7-mavzu: axloqshunoslik fani va uning vazifalari (2-soat)



Yüklə 288,66 Kb.
səhifə5/10
tarix30.12.2023
ölçüsü288,66 Kb.
#165856
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Этика

Tit Lukresiy Kar (m.a. 99-44 yillar), Epikur axloqiy ta'limotining izchil himoyachisi sifatida, mashhur «Narsalarning tabiati haqida» degan dostonida ruh va vujudning ajralmas aloqasini ta'kidlaydi, ruhning o'lishi to'g'risida fikr yuritadi, insonning o'lim qo'rquvidan xalos bo'lishida axloqiy ma'no borligini aytib o'tadi. o'lim qo'rquvidan va ma'budlar oldidagi qo'rquvdan xalos bo'lgan kishi baxtli yashashi mumkin, aql-idrok va his-tuyg'ular sharofati bilan narsalar haqida u haqiqiy tasavvurga erishadi.
Lusiy Anney Seneka (m.a. 5 – m. 65 yillar) ham yozuvchi, ham axloqshunos faylasuf. Uning «G'azab haqida», «Shafqat haqida», «Baxtli hayot haqida» singari axloqshunoslikka doir risolalari ko'pchilikka ma'lum. Ayniqsa, «Lusiliyga axloqiy maktublar» asari mashhur. Senekaning fikriga ko'ra, dunyo moddiy, biroq, unda qandaydir jonli ibtido hukmron: uni aql-idrok deymizmi, tabiat, bashorat yoki taqdir deymizmi-ahamiyati yo'q. Muhimi shuki, uning yozig'i albatta amalga oshadi. Faylasuf fazilatlarning ma'nosini taqdirdan rozilikda, uning zarbalariga insoniy qadr-qimmatni yo'qotmay, mardona va chidam bilan dosh berishda ko'radi. U o'limni sovuq, tund, lekin ozodlikning kafolati sifatida talqin etadi. Ozodlikni o'z-o'zini o'ldirishda ko'rish, shubhasiz, u yashagan davrning g'oyatda fojialiligi bilan bog'liq. Seneka qul bilan ozod kishining ma'naviy tengligini ta'kidlaydi: «Ular qullarmi? Yo'q odamlar. Ular qullarmi? Yo'q, ular uyingdagi qo'shnilar. Ular qullarmi? Yo'q, sening itoatkor do'stlaring. Ular qullarmi? Yo'q, ular sening qullikdagi birodarlaring, negaki, sen ham, ular ham taqdirning qullarisiz». Albatta, bu o'rinda Seneka ijtimoiy tenglikni emas, balki qul bilan quldorning axloqiy tengligini nazarda tutmoqda. Faylasufning aytishicha, ruh ozodligi-shaxs uchun o'z-o'zini qadrlash va g'urur-iftixor manbai. Kimki botiniy ozodlikka erishgan ekan, u taqdir ko'rgiliklariga bo'ysunmaydi, qismat zarbalarini mardona kutib olishga tayyor turadi.
Uyg'onish davrining diqqatga sazovor axloqshunoslaridan biri italiyalik faylasuf Lorenso Valladir (1407-1457). Vallaning «Haqiqiy va yolg'on ezgulik», «Ixtiyor erkinligi haqida» kabi asarlarida barcha jonzotlarning tabiatan o'zini asrashga va iztirobdan qochishga intilishi haqidagi fikrlarni o'z axloqiy qarashlariga asos qilib oladi. «Hyech qaysi jonzot qayg'u va ruhiy iztirob holatida ne'matga ega deb hisoblanishi mumkin emas» – deydi faylasuf. – Shu sababli ne'mat uning uchun quvonch hissidir».
Valla insonning jonli tabiat bilan aloqasini ruh orqali chuqurlashtiradi. Uning fikriga ko'ra, hayvonlar ham odamlarga o'xshash hotira, aql, iroda, tanlov, qobiliyat, achinish singari ba'zi ruhiy holatlarga ega. Lekin nutqqa, kulgiga egaligi, ayniqsa, abadiylikka taalluqli ekani bilan inson hayvondan yuqori turadi. «Biz Xudoga o'hshab abadiyatga dahldorligimiz bilan hayvonlardan ajralib turamiz, boshqa jihatlar bilan esa xuddi yulduzlar biz yoqqan olovga o'hshaganidek, ularga o'xshaymiz,» – deydi faylasuf.
Valla lazzatni hamma yerda hamma intiladigan, ruh va vujud zavqlanishini o'z ichiga olgan ne'mat deb ataydi. U – hamma intilishlarning maqsadi, yagona ne'mat; hyech kim qandaydir maqsadlar uchun lazzatlanmaydi, zero lazzatning o'zi – maqsad. Avgustindan farqli o'laroq, Valla, muhabbat lazzatga o'xshash, chunki ular ikkisining asoosida ham hissiy idrok etish yotadi, deydi. Shunig uchun u, Xudoni faqat Xudo bo'lgani uchungina sevish kerak, degan fikrga qarshi boradi. Faylasuf Xudoni insonlarga ilohiylik beradigan ibtido sifatida, ko'proq maqsad emas, vosita tarzida talqin etadi, yani, Xudo ne'matlar manbai bo'lganligi uchun muhabbatga loyiqdir.
Ixtiyor erkinligi masalasiga ham Lorenso Valla katta e'tibor beradi. Uning fikriga ko'ra, har bir inson farovonlik uchun intiladi. yovuzlikdan esa, - u o'z yovuzligimi, o'zganikimi, – qochishga urinadi. Ba'zan inson kimgadir zarar yetkazsa, albatta yovuzligi tufayli emas, balki o'z farovonligini ko'zlab shunday ish qiladi. Demak, inson o'z farovonligiga intilar ekan, u to'g'ri yo'lni tanlashi kerak. Ne'matga, farovonlikka egalikning eng muhim sharti – baxtsizlik, xavf-xatar, bezovtalikdan yiroq va hamma tomonidan suyukli bo'lish. hammaga suyukli bo'lish esa barcha lazzatlarning manbai hisoblanadi; nafrat qurshovida yashash – o'lim bilan teng. Shularga qarab, insonning yaxshi yoki yomonligiga baho beriladi.
Uyg'onish davri axloqshunosligida keyingi davrlar uchun ham xarakterli bo'lgan ikki yo'nalish ko'zga tashlanadi. Birinchisi - inson tabiati ibtidodan ezgu, ikkinchisi-ibtidodan yovuz, degan g'oya. Lekin ikkala yo'nalish ham, real tajribadagi inson xudbin mavjudot, degan fikrda to'xtaladi. Farq shundaki, birinchi yo'nalishdagi axloqshunoslar xudbinlikni tarixiy sharoitdan, jamiyatning oqilona tashkil etilmaganidan, tengsizlikdan kelib chiqqan deb bilsalar, ikkinchi yo'nalishdagilar uni inson tabiatining ixtiyori sifatida talqin etadilar. Ana shu yo'nalishlardan birinchisiga moyillikni Lorenso Valla qarashlarida ko'rgan bo'lsak, ikkinchi yo'nalishning yirik vakili boshqa bir italiyalik mutafakkkir Nikkollo Makiavelli (1469-1527)dir.
Makiavelli deganda, darhol xayolimizga «makiavellichilik» iborasi keladi. Ma'lumki, «makiavellichilik» deganda, o'z maqsadiga erishish yo'lida (asosan siyosat borasida) har qanday axloqsizlikdan hazar qilmaydigan harakat tarziga da'vat etuvchi yo'nalish tushuniladi. «Maqsad vositasini oqlaydi», degan tamoyil bu yo'nalishning asosini tashkil etadi; bundan axloq va siyosat bir-biri bilan chiqishmaydi, degan xulosa kelib chiqadi, Nikkolo Makiavelli ilgari surgan axloqshunoslik va siyosatshunoslik borasidagi g'oyalar bu yo'nalishning asosi sifatida qabul qilinadi hamda necha asrlardan buyon italiyalik faylasuf-axloqshunos ko'pchilikka tanqid obyekti bo'lib keladi. Xo'sh, haqiqatdan ham shundaymi? Makiavellining axloqiy qarashlari asosan uning «Hukmdor» (1513) asarida o'z aksini topgan. Unda mutafakkir sahiylik va tejamkorlik, shafqat va shafqatsizlik, muhabbat va nafrat singari tushunchalarga batafsil to'xtaladi. Lekin ularga faylasuf o'rta asrlardagiga nisbatan yangicha mazmun va ma'no beradi. U shafqat va shafqatsizlik haqida fikr yuritib, hukmdor fuqarolarni mahkam tutib turish yo'lida o'zini shafqatsizlikda ayblashlaridan qo'rqmasligi kerak, deydi. Uning bir qadar shafqatsizligi tartibsizliklarni keltirib chiqaradigan davomli shafqatsizliklardan afzaldir. Zero, o'g'rilik, qaroqchilik, qotillikni tug'diradigan bunday tartibsizliklardan butun aholi aziyat chekadi. Bu fikrlarni Makiavelli, ayniqsa, yangi hukmdorlarga nisbatan ma'qul ko'radi. Uning fikriga ko'ra, yangi humdorni boshqa hukmdorlarga nisbatan shafqatsizlikda kamroq ayblaydilar. Chunki yangi davlatga juda ko'p xavf-hatar tahdid soladi.
Makiavelli qattiq qo'llilik, so'zining ustidan chiqmaslik singari xatti-harakatlarni faqat umumdavlat, umummillat nuqtai nazaridan kelib chiqib amalga oshirilsagina ma'qullaydi, hukmdorning bosiq bo'lishini, hadeb jazolashga intilmasligi kerakligini aytadi; o'z xalqida nafrat va hazar hissini uyg'otgan hukmdorning axvoliga voy ekanini ta'kidlaydi. Mutafakkir, ana shunday oqil, mohir hukmdorlarga ega mamlakat o'z ozodligini qo'ldan bermaydi, deb hisoblaydi. Umuman, shuni ta'kidlash kerakki, Makiavelli uchun eng muhimi – ozodlik, ozod Italiya, ozod jamiyat, shaxs erkinligi, faoliyat erkinligi kabi tushunchalar uning uchun eng asosiy tushunchalardir. Ayni paytda, odamlardan nasroniylik talab qiladigan bo'ysunish, sabr-toqat, hamma narsaga shukur qilish singari axloqiy tamoyillarni qo'rqmay qattiq tanqid ostiga oladi. U Italiya ozodligini ikki narsa yemirganligini aytadi: biri – millatni bo'shashtirib – ojizlashtirib yuborgan nasroniylikning hulqiy-axloqiy tamoyillari bo'lsa, ikkinchisi – har qanday respublikachilik va har qanday ozodlikning dushmani bo'lgan, qudratli Rim saltanati edi.
Tarixda olmon mumtoz falsafasi deb nom olgan tafakkur o'zining miqyosiyligi va teranligi bilan hanuz fikrlovchi kishilarni hayratga soladi. Olmon mumtoz faylasuflari ingliz, fransuz faylasuflaridan farqli o'laroq, o'z asarlarini keng kitobxon ommasiga emas, balki tor doiradagi o'quvchilarga, falsafani mutaxassislik deb bilgan olimlarga va talabalarga mo'ljallab bitganlar. Shu bois ularning ko'pchilik kitoblari, xususan, axloqshunoslikka oid asarlari ham quruq ilmiy akademik tilda yozilgan va tushunilishi og'ir. Lekin ular o'z asarlarida jahon falsafiy tafakkuri XIX asrning birinchi yarmigacha erishgan barcha yutuqlarni ilmiy tizimlarda umumlashtirganlari va ulardan nihoyatda chuqur ilmiy xulosalar chiqarganliklari bilan ajralib turdilar.
Olmon mumtoz falsafasining asoschisi Immanuil Kant (1724-1804) hisoblanadi. Uning «Axloqiy metafizikaning asoslari» (1785), «Amaliy aqlning tanqidi» (1788) va «Xulqlar metafizikasi» (1797) asarlari asosan axloqshunoslik va axloqiy muammolarga bag'ishlangan.
Axloqshunoslikni obyektiv qonunlar haqidagi fan sifatida, Kant, matematika bilan tenglashtiradi: geometrik qat'iy qoidalarni, inson ularga o'zi to'la amal qilish-qilmasligi bilan hisoblashmagani holda shakllantirgani kabi, axloqshunoslik ham insonning imkoniyatlari bilan hisoblashmaydigan, balki nima axloqiy ekanligini ko'rsatadigan qoidalar taqdim etmog'i kerak. Shu bois faylasuf huquq va axloq haqidagi fanlarni aqlning shak keltirib bo'lmaydigan yoki qat'iy talablarga asolangan nazariyalar sifatida olib qaraydi. «Shunday qilib, – deydi Kant, – amr (imperativ), bu shunday qoidaki, u haqdagi tasavvur subyektiv tasodifiy xatti-harakatni zaruriy qilib qo'yadi...» Qat'iy amr eng avvalo, shuning uchun oliy va pirovard axloqiy qonunki, u insonni faqat maqsad sifatida mavjud deb hisoblaydi va insonga vosita deb qarashni, ayniqsa, undan shunchaki vosita tarzida foydalanishni man' etadi. Bu oliy axloqiy tamoyilga Kant bir necha misollar keltiradi. Mana, ulardan biri. Deylik, men bir yoqqa ketayotgan do'stimdan hyech kimning guvohligisiz qanchadir pulni saqlab berish uchun olib qoldim. Bu haqda o'zimdan boshqa hyech kim hyech narsa bilmaydi. Daf'atan do'stim xorijda vafot etadi. Xo'sh, men uning pulini o'zimda olib qolishim mumkinmi? Bu savolga yo'q deb javob berish uchun Kant qat'iy amrga murojaat qiladi; pulni o'zida olib qolishi, agar biz bu qoidaga umumiylik shaklini beradigan bo'lsak, unda boshqa hyech kim o'z pulini birovga ishonib qoldirmaydi, degan gapni anglatadi. Chunki bu holatda har bir kishi qarzga berilgan pul ba'zi sharoitda yo'qolib ketishi mumkinligini bilgan bo'ladi. Shunday qilib, Kant nazarida, axloqiylik mohiyat e'tibori ila insonning kundalik mayda tashvishlaridan yuksakka, ulug'vorlikka, ilohiylikka ko'tarilishidir. Axloq xudbinlik manfaatlariga amal qilishdan burchni anglashga o'tishdir. Buyuk mutafakkirning axloqshunosligini ma'lum ma'noda burch haqidagi ta'limot ham deyish mumkin. U burchning ikki xili borligini ta'kidlaydi: huquqiy burch va axloqiy burch. huquqiy burchni bajarish uchun tashqaridan majbur etilsa, axloqiy burch aksincha, fazilatga, ya'ni ichki hodisaga ixtiyor erkinligiga bog'liq. Shu bois insonni axloqiy burchga muvofiq xatti-harakat qilish qobiliyatini Kant fazilat deb ataydi.
Kant axloqshunosligining cho'qqisi – abadiy tinchlik g'oyasi: «hyech qanday urushga yo'l yo'q: na men bilan sening orangdagi tabiiy holatdagi urushga, na oramizdagi davlatlar sifatidagi urushga yo'l yo'q... urush har kim o'z huquqini qo'lga kiritishi uchun zarur bo'lgan usul emas.» Ayni paytda, insoniyat uchun axloqiy komillikka erishuvning faol vositasini mutafakkir ma'rifatda ko'radi. Ma'rifat uchun esa faqat erkinlik, erkinlik bo'lganda ham juda zararsiz, har bir holatda o'z aqlidan oshkora foydalanadigan erkinlik zarur. Erkin, hayratlanib, ixlos bilan yashash lozim. Kant axloqshunos sifatida ham shunday yashab o'tdi: «Ikki narsa haqida qancha ko'p, qancha uzoq o'ylaganing sari qalbing tobora yangi, tobora kuchayib boruvchi hayrat va ixlos bilan to'lib toshaveradi, bular – boshim ustidagi yulduzli osmon va mening botinimdagi axloqiy qonun».
Bu davrning mashhur axloqshunoslaridan yana biri buyuk mutafakkir Georg Vilgelm Fridrix Hyegel (1770-1831) dir. Uning axloqiy qarashlari «Ilmga ishonch» (1802), «Ruh fenomenologiyasi» (1807), «Falsafiy fanlar qomusi»(1817), «Huquq falsafasi» (1821) singari asarlarida aks etgan. Hyegel axloqshunosligininng o'ziga xos xususiyati, eng avvalo, shundaki, u xulqiylik bilan axloqiylikni ikki xil tushuncha sifatida taqdim etadi. «Huquq falsafasi» asarida u shunday deb yozadi; «Odatda ahamiyatiga ko'ra, bir xil deb hisoblanadigan xulqiylik va axloqiylik bu yerda bir-biridan jiddiy farq qiladigan ma'nolarda olinadi.» Hyegel o'zining murakkab falsafiy tizimidan kelib chiqib, xulqiylikka shunday ta'rif beradi; «Xulqiylik nuqtai nazari erkning nafaqat o'zida, balki o'zi uchun ham cheksiz bo'lgan darajadagi nuqtai nazardir. Bu ixtiyor refleksiyasi o'zida va uning o'zi uchun haqiqiy aynanligi o'zida-borliqligiga hamda bevositaligiga va unda rivojlanayotgan muayyanliklarga qarama-qarshi qiyofani subyekt sifatida belgilaydi.» Sodda qilib aytadigan bo'lsak, Hyegel tushunchasidagi xulqiylik doirasi insonlardagi shaxsiy va hususiy o'zaro munosabatlarni, subyektiv fikrdagi majburlikni, idealni, ijtimoiy-tarixiy hodisalarga nisbatan tanqidiy kayfiyatlarni o'z ichiga oladi.
Axloqiylikni esa Hyegel mana bunday ta'riflaydi: «Axloqiylik xuddi axloqiy borliqda o'zining o'zida va o'zi uchun haqiqiy asosiga va harakatga keltiradigan maqsadiga ega bo'lgan o'zini anglash kabi, o'zidagi o'zini anglashda o'z bilimiga, ixtiyoriga, bu ixtiyorning harakat qilishi orqali o'z voqyeligiga ega jonli ezgulik kabi, erkinlik g'oyasidir; axloqiylik o'zini anglashning mavjud dunyosi va tabiiyyati bo'lgan erkinlik tushunchasidir... Umuman olganda, axloqiylikda ham obyektiv, ham subyektiv jihatlar bor, biroq, ular axloqiylik shaklining mohiyati xolos. Ezgulik – bu yerda substansiya, ya'ni, obyektivlikning subyektivlik bilan to'ldirilishidir». Hyegel axloqiylik deganda, odamning tarixan axloqdan oldin paydo bo'lgan urf-odatlar va rasm-rusumlarga, ikkinchi tomondan, davlat, tabaqalar, oila oldidagi axloq bilan bog'liq muayyan majburiyatiga munosabatini nazarda tutadi.
Hyegel xulqiylikka qasd va ayb, niyat va ezgulik, ezgulik va vijdon juftlik tushunchalarini kiritadi; axloqiylikka esa oila, fuqarolar jamiyati, davlat tushunchalarini taalluqli deb biladi va ularni batafsil tahlil etadi. Ezgulik – erk darajasiga ko'tarilgan ixtiyor; amalga oshirilgan erkinlik, olamning mutlaq so'nggi maqsadi. Yovuzlik – zaruriyat, biroq u ro'y bermasligi kerak. Axloqiy bo'lish yovuzlikning ziddiga yetishish, aks holda esa ezgulik jo'n tabiiy holatdir. Agar yovuz qilmishdan qandaydir yaxlitlikning jihati sifatidagi ijobiy tomonni topib, uni ezgulik deb talqin etilsa, u qisman o'ziga, qisman boshqalarga qilingna munofiqlikdir. Vijdon esa muqaddas, qo'l yetmas narsa, insonning o'z-o'ziga pok ishonchi; u ezgulikni bilishdir.
Hyegel muhabbat, nikoh, oila, fuqarolar jamiyati va davlat haqida ham o'ziga xos fikrlar bayon qiladi. Sevgini faylasuf boshqa bilan birlashishni anglab yetish, o'zining boshqa bilan, boshqaning o'zi bilan birlashishini bilish orqali o'zidan kechish tarzida talqin etadi. Sevgi – hissiyot, boshqacha qilib aytganda, shaklga tushgan tabiiyyatdagi axloqiylik; davlatda sevgi bo'lmaydi, unda birlik qonun sifatida anglanadi.
Xullas, Hyegel ham Kant kabi insonga nihoyatda katta mas'uliyat yuklaydi. Uning xulosasi qat'iy: «Qonun harakat qilmaydi, faqat inson harakat qiladi.»
Olmon mumtoz axloqshunosligida bizga ruscha matnlar orqali Lyudvig Feyerbax (1804-1872) nomi bilan tanish bo'lgan Lyudvig Feyerbaxning qarashlari o'ziga xos o'rin egallaydi.
Feyerbax yangi falsafani yaratish kerakligi haqidagi g'oyani ilgari suradi; bu falsafasining markazida tabiatdan uzilmagan inson turadi. Shuning uchun uni falsafiylashtirilgan insonshunoslik ham deyish mumkin. «Haqiqiy falsafa, – deb yozadi Foyerbax, – kitob yozishdan emas, odamlarni yaratishdan iborat... Yangi falsafaning ildizi muhabbatning haqiqiyligida». Bu fikrlardan kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, Feyerbax falsafasi, ma'lum ma'noda, axloqshunoslikka borib taqaladi.
Feyerbax ta'biriga ko'ra, insonning mohiyati xayoliy mavhumot, «ruh» emas, balki hissiyotdir, bas, shunday ekan, shu tamoyilga qarshi bo'lgan barcha falsafa barcha din nafaqat mohiyatan xato, xatto zararlidir. Agar odamlarni yaxshilashni istasangiz, ularni baxtli qiling; agar ularni baxtli qilishni istasangiz, barcha baxtu quvonchlar manbai bo'lmish hislarga murojaat qiling. Insonning mavjudligi hissiyot bilan bog'liq. To'g'ri, hayvonlarda ham hissiyot bor. Lekin ularning hissiyoti, sezgilari cheklangan, ya'ni, bir sezgi a'zosi kuchli, boshqalari zaif, kuchlisi ham faqat his etilguvchi muayyan – u yoki bu narsaga qaratilgan. Inson esa barcha his etiladigan narsa-hodisalar, olam, cheksizlik bilan bog'liq va uning hissiyotliligi, eng avvalo, boshqa insonni his etishdan iborat. Ayni paytda, insonga, hayvondan farqli o'laroq, tanlov ixtiyori, ixtiyor erkinligi berilgan. hissiyotli inson bu yerda xohlovchi, intiluvchi, ixtiyor bildiruvchi sifatida namoyon bo'ladi.
Feyerbax ta'limotida «ixtiyor» so'zi «baxtni ixtiyor qilish» iborasi bilan bir xil tushuniladi. Baxt tushunchasi esa ko'p ma'noli, har bir insonning o'ziga xosligi bilan bog'liq. Baxt haqidagi va baxtga olib boradigan vositalar to'g'risidagi aldamchi tasavvurlar natijasida insonning xohlagani – baxt deb o'ylagani aslida uni baxtsizlikka yetaklashi ham mumkin. Lekin, har kimning baxti o'ziga xos bo'lishiga qaramay, barchasi intilish va ehtiyoj nuqtai nazaridan umumiylikka ega. Faylasuf, insonni jinoyatdan axloq borasidagi «aqlli» gaplar, emas, balki baxt asrab qoladi, deydi. Lekin u zodagonlarga xos, dabdabali baxtni emas, oddiy odamlarning, ko'pchiliknng baxtini bajarilgan ishdan keyin keladigan, zarur bo'lgan farovonlikdan lazzatlanish baxtini nazarda tutadi. Shu bois insonni illat va jinoyatdan yiroq tutish uchun, ya'ni, axloqni muomalaga kiritish uchun avval uning yo'lidagi moddiy to'siqlarni yo'qotish kerak. Ayni paytda boshqalarning baxtsizligi hisobiga baxtga erishish mumkin emas. Menning oldida Sen yo'q ekan, umuman, axloqning o'zi namoyon bo'lmaydi. Axloq uchun kamida ikki kishi kerak; Sensiz Menning baxtga erishuvi mumkin emas. Axloq insonga o'zini-o'zi cheklashni, sabr-qanoatni taqazo etadi. Ana shu cheklash, sabr-qanoat ham baxt; haqiqiy oila boshlig'i, axloqli ota, o'zi ko'chada lazzatli taom tanovul qilgani holda, hotin, bola-chaqasini och qoldirishini o'zi uchun kulfat deb biladi, uning o'rniga oilasi bilan oddiy non-choyni baham ko'rishdan baxt hissini tuyadi. Qayerda bo'lmasin, yovuzlikni yo'qotish uchun boshqa odamlarning baxti va baxtsizligida amaliy ishtirok etish baxtlilar bilan baxtli, baxtsizlar bilan baxtsiz bo'lish – mana, sizga yagona axloq, deydi mutafakkir. Insonning o'ziga munosabati boshqalarga nisbatan bilvosita majburiyat deb e'tirof etilgandagina axloqiy qimmatga ega bo'ladi: mening oilam, jamiyatim, xalqim, Vatanim oldida majburiyatim bo'lgani uchungina o'zimga nisbatan majburiyatliman, Yaxshi va axloqiy degani bir xil. Biroq faqat kimki boshqalar uchun yaxshi hisoblansagina, o'sha yaxshi odam.
XIX asrda yashab ijod qilgan buyuk olmon faylasufi Fridrix Nitsshe (1844-1900)ning axloqiy qarashlari diqqatga sazovordir. Uning axloqqa munosabati «Zardusht dediki...» (1883-1884), «Ezgulik va yovuzlikning narigi tarafida» (1886), «Axloqning kelib chiqishiga doir» (1887). «Hukmronlikka ixtiyor. Barcha qadriyatlarni qayta baholash tajribasi» (1889-1901) singari asarlarida aks etgan.
Nitsshe haqida hozirgacha bir-birini tubdan inkor qiladigan ikki umumiy fikr mavjud. Biri – uni fashizmning asoschisi, urushlar tarafdori, axloqsizlikni, zo'ravonlikni ma'qullovchi, mafkurachi-faylasuf sifatida, ikkinchi umumiy fikr – uni inson shaxsi ozodligini, inson xususiyligini bo'rtirib ko'rsatgan, insonni ulug' mavjudot ekanini yodiga soluvchi, shaxs erki tarafdori bo'lgan mutafakkir tarzida talqin etadi. Ho'sh, aslida u qanday faylasuf?
Avvalo, Nitsshening inson haqidagi fikriga, ta'rifiga e'tibor beraylik; «Butun koinotda inson qiyofasidan ham jirkanchliroq biror bir narsa topish gumon.» Yoki; «Yerning terisi bor va bu terida esa kasalliklar mavjud. Ana shunday kasalliklardan birini inson deb atashadi.» Agar bu fikrlarni to'g'ridan-to'g'ri olib qaraydigan bo'lsak, haqiqatan ham kishi dahshatga tushadi: nahotki, inson, ulug' mavjudot, tabiat sarvari, Xudoning Yerdagi xalifasi shunday jirkanch bo'lsa?! Bu-bo'xton, telbalik, arzon shov-shuv uchun aytilgan gap, ma'naviy oliftagarchilik. Lekin ularni ramziy tarzda tushunadigan bo'lsak, mana qanday manzaralar ko'z oldimizga keladi; Firdavsiydagi Zahhok, Navoiydagi Jobir, Shekspirdagi Yago; Neron, Chingizxon, Lenin, Stalin, Hitler, Pol Pot... Xo'sh, bulardan ham jirkanchliroq qiyofalar bormi olamda? Endi terisi kasallangan Yerni tasavvur qiling! Alam bilan Xirosimani, Nagasakini, Birinchi va Ikkinchi jahon urushi yaralarini qashiyotgan Ona-Yer timsolini ko'z oldingizga keltiring, hozirgi kundagi ekologik buhronni o'ylang... Demak, Nitsshening gapida jon bor.
Faylasuf odamlarni uch toifaga bo'ladi: oxirgi odamlar, yaxshi odamlar va alo odam (odamdan yuksak odam). U Zardusht tilidan shunday deydi; «Qarangiz! Men sizga eng oxirgi odamni ko'rsataman. «Muhabbat – nimadir? Yaratmoq – nimadir? Intilmoq-chi? Yulduz degani nima?» Oxirgi odam ana shunday deb so'rab turadi va ko'zlarini pirpiratadi. Yer kichkina bo'lib qoldi va uning yuzasida hamma narsani kichraytiruvchi mitti odam sakrab-sakrab yuribdi. Uning urug'i suvarak kabi qirilib bitmagay: oxirgi odam hammadan ko'proq yashaydi. Ular vaqti-vaqti bilan andak zahar yutadi. Shundan yaxshi tushlar ko'radi... Cho'bon yo'q, hammasi – poda! har kim tenglik istaydi, hamma-teng. Kimda-kim boshqacha anglasa, o'z ixtiyori bilan jinnixonaga yo'l oladi. «Ilgari butun olam telba edi», deydi ularning eng oqillari va ko'zlarini pirpiratadi. «Baxt-iqbolni biz topganmiz», deb aytadi oxirgi odamlar va ko'zlarini pirpiratadi».
Mana yaxshi odamning ta'rifi; «Men shunday odamni sevamanki, u alo odamga makon qurmoq uchun zahmat chekadi va ixtirolar qiladi va uning kelmog'i uchun yer, mahluqot va nabototni hozirlab qo'yadi. Zotan, shu tarzda o'z xalokatini istaydi. Men shunday odamni sevamanki, u yaxshiligidan intilish va tole'ni yasaydi. Zotan u xuddi mana shunday – o'z yaxshiligi uchun yashashni istaydi va boshqacha umr kechirishni bilmaydi.»
Xullas, Nitsshe axloqiy ta'limotiga teran, ehtiyot bo'lib yondoshmoq lozim. Bu ta'limotdagi ikki xil qarash o'zaro dialektik munosabatni inkor etadi. Unga beqarorlik falsafasi-sinergetika nuqtai nazaridan yondoshmoq lozim. Nitsshening timsolli tili bilan aytadigan bo'lsak, bu «yoqimsiz haqiqatlar» faylasufining bir yuzidan o'pib, ikkinchi yuziga tarsaki tushirmoq kerak. Har holda uning ta'limoti jahon falsafasi taraqqiyotiga katta hissa bo'lib qo'shildi; hozir ham uning eng ilg'or qarashlari yangi-yangi falsafiy oqimlarning yuzaga kelishi uchun turtki vazifasini o'tamoqda.
XIX asrda rus axloqshunosligida diniy-idealistcha yo'nalish rivojlanadi. Mazkur yo'nalishning vujudga kelishi va taraqqiy topishida buyuk rus faylasufi Vladimir Solovyov (1853-1900)ning xizmatlari katta.
Vladimir Solovyovning axloqiy qarashlari uning qator asarlarida ifoda topgan. Ular orasida «Ezgulikni oqlash. Axloq falsafasi»(1897-93) kitobi alohida ahamiyatga ega. Uning birinchi qismida uyat, shafqat yoki achinish va xudojo'ylikdan iborat axloqiy tushunchalar uchligi asosiy o'rinni egallaydi. Xo'sh, uyat nima? Nisbatan tubanlikka va nokomillika tushib qolgan, lekin bunday holatni o'zi uchun noloyiq deb bilgani uchun mazkur darajadan yuksalish zarurligini anglagan kishi uyaladi. Chunonchi, jinsiy aloqa hayvonot olami uchun tabiiy va axloqiylikka aloqasi yo'q. Biroq u insoniyat dunyosida, tabiiy bo'lsa ham, axloqiy xatti-harakat tamoyili emas, beparda holida insonni uyaltiradigan holatdir. Zero u, tabiiy bo'lsa ham, axloqiylik qoshida o'zining ochiq ko'rinishda amalga oshuv huquqini yo'qotadi, ya'ni, axloqqa bo'ysunadi.
Solovyov, Dekartning tafakkur mohiyati haqidagi mashhur iborasini axloqiylikka nisbatan qo'llanganida maqsadga muvofiq bo'lur edi, degan mulohazani bildiradi: «Men uyalyapmanmi, demak, mavjudman, na faqat jisman, balki axloqan ham mavjudman, – men o'z hayvoniyligimdan uyalayapmanmi, demak, men hali ham odam sifatida mavjudman».
Shu o'rinda faylasufning zurriyot haqidagi o'ziga xos fikrlarini keltirish joiz. Toki bola tug'ilishi tom ma'noda insoniylikka bo'ysundirilar ekan va axloqiy ma'no kasb etar ekan, bu bilan o'zining gunohkorlik xususiyatini yo'qotadi, ya'ni, nafaqat bu dunyoda gunoh qila-qila, oxir ular ham ota-onalari kabi o'limga mahkum bo'ladilar, balki insoniyatni yaxshilash uchun xizmat qiladilar: ularning ota-onalari bolalari o'zlaridan yaxshiroq, axloqiyroq bo'lishiga ishonadilar, ularga ma'lum taraqqiyot tarzida qaraydilar. Bundan faylasuf quyidagicha xulosa chiqaradi: «Mana mash'um ziddiyatning yechimi: tug'ilishning yovuzlik mohiyati tug'ilishning o'zi orqali yo'qqa chiqariladi, ya'ni ezgulikka aylanadi... ular (bolalar- …) boshqa hayotning odamlari bo'ladilar, bizning va barcha ajdodlarimizning haqiqiy najot topishi shundadir».
Faylasuf uch avlod – bobolar, otalar va bolalarning tabiiy bog'lanishi haqida to'xtalar ekan, axloqiy taraqqiyot munosabati bilan ma'naviylashishning uch xili to'g'risida – din, nikoh va tarbiya orqali ma'naviylashish to'g'risida fikr yuritadi. Bu uch axloqiy soha insonni Xudo bilan bog'laydi: biri – kechmish, ikkinchisi – hozirgi zamon va uchinchisi – kelajak orqali. Haqiqiy nikohda jinsiy aloqa yo'qolmaydi, balki mohiyatan o'zgaradi, hayvoniy hissiyotni qondirishga emas, insondagi Xudo qiyofasini sog'lomlashtirishga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, nikohiy juftlik zohidlikning, matonatning, jafokashlikning bir shaklidir.
Umuman olganda, Solovyov odamlarni yaxshi va yomonga, shafiq va yovuzga ajratishni ilmiy nuqtai nazardan xato, insoniylik nuqtai nazaridan esa nohaqlik deb biladi; insonni yaxlit va birato'lasi axloqiy baholash mumkin emas, uning fe'l-atvoriga, qilmishiga qarab baho berish lozimligini ta'kidlaydi: «... Men ikki narsani tabiatda uchratmadim: aniq-mukammal halol odamni, aniq-mukammal yovuz odamni»,-deydi faylasuf.
XX asr arafasi va davomidagi tafakkurda ko'p va xilma-xil yo'nalishlar vujudga keldi. Ular uchun umumiy bo'lgan o'ziga xos ikki jihat alohida diqqatga sazovor: birinchisi – ularning hammasi, asosan, insonni bevosita o'rganishga qaratilgani, ya'ni, ma'lum ma'noda, sof antropologik xususiyatga egaligi; ikkinchisi – falsafiy bo'lmagan va falsafiylikdan «chiqib» ketgan fanlarning asos nuqtai nazaridan falsafiylik kasb etishi yoxud falsafaning tadqiqot quroliga aylanishi. Mazkur yo'nalishlarning eng muhimlari sifatida ruhiy tahlil, falsafiy antropologiya, hayot falsafasi, ekzistensiyachilik, falsafiy germenevtika, fenomenologiya, sinergetika singari ta'limotlarni keltirish mumkin. Ular orasida ruhiy tahlil yo'nalishi noodatiyligi, qamrovliligi va g'oyat teranligi bilan alohida ahamiyatga molik.
Ruhiy tahlil usulining vujudga kelishi juda katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. XX asr arafasidan to bugungi kungacha bu shov-shuvlar goh kuchayib, goh susayib davom etmoqda. Ular bejiz emas. Zero ming yillardan buyon o'qitilib va amaliyotda qo'llanib kelinayotgan ruhshunoslik fani bir zarb bilan taxtdan tushirildi. Ana shu zarb egasi avstriyalik olim Zigmund Freyd (1856-1939) edi. Gap shundaki, akademik ruhshunoslik tabiiy fanlar laboratoriyasining usullarini qo'llab, vijdon, qadriyatli mulohazalar, ezgulik va yovuzlikni bilish – ruhshunoslik muammolari tizimiga kirmaydigan metafizik tushunchalar, deb hisoblab, asosan, odatdagi «ilmiy usul» bo'yicha qabul qilingan mayda masalalar bilan shug'ullanib kelardi. Ruhshunoslik, shunday qilib, o'zining asosiy obyekti – qalbni nazardan qochirib, umumiy, yoshga, kasbga doir ruhiy holatlar hamda reaksiyalar va tabiiyyatlarning-instinktlarning shakllanishi bilan, ya'ni ruhiy «murvatlar» bilan shug'ullanib, yuqorida aytganimizdek, inson uchun nihoyatda muhim bo'lgan muhabbat, aql, vijdon, qadriyatlar singari hodisalarni chetlab o'tdi. Froyd esa kuzatuvlar, aql va o'z kechinmalariga suyanib, ruhiy kasallikni muvaffaqiyatli davolashni axloqiy muammolarga murojaat qilmasdan hal etib bo'lmasligini aniqladi va bemor o'z qalbi ehtiyojlarini hisobga olmagani uchun kasallikka chalinadi, degan xulosaga keldi.
Freyd inson ruhiy hayotida uch bosqichni ajratib ko'rsatadi: ong, ongoldi, va ongtubi yoxud onglanmagan, ya'ni, ongga aylanmagan holat. Onglanmagan holat va ongoldi ongdan nazorat (senzura) degan o'rta bosqich orqali ajralib turadi. Nazorat ikki vazifani bajaradi: birinchisi, shaxs o'ziga maqbul ko'rmagan va qoralagan his-tuyg'ular, fikrlar, tushunchalarni onglanmagan holat hududiga siqib chiqaradi; ikkinchisi, ongda o'zini namoyon etishga intilgan faol onglanmagan holatga qarshi kurashadi. Onglanmagan holatdagi fikrlar, his-tuyg'ular umuman yo'qolib ketmaydi, biroq xotiraga chiqishi uchun yo'l qo'yilmaydi. Shu bois ular ongda bevosita emas, balki bilvosita – bilmay gapirib yuborish, xato yozib yuborish, tush, nevrozlar singari g'alat harakatlar orqali namoyon bo'ladi. Shuningdek, onglanmagan holatning sublimasiyasi–ta'qiqlangan intilishlarning ijtimoiy jihatdan maqbul harakatlarga aylangan tarzda ko'rinishi ham ro'y beradi. Onglanmagan holat g'oyat yashovchan, vaqtga bo'ysunmaydi. Undagi fikrlar, istaklar, his-tuyg'ular nazorat tufayli, hatto o'n yillardan so'ng ongga chiqsalar-da, o'z ehtiros quvvatini yo'qotmaydilar. Ongoldi holatini muvaqqat onglanmagan holat, deyish mumkin, Uning ongga aylanish imkoni bor, U onglanmagan holat bilan ong o'rtalig'ida bo'lib, ongning kundalik ishida xotira ombori vazifasini bajaradi.
XX asr axloqiy tafakkurida chuqur iz qoldirgan falsafiy-axloqiy yo'nalishlardan yana biri – ekzistensiyachilikdir. Ekzistensiyachilik insonni, eng avvalo, o'z hayotini insoniylik vazifasini bajarish uchun qurbon qilgan mavjudot sifatida olib qaraydi. Bir jihatdan bunday qarash an'anaviydek, barcha asrlarda ham ilgari surilgan nuqtai nazardek tuyuladi. Aslida esa unday emas. Gap shundaki, avvalgi an'anaviy qarashlarda insonning o'z hayotini qurbon qilishi «oliy manfaatlar» yuzasidan ro'y beradi: inson, ideal, umumtarixiy maqsadlar o'zni fido etishga arzishini tushunadi. Qurbon bo'lishga tayyorlik, demak, insonning ibtidodagi belgisi emas, balki uning aql bilan ish ko'rishi oqibatida ro'y beradigan hodisa sifatida olinadi. Ekzistensiyachilik esa fidoyilikni insonning ibtidodagi xususiyati, uni belgilovchi oddiy hodisa deb qaraydi. Ular, inson o'z hayotini nimagadir baxsh etmasdan mavjud bo'lolmaydi, degan fikrni ilgari suradilar. Bu fidoyilik esa aynan, barcha ijtimoiy barqaror qadriyatlar barbod bo'lganda, inson o'zi uchun munosib og'ir, muqaddas bir yukni xuddi rizqi kabi izlagan bir paytda o'zini ko'rsatadi. Inson o'z nazoratidan chiqib ketgan, irrasional voqyea-hodisalar girdobiga tushib qolgan paytida qanday ma'naviy sabrga, chidamga ega bo'lishi kerak? Ekzistensiyachilikning bosh muammosi mana shu. Olmon faylasufi Martin Xaydegger (1889-1976) ekzistensiyachilikning asoschisi hisoblanadi.
Ekzistensiyachilik Xaydeggerdan so'ng, ikki yo'nalishda – diniy va dahriylik yo'nalishlarida davom etdi. Diniy ekzistensiyachilikning eng yirik namoyandalaridan biri, olmon faylasufi Karl Yaspers (1883-1969)dir. U o'z asarlarida, xususan, «Zamonning ma'naviy holati»(1932), «Falsafiy e'tiqod» (1948) degan kitoblarida inson mavjudligini XX asrda qanday tushunish masalasiga to'xtaladi va bu mavjudlikning axloqiy jihatlarini tahlil etadi.
Inson bilan hayvon orasidagi farq haqidagi, boshqacha qilib aytganda, insonning vujudga kelishi to'g'risidagi masalani Yaspers eng muhim deb hisoblaydi. Insonni qandaydir bir boshqa narsadan keltirib chiqarish mumkin emas. Zero u hamma narsaning bevosita alosidir. Olamdagi bog'liqlikning barcha turlari va barcha biologik taraqqiyot jarayonlari odamning o'ziga emas, balki insoniy moddaga, insoniy materialga daxldor. Inson doimo o'zi haqidagi o'ylaganidan ko'ra kattaroqdir. Bu fikr ham butun insoniyatga, ham alohida odamga taalluqli. Hyech qachon inson haqidagi uzil-kesil xulosa chiqarish, uni na umumiy tarzda, na alohida odam sifatida to'liq tushunish mumkin emas.
Yaspersning fikriga ko'ra, insonga hayvondan «taraqqiy topgan» jonzot deb qarash noto'g'ri. Chunki bilish uchun hammasi tushunarli bo'lishi kerak, bilish bilinadigan chegaradan nariga chiqolmaydi, bilishdan tashqarida bilish uchun hyech narsa yo'q. Bilish olamda mavjud bo'lgani holda olamni tushunib yetolmaydi. To'g'ri, matematika, tabiiy fanlardagi kabi universal bilish tevarak-atrofda hozir bo'lgan nimanidir ilg'ab olishi mumkin, lekin voqyelikni hyech qachon yaxlitligicha bila olmaydi.
Barcha odamlarning tengligi g'oyasi butunlay noto'g'ri. Zero gap odamlarning ruhiy tadqiqotga bo'y beradigan mavjudot sifatidagi fe'l-atvori va qobiliyati haqida bormoqda. Ammo bu ijtimoiy voqye sifatida ham to'g'ri emas, nari borganda, qonun oldida teng imkoniyat va teng huquqqa ega bo'lish mumkin. Mohiyat jihatidan barcha odamlarning tengligi faqat va faqat ularning har biriga, erkinlikdan kelib chiqqan holda, axloqiy hayot orqali Xudoga yo'l ochiladigan teranlikda mavjuddir. Bu insoniy bilim bilan o'rnatilib va obyektivlashtirib bo'lmaydigan qadriyatlar tengligi, abadiy ruh sifatidagi yakkaliklar qadriyatlari tengligidir. Bu insonga jannat yoki do'zaxdan joy karomat qiluvchi tenglik, da'vo va abadiy hukm tengligidir. Bu tenglik insonni faqat vosita deb qarashga yo'l qo'ymaydigan, balki unga birdan-bir maqsad sifatida munosabat qilishni talab etadigan, har bir insonga hurmat-ehtiromni anglatdigan tenglikdir.
Ekzistensiyachilik axloqshunosligining eng ko'zga ko'ringan nomoyandalaridan yana biri Jan-Pol Sartr (1905-1980)dir. U ekzistensiyachilikning daxriylik yo'nalishiga mansub faylasuf, yozuvchi, siyosatshunos sifatida mashhur. Sartrning fikriga ko'ra, inson eng avvalo, subyektiv kechinmalar orqali yaralgan loyihadir. Bu loyihagacha hyech narsa mavjud emas, aql bovar qiladigan samovotda hyech narsa, yo'q, borlig'ining loyihasi qanaqa bo'lsa, inson ham shunaqa. Agar mavjud bo'lish haqaqatan ham mohiyatdan avval tursa, unda inson o'zining borligi uchun mas'uldir. Shunday qilib, ekzistensiyachilik, birinchi navbatda, har qanday insonning hukmiga uning borligini havola qiladi va mavjudligi uchun to'liq mas'uliyatni uning o'ziga yuklaydi. Bu borada fikr yuritib, Sartr shunday deb yozadi: «Biroq biz insonni mas'uldir, deganimizda, bu – faqat uning o'z shaxsiyatigagina javobgar, degani emas. U barcha odlamlar uchun mas'uldir. Biz, inson o'zini o'zi tanlaydi, deganimizda, har birimizning o'zini o'zi tanlashini nazarda tutamiz, biroq, shu bilan birga, biz o'zimizni tanlar ekanmiz, barcha odamlarni tanlaymiz, degan gapni ham aytishni xohlaymiz». Zero o'zimizni tanlashimiz, qanday holda bo'lmasin, biz hyech qachon yovuzlikni tanlamaymiz, ayni paytda, bu tanlov tanlovimizning qadryatini barqaror etishni taqozo qiladi. Bizning tanlovimiz esa ezgulik bo'lishi shubhasizdir. Lekin, shuni aytish kerakki, hamma uchun ezgulik hisoblangan narsaning biz uchun ezuglik bo'lishi mumkin emas. Bizning mas'uliyatimiz butun insoniyatga taalluqli, taxmin qilganimizdan ancha katta. Biz o'zimiz uchun ham, hamma uchun ham javobgarmiz va o'zimiz tanlagan muayyan inson qiyofasini yaratamiz; o'zimizni tanlash bilan biz umuman insonni tanlaymiz.
Sartrning fikricha, biz erkinlikka intilar ekanmiz, u to'laligicha o'zga odamlar erkiga va o'zgalarning erki bizning erkimizga bog'liq ekanini ko'ramiz. To'g'ri, erkinlik, insonning belgisi sifatida, boshqalarga bog'liq emas, biroq harakat boshlandimi – bas, men o'z erkim bilan birgalikda boshqalarning erkinligini ham xohlashim shart: men faqat o'zgalarning erkini ham o'zimga maqsad deb bilganimdagina, o'z erkimni maqsad sifatida qabul qilsam bo'ladi. «Biz, – deb yozadi Sartr, – har bir alohida hodisada erkinlik erkinlik uchun bo'lishini istaymiz.. Shu sababdan, garchand axloqning mazmuni o'zgarib tursa ham, o'sha axloqning muayyan shakli universaldir». Ayni paytda, buyuk fransuz mutafakkiri, garchand, tevarak dunyo begona ma'nilarga to'la esa-da, ular mening ustimdan qismatnamo hukmronlikka ega emaslar, degan fikrni ta'kidlaydi. Ular, qabul qilsamgina – hukmron bo'ladi, inkor etsam – har qanday kuch-qudratini yo'qotadi. Shu bois qo'rqoq yoki qahramon bo'lish insonning o'ziga bog'liq, deydi Sartr, qo'rqoq qo'rqoqligi uchun o'zi javobgar. U yurak yoki o'pkasi, yoki miyasi qo'rqoq bo'lgani uchun shunaqa emas; u o'z fiziologik tuzilishi natijasi o'laroq shunaqa emas, balki o'z qilmishlari bilan o'zini qo'rqoq qilgan. Mizoj asabiy, zaif, chala yoxud to'laqonli bo'lishi mumkin, lekin zaif odam degani – albatta qo'rqoq degani emas, chunki qo'rqoqlik bosh tortish yoki yon berish oqibatida yuzaga keladi. «Hamma vaqt qo'rqoq uchun qo'rqoq, qahramon uchun qahramon bo'lmaslikning imkoni bor, deb yozadi buyuk faylasuf. U ekzistenchiyachilik muxoliflariga fikr bildirar ekan, bu yo'nalish insonning aslo tushkun tasvirini bermasligini, uni qilgan ishiga qarab baholashini, inson o'z taqdirini o'zi belgilaydi, degan aqida bilan ish ko'rishini ta'kidlaydi. Sartr har bir inson axloqini uning xatti-harakati tashkil etishini aytib, shunday deb yozadi: «Ekzistensiyachilik, bu – insonning harakatga bo'lgan xohishini o'ldirishga intilishi emas, zero u insonga bor umid faqat uning harakatida ekanini va faqat yagona harakatigina insonning yashashi uchun imkon berishini aytadi. Demak, bu borada biz harakat va jur'at axloqi bilan ish ko'ramiz».
Takrorlash uchun savollar:

  1. Shumerliklar va bobilliklarning axloqiy qarashlari nimalarda ifodalangan?

  2. «Pxatotep o'gitlari»da qanday axloqiy muammolar o'rtaga tashlanadi?

  3. Vedachilik axloqshunosligida asosiy e'tibor nimalarga qaratiladi?

  4. Buddachilik ta'limotining demokratik xususiyatlari nimalarda aks etadi?

  5. Daochilik axloqshunosligidagi o'ziga xoslik qay tarzda namoyon bo'ladi?

  6. Konfusiy va uning izdoshlari ilgari surgan asosiy g'oyalar nimalardan iborat?

  7. Arastu axloqiy ta'limotining mumtozlik mohiyati nimada?

  8. Epikur ta'limotida iztirobdan qochish muammosi qanday talqin etilgan?

  9. Qadimgi Rim mutafakkirlarining axloqiy qarashlarida qanday muhim muammolar ko'tarilgan?

  10. Lorenso Vallaning axloqshunoslikka doir asarlarida qanday muammolar ko'tarilgan?

  11. Makiavellining «Hukmdor» asarida ilgari surilgan g'oyalar axloqiy jihatdan qay tarzda asoslangan?

  12. Kant va Hyegelning axloqshunosligiga nimalar asos qilib olingan?

  13. Feyerbax axloqiy ta'limotining o'ziga xosligi nimada?

  14. Nitsshe axloqiy ta'limotining bahsli tomonlari nimalarda ko'rinadi?

  15. Rus mumtoz axloqshunoslarining asosiy g'oyalari qay tarzda aks etgan?

  16. Ruhiy tahlil axloqshunosligi kiritgan yangiliklar nimalarda o'z ifodasini topgan?

  17. Nima uchun ekzistensiyachilik ta'limoti harakat va jur'at axloqshunosligi deb ataladi?




Yüklə 288,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə