Samarqand davlat universiteti pedagogika kafedrasi


Tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va o`zaro bog’liqligi



Yüklə 3,27 Mb.
səhifə217/381
tarix03.03.2022
ölçüsü3,27 Mb.
#84301
1   ...   213   214   215   216   217   218   219   220   ...   381
7cd24b2e3dfc14533e311a0b5103aa9f UMUMIY PEDAGOGIKA (5)

    Bu səhifədəki naviqasiya:
  • Tarbiya
Tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va o`zaro bog’liqligi uning muhim qonuniyati hisoblanadi.

Shaxsning rivojlanishi tarbiyaning sifatiga bog’liqdir. Ayni chog’da tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari shaxsning rivojlanish darajasiga bog’liq. Tarbiya jarayoni murakkabdir. Shuning uchun ham u tarbiyachidan bolaning ruhiy holati, aqliy va jismoniy imkoniyatlarini hisobga olib, mehribonlik bilan yondoshishni talab qiladi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchi shaxsini diqqat bilan o`rganishi, ularni tushunishi, hurmat qilishi lozim.

Tarbiyalanuvchilarning hayotiy faoliyati jamiyat uchun qanchalik foydali, maqsadga muvofiq va ularning munosabatlari oqilona tashkil qilinar ekan, tarbiya jarayoni shunchalik samarali amalga oshiriladi.

Insonni uning atrofini qurshab turgan vositalar: oila, ota-onasi, maktab, do`stlari, atrof-muhit, ommaviy axborot vositalari, san`at, adabiyot, tabiat va hokazolar tarbiyalaydi. Shaxsning rivojlanish va shakllanish jarayonini boshqarib borishi kerak. Shaxslararo munosabatlarda insonparvarlik, pedagoglar va o`quvchilar o`rtasida bir-biriga hurmat munosabatlari, bolalar fikriga e`tibor berish, ularga mehribonlarcha munosabatda bo`lish lozim.

Shunga ahamiyat berish lozimki, amalda tarbiyaviy jarayon umumxalq ishi va uzluksiz bo`lsin, barcha yoshdagi bolalarni qamrab olsin, turli ijtimoiy, jamoat va davlat institutlari va muassasalarining shaxs kamolotini shakllantirish borasidagi harakatlari mujassamlashishi ta`minlansa maqsadga muvofiq bo`ladi.

Tarbiyada inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir bola betakror va o`ziga xosligini hurmatlash, uning ijtimoiy huquqi va erkinligi e`tiborda tutilishi zarur.

Tarbiya muayyan maqsad bilan rejali ravishda amalga oshiriladigan davomli ishdir.

Yosh avlodga har bir tarixiy davrdagi jamiyatning o`ziga xos ishlab chiqarish metodi va ijtimoiy munosabatlarga muvofiq tarbiya beriladi. Bu tarbiyaning asosiy qonuniyatidir.

Tarbiya jamiyat hayoti bilan bog’liq, jamiyat o`zgarib rivojlanishi bilan tarbiya ham o`zgarib, rivojlanib boradi.

Tarbiya jarayoni hayotiy, amaliy hususiyat kasb etmog’i lozim. Tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashchilari; pedagoglar, ota- onalar, jamoatchilik, yoshlar tashkilotlari va mehnat jamoatlari- hamma kasbiy-pedagogik tayyorgarlikka ega bo`lishlari lozim.

Tarbiya nazariyasida ham pedagogika fanida bo`lgani kabi, yangi vujudga kelayotgan qarashlar bilan eskirib borayotgan qarashlar o`rtasida kurash ketgan. Tarbiya nazariyasidagi va amaliyotidagi muhim yo`nalishlarni tanqidiy o`rganmay turib, tarbiya nazariyasining asosiy masalalarini tushuna olish qiyin. Keng tarqalgan biri avtoritar (boshqalarga ko`r-ko`rona bo`yin suyish) tarbiya nazariyasi edi. Avtoritar tarbiya XVI asrda paydo bo`lib, hozirda Ispaniyada, Lotin Amerikasining ba`zi mamlakatlarida yaqqol ifodasini topgan. Avtoritar tarbiyani ilmiy ravishda asoslab berishga uringan nemis pedagogi Fridrix Gerbart (1771-1841) bola tug’ilganda «yovvoyi sho`xlikka» xos bo`lish fikrini olg’a suradi. Shu bilan u tartib buzgan o`quvchilar uchun jarima jurnalini tashkil etishni taklif etadi. U tartib buzgan o`quvchilarni ovqatsiz qoldirish, burchakka turg’izib qo`yish, kartserga qamash, jarimaga tortish kabi jazolashni turlarini joriy etadi.

Avtoritar tarbiyani birinchi bo`lib J.J.Russo tanqid qildi va o`zi erkin tarbiya nazariyasini ilgari surdi.

O`zbek maktablarida ta`lim-tarbiya bir-biridan ajralmas deb hisoblanadi. Sinfdagi har qanday ish doimo tarbiyaviy ishdir., biroq tarbiyaviy ishlarni ta`lim berish bilan cheklash mumkin emas.

Tarbiya yosh avlodni muayyan maqsad yo`lida har tomonlama o`stirish, uning ongi va xulq-atvorini tarkib toptirish jarayonidir.

Tarbiya – ma`naviy manbalar va hozirgi zamon talablari va ehtiyojlarini nazarda tutgan holda, o`qituvchining o`quvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan o`zaro amaliy va nazariy muloqotidir.

Tarbiya – tarbiyachi xohlagan sifatlarni tarbiyalanuvchiga singdirish uchun tarbiyalanuvchining ruhiyatiga muayyan suratda ma`lum bir maqsadga qarata va muntazam suratda ta`sir qilishdir. Bu xildagi ta`rif tarbiya tushunchasiga kiradigan hamma narsani, chunonchi: muayyan dunyoqarash, ahloq, ijtimoiy xulq-atvor qoidalarini singdirish, muayyan harakter va iroda, odat va ahloq yaratishni o`z ichiga oladi.



Tarbiya – shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtirilgan pedagogik jarayon bo`lib, tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli ta`sir etish imkonini beradi.

Tarbiya jarayoni o`zaro bog’liq bo`lgan ikki faoliyatni – o`qituvchi va o`quvchi faoliyatini o`z ichiga oladi. Tarbiya jarayonida o`quvchining ongi shakllana boradi, his va tuyg’ulari rivojlanadi, ijtimoiy hayot uchun zarur bo`lgan va ijtimoiy aloqalarga xizmat qiladigan xulqiy odatlari hosil bo`ladi.

Tarbiya jarayonida bolalarning hayoti va faoliyatini pedagogik jihatdan to`g’ri uyushtirish g’oyat muhimdir.

Faoliyat jarayonida bola tashqaridan kelayotgan tarbiyaviy ta`sirga nisbatan ma`lum munosabatda bo`ladi. Bu munosabat shaxsning ichki ehtiyoji va hohishlarini ifodalaydi.

Psixologlar va pedagoglarning tadqiqotlari shaxsga tashqi omillarning (hoh ijobiy, hoh salbiy) ta`siri bolaning ularga munosabatiga bog’liqligini ko`rsatadi. Bolaning shaxsiy tajribasi ehtiyojlari tashqi ta`sirga munosabatini belgilab beradi va uning xulqida aks etadi. Shuning uchun bola faoliyatini uyushtirishning o`zigina kifoya qilmaydi. To`g’ri tarbiyalash uchun tarbiyalanuvchining bu faoliyatga nisbatan qalbida paydo bo`layotgan munosabatni, turli xil kechinmalarni qanday anglashni, baholashni, his qilishni hamda ulardan o`zi uchun nimalarni maqsad qilib olayotganini bilish zarur. Yana shuni hisobga olish kerakki, bularning barchasi turli kishilar bilan aloqa qilish, jamoadagi munosabatlar asosida ro`y beradi. Bola ulg’aya borishi bilan bu xil aloqa va munosabatlar murakkablashib boradi va bola shaxsning kamolga yetishida yo ijobiy yoki salbiy ta`sir etadi. Shuning uchun tarbiya maqsadga muvofiq muntazam ta`sir etishni ko`zda tutadi, zeroki shu yo`l bilan jamiyatning shaxsga qo`yadigan talablari tarbiyalanuvchining hulqini idora qilib turuvchi ichki ehtiyojga aylanadi.

Tarbiya jarayonida o`quvchining onginigina emas, balki his-tuyg’ularini ham o`stirib borish, unda jamiyatning shaxsga qo`yadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlarni hosil qilish lozim. Bunga erishish uchun o`quvchining ongiga (ta`lim jarayoni asosida), hissiyotiga (darsda va sinfdan tashqari ishlarda) va irodasiga (faoliyatni uyushtirish, xulqni idora qilish jaaryonida) muntazam ta`sir etib boriladi. Agar o`quvchini tarbiyalashda bulardan birortasi (ongi, hissiyoti, irodasi) e`tibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi. Shuning uchun tarbiya jarayoni ko`p qirrali va murakkabdir. Maktabdagi tarbiya jarayoni to`xtovsiz davom etadigan jarayon bo`lib, unga o`qituvchi tarbiyachi rahbarlik qiladi va u tarbiyaning ayni vaqt uchun zarur bo`lgan maqsadini, shu maqsadni hal qilishga xizmat etadigan faoliyatini belgilaydi. O`quvchilarning shu faoliyatiga ishtirok etishini ta`minlab, ular o`rtasida ijtimoiy, jamoa va o`rtoqlik aloqalari va munosabati uchun sharoit yaratadi.

O`quvchilarni faoliyatda qatnashishlari orqali ularning mustaqilligi ijodiy tashabbuskorligi o`sib borishiga erishiladi. Ana shu jarayonda bolaning qarashlari, e`tiqodlari va voqea hodisalarga o`z nuqtai nazari vujudga keladi va mustahkamlanib boradi. Bular bolaning atrof-muhitning ta`siriga nisbatan qanday munosabatda bo`lishini belgilaydi.

Shunday qilib, maktabdagi tarbiya inson shaxsini tarkib toptirish va kamolga etkazish jarayonidan iborat bo`lib, uning mazmuni ta`limdagidek alohida predmetlarda emas, balki o`quvilarning hayot-faoliyatlari va o`zaro munosabatlaridan tashkil topadi. Mana shulardan tarbiya jarayonining o`ziga xos hususiyatlari kelib chiqadi.

Tarbiya qoidalari o’qituvchi, tarbiyachilarga yo’l-yo’riq ko’rsatuvchi qoidalar yig’indisi hisoblanadi. Yetuk, barkamol insonni shakllantirish vazifalari va maqsadi bilan belgilanadi. Buni yanada tushunarliroq tarzda ifodalash mumkin.

Tarbiya jarayonlari o’qituvchining, o’quvchini hozirgi zamon uchun foydali fazilatlarni shakllantirishga, tarbiyaning mazmuni, shakli, metodlariga qo’yiladigan talablarni belgilab beradigan qoidalar yig’indisiga aytiladi. Tarbiya qonunlari Sharq, G’arb, Markaziy Osiyo va boshqa xalqlar faylasuflari, donishmandlari fikrlari hamda milliy pedagogikada erishgan yutuqlariga asoslangan. Tarbiyaning har bir qoidasi mustaqil bir pedagogik maqsadni nazarda tutmog’i, boshqa qoidalar bilan o’zaro aloqada yagona umumiy pedagogik maqsadni amalga oshirishga, ya’ni barkamol, yetuk insonni shakllantirishi darkor. Bu vazifani ro’yobga chiqarishda tarbiyaning xususiyatlarini hisobga olish va qonuniyatlariga rioya qilishi talab etiladi. Tarbiya jarayonida bu qoidalarga amal qilish uning samarasini oshiradi. Tarbiyaning mazmuni, tashkil etilishi, usullari va ularga qo’yiladigan asosiy talablar tarbiya qonunlarida o’z aksini topadi.

Tarbiya qoidasi- pedagog ta`lim va tarbiya jarayonini yaxshiroq tashkil etish maqsadida foydalanadigan boshlang’ich holat, rahbarlik asosidir.Tarbiya qoidalari o`qituvchi, tarbiyachilarga yo`l-yo`riq ko`rsatuvchi qoidalar bo`lib hisoblanadi, yangi kishini shakllantirish vazifalari bilan belgilanadi. Tarbiya qoidalari Sharq va Markaziy Osiyo faylasuf-donishmandlarining fikrlari va milliy pedagogika erishgan yutuqlarga asoslanadi. Tarbiya qoidalari mustaqil harakterga ega bo`lib, u tarbiyaning o`ziga xos hususiyatlarini va qonuniyatlarini aks ettiradi. Tarbiyaviy jarayonda bu tamoyillarga rioya qilish uning samarasini oshiradi, yaxshi natijalarga olib keladi.

Tarbiyaning mazmuni, tashkil etilishi, metodlari va ularga qo`yiladigan talablar shu qoidalarda o`z ifodasini topadi.

Tarbiyaning mohiyati, mazmuni, qoidalari mamlakatimizda yangicha iqtisodiy munosabat sharoitlarining o`zgarganligi sababli kengayib bormoqda.

Tarbiyaviy jarayonni yaxshilash, uni davr talabiga javob beradigan holga keltirish uchun deyarli barcha qoidalarni, metodlarni, g’oyalarni qaytadan ko`rib chiqishimiz, bola shaxsiga e`tiborni qaratishimiz, yillar davomida to`plangan ijobiy tajribadan unumli foydalanishimiz zarur.

Tarbiya qoidalariga quyidagilarni kiritishimiz mumkin: Tarbiyaning ma`lum maqsadga qaratilganligi, tarbiyaning insonparvarlik va demokratiya, hayot bilan, mehnat bilan bog’liqligi, tarbiyada ilmiy-madaniy va umuminsoniy qadriyatlarning ustivorligi, tarbiyada o`quvchilarning yosh va shaxsiy hususiyatlarini hisobga olish, izchillik, tizimlilik, tarbiyaviy ta`sirlarning birligi va uzluksizligi qoidalari va boshqalar.

Tarbiyaning mohiyati, mazmuni, qoidalari O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” talablaridan kelib chiqadi. Ana shu kadrlar sifati, mahorati, milliy va umumbashariy fazilatlarini shakllantirishga qaratilgan.




Yüklə 3,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   213   214   215   216   217   218   219   220   ...   381




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə