4-mavzu. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy va Burhoniddin Marg’inoniylarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi


Abu Rayhon Beruniyning ilmiy faoliyati



Yüklə 39,2 Kb.
səhifə2/5
tarix20.06.2023
ölçüsü39,2 Kb.
#118180
1   2   3   4   5
4-mavzu. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy va Burhoniddin Marg’inoniylarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi

2. Abu Rayhon Beruniyning ilmiy faoliyati. Abu Rayhon Beruniy — o‘rta asrning buyuk qomusiy olimi. U bir vaqtning o‘zida astronom, astrolog, matematik, geolog, geograf, o‘lkashunos, biolog, medik, o‘simlikshunos, ma’danshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, faylasuf, sotsiolog, mantiqshunos, ilohiyotchi va shoir bo‘lgan. O‘z davrida uning «shug‘ullangan sohasini sanashdan ko‘ra, shug‘ullanmagan sohasini sanash osonroq» edi deyishadi. Beruniy astronomiyaga, astrolyabiyaga, geodeziyaga, mineralogiyaga, farmakognoziyaga, geografiyaga, astrologiyaga, toponomikaga, dinshunoslikka, tarixga oid maxsus asarlar yozgan.
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy ismidagi «Abu Rayhon» qismi Rayhonning otasi, «Muhammad» mutafakkirning o‘z ismi, «ibn Ahmad» Ahmadning o‘g‘li ekanligini anglatadi. Beruniy esa uning nisbasidir. Beruniy 362 yilning 3 zu-l-hijjasi (973 yil 9 sentyabrida) Xorazmning qadimiy poytaxti hisoblangan Kot (Kat) shahrida tug‘ilgan. Ayrim manbalarda Beruniyni Kot shahrining tashqarisida tug‘ilgan, shu sababli uni «Beruniy», ya’ni «tashqarilik» degan taxallus bilan atashgan deyishadi.
X asrning ikkinchi yarmi va XI asr Xorazmda ilm-ma’rifat nihoyatda rivojlangan bir davr edi. Kot shahri Urganch amiri Ma’mun I (995—997) tomonidan bosib olinadi va afrig‘iylar sulolasi barham topadi. Shu davrda taxtdan tushirilgan amir xizmatida bo‘lgan Beruniyning hayoti ham xavf ostida qoladi va u 22 yoshida Xorazmdan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. U dastlab Kaspiy dengizining janubi-sharqida joylashgan Jurjon shahriga borib, u yerda muhojirlikda yashaydi. So‘ngra Eronning Ray shahrida istiqomat qiladi va u yerda nihoyatda faqirlikda kun kechiradi. Beruniy Ray shahrida isfahonlik bir savdogar do‘stining uyida mehmon bo‘lib yashagan. O‘rta Osiyoda vaziyat mo’tadillasha boshlagach, olim Raydan yana Jurjonga qaytib keladi va bu joyda ikkinchi ustozi — tabib, astronom va faylasuf Abu Sahl Iso bin Yahyo al-Masihiy al-Jurjoniy (vaf. 1010) bilan tanishadi, undan ta’lim oladi.
928—1012 yillar Xorazm va Kaspiy dengizi oldi viloyatlariga ziyoliylar sulolasining mashhur vakili Qobus ibn Vashmgir hukmronlik qilgan. Bu hukmdor Beruniyga vazirlik lavozimini taklif qilgan, ammo Beruniy bu lavozimni rad etib, ilm bilan shug‘ullanishga jazm etadi. 1000 yilda Beruniy jahon fani tarixida qimmatbaho manba hisoblangan «Osor al-boqiya» («Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar») asarini yozadi va mazkur asarni «Shams al-maoliy» («Oliy martabalar quyoshi») laqabi bilan mashhur bo‘lgan hukmdor Qobus ibn Vashmgir (vaf. 1012)ga bag‘ishlaydi. Qobus ibn Vashmgir hukmdorlar orasida ilm-ma’rifatga berilgan, adolatparvar inson bo‘lgan.
1005 yili Beruniy o‘z yurti — Xorazmga qaytadi. 1010 yili Abu-l-Abbos Ma’mun II ibn Ma’mun (vaf. 1017) Beruniyni Xorazmning yangi poytaxti Urganchga olib kelishga farmon beradi. U Beruniyni ustoz sifatida hurmat qiladi. Beruniy ham «Xorazmning mashhur kishilari» degan asarida Abu-l-Abbos Ma’mun II ning yaxshi sifatlarini tavsiflab o‘tgan. Ma’mun I ning o‘g‘li Ma’mun II abbosiylar xalifaligining 3-avlodi edi. U o‘zining bobosi Xorun ar-Rashid izidan borib ilm-fan taraqqiyotiga homiylik qiladi, Xorazmda ilmiy akademiya tashkil etadi. Xorazm Ma’mun akademiyasida Abu Sahl al-Masihiy, Abu Nasr Ibn Iroq, tabib Abu-l-Hasan Hammor, mashhur tarixchi Ibn Miskavayh (vaf. 1030), Ibn Sino va Beruniy singari zamonasining taniqli olimlari to‘plangan edi.
1017 yili Xorazmga turk hukmdori Mahmud G‘aznaviy hujum qiladi. Beruniy saroydagi boshqa olimlar qatorida Mahmud G‘aznaviyning asiri sifatida G‘azna shahriga olib ketiladi. 1017 yildan to 1030 yilgacha Beruniy G‘aznaviy qo‘l ostida tahlikali hayot kechiradi. Mahmud doimo o‘zining barcha yurishlarida, jumladan, Hindistonni zabt etishida munajjim sifatida Beruniyni birga olib yurgan. U Beruniyni bir necha bor o‘limga hukm qiladi, zindonga tashlaydi, xullas, Beruniy Mahmudning qosh-qovog‘iga qarab yashashga majbur edi. Mahmud saroyida ham Beruniy o‘zining ilmiy izlanishlarni to‘xtatmagan, G‘aznaviyning Hindistonga yurishi davrida to‘plagan ma’lumotlari asosida yirik «Hindiston» («Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash») nomli asarini yozgan. 1030 yilda Mahmud vafot etgach, uning vasiyatiga ko‘ra, kichik o‘g‘li Muhammad taxtga o‘tiradi. Ammo bir necha oydan keyin Mahmudning katta o‘g‘li Mas’ud (1030-1041) ukasini taxtdan ag‘darib, hokimiyatni undan tortib oladi. Mas’ud davrida Beruniyning ahvoli yaxshilanadi, chunki Mas’ud Beruniyga xayrixoh bo‘lib, undan ko‘p narsalarni o‘rgangan edi. Beruniy Mas’udga arab tilini o‘rganishiga, astronomiya asoslarini egallashiga ko‘maklashgan. Mas’ud esa Beruniyning hurmatini joyiga qo‘yib, uning ilm bilan shug‘ullanishiga yaxshi shart-sharoitlar yaratib, har doim in’om va hadyalar bilan taqdirlab turgan. Mas’udning homiyligidan minnatdor bo‘lgan Beruniy unga bag‘ishlab «Mas’ud qonuni» degan asar yozgan. Shu asarning so‘zboshisida Mas’ud haqida «u... ilmga xizmat qilishim uchun ochiq yuz bilan imkoniyat berdi, chunki u menga ziynat libosini kiygizib inoyat ko‘rsatdi», - deb yozadi Beruniy. Bu asar astronomiya va matematika ilmlariga oid mukammal qo‘llanma sifatida o‘sha davrda shu sohalarga oid ilgarilari yaratilgan barcha asarlarning eng a’losi edi.
1035—1036 yillari Beruniy o‘zi yozgan asarlari ro‘yxatini tuzgan va mazkur ro‘yxatda 113 ta asarning nomini keltiradi. Bu asarlardan 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va geodeziyaga, 3 tasi mineralogiyaga, 4 tasi kartografiyaga va boshqa fanlarga oid edi. Agar olimning undan keyin yashagan 13 yil ichida yozgan 50 dan ziyod asarlarini ham qo‘shadigan bo‘lsak, ularning umumiy soni 160 dan oshadi. Ayrim manbalarda Beruniy 200 dan ziyod asar yozgani haqidagi ma’lumotlar ham uchraydi. Beruniy yozgan har bir asar o‘ziga xos ensiklopediya edi. Masalan, uning dastlabki asarlaridan «Qadimgi xalqdardan qolgan yodgorliklar» («Al-osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya») asari Qadimgi Xorazmda o‘tgan xalqlarning, qadimgi yahudiylar, nasroniylar, majusiylar va musulmonlarning urf-odatlari, an’analari bayramlari, kalendarlari, dinlari, payg‘ambarlari, muqaddas kitoblari haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘zida to‘plagan yaxlit ensiklopediya bo‘lib, u Yevropada «Xronologiya» nomi bilan mashhurdir. Bu asarni olim 27 yoshida, ya’ni 1000 yili arab tilida yozib tugallagan. Uni Qobus ibn Vashmgirga bag‘ishlagan.
1025 yil 18 noyabrda Beruniy «Geodeziya» («Tahdid nihoyot al-amokin li tashih masofot al-masokin» («Turar joylar (orasidagi) masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash») asarini yozib tugatgan. «Geodeziya»da matematik geografiya asoslari mufassal bayon qilinadi. U 1966 yil Toshkentda Istambul nashridan rus tiliga o’girilib chop etildi. «Munajjimlik san’atidan boshlang‘ich tushunchalar» asari esa 1029 yil G‘aznada yozilgan bo‘lib, unda astrologiyaga oid asosiy tushunchalar sodda qilib izohlab berilgandir. Uni Yevropacha qilib «Astrologiya» deb atasak bo‘ladi.
«Mas’ud qonuni» («Al-Qonun al-Mas’udiy») nomli asar 1030 yilda yoziladi. Unda matematik astronomiyaning asosiy qoidalari, yoritqichlarning koordinatlari, ularning harakatlanish tartiblarini hisoblab chiqarish yo‘llari batafsil tushuntirilgan. Bu kitobda bayon etilgan ta’limotlarning aksariyatini Beruniy «Qur’on» oyatlari bilan solishtirgan. Bu uning «Qur’on»ni mukammal bilganligidan dalolat beradi. Shuningdek, mazkur kitobda Beruniy tuzgan yulduzlar jadvali - Beruniy ziji ham ilova qilingan bo‘lib, mazkur jadvalda 1029 ta yulduzning koordinatalari va yulduz kattaliklari Ptolomey va arab astronomi as-So‘fi jadvallariga asoslanib berilgan. Bu asar birinchi bor bir qancha arab qo‘lyozmalari asosida Haydarobodda nashr qilinadi. Rus tilida Moskvada 1962 yilda bosib chiqarilgan. O‘zbekistonda esa 1973 yil rus va o‘zbek tillarida 2 kitobdan iborat qilib «Fan» nashriyotida e’lon qilindi.
Abu Rayhon Beruniy birinchi bo‘lib Yer shari globusini yasagan. Bu ixtirodan barcha geograflar, har bir ziyoli bugungi kunda ham bahramand bo‘lmoqda. Beruniyning yirik hissasi, jumladan, astronomiya sohasiga qo‘shilgan. U garchi olamning tuzilishiga Ptolemeyning geosentrik (ya’ni olamning markazida yer turadi, deb hisoblaydigan) tizimdan turib yondashsa ham, bu masalaga original tarzda, ya’ni yer sharini harakatlanuvchi tizim deb yondashadi. Bunday qarash o‘sha davrlarda yerni harakatsiz deb hisoblovchi hukmron qarashlarga zid keladigan ilmiy jasorat edi. Beruniy «Hindiston» asarida shunday deb yozadi. «Yerning aylanish harakati astronomiya fani hisoblariga hech qanday zid kelmaydi, balki yerda yuz beradigan hodisalar, uning harakati bilan birga bir tekis davom etaveradi». Bu g‘oyada inersial tizimlar haqidagi fikr mujassamlashgandir. Bunday fikrga Galileo Galiley (1564—1642) Beruniydan 600 yil keyin kelgan.
Beruniy matematika fani rivojiga ham juda katta hissa qo‘shgan olimlardan. U birinchi bo‘lib trigonometriyani alohida mustaqil fan sifatida tahlil etdi. «Mas’ud qonuni» asarida yassi va sfyerik trigonometriyani bayon qilib, trigonometrik funksiyalarning chiziqli va kvadrat interpolitiv qoidasini yaratdi.
Mutafakkir «Hindiston» asarida yer yuzasining tuzilishi, dengiz va quruqlikning nisbati to‘g‘risida to‘xtalib, shunday yozgan: «Yerning choragi ma’muradir. Ma’murani g‘arb va sharq tomondan Muhit okeani (Atlantika va Tinch okeani) o‘rab turibdi. Bu Muhit okeani, yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikki yoqdan g‘arb va sharqdan) ajratib turadi...» Bu fikrni «Mas’ud qonuni»da ham ta’kidlaydi. Xullas, Beruniy matematik hisob-kitob asosida Kolumbdan qariyb 450 yil ilgari hozirgi Amyerika qit’asi bo‘lishi mumkinligini bashorat qilgandi.
Beruniy Atlantika va Tinch okeanlarining janubiy qismi bir-biri bilan tutashganligini isbotlagan, yer sharining janubiy tomonida muz qoplagan quruqlik bo‘lishi kerak, deb faraz qilgan. U geografik kenglikni hisoblashda qo‘llagan usul XVI asrda Tixo de-Brage tomonidan kashf etilgan, deb kelinadi, vaholanki, bu usulni Beruniy undan 6 asr ilgari ishlatgan. Jinslarning geologik kelib chiqishi, quruqlikning dengizlarga, dengizlarning quruqlikka aylanish nazariyalarini ham Beruniy ishlab chiqqan. Jismlarning yer markaziga qarab tortilish kuchi haqidagi g‘oyani birinchi bo‘lib, Beruniy ilgari surgan. Beruniy mineralogiya va iqlimshunoslik fanlariga ham jiddiy hissa qo‘shgan. Minerallarning tarkibiy tuzilishi, kristallanish hodisasi, yorug‘lik nuri ta’sirida krisallarning tovlanishi tabiati haqidagi g‘oyalarni ham Beruniy ishlab chiqqan. Beruniy dunyolarning ko‘pligi va xilma-xilligi haqidagi falsafiy g‘oyani ilgari surgandi. Bu g‘oya 600 yildan so‘ng Jordano Bruno (1548-1600) tomonidan aytildi va u shu g‘oya tufayli inkivizisiyaning gulxanida yondirildi.
Abu Rayhon Beruniy merosi mustaqillikdan ilgari ham o‘rganilgan edi, ammo u davrlarda Beruniyning tabiiy-ilmiy merosigina materialistik dunyoqarash nuqtai nazaridan tadqiq etilgan. Mustaqillik davridagina Beruniy merosiga keng qamrovli yondashuvga yo‘l ochildi. Uning Qur’oni karim va hadisi sharifga munosabati, diniy mazhablar tadqiqi bugungi kunda olim va ulamolarimiz tomonidan keng miqyosda o‘rganilmoqda. Hozirgi paytda Beruniyning noma’lum asarlarini izlab topish davom ettirilyapti. Beruniy rahbarlik qilgan Xorazmdagi «Ma’mun akademiyasi»ning 1000 yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi va bu tadbirlarda olimning xizmati yuqori darajada qayd etildi. Beruniyning jahon fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ta’kidlovchi asarlar yozilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda. Beruniyning G‘aznadagi qabrini O‘zbekiston Respublikasidan yuborilgan maxsus ekspedisiya a’zolari ziyorat qilishdi va ta’mirlash ishlarini olib borishdi.

Yüklə 39,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə