Samarqand veterinariya meditsinasi instituti


Ko’z soqqasining pardalari



Yüklə 2,41 Mb.
səhifə82/92
tarix30.03.2023
ölçüsü2,41 Mb.
#103751
1   ...   78   79   80   81   82   83   84   85   ...   92
Hayvonlar anatomiyasi

Ko’z soqqasining pardalari
Tashqi fibroz parda – tunica fibrosa oculi oq parda va shox pardaga bo’linadi. Ko’zning pardasi - sclera oculi ko’z soqqasining 4/5 qismini egallaydi. Bu pardada qon tomirlari juda kam bo’ladi. Uning orqa tomonining pastki yon qismida teshik bo’lib, bu teshik orqali ko’rish nervi chiqadi.
Shox - cornea ko’z soqqasining old tomon yuzasida joylashib, uning 1/5 qismini egallaydi. Bu parda juda tiniq va zich bo’lib, qalinligi 0,6-0,7 mm keladi. Shox pardaning usti ko’p qavatli hujayralar bilan qoplangan, unda juda ko’p nerv bo’ladi. Bu pardaning ichki yuzasi gomogen endoteliy bilan qoplangan.
Ko’zning tomirli pardasi - tunica vasculosa oculi ko’zning ikkinchi qavati bo’lib, uch qismdan: xususiy qon tomirli parda, kipriksimon tanasi va ko’zning rangli pardasidan iborat.
Xususiy qon tomirli parda - tunica chorioidea qoramtir-qo’ng’ir rangli, qon tomirlari ko’p yupqa parda bo’lib, fibroz parda bilan to’r parda o’rtasida joylashadi. Bu parda ko’zning fibroz pardasi bilan zich birikadi. Qon tomirli pardaning rangli parda ostidagi to’r pardada tasvir beruvchi parda - taretum fibrosum bo’lib, u o’txo’r hayvonlarda fibroz, yirtqich hayvonlarda esa hujayraviy tuzilishga ega, cho’chqalarda bo’lmaydi. To’r pardaning rangi va shakli har xil bo’ladi.
Kipriksimon tana - corpus ciliare o’rta qavat bo’lib, unda qon tomirlari juda ko’p, lenta shaklida, qalinligi 10 mm gacha, oq pardaning oldida joylashadi. Kipriksimon tanada silliq muskul tolalaridan iborat kiprik muskuli - m. siliaris bo’ladi. U radial holda joylashgan 100 ga yaqin taroqsimon kiprik tojlari - corona ciliaris dan iborat. Bu tananing old tomonida kiprik o’simtasi - processus ciliaris bo’lib, unga ko’z gavharini ko’tarib turuvchi pay birikadi.
Ko’zning rangli pardasi - iris hayvonlarda har xil rangda bo’lib, shox pardaning orasida turadi. Bu pardaning o’rtasida oddiy teshik – ko’z qorachig’i - pupilla bor. Rangli pardaning oldingi va keyingi yuzasida burmalar – qorachiq hamda kiprik chetlari bo’lib, ular kiprik tanasi va shox pardaga birlashib turadi. Qorachiqning ustki tomonida uzum g’ujumlariga o’xshash qoramtir shakllar - granulae iridis bo’ladi. Rangli parda pigmentlari har xil rang beradi. Ko’z qorachig’i atrofida silliq muskul tolalari qorachiq sfinkteri - m. sphincter pupillae ni, radial holda joylashuvchi muskullar - m. dilatutor pupillae qorachiqni kengaytiruvchilardir. Uning kengayishi va torayishi yorug’likka bog’liq bo’ladi. Qorachiqning shakli ham har xil hayvonlarda turlicha: o’txo’rlarda ko’ndalang bo’ladi.
Ko’zning to’r pardasi - retina ko’radigan va ko’rmaydigan qismlarga bo’linadi. Ko’radigan qismi - pars optica retinae ham o’z navbatida ikkiga bo’linadi: a) pigmentlangan qavat tomirli qavatga yaqin birlashgan: b) yoki xususiy (chin) to’r qavat ko’rish nervining kirish joyidan kipriksimon tanagacha boradi. Rangi qizg’ishroq-tiniq bo’ladi. To’r pardaning ko’rish nerviga o’tadigan joyi ko’rish g’uddasi - papilla optica deyiladi. Uning diametri 4,5-5 mm. To’r pardaning o’rtasida markaziy hoshiya - area centralis retinae bo’lib, u eng yaxshi ko’rish joyi hisoblanadi.
Kipriksimon (ko’rmaydigan) qismi - pars ciliaris (caeca) retinae va rangli parda qismi - pars iridis retinae juda yupqa bo’lib, ikki qavatdan iborat, ularning biri kipriksimon tanaga, ikkinchisi rangli pardaga birlashadi.
Gavhar - lens cristallina ikki tomonlama qavariq linza bo’lib, rangli parda orqasida joylashadi. U juda tiniq va zich konsistensiyali bo’lib, yorug’liq nurini sindirib, to’r pardaga tasvir tushirish uchun xizmat qiladi. Uning diametri har xil hayvonlarda turlicha: otlarda gorizontal holda 22 mm, vertikal holda 19 mm, qalinligi 13,25 mm; qorako’l qo’ylarda gorizontal holda 14-15 mm, qalinligi 12-14 mm, og’irligi 2,5-2,2 g bo’ladi. Gavharning sirti kapsula - capsula lentis bilan o’ralgan bo’lib, unda po’stloq - substantia cortialis lentis, zich yadro - nucleus lentis qismlar bo’ladi. Ko’z gavhari kipriksimon tanaga pay orqali - zonula ciliaris (Zinnii) yoki ko’tarib turuvchi pay - lig. suspensorium lentis bilan birlashib turadi. Bunda limfa yoriqchalari bo’lib, ular limfa suyuqligi bilan to’lib turadi. Shu paylarning qisqarishi va yozilishi natijasida doim elastik holatdagi gavhar kengayib-torayadi va buyumlarni ko’rishni osonlashtiradi.
Shishasimon tana - corpus vetreum sharsimon, tiniq organ bo’lib, gavhar bilan to’r parda orasidagi bo’shliqda joylashadi. Uning ichida quyuqroq modda bor. Ko’z soqqasining tomirlari ikki qismga: to’r parda va oraliq parda qismlarga bo’linadi. To’r parda arteriyasi kipriksimon tana arteriyasidan hosil bo’lib, ko’rish g’uddasi yonidan o’tadi. Arteriyalar qisqa va uzun kiprik arteriyalaridan hosil bo’ladi. Vena qon tomirlari yulduzsimon shakl hosil qilib, kiprik venasiga borib qo’shiladi. Ko’z soqqasida limfa tomirlari bo’lmaydi, ularning vazifasini limfa bo’shliqlari bajaradi. Bunday bo’shliqlarga fontanovi episkleral, to’r parda bo’shlig’i va boshqalar kiradi.

Yüklə 2,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   78   79   80   81   82   83   84   85   ...   92




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə