1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Umumiy masalalar



Yüklə 180,42 Kb.
səhifə1/10
tarix21.10.2023
ölçüsü180,42 Kb.
#129542
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
O‘RQ-703 28.07.2021




[OKOZ:

1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.13.00.00 Sud hokimiyati (shuningdek, 17.00.00.00ga qarang);

2.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.01.00.00 Sudga oid umumiy masalalar va sud tuzilishi. Sud islohoti]

[TSZ:

1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Umumiy masalalar;

2.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi]

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Sudlar to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 15-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 26-iyunda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Sud hokimiyati
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 130-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirib olishga haqli emas.
2-modda. Sud tizimi
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi;
harbiy sudlar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari;
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari;
jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari;
tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari;
tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasida ishlarning toifalariga ko‘ra sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilishi mumkin.
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 131-moddasi.
3-modda. Sudlar to‘g‘risidagi qonunchilik
Sudlar to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini tashkil etish va uning faoliyati tartibi alohida qonun bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 132-moddasi.
4-modda. Sudning asosiy vazifalari
Sudning asosiy vazifalari fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgandir.
5-modda. Sudyalar korpusini shakllantirish
Sudyalar korpusini shakllantirish sudyalarning mustaqilligi prinsipiga qat’iy muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi alohida qonun bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qonunchilik tashabbusi
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladigan qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi.
7-modda. Sudlarda davlat ramzlari
Sud binosida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tariladi, sud binosining old tomonida va sud majlislari zalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri joylashtiriladi.
8-modda. Qonuniylik
O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov qonunga qat’iy muvofiq holda amalga oshiriladi.
9-modda. Sudyalarning mustaqilligi
Sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 14-moddasi.
10-modda. Sud hujjatlarining majburiyligi
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart.
Sud hujjatini ijro etmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 232-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1982-moddasi.
11-modda. Qonun va sud oldidagi tenglik
Barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi hamda ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun va sud oldida tengdir. Korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar ham qonun va sud oldida tengdir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasi.
12-modda. Sud ishlarini yuritishning oshkoraligi
Barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Sud ishlari yuritiladigan til
O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.
Sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish, sud harakatlarida ishtirok etish huquqi va sudda ona tilida yoki ular biladigan boshqa tilda so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 11-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 20-moddasi.
14-modda. Sud himoyasida bo‘lish huquqi
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat organlari hamda boshqa organlarning har qanday g‘ayriqonuniy qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan (harakatsizligidan), shuningdek hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni hamda qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Yuridik shaxslar ham sud himoyasida bo‘lish huquqiga egadir.
15-modda. Odil sudlovni amalga oshirishda malakali yuridik yordam
Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida himoyalanish huquqi ta’minlanadi.
Qonunda belgilangan hollarda davlat bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
16-modda. Aybsizlik prezumpsiyasi
Ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmagunga va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmagunga qadar, aybsiz hisoblanadi.
Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi.
17-modda. Sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqi
Taraflar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa boshqa shaxslar ham sud hujjati ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi, apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudi sifatida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida sud amaliyotining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqadi va qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar beradi;
harbiy sudlarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining tashkiliy faoliyatini o‘rganadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sud amaliyoti va sud statistikasining tizimli tahlilini amalga oshiradi;
sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rais, uning birinchi o‘rinbosari — ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi, o‘rinbosarlari — fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari raislari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalaridan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyidagi tarkibda ish yuritadi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati;
Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati;
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati.
Sudlov hay’atlarida ixtisoslashtirilgan sudlov tarkiblari tuzilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining son jihatdan tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
20-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raislaridan iborat tarkibda ish yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, Sudyalar oliy kengashi raisi, Bosh prokurori, adliya vaziri, Advokatlar palatasi raisi, sudyalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zolari ishtirok etishi mumkin.
21-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumini chaqirish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi zaruriyatga qarab, lekin to‘rt oyda kamida bir marta chaqiriladi. Qonunchilikni qo‘llash masalalariga doir qarorlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga majlisdan yigirma kun ilgari yuboriladi.
22-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi Plenum a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi:
sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko‘rib chiqadi va qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
qonunchilik tashabbusi tartibida ishlab chiqilgan qonun loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh berish masalalari yuzasidan murojaat kiritish, shuningdek muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi sudlar tashabbusi bilan kiritilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat kiritish haqidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomalariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibini, sudlov hay’atlarining tarkibini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining ishi to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek sudlov hay’atlari faoliyati haqidagi ma’ruzalarni eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari raislarining qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlari bajarilishi haqidagi ma’ruzalarini eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbarini tasdiqlaydi va uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot organining tahrir hay’ati tarkibini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati reglamentlarini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
23-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori majlisda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi tomonidan imzolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy nashrlarida e’lon qilinadi.
24-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisining bayonnomasi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida bayonnoma yuritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisining bayonnomasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi tomonidan imzolanadi.
25-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi ko‘rib chiqishi uchun masalalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokurori qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan tushuntirishlar berilishi haqida takliflar kiritishga haqli.
Masalani ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining yoki buning uchun vakolat berilgan boshqa shaxsning ma’ruzasini eshitishdan boshlanadi. Masalaning muhokamasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisiga taklif qilingan shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirish berilgan qonunchilikni qo‘llayotgan davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
26-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi vazifalarini bajarish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisini tayyorlashga, majlis bayonnomasini yuritishga doir ishlarni tashkiliy jihatdan ta’minlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarori ijrosini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi.
27-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan belgilanadigan miqdorda tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati majlislari zaruriyatga qarab, lekin har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatlidir.
28-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati:
sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari raislarining sud faoliyati to‘g‘risidagi va qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqidagi ma’ruzalarini eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari va apparati ishini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
29-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari:
ishlarni birinchi instansiyada, apellatsiya va kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘radi;
sud amaliyotini o‘rganadi va umumlashtiradi;
sud amaliyoti obzorlarini tayyorlaydi;
qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
sud statistikasini tahlil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
30-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish zarurligi haqidagi masalani hal etish uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda sud ishlarini talab qilib oladi;
ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish to‘g‘risida qonunda nazarda tutilgan tartibda protest kiritadi;
sudlarning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ijrosini qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘xtatib turadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosatini chaqiradi hamda ularning majlislarida raislik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga doir ishlarni tashkil etadi;
ishni bir suddan boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani hal qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati ko‘rib chiqishi uchun ularning vakolatlariga taalluqli bo‘lgan masalalarni kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tushuntirishlari qonunchilikka muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga taqdimnomalar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh berish to‘g‘risida, shuningdek sudlar tashabbusi bilan kiritilgan muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat kiritish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga taqdimnoma kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibi to‘g‘risida, sudlov hay’atlari tarkiblari haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga taqdimnomalar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi sudlari sudyalari oliy malaka hay’atining (bundan buyon matnda Sudyalar oliy malaka hay’ati deb yuritiladi) qarorlari, xulosalari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga taqdimnomalar kiritadi;
rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparatining xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi, o‘zgartiradi va bekor qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi bilan kelishilgan holda sudlarning tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining shtat jadvalini tasdiqlaydi;
buyruqlar va farmoyishlar qabul qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
31-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari — sudlov hay’atlarining raislari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari — sudlov hay’atlarining raislari:
ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish zarurligi haqidagi masalani hal etish uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda sud ishlarini talab qilib oladi;
ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish to‘g‘risida qonunda nazarda tutilgan tartibda protest kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atlari ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga sudlov hay’atlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzalarni taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atlari majlislarida raislik qiladi;
tegishli quyi sudlar faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini tahlil qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sudlar tomonidan chiqarilgan, o‘zlari ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest kiritishga haqli bo‘lgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlar ijrosini to‘xtatib turadi;
sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini shaxsan qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari — sudlov hay’atlarining raislari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yo‘qligida uning vakolatlarini raisning birinchi o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosar ham yo‘qligida esa rais o‘rinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
3-bob. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari
32-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining tarkibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rais, rais o‘rinbosarlari — fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari raislari, sudyalar, shuningdek xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi quyidagi tarkibda ish yuritadi:
rayosat;
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati.
33-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudining vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi va apellatsiya instansiyasi sudi sifatida ko‘radi;
tumanlararo, tuman, shahar sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sud amaliyoti va sud statistikasini umumlashtiradi, ularning tizimli tahlilini amalga oshiradi;
sud amaliyoti obzorlarini tayyorlaydi;
sudyalar va sud apparati xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
34-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudining rayosati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rayosati shu sudning sudyalaridan iborat tarkibda ish yuritadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rayosati majlislari zaruriyatga qarab, lekin har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi va rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatlidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rayosatining qarorlari ovoz berishda ishtirok etgan rayosat a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va tegishli sudning raisi tomonidan imzolanadi.
35-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rayosatining vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rayosati:
sud amaliyotini umumlashtirish va obzorlari, sud statistikasi tahlili materiallarini ko‘rib chiqadi;
rais o‘rinbosarlari — sudlov hay’atlari raislarining sudlov hay’atlari faoliyati haqidagi ma’ruzalarini eshitadi;
tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislarining shu sudlar faoliyati to‘g‘risidagi va qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqidagi ma’ruzalarini eshitadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi rayosati qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
36-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudining sudlov hay’atlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudining sudlov hay’atlari:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya bo‘yicha ko‘radi;
ishlarni apellatsiya tartibida ko‘radi;
sud amaliyotini o‘rganadi va umumlashtiradi;
sud amaliyoti obzorlarini tayyorlaydi;
sud statistikasini tahlil qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudining sudlov hay’atlari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
37-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi:
sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
sud rayosatini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi;
sud rayosatining qarorlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sud majlislarida raislik qiladi;
quyi turuvchi sudlarning faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashadi;
sudyalarning, sud apparati xodimlarining hamda xalq maslahatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarini tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini yuritish ishini tashkil etadi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sudyalar malaka hay’ati qarorlari, xulosalari ustidan Sudyalar oliy malaka hay’atiga taqdimnomalar kiritadi;
sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi;
sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi;
sud apparati ishlariga rahbarlik qiladi, sud xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi yo‘qligida uning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tegishli sud raisining o‘rinbosarlaridan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
38-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari:
tegishli sudlov hay’ati ishini tashkil etadi;
tegishli sudlov hay’ati majlislarida raislik qiladi;
sud rayosatiga tegishli sudlov hay’ati faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar taqdim etadi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari yo‘qligida uning vakolatlari ushbu sud raisi tomonidan tegishli sud raisining boshqa o‘rinbosari zimmasiga yuklatilishi mumkin.
4-bob. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi. Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi
39-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining tarkibi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi rais, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Tarkibi olti sudyadan ortiq tumanlararo, tuman, shahar sudida sud raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
Bir tarkibli tumanlararo, tuman, shahar sudi sud raisidan iborat bo‘ladi.
40-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining vakolatlari
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi qonun bilan o‘zining vakolatlariga kiritilgan fuqarolik ishlarini va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi jinoyat ishlarini va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi yoxud qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi yoxud ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish haqidagi, murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash haqidagi, amnistiya aktiga asosan mahkumni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni va qonun bilan o‘zining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda yuzaga keladigan nizolarni va korporativ nizolarni, shuningdek qonun bilan o‘zining vakolatlari doirasiga kiritilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
41-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raisi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raisi:
sud majlislarida raislik qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi hamda ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi;
sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raisi yo‘qligida uning vakolatlarini rais o‘rinbosari bajaradi, u yo‘qligida esa, sud raisining vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi tomonidan tegishli sud sudyalaridan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
42-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raisining o‘rinbosari
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raisining o‘rinbosari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud apparati ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;
sud majlislarida raislik qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sud raisi yo‘qligida uning vazifasini bajarib turadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raisining o‘rinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Harbiy sudlar
43-modda. Harbiy sudlar tizimi
O‘zbekiston Respublikasining harbiy sudlari tizimi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi va hududiy harbiy sudlardan iboratdir.
44-modda. Harbiy sudlarning tarkibi
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi viloyat sudi huquqi asosida ish yuritadi hamda rais, rais o‘rinbosari, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Hududiy harbiy sudlar tuman sudi huquqi asosida ish yuritadi va rais, xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
45-modda. Harbiy sudlar sudloviga taalluqli ishlar
O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlari quyidagi ishlarni ko‘radi:
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarining va qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek o‘quv yig‘inlarida bo‘lgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni;
harbiy qismlar, qo‘shilmalar va birlashmalarning, harbiy boshqaruv organlarining qo‘mondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning da’volari bo‘yicha fuqarolik ishlarini hamda harbiy boshqaruv organlari qarorlari, harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlarni;
alohida holatlar tufayli sudlar faoliyat ko‘rsatmayotgan joylarda barcha fuqarolik va jinoyat ishlarini;
qonun bilan o‘z vakolatiga kiritilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni;
davlat sirlariga taalluqli ishlarni.
O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlari qonunga muvofiq boshqa ishlarni ham ko‘rishi mumkin.
46-modda. Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish ushbu Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
6-bob. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari
47-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining tarkibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi rais, rais o‘rinbosari, sudyalardan iborat bo‘ladi hamda rayosat va sudlov hay’atlari tarkibida ish yuritadi.
48-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi va apellatsiya instansiyasi sudi sifatida ko‘radi;
tumanlararo ma’muriy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sud amaliyoti va sud statistikasini umumlashtiradi, ularning tizimli tahlilini amalga oshiradi;
sud amaliyoti obzorlarini tayyorlaydi;
sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
49-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining rayosati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining rayosati shu sud sudyalaridan iborat tarkibda ish yuritadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi rayosatining majlislari zaruriyatga qarab, lekin bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladi va rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatlidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi rayosatining qarorlari ovoz berishda ishtirok etgan rayosat a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va tegishli sud raisi tomonidan imzolanadi.
50-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi rayosatining vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining rayosati:
sud amaliyotini umumlashtirish va obzorlari, sud statistikasi tahlili materiallarini ko‘rib chiqadi;
sudlov hay’ati faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzalarni eshitadi;
tumanlararo ma’muriy sudlar raislarining qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi ma’ruzalarini eshitadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining rayosati qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
51-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining sudlov hay’ati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining sudlov hay’ati:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya bo‘yicha ko‘radi;
ishlarni apellatsiya tartibida ko‘radi;
sud amaliyotini o‘rganadi va umumlashtiradi;
sud amaliyoti obzorlarini tayyorlaydi;
sud statistikasini tahlil qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining sudlov hay’ati qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
52-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi:
sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
sud rayosatini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi;
sud rayosati qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sud majlislarida raislik qiladi;
quyi turuvchi sudlarning faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashadi;
sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini yuritish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sudyalar malaka hay’ati qarorlari, xulosalari ustidan Sudyalar oliy malaka hay’atiga taqdimnomalar kiritadi;
sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi;
sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi;
sud apparati ishlariga rahbarlik qiladi, sud apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi yo‘qligida uning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tegishli sudning rais o‘rinbosari zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
53-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisining o‘rinbosari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisining o‘rinbosari:
sudlov hay’ati ishini tashkil etadi;
sudlov hay’ati majlislarida raislik qiladi;
sud rayosatiga sudlov hay’atining faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar taqdim etadi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sud raisi yo‘qligida uning vakolatlarini amalga oshiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisining o‘rinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisining o‘rinbosari yo‘qligida uning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tegishli sud sudyalaridan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
7-bob. Tumanlararo ma’muriy sud
54-modda. Tumanlararo ma’muriy sudning tarkibi
Tumanlararo ma’muriy sud rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Tarkibi olti nafar sudyadan ortiq bo‘lgan tumanlararo ma’muriy sudda rais o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
55-modda. Tumanlararo ma’muriy sudning vakolatlari
Tumanlararo ma’muriy sud davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyatlar va arizalar bo‘yicha ma’muriy nizolarni, shuningdek qonun bilan o‘z vakolatiga kiritilgan boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
56-modda. Tumanlararo ma’muriy sud raisi
Tumanlararo ma’muriy sud raisi:
sud majlislarida raislik qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi;
sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi.
Tumanlararo ma’muriy sud raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Tumanlararo ma’muriy sud raisi yo‘qligida uning vakolatlarini rais o‘rinbosari bajaradi, u yo‘qligida esa sud raisining vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi tomonidan tegishli sud sudyalaridan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
57-modda. Tumanlararo ma’muriy sud raisining o‘rinbosari
Tumanlararo ma’muriy sud raisining o‘rinbosari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud apparati ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;
sud majlislarida raislik qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sud raisi yo‘qligida uning vakolatlarini amalga oshiradi.
Tumanlararo ma’muriy sud raisining o‘rinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-bob. Sudyalarning maqomi, ularning huquq va majburiyatlari
58-modda. Sudyalar
O‘zbekiston Respublikasida sudyalar qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslardir.
O‘zbekiston Respublikasida barcha sudyalar bir xil maqomga ega.
Sudlar raislari, rais o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudyalardir.
Sudyalarga malaka darajalari beriladi. Sudyalarga malaka darajalarini belgilash va berish tartibi ushbu Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda aniqlanadi.
59-modda. Xalq maslahatchilari
O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan belgilanadi.
Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi.
Xalq maslahatchilari sudlardagi o‘z vazifalarini bajarishga bir yilda ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi, bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno. Shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
60-modda. Sudyaning qasamyodi
Ilk bor sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman”.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida ham tantanali vaziyatda qasamyod qiladi.
Sudyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida qasamyod qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudyalari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi rayosati majlisida qasamyod qiladi.
Ilk bor lavozimga saylangan yoki tayinlangan sudya o‘z vakolatlarini amalga oshirishga qasamyod qilganidan keyin kirishadi.
61-modda. Sudyaning huquqlari
Sudya quyidagi huquqlarga ega:
mansabdor shaxslar va fuqarolardan odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z farmoyishlarining bajarilishini talab qilish;
mansabdor va boshqa shaxslardan odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni olish;
odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlaridan bepul asosda olish hamda shaxsga doir ma’lumotlar mavjud axborot tizimlaridan foydalanish, shu jumladan masofadan turib foydalanish;
davlat organlarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning axborot tizimlaridan odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarni fuqarolarning yozma roziligisiz bepul asosda olish;
sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirishda va ular faoliyatida ishtirok etish;
uyushmalarga birlashish.
Sudya qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan talablari hamda farmoyishlarini so‘zsiz bajarishi shart. Sudyaning talablari va farmoyishlarini bajarmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
62-modda. Sudyaning majburiyatlari
Sudya:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga og‘ishmay rioya etishi;
fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati hamda mol-mulki, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashi;
o‘z vakolatlarini amalga oshirishda, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda Sudyalik odobi kodeksi talablariga rioya etishi, sud hokimiyati obro‘sini, sudyaning sha’ni va qadr-qimmatini tushirishi yoki uning beg‘arazligi, xolisligi va adolatliligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatdan o‘zini tiyishi;
korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga va odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga g‘ayriqonuniy aralashishga urinishlarga qarshilik ko‘rsatishi hamda bunday holatlar aniqlangan taqdirda bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar qilishi;
sud protsessi ishtirokchilarini hurmat qilishi;
o‘z malakasini sudyalik vakolatlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan darajada saqlab turishi;
manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda o‘zini o‘zi rad qilishi va sud protsessi ishtirokchilarini xabardor qilishi shart.
Sudya:
sudyalar maslahatlashuvi sirini va yopiq sud majlislarini o‘tkazish chog‘ida olingan ma’lumotlarni oshkor qilishga;
senator, davlat hokimiyati vakillik organlari deputati bo‘lishga;
siyosiy partiya a’zosi bo‘lishga, uni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, siyosiy partiyalarning tadbirlarida ishtirok etishga, boshqa siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga;
haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, bundan sudyaning vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilmaydigan pedagogik, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyat mustasno;
shaxsan yoki ishonchli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi subyektni boshqarishda, uning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, ishtirok etishga;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan chet el banklarida hisobvaraqlar (omonatlar) ochishga va ularga ega bo‘lishga, naqd pul mablag‘larini hamda qimmatliklarni saqlashga. Bunday cheklov sudyaning eriga (xotiniga) va voyaga yetmagan farzandlariga nisbatan ham amal qiladi;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning ishlari bo‘yicha sudda vakil bo‘lishga (qonuniy vakillik hollari bundan mustasno);
sudda ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan sud hujjati qonuniy kuchga kirgunga qadar oshkora mulohazalar bildirishga;
qonunga muvofiq maxfiy axborot jumlasiga kiritilgan, sudyalik vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni sudyalik vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda oshkor qilishga yoki foydalanishga haqli emas.
Sudyaning zimmasida qonunga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
9-bob. Sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari
63-modda. Sudyalarning mustaqilligini ta’minlash
Sudyalarning mustaqilligi quyidagilar orqali ta’minlanadi:
ularni qonunda belgilangan tartibda lavozimga saylash, tayinlash, sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish;
sudyaning daxlsizligi;
odil sudlovni amalga oshirishdagi qat’iy tartib-taomil;
qarorlarni chiqarish chog‘ida sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi;
sudyaga hurmatsizlik qilganlik, odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga aralashganlik va sudyaning daxlsizligini buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik;
sudyaga davlat hisobidan uning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtimoiy ta’minot berish.
Sudyaning mustaqilligini cheklaydigan qonunchilik hujjatlari qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sudya, uning oila a’zolari va ularning mol-mulki davlatning alohida himoyasida bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-6127-sonli “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni.
64-modda. Sudyaning daxlsizligi
Sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, u foydalanadigan transport vositasi va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.
Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadlarida ularga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha saqlash, olib yurish va undan foydalanish huquqi bilan xizmat quroli hamda shaxsiy himoya vositalari beriladi. Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudya tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining sudyalar daxlsizligini buzganlik va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik faktlari to‘g‘risidagi taqdimnomasi prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ko‘rsatilgan faktlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi yoki qo‘zg‘atilishi rad etilganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar beradi.
Sudyani huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga faqat tegishli sudyalar malaka hay’atining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qo‘yilgan hollarda qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida sudya sifatida ishlagan davrida shunday jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyaga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, bu haqda ushlab turish uchun asos bo‘lgan hujjatlar ko‘chirma nusxalari ilova qilingan holda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga u ushlangan paytdan e’tiboran uch soatdan kechiktirmasdan xabar qilinishi shart.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, uning telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoxud olish faqat sudning qaroriga binoan yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishlidir.
Sudda o‘z vazifalarini bajarayotgan davrda xalq maslahatchilariga sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlari tatbiq etiladi.
65-modda. Sudyaga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik
Davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligi prinsipiga rioya etishi shart.
Sudyaga hurmatsizlik qilish, xuddi shuningdek uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
66-modda. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muayyan ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilish yoki g‘ayriqonuniy sud hujjati chiqarilishiga erishish maqsadida sudyalarga qanday bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatish qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasi.
Sudyadan ko‘rilgan yoki ish yuritishidagi ishlar mohiyati bo‘yicha biron-bir tushuntirishlar berishni talab qilish, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari, kimga bo‘lmasin, tanishib chiqish uchun ishlarni taqdim etish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan o‘zicha hal qilib qo‘yishga yoki sudga qanday shaklda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatishga haqli emas.
10-bob. Sudyalarni saylash va tayinlash
67-modda. Sudyalik lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar
O‘ttiz besh yoshga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin.
Quyidagilar sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin emas:
jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs;
ilgari sudlangan yoki o‘ziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxs;
chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi yashash guvohnomasiga yoxud boshqa hujjatga ega bo‘lgan shaxs;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb e’tirof etilgan shaxs;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxs;
sudyaning vakolatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan boshqa kasallikka chalingan shaxs.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi PQ-4096-sonli “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
68-modda. Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar
Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida o‘n besh yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida o‘n yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining sudyasi bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, o‘ttiz besh yoshga to‘lgan va yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin.
Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart. O‘qish davrida ular asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq o‘qishning butun davrida ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
69-modda. Sudyalarni saylash va tayinlash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tavsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanadi.
Viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi, tumanlararo, tuman, shahar sudi, hududiy harbiy sud sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan yoki kelishib olinadigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxslar, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qitilmagan holda ilk bor sudyalik lavozimlariga tayinlanishi mumkin.
Sudyani lavozimga tayinlash tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
70-modda. Sud raisini, rais o‘rinbosarini lavozimga saylash va tayinlash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, rais o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanadi.
Viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi, rais o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi, rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bilan kelishib olingan xulosasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan saylanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi raisi, rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tayinlanadi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudi, hududiy harbiy sud raisi, rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
71-modda. Sudyaning vakolatlari muddati va uni hisoblash tartibi
Sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi o‘n yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.
Sudyaning vakolatlari muddati uning sudyalik lavozimida bo‘lgan umumiy stajidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi yetmish yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun — oltmish besh yoshni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi o‘zining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan besh yilgacha, boshqa sudlar sudyasining yoshi esa O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan xuddi shunday besh yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Sudya qonunchilikka muvofiq pensiyaga chiqish huquqini saqlab qoladi.
72-modda. Sud raisi, rais o‘rinbosarining vakolatlari muddati
Sud raisi, rais o‘rinbosarining vakolatlari muddati besh yil.
Shaxs ayni bir sudda ketma-ket ikki muddatdan ortiq rais, rais o‘rinbosari lavozimini egallab turishi mumkin emas.
Sud raisi, rais o‘rinbosari vakolatlari u saylangan yoki tayinlangan muddat o‘tgach tugaydi.
Sud raisi, rais o‘rinbosarining vakolatlari muddati o‘tganligi yoki u tomonidan egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida ariza berganligi munosabati bilan tugagan taqdirda, uning sudyalik vakolatlari saqlanib qoladi va u shu kundan boshlab sudyalik lavozimida ishni davom ettiradi, mazkur sudda bo‘sh turgan sudyalik lavozimi bo‘lmagan taqdirda, o‘zining roziligi bilan sudyalik vakolatlarining qolgan muddatiga boshqa sudga sudyalik lavozimiga o‘tkaziladi.
73-modda. Sudyani boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazish tartibi
Sudya vakolatlari muddati davrida o‘zining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman (shahar) sudi raisi, rais o‘rinbosari, sudyasi vakolat muddati davrida o‘zining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi mumkin.
Bir sudning o‘zida sudyalik lavozimida bo‘lish muddati, qoida tariqasida, ikki yildan kam bo‘lmasligi kerak.
Sudyani boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi masala Sudyalar oliy malaka hay’ati xulosasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
11-bob. Sudyalarning intizomiy javobgarligi
74-modda. Sudyalar intizomiy javobgarligining asoslari
Sudya faqat tegishli sudyalar malaka hay’ati qaroriga binoan quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin:
odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi uchun;
sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun;
sudyalik sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda sudning obro‘sini tushiradigan nojo‘ya xatti-harakat sodir etganligi uchun;
Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzganligi uchun.
Sud qarorining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishining o‘zi, sud qarorini chiqarishda qatnashgan sudyaning, agar u ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, javobgar bo‘lishiga sabab bo‘lmaydi.
Agar intizomiy jazo choralari berilganidan keyin bir yil mobaynida sudya ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etmasa, u intizomiy javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanadi.
Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomning 6-bobi.
75-modda. Sudyaga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish
Sudyaga nisbatan intizomiy ish tegishli sudyalar malaka hay’ati tomonidan sudya ushbu Qonun 74-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etilgani to‘g‘risidagi ariza yoki xabar bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra qo‘zg‘atilishi mumkin.
76-modda. Sudyaga nisbatan qo‘llaniladigan intizomiy jazo choralari
Sudyalarning malaka hay’ati intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyaga quyidagi intizomiy jazo choralaridan birini qo‘llashi mumkin:
ogohlantirish;
hayfsan;
o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima;
malaka darajasini bir pog‘onaga pasaytirish;
vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish.
Intizomiy jazo choralari qo‘llanilayotganida qoidabuzarlikning xususiyati va oqibatlari, nojo‘ya xatti-harakatning og‘ir-yengilligi, sudyaning shaxsi, aybdorlik darajasi inobatga olinadi.
77-modda. Intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish
Sudyalar malaka hay’atining intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori ustidan Sudyalar oliy malaka hay’atiga shikoyat qilish mumkin.
Sudyalar oliy malaka hay’atining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga shikoyat berish mumkin.
12-bob. Sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish
78-modda. Sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish
Sudyaning vakolatlari tegishli sudyalar malaka hay’ati qarori bilan quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi, agar:
sudya o‘z lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa;
sudyaga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan bo‘lsa;
sudya sudning hal qiluv qarori bilan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
sudyaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;
sudya davlat hokimiyati vakillik organlari saylovida deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa.
Sudyaning vakolatlari ularni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lgunga qadar to‘xtatib turiladi.
Sudya qonunda belgilangan tartibda tegishli sudyalar malaka hay’ati qarori ustidan shikoyat qilishga haqli.
Sudyaning vakolatlari to‘xtatib turilishi unga ish haqi to‘lashni to‘xtatishga yoki ish haqi miqdorini kamaytirishga, uning ta’minoti darajasini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab bo‘lmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish chorasi tanlangan hollar mustasno.
Sudyaning vakolatlarini qayta tiklash to‘g‘risidagi qaror sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turgan tegishli sudyalar malaka hay’ati tomonidan qabul qilinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomning 7-bobi.
79-modda. Sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:
1) u sudyaning qasamyodini buzgan taqdirda;
2) u yozma ariza bergan taqdirda;
3) tegishli sudyalar malaka hay’ati tomonidan ogohlantirish qilinganidan yoki vakolatlari to‘xtatilganidan keyin u sudyalik lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettiravergan taqdirda;
4) u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda;
5) u O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqqan yoki uni yo‘qotgan taqdirda;
6) unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
7) u vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda;
8) sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra u uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifasini bajarishga qodir bo‘lmay qolgan taqdirda;
9) sud raisining vakolat muddati tugashi munosabati bilan, agar u boshqa sudyalik lavozimiga o‘tishga rozilik bermasa;
10) sudya tomonidan tegishli sudyalar malaka hay’atining qarori bilan sudyaga vakolatlarini tugatish tarzidagi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishiga sabab bo‘lgan, ushbu Qonun 74-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar sodir etilganda.
Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining vakolatlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan;
viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining va rais o‘rinbosarining vakolatlari — O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi sudyasining, tumanlararo, tuman, shahar sudlari, harbiy sudlar raisining va sudyasining vakolatlari — tegishli sudyalar malaka hay’ati xulosasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, tumanlararo, tuman, shahar sudlari sudyasining vakolatlari — O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi kiritgan taqdimnomaga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan muddatidan ilgari tugatiladi.
Sudyaning vakolatlarini ushbu modda birinchi qismining 1, 3, 8 va 10-bandlarida nazarda tutilgan hollarda tegishli sudyalar malaka hay’ati qarori asosida muddatidan ilgari tugatishga yo‘l qo‘yiladi.
Sudya tegishli sudyalar malaka hay’ati qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Xalq maslahatchilarining vakolatlari ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha muddatidan ilgari tugatiladi, bundan ushbu modda birinchi qismining 1, 3, 9 va 10-bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan asoslar mustasno.
80-modda. Sudyalar malaka hay’atlari
Sudyalar malaka hay’atlari quyidagi masalalarni ko‘rib chiqish uchun tuziladi:
sudyaning intizomiy javobgarligi;
sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish yoki muddatidan ilgari tugatish;
sudyaning daxlsizligini ta’minlash;
sudyaga malaka darajasini berish;
xalq maslahatchilarini tanlash va ularning saylovini o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish;
sudyaning qasamyodi va Sudyalar odobi kodeksiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish.
Sudyalar malaka hay’atlari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishida unga ko‘maklashadi.
Sudyalar oliy malaka hay’ati O‘zbekiston Respublikasi sudyalari qurultoyi tomonidan besh yil muddatga saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari sudyalarining malaka hay’atlari tegishli sudlar sudyalarining konferensiyalarida besh yil muddatga saylanadi.
Sudyalar malaka hay’atlarining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
13-bob. Sudyalarning va ular oila a’zolarining moddiy hamda ijtimoiy ta’minoti
81-modda. Sudyalarning moddiy ta’minoti
Sudyaning ish haqi qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va respublika budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan oylik lavozim maoshidan, malaka darajasi, ko‘p yillik xizmati, faxriy unvoni uchun har oylik ustama haqlardan iborat bo‘ladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq sudyalarga boshqa to‘lovlar ham amalga oshirilishi mumkin.
Sudyalarga mehnatga haq to‘lashning belgilangan fondi doirasida mukofotlar to‘lanishi va moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.
Sudyalar xizmat safariga yuborilganda havo, temir yo‘l, avtomobil yo‘lovchilar transportida (taksi va shahar yo‘lovchilar transporti bundan mustasno) joy band qilib qo‘yish va yo‘l hujjatlarini navbatsiz olish huquqidan foydalanadi.
82-modda. Sudyalarning har yilgi mehnat ta’tili
Sudyalarga har yili o‘ttiz kalendar kunidan iborat mehnat ta’tili beriladi.
O‘n yildan ortiq sudyalik ish stajiga ega bo‘lgan sudyalarga o‘z xohishiga ko‘ra olti kalendar kunigacha qo‘shimcha mehnat ta’tili berilishi mumkin.
83-modda. Sudyalarni uy-joy bilan ta’minlash
Uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan erda xizmat turar joyi bilan ta’minlanadi.
Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalarga, sud organlari xodimlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, davlat soliq xizmati va davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
84-modda. Sudyalarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari
Sudyaning hayoti va sog‘lig‘i davlatning maxsus muhofazasida bo‘ladi hamda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urta qilinadi.
Quyidagi hollarda sug‘urta kompaniyalari (sug‘urtalovchilar) sug‘urta summalarini to‘laydi:
sudya ishlayotgan davrida yoki vakolatlari muddati tugaganidan keyin halok bo‘lsa (vafot etsa), agar bu sudya o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan duchor bo‘lgan mayibligi yoki sog‘lig‘ining boshqacha shikastlanishi oqibatida ro‘y bergan bo‘lsa, uning merosxo‘rlariga — sudyaning ellik oylik ish haqi miqdorida;
sudya o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbga doir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib bo‘lib qolganida yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganida — sudyaning yigirma besh oylik ish haqi miqdorida;
sudya o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbga doir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini istisno etmaydigan va mehnat qobiliyatining doimiy yo‘qolishiga olib kelmaydigan darajada mayib bo‘lib qolganida yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganida — sudyaning besh oylik ish haqi miqdorida.
Sudya o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbga doir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib bo‘lib qolganida yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganida majburiy davlat sug‘urtasi bo‘yicha olingan to‘lovlarni hisobga olmagan holda unga ish haqi va tayin etilgan pensiya o‘rtasidagi farq tarzidagi kompensatsiya har oyda to‘lanadi.
Sudya o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan duchor bo‘lgan mayiblik yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishi oqibatida halok bo‘lsa (vafot etsa), uning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga sudya ish haqining ularning hissasiga to‘g‘ri keladigan qismi va boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan ularga tayinlangan pensiya o‘rtasidagi farq tarzidagi kompensatsiya har oyda, majburiy davlat sug‘urtasi bo‘yicha olingan to‘lovlarni hisobga olmagan holda to‘lanadi.
Sudyaning o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan unga tegishli mol-mulkni yo‘q qilish yoki shikastlash oqibatida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni sudyaga yoki uning oila a’zolariga to‘laligicha qoplanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, keyinchalik ular aybdor shaxslardan qonunda belgilangan tartibda undirib olinadi.
85-modda. Sudyalarning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ularga beriladigan kafolatlar
Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.
Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
86-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning sudyalarga nisbatan amal qilishi
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik sudyalarga nisbatan ushbu Qonunda tartibga solinmagan munosabatlarga oid qismida tatbiq etiladi.
87-modda. Sudyalarning pensiya ta’minoti
Sudyalarning pensiya ta’minoti qonunchilikda belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizom.
14-bob. Yakunlovchi qoidalar
88-modda. Sud apparati
Sud apparati sudning odil sudlovni amalga oshirish, sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini tahlil qilish, shuningdek sudning boshqa vazifalarini bajarishga doir ishlarini ta’minlaydi.
Sud apparati xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan belgilanadigan tartibda attestatsiyadan o‘tadi.
Sud apparati xodimlariga mansab darajalarini belgilash va berish tartibi ushbu Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
89-modda. Sudlarning tuzilishi va shtatlari
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining tuzilmasi va shtat birligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Sudlarning shtatlar jadvali O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti (bundan buyon matnda Departament deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi zarur bo‘lgan hollarda sudlarning shtatlar jadvaliga shtat birligi va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritadi.
90-modda. Sudlarni moliyalashtirish
Sudlarni moliyalashtirish, ularning binolarini qo‘riqlash va saqlab turish respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ajratiladigan mablag‘lar miqdori O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun bilan tasdiqlanadi.
Ajratilgan mablag‘larni taqsimlash:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tumanlararo, tuman, shahar sudlari va harbiy sudlar uchun — Departament tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir sud alohida bino, qo‘riqlash va avtotransport bilan ta’minlanadi.
91-modda. Sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash
Sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash Departament tomonidan amalga oshiriladi.
Departamentning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlashga doir ishlarni tashkil etish, shuningdek bu ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
sudlar binolarini qurish va ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar samarali sarflanishini ta’minlash, sudlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
sudyalar va sud apparati xodimlarining mehnat sharoitlarini, moddiy va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlashning joriy holatini tizimli tahlil qilish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlashni rivojlantirishga doir uzoq muddatli kompleks dasturlar tayyorlash;
sudyalarning va sud protsesslarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni tashkil etish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti vakolatlari va uning faoliyatini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
92-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining matbuot organlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi o‘z matbuot organlariga ega.
93-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzurida maslahat organi bo‘lgan va jamoatchilik asosida ishlaydigan ilmiy-maslahat kengashi tuziladi. Uning vazifasiga qonunchilikni qo‘llash yuzasidan sud amaliyotida kelib chiqadigan masalalar bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish kiradi.
94-modda. Sudlar muhri
Sud O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
95-modda. Sudyalarning maxsus kiyimi
Sudya odil sudlovni maxsus kiyimda amalga oshiradi, kiyim tavsifi va namunalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan tasdiqlanadi.
96-modda. Sudyaning guvohnomasi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisiga, rais o‘rinbosarlariga va sudyalariga guvohnomalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Boshqa sudlarning sudyalariga guvohnomalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan beriladi.
97-modda. Sudlar faoliyati to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash
Quyidagilar tasdiqlansin:
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom — ushbu Qonunga 1-ilovaga muvofiq;
Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi nizom — ushbu Qonunga 2-ilovaga muvofiq;
Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizom — ushbu Qonunga 3-ilovaga muvofiq.
98-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi 924-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 10, 367-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 925-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 10, 368-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 927-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 10, 370-modda);
4) O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 118-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda) XIV bo‘limi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 357-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 56-modda) VIII, XX va XXI bo‘limlari;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 162-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 10-modda);
7) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 164-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 12-modda);
8) O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 7-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 320-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 1, 20-modda) V bo‘limi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 568-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 18-modda) IV va XXVII bo‘limlari;
10) O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 714-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) I bo‘limining 20 va 47-bandlari;
11) O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyulda qabul qilingan “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-100-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 249-modda) 2-moddasi;
12) O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyulda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomga, Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-103-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 7, 324-modda) 1 va 2-moddalari;
13) O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 7-aprelda qabul qilingan “Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-207-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 4, 134-modda);
14) O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 22-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-238-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 470-modda) 3 va 13-moddalari;
15) O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-288-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 4, 104-modda) 1-moddasi;
16) O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 18-sentabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-335-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 9/2, 244-modda) 2-moddasi;
17) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-365-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 1, 2-modda) 3 va 4-moddalari;
18) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martda qabul qilingan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-421-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 3, 47-modda) 2-moddasi;
19) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 12-aprelda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-428-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 136-modda);
20) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-iyunda qabul qilingan “Sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-435-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 6, 299-modda);
21) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-446-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 48 va 49-moddalari;
22) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-486-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 11-moddasi;
23) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi O‘RQ-496-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 10, 672-modda) 1-moddasi;
24) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevralda qabul qilingan “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi ba’zi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-522-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 2, 47-modda) 9-moddasi;
25) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 10-mayda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-536-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 261-modda) 3 va 4-moddalari;
26) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrda qabul qilingan “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-564-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 9, 589-modda) 4-moddasi;
27) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 10-sentabrda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-566-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 9, 591-modda) 3-moddasi;
28) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 10-martda qabul qilingan “Sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-607-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 3, 198-modda) 1-moddasi;
29) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-646-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 11, 652-modda) 1-moddasi;
30) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 33-moddasi.
99-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
100-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
101-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-iyul,
O‘RQ-703-son
“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga
1-ILOVA
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
NIZOM
1-modda. Harbiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi sud tizimiga kiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi va hududiy harbiy sudlardan iborat bo‘ladi.
Harbiy sudlar chiqaradigan hal qiluv qarorlari va hukmlar O‘zbekiston Respublikasi nomidan e’lon qilinadi.

Yüklə 180,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə