67
ahil bo‘lsangiz, sizni hech kim yengolmaydi; agar janjallasha boshlangiz,
istagan
kishi madh etadi”.
Alqissa, ahillik nechog‘li yengilmas kuch bo‘lsa, kelishmovchilik shunchalar
ojizlikdir.
BOG‘BON BILAN O‘G‘ILLARI
Qazo vaqti yaqinlashgan bog‘bon bolalarining ham mirishkor bog‘bon
bo‘lishlarini xohlardi. Shuni o‘ylab, u o‘g‘illarini to‘pladi va aytdi: “Bolalarim,
toklardan birining tagiga xazina ko‘milgan!”. Bog‘bon o‘lgandan so‘ng, o‘g‘illari
belkuragu ketmon bilan bog‘ni ag‘dar-to‘ntar qilib kavlashdi. Xazinani-ku
topisholmadi, biroq chuqur chopib ag‘darilgan tokzor har yilgidan chandon ortiq
hosil berdi.
Alqissa, har qanday xazinaning kaliti – mehnat.
O‘G‘RI BILAN ONASI
Bolakay maktabda o‘rtog‘ining xat taxtasini o‘g‘irlab,
uyiga keltirgandi,
onasi uni maqtab qo‘ydi. Keyingi safar u birovning to‘pini keltirdi, onasi bu
matohni yanada xushroq qabul qildi. Vaqt o‘tib,
bolakay voyaga yetdi, endi
kattaroq o‘g‘irliklarga qo‘l urdi. Nihoyat, uni o‘g‘irlik ustida ushladilar-da,
qo‘llarini qayirib, qatlgohga sudradilar; onasi ularning ortidan ko‘ksiga mushtlab,
dodlagancha ergashdi. Bir payt yigit dedi: “Onajonim, qulog‘ingga aytarim bor!”.
Onasi kelib, qulog‘ini tutgandi, uni g‘archcha tishlab uzib oldi.
Ona noqobil
farzandni koyib ketdi: “shuncha jinoyating yetmagandek, tuqqan onangga zulm
ham qilasanmi-ya?!”. O‘g‘il dedi: “Ho‘-o‘... o‘sha taxtachani keltirganimdayoq,
meni
jazolaganingda edi, taqdirim tamom boshqa yo‘ldan ketgan, hozir meni
qatlga sudrab borishmayotgan bo‘lardi!”.
Alqissa, agar ayb boshdayoq jazolanmasa, u borgan sari kattarib
ketaveradi.