Estetikaning



Yüklə 489,5 Kb.
səhifə1/21
tarix29.11.2023
ölçüsü489,5 Kb.
#142060
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
ESTETIKANING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI.


ESTETIKANING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI.
Reja:
1.“Estetika” fanining obekti va falsafiy mohiyati.
2.“Estetika” haqidagi qarashlar tarixi.
3.Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi. Go‘zallik va uning muqobillari.
4.Ulug‘vorlik kategoriyasining falsafiy mohiyati. Fojeaviylik (tragediya) kategoriyasi.

Tayanch tushunchalar: Estetika, «Go‘zallik falsafasi», estetik ehtiyoj, nafosat, san’at, estetika amaliyoti, Zardushtiylik, Pifagor, Geraklit, Suqrot, Aflotun, Arastu, Tit, Lukretsiy Kar, G‘arb O‘rta asrlar estetikasi, Uyg‘onish davri, klassitsizm, nemis klassik falsafasi, O‘rta Osiyo Uyg‘onish davri estetikasi, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, ekzistensializm, strukturalizm.
Estetika so‘zi yunoncha «estezis» so‘zidan olingan bo‘lib, «sezish», «his qilish qobiliyati» ma’nosini bildiradi. Bu fan – insonning voqelikka estetik munosabatlari va insoniyat badiiy rivojining umumiy qonun-qoidalari haqidagi fan. Uzoq vaqt bu fan «Go‘zallik falsafasi» deb ta’riflab kelingan. Lekin hozirgi davrda „Estetika" fanini bunday ta’riflab bo‘lmaydi, chunki
«go‘zallik»ning o‘zi „Estetika"ga tegishli tushunchalardan biriga aylanib qoldi. Birinchi marta estetika so‘zini fanning nomi sifatida olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714-1762) “Poetika” asarining ba’zi bir masalalari to‘g‘risida falsafiy mulohazalar” kitobida ishlatgan (1735 yil). Lekin bu bilan Baumgartenni „Estetika" fanining asoschisi deb bo‘lmaydi, chunki estetika nazariyalari qadim zamonlardayoq „Falsafa” fani doirasida o‘rganilgan.
Dastlabki estetik ta’limotlar quldorlik jamiyati davrida – Sharq mamlakatlari (Misr, Bobil, Hindiston, Xitoy, Eron va Turon)da vujudga kelib, qadimgi Yunonistonda, ayniqsa, Aflotun, Arastu, Suqrot asarlarida, qadimgi Rimda Lukretsiy Kar, Goratsiy va boshqalarning tadqiqotlarida rivojlantirildi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan mustaqil fan sifatida shakllana boshladi.
„Estetika" so‘zi ko‘pincha narsa va hodisalarning rang-tusi va shaklidagi mukammallik, mutanosiblik, latofat ma’nolari majmui sifatida ham qo‘llaniladi. Mazkur tushuncha kishilarning yaxshi fe’l-atvori, muomalasi, nutqi, did bilan kiyinishini anglatadi yoki tabiatdagi go‘zallikni ham bildiradi.
Estetika so‘zi ba’zan «nafosat» tushunchasi bilan baravar ishlatiladi. San’atda ham estetika bir qancha ma’nolarda qo‘llaniladi. Voqelikdagi tabiatan nozik narsalar va hodisalar in’ikosi – badiiy adabiyotda nazm, tasviriy san’atda – manzara, miniatyura va boshqalar fikrimizga yorqin dalildir. Ikkinchidan, san’atda nima in’ikos ettirilishidan qat’i nazar, nihoyatda nozik ifoda usullari qo‘llanilishi, ifoda usulining bag‘oyat nafisligi – nozik raqs va boshqalar diqqatga sazovordir. “Estetika” atamasi o‘rnini bevosita va bilvosita “Nafosat” atamasi bosa oladi. Ko‘pchilik “estetika” atamasiga o‘rgangani uchun “nafosat” atamasini chuqur his qilolmaydi.
Estetika fan sifatida voqelikning go‘zallik asosida in’ikos etishini, inson amaliy faoliyatining hamma sohalarida go‘zallik va xunuklik tuyg‘ularini, ayniqsa, badiiy ijodning umumiy qonunlarini o‘rganadi. Biz voqelikdagi go‘zallik va xunuklikni turlicha tushunamiz. Estetik qarashlarimiz, tasavvurlarimiz, baholarimiz nisbiy bo‘lib, ularni xolis baholash estetikaning vazifasidir. Mazkur fanning asosiy tushunchasi – go‘zallik zohiriy va boti-niy ma’noga ega, voqea-hodisa, buyum zohiran go‘zal, botinan xunuk bo‘lsa, bu erda tom ma’nodagi go‘zallik deb bo‘lmaydi. Shu bois donishmandlar tashqi va ichki go‘zallik mutanosibligiga alohida ahamiyat berganlar.
Go‘zallikka intilish tabiiy ehtiyojdir. Bu ehtiyoj tarbiya vo-sitasida namoyon bo‘ladi. Go‘zallik qurshovida yashagan inson bilan xunuklik muhitida o‘sgan odam o‘rtasida katta farq bor. Go‘zallik tarbiyasi insonni ma’naviy jihatdan kamolotga etaklaydi, estetik his-tuyg‘uni taraqqiy ettiradi. Estetik his-tuyg‘u insonni qurshab turgan muhitdagi go‘zallik va xunuklikni, ulug‘vorlik va tubanlikni, fojiaviylik va kulgililikni idrok etish va baholash qobiliyatidir. Estetik ehtiyoj ezgulikka, go‘zallikka intilishdir. Bu ehtiyoj mehnat, san’at, axloqiy munosabatlardagi go‘zallikni taqozo etadi. Estetika o‘z mohiyatiga ko‘ra, din, fan, axloq, huquq tamoyillaridan farq qiluvchi o‘ziga xos qonunlar asosida rivojlanib, unda o‘tmish madaniy merosi, hozirgi kun tarbiyasi, kelajak bashoratlari uyg‘unlashgan holda namoyon bo‘ladi, fan voqea-hodisalarning qonuniyatlarini voqelikka muvofiq keladigan tushunchalar va qoidalar orqali ochib bersa, estetika voqea-hodisalarni xayol, to‘qima obrazlar vositasida ifodalaydi. Ulardagi timsollar ham o‘z tuzilishiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, musavvirlik, haykaltaroshlik, teatr va boshqa san’at turlarida voqea-hodisalar bevosita tasvirla-nadi. Musiqa, raqs, me’morchilikda san’atkorning voqea-hodisalar va narsalardan tug‘ilgan g‘oyaviy-hissiy holati ifodalanadi. Bu jihatdan estetika san’atga yaqin turadi. Estetika fani falsafiy bilimlar majmuida o‘ziga xos alohida ahamiyatga molik bo‘lib, u bir tomondan insonning atrof-muhitga, voqelikka estetik munosabati doirasidagi olamni o‘zgartirish jarayonidagi faoliyatini namoyon etadi. Ikkinchidan, san’atga alohida ahamiyat beradi. Chunki ayni shu erda insonning nafosat olamini o‘zlashtirishi eng yuqori darajaga ko‘tariladi.
Estetika fanining ikki tomoni mutanosibligi nihoyat darajada murakkab tizimga ega bo‘lib, uni soddalashtirib, qolipga solishga urinishlar ko‘p hollarda kulgili vaziyatlarga olib keladi. Uning bir tomonini bo‘rttirib, ikkinchi tomonini unga bo‘ysundirib qo‘yish ham estetika fani mohiyatini buzilishiga olib keladi. Masalan, atrof-muhitni go‘zallik mezoni bilan baholanishini bo‘rttirib yuborish estetikani faqat go‘zallik falsafiy qolipiga zo‘rlab sig‘dirishga, inson badiiy faoliyati sohasini esa faqat san’at falsafasi darajasiga tushirib yuborishga sabab bo‘ladi. Estetikaning fan, keyinchalik esa o‘quv darsi sifatida shakllanish jarayonlarida uni bir qator mustaqil bilim sohalariga bo‘lib yuborishlar, ya’ni estetikani «estetik qadriyatlar nazariyasi», «estetik idrok etish nazariyasi» va «umumiy san’at nazariyasi» sohalariga ajratib o‘rganish hamda o‘qitish maqsadga muvofiq deb ko‘rsatilgan edi. Insonning estetik faoliyati badiiy faoliyati bilan, aksincha uning badiiy faoliyati estetik faoliyati bilan bab-baravar degan aqida tarixiy taraqqiyot tajribasida o‘zini oqlamadi. Aslida bu ikki nisbiy mustaqil maqomga ega bo‘lgan inson faoliyati sohalari o‘zaro shu qadar chirmashib ketganki, ularni bir-birisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Insonning estetik faolligi jarayonida tabiat va jamiyat qad-riyatlari munosabatlari tizimidagi estetik xususiyatlar (go‘zallik va xunuklik, ulug‘vorlik va tubanlik, fojialilik va kulgililik) qonuniyatlari namoyon bo‘ladi. Insonning estetik faoliyati sifati va darajasi esa estetik qadriyatlar bilan estetik baholash qobiliyati, estetik idrok etish bilan estetik amaliyot o‘rtalaridagi uzviy aloqadorlik madaniyatning barcha sohalaridagi badiiy va estetik o‘zaro bog‘liq mezonlari bilan o‘lchanadi.
Estetikaning ikkinchi tarkibiy qismi bo‘lgan san’atni yaxlit birlikda mushohada etib o‘rganish, uning faoliyati boshqa turlari qatorida tizimi va amal qilish xususiyatlarini anglab, badiiy ijod, uning samarasi bo‘lgan san’at asarlari bilan ularni odamlar idrok qilishining uzviy bog‘liqligini ilg‘ab olish, badiiy faoliyat aniq shakllarini yaratuvchi qonunlarini o‘rganish faoliyat badiiy taraqqiyoti qonunlarini san’at ravnaqining istiqbollarini ko‘ra bilish qobiliyatining vujudga kelishi jarayonlarini tadqiq etish estetika fanining eng muhim mavzusi hisoblanadi. Estetika fani hech vaqt faqat atrof-voqelikni estetik va badiiy idrok etish qonuniyatlarini o‘rganish bilan chegaralanib qolmay, u tadqiq va tahlil ishlarini istiqbol maqsad-manfaatlariga yo‘naltirib turgan.
Estetikaning istiqbolga mo‘ljallanganligi shu bilan izohlanadiki, u voqelikni nafosat nuqtai nazaridan baholashda, badiiy mezon o‘lchovlarini ilmiy jihatdan ishlab chiqib, amaliy faoliyatga tatbiq etishda o‘z ifodasini topadi. Insonning estetik tafakkuri shakllanib, rivojlanib va takomillashib borgani sari uning ijtimoiy-ruhiy, mafkuraviy-g‘oyaviy, siyosiyma’naviy intilishlari ham tobora tiniqlashib boradi. Chunki estetik tafakkur insonning maqsadmanfaatlarini estetik- badiiy vositalarda nazariy asoslab beradi, estetik madaniyat va badiiy amaliyot asoslarini o‘rganish, tahlil qilish bilan boyitadi, estetik nazariyalarning falsafiy asoslarini ochib beradi, voqelikni estetik in’ikos etish jarayonlarini ko‘rsatib beradi. SHunday qilib: estetika fani va o‘quv darsi voqelikni estetik mushohada qilish va badiiy ijod jarayonlarining uzviy mutanosibligini namoyon qiladi va ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, estetika – bu nafosat olami, san’at va badiiy ijod jarayonlari qonuniyatlarini his-tuyg‘u, sezish, idrok qilish vositalari orqali o‘rganadigan va o‘rgatadigan fandir.
Estetika mavzui bilan bevosita aloqador bo‘lgan «estetik mu-nosabatlar», “borliqni estetik o‘zlashtirish”, “estetik bilish”, “estetik tafakkur”, “estetik faoliyat” kabi o‘zaro yaqin, ma’nodosh bir qator tushunchalar bor. Ular orasidagi “borliqni estetik o‘zlashtirish” tushunchasi qolgan
«estetik munosabat», «estetik bilish», «estetik tafakkur», «estetik faoliyat» tushunchalarini ham qamrab oladi. Shu bois estetika fani insoniyat tomonidan borliqni estetik o‘zlashtirish mohiyati va qonuniyatlarini o‘rganadi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Borliqni estetik o‘zlashtirish esa san’atning asosiy mazmunini tashkil etadi. Shu bois estetika fani san’atning asosiy uslubiy-metodologik zamini bo‘lib xizmat qiladi.
Estetikaning borliqni estetik o‘zlashtirish mohiyati va qonuniyatlari haqidagi fan sifatidagi o‘ziga xos bir qator fazilatlari ham bor. Estetika fani inson tevarak-atrofidagi moddiy va ma’naviy boyliklarining barchasini qamrab olishga, inson faoliyatining barcha jabhalaridagi nafosat olamini san’at barcha turlari vositasida chuqur o‘rganishga da’vat etadi. San’at esa estetik boyliklarni yaratish manbaidir. San’atni ilmiy jihatdan tahlil va tadqiq etish barobarida esa estetik faoliyatning barcha ko‘rinishlariga ilmiy jihatdan yondoshish uchun zamin yaratiladi. SHu bois san’at va badiiy ijodning tabiati va mohiyatini o‘rganish, qonuniyatlarini o‘zlashtirish go‘zallik nafosat (estetika)ning barcha sifat darajalarini o‘rganish uchun kalit vazifasini o‘taydi. Bu jabhalarga san’atning umumiy nazariyasi, estetika fanining xususiy-uslubiy asoslariga oid tadqiqotlar, moddiy boyliklar yaratish estetikasi, muhandislik-loyihachilik faoliyati, ilmiytadqiqot ishlari sohasida estetik jihatlar, tabiat estetikasi, insoniy munosabatlar estetikasi, kundalik turmush va odob estetikasi kabi bir qancha sohalarni kiritish maqsadga muvofiqdir. Hozir jahon estetika fanida bu jabhalarning har biri estetika tarkibiga kiruvchi mustaqil maxsus o‘quv kurslari darajasiga ko‘tarilgan. Estetika fani esa bu maxsus o‘quv kurslarning uslubiymetodologik asosini tashkil etadi.
Estetika fani falsafiy bilimlar tizimida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. U, eng avvalo, falsafiy bo‘lib, uning nazariy va uslubiy asoslarini falsafiy tafakkur nazariyasi va tarixi tashkil qiladi. Masalan, voqelikni estetik va badiiy o‘zlashtirish jarayonlarini o‘rganishda xolislik, tarixiy yondoshish, bilish jarayonida amaliy tajribaning ahamiyati kabi uslubiy asosni qo‘llash ijobiy samaralarga olib kelishi mumkin. Bilish nazariyasi vositasida san’atning bilish tabiati, voqelikning badiiy-ramziy ifodalash bilan ilmiy tadqiq etish o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik va o‘zaro farqlar, voqelikni badiiy vositalar orqali tasvirlashning ijodiy tabiati, san’at asarlaridagi shartlilik va badiiy haqiqat kabi estetika fanining juda ko‘p nazariy hamda uslubiy asoslari muammolarini echish, ularga javob izlab topish mumkin.
Bilish nazariyasining boshqa aqidalari – ijtimoiy ongning nisbiy mustaqilligi, ma’naviy hayot xilma-xil shakllarining o‘zaro bir-biriga ta’sir o‘tkazishi, iqtisodiy zamin bilan ijtimoiy ong turli shakllari o‘rtasidagi bilvosita aloqadorlik va bog‘liqlik kabi masalalar ham estetik ong, badiiy ijod va san’at tabiati hamda xu-susiyatlarini ilmiy tushunishga yordam beradi. Ayni mahalda estetika fani mustaqil bilim sohasini tashkil etgan holda u falsafaning ravnaq topib borishiga ham o‘zining hissasini qo‘shadi. Masalan, bilish nazariyasining yanada rivojlanib, mazmunan boyib borishida badiiy bilish ham muhim o‘rni tutadi. Bilish nazariyasi, badiiy madaniyat qadriyatlari, voqelikka estetik mu-nosabat, estetik tushunchalar, ayniqsa, ijtimoiy ong, uning nisbiy mustaqilligi haqidagi fikr-mulohazalar ham ko‘p jihatdan san’at bilan bog‘liqdir.
Estetika fani psixologiya fani bilan ham chambarchas bog‘liq. Buni estetik tafakkur taraqqiyotining barcha bosqichlarida kuzatamiz. Bu yaqinlikning asosi shundaki, voqelikka estetik munosabatning barcha tomonlari estetik did yoki estetik his-tuyg‘u, badiiy ijod yoki badiiy idrok qilish jarayonlarining hammasi ruhiyat mezoni bilan o‘lchanadi. Chunki estetika muayyan darajada insonning ruhiy, his-tuyg‘u holatini ifodalaydi.
Psixologiya fani estetik munosabatning barcha tomonlarini, jumladan, badiiy ijod va idrok jarayonlarini amaliy va nazariy jihatdan tadqiq etadi. Ayni mahalda estetika fani inson ruhiy hayotining eng murakkab va nozik tomonlarini qamrab oladi. Estetikaning tarkibiy qismlarini psixologiya fanining erishgan yutuqlari va xulosalaridan keng foydalanmasdan turib tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayni paytda shuni ham unutmaslik kerakki, san’atning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishda psixologiya fanining ahamiyati qanchalik katta bo‘lmasin, u hech vaqt estetika fanining o‘rnini bosa olmaydi. Zero, o‘tmishda va hozirda voqelikka estetik munosabatning butun bir sohasiga psixologiya aqidalarini bosh mezon qilib olib, estetikani mustaqil fan sifatida chetga surib qo‘yishga moyillik seziladi.
Estetika fanining hozirgi davrga xos xususiyatlaridan biri shuki, bu sohaga kibernetika, semiotika (belgilar tizimlarini qiyo-siy o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi bilim sohasi) va matematika kabi fanlarning usul va vositalari ham izchil kirib o‘rnashayapti.
Estetika san’at va badiiy faoliyat turli shakl ko‘rinishlarini o‘rganadigan bilim sohalari uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qilar ekan, ayni mahalda u adabiyotshunoslik, musiqashunoslik, teatrshunoslik, axloqshunoslik kabi fanlar bilan hamkorlik qilish jarayonida rivojlanib boradi. Bu hamkorlik eng avvalo mazkur fanlarning ham san’at umumiy nazariyasiga amal qilishida ko‘rinadi. Masalan, san’-atning xususiy nazariyasi adabiyot, musiqa, tasviriy san’at va boshqa ijod sohalarining xususiyatlarini tadqiq etsa, san’atning umumiy nazariyasi san’atning barcha turlari, badiiy ijod barcha sohalari amal qiladigan qonuniyatlarning umumiy belgilarini o‘rganadi. Lekin san’atning umumiy belgilari sof holda mavjud bo‘lmasligi, ular ayrim san’at turlari xususiyatlari orqali ifodalanishini inobatga olib aytish mumkinki, estetika o‘zining umumiy xulosalarini ishlab chiqishda san’atshunoslikning alohida-alohida bilim sohalari erishgan ilmiy ma’lumotlarga tayanadi.
Estetika san’atshunoslik bilim sohalari uchun boshlang‘ich na-zariy va uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Estetikasiz san’atshuno-slik bo‘la olmaydi, ya’ni u ayrim voqea-hodisalar sharhi bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lib qoladi. Shuni e’tiborga olish kerakki, Estetika xususiy san’atshunoslikning umumiy qonuniyatlari, eng av-valo, nafosat tabiati va estetik timsol qonuniyatlarini o‘zida namoyon qiladi.
Estetikaning amaliyot uchun ahamiyati nimada? U voqelikka qanday ta’sir o‘tkazadi? Estetika ijtimoiy bunyodkorlik jabhasida qay tarzda ishtirok etadi? Bu savollarga javob berish ham estetika fani mavzusidir. Estetik nazariya san’at va badiiy ijod jarayoniga, badiiy madaniyatning barcha sohalariga amaliy jihatdan kuchli ta’sir o‘tkazadi.
Ilgarigi davrlarda Yevropadagi estetika nazariyalarida belgilab qo‘yilgan estetik me’yor bilan uning burch-vazifalarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish odat tusini olgan edi. Masalan, klassitsizm tarafdorlari estetik burchni barcha ijodkorlar amal qiladigan aqidalarda ko‘rardilar. Pozitivizm tarafdorlari esa estetika fani doirasini badiiy jarayonlarni tushuntirish va sharhlash bilan belgilardilar. Hozirgi zamon estetika nazariyachilari bunday bir yoqlama yondashishni qabul qilmagan holda «Estetika fanining asosiy burchi va vazifasi san’atning vujudga kelishi, rivojlanishi va amal qilish qonuniyatlarini tahlil qilishdir», degan xulosani ilgari suradilar. Muammo shundaki, mazkur qonunlar mohiyati va tabiati ochib berilgandan so‘ng va nazariy xulosalar bayon etilgandan so‘ng oldindan belgilangan me’yor qolipiga aylanib, san’atning joziba va sehr kuchini yo‘qotib qo‘yish havfi tug‘iladi.
Estetika amaliyoti adabiy-badiiy tanqidda yaqqol namoyon bo‘ladi. Badiiy tanqid bilan estetik nazariya o‘rtasida azaliy uzviy bog‘liqlik mavjuddir. Bu bog‘liqlikni «tanqid – bu harakatdagi estetikadir» degan ibora mazmunida ham ko‘ramiz. Munaqqid san’at asarlarini baholash va sharhlashda xolis estetik aqidalarga suyanadi va bu bilan estetikaning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Adabiy-badiiy tanqid – bu estetika fani bilan san’at amaliyo-ti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik ramzidir. Estetik nazariya san’atkor dunyoqarashini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi. Badiiy faoliyat qonunlarini bilish, san’at tabiatini tushunish, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini anglash haqiqiy iste’dod o‘rnini qoplay olmaydi. Ammo bu ikki qanotning yaxlit namoyon bo‘lishi iste’dodning estetik nazariya bilan qurollanishi, ularning qo‘shilib amal qilishi natijasida ijtimoiy hayot muhtoj bo‘lgan va kutib yotgan estetik mo‘‘jizalar yaratiladi, albatta.
Estetika fani san’atdan bahramand bo‘luvchilar – tomoshabin, kitobxon, tinglovchi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Ular san’at haqida qancha ko‘p bilsalar, san’at mohiyati va burch- vazifalari haqida qanchalik chuqur va haqqoniy tasavvurlarga ega bo‘lsalar, ularda san’at bilan doimiy muloqotda bo‘lishga intilish kayfiyati shunchalik kuchli bo‘ladi. Estetika fani san’at haqida faqat bilimlar beribgina qolmay, san’atga qiziqqanlarda badiiy ijodga nisbatan hurmat uyg‘otadi, badiiy ijod inson faoliyatining eng murakkab turi, eng ko‘p aqliy va jismoniy kuch talab qiladigan soha ekanligidan boxabar qiladi.
Estetik nazariya san’atkorlar, ijodkorlar bilan bir qatorda bu sohani boshqaradigan hodimlar uchun ham zarurdir. San’atga rahbarlik qilishda sodir bo‘lgan o‘zboshimchalik, beboshlik, hokimi mutlaqlik ko‘p jihatdan uning o‘ziga xos qonunlarini bilmaslik oqibatidir.
Estetik nazariyaga suyanib ish ko‘rish – badiiy jarayonlarga samarali ta’sir o‘tkazish va san’atning erkin rivojlanishini ta’minlash garovidir. Qotib qolgan aqidalardan xalos etilgan va hayot chig‘irig‘idan o‘tgan estetik nazariya san’atga ma’muriy-buyruqbozlik usuli orqali rahbarlik qilishga amalda qarama-qarshi tura oladi.
Estetik nazariya jamiyat hayotining barcha jabhalariga kirib boradi va ularni ma’naviy boyitadi, ijtimoiy- ma’naviy ishlab chiqarishning muhim omili sifatida yoshlarning, xususan bo‘lajak huquqshunoslarning estetik madaniyatini shakllantiradi. Ayni mahalda u jamiyat estetik ongining tarkibiy qismiga aylanadi, jamiyat umumiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.
Shunday qilib, estetika fanining predmeti va vazifalarini ko‘rib chiqqanimizdan so‘ng mazkur xulosalarga kelishimiz mumkin: estetika fanining jamiyat hayotida tutgan o‘rni quyidagi vazifalari bilan belgilanadi:

  1. tasviriy vazifasi;

  2. normativ vazifasi;

  3. ijodiy vazifasi;

  4. ma’lumot berish (bilish) vazifasi; 5. didaktik (tarbiyaviy) vazifasi;

6. dunyoqarash vazifasi.
SHunday qilib, estetika fani va o‘quv darsi voqelikni estetik mushohada qilish va badiiy ijod jarayonlari uzviy mutanosibligini namoyon qiladi va ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, estetika – bu nafosat olami, san’ati va badiiy ijod jarayonlari qonuniyatlarini his-tuyg‘u, sezgiidrok vositalari orqali o‘rganadigan va o‘rgatadigan fandir.



Yüklə 489,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə