Reja: Qadimiy ajdodlarimiz ta’limi


IX-XII asrlar uyg‘onish davri ta’limi



Yüklə 61,03 Kb.
səhifə4/5
tarix21.10.2023
ölçüsü61,03 Kb.
#129690
1   2   3   4   5
3-ma\'ruza matn Ta\'lim asoslari

3. IX-XII asrlar uyg‘onish davri ta’limi
Jamiyat hayotida kerakli o‘rin, mavqeyni egallash uchun boshlang‘ich ta’limli yoshlar yana ham kengroq, chuqurroq ilm egallashga harakat qilganlar. Bu zaruriyat boshlang‘ich bilimdan yana ham kengroq bilimlarni beradigan madrasalar ta’limini vujudga keltirgan.
Madrasa Turkiston va butun islom olamida o‘rta va oliy o‘quv yurti hisoblangan. Unga maktabxonalarni tugatgan qobiliyatli o‘spirinlar qabul qilingan. Madrasalar asosan, vaqf pullari va homiylar ko‘magi hisobidan faoliyat ko‘rsatgan. Bu mablag‘lar madrasalarni ta’mirlash, kitoblar va ta’limga bog‘liq vositalar harid qilish uchun sarflangan, ma’lum qismi mudarris, mutavalli va boshqa xizmatlarga berilgan.
Dastlabki madrasalarda bosqichli ta’lim olib borilgan. Boshlang‘ich (adno), o‘rta (avsat), oliy (a’lo) bosqichli madrasalarda beriladigan bilimlarning ko‘lami va sifati emas, balki darsxonalar soni qat’iy chegaralarga ega bo‘lgan. Madrasalarda diniy ilmlar bilan birga dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. Ayniqsa, Abu-Nasr Forobiy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug‘bek, Mahmud Qoshg‘ariy, Nosiriddin Tusiy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Ali Qushchi, Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Zamaxshariy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro va boshqalarning ta’limoti hamda ularning asarlarini madrasalarda o‘rganilishi ta’lim tizimini aniq dasturlar, dars jadvallari asosida olib borishga imkon bergan.
Madrasalar qurish somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, xorazmshohlar davrida kuchaygan.
Aynan bu sulolalar hukmronligi davrida ilmu-ma’rifatga muhim e’tibor qaratilganligi, bilim egallash maktablari va madrasalar tizimining kuchayganligi bois yurtimizda uyg‘onish sodir bo‘lib, nafaqat yurtimiz, hatto jahon ilmu-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz yetishib chiqdilar.
IX-XII asrlarda yurtimizda ilm-fan, madaniyat va ta’lim shunchalik darajada yuksaldiki, bu yuksalish nafaqat yurtimiz taraqqiyotiga, hatto dunyo taraqqiyotiga ham o‘z ulushini qo‘sha oldi. Bu yuksalish davrini insoniyat uyg‘onish (renessans) deb tan olganligi bejiz emas, albatta. Bu yuksalishning sodir bo‘lishi aynan shu davrda yurtimizda qudratli markazlashgan davlatlar tashkil topib, o‘lkamizda tinchlik va osoyishtalik qaror topganligi, bu holatlar ta’lim-tarbiya tizimi, ilm-fan, madaniyat rivojiga imkon yaratganligi va bundan tashqari bu davrda hukmdorlik qilgan amir va podshohlarning aksariyati ilmli va ma’naviyatli bo‘lganligi, ularning o‘zlari ilm-fan, madaniyat rivojiga homiylik qilganligi bilan bog‘liqdir.
Uyg‘onish sodir bo‘lishiga turtki bergan yana bir muhim omil islom ma’naviyati hamdir3.
Arab xalifaligi yurtimizni egallagach, arab tili davlat tili darajasiga ko‘tarildi. Arab tilini, islom dini, Qur’oni Karimni yaxshi egallagan va bilgan shaxslarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi oshdi. Bu arab tiliga nisbatan hayotiy ehtiyojni kuchaytirdi. Yurtimizda ham arab tilini yaxshi biladigan tolibi ilmlar borgan sari ko‘payib bordilar. Arab tili va islom dini bo‘yicha mukammal bilim va malakaga ega bo‘lganlar xalifalikning markaziy shaharlariga borib o‘qishni odat tusiga, an’anaga aylantirdilar.
Bu davrda Xuroson va Movaraunnahrning iqtisodi va madaniyati yuksaldi. Marv, Buxoro, Samarqand, Urganch shaharlari esa o‘z zamonasining madaniy markazlari sifatida shuhrat qozondi. Ayrim hukmdorlarning o‘zlari ilm-fan, madaniyatga homiylik qildilar. Ko‘plab madrasalar vujudga keldi. Amaldorlarning aksariyati o‘zlarining yirik kutubxonalariga ega edilar.
Hukmdorlarning ilmliligi, ma’naviyatliligi va ularning ta’lim, ilm-fanga homiyligi borasida Qoraxoniylar davlati bo‘yicha misol keltirish o‘rinlidir.
Qoraxoniylar hukmronligi davrida yurtimizda islom dinining o‘rni va ahamiyati oshdi, u davlat dini darajasiga ko‘tarildi. Ruhoniylar o‘zlarining davlat oldidagi xizmatlari evaziga katta-katta yerlar va mulklar olar edilar. Bu davlatda turli xildagi qo‘zg‘aluvchi va qo‘zg‘almas mulkni masjid va madrasalarga vasiyat qilib qoldirish tartibi keng tarqalgan.
Qoraxoniylar davrida qurilish ishlariga ham e’tibor berilgan. Buxoroda Minorai kalon, qator masjidlar, Jarqo‘rg‘on (Surxondaryo), Vobkentda minoralar, Samarqandda madrasalar bunyod etilgan. Qoraxoniy hukmdorlar savob ishlarini ham ko‘plab amalga oshirganlar. Chunonchi, qoraxoniy hukmdor Ibrohim ibn Nasr Samarqandda bunyod etilgan madrasa majmuini ta’mirlash uchun uch mehmonxona, bir karvonsaroy, hammom, suv ayirgich, uzumzor, bir qancha ekin yerlari va boshqalardan keladigan daromadni taqdim (vaqf) qilib bergan. Ana shu hukmdor 1066 yil Samarqanddagi bir shifoxona ixtiyoriga butun imoratlari, rastalari bilan ikkita karvonsaroyni taqdim etgan. Bu karvonsaroylardan keladigan daromaddan kasallarning oziq-ovqati, dori-darmoni, tabiblar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilarni tegishli maosh bilan ta’minlash yo‘lida foydalanilgan.
Qoraxoniylar davlatida tashqi siyosatga jiddiylik bilan qarashgan. Mintaqada bir paytning o‘zida bir necha davlatning faoliyat ko‘rsatishi shuni talab qilgan. Tashqi siyosat bilan shug‘ullanuvchi mansabdorlarga, xususan elchilar oldiga juda katta talablar qo‘yilgan. Ular bilimli, o‘quvli, yetuk, sheryurak, ko‘zi to‘q, uyat andishali bo‘lishlari kerak bo‘lgan. Astronomiya, matematika, geodeziya bilimlarini mukammal bilishi, harbiy san’atda benazir bo‘lish va hech qachon may ichmaslik, so‘z, iboralarning to‘g‘ri va ko‘chma ma’nolarini puxta bilish kabi talablar ham bo‘lgan. Shu bilan birga ularga yana narda va shaxmat o‘yinlarini raqiblardan ustun darajada bilishlari ham shart qilib qo‘yilgan1.
Bu davrda ko‘plab O‘rta Osiyolik bilimli, arab tilini yaxshi bilgan yoshlar Bag‘dod va boshqa musulmon shaharlariga ta’lim olish uchun borar edilar. Ayniqsa, bu davrda Bag‘dod shahri Sharqning ilm-ma’rifat markazi sifatida shuhrat qozongan edi. IX asrda bu shaharda “Bayt-ul-Hikma” (“Donishmandlar uyi”)-Sharqning fanlar akademiyasi ish boshlagan edi. Xuddi shunga monand X asr oxiri XI asr boshida Xorazmda ham podshoh Abul Hasan ibn Ma’mun tomonidan 1004 yilda “Dor-ul-hikma va maorif” (Majlisi ulamo) tashkil etildi. Xorazmdagi “Ma’mun akademiyasi” deb nom olgan bu donishmandlar uyida Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Sahl Masihiy, AlXo‘jandiy, Abdumalik as-Solibiy kabi o‘z davrining o‘nlab buyuk olimlari ijodiy faoliyat ko‘rsatdilar.
Bu dargohda ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borilgan, ko‘plab manbalar to‘plangan, tarjimonlik ishlari bajarilgan. Hind, yunon, arab olimlarining merosi o‘rganilgan.
IX-XII asr uyg‘onish davrida ta’lim-tarbiyaga e’tibor tufayli yurtimizdan juda ko‘plab buyuk zotlar yetishib chiqdi. Ular o‘z ilmi va iste’dodi bilan xalqimizni dunyoga tanitdi. Ana shunday allomalarimizdan biri Muhammad ibn muso al-Xorazmiydir. U Marvdagi madrasada o‘qigan, arab, fors, hind va yunon tillarini egallagan. Arab xalifaligi taxtiga Xorun ar-Rashidning o‘g‘li Ma’mun chiqqach (813 yil), bu alloma Bag‘dodda ijod qilishni boshlaydi va u yyyerda tashkil etilgan “Bayt-ul-hikma” (Donishmandlar uyi)ning rahbarlaridan biri etib tayinlanadi. Bu holatni butun islom dunyosidagi olimlar orasida yurtimizdan chiqqan allomaning ilmiy jihatdan ustun ekanligini tan olinishi, deb tushunmoq lozim.
Muhammad ibn muso al-Xorazmiy o‘z ijodiy, ilmiy ishlarida birinchi o‘ringa xalq manfaatlarini qo‘yadi. U geografiya, tarix ilmi va ayniqsa matematika, geometriya, astronomiya fanlari sohasida barakali ijod qilgan.
Bu buyuk allomaning ilmiy ijodi orasida “Al-Jabr va al-Muqobala” asari alohida o‘rin tutadi. U o‘zining bu asarida muhim e’tiborni xalq manfaatlariga qaratib, shunday yozgan edi: “Men arifmetikaning sodda va murakkab masalalarini o‘z ichiga oluvchi “Al-Jabr va al-Muqobala” hisobi haqida qisqacha kitob yozdim. Chunki u odamlarga meros taqsimlash, vasiyatnoma yozish, boylik bo‘lish va adliya ishlari, savdo-sotiq, kanal qazish, geometrik hisoblashlar, shuningdek, boshqa munosabatlarda juda ham zarur”. Xorazmiy bu asari bilan matematika tarixida birinchi bo‘lib algebra faniga asos soldi. “Algebra” atamasining o‘zi ham ushbu kitobning qisqacha “aljabr” deb ataluvchi qisqartirilgan nomining aynan ifodasi hisoblanadi. Bu kitob lotin imlosi bilan tarjima qilinganda Gʻarbiy Yevropada “aljabr” so‘zi “Algebra” tarzida qabul qilingan.
“Al-Jabr va al-Muqobala” deb nomlangan bu asar o‘zbek tilida “To‘ldirish va qarama-qarshi qo‘yish” ma’nosini beradi.
Bu davrda yetishib chiqqan Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Imom Ismoil al-Buxoriy, Abu Iso Muhammad at-Termiziy, Imom Moturidiy, Abduholiq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Yassaviy kabi yuzlab allomayu-avliyolar o‘z ilmi va ma’naviy dunyosi bilan dunyoni lol qoldirdilar.
Shu tariqa IX-XII asrlar uyg‘onish davrida yurtimizdan shunday buyuk zotlar yetishib chiqdilarki, ular nafaqat tarixda, ayni vaqtda bashariyatning bugungi taraqqiyot sahifalarida ham o‘chmas iz qoldirdilar.



Yüklə 61,03 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə