63
hamma narsa – o‘rmonlar bilan qoplangan tepaliklar, baland cho‘qqili tog‘lar ham
suv tagida qoldi. Butun Yunoniston dengizning quturgan to‘lqinlari ostida g‘oyib
bo‘ldi. Faqat ikki boshli Parnasning cho‘qqisigina to‘lqinlar o‘rtasidan qad
ko‘targan edi. Ilgari dehqon o‘z dalalariga ishlov
bergan va marjon donasiday
uzum shodalariga kon bo‘lgan tokzorlar o‘rnida baliqlar suzar, suv bilan qoplangan
o‘rmonlarda esa delfinlar to‘dasi yayrardi.
Mis asridagi odamzot shu zaylda halok bo‘lgan edi. Ushbu halokat chog‘ida
ikki nafar kishigina omon qolgandi – biri Prometeyning o‘g‘li Devkalion va xotini
Pirra. Otasining maslahatiga ko‘ra Devkalion ulkan quti yasadi, uni eguliklar bilan
to‘ldirib, ichiga xotini bilan o‘zi kirib oldi. Devkalionning qutisi to‘qqiz kechayu
to‘qqiz kun butun rub’i maskunni qoplagan dengiz to‘lqinlari uzra yelib yurdi.
Nihoyat, to‘lqinlar uni ikki boshli Parnas tog‘i cho‘qqisiga olib chiqishdi. Zevs
yuborgan jala tindi. Devkalion va Pirra qutidan eson-omon chiqib olishdi. Ularni
quturgan to‘lqinlar girdobida omon qoldirgani uchun Zevsga minnatdorlik ramzi
sifatida qurbon keltirishdi. Suv chekinib, tag‘in to‘lqinlar tagidan cho‘lday bo‘m-
bo‘sh bo‘lib qolgan yer ko‘rindi.
O‘shanda purqudrat Zevs xudolar xabarchisi Hermesni Devkalion huzuriga
yubordi. U bo‘shab qolgan
yer uzra shamolday yelib, Devkalion huzurida hoziru
nozir bo‘ldi va unga dedi:
– Ma’budlar va odamlar hukmdori Zevs sening olijanobligingni inobatga
olib, qanday mukofotni tanlashingni amr etdi. Istagingni bayon etsang bas,
Kronning o‘g‘li uni albatta bajo keltiradi.
Devkalion Hermesga shunday javob berdi:
– O,
buyuk Hermes, Zevsdan yagona istagim, toki u yer yuzini tag‘in
odamlar bilan obod etsa.
Ildamqadam Hermes nurafshon Olimpga yetib keldi va Zevsga
Devkalionning iltijosini bayon etdi. Buyuk Zevs Devkalion da Pirraga toshlarni
yig‘ib, ularni orqaga o‘grilmasdan boshdan oshirib tashlashni amr qildi. Devkalion
qudratli yashinchaqnatarning
amrini bajo keltirdi, o‘zi tashlagan toshlardan
erkaklar, xotini Pirra tashlagan toshlardan xotinlar yaraldi. Ana shu zayl Yer