1-Mavzu: Korrupsiya tushunchasi va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining rivojlanishi. Reja



Yüklə 181,94 Kb.
səhifə1/8
tarix27.12.2023
ölçüsü181,94 Kb.
#162182
  1   2   3   4   5   6   7   8
1-Mavzu Korrupsiya tushunchasi va korrupsiyaga qarshi kurashish


1-Mavzu: Korrupsiya tushunchasi va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining rivojlanishi.
Reja:
1. Korrupsiya tushunchasi: xalqaro standart va milliy qonun hujjatlari tahlili.
2. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining rivojlanishi: horijiy va milliy tajriba.


Tayanch so’z va iboralar: korrupsiya, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik, manfaatlar to‘qnashuvi, ochiqlik va shaffoflik;tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi;


Korrupsiya tushunchasi: xalqaro standart va milliy qonun hujjatlari tahlili. Korrupsiya mavzusi dolzarb ekanligiga hech kim shubha qilmaydi. Bu haqida barcha doiralarda: ommaviy axborot vositalarida, anjumanlarda, majlislarda va o’zaro suhbatlarda ham alohida urg’u berib gapirilmoqda. Korrupsiya masalasi nafaqat xalqaro huquq fani doirasida, balki jinoyat huquqi, kriminologiya, siyosatshunoslik kabi fanlar tizimida ham o’rganilishi uning ko’p qirrali, dolzarb muammo ekanligini ko’rsatadi.
Korrupsiya – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy-huquqiy hodisa. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda davlat amaldorlari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko’zlab, boylik orttirish maqsadida fuqarolardan pora olish, qonunga xilof pul daromadlarini qo’lga kiritish tushuniladi.
Etimologik jihatdan “korrupsiya” – lotincha “corruptio”, ya’ni “buzish, sotib olish, pora evaziga og’dirish” degan ma’noni anglatadi. Yuridik ensiklopediyada ta’kidlanishicha, “korrupsiya – mansabdor shaxslar o’zlariga berilgan huquqlar va hokimiyat vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat”.
“Yuridik atamalar qomusiy lug’ati”da korrupsiya – “Davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo’lgan shaxslarning g’ayriqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o’z maqomi va u bilan bog’liq imkoniyatlardan foydalanishi” deyilgan.
Nazariyotchi olimlar, siyosatchilar va amaliyotchilar o’rtasida korrupsiya tushunchasi to’g’risida turli-tuman fikr va mulohazalar mavjud bo’lib, ko’pchilik uni kengroq ma’noda ifodalashga harakat qiladi. Ba’zi olimlar pora evaziga sotilishning o’zini korrupsiya desa, ba’zilar korrupsiya bu keng ko’rinishdagi jinoiy uyushma deb ta’riflaydi. Nazariy talqin etganda korrupsiya – davlat funksiyasini bajarish topshirilgan xizmatchilarning o’z xizmat mavqei va egallab turgan mansabi hamda u bilan bog’liq bo’lgan obro’sidan shaxsiy boylik orttirish maqsadida yoki bir guruh shaxslarning manfaatlari yo’lida g’araz maqsadlarda foydalanishdan iborat bo’lgan hokimiyatga putur yetkazishda ifodalangan jamiyat uchun xavfli hodisadir.
Korrupsiya tarixi insoniyat tarixi kabi ko‘hnadir. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel shunday degan edi: Har qanday davlat tuzumida eng muhimi – bu qonunlar va tartib-qoidalar vositasida ishni shunday tashkil etishki, mansabdor shaxslar qing‘ir yo‘l bilan boylik orttira olmasin‖. Pora olish va berish Qadimgi Rimda amal qilgan 12 jadval qonunlarida tilga olingan. Ibtidoiy va ilk sinfiy jamiyatlarda kohinga, qabila oqsoqoliga yoki harbiy boshliqqa muayyan imtiyozni qo‘lga kiritish uchun haq to‘lash tabiiy bir hol sifatida qaralgan. Davlat apparatining murakkablashuvi va professionallashuviga qarab vaziyat o‘zgarib borgan. Oliy martabali amaldorlar quyi turuvchi―xizmatchilar‖ faqat tayinlangan maosh bilan qanoatlanishlarini talab qilganlar. Quyi daraja amaldorlar esa, aksincha, o‘z xizmat vazifalarini bajarganlik uchun arzgo‘ylardan yashirincha qo‘shimcha haq olishni (yoki talab qilishni) ma’qul ko‘rganlar.
Korrupsiya haqidagi eng qadimgi qaydlardan biriga qadimgi Bobilning mixxatda yozilgan bitiklarida duch kelingan. Miloddan avvalgi uchinchi ming yillikning o‘rtalariga taalluqli bo‘lgan matnlarda aytilishicha, shumer podshosi Urukagin o‘sha zamonlardayoq qonunga xilof haq olishga ruju qo‘ygan sudyalar va amaldorlarning qonunbuzarliklariga chek qo‘yish muammosini yechish yo‘llarini izlagan.
Shunga o‘xshash masalalarga qadimgi Misr hukmdorlari ham duch kelgan. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida topilgan hujjatlar miloddan avvalgi 597-538 yillarda, yahudiylar Bobil podshosi tomonidan asirga olinganidan keyingi davrda, Ierusalimda korrupsiya ayniqsa avj olganidan dalolat beradi.
Professional davlat amaldorlari hali mavjud bo‘lmagan antik jamiyatlar tarixining ilk bosqichlarida (qadimgi yunon shahar-davlatlari, respublika Rimi) korrupsiya deyarli bo‘lmagan. Bu hodisa antik davr tanazzulga yuz tutgan bosqichdagina vujudga kelgan. Bu davrda korrupsiya domiga ilingan davlat amaldorlari haqida: ―U boy viloyatga kambag‘al bo‘lib kelib, kambag‘al viloyatdan boy bo‘lib ketdi‖, deyishgan. Ayni shu davrda rim huquqida "corrumpire" degan maxsus atama paydo bo‘lgan, u ―buzish, ―pora evaziga og‘dirish iboralarining sinonimi hisoblangan va mansab mavqeini suiiste’mol qilishning har qanday ko‘rinishlarini ifodalashga xizmat qilgan.
Markaziy hukumat hokimiyati zaif bo‘lgan joylarda (masalan, ilk o‘rta asr davrida Yevropada) xizmat mavqeidan aholidan o‘z cho‘ntagiga haq undirish uchun foydalanish aksariyat hollarda umum e’tirof etilgan me’yorga aylangan.
Davlat markazlashgani sari u fuqarolarning mustaqilligini qattiqroq cheklagan va shu tariqa quyi va oliy bo‘g‘in amaldorlariga qattiq nazoratdan qutulishni istagan fuqarolar foydasiga qonunni xufyona buzishga turtki bergan. Korrupsiya domiga ilingan amaldorlarni boshqalarga dars bo‘lsin uchun olomon ko‘z o‘ngida jazolashlar odatda hech qanday samara bermagan, chunki amaldan chetlatilganlar (lavozimidan olinganlar yoki qatl etilganlar) o‘rnini yangi poraxo‘rlar egallagan. Markaziy hokimiyat amaldorlar faoliyati ustidan yalpi nazorat o‘rnatish uchun odatda zarur kuch va vositalarga ega bo‘lmagani bois, u korrupsiyaning o‘ta xavfli ko‘rinishlarinigina jazolash bilan kifoyalangan.
O‘rta asrlarda O‘zbekiston hududida joylashgan davlatlarda qabul qilingan odat huquqi me’yorlari asosan zamirida islom madaniyati prinsiplari yotuvchi qonunchilik an’analari bilan belgilangan. Xususan, Amir Temur davlatida amaldorlar ishini tartibga solish maqsadida vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish, taftish, tergov o‘tkazib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ravishda ichkilik ichish, maishiy buzuqlik kabi qilmishlar og‘ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh, nevaralari Pirmuhammad va Halil Sultonlar yuqorida zikr etilgan me’yorlarni buzganlik uchun xalq oldida jazoga tortilganlar.
O‘sha davrda O‘zbekiston hududidagi feodal jamiyatlarda hozirgi talqindagi korrupsiya uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Shunga qaramay, O‘zbekiston Rossiya tomonidan istilo qilingan davrgacha korrupsiya qonuniylashtirilgan institusional shakllarda namoyon bo‘lgan, xususan hukmron davralarning vakillariga u yoki bu tarzda haq berish feodal majburiyat xususiyatini kasb etgan. Masalan, oddiy dehqonlardan xonlar, sultonlar, biylar va zodagonlarning boshqa vakillari foydasiga muntazam ravishda ―ushur‖ solig‘i – hosilning o‘ndan bir qismi undirilgan. Chorvadorlar ―zakot‖ solig‘i to‘laganlar – bu soliq miqdori u yoki bu turdagi chorva molining muayyan boshiga teng bo‘lgan. Bundan tashqari, zodagonlarning vakillariga va oqsoqollariga har xil turdagi sovg‘a-salomlar berilishi lozim bo‘lgan.
Mamlakatimizda demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan, globallashuv jarayonlari avj olib borayotgan bir vaqtda korrupsiya atalmish dahshatli illatning bir davlat emas, balki butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga tahdid solayotganligi xavotirli. Ta’kidlash lozimki, korrupsiya demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiyotni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi.
Bugungi kunda jahon hamjamiyati shunga amin bo‘lmoqdaki, korrupsiya illati, odam savdosi, terrorizm, giyohvandlik vositalari savdosi, qurol- yarog‘ savdosi kabi xalqaro jinoyatlar bilan bevosita bog‘liq. Umuman olganda, korrupsiya ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan qaraganda huquqni himoya qilish organlarining faoliyatiga jiddiy putur yetkazadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, uni bartaraf etish ko‘p hollarda unga sabab bo‘luvchi omillarni, holatlarni va shart-sharoitlarni aniqlashdan va ularni bartaraf etishdan, shuningdek unga qarshi kompleks kurashishdan iborat bo‘ladi.
Korrupsiyaga yo‘l ochadigan omillar sirasiga hokimiyat organlari tizimining murakkabligi, buyruqbozlik taomillarining ko‘pligi, davlat hokimiyati organlari apparatining faoliyati ustidan tashqi va ichki nazo-ratning yo‘qligi kabi holatlarni kiritish mumkin. Tashkiliy tushunmov chiliklarni fuqarolarning korrupsion xulq- atvorini rag‘batlantirishdan farqlash ba’zan juda qiyin kechadi. Taqiqlar, ruxsat berish tartiblari sonining haddan tashqari ko‘pligi, davlat hokimiyati organlari faoliyatiga jalb qilingan fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish mexanizmining yo‘qligi ham korrupsiyaga yo‘l ochadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab, sobiq totalitar tuzumdan meros bo‘lib o‘tgan illat – korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurashib kelmoqda. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 1997-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya e’tirof etildi. “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”da ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari belgilangan. Mamlakatimiz 2008-yil 7-iyulda BMTning “Korrupsiyaga qarshi” Konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr) qo‘shildi. Davlatimiz 2010-yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashishning Istanbul rejasiga (2003-yil 10-sentabr) qo‘shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimi (Moskva, 2011-yil 16-iyun) 2011-yil 13-dekabrda ratifikatsiya qilingan. O‘zbekiston mintaqamizda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi.
Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017-yil 3-yanvar kuni imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etadi. Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik; fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; ochiqlik, shaffoflik va tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligi; korrupsiyadan ogohlantirish va javobgarlikning muqarrarligi bo‘yicha choralar ustuvorligi keltirib o‘tilgan. Shu bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari belgilangan bo‘lib, bu organlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi; O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati; O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti kabi davlat organlari kiradi.
Mustaqilik yillarida O’zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida jinoyatchilikning soni keskin ko’paygan edi. Bu tabiiy hol, chunki muayyan bir tuzumdan yangi davlatchilik shakliga o’tishda bunday salbiy holatlar ko’payadi. Biroq, jinoyatlarning sonini kamaytirish borasida amalga oshirilgan keskin choralar natijasida hozirda jinoiy qilmishlarning kamayishiga erishildi. Bunday jinoyatlardan biri bu bevosita korrupsiya jinoyatidir. Ushbu jinoyatga qarshi kurashish muammosi nafaqat muayyan bir davlat balki davlatlararo va xalqaro hamjamiyat miqyosida ham ulkan xavf tug’dirmoqda. Sababi, dunyo mamlakatlarining aksariyati hozirgi kunda bozor iqtisodiyoti siyosatini yoqlab chiqishmoqda.
Davlat apparati tizimida, mansabdorlik vakolatlari doirasida, uning boshqaruv tizimidagi yo’nalishlarida mansab vakolati suiste’molchiliklari, poraxo’rlik, xo’jalik va soliq tizimidagi jinoyatchiliklar, ularning uyushgan jinoyatchilik ko’rinishlarining ijtimoiy xavfliligi o’ta xavfli ko’rinishlarni vujudga keltirishi mumkin. Ayniqsa, ularning uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma shakllaridagi ko’rinishlari davlat boshqaruvini o’ta ayanchli ahvolga olib kelishi, uni buzilishi va yemirilishi kabi oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi bilan yanada xavfli bo’lishi mumkin. Bunday jinoyatchilikning korrupsiya darajasida sodir etilishi eng xavfli tus olishdan dalolat beradi. «Korrupsiya, ... eng avvalo uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo’lish yoki to’g’ridan-to’g’ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanadi», - deb ta’kidlaydi O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 06.07.2021-yildagi 6257-sonli farmoni orqali korupsiyaga qarshi kurashish yanada kuchaytirildi. ”Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo’lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonga ko’ra mamlakatimizda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas’ul bo‘lgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish, yer uchastkalarini ajratish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi ko‘plab sohalarda korrupsiya va suiiste’molchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramasdan, budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish maqsadida ushbu farmon bo’yicha keng ko’lamli ishlarni amalga oshirish ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 03.01.2017-yildagi O‘RQ-419-sonli qonuni hamda uni 2021-yil 21-apreldagi O’RQ 683-sonli qonuni tahririda ham biz korrupsiyaga qarshi kurashda zamon talablariga mos va O’zbekiston tan olgan xalqaro hujjatlarga mutanosib norma va ko’rsatmalar ta’kidlab o’tildi.
Yuridik atamalar qomusiy lug‘ati‖da korrupsiya tushunchasiga ―davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo‘lgan (yoki ularga tenglashtirilgan) shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o‘z maqomi va u bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishi‖, deb ta’rif berilgan.

BMTning xalqaro miqyosda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ma’lumotida shunday deyilgan: “Korrupsiya – bu shaxsiy maqsadlarda naf ko‘rish uchun davlat hokimiyatini suiiste’mol qilish”.


Korrupsiya tushunchasiga berilgan shunga o‘xshash ta’rifga Jahon bankining hozirgi dunyoda davlatning roliga bag‘ishlangan hisobotida ham duch kelish mumkin: korrupsiya – bu ―shaxsiy naf ko‘rish yo‘lida davlat hokimiyatini suiiste’mol qilish‖.

Yüklə 181,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə