7-mavzu: axloqshunoslik fani va uning vazifalari (2-soat)



Yüklə 288,66 Kb.
səhifə9/10
tarix30.12.2023
ölçüsü288,66 Kb.
#165856
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Этика

Adabiyotlar:

  1. O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. – T.: «O'zbekiston», 2008.

  2. Karimov I.A. Asarlar to'plami, 1-15 jj. – T.: «O'zbekiston», 1996-2007.

  3. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat-yengilmas kuch. – T.: «Ma'naviyat», 2008.

  4. Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – T.: «O'qituvchi», 1992.

  5. Slovar po etike. – Moskva: Politizdat 1989.

  6. Umarov E.U., Zagыrtdinova F.B. Etika. – T.: Cho'lpon nomidagi nashriyot uyi, 2005.

  7. Fitrat. Oila. – T., 1999.

  8. Sher A. Axloqshunoslik: Ma'ruzalar matni. – T., 2000.

12-MAVZU: AXLOQIY MADANIYAT VA KASBIY ODOB. ShAXS AXLOQIY TARBIYaSI (2-soat)


Ma'ruza rejasi:

1. Axloqiy madaniyat axloqiy tafakkurning tuzilmasi sifatida. Muomila odobi. Etiket tushunchasi.


2. Kasbiy odob, unda kasbiy erkinlik va kasbiy burch munosabatlarining in'ikos etishi.
3. Shaxs axloqiy tarbiyasi. Uning aqliy va jismoniy tarbiya bilan uyg'unligi. Ekologik tarbiyaning axloqiy asoslari. Axloqiy tarbiyada an'anaviy va yangicha usullarning yo'nalishi.

Tayanch iboralar: axloqiy madaniyat, muomala odobi, etiket, kasbiy odob, axloqiy tarbiya, an'anaviy tarbiya, zamonaviy tarbiya, san'at, televidiniye, namunaviylik.


Davlat va fuqarolik jamiyatidagi axloqiy yuksaklik darajasini ular fuqarolari axloqiy madaniyati belgilaydi. Axloqiy madaniyat shaxsning jamiyat axloqiy tajribalarini egallashi va bu tajribalardan boshqa odamlar bilan bo'lgan munosabatlarida foydalanishi, o'z-o'zini muntazam takomillashtirib borishi singari jihatlarni o'z ichiga oladi. Qisqasi, u shaxs axloqiy taraqqiyotining belgisi hisoblanadi. Zero axloqiy madaniyat axloqiy tafakkur madaniyatining qator unsurlarini o'z ichiga olgan tuzilmadir. U shaxsning o'zgalar bilan o'zaro munosabatlarida namoyon bo'ladi.
Axloqiy madaniyatning eng muhim unsurlaridan biri - muomala odobi. U mohiyatan o'zaro hamkorlikning shakllaridan biri. Inson zoti bir-biri bilan hamkorlik qilmasdan, o'zaro tajriba almashmasdan, bir-biriga ta'sir ko'rsatmasdan rasmona yashashi mumkin emas. Muomala odam uchun ehtiyoj, zarurat, sog'lom kishi usiz ruhan qiynaladi, kayfiyati tushib boradi. Bu o'rinda buyuk ingliz yozuvchisi Daniel Defo qalamiga mansub mashhur «Robinzon Kruzoning sarguzashtlari» asarini eslashning o'ziyoq kifoya: Jumaboyni topib olgan Robinzonning naqadar quvonishiga ham sabab ana shunda.
Muomala odobi boshqa kishilar qadr-qimmatini, izzatini joyiga qo'yishni, an'anaviy axloqiy me'yoriy talablarni bajarishni taqazo etadi. Shuning barobarida, u insondagi yaxshi jihatlarni namoyon etishi, ko'zga ko'rsatishi bilan ham ajralib turadi. Uning eng yorqin, eng sermazmun va eng ifodali namoyon bo'lishi so'z, nutq vositasida ro'y beradi. So'zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. Shu bois muomala odobi o'zini, eng avvalo, shirinsuhanlik, kamsuqumlik, bosiqlik, xushfe'llilik singari axloqiy me'yorlarda namoyon qiladi.
Muomala odobining yana bir «ko'zgusi» bu – insoniy qarash, nigoh. Ma'lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo'l harakatlarida uning qay sabablardandir tilga chiqmagan, so'zga aylanmagan hissiyoti, talablari o'z aksini topadi. Chunonchi, suhbatdoshining gapini oxirigacha eshitmay, qo'l siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba'zan qarab qo'yishning o'zi so'zdan ham kuchliroq ta'sir ko'rsatadi. Deylik, bir quruvchi usta o'z shogirdining xatti-harakatlaridan noroziligini bildirish uchun bosh chayqab, jilmayib qo'yishi mumkin. Ikkinchi usta esa, bir lahza o'qrayib qarash bilan munosabatini ifodalaydi. Birinchi usta yuz ifodasi va xatti-harakati bilan; «Obbo shovvoz-yey, sal shoshilibsan-da, ha, mayli, zarari yo'q, shunaqasi ham bo'ladi», degan ma'noni anglatsa, ikkinchi ustaning qarashidan; «Yana ishni rasvo qilibsan-ku, padarla'nat, qachon odam bo'lasan?!», degan so'zlarni uqish mumkin. Shubhasiz, birinchi usta muomalada odobga rioya qilgan bo'lsa, ikkinchisi uning aksi – shogirdining emas, o'zining odobsizligini ko'rsatmoqda.
Umuman olganda, muomala odobi kishilarning nasihat va odob o'rgatishsiz bir-biriga ta'siri, tarbiya va o'z-o'zini tarbiya vositasi sifatida diqqatga sazovor. Shu sababli yoshlarimizda muomala odobini shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan. Bunda ota-onaning, mahalla-ko'yning ta'siri katta. Undan foydalana bilash kerak. Zero axloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi.
Axloqiy madaniyat yaqqol ko'zga tashlanadigan munosabatlar ko'rinishidan biri, bu – etiket. U ko'proq insonning tashqi madaniyatini, o'zaro munosabatlardagi o'zni tutish qonun-qoidalarining bajarilishini boshqaradi. Agar muomala odobida inson o'z munosabatlariga ijodiy yondoshsa, ya'ni bir holatda bir necha muomala qilish imkoniga ega bo'lsa, etiket muayyan holat uchun faqat bir xil qoidalashtirib qo'yilgan xatti-harakatni taqozo etadi.
Etiketning qamrovi keng, u, ma'lum ma'noda, xalqaro miqyosda qabul qilingan muomala qonun-qoidalarini o'z ichiga oladi. Masalan, siyosiy arbob etiketi, mehmondorchilik etiketi va h. k. Etiketga rioya qilishning mumtoz namunasini biz tez-tez televizor ekrani orqali ko'rib turamiz. Prezidentimiz Islom Karimovga horijiy mamlakatlar elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimlarini eslang. Unda faqat bir xil holat, halqaro miqyosda o'rnatilgan qoida hukmron. Uni Prezidentning ham, elchilarning ham buzishga haqqi yo'q. Yoki juda oddiy, kichkina bir misol: dasturxonda tanovul payti, pichoqni o'ng qo'lda ushlash zamonaviy mehmondorchilik etiketining qat'iy qoidalaridan biri sanaladi – uni buzish atrofdagilarda hayrat va istehzo uyg'otadi. Shu bois etiketni odat tusiga aylantirilgan, qat'iylashtirilgan muomala odobi deyish ham mumkin.
Etiket – takallufning mayda-chuyda jihatlarigacha ishlab chiqilgan odob qoidalari sifatida ijobiy, kishining ko'zini quvontiradigan muomala hodisasi. Lekin, ayni paytda, u asl axloqiy asosini yo'qotgan majburiy mulozamat tarzida ham namoyon bo'ladi: etiket qoidalarini bajarayotgan kishi aslida o'z xohish-ixtiyoriga qarshi ish ko'rayotgan bo'lishi ham mumkin. Bu jihatdan u munofiqlikning bir ko'rinishiga aylanadi. Masalan, siz ertalab ishga shoshilib, darvozadan chiqdingiz, deylik. Ro'parangizda tanishingiz yoki qo'shningiz uchraydi. Siz ko'rishib, hol-ahvol so'rashib uni: «Qani uyga kiramiz, choy qilamiz, bir hangomalashamiz», deb ichkariga taklif qilasiz. Lekin, aslida, siz uning uyga kirishini aslo istamaysiz, vaqtingiz yo'q, hatto, shu uchrashganda ketgan vaqtingizni o'ylab, pitirlab turibsiz. Demak, siz o'z istagingizga qarshi, etiket-mulozamat yuzasidan yolg'on gaplarni aytasiz, hunuk eshitilsa ham na chora – munofiqlik qilasiz. Shunga qaramay, umuman olganda, etiket shaxsni muayyan tartib-qoidaga, qanday ichki ruhiy sharoitda bo'lmasin, bosiqlikka, muloyimlikka va sabr-toqatga o'rgatishi bilan ahamiyatlidir.
Axloqiy madaniyat kasbiy odobda ham yaqqol ko'zga tashlanadi. Chunki inson voyaga yetib, bir kasbning boshini tutgach, o'z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo'ladi. Bu munosabat, bir tomondan, hamkasabalar davrasida ro'y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob axloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri, uning jamiyat axloqiy hayotidagi o'rni yuksak. Shu bois kasbiy odobga bafurjaroq to'xtalish joiz.
Har bir jamiyatda muayyan guruhlar borki, egallagan kasblari ularni boshqa jamiyatdoshlariga nisbatan imtiyozli darajaga olib chiqadi. Ko'pchilik jamiyat a'zolarining hayot-mamotlari, sog'ligi, ma'naviy sog'lomligi, huquqiy himoyasi, ilmiy salohiyatining namoyon bo'lishi kabi omillar o'shanday imtiyozli kasb egalarining o'z kasbiy burch mas'uliyatini qay darajada his etishlariga, halollik va vijdon yuzasidan ish ko'rishlariga bog'liqligi hammaga ma'lum. Chunonchi, tabobat xodimini, jarrohni olaylik. Deylik, u har bir operasiya kunida bir necha kishini hayotga qaytaradi; yuzlab odamlar uning yordamiga muhtoj, unga umid va ishonch ilinji bilan qaraydilar. Bordi-yu, shaxsiy manfaat yo'lida jarroh o'z bemoriga xiyonat qilsa-chi, ya'ni, uni qasddan halok etsa-chi? Kim uni shunday qilmasligini kafolatlaydi? Yoki jurnalistni olaylik. U shaxsiy manfaati yo'lida, kasbining kamyobligidan foydalanib, begunoh kishilarni ma'naviy azobga qo'yishi, atayin jamiyat oldida sharmanda qilishi va shuning hisobiga o'zining ba'zi bir muammolarini hal qilib olishi mumkin emasmi? Mumkin. Zero, to haqiqat yuzaga chiqquncha, nohaq tanqidga uchragan shaxsning adoi tamom bo'lishi hyech gap emas. Xo'sh, jurnalistning shunday qilmasligini kim kafolatlaydi? Shu bois boshqalarning qo'lidan kelmaydigan ishlarni bajara oladiganlar faoliyatida o'zboshimchalik, manfaatparastlik, xudbinlik va kasbni suiste'mol qilish singari illatlarga yo'l qo'ymaslik uchun, shuningdek, ular axloqiy darajasini yuksak bosqichda turishini ta'minlash maqsadida ko'p hollarda o'zaro qoidalar majmui yaratilgan. Bu qoidalar majmui, odatda, qasamyod yoki me'yorlar ko'rinishini olgan. Uni buzish o'ta odobsizlik va axloqsizlik, hatto jamiyatga xiyonat tarzida baholanadi. Bunday qasamyodlar juda uzoq tarixga ega. Misol tariqasida hozirgi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan Qadimgi Yunon hakimi Gippokrat (m.a. V-IV asrlar) tomonidan qisqa va lo'nda shaklda tuzilgan, tabobat xodimlari kasbiy odobi, qonun-qodalari jamlangan mashhur «Hippokrat qasami»ni keltirish mumkin.
Tarixda o'z dushmanini davolagan tabiblar ham ko'p uchraydi. Chunonchi, qadimgi hind eposi «Ramayana»da behush yotgan Lakshman boshida turgan devlar shohining xos tabibi kechinmalari shu jihatdan muhim. Tabib oldida ikki yo'l bor edi: biri – saltanat dushmanini muhtoj bemor sifatida davolash, ikkinchi yo'l davolashdan bosh tortish bilan uni o'limga mahkum etish. Tabib uzoq mulohazadan so'ng, tabiblik odobi qoidalariga bo'ysunishni – Lakshmanni davolashni afzal ko'radi. Zero kasbiy odob qonun-qoidalari talabiga ko'ra, bemor to'shagi ustidagi tabib uchun do'st yoki dushman degan tushunchalar o'z ma'nosini yo'qotadi, uning qoshida faqat tibbiy yordamga intizor, shafqatga muhtoj, zaif inson yotadi. Davolanib hayotga qaytgan Lakshman devlar mamlakatining tengsiz buyuk jangchisi va saltanat valiahdi Indirjidni jangda halok etadi hamda tabib fuqaro bo'lgan Lanka davlatining tanazzuliga yo'l ochadi. Lekin, kitobxon tabibni xiyonatkor yoki sotqin demaydi, aksincha, uning ma'naviy jasaratiga, halolligiga, kasbiy burchiga sodiqligiga hayrat bilan tasannolar o'qiydi. Yoki mashhur rus olimi akademik Andrey Saxarovning taqdirini olaylik. Buyuk nazariyotchi, fizik, termoyadro sohasida tengi yo'q mutaxassis, vodorod bombasining asosiy kashfiyotchisi, Vatan mudofaasini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun o'nlab orden va medallar sohibi, ikki marta Mehnat Qahramoni, obro'li, badavlat bu insonga nima yetishmasdi? Nega u hammasidan kechishga – ommaviy qirg'in qurollarini, jumladan, o'zi yaratgan vodorod bombasi sinovlariga ochiq bayonotlar bilan qarshi chiqishga ahd qildi. Natijada qatag'onlarga asoslangan Sho'rolar tuzumi uni ilmiy jamoatchilikdan ajratib, poytaxtdan olisdagi Rossiya shaharlaridan biriga badarg'a qildi, uning nomini matbuotda yoki kitoblarda qayd etilishini ta'qiqladi. Vaholanki, u hammadan izzatliroq yashay olishi mumkin edi. Saxarov yuksak axloq yo'lini tanladi – olimlik burchi, odobi talablarini bajarishni har qanday boylik, izzat-ikromdan baland qo'ydi. Buyuk olim o'z kashfiyoti insonning eng oliy huquqi bo'lmish – yashash huquqiga rahna solishi mumkinligi va qisman solayotgani uchun uni amalda qo'llanilishiga qarshi kurashdi. U sho'rolar mafkurasining o'zini Vatan mudafaasi quvvatini susaytirishga harakat qilgan salkam xiyonatkor fuqaro deb e'lon etishiga, boshiga behisob tuhmatlar, ta'na-dashnomlar yog'dirishiga sabot bilan chidadi, ahdidan qaytmadi, yovuzlik saltanati qo'lida o'z olimlik iste'dodining qo'g'irchoq bo'lishiga, harbiy murvatga aylanishiga yo'l qo'ymadi. Oxir-oqibatda u inson huquqlarining jahon tan olgan eng buyuk himoyachilaridan biri sifatida butun insoniyat tahsiniga sazovor bo'ldi. Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin.
Bulardan tashqari, muallimlik odobi, huquq-tartibot hodimlari odobi, muhandis odobi singari birqancha kasbiy odob turlari borki, ular ham jamiyatda axloqiy munosabatlar silsilasida muhim ahamiyatga ega. Shuni ham aytish kerakki, barcha kasbiy odob qonun-qoidalarining ta'sir doirasi, miqyosi bir xil emas. Ba'zi bir kasbiy odobning buzilishi oddiy odobsizlik doirasidan chiqib, axloqsizlikka aylanib ketadi. Masalan, rahbarlik odobidagi ba'zi nuqtalarga tuxtalaylik. Rahbar quyi lavozimdagilarga mensimay, qo'pol munosabatda bo'lishi, o'ziga ishonib topshirilgan hudud yoki tashkilotdagi oddiy odamlar arz-dodiga, orzu-istaklariga to'ralarcha sovuqqon qarashi odobsizlikka kirsa, uning shaxsiy boylik orttirishi yo'lida korrupsiya vositasida mamlakat, viloyat yoki tashkilot manfaatlarini qurbon qilishi axloqsizlik, na faqat rahbarlik kasbiga balki Vatanga ham xiyonat tarzida baholanishi mumkin. Ba'zan kasbiy odobni kasbiy axloq deb atalishi ham shundan.
Yuqorida keltirilganlardan ko'rinib turibdiki, kasbiy odob muammosi, ba'zilar o'ylaganidek, axloqshunoslikning mayda masalalaridan emas. Uni har tomonlama o'rganish kasbiy erkinlik va kasbiy burch munosabatini tadqiq etish XXI asr axloqshunosligida muhim o'rin egallayajak. Zero kasbiy odob shaxs va jamiyat axloqiy hayotida o'zini amaliy axloq tarzida namoyon etuvchi ma'naviy hodisa sifatida baholanishi lozim.
Insonning axloqiy hayoti uning axloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog'liq. Zero axloqiy tarbiya insonning shaxs bo'lib yetishuvini ta'minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ axloqiy qadriyatlarni anglab yetadi, o'zida axloqiy fazilatlarni barqaror etadi, axloqiy tamoyillar va me'yorlar asosida yashashga o'rganadi. Axloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikki muhim masalaga javob izlaydi: bulardan biri-qanday yashamoq kerak, ikkinchisi – nima qilmog'-u, nima qilmaslik lozim. Ana shu savollarga javob izlash jarayoni axloqiy tarbiyaning amaliy ko'rinishidir.
Tarbiya ona qornidan boshlanadi degan gap bor. Uning asl ma'nosi, avvalo, ota-onaning o'zi axloqiy tarbiya ko'rgan bo'lishi kerak degani. Zero qush inida ko'rganini qiladi: ota-ona oilada yuksak axloq namunasini ko'rsatishi lozim.
Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, axloqiylik insonda faqat axloqiy tarbiya vositasidagina vujudga keladi, degan moddiyatchilik qarashlari ko'p yillar mobaynida hukmronlik qilib keldi. To'g'ri, axloqiy tarbiyaning ahamiyati nihoyatda katta. Lekin axloqiylik insonga uning insoniylik belgilaridan eng muhimi sifatida ato etilgan ilohiy ne'mat. Shu ma'naviy ne'mat – asosni axloqiy tarbiya yordamida takomillashtiramiz. Aks holda maymun va itlardan ham axloqiy mavjudot tarbiyalab yetkazishimiz mumkin bo'lur edi.
Shunday qilib, axloqiy tarbiya inson farzandini takomilga, komillikka yetkazish yo'llaridan biri. Uning vositalari ko'p. Ularning bir qismi an'anaviy tarbiya vositalari bo'lsa, yana bir qismi zamonaviy vositalar. Odatda, har ikki turdagi vositalardan foydalaniladi. Chunonchi, maktabgacha bo'lgan axloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar vositasidagi an'anaviy tarbiya bilan o'yinchoqlar va o'yinlar vositasidagi zamonaviy tarbiya muvaffaqiyatli qo'llaniladi; bunda bolaning qizg'anchiqlik, g'irromlik qilmaslikka, halol bo'lishga o'yinlar yordamida da'vat etiladi. Bolalar axloqiy tarbiyasida televideniye, radio, qo'g'irchoq teatri, kino san'ati katta rol o'ynaydi.
Umuman, axloqiy tarbiyaning eng kuchli vositasi - san'at. Bu vosita aholining barcha tabaqasini, turli yoshdagi shaxslarni qamrab oladi. Ayniqsa, san'atning badiiy adabiyot turi keng qamrovli. Ertakdan tortib, romangacha bo'lgan janrlarda chop etilgan asarlar shaxsning axloqiy shakllanishida ulkan xizmat ko'rsatadilar. Ular orqali kitobxon tarbiyalanuvchi sifatida ezgulik va yovuzlik nimaligini badiiy idrok etadi; ideal tanlashda ham ularning ahamiyati katta. Bundan tashqari, badiiy adabiyotning bevosita axloqiy tarbiyaga mo'ljallangan hikoyatlar, rivoyatlar va nasihatlar majmualari borki, biz ularni, yuqorida ko'rganimizdek, pandnomalar deb ataymiz: «Kalila va Dimna», «Qobusnoma», «Guliston», «Zarbulmasal» singari bunday mumtoz asarlar an'anaviy axloqiy tarbiya vositasi sifatida necha asrlardan buyon qanchadan-qancha avlodlarga xizmat qilib keldi, bundan buyon ham shunday bo'lib qolajak.
Axloqiy tarbiyaning barcha zamonlar uchun dolzarb bo'lgan yo'li bu – namunaviylik tamoyili. Oilada, avvalo, yuqorida aytilganidek, ota-ona bolaga axloqiy namuna bo'lishi kerak. Maktabda va oliy o'quv yurtida muallimlarning ta'lim berish usullaridan tortib, to «mayda-chuyda» xatti-harakatlarigacha o'z shogirdlari tomonidan shaxsiy namuna tarzida qabul qilinishini nazardan qochirmaslik lozim. Ustoz-shogirdlik munosabatlaridagi muomala odobi, halollik, rostgo'ylik yoshlar axloqiy tarbiyasining shakllanishini ta'minlovchi omillardandir.
Hozirgi paytda axloqiy tarbiyaning eng kuchli zamonaviy vositasi sifatida televideniyeni keltirish mumkin. U deyarli barcha san'at turlarida yaratilgan asarlarni ekranlashtirish va ekranda ko'rsatish imkoniga ega. Bundan tashqari, unda maxsus axloqiy tarbiyaga bag'ishlangan muntazam ko'rsatuvlar ham berib boriladi. o'zbek tilidagi «Otalar so'zi-aqlning ko'zi», «Rivoyat», «Oqshom ertaklari» singari ko'rsatuvlar bunga misol bo'la oladi. Shu bois televideniye hyech qachon yengiltaklikni targ'ib etuvchi qo'shiqlar, salkam pornografik reklamalar, inson qalbini qatttiqlashtiradigan «o'ldir-o'ldir»lardan iborat videofilmlar korxonasi bo'lib qolmasligi kerak.
Axloqiy tarbiyaning aqliy-ma'naviy va jismoniy tarbiya bilan qo'shib olib borilishi maqsadga muvofiq. o'shanda jamiyatimiz har jihatdan kamol topgan fuqarolik jamiyatiga aylanadi. Mamlakatimizda buning uchun barcha huquqiy-ijtimoiy shart-sharoitlar yaratilgan.



Yüklə 288,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə