7-mavzu: axloqshunoslik fani va uning vazifalari (2-soat)



Yüklə 288,66 Kb.
səhifə4/10
tarix30.12.2023
ölçüsü288,66 Kb.
#165856
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Этика

Qadimgi Xitoyda ikki axloqshunoslik yo'nalishi katta ahamiyatga va qamrovga ega edi. Ulardan biri daochilik.
Daochilik ta'limotining asoschisi Lao-szi (m.a.VI-V asrlar) hisoblanadi. Lao-sziga nisbat beriladigan «Dao de szin» kitobida daochilikdagi asosiy yo'nalishlarning mohiyati aks etgan. «Dao – hamma narsadan ustun», «ildiz», «Yer va osmonning onasi», «dunyoning ilk asosi», «si» esa moddiy asos, dao «de» ni – fazilatni undan yaratadi. Shuningdek, «dao» yo'l ma'nosini ham anglatadi. «Dao de szin» ni «fazilat yo'li» deb ham atash mumkin.
Inson mavjud olam kabi dao qonunlari asosida vujudga kelgan, u tabiatning bir qismi, uning vazifasi fazilat (de) yo'lidan borish. Har qanday sun'iy aralashuv, tabiatning muvofiqlik tartibini o'zgartirishga intilish-odamlar uchun halokatli, barcha yovuzliklarning, son-sanoqsiz baxtsizliklarning manbai tabiat joriy etgan qonunlardan chekinishdadir. Shu sababli Lao-szi nazdida faoliyat daoga qarshi qaratilgan va xalqqa zarar keltiradi, uning asosiy axloqiy tamoyili «uvey» – faoliyatsizlik; donishmand kishining «dao»si, bu – kurashsiz faoliyat. Lekin bu kurashsiz faoliyat aslida tabiatga qarshi bo'lmagan faol xatti-harakat, faqat daoga xos, tabiat qonunlariga mos faoliyat.
Ayni paytda, Lao-szыning fikricha, donishmand bilimini oshira borib, uni odamlarga tarqatmaydi, faqat xalqning farovonligi uchun ishlatadi; «Xalqning bilimi kuchli bo'lsa, uni boshqarib bo'lmaydi. Uning yemagini totli, kiyimini chiroyli, uy-joyini tinch, hayotini quvonchli qilish kerak». Ana o'shanda, ya'ni ilm fan taraqqiy etmasa, sivilizasiya kirib kelmasa, bir davlat qo'shni davlatga ko'z olaytirmaydi, urush bo'lmaydi.
Daochilikning asosiy raqibi hisoblanmish konfusiychilik esa, qora xalqdan nodonligi uchun jirkanadi, uni axloqiy hayotga nomunosib deb biladi. Zero, konfusiychilikning axloqiy ideali szyun-szi himmatli jo'mard. Uning yuksak fazilatlari – fidoyilik, sofdillik, sadoqat, adolat. U muomala bobida muloyim, yuksak martabalilarga hurmat bilan murojaat qiladi, xalqqa nisbatan esa himmatli, adolatli munosabatda bo'ladi.
Konfusiy ta'limotida asosiy axloqiy qonun, asosiy axloqiy tushuncha - jen (insoniylik). «Lun yuy» («Hikmatlar») kitobida shunday deyiladi; «Kimki chin dildan insonni sevishga intilsa, u yovuzlik qilmaydi», «o'zingga ep ko'rmagan narsani o'zgaga munosib ko'rma, shunda davlatda ham, oilada ham o'zingga nisbatan yovlik his qilmaysan». Demak, jen – ham jamiyat, ham oila a'zolari orasidagi munosabatlarni belgilaydigan axloqiy tamoyil. U bilan «syao» – ota-onani, kattalarni hurmat qilish, «li» – urf-odat, marosimlarni e'zozlash tushunchalari mustahkam bog'liq. Ayni paytda «li» tushunchasining ma'nosi ancha keng, u davlatga bo'lgan munosabatni ham o'z ichiga oladi. Hoqon (imperator) – Osmon o'g'li, u Osmon ostidagilarning barchasiga ota. Osmon ostidagi tartib-qoida esa quyidagicha: «Podsho–podsho, ota—ota, mulozim–mulozim, o'g'il–o'g'il bo'lishi kerak».
Qadimgi Yunon axloqshunosligi haqida gap ketar ekan, asosan, to'rt buyuk faylasufning nomini tilga olish odat bo'lib qolgan; Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur. Lekin, aslida, ulargacha ham Qadimgi Yunonistonda axloqshunoslik borasida ancha-muncha ishlar qilingan. Chunonchi, Demokrit, Pifagor, Gippiy, Gorgiy singari sofistlar (donishmandlar) oqimiga mansub faylasuflarning qarashlari diqqatga sazovor. Misol tariqasida Demokritning (taxminan m.a. 450-370 yillar) qarashlarini olib ko'raylik. U donishmandlikni eng yuksak fazilat, aqlni esa axloqiy xatti-harakatning mezoni deb biladi va donishmandni axloqli, nodonni axloqsiz odam sifatida tariflaydi. Demokritning fikriga ko'ra, inson uchun hayotdagi birinchi ustoz ehtiyoj va tajribadir. Aynan shular insonni foydali va zararli narsalarni farqlash darajasiga olib keladi.
Demokrit Qadimgi Yunon faylasuflari ichida birinchi bo'lib insonning ichki dunyosiga murojaat qildi. U niyatni (xatti-harakat sababini) harakatdan ajratadi. Ayni paytda; «Nomusli va nomussiz odamni nafaqat qilmishi, balki niyati orqali ham bilib olsa bo'ladi», deydi mutafakkir. Demokrit hayo va ishonchni insonni qing'ir ishlardan qaytarib turuvchi kuch tarzida ta'riflaydi. Faqat ruhan zaif va gumroh odamlargina o'z muvaffaqiyatsizliklarini ma'budlar, taqdir va tasodifdan ko'radilar. Nodon va yomon odam lazzat, baxt hamda hayotning maqsadi haqida noto'g'ri tasavvurga ega bo'lgani uchun o'zini baxtsizlikka mubtalo qiladi.
Suqrot (m.a. 470-399 yillar) qarashlariga kelsak, u, Konfusiyga o'xshab, axloq bilan huquqni bo'linmas yaxlitlikda olib qaraydi: «Nimaiki qonuniy bo'lsa, o'sha adolatdandir». Ikkala mutafakkir ham hukmronlikning yaxshi yoki yomon deb baholanishini fuqarolar tarbiyasi bilan bog'laydi, jasorat va betama' xizmat namunalarini o'z davlatlari o'tmishidan topadi.
Suqrotning fikricha, polis bilan fuqaro o'z huquqlari jihatidan teng emas; ular ota bilan o'g'ilga o'xshaydi. Axloqning asosiy mohiyati-o'zgarmas va abadiy asl fazilat bo'lmish donishmandlik. U axloqiy xatti-harakat mezoni hisoblangan ilohiy yozmishga mos keladigan benuqson faoliyatdir. Axloqning manbai esa insondan tashqarida, ilohiydir. Suqrot ruhni (jon, qalb, nafsni), vujuddan farqli ravishda, o'lmas deb hisoblaydi, lekin o'z qarashlarini rivojlantirmaydi. Uning fikricha, bu boradagi ortiqcha qiziquvchanlik zararli. Chunki ma'budlarga o'zlari odamlarga ochishni istamagan narsalarning tadqiq etilishi yoqmaydi.
Suqrotdan farqli o'laroq, Aflotun (m.a. 427-347) axloqshunosligi uchun, aksincha, g'oyalar va ruh haqidagi ta'limotlar asos bo'lib xizmat qiladi. Aflotunning g'oyalar ta'limotiga ko'ra, bizga ko'rinib turgan, biz qilayotgan dunyo bor-yo'g'i soyalar o'yini, haqiqiy dunyoni ko'rish uchun esa inson aqli ojizlik qiladi. Inson g'or devoriga kishanband qilib qo'yilgan tutqunga o'xshaydi, u faqat haqiqiy borliqning noaniq soyalarini kuzatadi, haqiqiy borliq esa soyalar orqasida, ko'rinmaydi. Uni inson ko'rmaydi, biroq o'sha asl borliqni ko'ra oladigan mangu – o'lmas ruh mavjud. U g'oyalar dunyosiga daxldor, lekin uning faqat aqliy qismigina ana shu dunyoga qaratilgan, ehtiros va hirsli qismi esa doimo gunohkor yerga tomon tortadi. Aflotun ruhning bu ikki xillik jihatini aravakash (aql) bilan ko'pirgan otlar (ehtiros va hirs) orasidagi kurash sifatida talqin etadi. Otlar baland kelganda ruh (qalb, jon) g'oyalar dunyosidan vujudga yiqiladi va inson tug'iladi. Insonning tug'ilishi shunday qilib, ruhning gunohga botishi barobarida voqye bo'ladi. Barcha bilimlar xotira natijasidir; ruh g'oyalar dunyosidan bilganlarining bazilarini eslaydi va vujuddagi hayotida biror-bir diqqatga sazovor yangilikni o'ziga kasb etmaydi. Shunday qilib, Aflotunning fikricha, axloq, ilohiy asosga ega va axloqiy fazilat insonga azaldan berilgan.
Aflotundan so'ng ikki Qadimgi Yunon allomasi – Arastu (m.a. 384-322 yillar) va Epikurning (m.a. 341-270 yillar) axloq nazariyalari diqqatga sazovor. Aflotunning shogirdi Arastu birinchi bo'lib axloqshunoslikni ruhshunoslik bilan siyosatshunoslik oralig'idagi alohida falsafiy fan sifatida taqdim etdi va unga (keyinchalik Ovro'poda qabul qilingan) «etika» degan nomni berdi.
Arastuning axloqiy qarashlari, asosan o'g'liga bag'ishlangan «Nikomaxning axloq kitobi» va «Evdemning axloq kitobi» hamda «Katta axloq kitobi» risolalarida o'z aksini topgan. Arastu Qadimgi Yunon mutafakkirlari ichida birinchi bo'lib ixtiyor erkinligini axloqning asosi sifatida olib qaraydi va axloqiy fazilatni Aflotunga qarama-qarshi o'laroq, ruhning tug'ma xususiyati emas, balki kasb etiladigan (hosil qilinadigan) sifat ekanini aytadi. U barcha fazilatlarni ikkiga bo'ladi: birinchisi, ruhning donishmandlik, tajribakorlik, topqirlik singari ma'naviy soha bilan bog'liq aqliy qismiga oid fazilatlar va, ikkinchisi, ruhning intiluvchan (ixtiyoriy) qismi – sof axloq bilan bog'liq fazilatlar. Uning fikricha, asosiy fazilat adolatdir. «Fazilat, – deydi Arastu, – ma'lum ma'noda o'rtalikdir, zero, doimo o'rtalikka intiladi». Masalan, mardlik telbavor jasorat bilan qo'rqoqlik orasidagi o'rtalik va hokazo. Shuningdek, mutafakkir niyatga katta ahamiyat beradi va uni harakatning tamoyili, boshlanishi deb ataydi. Lekin u pirovard maqsad emas, niyatning tamoyili esa intilish va aql, shu sababli niyat aqldan, es-hushdan va odobdan tashqarida bo'lmaydi.
Arastu aql-idrok faoliyatini hayot va faoliyatning oliy shakli, hyech bir narsa bilan qiyoslab bo'lmaydigan qadriyat deb hisoblaydi. Oliy aql doirasida subyekt va obyekt, fikr va fikrning narsa hodisasi bir-biriga mos, ya'ni Oliy aql (Xudo) tafakkur haqidagi Tafakkurdir. Garchand inson hyech qachon ilohiy hayot darajasiga yetisha olmasa-da, lekin unga, ideal sifatida imkon boricha intilishi kerak; inson erishgan komillik doimo nisbiy bo'ladi.
Shunday qilib Arastuning fikricha, axloqli inson aqliy fazilatlar bilan yo'g'rilgan kishidir; aqlni inson emas, insonni aql belgilaydi. Ayol zoti esa past darajali, zaif, ko'z yoshiga erk beradigan, o'zini tutolmaydigan inson, ularda ehtiros aql-idrokdan yuksak turadi, illatlarga erkaklarga nisbatan ko'proq moyil bo'ladilar, shuning uchun ham donishmandlik ularga xos emas; xotin erga bo'ysunishi adolat tamoyilini buzmaydi. San'at, siyosat va ilm fan ozod kishilar uchun. Qul, umuman, axloqdan tashqaridagi mavjudot.
Epikur esa o'z qarashlarida falsafaning amaliy maqsadini, axloqiy mazmunini ta'kidlaydi: «Insonning biror bir iztirobiga davo topolmaydigan faylasufning so'zlari ma'nosizdir. Badandan kasallikni quva olmaydigan tabobatdan hyech qanday foyda bo'lmagani kabi, ruhni (qalbni) davolay olmaydigan falsafadan ham foyda yo'q».
Epikurning fikriga ko'ra, insonda tanlov ixtiyori bor. U ham Demokrit kabi ezgulik haqidagi ta'limotni lazzat va iztirob muammosidan boshlaydi. Uning uchun eng muhimi ruhiy hotirjamlik. Do'stlaridan biriga u shunday deb yozadi; «Zarrin to'shagu to'kin dasturxoning bo'lib, behalovat yashagandan ko'ra, poxol to'shakda xotirjam yotganing afzal!» Fazilatlar orasida Epikur adolat bilan donishmandlikka alohida e'tibor bilan qaraydi. Adolat tushunchasida mutlaqlik va nisbiylik hollari mavjudligini ta'kidlab o'tadi: «Umuman, adolat hamma uchun bir xil, chunki u odamlararo munosabatlardagi foydali hodisa; lekin muayyan mamlakatlarning o'ziga xosligi nuqtai nazaridan va shunga o'xshash boshqa sharoitlarda adolat barcha uchun bir xilda bo'lolmay qoladi.» Fazilatlarning mohiyati insonni lazzatga olib borishdan, xotirjamlikka hamda ruhning faoliyatli holatiga xizmat qilishdan iboratdir. Baxt esa axloqiy va jismoniy sog'lomlikdan yuzaga keladi.
Qadimgi Yunon axloqshunoslari ilmiy an'analarini Siseron, Lukresiy Kar, Seneka, Epiktet, Mark Avreliy singari Qadimgi Rim mutafakkirlari davom ettirdilar.

Yüklə 288,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə