12-mavzu. 1917-1991 yillarda Qoraqolpog‘iston (2 soat) Reja



Yüklə 68,86 Kb.
səhifə1/5
tarix20.05.2023
ölçüsü68,86 Kb.
#111683
  1   2   3   4   5
12-mavzu




12-mavzu. 1917-1991 yillarda Qoraqolpog‘iston (2 soat)
Reja:
1.1917-1918 yillarda Turkiston o‘lkasining Amudaryo bo‘limidagi siyosiy jarayonlar. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat. Yer-suv munosabatlari.
2.“Harbiy kommunizm” siyosati, yangi iqtisodiy siyosatning o‘tkazilishi. Sovetlar hukmronligining Amudaryo viloyati iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri.
3.Kadrlar masalasi, undagi nomutanosib siyosat, 1917-1924 yillarda Qoraqolpog‘istonda sovet xokimiyati boshqaruv tizimining mastahkamalanishi va uning milliy siyosati.
4.Milliy mustaqillik uchun kurashning davom etishi. Qoraqolpog‘iston muhtor viloyatining tuzilishi (1925 fevral), xo‘jalik tarmoqlaridagi o‘zgarishlar. Qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlarning xususiyatlari.

1925 yil 12 – 19 fevralda To‘rtko‘lda bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston avtonom Sovetlarining I Ta’sis s’yezdida “Qoraqalpog‘iston avtonom oblastini tashkil etish to‘g‘risida deklarasiya” qabul qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston avtonom oblasti Qozog‘iston ASSR tarkibida bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi1. Allayor Do‘stnazarov Qoraqalpog‘iston avtonom oblasti partiya komiteti mas’ul sekretari qilib saylandi. Oradan ko‘p o‘tmay, bu lavozimda Abu Qudabayev va Pyotr Varlamov faoliyat ko‘rsatdi2.


Qoraqalpog‘iston 1925 – 1932 yillarda Qozog‘iston ASSR va 1932 – 1936 yillarda RSFSR tarkibida bo‘lgan. Qoraqalpog‘iston ASSR 1936 yil dekabrda O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritildi.
Qoraqalpog‘iston avtonom oblastidagi voqealar bilan bir vaqtda 1925 yilning 13 fevralida bo‘lib o‘tgan RKP(b)ning Qozog‘iston O‘lka komiteti byurosi majlisida, “Qoraqalpog‘istonni tashkillashtirish borasidagi haqiqiy ishlarning ahvolini to‘g‘ri tushunib yetmaslik oqibatida vujudga kelgan kuchli milliy ziddiyat g‘ayritabiiy hodisa hisoblanishi” ta’kidlandi. Shu bois I. Bekimbetov va A. Do‘stnazarovlar Qoraqalpog‘iston oblast Tashkiliy byurosi tarkibidan chiqarildi3.

185-surat. 670-betga. VKP(b) Qoraqalpog‘iston obkomi plenumi (1925)

Qoraqalpog‘iston avtonom oblastining Qozog‘iston ASSR tarkibiga kiritilishi 1925 yilning 11 mayida bo‘lib o‘tgan Butunrossiya Sovetlarining XII s’yezdida tasdiqlandi. Biroq Qoraqalpog‘iston avtonom oblastining vakolatlari doirasi chegaralangan bo‘lib, amalda ular deyarli hech qanday huquqqa ega emas edi. Shunday bo‘lsa-da, qoraqalpoq xalqining iqtisodiy va madaniy rivoji uchun muayyan sharoit yaratildi. Qoraqalpog‘iston avtonom oblasti rahbarlari (A. Qudabayev, A. Do‘stnazarov va boshqalar) o‘z davriga qattiq “bog‘lanib” qolgan edilar, ularning ish uslubi O‘rta Osiyodagi milliy-hududiy chegaralanish sharoitida kutilmaganda ro‘y beradigan tor doiradagi partiyaviy vazifalarni bajarishga qaratilgan edi.
“Qoraqalpog‘iston avtonom oblasti to‘g‘risidagi Nizom” (1926 yil 1 noyabr)ga muvofiq, oblast. To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irotdan iborat to‘rtta okrugga bo‘lindi4.
Qoraqalpog‘istondagi siyosiy-iqtisodiy iqlimning keskin o‘zgarishi P.I. Varlamovning 1927 yilning 26 oktyabrida oblast partiya tashkiloti mas’ul kotibi lavozimiga kelishi bilan uzviy bog‘liq edi. VKP(b) Qozog‘iston O‘lka komitetining P.I. Varlamov nomiga yozilgan xatida kimlar bilan kurashish kerakligi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga quyidagi ko‘rsatma berilgan: “Qoraqalpog‘iston AOda boylarning va ruhoniylarning ta’siri kuchli. Shu bois boy va eshonlarning asosiy kuchi ularning yer va suvdan foydalanishdagi imtiyozida bo‘lib, ular bilan zaruriy islohotlarni o‘tkazish orqali kurashish kerak”5. 1927 yilda davlat hokimiyati “apparatini mustahkamlash va sog‘lomlashtirish” maqsadida Qozog‘iston O‘lka komitetidan Qoraqalpog‘istonga 68 nafar mas’ul xodim yetib keldi6.
P. Varlamov boshchiligidagi Markaz emissarlari Qoraqalpog‘iston avtonom oblasti davlat apparatini “tozalash” jarayonida uning “ruhan aksilinqilobchi yot, jinoyatchi va yaroqsiz unsurlar bilan haddan tashqari to‘ldirib yuborilganligini, ular xizmatchilar umumiy sonining 20 foizini tashkil etgan”ligini aniqladi. VKP(b) partiya komiteti va Qozog‘iston ASSR MIK Prezidiumining a’zolari U. Bekimbetov, F. Matkarimov, tuman muassasalari rahbarlari G. Abdullayev, I. Jilqiboyev, Yu. Matyoqubov, Tokmambetov, Qurbonboyev, Eshimbetov, Boboniyozov va boshqalar saidvaqqosovchilik7 bilan bog‘liq ekanlikda ayblandi, ularga “o‘ng og‘machilik” yorlig‘i yopishtirildi. Boylarga sherik bo‘lgani, ijtimoiy kelib chiqishini yashirgani va ishdagi sinfiy yo‘lni xaspo‘shlagani uchun Kegayli rayon partiya komiteti (raykom) kotibi S. Yeltezerov, Qipchoq revkom kotibi Boybozorov, Qo‘ng‘irot raykom kotibi Isamov, Chimboy raykom kotibi Tojiboyev, Qipchoq rayon ijroiya komiteti Ro‘ziboyev, Qorao‘zak rayon ijroiya komiteti raisining o‘rinbosari Beknazarov va boshqalar ishdan olinib, partiyadan o‘chirildi va sudga berildi. “Partiya va hukumat yo‘lini buzganligi uchun” (bu holat g‘alla tayyorlash va ekish kampaniyalari vaqtida boylarni himoya qilishda ifodalangan) birinchi toifa bo‘yicha prokuror o‘rinbosari K. Irmonov, sobiq prokuror X. Yusupov, oblast sudining sobiq raisi Sh. O‘rumboyev va boshqa yot unsurlardan tozalandi8.
1925 – 1926 yillarda oblastda 16 ta sanoat korxonasi ishlagan bo‘lib, shulardan 14 tasi davlatga qarashli va 2 tasi xususiy zavodlar edi. 1926 – 1927 yillarda oblastda ishlab chiqarilgan jami sanoat mahsuloti 5489 rublni tashkil etgan. 1927 – 1928 yillarda mahalliy sanoatni rivojlantirish uchun 110 000 rubl mablag‘ ajratilgan. Oziq-ovqat sanoati rivojiga alohida e’tibor qaratilgan. Qoraqalpog‘iston sharoitida paxtachilik, chorvachilik, uzumchilik uchun ularning xomashyo bazasi tashkil qilingan. Uchsoy, Mo‘ynoq, Urga, Qozoqdaryo kabi joylarda ov bilan baliqchilik yanada rivojlantirildi.
1926 yilda Qoraqalpog‘istonda 4 516 nafar hunarmand bo‘lib, ulardan 2 753 nafari baliq ovlovchi va ovchi, 214 nafari metallga ishlov beruvchi, 204 nafari ko‘nchi, 316 nafari to‘quvchi va tikuvchi, 152 nafari oshpaz va qandolatpaz, 56 nafari yog‘ochga ishlov beruchi duradgor va boshqalar bo‘lgan9.
1927 – 1928 yillarda Orol davlat baliqchilik tresti tashkil etildi. Baliqchilik sanoati mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha paxta tozalashdan keyingi ikkinchi o‘rinda, ishchilar bandligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan.
Yuklarning aksariyat qismi Chorjo‘y temir yo‘l stansiyasiga Amudaryo orqali yetkazilgan. Bu yo‘l uzoq va qimmat hisoblangan. 1926 – 1927 yillarda 619 km masofaga ega Chimboy-Qizil O‘rda yo‘li qurildi.
1928 yilning aprelida qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish harakati boshlanib, qishloq xo‘jaligi artellari va TOZlar shaklidagi 13 ta kolxozni vujudga keltirishga muvaffaq bo‘lindi. Ular u qadar katta bo‘lmay, har birida 6 – 10 nafar a’zo bo‘lib, umumiy soni 28 – 40 kishigacha yetgan.
1928 yilning iyun oyi boshlarida Qozog‘iston O‘lka komiteti kotibi F.I.Goloshchekin Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, boylar va ruhoniylar bilan kurashish borasidagi shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi. 1928 yilning 17 avgustida Qozog‘iston MIKning “Boylar yer egaligidagi mol-mulklarni musodara qilish to‘g‘risidagi Dekret” sinfiy kurashning kuchayishini qonuniylashtirdi: dastlab Xo‘jayli, Chimboy, To‘rtko‘ldagi, so‘ngra viloyatning boshqa rayonlaridagi boylar va ruhoniylarning yerlari tortib olindi. Ularni yangi tashkil topayotgan jamoa xo‘jaliklariga topshirish natijasida boylar va eshonlar 20 ming desyatina yer maydonidan ajraldilar10.
1929 yilning 11 avgustida Qozog‘iston O‘lka komiteti paxtakor rayonlarda kolxoz qurilishi ishini jadallashtirishga oid qaror qabul qilib, Qoraqalpog‘iston AO partiya komitetiga amaliy tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi11. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, oblast apparatining ayrim xodimlari o‘tkazayotgan “o‘ng og‘machilik” oqibatida kolxozlar tuzish to‘xtatib turilganligi aniqlandi. 1929 yil maboynida 18 ta yangi kolxoz tashkil etilib, bunday jamoa xo‘jaliklarining umumiy soni 32 taga yetkazildi12.
1929 yilning 1 fevralidan OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) xodimlari barcha rayonlarga safarbar qilindi. Ularga biror-bir shubha uyg‘otadigan, kollektivlashtirishni amalga oshirishga faol qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash va shu orqali “OGPU yo‘nalishi bo‘yicha bunday toifadagi shaxslarni aniqlashga kirishish va ularga nisbatan jinoiy ish rasmiylashtirib, ularni yer islohoti (kollektivlashtirish) boshlanishiga qadar Qoraqalpog‘istondan badarg‘a qilish hamda ular ishini 1929 yilning 1 iyuniga qadar rasmiylashtirish” topshirig‘i berildi13. Qisqa vaqt ichida OGPU xodimlari tomonidan faqatgina Chimboy va To‘rtko‘l rayonlaridan 516 nafar xonadon boshliqlari shubhali shaxslar sifatida aniqlandi14.
Kollektivlashtirish aholi sabr-kosasini to‘ldirib yubordi, oxir-oqibat bu “aksilinqilobiy guruhlar” deb atalmish turli guruhlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ularni Qurbonniyaz Xolniyazov (Biybozor), Fo­zil Xo‘ja Ahmetov (Qalandarxona), Kutum Kultemirov (Sarkol), Niyaz Fayzullin (Shobboz), Ustabek Yusupov (Shimam), Qurbonboy Ayteke (Qipchoq, Chimboy, Taxtako‘pir), Mambetov, Qurbanov, To‘ra Shayx (Xorazm)15 kabilar boshqardi.
1929 yilning 27 sentyabr – 7 oktyabrida Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlarida A.Ismetullayev, K.Nurullayev, B.Nurimovlar rahbarligida xalq qo‘zg‘oloni ro‘y berdi va bu qo‘zg‘olon tez orada butun oblast hududini qamrab oldi. Qo‘zg‘olonga “sovet hokimiyatining og‘ir soliqlar bilan xalqni xona-vayron qilayotgani, aybsiz odamlarni hibsga olayotgani va islom dinini ta’qib ostiga olingani” sabab bo‘ldi16. Qo‘zg‘olonchilar 27 sentyabrda Tax­tako‘pir ovuliga hujum qilib, VKP(b) raykomi, rayijrokomi, rayon komso­moli, “Qo‘shchi” uyushmasi binolarini, xalq sudi va xalq tergovchisi binosini, rayon moliya bo‘limini vayron qilishdi hamda bu yerlardagi “jinoiy ish” jildlari, oylik maosh varaqalari, soliq hujjatlari yoqib yuborildi. Qozog‘iston o‘lka komiteti bu harakatlarni siyosiy xarakter kasb etgan va “mehnatkash omma qiziqishlariga qarshi qaratilgan hamda mohiyatan aksilinqilobiy bosqinchilik jinoyati” deb baholadi17.
Qoraqalpog‘istonda bu davrda sovet hokimiyati tomonidan uzluksiz tozalash ishlari olib borildi: oblast partiya tashkilotidan 50 nafar mas’ul xodim tozalandi, rayon va ovul sovetlarining 75 foiz xodimi ishdan bo‘shatildi, 230 kishi partiya safidan chiqarildi18. 1929 yil yanvaridan 1930 yil may oyiga qadar Qoraqalpog‘iston avtonom oblasti bo‘yicha 142 kishi o‘lim jazosiga hukm qilinib, 29 kishi boshqa mintaqalarga badarg‘a qilindi19.
Ruhoniylar va milliy ziyolilarga qarshi zulmkorlik siyosati amalga oshirilib, Inoyat eshon Baxauatdinov, Xa­lil oxun Atauliyev, Paxratdin eshon Munaydarov, Karimberdi oxun Nurullayev, S. Agaydarov kabilar qatag‘on qilindi.
24 martda Qoraqalpog‘iston oblast partiya komiteti “kollektivlashtirish sur’atlari shak-shubhasiz bo‘rttirib ko‘rsatilib, uni o‘tkazishda mutlaqo noto‘g‘ri, umuman mumkin bo‘lmagan va aniq jinoiy hisoblangan uslublar qo‘llanilgan”ligini e’tirof etishga majbur bo‘ldi.20. Kolxozlar ommaviy ravishda tushkunlik holatiga tushib, 1930 yil may oyida ularning soni 23 foizgacha kamayib ketdi: oblastda 12079 ta xo‘jalikdan iborat 210 ta kolxoz qoldi.
Siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning keskinlashuvi 1930 yilning 20 iyulida Qoraqalpog‘iston avtonom oblastining bevosita RSFSR tarkibiga kiritilishiga olib keldi. Qoraqalpog‘istonning bevosita RSFSR tarkibiga kiritilishining asosiy sabablaridan biri 1929 yilda sovet hokimiyati siyosatiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon bilan bog‘liq ish edi. Ta’kidlash joizki, 1929 – 1931 yillarda Qozog‘istonda 350 ta turli norozilik chiqishlari bo‘lib, ular 80 000 nafar kishi ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston AOning byudjet ko‘rsatkichlari Butunittifoq darajasidan orqada edi. Xalq xo‘jaligini tiklash uning doimiy ravishda o‘sib borishini talab qilardi. Ammo mahalliy byudjetning daromad qismi mintaqa iqtisodini eng kam miqdordagi mablag‘ bilan ham ta’minlay olmas edi. Qozog‘iston ASSRning Qoraqalpog‘iston AO salohiyatini oshirish uchun imkoniyati yo‘q edi, chunki uning o‘zi RSFSR tarkibidagi qoloq milliy avtonom respublikalardan biri hisoblanardi. Bepoyon hudud, iqtisodiy imkoniyatning kuchsizligi, o‘ta darajada kadrlar taqchilligi Qozog‘istonning o‘zida ham xalq xo‘jaligini og‘ir ahvolga solib qo‘ygan edi.
Qoraqalpog‘iston AO ijroiya qo‘mitasi raisi Koptleu Nurmuhamedovning ma’ruzasini eshitgan RSFSR Xalq Komissarlari Soveti 1931 yilning 1 avgustida oblastning xo‘jalik va madaniy qurilishi to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Unda Qoraqalpog‘istonning xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishidagi rivojlanish sur’ati RSFSRning boshqa avtonom respublikalari va oblastlaridan orqada ekanligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligini qayta qurish uchun texnikaviy baza kuchsiz bo‘lib, irrigasiya tizimi yetarlicha rivojlantirilmagan edi. Chorvachilik hanuz qoloq uslublarda olib borilayotgan bo‘lib, yetarlicha ozuqa bazasi bilan ta’minlanmagan, chorva hayvonlari naslini yaxshilash va veterinariya yordamini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmagan edi. Maxsus chorvador qorako‘lchilik kolxozlari yetarli bo‘lmagan. O‘sha davrda kolxoz qurilishi sovxoz qurilishi sur’atlaridan ancha orqada qolayotgan edi. Yo‘l qurilishining yomon ahvoldaligi va suv yo‘llarini tashkil qilishdagi, ayniqsa yo‘l shaxobchalari va temir yo‘llaridagi yetishmovchiliklar xalq xo‘jaligiga xos jihatlar sanalardi21.

186-surat. 673-betga. Koptleu Nurmuhamedov (1932)

Qoraqalpog‘iston o‘z paxtasini, urug‘chilik bazasi va ancha miqdordagi bedasini tashqariga chiqarishini, qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun muhim baza ekanligini, Orol dengizining baliq ovlanadigan rayonligini, texnik ekinlar yetishtirish uchun katta yer maydonlariga ega bo‘lgan asosiy rayonlardan biri ekanligini hisobga olgan RSFSR Xalq Komissarlari Soveti Qoraqalpog‘istonning RSFSR xalq xo‘jaligi umumiy tizimidagi ahamiyatini ta’kidlagan holda quyidagi muhim tadbirlarni ko‘rsatib o‘tdi:
– sug‘oriladigan yer maydonlarini 120 000 gektarga yetkazishga imkon beradigan Chimboy irrigasiya tizimini kengaytirish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish; Qoraqalpog‘iston irrigasiya tizimini gidrotexnik inshootlar va kemada yuk tashishni qaytadan qurish orqali amalga oshirib, irrigasiya ishini mexanizasiyalashtirishni 30 foizga yetkazish; irrigasiya tarmoqlarini traktor bilan ishlov berish talablariga moslashtirishni ta’minlash; Amudaryo havzasidan to‘g‘ri foydalanish loyihasini ishlab chiqib, damba inshootlarini qurish yo‘li bilan daryo sathini ko‘tarish imkoniyatlarini aniqlash; Qizketgan kanalida gidrostansiya barpo etish;
– yangi paxta tozalash zavodini qurish; sholichilik sovxozini tashkil etish; kendir ekiladigan sovxozlar uchun 10 000 gektardan kam bo‘lmagan yangi yerlarni o‘zlashtirish; 4 ta yangi mashina-traktor stansiyasini ochib, ularning quvvatini 4 000 ot kuchiga yetkazish;
– 10 000 gektar maydonga ega bedachilik sovxozini yaratish; oblastda 1931 yili 158 000 gektar hajmdagi maydonda, jumladan paxtani 85 000 gektarda, bedani 30 000 gektarda yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqarish topshiriqlarini belgilash; 1000 ga yaqin kambag‘al-o‘rtahol xo‘jaliklarni o‘troqlashtirish; qorako‘l qo‘ylari miqdorini 45 ming boshga yetkazish; dag‘al jun yo‘nalishidagi qo‘ychilik kolxozini tashkil qilish;
– Qoraqalpog‘istonda keng ko‘lamdagi o‘rmonchilik, meliorasiya va qumni to‘sish bo‘yicha ishlarni boshlash; ko‘chmanchi chorvador rayonlarda quduq qazish ishlarini amalga oshirish; veterinariya tadbirlari rivojini tezlashtirib, “Askoli” laboratoriyasini yaratish; 8000 quti ipak qurti urug‘idan 204 tonna pilla olish uchun 1000 gektardan kam bo‘lmagan yerga tutzorlarni tashkil qilishga kirishish;
– RSFSR Xalq Xo‘jaligi Oliy Kengashiga oblastda fosforit va yog‘-moy ishlab chiqaradigan zavodlarni; baliq konservasi zavodini qurishda ko‘mak berishini taklif qilish;
– To‘rtko‘l-Nukus-Chimboy-Orol dengizi (355 km) yo‘lini respublika ahamiyatidagi yo‘llar ro‘yxatiga kiritish; Chorjo‘y-Aleksandrov Gai temir yo‘l magistrali qurilishini ko‘rib chiqish; tor yo‘lli Nukus-Orol dengizi temir yo‘li qurilishini tugatish; qish vaqtlarida kemalarning uzluksiz qatnashini ta’minlash uchun muzyorar xilidagi kemani Orol dengiziga chiqarish maqsadga muvofiqligi masalasini o‘rganib chiqish; Moskva-Qo‘ng‘irot-Chorjo‘y havo aloqasini yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqish;
– Qoraqalpog‘istonda ehtiyoji darajasida tezroq ishchi qadrlarni qo‘lga kiritish choralarini ko‘rish; yiliga 80 kishini qabul qiladigan veterinariya zootexnikumini tashkil qilish; baliqchilik texnikumini ochish; FZO (sirtdan o‘qish fakulteti) maktablari; pedinstitut ochish haqidagi masalani ishlab chiqish; 50 foizdan kam bo‘lmagan aholining savodsizlikni tugatish maktablariga jalb qilinishini ta’minlash;
– Qoraqalpog‘iston AO poytaxtini Nukusga ko‘chirishning maqsadga muvofiq ekanligini tushuntirish uchun maxsus komissiya yuborish22.
Bu qarorning ko‘plab bandlari 1932 – 1936 yillarda bajarildi, ko‘plari esa qog‘ozlarda qolib ketdi. Fosforit zavodini yaratish, Chorjo‘y-Aleksandrov Gai temir yo‘l magistralini qurish, tor yo‘lli Nukus-Orol dengizi temir yo‘lini qurish, Orol dengiziga muzyorar kema tushirish, Moskva-Qo‘ng‘irot-Chorjo‘y havo yo‘li, zoovettexnikum, baliqchilik texnikumi bo‘yicha rejalar bajarilmay qoldi.
1932 yil 20 martda SSSR MIK Prezidiumi “Qoraqalpog‘iston avtonom oblastini Avtonom Sovet Sosialistik Respublikasiga aylantirish va uning RSFSRga kirishi to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Avvalgidek Markaz rejalariga muvofiq avtonom respublikaga qishloq xo‘jalik xomashyosi va chala mahsulot yetkazib berish vazifasi ajratildi. Paxta tozalash va baliqchilik avtonom respublika sanoatining yetakchi tarmoqlari bo‘lib qoldi23.
Siyosat maydoniga rahbarlarning yangi avlodi: K.Nurmuhamedov, K.Avezov, N.Saparov, K.Allambergenov, P.Janaliyev, K.Sagdullayev, D.Seytova, A.Irmanov, D.Qurbanov, B.Tojiyev, D.Matkarimov va boshqalar chiqdi24. Ayni vaqtda Qoraqalpog‘istonga RSFSRdan rahbar kadrlar (T.I.Churbanov, D.M.Loginov, I.Aliyev, I.Larkin, G.F.Kvachev va b.)ning yuborilishi o‘lkaning siyosiy-madaniy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
1933 yilning 21 – 23 aprelida Qoraqalpog‘istondagi mas’ul xodimlar guruhi (T.Churbanov, Morin)ning faoliyati VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi va RSFSR prokuraturasining maxsus brigadasi olib borgan tekshiruv natijasida ochib tashlandi va bu “churbanovchilik” deb baholandi25.
“To‘rtlar” (K.Avezov, K.Allabergenov, P.Janaliyev, P.Toreyev) va “o‘nlar” (X.Abdixalikov, D.Ishimbetov, A.Mambediyarov, R.Matchanov, M.Nurjanov, J.Rahmatullayev, B.Tojiyev, X.Temirxanov, K.Shamuratov) guruhi ustidan siyosiy jarayon o‘tkazildi. Ularga “xalq dushmani” tamg‘asi qo‘yildi hamda qatag‘on qilindi26.
1933 yil sentyabrda VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosiga taqdim etilgan “QQ ASSRdagi sovet apparatini milliylashtirishning ahvoli to‘g‘risida”gi ma’ruza qaydnomasida Qoraqalpog‘istonda sovet apparatini milliylashtirishdagi qoloqlikning sabablari: sovet apparatining yot va buzuq unsurlar bilan ifloslanganligi; mansabdorlarning jinoiy ishlari, o‘g‘irliklar va kamomadlar; chetdan kelgan xodimlar bilan apparatni komplektlashdagi qiyinchiliklar aytib o‘tildi.
1932 yilning may oyida Qoraqalpog‘iston ASSRda 366 000 kishi yashagan bo‘lsa, shularning 37,1 foizi qoraqalpoqlar, 27,2 foizi o‘zbeklar, 26,8 foizi qozoqlar, 3,1 foizi turkmanlar, 3,7 foizi ruslar va 1,5 foizi boshqa millat vakillari edi27. Mahalliy partiya va sovet hokimiyatini mahalliylashtirishga bo‘lgan intilish yarim-yorti bo‘lib, faqat boshqaruv apparatining quyi bo‘g‘inlaridagina mahalliy millat vakillarining ulushi salmoqli edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay bu siyosiy tadbir “burjua millatchiligiga qarshi kurash” tadbirining boshlanishi munosabati bilan tugatilib, natijada mahalliylashtiruvchilarning asosiy qismi qatag‘onga uchradi. Eng yirik jarayoni “Qoraqalpoq sanoat transport uyushmasi”da bo‘lib o‘tdi28.
1931 yil dekabrda Chimboyda paxta tozalash zavodi foydalanishga topshirildi. 1933 yil 3 oktyabrda Qoraqalpog‘iston Sovet Ittifoqidagi beda urug‘chiligining asosiy bazasi deb e’lon qilindi. 1934 yilda 15,8 ming tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega beda tozalash zavodi foydalanishga topshirildi. O‘rta Osiyo respublikalarining paxtakor rayonlari, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon, Ar­manistonga Qoraqalpog‘istondan beda urug‘i yetkazildi. Beda urug‘i Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada va boshqa mamlakatlarga ham chiqarilib, bu xalqaro urug‘chilik bozoridagi ulushning 95 foizini tashkil qildi29. Xalq xo‘jaligi mehnat taqsimotida: yuqori sifatli xomashyo – paxta va beda urug‘i yetkazib berishda sug‘orma dehqonchilikning yetakchi soha ekanligi; chorvachiligi; Orol dengizi janubidagi baliqchilik xo‘jaligi bilan avtonom respublikaning o‘rni belgilanar edi.
Asosiy qurilish ishlari Chimboy, Mo‘ynoq, Xo‘jaylida olib borildi. 1932 yilning aprelida QQ ASSR ma’muriy markazi – Nukus shahrini qurish haqida qaror qabul qilindi. 1936 yil noyabridan 1941 yilning martigacha Qoraqalpog‘iston hukumati muassasalarini asta-sekin Nukusga joylashtirish jarayoni sodir bo‘ldi. Ittifoq hukumati 1936 yilda poytaxtni qurish va asosiy hukumat muassasalarining To‘rtko‘ldan Nukusga ko‘chib o‘tishi uchun 14 mln rubl ajratdi. Qoraqalpog‘iston sanoatining solishtirma ulushi ancha orqada edi. 1932 yilda butun SSSR bo‘yicha aholi jon boshiga taxminan 273 rubllik sanoat mahsuloti to‘g‘ri kelgani holda, O‘rta Osiyo respublikalarida bu ko‘rsatkich 46-71 rubl oralig‘ida, Qoraqalpog‘istonda esa 36,6 rubl edi, xolos.
Avtonom respublikaning baliqchilik sanoati asta-sekin o‘zining xalq xo‘jaligidagi solishtirma ulushini oshirib bordi. 1935 yilda Mo‘ynoq go‘sht-baliq konserva kombinatini qurish boshlandi.
Ayni vaqtda, ijtimoiy-siyosiy hayot tahlikali bo‘lib qolaverdi. 1931 yilda Qoraqalpog‘istondan 20 foizga yaqin aholi ko‘chib ketdi. Qoraqalpog‘iston kollektivlashtirish harakatining ilk bosqichida 55 foizdan ortiq mahsuldor chorvasini yo‘qotdi30.
Bu davr Qoraqalpog‘iston tarixida murakkab va tahlikali bo‘lgan bo‘lsa-da, boshqa bir tomondan, qoraqalpoqlar hayotida katta ahamiyatga molik voqea ro‘y berdi. 1936 yil 5 dekabrda qabul qilingan SSSR Konstitusiyasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston ASSR O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritildi. O‘zbekiston Sovetlarining 1937 yilning 18 fevralida bo‘lib o‘tgan favqulodda VI qurultoyida chiqish qilgan O‘zbekiston Xalq Komissarlari Sovetining raisi Fay­zulla Xo‘jayev “QQ ASSRning O‘zbekiston tarkibiga kirishi o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi birodarlik rishtalari mustahkam ekanligining ko‘rsatkichi bo‘lib, ular o‘rtasidagi do‘stlikning ifodasi hisoblanadi. Bu quvonarli holdir! Biz bu ishonchni asrashimiz darkor, uni qadrlamog‘imiz, keyinchalik bu birodarlik rishtalarini mustahkamlab qoraqalpoq xalqining xo‘jaligi va madaniyatining keyingi taraqqiyotiga yordam bermog‘imiz kerak”31, deb ta’kidlagan edi.
Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibiga kirishi bu tarixiy voqea bo‘lib, har ikki xalq tarixida muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston hukumati Qoraqalpog‘iston xalq xo‘jaligini yuksaltirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Shu munosabat bilan F.Xo‘jayevning 1937 yil 8 iyunda QQ ASSR XKS raisi Juma Qurbonovni asosli ravishda tanqid qilib Qoraqalpog‘iston hukumatiga yozgan xati qiziqarlidir: “QQ ASSR XKS va Davlat plan komiteti, shuningdek Qoraqalpog‘iston hukumati xalq komissarlari shu kunga qadar O‘zSSR XKS va Davlat plan komitetiga uchinchi besh yillikka dahldor takliflarni taqdim etmadi. Shunga muvofiq O‘zSSR XKS QQ ASSR xo‘jaligining ayrim sohalari, madaniy rivoji bo‘yicha QQ ASSR Davlat plan komiteti va XKSning dastlabki qarori borasidagi natijalarga ega bo‘lmay turib o‘z qarorini qabul qilishga majbur bo‘ldi. O‘zSSR XKS Qoraqalpog‘iston rahbar organlarining uchinchi besh yillik masalalarini ishlab chiqishda o‘zini chetga olish holatini nomaqbul deb hisoblaydi”32.
F.Xo‘jayev maktub so‘nggida o‘z dastxati bilan quyidagi qiziq satr osti qaydini yozgan edi: “Sizning Toshkentdagi Vakolatxonangiz hukumat ishi tez-tez oqsayotgani bois, QQ ASSR Xalq Komissarlari Sovetidan Qoraqalpog‘iston masalasi bo‘yicha zaruriy ko‘rsatmalarni ololmayapti. Siz XKS apparatiga, Davlat plan komitetiga va xalq komissarlariga bu masala bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalarni bersangiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi”33.
1939 yil oktyabrda O‘zbekiston hukumatining “Suvenli” va “Leninyob” kanallari negizida magistral kanal qurish to‘g‘risida”gi qarori chiqdi. Magistral kanal qurilishida Qoraqalpog‘istondagi 11 ta rayon (449 ta kolxoz, 5000ga yaqin brigada) vakillari ishtirok etdi. Qoraqalpog‘istonning Chimboy va Qorao‘zak rayonlari kolxozchilari kuchi bilan 50 kun davomida 25 kmli Mayyob kanali qurildi. Bir vaqtning o‘zida oqar suv bilan sug‘oriladigan maydon 29541 gektarga kengaytirildi. Nasos bilan sug‘oriladigan maydonlar 10575 gektarga yetdi. 1938 – 1940 yillar orasida avtonom respublika sanoatini rivojlantirish uchun 20 mln rubl mablag‘ ajratildi34. Qoraqalpog‘istondagi irrigasiya kanallarining qurilishi va ta’mirlanishi natijasida 10100 gektar qo‘riq yer o‘zlashtirilib, ekin maydonlarining hajmi 1940 yilga kelib 151 200 gektarga yetkazildi va uning 60 900 gektariga (40,3 foiz) paxta ekildi35. Bu paytda Qoraqalpog‘iston aholisi 475 664 nafar kishini tashkil qildi.
Bu davr Stalin qatag‘onlarining eng yuqori cho‘qqisi bo‘lganligi bilan ajralib turadi. 1937 yildagi terror tadbiri “sobiq quloqlar, jinoyatchilar va boshqa aksilsovet unsurlari”ga qarshi kurashish va milliy ozchilikka qarshi amaliyotlar tufayli katta terrorga aylanib ketdi. Behisob ommaviy qatllar katta terrorning timsoli bo‘lib, uni “katta yo‘q qilish” davri deb atash ham mumkin.
1934 – 1939 yillarda Qoraqalpog‘istonda 10 mingdan ziyod kishi qatag‘on qilindi36. Qoraqalpog‘istonning birinchi rahbarlari bo‘lgan I.S. Aliyev, D. Rizayev, K. Boltayev, G.F. Kvachev, K. Alimov, K. Nurmuhamedov, K. Avezov, K. Allambergenovlar partiya saflaridan o‘chirildi va qatag‘on qilindi. K. Xalikeyev, X. Niyetullayev, S. Allaniyazov, X. Saxibi, A. Tursinbayev, A. Dlimov, F. Yerbayev, U. Tatibayev, M. Xairov, P. Seitov kabi yangi avlod vakillari ularning o‘rnini to‘ldirdi.

187-surat. 677-betga. Davlat Rizayev, Karim Boltayev



Qoraqalpog‘istondagi partiya rahbarlaridan biri Qallibek Kamolovning keyinchalik o‘z memuarlarida yozishicha, “Bu davr butkul erksizlik va tahqir yillari bo‘lib, odamlarning turmush sharoiti keskin yomonlashib ketgan, davlat ta’minoti ancha qisqargan edi. Yerlar ho‘kizlarda yoki eshaklarda haydalardi, ba’zan faqat ketmon ishlatib, chig‘irlar bilan sug‘orilar edi. Bu og‘ir yillarda sinovdan o‘tgan oqsoqollar yurt ravnaqi, respublikaning gullab-yashnashi va kelgusidagi taraqqiyoti uchun halol xizmat qilib, odamlarni yeb-ichirib, xalq birligini asrab-avaylashgan”37.
Ikkinchi jahon urushida, german fashizmiga qarshi olib borilgan mislsiz kurashda, butun O‘zbekiston xalqlari bilan birga Qoraqalpog‘iston ASSR mehnatkashlari ham faol ishtirok etdilar.
1941 yil aprelida Qoraqalpog‘iston rahbariyatida Sobir Kamolov, Pirjon Seitov, Mateke Jumanazarov siymosidagi uchlik vujudga keldi. Adolat yuzasidan ta’kidlash joizki, bu uchlik tajribali S. Kamolovning oqilona rahbarligi ostida Ikkinchi jahon urushining suronli yillarida ham pand bermay o‘zlarining tashkilotchilik faoliyatini yaxshi namoyish etdi.
Urushning dastlabki kunidanoq avtonom respublikaning barcha ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati urush ehtiyojlari uchun jalb qilindi. Qoraqalpog‘istondan frontga hammasi bo‘lib 61618 nafar kishi safarbar qilindi va nemis-fashist qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etdi. Urush boshlangan vaqtda avtonom respublikada 97-Qoraqalpog‘iston milliy brigadasi tashkil etilib, unga ko‘pgina vatanparvarlar ko‘ngilli ravishda yozildilar. Mazkur brigadaning askarlari va zobitlari Ikkinchi jahon urushi frontlarida qahramonlik ko‘rsatdilar.
Qoraqalpog‘iston o‘g‘lonlarining qahramonlik jasoratlari yuksak baholandi. Qoraqalpog‘istonlik 20 nafar jangchiga ko‘rsatgan qahramonliklari uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni degan unvon berildi. Ular orasida O‘rinboy Abdullayev, Inoyat Navro‘zboyev, Nikolay Sarayev, Ivan Maxorin, Makash Bolmagambetov, Plis Nurpeisov, O‘rozboy Jumaniyozov va boshqalar bor edi. Qoraqalpog‘istonliklardan quyidagi olti kishi: Alimboy Omonboyev, Juldosboy Kalimbetov, Aleksandr Zayko, Reip Saipnazarov, Tleumurat Utamuratov va Yefim Bespalov «Shuhrat» ordenining uchala darajasi nishondorlari bo‘lishdi. Respublikaning 20 mingga yaqin jangchisi turli orden va medallar bilan mukofotlandi. Berlin osmonida kuzatuvchi uchuvchi qoraqalpog‘istonlik Plis Nurpeisov (1919 – 1945) halok bo‘ldi. U Germaniya osmonida havo razvedkasi olib borib, 256 soat parvoz qildi va jangovar topshiriqlarni bajardi. P. Nurpeisovga o‘limidan so‘ng 1945 yil 18 avgustda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.



188-surat. 677-betga. O‘rinboy Abdullayev (1912-1989), O‘rozboy Jumaniyozov (1924-1943)

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning 25 mingdan ortiq vakillari mehnat batalonlariga olinib, Sverdlovsk, Perm, Gorkiy, Orenburg oblastlari korxonalari va shaxtalarida, O‘zbekistondagi Angren shaxtasi qurilishida mehnat qildilar38.


O‘rta Osiyodagi boshqa mintaqalar kabi avtonom respublika ham urush yillarida kurashayotgan armiyaning mamlakat ichkarisidagi mustahkam tayanchlaridan biriga aylandi. «Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun» degan majburiy mas’uliyat yuklovchi shior o‘sha qiyin davrda Qoraqalpog‘istonning har bir mehnatkashi uchun ham yuksak shiorga aylandi. Urush yillari mobaynida avtonom respublika front uchun 284 500 tonna paxta, 78 700 tonna don, 15200 tonna go‘sht, 571 000 tonna yog‘, 609 tonna jun, qariyb 100 000 dona qorako‘l teri, 6223 tonna tuzlangan, quritilgan va dudlangan baliq, 200 mln bankadan ortiq go‘sht va baliq konservasi, shuningdek, boshqa ko‘pgina mahsulotlar yetishtirib berdi.
Bundan tashqari, urushning dastlabki kunlaridanoq Qoraqalpog‘iston mehnatkashlari mudofaa fondi uchun o‘zlarining shaxsiy jamg‘armalarini ham ayamadilar. Masalan, tank kolonnalari va samolyotlar eskadrilyalarini tashkil etish uchun ular 10 mln rubldan ortiq pul va obligasiyalar to‘pladilar. Davlat harbiy zayomlariga yozilish 30 755 000 rublni tashkil etdi. Dehqonlarning shaxsiy xonadonlaridan mudofaa fondiga 25,5 tonna jun, qariyb 5 000 tonna don, 228,6 tonna go‘sht va boshqa ko‘pgina mahsulotlar topshirildi. Qoraqalpog‘iston mehnatkashlari Leningrad va Stalingradning qahramonona himoyachilariga, Ukraina va Belorussiya partizanlariga, fashist bosqinchilaridan ozod etilgan hududlar aholisiga aniq maqsadga qaratilgan katta moddiy yordam ko‘rsatdilar.
Qoraqalpog‘istonga evakuasiya qilingan 25 000 polyak va 5180 nafardan ortiq bolalar hamda mamlakat g‘arbidan keltirilgan 10 ming kishini aholi o‘z qarindoshlari kabi samimiyat bilan kutib oldi va ularga g‘amxo‘rlik qildi. Ishchilar, kolxozchilar va xizmatchilar o‘zlarining shaxsiy jamg‘armalaridan ular uchun 262 000 rubl, shuningdek, qariyb 2,5 ming dona kiyim-bosh va poyabzal to‘pladilar.
Qoraqalpog‘istonliklar frontchilarning oilalariga ham oziq-ovqat mahsulotlari, kiyimlar, o‘tin, chorva mollari bilan qo‘llaridan kelgancha yordam berdilar. Ular uchun urush yillarida 33 397 ta kvartira qurib berildi va ta’mirlandi, 30 mln rubl miqdorida yordam berildi.
Shunday qilib, yarim millionli Qoraqalpog‘iston xalqining german fashizmi ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi ozmuncha bo‘lmadi. Biroq bularning hammasiga osonlikcha erishilgani yo‘q: frontga ketganlarning ko‘pchiligi (34 mingdan ortiq kishi) uylariga qaytmadi. Lekin Qoraqalpog‘istonning urushdagi yo‘qotishlari faqat shu raqamlarning o‘zi bilangina cheklanmaydi.
Mamlakat ichkarisidagi mislsiz vatanparvarlik yolchib ovqat yemaslik, tuyib uxlamaslik va haddan tashqari toliqtiruvchi og‘ip mehnat evaziga namoyon bo‘ldi. Mehnatga qobiliyatli kishilar bilan bir qatorda keksalar va o‘smirlar ham mehnat qilishdi. Tinkasi qurigan odamlar ko‘p hollarda kasal bo‘lishardi, shifokorlar va dori-darmonlar umuman yetishmasdi. Ana shunday sharoitda 1943 – 1944 yillarda respublikada toshma va ich terlama epidemiyasi paydo bo‘ldi va avj oldi. 1945 yilda esa, o‘lat kasali tarqaldi. Xalqning mamlakat ichkarisidagi yo‘qotishlari frontlardagi yo‘qotishlardan qariyb uch baravar ko‘p bo‘ldi. Urush yillarida ana shu va boshqa kasalliklardan, ochlik va surunkali yolchib ovqat yemaslik, holdan toydiradigan og‘ip mehnat natijasida Qoraqalpog‘istonda 90 ming nafardan ortiq kishi vafot etdi.
Xullas, yarim million aholiga ega bo‘lgan respublika urush yillarida 124 mingdan ortiq kishidan ajradi, ya’ni har to‘rt kishidan biri halok bo‘ldi. Bu insoniy yo‘qotishlar Belorussiya yoki urushdan yanada ko‘proq zarar ko‘rgan ayrim davlatlarning yo‘qotishlari bilan teng qiyoslasa bo‘ladigan yo‘qotishlar edi. Qoraqalpog‘iston aholisining urushdan oldingi darajasiga faqat urush tamom bo‘lgandan keyin oradan 15 yil o‘tgach, ya’ni 1959 yildagina erishildi39. Chunki urush yillarida o‘n minglarcha yosh erkaklar va ayollarning halok bo‘lishi aholining tabiiy o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan edi.



Yüklə 68,86 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə