Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti


IX-XII va XIV-XVI asrlarda Markaziy Osiyo Renessansi



Yüklə 0,5 Mb.
səhifə7/92
tarix16.04.2023
ölçüsü0,5 Mb.
#105855
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   92
Diyot instituti o’zbekistonning eng yangi tarixi теxnik yo’nalis

2. IX-XII va XIV-XVI asrlarda Markaziy Osiyo Renessansi. Ilm-fan ravnaqi Somoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar sulolalariga mansub ma’rifatparvar hukmdorlarning ilm-fan va madaniyatga doimiy rag’bat berishlari orqasida ko’plab iste’dod sohiblarining salohiyati, ijodi o’sib, yuksalib borgan. O’sha davr hukmdorlari tashabbusi bilan bunyod etilgan va faoliyat ko’rsatgan kutubxonalarda son-sanoqsiz noyob, kitoblar, qo’lyozmalar to’planganki, bulardan hozirgi avlod kishilari ham bahramand bo’lmoqdalar. Ibn Sinodek buyuk zot ham birinchi bor tanishib hayratlangan Somoniylar saroyi qoshidagi boy kutubxona ham mana shunday ilm maskanlaridan biri bo’lgan.
Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy madaniyatining o’sishida islom madaniyatining ahamiyati katta bo’ldi. Islom faqat dingina emas, balki yangi ma’naviy yo’nalish sifatida ham butun madaniy jarayonga, barcha musulmon mamlakatlari orasida ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy aloqalarning kuchayishiga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Bu davrda ma’naviyatda hurfikrlilik, har qanday bilim, ilm-fanga hurmat, diniy oqimlar erkinligi ustivorlik qilgan.
Diniy va dunyoviy ilmlar o’zaro uzviy bog’liq holda rivoj topib bordi. Qadimgi Yunon, Hind va boshqa yurtlar an’analaridan, bilim manbalaridan ham keng ijodiy foydalanildi. X asrning ikkinchi yarmi va XI asr boshlarida Xorazmda vujudga kelib, keng faoliyat ko’rsatgan mashhur Ma’mun akademiyasi ilm-fan ravnaqiga ijobiy ta’sir etdi.
Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Mansur ibn Iroq singari ilm peshvolari ham dastlab shu fan maskanida ulg’ayib, kamolot bosqichiga ko’tarilganlar.
IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan yuksaldi, hozirgi zamon fanining ko’plab tarmoqlari va yo’nalishlariga chinakam poydevor yaratildi. Xususan matematika, algebra, astronomiya, tibbiyot, geologiya, geodeziya, jug’rofiya, falsafa singari dunyoviy fanlarning tamal toshi tom ma’noda shu davrda qo’yildi.
Jahon fani va sivilizatsiyasiga hissa qo’shgan buyuk allomalarimiz Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850-yy.), Ahmad al-Marvaziy (780-880-yy.), Ahmad al-Farg’oniy (797-865-yy.), Abu Nasr Forobiy (873-950-yy.), Abu Bakr Muhammad Narshaxiy (899-959-yy.), Abu Abdulloh Xorazmiy (vafoti 997-y.), Abu Rayhon Beruniy (973-1048-yy.), Abu Bakr al-Xorazmiy (935-993-yy.), Abu Ali ibn Sino (980-1037-yy.), Ismoil Jurjoniy (1042-1136-yy.), Mahmud az-Zamaxshariy (1075-1149-yy.), Burhoniddin Marg’inoniy (1123-1197-yy.), Mahmud Chag’miniy (XII-XIII asr boshlari) nomlari fan tarixida alohida o’rin tutadi.
IX-XII asrlar Markaziy Osiyo xalqlari tarixida moddiy va ma’naviy hayotning rivojlanishida oldingi davrlarga nisbatan keskin yuksalish yillari bo’ldi. Movarounnahr deb ataladigan bu hududda mustaqil davlatlarning tashkil topishi ularda siyosiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va madaniy hayotning ravnaqiga katta ta’sir ko’rsata boshladi. Buxoro, Samarqand, Urganch va Marv kabi shaharlar ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida shakllanib rivojlana boshladi. Markaziy Osiyoda IX-XII asrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Xorazmshohlar davlatlari hukm surdilar. Bu davlatlar xalqaro maydonda o’z mavqei va tutgan o’rni jihatidan katta e’tibor va nufuzga ega bo’ldilar. Ahmad Nasr, Ismoil Somoniy, Alptegin, Mahmud G’aznaviy, To’g’rulbek, Sulton Sanjar, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko’ra oladigan davlat arboblari davrida Markaziy Osiyoda hayotning barcha jabhalarida yuksalishga erishildi, davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik hukm surdi.
Damashq, Qohira, Bag’dod, Kufa, Basra va boshqa yirik shaharlarda Markaziy Osiyodan borib fan, madaniyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shgan ajdodlarimiz bu davrga kelib ko’paya bordi. Bag’dod shahri ilm-fan markazi sifatida olamga tanildi, chunki IX asrda bu yerda “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) Sharqning fanlar akademiyasi tashkil etildi. Bunga monand holda X asr oxirlarida Xorazmda ham Ma’mun davrida (995-997-yy.) “Donishmandlar uyi” – “Bayt ul-hikma”, “Ma’mun akademiyasi” (Xorazm akademiyasi) tashkil topdi. Xorazm Ma’mun akademiyasi – 1004-1005-yillarda Xorazmda tashkil etilgan bo’lib, Markaziy Osiyo tarixida birinchi akademiyadir. Akademiyaning «Ma’mun» deyilishining sababi Ma’muniy xorazmshohlar davrida (997-1017-yillar) ularning homiyligida tashkil qilingan va amaliy ish olib borgan edi. Akademiya 1017-yilda o’z faoliyatini to’xtatishining sababi Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’munning isyonchilar tomonidan o’ldirilishi bo’ldi. Shundan so’ng akademiya homiysiz va qarovsiz qolib, akademiya olimlari ilmiy ish uchun tinch sharoit qidirib, birin-ketin tarqalib ketdilar.
Markaziy Osiyo mintaqasida IX-XII asrlarda iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va ilmiy taraqqiyot yuksalgan davr. Markaziy Osiyo Islom dini kirib kelgunga qadar ham yuksak moddiy va ma’naviy madaniyatga ega bo’lgan. Buning misoli sifatida zardushtiylik (zoroastrizm) dinining muqaddas kitobi «Avesto»ni eslash kifoya. Markaziy Osiyo Islom dini tarqalishi tufayli, Yaqin Sharq, O’rta Sharq, Shimoliy va G’arbiy Afrika hududlarini qamrab olgan ulkan Arab xalifaligining tarkibiga kirdi. Natijada mintaqamizning boy va serqirra madaniyati taraqqiyotning yanada kengroq sahniga chiqdi. Mintaqamiz olimlari, mutafakkirlari, ziyolilari, sayyohlari qadimiy yunon va Rum madaniyati yutuqlari bilan tanishish hamda o’rganish imkoniga ega bo’ldilar. O’rta asrlarda islom olamida din, fan va siyosatning umumiy tili hisoblangan arab tili Markaziy Osiyo olimlari va mutafakkirlari uchun ilm-fan va ma’naviyatni yangi pog’onaga ko’tarishda bebaho ko’prik bo’lib xizmat qildi. Shu davrlarda yashab, ijod qilgan al-Xorazmiy (783-850-yy.), al-Farg’oniy (798-861-yy.), al-Forobiy (873-950-yy.), al-Beruniy (973-1018-yy.), Ibn Sino (980-1037-yy.) va boshqalar tabiiy va ijtimoiy fanlar rivojiga bebaho hissa qo’shdilar. Vatandoshlarimiz Imom al-Buxoriy (810-870-yy.), Imom at-Termiziy (822-893-yy.), Imom al-Moturidiy (870-943-yy.), Ahmad Yassaviy (1103-1166-yy), Najmiddin Kubro (1145-1221-yy.) va boshqalar islom dini va Qur’oni karimning mazmunini hamda mohiyatini tahlilu talqin etgan, jamiyat, inson, xulq va haq, odob va tartib, harom va halol, axloq va nafosat haqida o’zlarining asrlar osha eskirmaydigan va mangu joziba kuchiga ega asarlarini yaratdilar. Markaziy Osiyodan chiqqan mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlaridan butun insoniyat, xususan, yevropaliklar keng foydalandilar.
Amir Temur va temuriylar davri haqli ravishda “ikkinchi uyg’onish davri” sifatida e’tirof etilishi, bu davrda yetishib chiqqan jahonga ma’lumu-mashhur zotlarning dunyo ilm-faniga qo’shgan ulkan hissasi bilan ham salmoqli va o’rinlidir.
Amir Temur va temuriylar davri, umuman Sharq, xususan Markaziy Osiyo ilm-fani, madaniyati, ma’naviyati, adabiyoti va san’ati rivojida muhim bosqich, yangi tarixiy davr, burilish davridir. Bu davr IX-XII asrlardagi ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi rivojlanish va yuksalishning mantiqiy davomidir. Boshqacha nom bilan bu davrni «Ikkinchi uyg’onish davri” deb ham yuritiladi. Markaziy Osiyo xalqlari orasidan yetishib chiqqan buyuk tafakkur egalarining butun bir avlodi huddi shu davrda shakllandi va ijod qildi. Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar - Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, olimlardan - Mirzo Ulug’bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, faylasuf-shoirlardan -Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, musavvirlardan -Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh, hattotlardan - Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad bin Nur va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning barchasi o’sha davr va o’zlarigacha bo’lgan insoniyat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati yutug’ining barcha sohalarini mukammal bilib, o’zlashtirib olgan, o’zlari tanlagan sohalarining hali hech kim tomonidan zabt etilmagan cho’qqilarini egallagan ulug’ siymolar, qomusiy ilm egalari hisoblanadi.
Temuriylar sulolasining munosib davomchilaridan, davlat boshqaruvi va ilm-ma’rifat yo’lini birgalikda olib borgan Amir Temurning nabirasi Muhammad Tarag’ay Ulug’bek ham jahon tarixida o’chmas iz qoldirgan siymolardan biridir. Uning hukmronligi davrida Samarqandda 2 ta ko’rkam madrasa qurildi. Ularda diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlardan ham saboq berilgan. Boshqa mashhur olimlar qatori uning o’zi ham haftada bir marotaba bu madrasalarda yoshlarga dars berganligi ta’kidlanadi. Keyinchalik Buxoro va G’ijduvonda ham madrasalar qurdirdi, Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishi yakuniga yetkazilib, boshqa shaharlarda ham karvonsaroylar, tim, chorsu, hammom kabi inshootlar barpo etildi.
Ulug’bek ko’p qirrali iste’dod sohibi bo’lib, u ayniqsa adabiyot, tarix, matematika, astronomiya sohalariga qiziqdi. Uning eng buyuk ishlaridan biri - Samarqand shahrida o’ziga xos Akademiya tashkil etganidir. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olim Ulug’bek rahbarligida fanning turli sohalari bo’yicha izlanishlar olib borgan. Qozizoda Rumiy (Salohiddin Muso ibn Muhammad), G’iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi (Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Samarqandiy), Nizomiddin Abdul Ali ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiy, Mavlono Xavofiy kabi olimlarning aniq fanlar sohasidagi tadqiqotlari va ilmiy xulosalari salmoqli bo’lgan. Ular Xorazm Ma’mun akademiyasi an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirganlar.
IX-XII va XIV-XVI asrlarda Markaziy Osiyo Renessansining jahon sivilizatsiyasidagi o’rni, tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo’lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o’choqlaridan biri bo’lganini ko’ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir qo’lyozmalar, turli osori-atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi.
Biz yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadik. Hammangizga yaxshi ma’lum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash’alasi IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari o’nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko’rsatdi.
«Islom madaniyatining oltin asri» deb e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg’inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug’ ulamolar butun musulmon olamining faxr-u iftixori va cheksiz g’ururi hisoblanadi.
O’n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi Uyg’onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug’bek, G’iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko’plab hattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi.
Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg’or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo’lgani barchamizga ulkan g’urur va iftixor bag’ishlaydi.
Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o’lmas meros hamisha yonimizda bo’lib, bizga doimo kuch-g’ayrat va ilhom bag’ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug’orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur.

Yüklə 0,5 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   92




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə