40
e-mail: til_adabiyot@umail.uz
Tadqiqotlar
Aytish mumkinki, tasavvuf adabiyotining vakillari
dastlab o‘zlarigacha mavjud bo‘lgan poetik obrazlarga
yangi mazmun va g‘oya yukladilar, ya’ni ularning mo-
hiyatini yanada chuqurlashtirib yubordilar. Keyinchalik
esa yangidan yangi obrazlarni ham adabiyotga olib
kirdilar. Bu jarayonda, avvalo,
ramz va timsollarning
tabiiy xossalari so‘fiy shoirlar diqqat markazida turgan.
Masalan,
ko‘z
tasavvuf she’riyatida komil insonni,
qosh
ilohiy olam bilan moddiy olam chegarasini,
soch
esa
dunyo tashvishlarini ifoda etganini ko‘rishimiz mumkin.
Bunday ramzlashuv mazkur obrazlarning tabiiy xususi-
yatlari bilan uzviy bog‘liq. Xususan, tabiatan ko‘z faqat
o‘zgalarni ko‘radi. Unda o‘zlik holi yo‘q. Komil inson esa
ayni shunday sifatga ega bo‘lishi, ya’ni Navoiy aytga-
nidek, o‘zluk yukidan, menidan butunlay xoli bo‘lishi
kerak. Qosh esa ko‘zni peshonadan ajratib turadi. Bu
bilan u moddiy olam vakili bo‘lgan komil inson – ko‘zni
ilohiy olam haqiqatlari bitib qo‘yilgan maskan – pe-
shonadan ajratib turuvchi chegaradek, go‘yo. Soch esa
dunyo tashvishlari kabi sanoqsiz.
Ramzlashuvdagi bu yondashuv may timsoliga ham
taalluqlidir. Demak, tasavvuf
adabiyotida mayning ilohiy
ishq ma’nosini beruvchi istiloh darajasiga ko‘tarilishiga
asosiy sabablardan yana biri uning tabiiy xususiyatlari
jihatidan ishqqa yaqinligidir. Bunday o‘xshashlik haqi-
da Abdurahmon Jomiy ham munosabat bildirgan. U
o‘zi ning “Lavome’” asarida muhabbat bilan mayning
quyi
dagi o‘nta o‘xshash jihatini sanaydi: may o‘zi-
ning asliy o‘rni bo‘lmish xum ichidan qaynab, o‘zini
ko‘rsatishga harakat qilganidek, oshiqlar ko‘nglidagi
yashirin ishq ham g‘alayon qilib zuhur etishga intiladi;
may o‘z zoti haddida muayyan bir shaklga ega emas,
qaysi idishga tushsa, shu idishning ichki shaklini ola-
di. Xuddi shuningdek, ishq aslan mutlaq bo‘lib,
uning
zuhurida muhabbat ahlining qobiliyati va iste’dodiga
yarasha sodir bo‘ladi. Oshiqlar orasidagi tafovut ishq-
ning zotiy xususiyatiga emas, ularning ko‘ngil idishiga
bog‘liqdir; mayning ham, ishqning ham siroyati yalpi
jarayondan iboratdir. May kishining hamma a’zosiga
ta’sir qilganidek, ishq ham oshiqning qon-u joniga kirib,
uning butun vujudini egallab oladi; may o‘zining ich-
kuvchisini, ishq sevguvchini mard-u saxiy qilib qo‘ya-
di. Ammo may masti pulni ayamasa,
ishq masti jon-u
jahonni, bor-u yo‘g‘ini baxshida qiladi; may ham, ishq
ham kishini qo‘rqmas va botir qilib qo‘yadi. Lekin may
botirligi oqibatni ko‘ruvchi aqlning mag‘lub bo‘lishidan
bo‘lsa, ishq shijoati haqiqat nuri ning g‘olibligidandir.
Birin chisi shaxsni falokat-u halokatga olib boradi, ikkin-
chisi abadiy hayot-u saodatga boshqaradi; may ham,
ishq ham kishi boshidan kibr-u havoni uchiradi. Biroq
ichkilikning oqibati xorlig-u razolatdir, pok ishq natijasi
izzat-u sharofatdir; may ham, ishq ham sirni fosh qiladi.
Asrlar davomida ayon bo‘lgan haqiqat-u ma’rifat sirla-
rini
ishq yuzaga chiqargan; may ham, ishq ham kishini
behush qiladi. Ammo may behushligi nodonlik va g‘af-
latning tuban darajasidir, ishq behushligi esa sezgirlik
va ogohlikning eng oliy martabasidir; mayparast mayni
ichgan sari yana ko‘proq ichgisi keladi, ishqparast ham
ishq dardiga mubtalo bo‘lgan sari yana ortiqroq berila
boradi. Lekin ichuvchi borgan sari odamiylik qiyofasini
yo‘qota boradi, sevuvchining esa
insoniy fazilatlari orta
boradi; may ham, ishq ham nomus-u hayo pardasini
ko‘taradi. Biroq ichgan o‘zidan o‘zgani haqorat qilib,
xalqqa ozor berishdan uyalmaydi, sevgan esa o‘zgalar
uchun o‘zini xor-u zor qilishdan or qilmaydi.
7
Biz yuqorida dunyo xalqlari hayotiga mayning qay
darajada chuqur kirib borgani to‘g‘risida so‘z yuritdik.
Lekin “Qur’oni Karim”dek muqaddas kitobda, “Qisasi
Rabg‘uziy” kabi ko‘plab badiiy asarlarda mast qiluvchi
har qanday narsa qattiq qoralanadiki, bundan may va
sharob bashariyat tarixida o‘zining salbiy izini qoldir-
ganini anglash qiyin emas. Bu o‘rinda
temuriy hukmdor-
lar taqdiri bilan bog‘liq dahshatli holatlarni eslab o‘tish-
ning o‘zi kifoya. Shu sabab Alisher Navoiyning ko‘pgina
asarlarida mayga nisbatan o‘ta salbiy munosabatning
guvohi bo‘lamiz.
Bundan xulosa qilish mumkinki, may ta’rifidagi
she’rlarda zimdan may va ishq o‘rtasidagi ziddiyatlar
ham nazarda tutiladi. Bu orqali shoir she’rxonga mut-
laq lazzat mayda emas, balki haqiqiy ishqda ekanini,
haqiqiy ishq va ma’rifatgina insonni jaholat botqog‘idan
qutqarishi mumkinligini uqtirmoqchi bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, may ishq mavzusiga tegish-
li timsollar silsilasining muhim bir uzvi hisoblanib, uni
soqiy, jom, xum, mayxona, mug‘anniy
kabi ko‘plab
istilohlar bilan aloqadorlikda tadqiq etish
maqsadga
muvofiq. Shundagina uning poetik obraz darajasiga
ko‘tarilish mohiyati, boshqa obrazlarni keltirib chiqa-
rishdagi o‘rni, botiniy xossalarini to‘la anglash mumkin.
1
Bencheikh J.E. Khamriyya // The Encyclopedia of Islam. New edition. – Vol. IV. – Leyden, 1997. – PP. 998-1009.
2
Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. I jild. – Toshkent: Fan, 1966. 343-bet.
3
M.Asadov. O‘zbek mumtoz she’riyatida rindona ma’no va lirik qahramon xarakteri. Filol. fan. fals. d-ri. …diss. – Toshkent,
2017. 22-bet.
4
D.Mingboyeva. Timsollar tilsimi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007. 18-bet.
5
Русанов М. Красота в вине. Поэтика винопития в санскритской литературе // Вестник РГГУ, 2011, № 2 (63). С. 93–94.
6
Najmiddin Komilov. Tasavvuf. – Toshkent: Movarounnahr – O‘zbekiston, 2009.139-bet.
7
A.Rustamiy. Adiblar odobidan adablar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2003. 56–57-betlar.