Sug’urta munosabatlari va ularni tartibga solish reja



Yüklə 29,83 Kb.
tarix21.12.2022
ölçüsü29,83 Kb.
#97412
Botirjonov O


SUG’URTA MUNOSABATLARI VA ULARNI TARTIBGA SOLISH


Reja
1. Sug‘urta munosabatlari haqida tushuncha
2. Sug‘urta vositachilarining sug‘urta munosabatlaridagi o‘rni.


Sug‘urta munosabatlari haqida tushuncha.


Sug‘urta shartnomasidagi eng muhim jihatlardan biri unda sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi natijasida yetkazilgan zararlarni qoplash shartlarini bayon etilishidir.
Sug‘urta shartnomasiga asosan sug‘urta qildiruvchi sug‘urta hodisasi yuz bergani haqida xabar topganidan so‘ng darhol bu haqda sug‘urtalovchini yoki uning vakilini xabardor qilishi kerak. Agar shartnomada sug‘urta hodisasi yuz bergani haqida xabar berishning muddati va/yoki usullari belgilangan bo‘lsa, u holda sug‘urta qildiruvchi xabar berishni shartnomada belgilangan muddat va usulda amalga oshirishi kerak. Xuddi shunday majburiyat naf oluvchiga ham agar u uning foydasiga tuzilgan shartnoma yuzasidan sug‘urta qoplamasiga da’vo qilish huquqidan foydalanmoqchi bo‘lsa yuklatiladi. Ushbu majburiyat bajarilmasa, sug‘urtalovchi sug‘urta qoplamasini agar sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz bergani haqida o‘z vaqtida xabardor qilingani yoki bunday ma’lumotlarning yo‘qligi sug‘urtalovchini sug‘urta qoplamasi to‘lash majburiyatidan ozod qilishi isbotlanmasa to‘lamaslikka haqlidir.
Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta qoplamasini to‘lash haqidagi arizasida quyidagilarni ko‘rsatadi:
- sug‘urta hodisasining tavsifi va sanasi;
- sug‘urta qildiruvchining sug‘urta hodisasi yuz bergandagi hatti-harakatlari;
- zarar miqdori va sug‘urta qildiruvchining da’vo qilayotgan sug‘urta qoplamasining miqdori, tegishli ro‘yxat hamda summasi ko‘rsatilgan holda;
- uchinchi shaxslardan zarar uchun olingan tovon miqdori.
Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasida ko‘zda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berganda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini kamaytirish uchun mumkin bo‘lgan oqilona choralarni ko‘rishga majbur. Sug‘urtalovchi tomonidan qoplanadigan zararlar miqdorini kamaytirish maqsadida qilingan xarajatlar, agar bu xarajatlar zarur yoki sug‘urtalovchining topshirig‘ini bajarish uchun qilingan bo‘lsa, ammo bu chora-tadbirlar samara keltirmagan bo‘lsa ham sug‘urtalovchi tomonidan zarar albatta qoplanishi zarur. Bu xarajatlar sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga nisbatiga mutanosib tarzda, boshqa zararlarni qoplash bilan birgalikda ular sug‘urta pulidan oshib ketishidan qat’iy nazar qoplanadi. Sug‘urta qoplamasi sug‘urta qildiruvchining zararni qoplash haqidagi yozma arizasiga hamda vaziyat talab qilgan hollarda tegishli organ va tashkilotlarning hujjatlariga muvofiq to‘lanadi.
Sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta hodisasi yuz bergani haqida xabar qilinganidan so‘ng sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalovchi va zarur hollarda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat komissiya tuziladi. Agarda sug‘urta hodisasi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muddat davomida yuz bergani tasdiqlansa, komissiya tomonidan zararlarning sababi va hajmi ko‘rib chiqiladi, zararlar va yo‘qotishlar miqdori aniqlanadi, sug‘urta qoplamasi to‘lash uchun summa aniqlanadi va dalolatnomada qayd qilinadi. Ushbu dalolatnoma sug‘urtalovchining sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta shartnomasida belgilangan muddatda qoplama to‘lashiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Agar tomonlar zararning sababi va hajmi yuzasidan o‘zaro kelisha olishmasa, u holda mustaqil ekspertiza o‘tkazilishi mumkin. Sug‘urta qoplamasi sug‘urta summasidan kam miqdorda to‘langan sug‘urta shartnomasi, shartnomadagi va to‘langan sug‘urta qoplamasi o‘rtasidagi farq miqdori muddati tugagunga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi. Agar zarar uning sababchisi tomonidan butunlay qoplangan yoki sud qaroriga binoan uning zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, u holda sug‘urta qildiruvchi sug‘urta qoplamasini talab qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Agar sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi zarar sababchisi yoki uchinchi shaxslardan qoplama olgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi faqat sababchi yoki uchinchi shaxs tomonidan to‘langan qoplama bilan sug‘urta shartnomasiga muvofiq to‘lanishi kerak bo‘lgan pul o‘rtasidagi farqni to‘laydi. Agar mulkning yo‘q bo‘lishi yoki zararlanishi jinoyat natijasida yuz bersa va bu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, u holda sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta qoplamasi, aybdor shaxsga berilgan da’vo regressi sud tomonidan jinoiy ish ko‘rilayotganda ko‘rib chiqilishi mumkinligini e’tiborga olgan holda, tergov olib borilayotgan davrda yoki tergov tugagandan so‘ng to‘lanishi mumkin.
Qoplama miqdori mulk zararlanganda uni almashtirish qiymati bilan, u butkul nobud bo‘lganda esa ro‘yxatda ko‘rsatilgan haqiqiy qiymati bilan chegaralanadi. Ammo sug‘urta qoplamasining umumiy miqdori sug‘urta shartnomasidagi umumiy sug‘urta pulidan yoki xar bir band bo‘yicha javobgarlik limitidan oshib ketmasligi kerak. Agar sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa sug‘urtalovchi qoplamani sug‘urta shartnomasida belgilangan franshizani hisobga olgan holda to‘laydi.
Sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasi to‘lamaslik haqidagi qarori to‘g‘risida sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ga ularning sug‘urta qoplamasi to‘lash haqidagi murojaatidan boshlab 15 kun mobaynida xabar berilishi kerak. Xabarnomada rad etishning sabablari ko‘rsatilishi lozim.
Sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasini yoki sug‘urta pulini to‘lamaslik haqidagi qaroriga sudga da’vo arizasini bergan holda e’tiroz bildirilishi mumkin. Agar sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urtalash natijasida qoplangan sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning zarar keltirgan shaxsga bo‘lgan da’vo huquqi sug‘urta qoplamasini to‘lagan sug‘urtalovchiga u to‘lagan pul doirasida o‘tadi. Biroq ataylab zarar yyetkazgan shaxsdan da’vo qilish huquqi sug‘urtalovchiga o‘tishini inkor etuvchi sug‘urta shartnomasining sharti kuchga ega emas.
Sug‘urtalovchiga o‘tgan da’vo huquqi sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) va zarar uchun javobgar shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga amal qilingan holda amalga oshiriladi. Sug‘urtalovchiga o‘tgan da’vo huquqini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar, dalillar va boshqa ma’lumotlarni sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchiga taqdim etishga majbur. Agar sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) zarar uchun javobgar shaxsga bo‘lgan sug‘urtalovchi tomonidan qoplangan zarar uchun da’vo huquqidan voz kechsa yoki uning aybi tufayli da’vo qilishning iloji bo‘lmasa, sug‘urtalovchi sug‘urta qoplamasini butunlay yoki tegishli qismini to‘lamaslik va to‘langan sug‘urta qoplamasining ortiqcha qismi qaytarilishini talab qilish huquqiga ega.
Agar sug‘urta qildiruvchi qayta tashkil qilinsa, uning sug‘urta shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlari qonuniy vorisiga o‘tadi va bu haqda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor etadi. Sug‘urta shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni uchinchi shaxslarga o‘tkazish tomonlarning yozma roziligisiz amalga oshirilishi mumkin emas. Har bir sug‘urta shartnomasiga har bir sug‘urta hodisasi natijasida ko‘rilgan har bir zarar yoki hamma zararlar bo‘yicha shartsiz franshiza/shartli franshiza qo‘llaniladi. Franshiza miqdori tomonlar bilan kelishiladi va sug‘urta shartnomasida ko‘rsatiladi. Tomonlar fors-major shartlari davrida sug‘urta shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qisman yoki butunlay bajara olmasliklari uchun javobgar emaslar. Fors-major shartlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi: harbiy harakatlar, blokadalar, ish tashlashlar, davlatlararo va davlat tashkilotlarining cheklovchi va ta’qiqlovchi choralari, sug‘urta shartnomalarida ko‘rsatilmagan tabiiy ofatlar. Fors-major shartlari yuz berganda yoki tugaganda tomonlar bir-birini yozma ravishda xabardor qilishlari shart. Fors-major shartlari yuz berganda tomonlarning o‘z majburiyatlarini bajarish muddatlari fors-major sharti davom etgan muddatga teng muddatga uzaytiriladi. Sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan barcha nizolar qonunda belgilangan tartibda hal etiladi.
Sug‘urta qoplamasi sug‘urtalanuvchining zararni qoplash to‘g‘risidagi yozma arizasi, shuningdek, vakolatli organlardan olingan tegishli hujjatlar asosida to‘lanadi. Bunday hujjatlarning taqdim etilmasligi sug‘urtalovchiga ushbu hujjatlar bilan tasdiqlanmagan zarar uchun tovon to‘lashni rad etish huquqini beradi.
Sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi (naf oluvchi, sug‘urtalangan shaxs) o‘rtasida yuzaga keladigan bahs-munozaralarning uchta asosiy ko‘rinishi mavjud:
1) sug‘urta shartnomasini tuzish jarayonida yuzaga keladigan bahslar;
2) sug‘urta shartnomasining va sug‘urtalovchi o‘z majburiyatini bajarishi bilan bog‘liq bahs-munozaralar;
3) sug‘urta shartnomasiga o‘zgartirish kiritish, bekor qilish hamda tugatish bilan bog‘liq bahs-munozaralar.
Mol-mulk sug‘urtasi bo‘yicha quyidagi hollarda sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasini tuzishdan bosh tortishi mumkin:
- sug‘urtalanuvchi tomonidan sug‘urtaga olinadigan mol-mulkni saqlashga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lishi aniqlanganda;
- sug‘urta hodisasining ro‘y berish ehtimolligi yuqori bo‘lganda; bunday hollarda sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga riskni kamaytirishga qaratilgan texnik tadbirlar o‘tkazishni tavsiya qiladi; ba’zan esa sug‘urtalovchi bunday tadbirlarni moliyalashtirishga ogohlantirish tadbirlarining fondi hisobidan ko‘mak berishi mumkin;
- sug‘urtalovchi bilan sug‘urtalanuvchi mol-mulkning haqiqiy yoki texnik holatidagi qiymati yuzasidan kelisha olmaganda;
-sug‘urtalanuvchi sug‘urtalovchiga sug‘urta hodisasining ro‘y berish ehtimolligini va uning natijasida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararning miqdorini aniqlash yuzasidan to‘liq va aniq ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortganda;
- tomonlar sug‘urta summasining hajmi yuzasidan bir to‘xtamga kela olmaganda;
- sug‘urtalanuvchini sug‘urta shartnomasi bo‘yicha tarif stavkaning miqdori hamda sug‘urtalovchiga to‘lanadigan sug‘urta mukofotining miqdori qoniqtirmasa.
Bunday kelishmovchiliklar sug‘urtalanuvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida shaxsiy sug‘urta shartnomasini tuzish jarayonida ham kuzatilishi mumkin, lekin uning boshqa sug‘urta shartnomasidan farqi shundaki, shaxsiy sug‘urta shartnomasi ommabop hisoblanadi. Buning ma’nosi shuki, tijorat shaklidagi sug‘urta tashkiloti bunday shartnomani imzolashdan bosh tortishga haqli emas, ba’zi holatlar bundan mustasno, masalan, sug‘urtalovchi shartnoma tuzishning imkoni yo‘qligini qonun yoki huquqiy hujjatlar yordamida asoslab bersa.
Majburiy sug‘urtada sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga sug‘urta shartnomasini tuzish taklifini dalolatnomani olgandan so‘ng sug‘urtalovchi 30 kun ichida ikkinchi tomonga (sug‘urtalanuvchi) uning shartlarini qabul qilganligi yoki dalolatnomaga qarshi ekanligi to‘g‘risida ma’lum qilishi shart.
Agar tomonlar (sug‘urtalovchi, sug‘urtalanuvchi) uchun sug‘urta shartnomasini tuzish qonunga muvofiq majburiy hisoblansa, tomonlardan qay biri uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi tomon sudga murojaat qilib, uni shartnoma tuzishga majburlashga haqli. Shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bosh tortgan tomon ikkinchi tomonga yetkazgan zararini qoplab berishi kerak. Agar sug‘urta shartnomasini tuzishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar sudga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan bo‘lsa, kelisha olmayotgan shartnoma shartlari sudning qarori bilan aniqlanadi.
Sug‘urta shartnomasi tuzilgandan va kuchga kirgandan keyingi bahslar. Bunday bahslar quyidagi hollarda yuzaga kelishi mumkin:
- sug‘urtalanuvchi sug‘urta shartnomasini tuzish jarayonida sug‘urtalovchiga sug‘urta hodisasining ro‘y berish ehtimolligini hamda uning natijasida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararning miqdorini aniqlash holatlarida yolg‘on ma’lumotlar taqdim etgan hollarda; bunday hollarda sug‘urtalovchi haqiqiy emas deb topilishini talab qilish va qonunga muvofiq sug‘urtalanuvchiga nisbatan choralar qo‘llashga haqli;
- sug‘urtalanuvchi sug‘urtalovchiga shartomaning amal qilish davrida sug‘urta riskining oshishiga olib keladigan o‘zgarishlar bo‘lganligi haqida xabar bermaganda, shuningdek, sug‘urta hodisasining ro‘y berish ehtimolligi oshishi munosabati bilan sug‘urta mukofotiga qo‘shimcha summa to‘lashdan bosh tortganda; bunday hollarda sug‘urtalovchi shartnomani bekor qilish va uning bekor qilinishi oqibatida keltirilgan zararlarni qoplab berishini talab qilishga haqli;
- shaxsiy sug‘urta shartnomasi sug‘urtalanuvchi, shuningdek, sug‘urtalangan shaxs hisoblanmaydigan shaxsning foydasiga tuzilgan bo‘lsa.
Sudda ko‘rib chiqiladigan tomonlarning asosiy da’volar quyidagilar bilan bog‘liq:
- sug‘urtalovchi ro‘y bergan hodisani sug‘urta hodisasi deb tan olmaganda va sug‘urta qoplamasini to‘lashdan bosh tortganda;
- sug‘urta qoplamasining miqdori sug‘urtalanuvchini (naf oluvchini) qoniqtirmaganda;
- sug‘urtalovchilarning sug‘urta qoplamasini to‘lab berish muddatini asossiz ravishda “uzaytirish”lari hollarida.
Sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchining aniq bir sug‘urta hordisasi natijasida ko‘rgan zararini qoplab berishdan bosh tortganda u har tomonlama asoslangan va yozma shaklda taqdim etilgan bo‘lishi kerak. Sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasini to‘lashni rad etishi haqqoniy bo‘lsa va qonunning huquqiy normalari bilan asoslanmagan bo‘lsa, sug‘urtalanuvchi sug‘urtlovchining haqligini aniqlash yuzasidan sudga ariza bilan murojaat qiladi.
Ko‘pincha sug‘urtalanuvchi (naf oluvchi, sug‘urtalangan shaxs) bilan sug‘urtalovchi o‘rtasidagi nizolar sug‘urta qoplamasining to‘liq yoki qisman to‘lanmasligi natijasida kelib chiqadi, lekin ular qonunga muvofiq asoslangan bo‘ladi. Quyidagi holatlar sug‘urta qoplamasi to‘lanmasligiga asos bo‘ladi:
1)sug‘urtalanuvchi (naf oluvchi) sug‘urta hodisasi ro‘y berganligini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda va tartibda sug‘urtalovchiga ma’lum qilmasa;
2) sug‘urtalanuvchi sug‘urta hodisasi natijasida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni atayin amalga oshirmasa;
3) sug‘urtalanuvchi (naf oluvchi)ning ko‘rgan zarari aybdor shaxs tomonidan to‘liq qoplanganda;
4) sug‘urtalanuvchi (naf oluvchi, sug‘urtalangan shaxs) sug‘urta shartnomasi yoki qoidalarida ko‘rsatilgan u yoki bu majburiyatlarni bajarmaganda.
Bunday majburiyatlarga (shartlarga) quyidagilar kiradi:
- sug‘urtalanuvchi (naf oluvchi, sug‘urtalangan shaxs) sug‘urta hodisasi ro‘y berganligi to‘g‘risidagi xabarni shartnomada belgilangan muddatda tegishli organlarga (IIV, yong‘in xavfsizligi xizmati, sug‘urta nazorati, militsiya, sanepidstansiya, avriya, qutqaruv xizmati) taqdim etishi kerak;
- sug‘urtalanuvchi mol-mulk sug‘urtasi yoki tadbirkorlik riski sug‘urtasi bo‘yicha shartnoma tuzayotganida sug‘urtalovchini xuddi shu ob’ektlar boshqa sug‘urta tashkilotida ham sug‘urtalanganligi to‘g‘risida ogohlantirishi kerak;
- sug‘urta qoidalariga ko‘ra, mulkiy va tadbirkorlik riski sug‘urtasida sug‘urta summasining miqdori sug‘urta qiymatidan oshirilishi mumkin.
Sug‘urta hodisasi ro‘y berganligi aniqlanmaganligi bilan bog‘liq bahslar. Sug‘urta sub’ektlari o‘rtasidagi bahslar asosan sug‘urta hodisasining ro‘y bergan vaqtini, uning sabsblarini aniqlay olmaslik natijasida kelib chiqadi. Bu asosan sug‘urta hodisasining sug‘urta qoidalarida aniq tasvirlanmasligi oqibatida sodir bo‘ladi. Masalan, ba’zi sug‘urtalovchilar sug‘urtalanuvchi-banklar bilan tuzgan sug‘urta qoidalarida qarz oluvchining kreditni qaytarmaslik sug‘urtasida sug‘urta hodisasi deb kreditning (kreditga foiz bilan olingan pul mablag‘lari) qaytarilmasligini tushunadilar. Kreditning qarz oluvchi tomonidan qaytarilmasligi holatida sug‘urtalanuvchi-bank sug‘urtalovchidan zararning qoplanishini talab qilishga haqli hisoblanadi, hattoki, qarzdor kredit mablag‘larini kreditning ko‘rsatmasi bo‘yicha emas, balki boshqa yo‘nalishga sarflagan bo‘lsa va kutilgan sof daromadni ololmagan bo‘lsa ham yoki qarzdor qarz mablag‘larini ko‘rsatma bo‘yicha sarflagan va rejalashtirilgan iqtisodiy samaraga erishgan bo‘lishi ham mumkin, lekin ishlab topgan daromadini kreditni va uning foizini qaytarishga emas, balki boshqa maqsadlarga yo‘naltirgan bo‘lishi mumkin. Sug‘urtalanuvchi-bank esa sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta hodisasi bo‘yicha zarar ko‘rgan va uni qoplab berishini so‘rab sug‘urtalovchiga murojaat qiladi. Shuning uchun, sug‘urtalovchi majburiyatlarining chegarasi sug‘urta shartnomasida va qoidalarida aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak, aks holda u o‘zining moliyaviy ziyoni hisobiga sug‘urta qoplamasini amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi.
Yüklə 29,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə