(ikkinchi jasorat)
Birinchi jasoratdan so‘ng Evrisfey Heraklni Lerney ajdarini o‘ldirish uchun
yubordi. U ilon gavdali va to‘qqiz boshli ajdaho kabi bir mahluq edi. Nemey
arsloni singari ajdar ham Tifon va Exidnadan tug‘ilgandi. Ajdar Lerna shahriga
yaqin joydagi botqoqlikda yashardi. U inidan sudralib chiqar va butun boshli
podalarni mahv etar, tevarak-atrofni xarobazorga aylantirardi. To‘qqiz boshli ajdar
bilan kurashish xavfli, chunki uning boshlaridan biri o‘lmas edi. Herakl ukasi
Ifiklning o‘g‘li Iolay bilan Lerna sari yo‘l oldi. Lerna shahri yaqinidagi
botqoqlikka yetib kelganlarida Herakl Iolayni mahodasida, yaqin o‘rtadagi
o‘rmonda qoldirib, o‘zi ajdarni izlab ketdi. U uni botqoqlik bilan o‘ralgan g‘ordan
topdi. Herakl o‘qlarini obdon qizdirib, ularni birin-ketin ajdarga qaratib uza
boshladi. Heraklning o‘qlari ajdarning qahrini keltirdi. Tanasi yaltiroq tangachalar
bilan qoplangan ajdar qop-qorong‘i g‘ordan bilanglab sudralib chiqa boshladi, u
vahimali tarzda beo‘xshov kattakon dumi ustida tik turib oldi, keyin bahodir
yigitga tashlanmoqchi edi, biroq Herakl uning tanasini oyog‘i ostiga olib, erga
bosdi. Ajdar Heraklning oyoqlariga o‘ralmoqchi bo‘lib, bilanglar, uni yiqitmoqchi
bo‘lardi. Navqiron bahodir mustahkam qoyaday turar, zilday og‘ir gurzisi bilan
ajdarning boshiga tinimsiz tushirardi. Gurzi havoda xuddi quyunday uvullardi.
Ajdarning boshlari birin-ketin uchib ketardi, lekin u hamon tirik edi. Bahodir
Herakl qarasa, ajdarning bitta uzilgan boshi o‘rnida ikkita yangisi o‘sib
chiqmoqda. Ajdarga ham yordamga keliщdi. Botqoqlikdan bahaybat qisqichbaqa
sudralib chiqdi va Heraklning oyog‘iga o‘ralib oldi. SHunda Herakl do‘sti Iolayni
yordamga chorladi. Iolay bahaybat va dahshatli qisqichbaqani o‘ldirdi, o‘rmonning
bir qismiga o‘t quyib, daraxtlarning yonib turgan tanalari bilan ajdarning bo‘ynini
kuydira boshladi. Ajdarning yangi boshlari o‘sishdan to‘xtadi. Borgan sayin u
30
Zevsning o‘g‘liga qarshilik ko‘rsatishga ojizlik qila boshladi. Nihoyat ajdarning
o‘lmas boshi ham dumalab ketdi. Bahaybat maxluq engilgandi, u erga bejon
quladi. G‘olib Herakl uning o‘lmas boshini chuqur qilib qazilgan erga ikkinchi bor
dunyoga kelmaydigan qilib ko‘mib tashladi. SHundan keyin buyuk qahramon
Herakl ajdarning tanasini ikkiga bo‘lib, uning zaharli o‘tiga o‘qlarni botirib oldi.
O‘sha ondan buyon Herakl o‘qidan jarohatlangan jonzot tanasi davolanmaydigan
bo‘lib qoldi. Navqiron bahodir shaharga katta tantana bilan qaytdi. Bu u erda uni
Evrisfeyning yangi topshirig‘i kutardi.
DEDAL VA IKAR
Ovidiyning «Evrilishlar» dostoni asosida bayon etilgan
Erixtey avlodidan bo‘lgan Dedal Afinaning eng buyuk rassomi, haykaltaroshi
va me’mori edi. Rivoyat qilishlaricha, u qorday oppoq marmardan shunday
g‘aroyib haykallar yasar ekanki, ularni ko‘rganlar tirik odam deb o‘ylasharkan.
Dedal yasagan haykallar tirik kishilarday nigoh tashlayotgan va harakat
qilayotganga o‘xsharmish. Dedal o‘z ishi uchun zarur asboblarning aksariyatini
o‘zi ixtiro etgan. Bolta va dastparma ham uning aqli mahsuli ekan. Ha, Dedalning
dovrug‘i uzoq ellarga yoyilgandi.
O‘sha buyuk rassomning Tal nomli jiyani bo‘lib, u singlisi Perlikaning o‘g‘li
edi. Tal o‘z tog‘asiga shogird tushdi. U hali yoshligidayoq o‘zining iste’dodi va
ixtirochiligi bilan hammani hayratga solgandi. Uning o‘z ustozidan ancha o‘zib
ketishini oldindan sezsa bo‘lardi. Jiyaniga hasad qilgan Dedal uni o‘ldirishga qaror
qildi. Kunlardan bir kun Dedal jiyani bilan Afinaning baland Akropoli (qal’asi)
yonida, shundaygina qoyaning chekkasida turardi. Atrofda hech kim yo‘q.
Ikkalasidan boshqa biror kishi yo‘qligini ko‘rgan Dedal jiyanini qoyadan itarib
yubordi. Rassom o‘z jinoyatining jazosiz qolishiga ishonardi. Qoyadan yiqilgan
Tal til tortmay o‘ldi. Akropoldan shoshilinch pastga tushgan Dedal Talning
jasadini ko‘tarib oldi va uni imi-jimida ko‘mmoqchi bo‘ldi, ammo u go‘r
qaziyotganda afinaliklar ko‘rib qolishdi. Dedalning yovuzligi fosh etildi. Areopag
(Afinadagi tepalik bo‘lib, u yerda jinoyatchilarni sud qilishgan) hukmi uni o‘limga
mahkum qilindi.
31
Dedal ayyorlik bilan o‘limdan xalos bo‘lib, Attikada sarson-sargardonlikdan
keyin Kritga, Zevs va Yevropaning qudratli o‘g‘li podsho Minos huzuriga qochib
ketdi. Minos Yunonistonning mashhur rassomini bajonidil o‘z himoyasiga qabul
qildi. Dedal Krit podshosi uchun bir talay g‘aroyib san’at asarlarini vujudga
keltirdi. U uning uchun chalkash-chulkash yo‘lakli labirint qo‘rib berdi, unga bir
bor kirgan kishi qaytib chiqish yo‘lini topolmasdi. O‘sha qasrga Minos xotini
Pasifayaning o‘g‘li – tanasi odam, boshi ho‘kiz bo‘lgan bahaybat maxluq
Minotavrni qamagan edi.
Dedal Minos huzurida uzoq yillar yashadi. Podsho unga Kritdan ketishga
ijozat bermasdi. Buyuk san’atkorning iste’dodidan faqat o‘zi uchun foydalanishni
istardi. Minos Dedalni Kritda xuddi asirni tutqunlikda saqlagandek hech qayerga
chiqarmasdi. Dedal u yerdan qanday qochib qutulish yo‘lini uzoq o‘yladi, nihoyat,
Krit tutqunligidan xalos bo‘lish yo‘lini topdi.
– Minos hukmidan, – deya xitob etardi Dedal o‘zicha, – quruqlik va dengiz
bilan xalos bo‘lolmasam, qochish uchun osmon ochiq-ku, axir! Mening yo‘lim –
shu! Hamma narsa Minos ixtiyorida bo‘lsa-da, osmon uning tasarrufotiga
kirmaydi!
Dedal ishga kirishdi. U patlarni yig‘ib, ularni kanop iplar va mum bilan
biriktirib, ulardan to‘rtta katta qanot tayyorlay boshladi. Dedal, ishlayotganda
o‘g‘li Ikar uning yonida o‘ynab yurardi: u shamol uchirgan par-patlarni tutib olar
yoki qo‘lidagi mumni ezg‘ilab o‘tirardi. Bola parvoi falak, sho‘xlik qilar, otasining
ishlari uni zavqlantirardi. Nihoyat, Dedal o‘z ishini tugatdi. Qanotlar tayyor
turardi, Dedal ularni orqasiga bog‘ladi, qanotlarga birkitilgan sirtmoqlardan
qo‘llarini o‘tkazib oldi, qanot qoqib, ohistagina havoga ko‘tarildi. Ikar havoda
ulkan qush kabi parvoz qilayotgan otasini hayrat bilan kuzatardi. Dedal erga
qo‘narkan, o‘g‘liga shunday dedi:
– Quloq sol, Ikar, hozir bizlar Kritdan uchib ketamiz. Uchish paytida ehtiyot
bo‘l. To‘lqinlarning sho‘r tomchilari qanotlaringni namiqtirmasligi uchun dengizga
tomon o‘ta pastlashma. Quyoshga tomon ham ko‘p balandlab ketma, uning yolqini
32
mumni eritib yuboradi, patlar bir-biridan ajralib, har yoqqa sochilib ketadi.
Orqamdan uchib kelaver, mendan ortda qolib ketma.
Ota va o‘g‘il qanotlarini qo‘llariga o‘tkazib olishdi va yengilgina parvoz eta
boshlashdi. Ularning yerdan balandda uchayotganini ko‘rganlar lojuvard osmonda
ikki nafar ma’bud kelmoqda deb xayol qilardilar. Dedal o‘g‘li qanday uchayotgan
ekan deya o‘qtin-o‘qtin orqasiga burilib qarab qo‘yardi. Ular Delos, Paros
orollarini ortda qoldirib, uchishda davom etardilar.
Tez uchish Ikarga yoqib qoldi, u sira qo‘rqmasdan qanot qoqadi. Ikar
otasining o‘gitlarini allaqachon unutib yuborgandi. U otasining ortidan uchmasdan,
qanotlarini shiddat bilan silkitib, osmoni falakka, nurafshon quyoshga yaqinlashib
boradi. Uning hamma narsani jizg‘anak qilib yuboradigan nurlari qanotlarni
birlashtirgan mumni eritib yubordi, patlar tushib ketdi, ularni shamol turli
tomonlarga uchirib yuborgandi. Ikar qo‘llarini siltaydi, ammo qanotlar allaqachon
sochilib ketgandi. U bag‘oyat katta balandlikdan yelday tez uchib, dengizga urildi
va uning po‘rtanalarida halok bo‘ldi.
Dedal orqasiga burilib, tevarak-atrofga qaraydi, biroq Ikardan darak yo‘q. U
o‘g‘lini baland ovoz bilai chaqira boshlaydi:
– Ikar! Ikar! Qayerdasan? Javob ber!
Hech qanday javob bo‘lmadi. Dedal dengiz to‘lqinlarida Ikarning
qanotlaridan ajralgan patlarni ko‘rgach, nima yuz berganini fahmlaydi. Dedal o‘z
san’atidan va alalxusus Kritdan osmon orqali ozod bo‘lish yo‘lini o‘ylab qo‘ygan
kundan shunday nafratlandiki!
Ikarning jasadi xiyla vaqtgacha keyinchalik o‘zining nomi bilan atalgan
Ikariy dengizi to‘lqinlari ichra suzib yurdi. Nihoyat, dolg‘alar uni orol qirg‘og‘iga
chiqarib tashlagan edi. Uni u yerda Herakl topib, dafn etgandi.
Dedal esa o‘z parvozini davom ettirib, Sitsiliyaga uchib keladi. U podsho
Kokal saroyida yashaydigan bo‘ldi. Minos san’atkorning qayerda panoh topganini
bilib olgach, katta qo‘shin bilan Sitsiliyaga otlanadi. Minos Kokaldan Dedalni
qaytarib berishni talab qiladi. Lekin Kokalning qizlari Dedaldek rassomdan
mahrum bo‘lishni istashmaydi. Ular shunday hiyla o‘ylab topishdi. Otalarini
33
Minosning talabini qondirishga rozilik berishga va uni saroyda mehmon sifatida
qabul qilishga ko‘ndirishdi. Minos hammomda yuvinayotganda Kokalning qizlari
uning boshiga bir qozon qaynab turgan suvni ag‘daradilar. Minos dahshatli azob-
uqubatga bardosh berolmay o‘ladi.
Dedal Sitsiliyada uzoq yillar yashadi. Juda ko‘p narsalar ixtiro etdi.
Hayotining so‘nggi yillarini vatani – Afinada o‘tkazdi. Dedal u yerda dunyoga
dong‘i
ketgan Afina rassomlari urug‘i – Dedalzodalarning bobokaloni bo‘lib qoldi.
Dostları ilə paylaş: |