2-mavzu. Borliq (ontologiya) va rivojlanish falsafasi. Bilish falsafasi (gnoseologiya). Mantiq. Jamiyat falsafasi. Inson falsafasi



Yüklə 1,33 Mb.
səhifə15/32
tarix30.12.2023
ölçüsü1,33 Mb.
#167156
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   32
2-mavzu. Borliq (ontologiya) va rivojlanish falsafasi. Bilish fa

Фалсафа тарихида категорияларга
ёндашувларнинг хилма-хиллиги





Шарқ анъанасида ҳам, қадимги Юнонистонда ҳам
диалектика категорияларининг жуфтли хусусияти ва уларнинг
зиддиятли муносабатларини ҳал қилишга эҳтиёж англанади.
Диалектика категорияларига хос бўлган қарама-қаршиликлар
бирлигини тушунтиришга уринишлар жараёнида фикрлаш ва
борлиқнинг қарама-қаршиликларини бирлаштирувчи ягона
асосни топиш йўлида изланишлар олиб борилган. Мазкур
ёндашув натижасида диалектика категориялари умумий ва фундаментал хусусият касб этиб борган.


Bilish nazariyasi.
Insonning o‘zini qurshagan dunyoga bo‘lgan munosabatlaridan biri bilishdir. Inson o‘z hayoti davomida faqat tashqi dunyoni, ya’ni tabiat va jamiyatnigina bilib qolmasdan, balki o‘zini, o‘zining ruhiy-ma’naviy dunyosini ham bilib boradi.
Insonning dunyoni bilishini falsafa ham, boshqa hamma aniq fanlar ham o‘rganadi. Bunda aniq fanlar dunyoning turli aniq tomonlarini, ularning qonuniyatlarini va xususiyatlarini o‘rganadi va ochib beradi.
Falsafa esa, aniq fanlardan farqli ravishda, inson bilishining tabiati va mohiyatini nima tashkil qiladi? Uning eng muhim qonuniyatlari va xususiyatlari nimalardan iborat? degan savollarga javob qidirib va javob berib keldi. SHu sababli, falsafada inson bilishining falsafiy muammolari bilan shug‘ullanmagan birorta ham falsafiy oqim, birorta ham faylasuf yo‘q. Aksincha, hamma falsafiy oqimlar va falsafiy yo‘nalishlar bu sohaga oid o‘z qarashlarining ma’lum tizimini ishlab chiqqanlar. Natijada, falsafada inson bilishining tabiati va mohiyati haqida turli xil ta’limotlar, turli xil qarashlar va nazariyalar kelib chiqdi. Biz ularning ba’zilari bilan tanishib chiqamiz.
Bir guruh faylasuflar insondan, uning ongidan tashqari dunyo mavjud emas, dunyo faqat bizning ongimizda, bizning sezgi va idroklarimiz yig‘indisi (kompleksi va kombinatsiyalari) dan iborat xolos. Binobarin, biz o‘z sezgi va idroklarimiznigina bila olamiz, deyishadi.
Boshqa bir guruh faylasuflar esa insonning dunyoni va o‘zini bilishiga shubha bilan qaraydilar, inson dunyoni to‘liq bila olmaydi, deyishib, inson bilishini cheklaydi yoki dunyoni bilishni butunlay inkor qiladilar. Ulardan skeptitsizm9 ta’limoti vakillari inson bilishining nisbiyligi, uning turli sharoitlar va vaziyatlar bilan bog‘liq ekanligini aytishib hamma e’tirof qiluvchi, isbot talab qilmaydigan inson bilimlarining bo‘lishi mumkinligiga shubhalanadilar. Falsafiy ta’limotlardan biri bo‘lgan agnostitsizm10 vakillari esa inson dunyoni bila olmaydi bilishga qodir emas, degan g‘oyani ilgari suradi. Masalan, ingliz agnostik faylasufi D.YUm ta’limotiga ko‘ra, bilish ob’ekti, bizning bilishlarimizning manbai ob’ektiv borliq emas, balki sub’ektiv sezgi va idroklarimizdir, biz o‘z sezgi va idroklarimiz chegarasidan tashqarida nima borligini bila olmaymiz, deyiladi.
Nemis faylasufi I. Kant esa insondan va uning ongidan tashqarida ob’ektiv borliqning mavjudligini e’tirof qilgan holda, undagi predmet va hodisalarni «narsalar biz uchun» va «narsalar o‘zida» ga bo‘ladi. Uning qarashicha, «narsalar biz uchun» ni inson bila oladi, «narsalar o‘zida»ni esa inson bila olmaydi. Kantning «narsalar biz uchun» bu insonni qurshab to‘rgan predmetlar va hodisalar, shu jumladan, tabiat ham. «Narsalar o‘zida» esa bular: erkinlik, o‘lmaslik, g‘ayritabiiy kuchlar, xudo va shu kabilardir. Ularni inson hech qachon to‘liq bila olmaydi. Kant o‘z bilish nazariyasida e’tiqodga o‘rin qoldirish, uni mustahkamlash uchun aqlni tanqid qiladi va cheklaydi. U inson aqlini nazariy va amaliy aqllarga bo‘ladi: amaliy aql, uningcha, cheklangan. Uning qarashicha, inson tajriba va amaliyot bilan har qanday bilimga ham ega bo‘lavermaydi. Inson bilishida insonning tajribasiga bog‘liq bo‘lmagan aprior (lotincha aprior so‘zidan olingan bo‘lib o‘zbekchaga: tajribadan oldin, azaldan degani) bilimlar bo‘ladi. Bu aprior bilimlar tug‘ma bilimlardir. Inson aqli bu bilimlarga tajribagacha ega bo‘lgan bo‘ladi.
Kantning fikricha, falsafiy bilimlar ayni shunday aprior bilimlardan iborat. Kant ilmiy bilimning ishonchliligi va haqiqatliligi uning eng umumiyliligi va zaruriyligi bilan belgilanadi, deydi. Xullas Kant o‘z falsafasida bilish nazariyasini birinchi bo‘lib falsafiy muammo sifatida atroflicha, har tomonlama qarab chiqqan faylasufdir.
Umuman, insonning borliqni bilishi masalasida izchil agnostitsizm, skeptitsizm bilan birikib ketib, nigilizmgaolib keladi.
Ilm va fan yutuqlariga asoslangan faylasuflar esa insonning dunyoni va o‘zini bilishni doimo e’tirof etib kelganlar. Qadimgi yunon faylasuflari inson dunyoni va o‘zini bilishi, haqiqatga erishishi mumkin, deyishadi. Ular inson bilishining roli haqida ham hikmatli fikrlar aytishgan.
O‘rta asr arab faylasuflarining ilg‘or vakillari xususan Markaziy Osiyo mutafakkirlari: Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, A. Navoiylar insonning dunyoni va o‘zini bilish masalasi haqida to‘xtalib, inson tabiat va jamiyatni hamda o‘zini bilishga qodir, inson bilishi sezgi va idroklardan boshlanib, tafakkurga tomon rivojlanib boradi, Inson aqli - faol, u inson bilishining asosiy qurolidir, deyishadi. Ular inson bilishi ma’lum narsalardan noma’lum narsalar tomon rivojlanib boradi deyishadi11.
Tasavvuf falsafasi vakillari esa o‘z qarashlarida insonning hissiy bilishi tashqi bilishni tashkil qilishni, aqliy bilish esa ichki bilishni tashkil qilishini aytishib, ularning o‘zaro bog‘liqligini ham uqtirganlar. SHu bilan birga, ular inson dunyoni va o‘zini bilishi uchun kamolotga erishmog‘i lozim, Lekin bu kamolotga erishish quruq intilish bilan emas, balki o‘qib o‘rganish, bilimlarni va hunarlarni egallash jamiyatda boshqa kishilar bilan o‘zaro muloqotda va munosabatda bo‘lish orqali yuzaga keladi, deyishadi.
XVII - XVIII asr Evropa faylasuflari ham insonning dunyoni va o‘zini bilish haqidagi qimmatli fikrlarni bildirishadi. Masalan, ingliz faylasufi F.Bekon, inson bilishi sezgilardan boshlanadi, bilishning manbai tajribadir, sezgilar orkali olingan dalillarni inson tafakkur yordamida qayta ishlab chiqadi, deydi. U inson bilish jarayoni fan va amaliyot bilan bog‘liq ekanligini ularga xizmat qilishi lozimligini aytadi. Fransuz faylasufi Dekart esa insonning dunyoni va o‘zini bilishi masalasi haqida to‘xtalib, birdan bir to‘g‘ri bilish tafakkurdir, deydi. Inson bilishning haqiqatliligi tajriba bilan emas, balki aql bilan aniqlanadi, deb bilishda sezgi a’zolarining faoliyatiga ishonmaydi.
Fransuz ma’rifatparvarlari: Didro, Golbax, Gelvetsiy, Volter va Lametrilar esa insonning bilish masalasida fikr yuritishib, sezgilar tafakkurning asosi ekanligini, ular inson bilishining quyi boshlang‘ich bosqichi, tafakkur esa eng yuqori, murakkab bosqichi ekanligini aytishadi.
Nemis klassik falsafasining buyuk vakili Gegel esa inson bilishini mutlaq ruhning inson qiyofasida o‘z-o‘zini anglashidir, deydi.
Nemis klassik falsafasining so‘nggi vakili L.Feyerbax esa insonning dunyoni bilishini e’tirof etib; dunyo insondan va uning ongidan tashqarida mavjud, inson bilishi tabiatning uning sezgilari va tafakkuridagi to‘g‘ri in’ikosi ekanligini aytadi. Insonda, deydi u, dunyoni bilish uchun qancha sezgi a’zosi kerak bo‘lsa, shuncha sezgi a’zolari bor. Uningcha, sezgilar bilish jarayonining boshlang‘ich bosqichi bo‘lib, ular insonni tashqi dunyo bilan bog‘laydi. Feyerbax fikricha, sezgilar insonni tabiat bilan tanishtiradi, lekin uni (tabiatni!) tushuntirmaydi. Inson bilishining yuqori bosqichi tafakkurdir. Tafakkurning asosiy vazifasi esa sezgilarda yig‘ilgan ma’lumotlarni to‘plash, solishtirish, tahlil qilish, izohlash, umumlashtirish, shular asosida ularning ichki mazmunini ochish va ulardan xulosalar chiqarishdir. Tafakkur tashqi dunyoni bevosita, chuqurrok aks ettiradi.
Bulardan tashqari, XVII- asrlarda, dastlab sharq falsafasida so‘ngra Evropada yuzaga kelgan inson bilishining aqliy bilishdan farq qiluvchi bevosita paykash, bevosita bilish shakli - «bilishning uchinchi xili» (spinoza) haqidagi qarashlar paydo bo‘ladi. Bu bilish shakli intuitiv12 bilish, deb ataladi.
Xullas, asrimizning o‘rtalarigacha bo‘lgan faylasuflar insonning dunyoni va o‘zini bilishini turlicha tushunib va tushuntirib keldilar. Ularning deyarli ko‘pchiligi «inson bilishi nima?» degan savolga aniq javob bera olmay, inson bilish jarayonini bir tomonlama tushuntirdilar. Xususan, metafizik materialistlar bilishni dunyodagi predmet va hodisalarning inson miyasidagi oddiy in’ikosi, deyishib, bilish jarayoniga xos hissiy va aqliy bosqichlarni bir-biridan alohida bo‘lgan bilish shakllari sifatida qaraydilar. Ular bunda bilishning yuzaga kelishida amaliyotning rolini, bilish jarayonini amalga oshiruvchi bilish sub’ektining faolligini, bilish jarayonining dialektikasini tushunib etmagan edilar.
Bilishning dialektik-materialistik nazariyasiga ko‘ra, insonning dunyoni va o‘zini bilish imkoniyati va darajasi, avvalo, ijtimoiy sharoitga, ishlab chiqaruvchi kuchlar va ularning ehtiyojlariga, ishlab chiqarish munosabatlarining xarakteriga bog‘liqdir. Turli ijtimoiy - iqtisodiy davrlardagi kishilarning bilish darajasi fan taraqqiyoti, texnika rivojining darajasi va ko‘lami, jamiyat ishlab chiqarish usuli qo‘ygan vazifalari bilan belgilanadi. Inson dunyo va o‘zini bilishi bilan cheklanmaydi, balki bu bilish natijasida hosil qilgan bilimlari orqali u tabiat va jamiyatni, dastavval, o‘zini, o‘z ongini, o‘z ma’naviy dunyosini o‘zgartiradi.
Bilishning falsafiy nazariyasiga ko‘ra, inson bilishi moddiy va ma’naviy borliqning uning miyasidagi muayyan maqsadga qaratilgan faol in’ikosidir. Inson bilishining manbai esa aynan shu moddiy va ma’naviy borliq, ularni tashkil qilgan predmetlar, hodisalar va jarayonlardir. Bu predmetlar, hodisalar va jarayonlar insonga ta’sir qilib, uning miyasida in’kos etadi. Ular moddiy va ma’naviy borliqning inson miyasidagi sub’ektiv obrazlari, ramzlari va belgilaridir. Inson bilishi, avvalo, moddiy va ma’naviy borliqning xususiyatlariga va shu bilan birga, ularni faol in’ikos ettiruvchi inson miya mexanizmining rivojlangan darajasiga bog‘liqdir. Inson o‘z miyasida faqat tabiiy va ijtimoiy olamni, ularning qonuniyatlarinigina aks ettirib qolmasdan, balki o‘zining ma’naviy-ruhiy va insoniy borlig‘ini ham in’ikos ettiradi.

Bilishning sub’ekti, ob’ekti va predmeti o‘zgarmas, qotib qolgan emas, balki bilish jarayonida ular doimo o‘zgarib, eskilari o‘rnini yangilari olib boradi. SHu bilan birga ayni bir vaqtdagi va ayni bir makondagi sub’ekt va ob’ekt boshqa bir vaqt va boshqa bir makonda sub’ekt va ob’ekt munosabatida bo‘lmasligi mumkin. Insonning bilish jarayonida sub’ekt bilishi zarur bo‘lgan ob’ektni bilib olgach, bu ob’ekt sub’ektning bilish darajasidan chiqariladi va u bilishning ob’ekti bo‘lmay qoladi.
Insonning bir butun bilishi ana shu «sub’ekt-predmet-ob’ekt» munosabatlari asosida yuzaga keluvchi ijtimoiy tarixiy jarayondir. Inson bilishining tabiatini ayni shu «sub’ekt-predmet-ob’ekt» o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganish asosida to‘g‘ri tushunish mumkin. Bunda doimo sub’ektning faolligi muhim rol o‘ynaydi.
Bilishda sub’ektning faolligi uning muayyan maqsadga qaratilgan amaliy-ijtimoiy faoliyatida namoyon bo‘ladi. Inson borliqni faqat bilib olish uchungina o‘rganmaydi, balki borliq va uning qonunlarini bilib olish asosida tabiatga va jamiyatga faol ta’sir ko‘rsatadi; ularni o‘zlashtiradi va o‘zgartiradi – shu asosida uning o‘zi ham o‘zgarib boradi. Bu inson bilishining amaliyot bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. Aslida inson bilishi uning amaliy-ijtimoiy faoliyati asosida vujudga keladi. Inson o‘z amaliy va nazariy-ijtimoiy faoliyati jarayonida borliq va uning qonunlarini bilib boradi.
Amaliyot, insonning tabiatni, jamiyatni va o‘zini bilishi, ularni o‘zlashtirishi sohasidagi faol faoliyati sifatida bilishning boshlang‘ich nuqtasi va asosi bo‘lib xizmat qiladi. Inson o‘z hayotining birinchi qadamlaridanoq boshlab o‘ziga tirikchilik vositalari: oziq-ovqat, turar-joy topish uchun mehnat qilishga majbur bo‘lgan. U o‘zining bu mehnati jarayonida tabiat kuchlariga duch kelib, ularni asta-sekin o‘rganib, bilib borgan. Inson o‘z hayotini saqlab qolish uchun ishlab chiqarishni tashkil qilib, uni yanada rivojlantirishga harakat qila borgan. Bu undan juda ko‘p narsalarni bilishni talab qiladi. U mehnat qurollarini yaratish, ular bilan tabiatga ta’sir qilish, er maydonlarini o‘lchash turar-joylar qurish, o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni hisoblash va shular kabi ishlarni amalga oshira boradi. Bu ishlar insonning o‘ziga uning bilishiga ham aks ta’sir ko‘rsatib, insonning bilish qobiliyati rivojlanib boradi. SHu bilan bir qatorda, ijtimoiy amaliyot inson bilishi oldiga turli vazifalarni qo‘yib ularni hal qilishda insonga yordam beradi. Bunday ijtimoiy amaliyot inson bilishining harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy amaliyot insonning tabiat va jamiyat hodisalarining hamda o‘zini bilish uchun turli xil asbob-uskunalar, har xil qurilmalar, mexanizmlar, kompyuterlar bilan qurollantirib, uning borliqni bilishini yanada chuqurlashtiradi.
Ijtimoiy amaliyot inson bilishining maqsadi hamdir. CHunki inson o‘z bilishi natijalaridan, hosil qilgan bilimlarida doimo o‘z amaliy ijtimoiy faoliyatlarida o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun foydalanadi. SHu asosda ular o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshiradilar.
Endi inson bilishining turlari bilan tanishib chiqaylik.
Inson bilishini shartli ravishda bir necha turlarga bo‘lib o‘rganish mumkin. Dastlab inson bilishini borliq qanday holda in’ikos etganligiga qarab, oddiy va ilmiy bilishlarga ajratish mumkin.
Oddiy bilish kishilarning odatdagi o‘z kundalik hayotlarida borliqdagi predmet va hodisalarni bevosita o‘z sezgi organlari va oddiy tafakkur qilishlari orqali bilishdir. U kishilarning kundalik hayotiy tajribalari, malakalari va amaliy ishlari orqali hosil bo‘lib, odatda «sog‘lom fikrlar»da o‘z ifodasini topgan bo‘ladi. Oddiy bilish hamma kishilarga xos bilishdir.
Ilmiy bilish esa, oddiy bilishdan farqlanib, u borliqdagi predmet va hodisalarning qonuniyatlarini, ularning mohiyatini bilishdir. Ilmiy bilish, odatda ilmiy tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar olib borish asosida amalga oshadi. SHu sababli ilmiy bilish uzoq davom etadigan, muayyan usullar va yo‘llar bilan amalga oshiriladigan murakkab ziddiyatli bilishdir. SHu tufayli ilmiy bilish bilan hamma kishilar emas, balki bir guruh yoki alohida kishilar: tadqiqotchilar, olimlargina shug‘ullanadilar (quyida bu haqda alohida to‘xtalamiz).
Bulardan tashqari, inson bilishida bilishning qanday paydo bo‘lishi jihatidan hissiy bilish, mantiqiy bilish, intuitiv bilish, g‘oyibona bilish kabi ko‘rinishlari ham farq qilinadi.
Hissiy bilish, deyilganda, odatda, insonning his qilishi sezgi a’zolari orqali predmet va hodisalarni, ularning tashqi tomonlarini, tashqi belgi va xususiyatlarini bevosita idrok qilish tushuniladi. Insonning bu bilishi, deyarli hayvonlarga ham xos bo‘lgan bilish bilan bir xil xususiyatlarga ega bo‘lgan bilishdir (lekin ular tub farqlarga ham ega).
Mantiqiy bilish esa insonning predmet va hodisalarni tafakkur orqali umumlashtirib, mavhumlashtirib va konkretlashtirib, ularni fikrda bilishidir (kuyida ular haqida alohida to‘xtalamiz).
Intuitiv bilish esa, odatda kishi biror narsa yoki hodisa haqida muayyan tasavvurlar va bilimlarga ega bo‘lgan, uning fikri ma’lum muammo yoki masalani echishga yo‘naltirilgan, shu asosda o‘z fikrini rivojlantirayotgan bir paytda ro‘y beradi. Intuitiv bilish ham inson bilish jarayonining muhim jihatini tashkil qiladi va uning borliqni bilishida muhim rol o‘ynaydi. Intuitiv bilish, hissiy va mantiqiy bilishlardan farq qilib, u o‘z tabiatiga ko‘ra, hech bir bevosita hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biron bir yangi tasavvur yoki yangi fikrning birdaniga, kutilmaganda tug‘ilishidir.
Fanda uzoq davr intuitiv bilishning mexanizmi ma’lum bo‘lmay keladi. SHu sababli intuitiv bilish haqida har xil qarashlar, har xil yondashishlar, turli tuman ta’limotlar paydo bo‘ldi. Ba’zilar uni ilohiylashtirib, intuitiv bilish faqat buyuk va mumtoz kishilargagina xos, degan fikrlarni bildirishdilar.
Ba’zilar esa, intuitiv bilishni odatda faqat ijodiy jarayonga, ya’ni ilmiy kashfiyotlar, ilmiy ixtirolarga va badiiy ijod jarayoniga xos, degan qarashlarni ilgari surishdilar. Ularning nuqtai nazaricha, intuitiv bilish, bu ijodiy jarayonda fikrning rivojlanishida eski fikrdan yangi fikrga o‘tish, ya’ni sakrashdan iboratdir. Boshqa bir guruh tadqiqotchilarining fikricha, intuitiv bilish - bu badiiy ijod bilan bog‘liq, yangi g‘oyaning tug‘ilishidir, degan fikrlarni bildirishadi. Haqiqatdan ham, intuitiv bilish insonning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, bunda tadqiqotchi yoki ijodkorning butun fikri-zikri biron narsa bilan qattiq band bo‘lgan paytda, uning miyasiga hech kutilmaganda biror yangi fikr, yangi g‘oya bilan to‘satdan kelib qolishi mumkin.
Hissiy bilish - inson bilishining dastlabki birinchi bosqichi bo‘lib bilish jarayoni ayni shu hissiy bilishdan boshlanadi. Natijada, miyada predmet va hodisalarning tashqi tomonlari, tashqi belgilari aks etib ularni miyada signallari va hissiy obrazlari hosil bo‘ladi.
Aqliy bilish esa bilishning yuqori bosqichi bo‘lib, unda inson bilishi hissiy bilish orqali hosil bo‘lgan faktlar va ma’lumotlarni tafakkurda qayta ishlash natijasida, borliqdagi predmet va hodisalarning fikriy belgilari, simvollari va obrazlari yaratiladi. Xullas, hissiy bilish va aqliy bilish bilish jarayonining bir-biriga bog‘liq ikki bosqichi bo‘lib, biri ikkinchisini to‘ldiradi, ular bir-biridan ajralmas. Bu bosqichlarning har biri o‘ziga xos muayyan shakllarda yuzaga keladi.
Inson bilishining hissiy bilish bosqichi: his qilish, sezgi, idrok va tasavvur kabi shakllarda sodir bo‘ladi. His qilish - inson bilishining shunday shakliki, unda kishi o‘z-o‘ziga, atrofdagi narsa, hodisalarga, kishi yoki kishilarga bo‘lgan munosabatida o‘zining muayyan holatga kirishi, muayyan holda bo‘lishidir. Sezgi esa hissiy bilishning dastlabki shakllaridan bo‘lib, u insonning borliqni bilishining ma’lum shaklidir. Sezgilar insonning sezgi a’zolariga borliqdagi predmet va hodisalarning bevosita yoki bilvosita ta’siri natijasida yuzaga keladigan hissiy obrazlardir. Sezgilarni hosil qiluvchi bunday sezgi a’zolari insonda tashqi va ichki holatlarda joylashgan bo‘lib ular: ko‘rish, ta’m bilish, hid bilish, teri sezgisi va eshitish sezgi a’zolaridir, qolganlari ichki sezgi a’zolari hisoblanadi. Bu sezgi a’zolari insonning borliqni bilishida o‘ziga xos bir vosita bo‘lib, ular orqali predmet va hodisalar haqidagi dastlabki ma’lumotlar inson miyasiga qabul qilinadi. Inson bu sezgi a’zolari orqali borliqdagi predmet va hodisalarni tashqi belgi va xususiyatlarini bilib oladi. Borliqdagi turli predmet va hodisalarning belgi va xususiyatlari esa inson sezgi a’zolariga ta’sir etib, turli xil sezgilar hosil qiladi.
Sezgilar o‘z ifodalanish shakliga ko‘ra yakka-yakka, alohida, aniq, sub’ektiv bo‘lsalar ham, ammo o‘zlari ifodalagan mazmunga ko‘ra ob’ektivdir. Biroq his qilish va sezgilar insonning borliqni bilishi uchun hali etarli emas. Buning uchun inson o‘zining hissiy bilishida his qilish va sezgilar shakllarida hosil qilgan ma’lumotlarni to‘plab, umumlashtirib ularni, bir butun holda in’ikos ettirishi ham lozim bo‘ladi. Hissiy bilishning bunday yangi shakli idroklar.
Idrok his qilish va sezgidan farqli o‘laroq, borliqdagi predmet va hodisalarni yaxlit holda, bir butun ko‘rinishda ularning hamma asosiy tashqi belgi va xususiyatlarini umumlashtirgan holda in’ikos ettiruvchi hissiy bilishning nisbatan yuqoriroq shaklidir. Idrok predmet va hodisalarning bir butun yaxlit hissiy obrazidir. U o‘zida his qilish va sezgilar shakllaridagi obrazlarni jamlab ifodalovchi xususiyatga ega. Biroq insonning hissiy bilishi idroklar bilan ham cheklanib qolmaydi. Hissiy bilishda xis qilish, sezgilar va idroklar shakllarida yuzaga kelgan hissiy ma’lumotlar inson miyasida qayta ishlanib, hissiy bilishning yangi, yuksakroq shaklini hosil qiladi. Bu tasavvurdir.
Tasavvur - ilgari idrok etilgan, ammo ayni vaqtda bevosita idrok etilmayotgan predmet va hodisalarning inson miyasidagi qayta ishlanib, tiklangan hissiy obrazdir. Tasavvurning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u borliqdagi predmet va hodisalar bilan ayni vaqtda bevosita bog‘lanishda bo‘lmagan holda, ularning ilgarigi paydo bo‘lgan obrazlari asosida qayta tiklanishidir. Ammo inson o‘z tasavvurida, shu bilan birga oldin idrok etilgan predmet yoki hodisaga, ularga o‘xshash yangi predmet va hodisalarning hissiy obrazlarini ham hosil qilishi mumkin. Masalan, hozir biz mustaqil O‘zbekistonning mavjud imkoniyatlari, shart-sharoitlaridan kelib chiqib, uning kelajakda rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olishi, ya’ni buyuk davlat bo‘lishini tasavvur qilmog‘imiz mumkin.
Hissiy bilishning tasavvur shaklida predmet va hodisalarning ikkinchi darajali, muhim bo‘lmagan xususiyatlari tashlab yuborilib faqat ayrim muhim xususiyatlarigina in’ikos etgan bo‘ladi. SHu tufayli tasavvur predmet va hodisalarni umumlashtirgan, mavhumlashtirgan darajada aniq hissiy shaklida in’ikos ettiradi. Bu jihatdan tasavvurda, hech shubhasiz tafakkurning ba’zi elementlari paydo bo‘ladi. Lekin u hali hissiy bilish chegarasidan chiqib ketmagan bo‘ladi. Bunga sabab: tasavvurning individual xarakterga egaligi, uning predmet va hodisalar tashqi tomonlari, tashqi aloqadorlik va bog‘lanishlarinigina o‘zida ifodalab ularning ichki tomonlarini, ulardagi o‘zgarish, rivojlanish qonunlarini in’ikos ettira olmasligidir.
Umuman olganda, insonning hissiy bilish shakllari ma’lum darajada cheklangan, bir tomonlama, to‘liq bo‘lmagan bilishdir.
Inson borliqdagi predmet va hodisalarning ichki tomonlarini, ularning o‘zgarish va rivojlanish qonunlarini, bir so‘z bilan aytganda ularning mohiyatini faqat aqliy bilish orqaligina bila oladi.
Aqliy bilish - predmet va hodisalarning mohiyatini bilishdir. Insonning borliqni aqliy bilishi - bu uning tafakkuri orqali borliqdagi predmet va hodisalarning fikr shakllarida bilishdir. Aqliy bilish borliqdagi predmet va hodisalarning inson miyasidagi umumlashgan, mavhumlashgan va konkretlashgan fikriy ifodalanishidir.
Aqliy bilishda inson tafakkuri borliqdagi predmet va hodisalarning izchil bog‘lanishlari va aloqadorliklarini, ularning harakat, o‘zgarish va rivojlanish qonunlarini ma’lum bir fikr shakllari: tushuncha, hukm va xulosa chiqarish kabilarda ifodalanadi. Bunda hissiy bilish obrazlari tafakkur esa o‘zida hissiy bilish bergan ma’lumotlarini qayta ishlab, ularni umumlashtirib, mavhumlashtirib, ayni bir vaqtda, aniqlashtirib, analiz va sintez qilib, aniqlikdan mavhumlikka va yana undan aniqlikka keltirib, ma’lum hukm, tushunchalari va xulosalarini hosil qiladi. Tafakkur hosil qilgan aqliy bilishning bu fikriy shakllari tilda so‘zlar va gaplarda ifodalanadi.
Aqliy bilishning dastlabki shakli hukmlardir.
Hukm - aqliy bilishning shunday fikriy shakliki, unda borliqdagi muayyan predmet va hodisalar, ular o‘rtasidagi bog‘lanish va aloqadorliklar haqida tasdiq yoki inkor fikr ifodalanadi. Inson o‘z tafakkurida bir yoki bir necha hukmlarni mantiqiy o‘zaro bog‘lab, turli usullar asosida ularning eng muhim xususiyatlarini ajratib olib, biror tushuncha hosil qiladi.
Aqliy bilishning navbatdagi shakli tushunchadir. Tushuncha predmet va hodisalar, ularning muhim va zaruriy belgi va xususiyatlarining umumlashtirilgan, mavhumlashtirilgan va ayni chog‘da aniqlashtirilgan fikriy obrazidir. Masalan, «inson», tushunchasini olaylik. Bu tushuncha hamma kishilik jamiyatiga xos bo‘lgan, mehnat qiluvchi, mehnat qurollari va mehnat vositalarini yaratuvchi hamda ular asosida moddiy va ma’naviy ne’matlarni ishlab chiquvchi: ong, tafakkur, til va nutq kabi muhim va zarur belgi va xususiyatlarga ega bo‘lgan bioijtimoiy mavjudot insonning fikri shaklidir.
Xulosa chiqarish esa aqliy bilishning shunday shakliki, unda bir yoki bir necha hukmlar asosida yangi hukm- yangi fikr hosil bo‘ladi.
Xulosa chiqarish inson aqliy bilish bosqichining yukori shaklidir. Odatda xulosa chiqarishning bir necha turlari mavjud bo‘lib, ularni «mantiq» fani o‘rganadi.
SHunday qilib, insonning bilish jarayoni hissiy bilish shakllari: his etish, sezgi, idrok va tasavvurlardan boshlanib, aqliy bilish shakllari: hukm, tushuncha va xulosa chiqarish shakllarida tafakkurda qayta ishlanib, bilishning «quyi» boskichidan «yukori» boskichi tomon ko‘tarilib boradi.
Insonning borliqni bilishidan asosiy maqsadlaridan biri bu haqiqatni bilishdir. Xo‘sh, haqiqat nima? Haqiqat to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot nimadan iborat?
Haqiqat masalasini ilmiy asosda hal qilishning yagona yo‘li - bu inson bilimlari bilan ob’ektiv borliqdagi real predmet va hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarni ilmiy asosda yoritib berishdir.
Haqiqat – bu inson bilimlarida borliqning to‘g‘ri in’ikos etishi, predmet va hodisalar asli qanday bo‘lsa, ularni inson o‘z miyasida xuddi shunday in’ikos ettirgan bilimlardir. Haqiqat - bu borliqdagi predmet va hodisalar yoki ularning belgi va xususiyatlarini o‘zi emas, balki ular haqidagi inson bilimlarining o‘sha predmet va hodisalarning asliga ularning belgi va xususiyatlariga mos kelishidir.
Inson o‘z bilish jarayonida kashf etgan tabiat va jamiyat qonunlari haqiqatlardir. Ular o‘zlari ifodalagan mazmunlariga ko‘ra, bir jihatdan insonga, uning ongiga bog‘liq bo‘lmasa ham, boshqa jihatdan, ya’ni inson fikrida ifodalanish shakliga ko‘ra sub’ektivdir; inson ularni o‘z ongida aks ettiradi. Haqiqatdan ham, bizning sezgilarimiz, idrok va tasavvurlarimiz, tafakkurimiz va bir butun ongimiz ob’ektiv borliqdagi predmet va hodisalarni to‘g‘ri in’ikos ettiradi, ular o‘z mazmunlari jihatidan shu predmet va hodisalarga mos keladi.
Lekin haqiqatni bilish – murakkab jarayondir. Bizning borliq haqidagi bilimlarimiz birdaniga, tayyor holda yuzaga kelmaydi. Biz borliqdagi predmet va hodisalarning avval tashqi tomonlarini, so‘ngra esa ichki tomonlarini bilib boramiz. Bunda bizning bilimlarimiz nisbiy haqiqatlardan mutlaq haqiqatlarga tomon boradi.
Nisbiy haqiqat – bu bizning borliqdagi predmet va hodisalar to‘g‘risidagi taxminan to‘g‘ri, lekin to‘liq bo‘lmagan bilish jarayonida tuzatilib, to‘ldirilib borilishi lozim bo‘lgan bilimlarimizdir.
Mutlaq haqiqat esa – bu borliqdagi predmet va hodisalar haqidagi har tomonlama to‘liq, aniq, mukammal, kelgusida tuzatilmaydigan, to‘ldirilmaydigan bilimlardir. Bunday bilimlar inson tafakkurining ob’ektga cheksiz yaqinlashib borishi asosida, cheksiz nisbiy haqiqatlarning jami sifatida qaror topadi. Bu jihatdan nisbiy va mutlaq haqiqatlar o‘zaro chambarchas bog‘liqdir, ular bir-birlaridan ajralmasdir, har qanday mutlaq haqiqat nisbiy haqiqatlarning cheksiz birligidan yuzaga keladi. Har bir nisbiy haqiqatda mutlaq haqiqatning donasi, zarrasi, ulushi mavjud bo‘ladi. SHu asosda inson bilishi nisbiy haqiqatlardan mutlaq haqiqatga tomon boradi. Inson bilishi hech qachon mutlaq haqiqatga to‘liq ega bo‘lmaydi, balki unga cheksiz yaqinlashib boradi.
Ilm-fan taraqqiyotida har bir yangi bosqich nisbiy haqiqatlar sifatida mutlaq haqiqatning mazmuniga yangi-yangi zarralar qo‘shib boradi. Borliq bepoyon va cheksiz bo‘lgani kabi insonning uni bilishi ham cheksiz davom etadi. Nisbiy haqiqatlarning mutlaq haqiqatga cheksiz yaqinlashib boruvchi chegaralari tarixan shakliy bo‘lsa ham, lekin bu mutlaq haqiqatning mavjudligi shubhasizdir.
Inson bilimlarining rivojlanish yo‘li hamma vaqt silliq va oson kechavermaydi. Bilishda haqiqat sari qo‘yilgan har bir qadam fikrlar va qarashlarning keskin kurashlari jarayonida ro‘y berib, bunda avvalgi erishilgan bilimlar va qarashlar har doim cheklangan topilib, ularning o‘rnini to‘laroq mukammalroq bilimlar va qarashlar olib boradi.
SHu bilan birga, haqiqat mavhum emas, balki u aniq bilimlardir. CHunki o‘zgarmas, qotib qolgan bilimlar yo‘q, inson bilimlari doimo o‘zgarib boradi. Ayni bir vaqtda, ayni bir nisbatda haqiqat bo‘lgan bilim boshqa bir vaqtda va boshqa bir nisbatda haqiqat bo‘lmasligi mumkin. Bu shuni ko‘rsatadiki, bilimlarimizning haqiqatligi ular ifodalagan mazmunning o‘zgarishi bilan o‘zgarib borishidadir. Har bir bilimning haqiqatligi doimo ma’lum joyga, o‘ringa, vaqt va vaziyatga, kishi bilimining imkoniyatiga va bilim darajasiga bog‘liq bo‘ladi. SHuning uchun har qanday bilimning haqiqatligini aniqlashda uni ma’lum makon va vaqt bilan bog‘liq holda olib, unga ma’lum aloqadorlik va bog‘lanishlardan kelib chiqib munosabatda bo‘lish lozim.

XX asr nepozitivizm oqimi vakillari o‘z bilish nazariyalarida haqiqatning mezoni deb kogerensiya prinsipini oladilar. Bu prinsipga ko‘ra ular haqiqatning mezoni deb bilimning o‘z-o‘ziga mos kelishini tushunadilar. Nepozitivizmning boshqa bir guruhi vakillari esa bilimlarning haqiqatlik mezoni sifatida verifikatsiya prinsipini ilgari suradilar. Bu prinsipga ko‘ra, bilimlarni hissiy tajriba, kuzatish, eksperiment yo‘llari bilan tekshirish mumkin. Biroq bizga ma’lumki, fanlarda paydo bo‘lgan ba’zi g‘oyalar va qarashlarning haqiqatligini bunday hissiy tajribalar asosida tekshirib bo‘lmaydi. SHu sababli ingliz faylasufi K.Popper verifikatsiya prinsipi bilan tekshirishni «nazariyani tasdiqlovchi dalillarga qarama qarshi, ularni rad qiluvchi, faktlarni qidirib topish bilan takomillashtirish» g‘oyasini ilgari suradi. K.Popperning bu g‘oyasi fanlardagi nazariy tizimlarning tatbiq etilish chegaralarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Biroq u inson bilimlarining haqiqatligini isbotlovchi mezon bo‘la olmaydi.
Pragmatizm oqimi vakillari esa, har qanday ishning, amalning va bilimning haqiqatlik mezoni uning insonga keltiradigan foydasi bo‘lishi kerak, deyishadi. Haqiqatda esa foydali bo‘lish, foyda keltirish - bular inson bilimlarining haqiqatlik mezoni emas.
Ekzistensializm falsafasi vakillari bo‘lsa, inson bilimlarining haqiqatlik mezoni - bu har bir kishining o‘z ehtiyoji, maqsad va manfaatlaridir, deyishadi. Ularning qarashicha hech qachon ikki kishining ehtiyoji, intilishlari bir-biriga to‘la mos kelmaydi. SHu sababli haqiqatning barchaga baravar bo‘lgan mezoni bo‘lishi mumkin emas.
Inson bilimlarining haqiqatligi yoki xatoligi odatda uning bu bilimlardan o‘z amaliy faoliyatida foydalanishida ma’lum bo‘ladi. Haqiqat bo‘lgan bilimlar uni o‘z ko‘zlagan maqsadiga to‘g‘ri olib boradi, xato bilimlar esa uning faoliyatini muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. SHuning uchun bilishning dialektik-materialistik nazariyasi inson bilishning haqiqatlik mezoni deb amaliyotni oladi. CHunki insonning har qanday sohaga oid yangi bilimining haqiqat ekanligini aniqlamoq uchun, albatta, uni amaliyotda tekshirib ko‘riladi. Amaliyot inson bilish jarayonida hosil bo‘lgan har bir bilimning haqiqatligini tasdiqlash bilan birga, hosil qilgan bu bilimning cheklanganligini, bir tomonlamaligini hatto xato yoki g‘ayri ilmiyligini ham aniqlab beradi. Lekin shuni ham aytish kerakki, amaliyot ham inson bilimlarining haqiqatlik mezoni sifatida mutlaq emas. Sababi: inson bilimlarining haqiqatligi yoki xatoligi amaliyotda tasdiqlanishi aslo to‘liq bo‘lmaydi. SHuning uchun barcha davrlarda inson bilimlarining barcha sohalarida hali haqiqatligi to‘la tasdiqlanmagan yoki xatoligi to‘la aniqlanmagan ko‘pgina muammo va gipotezalar mavjudki, ular kelgusi avlodlar tomonidan tuzatilib, to‘ldirilib, tasdiqlanib yoki hal qilinib boriladi. SHu boisdan ma’lum sharoitlarda inson bilishi erishgan fundamental bilimlarning haqiqatligini amaliyotda tasdiqlash yoki xatoligini rad qilish uchun ba’zan bir necha daqiqa, bir necha soat yoki bir necha kun talab qilinsa, ba’zan bu muddat bir necha o‘n yil yoki bir necha yuz, hatto minglab yillarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Umuman, amaliyot haqiqat mezoni sifatida insonning to‘g‘ri bilimlarini xato bilimlardan farq qilishda katta ahamiyatga ega. Bu mezon, birinchidan, inson bilimlari borliqning to‘g‘ri in’ikosi ekanligini tasdiqlasa, ikkinchidan, u borliqni noto‘g‘ri aks ettiruvchi qarashlarning xatoligini ochib beradi.
Ma’lumki, har bir fan sohasida ilmiy izlanishlar olib boruvchi tadqiqotchi o‘z ob’ektini o‘rganishga kirishar ekan, o‘rganayotgan predmet yoki hodisa haqidagi bilimlarga birdaniga ega bo‘lmaydi. Buning uchun u bu predmet yoki hodisa ustida ma’lum davr ichida tinmay turli xil izlanish va tadqiqotlar olib boradi va o‘z tadqiqot jarayonida turli xil yo‘llar, usullar va vositalardan foydalanadi, ruhiy va aqliy jarayonlarni kechiradi. SHundan keyingina u o‘zi tadqiqot olib borayotgan predmet yoki hodisa yuzasidan ma’lum yangi bilimlarni hosil qilishi mumkin.
Tadqiqotchining o‘z tadqiqoti jarayonida yangi bilimlarga erishish uchun qo‘llaydigan turli xil usullari, yo‘llari va vositalari ilmiy bilishning metodlari deyiladi.
Ilmiy bilishning metodlari tadqiqotchining tadqiqot ob’ektini bilishi uchun qo‘llagan amaliy va nazariy faoliyat usullaridir. Bu metodlarning ilmiy bilishdagi vazifasi: tadqiqotchiga o‘rganayotgan predmet yoki hodisa haqida, uning tabiati va mohiyatini, ularni ifodalaydigan qonun va qonuniyatlarni ochishda yordam berishdan, shu asosda tadqiqotning muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir.
Ilmiy tadqiqot ishlarida tadqiqotning xarakteri va uning natijasida hosil bo‘lgan yangi bilimlar ko‘p jihatdan tadqiqotchining o‘z faoliyatida qanday metodlarni tanlaganiga, ulardan qanday foydalanganiga bog‘liq. Tadqiqotchi tomonidan to‘g‘ri tanlangan metodlar tadqiqotni muvaffaqiyatli yakunlashiga olib keladi. Aksincha, noto‘g‘ri tanlangan yoki noto‘g‘ri qo‘llangan metodlar tadqiqotchini o‘z izlanishlarida boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yib, uning tadqiqotining muvaffaqiyatsiz, samarasiz bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
To‘g‘ri tanlangan ilmiy bilish metodlari tadqiqotchilarning izlanishlarida tadqiqot yo‘lini yorituvchi bir mash’aldir.
Ilmiy bilishda to‘g‘ri tanlangan metod shu metod yordamida qilingan ilmiy kashfiyotga nisbatan qimmatliroq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bunday metod bilan tadqiqotchi bir emas, balki bir necha ilmiy kashfiyotlar qilishi mumkin
Ilmiy bilish metodlarini o‘rganish falsafada metodologiyaning paydo bo‘lishiga olib keladi. Metodologiya ilmiy bilish metodlari haqidagi falsafiy talimot sifatida o‘zida kishilar dunyoqarashi prinsiplari, ularning bir butun amaliy va nazariy faoliyatlariga tadbiq o‘rganadi. Metodologiya termini falsafada ko‘p ma’onlidir. U bir o‘rinda borliqni ilmiy bilish va o‘zgartirishning metodlari haqidagi nazariyani ifodalasa, ikkinchi o‘rinda u butun ilmiy bilish metodlarining yig‘indisi ma’nosini ifodalaydi. Uchinchi bir o‘rinda esa, metodologiya termini insonning borliqni ilmiy bilish va o‘zgartirishning eng umumiy metodi ma’nosida qo‘llanadi.
Ilmiy bilish metod va metlodologiya terminlari bir-biri bilan juda yaqin va o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Metodologiyaga ko‘ra ilmiy tadqiqotlarga qo‘llaniladigan metodlar bir-birlaridan o‘z tabiati, xarakteri, qo‘llanish sohalari, qo‘llanish ko‘lami, darajali jihatdan farq qiladilar. Ular bir-birlaridan ilmiy bilishning empirik va nazariy darajalariga bog‘liqligi jihatidan ham farq qiladilar. O‘z qo‘llanish ko‘lamiga ko‘ra ilmiy metodlarning ba’zilari hamma ilmiy tadqiqotlarda qo‘llanilsa, boshqa bir xillari ko‘pchilik fan sohalaridagi olib boriladigan tadqiqotlarda, uchinchi bir xillari esa alohida, ayrim fan sohalarida olib boriladigan tadqiqotlardagina qo‘llaniladi.
Ilmiy bilishning eng umumiy ilmiy metodining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u tadqiqotchilarning har qanday ongli amaliy va nazariy faoliyatida, hamma va har qanday ilmiy tadqiqot sohasida qo‘llaniladi.
Ilmiy bilishning empirik darajasiga oid umumiy ilmiy metodlari - bular ko‘pchilik yoki bir guruh fan sohalarida qo‘llaniladigan, ilmiy bilishning empirik bosqichiga oid bo‘lgan metodlardir.
Ilmiy bilishning nazariy darajasiga oid umumiy ilmiy metodlari esa olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarning nazariy bosqichda qo‘llaniladiganmetodlardir.

Yüklə 1,33 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   32




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə