6. Xonliklar davri tarixiy geografiyasi Tayanch iboralar


Qо‘qon xonligi iqtisodiy geografiyasi



Yüklə 1,53 Mb.
səhifə6/18
tarix31.03.2022
ölçüsü1,53 Mb.
#84904
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
6MAVZU

Qо‘qon xonligi iqtisodiy geografiyasi

Qо‘qon xonligi shaharlarida hunarmandchilikning turli sohalari rivojlangan. Shuningdek, ba’zi shaharlar hunarmandchilikning ayrim turlari faqatgina shu yerda rivojlanganligi bilan ajralib turgan.

Hunarmandlarining asosiy mashgulotlaridan biri tо‘qimachilik hisoblangan. Tо‘qimachilikning asosiy xom-ashyosi mahalliy dehqonlar tomonidan yetishtirilgan paxta edi. Xonlikda keng tarqalgan tо‘qimachilik mahsuloti bо‘z yoki karbas deb nomlangan. XVIII asr 70 - yillarida О‘rta Osiyo xonliklari, xususan, Qо‘qon xonligida bо‘lgan Filipp Yefremov - "Qо‘qon va uning shaharlarida ipak va yarim ipak mahsulotlari, bо‘z ishlab chiqarish hamda ulardan chopon va boshqa buyumlar tayyorlash rivojlangan, qо‘qonliklar savdoda buxoroliklar bilan raqobatlasha oladilar", - deb yozgan edi 5.

Xonlikda Qо‘qon va Toshkent shaharlarida bо‘z tо‘qish rivojlangan va sifati bо‘yicha ham taniqli hisoblangan. Xususan, Toshkentda "kо‘k bо‘z" va "oddiy bо‘z" turlari kо‘p tо‘qilgan va mahalliy aholi bilan bir qatorda qо‘shni hududlarda yashovchi chorvodor aholi tomonidan kо‘plab harid qilingan. Xonlik shaharlarida tо‘qilgan mahsulotlarning bir qismini olacha tashkil etgan. Olacha matosining asosiy haridori chorvador qozoq va qirg‘izlar hisoblanib, ular savdo qiladigan asosiy markazlar - Toshkent va Namangan shaharlarida bu matoni tayyorlash rivojlangan. XIX asr 70 - yillarida Namangan bozorida bir rubl turadigan arzon va chidamli olacha matosining bir yaktak va bir ishton chiqadigan bо‘lagi uchun qirg‘izlar bir yarim yasharlik echki bergan bо‘lsa, shunday matoning ikki bо‘lagiga esa yetilgan qо‘yni almashtirganlar.6

Qо‘qon tо‘quvchilarining mahsulotlaridan yana biri chit edi. Chitgarlar bо‘zga mahsus tayyorlangan qoliplarda turli rangdagi gul bosishgan va bu mato chit hisoblangan. Chitgarlik nihoyatda nozik va murakkab kasblardan bо‘lib, xonlik shaharlari orasida sifatli chit tayyorlashda Toshkent yetakchi bо‘lgan. XIX asrga oid ma’lumotlarga kо‘ra, Qо‘qon va Qashg‘ardan Toshkentga har yili katta miqdorda oq bо‘z keltirilib, chitgarlarga topshirilgan. Chitgarlar matolarni bо‘yashda buzg‘unj, tuhmak, safsar rang, mosh rang, rо‘yan kabi mahalliy bо‘yoqlardan foydalangan7.

Qо‘qon xonligi aholisining asosiy mashg‘ulotlaridan biri ipakchilik bо‘lib, ipak va ipak matolar mamlakatning tashqi savdodagi asosiy mahsulotlaridan biri edi. XIX asr 60 - yillari oxirlarida, Qо‘qon va Marg‘ilonning о‘zida tо‘qqiz yuzga yaqin xonadon ipakchilik bilan shug‘ullangan bо‘lib, har bir oilada 1 tadan 3 tagacha tо‘quv dastgohi bor edi. Oilaning 2-3 a’zosi shu ish bilan mashg‘ul bо‘lgan va har bir oila haftasiga ikki qadoqsan besh qadoqqacha ipak tayyorlagan. Taxminiy hisoblarga qaraganda Qо‘qon va Marg‘ilonda ishlab chiqarilgan ipakning yillik miqdori 5.560 pudga teng bо‘lgan.

Xonlikda tayyorlangan ipak ancha sifatli bо‘lib, mamlakat bozorlari xom ipak va ipak matolari bilan mashhur edi. Qо‘qon xonligi hunarmandlari tomonidan tayyorlangan ipak sifatiga qarab - "chilla", "tafil", "sarnoq" va boshqa navlarga bо‘lingan. Shuningdek, xonlikda ipak mahsuloti yigirilib, kalava ham tayyorlangan. Mamlakatdagi eng yuqori sifatli kalava "namanganniki" hisoblangan. Ipakdan turli matolar tо‘qishgan. Qо‘qon, Margilon, Namangan va Xо‘jand hunarmandlari ipak matolar (kanoviz, shoyi, atlas va h.k.), yarim ipak matolar (beqasab, banoras, adras) ishlab chiqarganlar. Xonlikning yirik bozorlaridan biri hisoblangan Margilonda ipak va ipak matolar savdosi yil davomida qizg‘in amalga oshirilgan. Qо‘qon xonligi xunarmandlari tomonidan tayyorlangan matolar orasida atlas taniqli hisoblangan. Marg‘ilonda bu gazlama "atlas" yoki "jiba arqoq" nomi bilan mashhur bо‘lgan . Arxiv ma’lumotlariga kо‘ra, 1876 yil Qо‘qonda 276 ta shoyi, 428 ta ip-gazlama tо‘qish ustaxonasi, 232 yigiruv dastgohi va yiliga 3000 arshin atlas ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bо‘lgan kо‘plab ustaxonalar ishlab turgan.8 Shuningdek, Xо‘jandda ham "duriya" nomi bilai ataluvchi atlas turi ishlab chiqarilgan bо‘lib, bu mato Marg‘ilon hamda Qо‘qonda tayyorlangan atlaslardan qolishmagan va xonlik bozorlaridan tashqarida ham ancha mashhur bо‘lgan . Vodiy shaharlarida tayyorlangan matolar katta miqsorda Toshkent bozorlariga keltirilgan va bu mahsulotlar shu turdagi Toshkent matolari bilan raqobat qila olgan9.

Qо‘qon xonligida yetishtirilgan ipak va paxta xom-ashyosi hamda ulardan tayyorlangan mahsulotlar О‘rta Osiyoning ichki bozorlarida о‘ziga xos mavqeiga ega bо‘lgan. Biroq, bu mahsulotlar qо‘l mehnati asosida tayyorlangan va aksariyat xollarda ularning sifati talab darajasida emasligi, XIX boshlaridan Urta Osiyo bozorlariga ingliz va rus mollarini kirib kelishi bilan raqobatbardoshlik qobiliyatini yо‘qotdi. Natijada, Qо‘qon xonligi ham boshqa Urta Osiyo xonliklari kabi xom-ashyo yetishtiruvchi mamlakatlardan biriga aylana boshlagan.

Urta Osiyo xalqlari orasida rо‘zgorda keng ishlatiladigan kulolchilik mahsulotlariga talab doimo katta bо‘lgan. Buxoro va Xiva xonliklari kabi Qо‘qon xonligi ham о‘ziga xos kulolchilik maktabiga ega edi. Qо‘qon xonligi kulolchilik markazi Rishton shahri hisoblanib, bu yerda tayyorlangan mahsulotlar nafaqat shahar, balki qishloq aholisi ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etgan. Xonlikda kо‘plab qurilishlar olib borilishi natijasida katta shaharlarda g‘isht quyadigan xumdonlar vujudga kelgan. Xususan, Rossiya istilosiga qadar Namangandagi Yangiariq kanalining chap qirgog‘ida gisht quyuvchi xumdonlar bо‘lgan va ularda tayyorlangan g‘ishtlar mahalliy inshootlarni barpo qilishda, madrasa, masjid, karvonsaroy va boshqa qurilish ishlarida keng foydalanilgan .

Xonlikda yog‘och va metalga ishlov berish, temir buyumlar ishlab chiqarish ham о‘ziga xos tarzda rivojlangan. Qо‘qon, Toshkent, Namangan va Andijon shaharlarida yog‘ochga ishlov beruvchi, temir buyumlar ishlab chiqaruvchi va boshqa kо‘plab ustaxonalar mavjud bо‘lib, ular asosan bozorlardagi xunarmandchilik dо‘konlarida joylashgan. Ularda tayyorlangan mahsulotlar dо‘konlarning о‘zida sotilgan. Xonlik shaharlarida hunarmandlarning bunday dо‘konlari kо‘pchilikni tashkil etib, XIX asrda birgina Qо‘qonning о‘zida 400 ga yaqin misgar, 100 ga yaqin kandakor faoliyat yuritgan. Shuningdek, Rossiya istilosiga qadar Toshkentda 100 dan ortiq temirchilik ustaxonasi mavjud bо‘lib, ularda tayyorlangan buyumlar xonlik va qо‘shni dasht aholisi tomonidan qadrlangan10. Xonlikning daryo bо‘ylarida va ularga yaqin hududlarida joylashgan shaharlarida qayiqsozlik va kemasozlik ham taraqqiy etgan. Bu shaharlar jumlasiga Qо‘qon, Toshkent, Namangan va Xо‘jand shaharlarini misol qilish mumkin. Metallga ishlov berish va undan turli buyumlar yasash markazi sifatida xonlikdagina emas, balki О‘rta Osiyoda ham о‘z о‘rniga ega bо‘lgan shaharlaridan biri Namangan hisoblangan . Kurolsozlik rivojlangan bu markazda miltiq va qilichlar tayyorlangan11. Temirchilik xonlikning boshqa shaharlarida ham taraqqiy etgan. Xususan, Chust, Shahrixon, Qо‘qon, Poytug‘, Qorasuv shaharlari Farg‘ona vodiysining 5 ta metall buyumlar, asosan, pichoq ishlab chiqarish markazlari bо‘lib, ularning uchtasining bozori Andijonda joylashgan.

Qо‘qon xonligida taraqqiy etgan о‘ziga xos hunarmandchilik turlaridan biri aravasozlik edi. Aravasozlik Qо‘qon, Toshkent, Namangan va Marg‘ilon shaharlarida rivojlangan bо‘lib, xonlikda tayyorlangan aravalar "Qо‘qon arava" nomi bilan О‘rta Osiyoda tanilgan. Chunki, Qо‘qon aravasozlik va egar- jabduq tayyorlash bо‘yicha Urta Osiyoda yetakchilik qilgan. Qо‘qon arava 25 – 40 pudgacha12 yuk kо‘tara olgan va asosan otlar yordamida manznlga olib borilgan. Bu aravalardan ichki va tashqi savdoda faol foydalanilgan.

Zargarlik qadimdan О‘rta Osiyo xalqlari orasida qadrli kasblardan bо‘lgan. Qо‘qon xonligida ham bu soha о‘ziga xos tarzda taraqqiy etgan bо‘lib, Urta Osiyo xalqlari an’analariga mos ravishda zargarlik ustaxonalari yirik shaharlarning markazlarida joylashgan. Zargarlik buyumlari tayyorlash borasida poytaxt Qо‘qon yaqqol ajralib turgan va О‘rta Osiyoda faqatgina Buxoro u bilan raqobat qila olgan. Shuningdek, Toshkent zargarlari ham о‘z uslubiga ega bо‘lganlar. Ular qо‘shni dasht hudud aholisi uchun mо‘ljallab, nisbatan arzon zargarlik buyumlarini kо‘proq tayyorlaganlar.

Xonlik aholisining kо‘chmanchi xalqlar bilan iqtisodiy aloqalarining rivoji mamlakatda kо‘nchilik va teriga ishlov berish xunarining taraqqiyotiga samarali ta’sir kо‘rsatgan. Bunday hunarlar rivojlangan markazlar shaharlar edi. Qо‘qon, Toshkent, Andijon va О‘sh shaharlari kо‘nchilik markazlari bо‘lib, bu yerlarda terini qayta ishlash va undan poyabzal tayyorlash bilan birga teridan kiyim-kechak, bosh kiyim, suv va qimiz uchun meshlar ishlab chiqarish yо‘lga qо‘yilgan . Xususan, mamlakat poytaxti Qо‘qonda chorva terilarini oshlash, ishlov berish, turli rangga bо‘yash va ulardan etik, kavush, mahsi tayyorlash ham ancha ravnaq topgan edi. XIX asr 60 - yillarida Toshkentda teridan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotish bilan 60 ta dо‘kon shug‘ullangan. Xonlikda tayyorlangan poyabzallarga mahalliy aholi bilan bir qatorda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi chо‘l va tog‘ oldi hududlar aholisi, asosan, qozoq va qirg‘izlar orasida talab katta bо‘lgan.

Xonlik shaharlarida sovun ishlab chiqarish hunari ham о‘ziga xos tarzda rivojlangan. Sovungarlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar orqali mahalliy aholining sovunga bо‘lgan ehtiyoji qondirilgan. Marg‘ilon о‘zining ipak matolari qatorida kulrang va qora rangdagi sovuni bilan mashhur bо‘lgan bо‘lsa, Toshkentda tayyorlangan kulrang sovunga mahalliy aholi orasida talab katta edi.13

Poytaxt Qо‘qonda tayyorlangan qog‘oz О‘rta Osiyoda mashhur hisoblangan va ilm-ahli orasida qadrlangan. XVIII asr boshlarida Qо‘qonda ikkita qogoz ishlab chiqarish korxonasi mavjud bо‘lib, ularning biri shaharning "Mо‘yi Muborak" darvozasi yaqinida, ikkinchisi shahar yaqinidagi Chorku qishlog‘ida joylashgan edi. Qо‘qonda ishlab chiqarilgan qog‘oz butun О‘rta Osiyo bozorlariga olib ketilgan.14

Xonlikning poytaxti Qо‘qonda muqovasozlik hunari ham rivojlangan bо‘lib, Namangan Qо‘qon kabi muqovalash hunari rivojlangan shaharlardan bо‘lgan, bu yerda charm va qog‘ozdan yaratilgan muqovalar Urta Osiyoning yirik markazlari - Samarqand va Xivada tayyorlangan muqovalardan qolishmas edi.15

Xonlik shaharlarida о‘simliklardan turli rangdagi bо‘yoq tayyorlash va ip-gazlama, ipak hamda ipak matolarni bо‘yash hunari rivojlangan edi.

Xonlikda bu sohada Namangan yetakchilik qilgan. Bu shaharda ipakni bо‘yashda asosan norpus (qora anor) bо‘yogidan foydalanilgan bо‘lib, xonlikning turli hududlaridan bu yerga katta mikdorda ipakni bо‘yatish uchun olib kelganlar96. Qо‘qon xonligida Urta Osiyoning boshqa xonliklari kabi rо‘yan (marena) deb nomlangan butasimon о‘simlik ildizidan tabiiy qizil rangdagi bо‘yoq tayyorlangan va u bilan qizgin savdo amalga oshirilgan. Bu bо‘yoq ham xonlik hududida asosan Namanganda tayyorlangan97.

Xonlik shaharlari aholisi dehqonchilik, bogdorchilik bilan ham faol shug‘ullangan. Shaharlar va ularning atroflaridagi dalalar, polizlar va boglarda yetishtirilgan mahsulotlar bilan xonlik bozorlarida qizgin savdo amalga oshirilgan. Jumladan, Fargona vodiysi qadimdan bogdorchilik mahsulotlari bilan qо‘shni hududlarda ham tanilgan. Qо‘qon xonligi davrida ham vodiy bu borada о‘z mavqeini saqlab qolgan. Namangan, Margilon, Qо‘qon boglari о‘zining mо‘l-kо‘lligi, mevalarining ta’mi va sifati bilan mashhur hisoblangan. Bu sohada Namangan yaqqol ajralib turgan. P.I.Nebolsinning yozishicha, XIX asr о‘rtalarida Namanganda mevalarning turlari kо‘p bо‘lib, xususan, о‘rik juda lazzatli bо‘ladi va Toshkentga sotish uchun kо‘plab olib boriladi, deb qayd etadi. Yana bir rus olimi N.Aristov uzumning sifati bо‘yicha eng yaxshisi Namanganniki, deb ta’riflagan.16

Sayyoh va shifokor I. Krauze ma’lumotlariga kо‘ra, xonlikda anjir va anor yetishtirishda Namangan mashhur bо‘lib, anjir mevasi, anor guli, ildizi, pо‘stlogi va yaprog‘idan mahalliy tabiblar turli kasalliklarni davolashda foydalanganlar . Shuningdek, Namangan olmalari xonlikdan tashqarida ham taniqli va xaridorgir hisoblangan.

Bog‘dorchilik Fargona vodiysining boshqa kо‘plab shaharlari, ularning atrofi va qishloqlarida ham taraqqiy etgan. Margilonning "Dona Kalon" nomli anori va Konibodom bodomi ham xonlik bozorlarida taniqli edi. Farg‘ona vodiysi bog‘larida yetishtirilgan mevalarga qо‘shni hududlarda talab katta bо‘lib, yil davomida bu yerdan quruq va xо‘l mevalar ortilgan karvonlar qо‘shni xonliklar, dasht hududlari va boshqa mamlakatlarga borib turgan.

Xonlik shaharlari о‘zining dehqonchilik mahsulotlari bilan ham mashhur edi. Xususan, Namangan atroflarida bug‘doy yetishtirish rivojlangan bо‘lib, xonlik davrida Qо‘qon va uning atrofi bug‘doy bilan о‘zini ta’minlay olmagan va Namangan dehqonlari yetishtirgan bug‘doy poytaxt Qо‘qon bozorlariga yil davomida yetkazib turilgan17. Namangan о‘zining tamakisi bilan ham mashhur bо‘lgan. XIX asr 30 - yillarida Qо‘qon xonligida bо‘lgan kazak Maksimov xonlikning eng boy va yirik shaharlari Qо‘qon va Toshkent bо‘lsa-da, aholi hayotining farovonligi bо‘yicha Namangan xonlikda ajralib turadi, bu yerdagi boglarning о‘xshashi yо‘q. Namangan tamakisining sifati yuqori bо‘lib, u sariq rangda va hudsi Amerika tamakisiga о‘xshaydi, - deb yozgan edi. V.V.Velyaminov-Zernov xudsi shunday fikrni keltirib, О‘rta Osiyoda Namangan tamakasi bilan raqobatlasha oladigan tamaki yо‘q, - deb ta’kidlaydi.18

XIX asr boshlarida Ush atroflarida yashovchi aholi katta yerlarni о‘zlashtirganligi sababli Andijon atroflariga Oqbura daryosi suvi kelmay qolgan. Natijada, Andijon atroflaridagi botqoqliklar qurib, sholikorlik taraqqiy etgan va Andijon sholisi atrofda mashhur bо‘lgan.

Xо‘jand atroflari ham sholi yetishtirish markazlaridan bо‘lib, har yili katta miqdorda guruch xonlik shaharlariga va Buxoro bozorlariga olib borib sotilgan .

XVIII asr boshlarida tashkil topgan Qо‘qon xonligida asta-sekin iqtisodiy hayot izga tushdi. Ichki va tashqi savdo taraqqiy etib, aholining farovonligi oshdi. Uz navbatida xonlik hukmdorlari ham savdoning rivojlanishiga xomiylik qilib, bozorlar, karvonsaroylar, savdo rastalari va dо‘konlar barpo etdilar, bozorlardagi sado-sotiq jarayonini hududostiga oldilar. XVIII asr oxirlarida Qо‘qon xonligining о‘z puliga ega bо‘lishi savdo munosabatlarini rivojida muhim omil vazifasini о‘tadi. Savdo-sotiq xonlik aholisi hayotining ajralmas qismi hisoblanib, yirik shaharlarda ikki va uch marta, katta qishloqlarda hamda bir nechta kichik qishloqlarni tutashtiruvchi hududlarda haftada bir marta bozorlar tashkil etilgan.

XVIII asr ikkinchi yarmida Qо‘qon xonligida iqtisodiy islohotlarning о‘tkazilishi va uning natijasida xonlik о‘z puliga ega bо‘lishi ham savdoni munosabatlari taraqqiyotida muhim omillardan biri vazifasini bajargan. Xonlik bozorlarida turli mahalliy og‘irlik va uzunlik о‘lchov birliklari bо‘lganligi, bu yerda asrlar davomida shakllangan savdo madaniyati davom ettirilganligi, bu birliklar tarixiy taraqqiyotga qarab о‘zgarib turganligini kо‘rsatadi. Ichki va tashqi savdo munosabatlarining taraqqiy etishi natijasida xonlik hududiga Yevropa ogirlik va uzunlik о‘lchov birliklari kirib kelgan.




Yüklə 1,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə