritiladigan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan SHashmaqom (2008), Boysun madaniy muhiti (2008), Navro‘z (2009), Katta ashula (2009), Askiya (2014) o‘rin oldi. 2017-yilda Prezident qarori bilan O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etildi. 2018-yildan boshlab SHahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati festivalini o‘tkazish belgilandi. 1998-yili mamlakatimizda birinchi marta simfonik musiqa festivali o‘tkazildi. Mazkur festivalda dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlaridan ijrochilar ishtirok etishdi.
    Mustaqillik yillari musiqa san’atini akademik, an’anaviy va zamonaviy yo‘nalishlarida rivojlanishiga zarur shart-sharoitlar yaratish qatorida uning ta’limiga ham e’tibor berildi. 2002-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirildi. Konservatoriyaning yangi binosi qurildi.
    Prezidentning qarori bilan qabul qilingan Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha davlat dasturi ham muhim o‘rin tutib, uning doirasida 2009–2014-yillarda hududlarda 278 ta musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirildi.
    “Nihol”, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotlari ta’sis etilishi, “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivali, “Sozlar navosi” yosh musiqa ijrochilari va boshqa ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinayotgani yangi iste’dodlarni ro‘yobga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga xizmat qiladi.
    Tasviriy san’at. Tasviriy san’at uchun mustaqillik keng imkoniyatlar yaratib berdi. Avvalo, 1997-yilda O‘zbekistonda birinchi bor Badiiy akademiya tashkil etildi. 2002-yili Toshkent foto uyi, 2004-yili O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, 2005-yili O‘zbek liboslari galereyasi, 2006-yili Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi ish boshladi.
    Mamlakat Prezidentining 1997-yil “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atini yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida amaliy bezak san’ati ahamiyatini oshirish, qo‘lda ishlanadigan badiiy buyumlarni tayyorlashda davlat tomonidan madad berilish choralari belgilandi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni ta’sis etildi, “Hunarmand” uyushmasi tashkil qilindi. Qolaversa, hunarmandlar daromad solig‘idan ozod etildi.
    Kino. Mustaqillik yillarida milliy kino san’atini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki davrdagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlashlar 2004-yili “O‘zbekkino” milliy agentligi tashkil etilgandan keyin yangi bosqichga ko‘tarildi.
    2017-yil kino san’ati uchun ham muhim yil bo‘ldi. Birgina shu yilning o‘zida “O‘zbekkino” milliy agentligiga davlat budjetidan 12 milliard 400 million so‘m ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 29-dekabr kuni milliy kino san’ati xodimlari va mutasaddilari bilan uchrashdi. Unda kino san’atining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish, hududlarda kinoteatrlar qurish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kinematografiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, xorijiy kinostudiyalar va kinoijodkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda filmlar yaratishni yo‘lga qo‘yish ta’kidlandi.
    Badiiy adabiyot. Mustaqillik yillarida badiiy adabiyotda milliylik, ming yillik tarixiy ijodiy an’analar, umuminsoniy qadriyatlar, erkin fikr yuritish tamoyillari tiklandi. Badiiy adabiyotda mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan qurish, barkamol insonni tarbiyalash, milliy o‘zlikni anglash kabi masalalar bosh mavzu bo‘lib qoldi. Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xurshid Davron kabi ijodkorlarning tarixiy roman, pesa va qissalarida ulug‘ bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur va boshqalarning siymolari umuminsoniy va milliy qadriyatlarga mos tarzda yangicha talqinda yoritildi.
    Mustaqillik davri adabiyotining yalovbardorlari O‘zbekiston qahramonlari Said Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuflar ijodiy faoliyati bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Istiqlol davridagi o‘zbek adabiyotshunosligi oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda O.Sharofiddinov, B.Qosimov, N.Karimovlarning asarlari alohida o‘rin egallaydi. Muhammad Ali va T.Malikning romanlari, U.Azim, E.A’zam, S.Sayyid, H.Xudoyberdieva, H.Ahmedova, J.Ergasheva, X. Do‘stmuhammad, Sh.Salimova singari shoir va adiblarning badiiy barkamol, g‘oyaviy etuk asarlari katta hissa bo‘lib qo‘shildi.
    Umuman, adabiyotga e’tibor madaniyatning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoldi. Yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida 2010-yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondi tashkil etilib, 2011-yildan yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari davlat hisobidan chop qilina boshlandi. Adabiyotga e’tibor 2017–2018-yillarda yanada kuchaydi. 2017-yil 12-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu yildan 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan kitobsevarlar o‘rtasida “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik tanlovi tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvida bir qator madaniy muassasalarga homiy tashkilotlar belgilab berildi. Shu yo‘nalishda Xalq banki bilan Yozuvchilar uyushmasining “Do‘stlar klubi” tashkil etildi. “Do‘stlar klubi”ning tashkil etilishi yozuvchi va shoirlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning ijodiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, munosib ish va turmush sharoiti yaratib berish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
    Muzey. Millatimizning o‘zligini anglashda hamda milliy, tarixiy qadriyatlarimizni tiklashda muzeylar alohida o‘rin tutadi. Muzeylar orqali o‘tmishni, tarixni ko‘rish, eslash, sezish, o‘rganish mumkin. Shu boisdan ham, mustaqillik yillarida mavjud muzeylarni ta’mirlash, ularni yangi eksponatlar bilan boyitish, yangi muzeylar barpo etishga alohida e’tibor berildi. 1996-yili Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati, 2002-yili Qatag‘on qurbonlari xotirasi, Surxondaryo viloyatining markazi – Termiz shahrida Arxeologiya muzeyi ish boshladi. 1991–1994-yillarda 73 ta muzey mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2017-yilda 450 ga yaqin muzey faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston Prezidentining 1998-yildagi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda muzey ishini rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi. Muzeylar davlat muhofazasiga olindi, ularni ta’mirlash, muzey eksponatlarini boyitish davlat budjeti hisobidan moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1998-yilda “O‘zbekmuzey” Respublika jamg‘armasi tuzildi. Aholining muzeyshunoslik madaniyatini oshirishga ko‘maklashuvchi “Moziydan sado” jurnali ta’sis etildi va u 1999-yildan boshlab o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etila boshlandi.
    Yoshlar ma’naviyatida muzeylarning ahamiyati hisobga olinib, 2014-yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan haftaning seshanba va juma kunlari bolalar va ularning ota-onalariga bepul xizmat ko‘rsatish, har yili 2–8 sentabr kunlari “Muzeylar haftaligi”ni tashkil etish belgilandi. Shunday qilib, davlat madaniy hayotning ko‘p qirrali xususiyatini saqlagan holda jamiyat rivojlanishiga qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratib kelmoqda. Shuningdek, madaniyat O‘zbekiston aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlarga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

    Yüklə 1,29 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
  • 1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   72




    Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
    rəhbərliyinə müraciət

        Ana səhifə