Siyosiy madaniyat va siyosiy mafkuralar Reja



Yüklə 121,87 Kb.
səhifə2/4
tarix29.10.2017
ölçüsü121,87 Kb.
#7262
1   2   3   4

2. Baholash. Siyosiy ong ijtimoiy — siyosiy voqelikni nafaqat biladi, izohlaydi, balki uni baholaydi. Kishilar u yoki bu siyosiy xodisalar va voqealarni anglash jarayonida, ularga o‘z munosabatlarini bildiradilar, o‘zlari uchun muayyan xulosalarni chiqaradilar. Aynan siyosiy voqelikni baholash asosida kishilar o‘zlarining siyosiy qarashlarini, e’tiqodlarini, pozitsiyalarini, qiziqishlarini shakllantiradilar.

3. Yo‘naltirish.. Siyosiy ong kishilarga o‘zlarini jamiyat va davlat oldida nafaqat burchlarga, majburiyatlarga, balki muayyan huquqlar, erkinliklar va siyosiy manfaatlarga ega bo‘lgan fuqarolar ekanliklarini anglashga yordam beradi. O‘z navbatida fuqaro deb, o‘zini-o‘zi idrok etish kishilarni voqelikni sust, bir tomonlama anglashdan ijtimoiy — siyosiy hayotda aniq va faol ishtirok etishga undaydi. Siyosiy ong o‘zining yo‘naltiruvchilik funksiyasi orqali kishilarning siyosiy xulq—atvorini belgilaydi, sotsial siyosiy manfaatlarni himoya qilishlari uchun ijtimoiy hayotda ishtirok etishlari, siyosiy partiyalarga, jamoat tashkilotlari va boshqa siyosiy uyushmalarga o‘zlarining ham fikrlari bilan birlashishlari zarurligini anglatadi.

4. Tartibga solish. Siyosiy ong voqelikni idrok etish asosida, hamda uning tomonidan ishlab chiqilgan siyosiy g‘oyalar, me’yorlar, tasavvurlar va e’tiqodlar negizida kishilarning ijtimoiy xulq— atvorlarini tartibga soladi. Siyosiy ongning tartibga solish funksiyasiga ehtiyoj jamiyat taraqqiyotining keskin burilish bosqichlarida, inqirozli davrlarida mislsiz ortadi. Aynan siyosiy tizimning samaradorligi, voqealarning rivojlanish yo‘li, ijtimoiy — siyosiy o‘zgarishlarning yo‘nalishi jamiyat keng qatlamlarining siyosiy ongiga, siyosiy ko‘rsatmalarga bog‘liq bo‘ladi.

Shunday qilib, siyosiy ong-sotsial subyektlar (individlar, guruhlar, sinflar, ijtimoiy birliklar)ning ijtimoiy hayotning siyosiy sohasi haqidagi bilimlari, tasavvurlari va baholashlarining yig‘indisidan iboratdir. U bir qator funksiyalarni: bilish-axborot berish, baholash, yo‘naltirish, tartibga solish kabi funksiyalarni bajarish bilan jamiyat hayotida muhim rol o‘ynaydi.



Siyosiy ongning darajalari va shakllari

Siyosiy ong nazariy va empirik daraja va shakllarda namoyon bo‘ladi.



Nazariy siyosiy ong — siyosiy xarakterga ega bo‘lgan turli xildagi g‘oyalar, konsepsiyalar, qarashlardir. Bu ongning sohiblarini elitalar emas, balki olimlar, ilmiy jamoalar va tashkilotlar tashkil qiladi. Ular siyosatning nazariy konsepsiyalarni ishlab chiqadilar. Bu konsepsiyalar esa partiya va davlat tashkilotlarining dasturlarida, ko‘rsatmalarida ifodalanadi.

Siyosiy konsepsiya — siyosiy institutlar faoliyati asosiga qso‘yilgan rahbar g‘oya, yetakchi fikrdir. U siyosiy amaliyotning bevosita mo‘ljali bo‘lib xizmat qiladi. Uning asosida faoliyatning strategiyasi va taktikasi ishlab chiqiladi.

Nazariy siyosiy ongning belgilari quyidagilardan iborat:

yaxlitlik;

sistemalashganlik;

bashorat qilishga qobiliyatlilik.

Mazkur ong darajasi fan va u yoki bu ijtimoiy sinfning, hukmron doiralarning mafkurasi bilan chambar-chas bog‘langandir. U muayyan ijtimoiy guruhlar tomonidan siyosiy jarayonlarni maxsus tahlili asosida shakllanadi. Nazariy siyosiy ong siyosiy mafkura orqali namoyon bo‘ladi. Siyosiy nazariyalar va ta’limotlarda quyidagi muammolarni tadqiq etish maqsad qilib qo‘yiladi:

a) siyosatning ma’no — mazmunli ko‘rinishlari;

b) qonuniy siyosiy tendensiyalar va jarayonlar;

v) ularni keltirib chiqaradigan sabablar;

g) siyosiy pozitsiyaning real yo‘li;

d)qonunchilik, ma’muriy va sud organlari tomonidan qabul qilinadigan siyosiy qarorlarning haqiqiy va kelajakda sodir bo‘ladigan oqibatlari.

Nazariy siyosiy ongning xususiyati—uning iqtisodiy, huquqiy, xarbiy — strategik va boshqa reallik bilan chambarchas bog‘liqligidir. Siyosiy ongning ushbu shakli siyosiy nazariyalarning kerakli siyosiy dasturlar, deklaratsiyalar va doktrinalar bo‘lib shakllanganligi bilan ham farq qiladi.

Amaliyotda joroy etiladigan ushbu dasturlar, deklaratsiyalar va doktrinalar siyosiy ongni siyosatning yetakchi elementi sifatida mustahkamlab qo‘yadilar. Siyosiy munosabatlar va siyosiy institutlar, tashkilotlar va muassasalarning xarakteri o‘z navbatida bu elementga bog‘liqdir.

Nazariy ong darajasi va shaklida siyosatni anglash quyidagilarga imkon ham beradi:

Partiya tomonidan nazariy va amaliy voz kechilgan va bartaraf etilgan qoidalar, urf—odatlar jamiyatning siyosiy ongida uzoq vaqtgacha asorat sifatida shaklanib qolishi mumkin. Bu xolni ko‘plab siyosiy arboblar, donishmandlar ta’kidlaydilar.

Teskari vaziyat ham bo‘lishi mumkin: ommaviy siyosiy ongda u yoki bu siyosiy xarakatning, qandaydir siyosiy qarorlar bo‘lishining zarurligi e’tirof etiladi, maxsus ong esa bunga tayyor emas. Masalan, mamlakatda ko‘p partiyaviylikning zarurligi haqidagi g‘oya jamiyatda oldindan o‘z tasdiqini topgan 6o‘lsa ham, kerak bo‘lgan tashabbus xukmron partiya, davlat tomonidan ancha kechikib qilinishi mumkin.

O‘z—o‘zidan yaqqol ko‘rinib turibdiki, jamiyatning konstruktiv va barqaror ijtimoiy—siyosiy taraqqiyoti uchun maxsus va ommaviy siyosiy ongning o‘zaro xarakati juda muhimdir. Ularning kishilar va jamiyatning, uni tashkil etuvchi ijtimoiy guruhlarning ichki dunyosidagi, kayfiyatidagi o‘zgartirishlarga birgalikdagi aniq va o‘z vaqtidagi reaksiyasi, javobi bundan ham muhimroqdir.

Nazariy ong darajasi va shaklida siyosatni anglash quyidagilarga imkon beradi:

a) uning maqsadlari va fundamental (strategik), ham kundalik (taktik) vazifalarni qo‘yish va hal etishga;

b) ularga erishishning vositalari va usullarini aniqlashga;

v) dolzarb muammolarni hal qilishda tashkiliy — siyosiy jihatdan ta’min etishning yo‘nalishlari va yo‘llarini aniqlab olishga;

r) siyosiy qarorlar va maqsadli dasturlarning bajarilishi ustidan sotsial nazoratga konseptual yondashuvlarni ishlab chiqishga;

d) amaliy tajribani hicodga olgan holda siyosatga tuzatishlar kiritishga.



Empirik siyosiy ong — bu bevosita amaliyotga, siyosiy jarayonda alohida kishilar kichik, mayda va yirik sotsial birliklarning jonli ishtirok etishlariga asoslangan siyosiy ong darajasi va shaklidir. U nazariy siyosiy ongning zamini bo‘lib xizmat qiladi.

Empirik siyosiy ong — siyosiy voqelikni xissiyotlar, tasavvurlar, homxayollar, kechinmalar shaklida aks ettiradi. U birinchidan, ommada siyosat va siyosiy arboblarga nisbatan jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun ozuqa bo‘lib;

Ikkinchidan, jamiyat siyosiy madaniyatining ma’naviy negizi bo‘lib xizmat qiladi.

Siyosiy ong umuminsoniy, Milliy va odatiy (kundalik) ong daraja va shakllarida ham namoyon bo‘ladi.



Umuminsoniy siyosiy ong — siyosiy ongning eng yuqori va g‘oyat murakkab darajasidir. U olam va odamni yaxlit va bir butun holda aks ettiruvchi siyosiy ong shaklidir. Bu ong insonning bashariyat, butun olam, o‘zga davlatlar muammolarini anglashi, tushunishi va tinchlikni qadrlashi, himoya qilishida namoyon bo‘ladi. Chunki, olamda shunday muammolar borki, ularni milliy ong chegarasida anglab va hal qilib bo‘lmaydi. Masalan, olam va odamni asrash, dunyoda tinchlikni, sog‘liqni saqlash, aholini oziq — ovqatlar bilan ta’minlash, maorif va madaniyatni, fan va texnikani rivojlantirish masalalari — umumbashariy muammolar sirasiga kiradi. Bu muammolarni anglash va hal qilish uchun milliy ong darajasidan chiqish va umuminsoniy tafakkur qilish darajasiga ko‘tarilish kerak bo‘ladi. Umuminsoniy siyosiy tafakkur — umumbashariy muammolarning mohiyatini, tahdidini va ularni hal qilish yo‘llari, vositalarini anglovchi siyosiy ong shaklidir.

Umuminsoniy siyosiy ongning sohiblari-davlatlar va ularning xalqaro birlashmalaridir. Bu birlashmalar milliy davlat chegaralaridan tashqariga chiqishga, umuminsoniyat sivilizatsiyasi manfaatlarini anglashga va uni turli ofatlardan himoya qilishga chaqirilgandir. Odamzot, butun qurrai zamin tinchligi va taraqqiyoti muammolarini anglash va ularni hal qilishga mas’ul bo‘lish — umuminsoniy siyosiy ongning eng muhim xususiyatidir.

Umuminsoniy siyosiy ong milliy ongni inkor etmaydi, aksincha, taqazo kiladi. U milliy ongga tayanadi.

Milliy ong — siyosiy ongning yuqori darajasi va shaklidir. Bu darajada mamlakat, millat manfaatlari chuqur anglanadi, rasmiy siyosat ishlab chiqiladi, asoslanadi, amalga oshiriladi va ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi.

Milliy ongning sohiblari — xalq va uning irodasini ifoda etuvchi davlat va jamoat institutlaridir. Bu institutlar xalq irodasini Konstitutsiya, turli qonun loyihalari, dasturlar, qarorlar va boshqalarni ishlab chiqish, qabul qilish va ularni hayotga tadbiq etish yo‘li bilan ifoda etib uning manfaatlariga xizmat qiladi.

Milliy ongning eng muhim belgisi — millatning, turli — tuman ijtimoiy guruhlarning umumiy manfaatlarni ifoda etish va uni turli — tuman falokatlardan asrashdir. Bu darajada mavjud milliy siyosiy tartiblar va boshqarish tamoyillari izchillik, qat’iyatlilik bilan himoya qilinadi, jamoatchilik fikrining davlat institutlari olib borayotgan siyosatga moslashtirilishi sodir bo‘ladi.

Milliy ong uchun siyosiy voqelikni oqilona- pragmatik uslubda idrok etish — hokimiyatni egallash, qo‘lda ushlab turish jarayonida muvaffaqiyatga erishishni mo‘ljallash ham xarakterli xususiyatdir.

Milliy ong — bu milliy manfaatlarning to‘g‘ri anglanishidir. Ammo, milliy ong — bu millatparastlik emas. U o‘z millatini, davlatini boshqa millatlardan, davlatlardan yuqori qo‘yish, unga imtiyozlar yaratishga intilish, o‘z millatiga, davlatiga sajda qilib, unga hamdu — sanolar o‘qish emasdir. Milliy manfaatlarni mutloqlashtirish — buyuk davlatchilik, shovinistik qarashlardan boshqa narsa emas.

Milliy ong — bu barcha millatlar, davlatlarga xurmat bilan qarash va ulardan yaxshi narsalarni o‘rganish, hayotda qo‘llash demakdir.



Odatiy siyosiy ong — siyosiy ongning bo‘yi darajasidir. U ijtimoiy guruhlarning kundalik hayotidan bevosita paydo bo‘ladigan g‘oyalar, qarashlar, tasavvurlar yig‘indisidir. Bu ong mazmuniga ko‘ra ko‘p jihatdan empirik ongga o‘xshashdir.

Lekin, odatiy ong empirik ongdan farq qiladi. U muayyan mafkuraviy va nazariy elementlarga egadir. Odatiy ongga ravshan ko‘zga tashlanadigan sotsial — ruhiy belgilar: ziddiyatlilik, uziluvchanlik, tizimga kirmaganlik, yuzakilik, hissiyot, kayfiyat, e’tiroslar hosdir. Bu unga o‘ziga xos dinamiklik (tez o‘zgaruvchanlik) siyosiy vaziyatning o‘zgarishini aniq, xis etishni baxshida etadi.

Odatiy ongning tarkibida haqiqat elementlari

sokolom aql va xomxayollar, bilim va ko‘r — ko‘rona ishonch birgalikda mavjud bo‘ladi. Bu ong darajasida siyosiy voqe’lik yuzaki idrok qilinadi, hodisalar tashqi belgilari bo‘yicha, ko‘pincha kundalik ehtiyojlar va yangi manfaatlar nuqtai nazaridan baholanadi.

Siyosiy ongning odatiy darajasi oqilonalik va emotsionalliknig jonli hayot tajribasi va an’analarining daqiqalik kayfiyat va barqaror stereotiplarning o‘zaro bog‘likligi bilan farqlanadi. Shuning uchun ham u beqaror, hissiyot va bevosita tajribaning o‘zgarishiga bog‘lik tebranishlarga maxkum etilgandir.

Siyosiy ong ijtimoiy borliqqa munosabatiga qarab demokratik va mustabid ongga bo‘linadi.

Demokratik ong — har qanday bir yoqlamalikdan holi bo‘lgan eng mukammal, oqilona siyosiy ong turidir. U ijtimoiy muammolarni umuminsoniy qadriyatlar — o‘zaro birlik, tenglik, ishonch, hamkorlik, hamjixatlik asosida xal kilishga intiladi. Demokratik ong ijtimoiy murosasizlikni, kuch ishlatishni-ijtimoiy ziddiyatlarni bartaraf etishning xal qiluvchi usuli sifatida inkor qiladi. U ijtimoiy birlikni, hamjixatlilikni, murosayu-madorani, o‘z faolyaitining asosiy usuli, deb qaraydi. Mustabid ong — ijtimoiy voqe’likka bir yoqlama, tor manfaatlardan kelib chiqib yondoshiladigan nooqilona siyosiy ong turidir. U ijtimoiy muammolarni aql - idrokka, ilmiy salohiyatta tayanib emas, balki murosasiz, kuch ishlatish yo‘li bilan xal qilishga intiladi.

Mustabid ong o‘zaro birlik, tenglik, ishonch, hamkorlik, murosayu — madorani nazar — pisand qilmaydi va yetarli baholamaydi. U ijtimoiy murosasizlikni, kuch ishlatishni — ijtimoiy ziddiyatlarni bartaraf etishning xal qiluvchi usuli, deb hisoblaydi.

Siyosiy ong tashqi ta’sirga munosabatiga qarab ochiq va yopik siyosiy ongga ajraladi.

Ochiq siyosiy ong — o‘zga ijtimoiy tajriba, boshqa milliy — madaniy qadriyatlar va an’analarni idrok qiluvchi ong turidir. By turda siyosiy voqelik umuminsoniy manfaatlarda, o‘zining inson zotiga mansubligidan ko‘rib chiqib aks ettiriladi.

Yopiq siyosiy ong — korparativ, loqal, guruhiy me’yorlar va maqsadlar doirasida qoladigan ong turidir. Bu turdagi siyosiy qarashning mazmuni guruhiy yoki individual tasavvurlar doirasidan chetga chiqmaydi. Mazkur tasavvurlar insonning faqat xususiy manfaatlari bilan belgilanadi.

Ochiq va yopik siyosiy ong turlari jamiyat rivojlanishining darajasiga, tarixiy shart — sharoitiga bog‘liqdir. Kishilarning yaqqol ko‘zga tashlanadigan guruhiy qarashlari inqilobiy bo‘ronlar davrida ustunlik qiladi. Jamiyatning tinch rivojlanish davrida esa umumsivilizatsion qadriyatlar ustunlik qiladi.

Siyosiy ong ko‘zlangan maqsadning ro‘yobga chiqish ehtimollik darajasiga ko‘ra real va hayoliy; mavjud siyosiy tartibotga bo‘lgan munosabatiga qarab xukmron va muholif ongga ajraladi. U ko‘zlangan maqsadga erishish usuliga ko‘ra islohotchi va inqilobiy; mazmuniga qarab faol va sust ong bo‘lishi ham mumkin.

Siyosiy ong siyosiy mafkura va siyosiy psixologiya darajalarida ham namoyon bo‘ladi. Biz bu masalani keyingi boblarda alohida ko‘rib chiqamiz.

Shunday qilib, siyosiy ong turli—tuman darajalarida, shakllarda va turlarda namoyon bo‘ladi. Ular siyosiy voqelikni nafaqat o‘zaro aloqadorlikda aks ettiradi, balki uni ijod qiladi, o‘zgartiradi va rivojlantiradi.

Siyosiy ong shakllanishining asosiy omillari

Siyosiy ong insonda o‘z — o‘zidan, qup — quruq joyda shakllanmaydi. U muayyan ijtimoiy — siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy — ma’rifiy shart — sharoitlar negizida shakllanadi. Bunday shart — sharoitlar mavjud bo‘lmas ekan, insonda siyosiy ong shakllanmaydi. U siyosatning obyektiligicha qolaveradi. Siyosiy ongning shakllanishi - murakkab jarayondir. Bu jarayon avvalo, ijtimoiy — siyosiy shart — sharoit — demokratik siyosiy tartibotning mavjudligiga bog‘liqdir. Jamiyatda bunday munosabatlar mavjud bo‘lmasa, mustahkamlanib borilmasa insonda siyosiy ong shakllanmaydi. Jamiyatda mavjud bo‘lgan avtoritsetlar, ma’muriy — buyruqbozlik siyosiy tizimi esa inson siyosiy ongning shakllanishiga imkon bermaydi. Aksincha, bu tizim insonni qullikka mahkum etadi, uni hokimiyatdan begonalashtiradi, biqiqlik, befarqlikni, tug‘diradi, boshqaruv apparatlarini halqdan uzoqlashtiradi.

Jamiyatda demokratik siyosiy tizimning mavjudligi va uniig mustahkamlanib borishi — insonni siyosiy ong shakllanishining xal qiluvchi shartidir. Bunday siyosiy tizim inson siyosiy onggi va faoliyatining rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratadi, uni rag‘batlantiradi. Jamiyat siyosiy tizimi qanchalik demokratik bo‘lsa, inson shunchalik siyosiy hayotda faol ishtirok etadi.

Siyosiy ongning shakllanishi jamiyatda faqat demokratik siyosiy tizimning mavjudligi bilan belgilanib qolmaydi. U jamiyat iqtisodiyotining taraqqiy etib borishi darajasiga, halqning moddiy farovonligiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.

Jamiyat iqtisodiyotining yuqori darajada taraqqiy etishi fuqarolik xizmatining bilimdon, malakali, kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan boshqaruv qadrlari shakllanishi uchun zarur asos bo‘lib xizmat qiladi. Yetishmovchilik, qashshoqlik sharoitida demokratiya negizida samarali boshqarish uchun zarur bo‘lgan umumta’lim va kasb tayyorgarliligining yuqori darajasiga ommaviy miqyosda erishish qiyin. Bunday sharoitda qadrlarni shakllantirishda, ulardan foydalanishda bilimdonlik va kasbga bo‘lgan talablar boshqa tamoyillar: qon — qardoshlik, yurtdoshlik, oshna — og‘aynigarchilik, boshliqqa sodiqlik va boshqalar bilan almashtiriladi. Davlat xizmati, siyosiy faoliyatga tezda boy bo‘lib ketish maqsadida shaxsiy manfaatlarini qondirishning vositasi sifatida qarash – boshqarish tizimi uchun oxir oqibatlar keltirib chiqaradi.

Iqtisodiyotining taraqqiy etishi, halqning farovonlikka erishuvi — siyosiy ong shakllanishining asosiy shartlaridan biridir. Jamiyat qanchalik iqtisodiy jihatdan taraqqiy etib borsa, u idora qilishning demokratik shakllariga shunchalik ochiq bo‘ladi. Xalq qanchalik boy va badavlat, farovon yashasa, u shunchalik demokratiyani qo‘llab — quvatlaydi va himoya qiladi.

Siyosiy ong shakllanishi jamiyatning, ma’naviy, ma’rifiy jihatdan rivojlanishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Sababi — ma’naviy, ma’rifiy jihatdan taraqqiy etmagan jamiyat hech qachon insonni siyosat subyekt sifatida shakllantira olmaydi. Bunday jamiyat va uning fuqarolari siyosiy manipulyatsiya—firibgarlikning obyekti bo‘lib kelaveradi. Ma’naviy qashshoq, savodsiz bo‘lgan inson jamiyat anglagan siyosatdan tashqarida bo‘ladi. U dunyo siyosiy xarakatlarning subyekti emas, balki obyekti buo‘lib qoladi. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, jamiyatning ma’naviy — ma’rifiy sohasi, insonnnng ma’lumot darajasi qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik siyosiy bilimdon va siyosiy faol bo‘ladi. Eng asosiysi demokratik uslub, ko‘rsatmalar, hatti —harakatlarga moyil bo‘ladi. Xususan, mukammal ta’lim insonning siyosiy dunyoqarashini kengaytiradi, sabr — toqatli, mehr — okibatli bo‘lishga yordam beradi, ekstremistik g‘oyalarga aloqador bo‘lishdan saqlaydi, saylov kompaniyalari davrida uning odil va oqilona yo‘lni tanlash qobiliyatini oshiradi. Yuqori ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs hukumatning qarorlarini, ko‘rsatmalarini yaxshi anglaydi, siyosiy habarlarni chuqur biladi, keng doiradagi mavzular bo‘yicha o‘zining mustaqil fikriga ega buladi. Inson qanchalik ma’lumotli bo‘lsa, uning siyosiy bahs — munozaralarida ishtirok etish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. U o‘zini kichik bir muruvvat emas, balki hukumatga ta’sir ko‘rsatishga qodir inson, deb hisoblaydi. Individ qanchalik ma’lumotli bo‘lsa, u muayyan jamoat tashkilotlarining faol a’zosi bo‘lishi, o‘zini o‘rab turgan ijtimoiy — siyosiy muhitga ishonch bildirishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.

Shunday qilib, siyosiy ong muayyan ijtimoiy — siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy — ma’rifiy omillar, shart- sharoitlar negizida shakllanadi. Bu omillar yo inson siyosiy faoliyatining rivojlanishiga, uning siyosat subyekti sifatidagi potensial fazilatlarining ochilishiga yordam beradi yoki bu jarayonlarni qiyinlashtiradi va eski siyosiy tizim negizini konservatsiya qiladi.

Uchinchi savol: Siyosiy mafkura haqidagi masala — siyosat nazariyasining eng muxim va dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Bu masala ilgaridan kishilar o‘rtasida ehtirosli, qizg‘in, qarama — qarshi fikr — mulohazalar, baxslar va munozaralarga sabab bo‘lib kelgan va bugungi kunda shundayligicha qolmoqda. Biz mazkur mavzuda ana shu masalaning mazmun — mohiyati, asosiy ko‘rinishlari haqida to‘htalib o‘tamiz.

Siyosiy mafkura: tushunchasi va funksiyalari

Ho‘sh, siyosiy mafkura nima? U qanday funksiyalarni bajaradi? Avvalo, ana shu savollarga javob topishimiz lozim.

Dunyodagi barcha narsalar, hodisalar, odamlarning hayoti, orzu — umidalari, taqdiri azal — azaldan, ilohiy qonunlar bilan belgilangan, inson o‘zini koinotning zarrasi, deb bilgan davrlarda jamiyatni din boshqargan.

Dunyodagi barcha xalqlar tarixida diniy yoki siyosiy e’tiqod o‘rnini insonning hayotiy tajribalaridan kelib chiquvchi bilim egallashi uchun kurash davri bo‘lgan. Uni Uyg‘onish yoki Ma’rifat davri deb atalgan. O‘rta Osiyoda u Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sinolar kabi daxolarni yuzaga keltirganini bilamiz, Ammo bizda Uyg‘onish davri fan, madaniyat, axloq sohasi bilan cheklangani holda G‘arbiy Yevropada kechroq boshlangan bu jarayon butun jamiyat hayotining barcha sohalarida amal qildi. Siyosiy sohada u - insonni ozod qilinishi, barcha odamlarning qonun oldida tengligi kabi g‘oyalarda namoyon bo‘ldi. Har bir ijtimoiy gypuh dunyo, inson, jamiyat haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqib, ijtimoiy hayotni qurishning o‘z falsafasi va amaliyotini taklif etish imkoniga ega bo‘ldi. Bunga yana siyosatning din qobig‘idan chiqib, dunyoviy ma’no kasb etgani ham katta turtki berdi. Natijada, jamiyatda odatda din egallab turgan yuqori mavqeni egallash va odamlar, jamoalar, mamlakatlar taqdirini belgilash uchun turli mafkuralarning kurashi davri boshlandi. Dinlar - mohiyatiga ko‘ra haqiqatni izlagan va shu haqiqatga so‘zsiz e’tiqodni talab etgan bo‘lsa, mafkuralar — o‘zlari suyangan tabaqa yoki fuqaroning manfaatlarini himoyalash va o‘rnatish yo‘llarini izlaydilar. Mafkuraga nisbatan bir qator barqaror bo‘lgan munosabatlar ham qaror topgan: jumladan, mafkura bilan fanni bir — biridan murosasiz ayirib qo‘yish, mafkuraning bilish fuksiyalariga shubha bilan qarash, ularni inkor qilish. XX asr boshlaridayoq, M. Veber mafkurani va boshqa g‘oyaviy, diniy tuzilmalarni ko‘r-ko‘rona ishonish sohasiga kiritgan edi. Bu bilan u mafkuraning ilmiyligi masalasini qo‘yishni ham inkor etadi, by sohaning taniqli mutaxassisi K.Mangeym, M. Veberdan keyin har kanday mafkurani voqelikning noto‘g‘ri bir tomonlama aks etishi sifatida, voqealarning haqiqiy ahvolini ongli ravishda yashiradigan g‘oyalar yig‘indisi sifatida olib qaraydi. Mafkuraning ijtimoiy — tarixiy manbalarini chetga surib qo‘yib, uni jamoani birlashtiruvchi qurol sifatida (O. Lemberg, T. Parsons) haddan tashqari funksional taskin qilishlar ham keng tarqalgandir.

Mafkurani ayrim guruhrar va individlarning psixologiyasidan (R. Payps, D. Braun) iborat qilib ko‘rsatish mollari ham kam emas. Shu bilan birga, ilmiy adabiyotlarda mafkurani — halqning, millatning dunyodagi o‘rnini, manfaatlarini, orzu — intilishlarini ifodalaydigan g‘oya, o‘tmish va kelajakni bog‘laydigan ko‘prik sifatida ta’riflashlar ham mavjuddir.

Yuqorida qayd etilgan xilma — xil yondoshuvlar mafkura — murakkab ruhiy hodisa ekanligidan dalolat beradi. Siyosiy mafkura — siyosiy ongning o‘ziga xos darajasi va shakli xisoblanadi. U siyosiy borliqni aks ettirish chuqurligi va adekvatligi (to‘g‘riligi) ga ko‘ra siyosiy psixologiyadan farq qiladi. Agar siyosiy psixologiyada stixiyali tarzda shakllanadigan, yaxlit bo‘lmagan, sistemalashmagan xissiyotlar, e’tiroslar ustuvorlik qilsa, siyosiy mafkurada siyosiy ongning nazariy elementlari, g‘oyalar, konsepsiyalar ustuvorlik qiladi. Aynan siyosiy mafkurada siyosiy borliq nazariy qayta ishlanadi, aniq dasturlar ishlab chiqiladi. Siyosiy mafkura o‘z tabiatiga ko‘ra siyosiy borliqni nazariy aks ettiradigan, yaxlitlangan, sistemaga solingan, mantiiqiy izchil siyosiy ong shaklidir.

Mafkura jamiyat va siyosiy tizimning muayyan modelini e’tirof etishga, bu modelni shakllantirish yo‘llari va vositalarining muayyan turlarini nazariy asoslashga intiladi. Eslab, tahlil qilib ko‘ring: bizga ma’lum mafkuralarning barchasi — shunday. Boshqacha qilib aytganda, biz urushlar va inqiloblar bilan bir qatorda g‘oyalar va mafkuralar ham insoniyat va madaniyat taraqqiyotini belgilab keladi, deb aytaolamiz. Eng dahshatli urushlar, eng qonli inqiloblar guvohi bo‘lgan XX asrni «mafkuralar asri», deb nom olganligining o‘zi — ana shu urushlar, inqiloblarning tub zaminini aslida dunyoni ikki qarama — qarshi qutbga bo‘lib yuborgan mafkuralar kurashi tashkil etganligining e’tirofidir.

Ammo, bularning barchasi siyosiy mafkura siyosiy nazariyaga aynan o‘xshash ekan, degan ma’noni anglatmaydi aslo. Bunday deb hisoblash masalani siyqalashtirihdan boshqa narsa emas.

Siyosiy mafkura siyosiy nazariyadan farq qiladi. U nafaqat "mavjudlik" haqidagi aniq bilimlarga, balki "bo‘lishlik" haqidagi noaniq fikrlarga, taxminlar va xomhayollarga, "yashil bo‘yoqlar" bilan bezashlarga ham tayanadi. U xomhayollarga berilishlik, voqelikni bo‘yoqlarga bo‘yashlik — mafkuraning xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

Yuqorida qayd etilgan fikr - mulohazalardan kelib chiqib siyosiy mafkuraga quyidagicha ta’rif berish mumkin.

Siyosiy mafkura — u yoki bu ijtimoiy guruhning manfaatlarni ifodalovchi va himoya qiluvchi hamda ko‘proq miqdordagi kishilarning individual o‘y - fikrlarni va xatti — xarakatlarini hokimiyatdan foydalanishning muayyan maqsadlari va vazifalarga bo‘ysundirishni talab qiluvchi sistemalashgan, mantiiqiy izchil g‘oyaviy qarashlarning yig‘indisidir. qisqacha qilib aytganda, siyosiy mafkura - bu muayyan ijtimoiy guruhning hokimiyatga intilishini yoki undan foydalanishini asoslovchi va siyosiy xarakatning u yoki bu strategiyasini ko‘zda tutuvchi yaxlit g‘oyaviy tizimdir.


Yüklə 121,87 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə