Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə21/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

SO‘NGAN VULQON
(Eskiz)
Kechasi soat o‘n birlarda Shermatjon aka bizning uyga
telefon qilib, «Bitta osh qildir, no‘xat ham solinsin, men bir
soatga qolmay yetib boraman», dedi. Biz bu kishining odatini
bilganimiz uchun bir oshlik masalliqni hamisha miltiqday
o‘qlab qo‘yar edik. Osh damlandi. Shermat aka keldilar. Tizza
bo‘yi palov stolga qo‘yildi.
Shermat aka oshni odatda poya shimiganday tovush
chiqarib ichiga tortar, iyagini xiyol ko‘tarib uzoq chaynar,
yutganida onasini emayotgan och go‘dakday ko‘zlari suzilar,
uning osh yeyishini ko‘rgan kasal odamning ham ishtahasi
ochilib ketar edi. Biroq Shermat aka bugun osh yeyolmadi.
Buning sababi choy vaqtida ma’lum bo‘ldi: u kishini yana
boshqa ishga jildirishmoqchi ekan.
– O‘zim ham sezib yurgan edim,– dedi Shermat aka bir
xo‘rsinib olganidan keyin,– yerning tagida ilon qimirlasa
bilaman. Mayli, men vatanparvarman, qayerga yuborsa ketave-
raman, lekin hozircha og‘zingdan chiqarma, bosti-bosti bo‘lib
ketsa ham ajab emas.
Shermat aka ikkovimiz o‘ttiz besh yillik qadrdonmiz. Men
o‘ttiz besh yildan beri shu kishining rahbarligida ishlab kela-
yotibman. Bu kishi meni qorovullikdan izvoshchilikka, izvosh-
chilikdan shoferlikka, undan xo‘jalik mudiri vazifasiga ko‘tar-
gan, alhol shu vazifada barqarorman. Bu o‘ttiz besh yil davo-
mida biz yettita idorani ko‘rdik. Bu kishi qaysi bir idoraga
o‘tmasin, uch kunga qolmay meni ham olib ketar edilar.
Shuni aytib o‘tishim kerakki, bu yillar davomida men tobora
pastdan yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lsam (tavba qildim, birovga


136
kulish kerak emas), bu kishi mansab zinasidan pastga yumalab
keta berdilar. Men bunga hammavaqt achinib kelganman, hozir
ham achinaman. Men bu yerda martaba to‘g‘risida gapira-
yotganim yo‘q, katta amalsiz ham bu kishining martabasi ulug‘,
obro‘yi joyida, otini hech kim toq aytmaydi: Shermatjon aka-
chi, Shermatjon aka, Shermat ota-chi, Shermat ota!.. Men
boshqa narsaga achinaman, bu kishi katta ishlarni o‘ynab-kulib
bajarar edilar, past ishlarda qiynalib qoldilar, birinchidan, katta
ishda qo‘li uzun, hammaga har qanday gapi o‘tardi, «sendan
ugina, mendan bugina» degandek, qaysi idora boshlig‘iga nimani
iltimos qilsalar iltimoslari yerda qolmasdi; ikkinchidan, idorada
qanday yaxshi ish bo‘lsa savobi rahbarga, gunohi faqir-fuqaroga
tegardi; uchinchidan, hisobot, ma’ruza, nutq kerak bo‘lsa
yordamchilar hammasini boplab berardi, Shermatjon akaga buni
arab alifbosiga ko‘chirtirish (Shermatjon aka yangi alifboni uncha
bilmaydilar), tegishli joyda o‘qib berish qolardi, xolos; to‘rtin-
chidan, u kishiga gazeta o‘qish kerak emas, yordamchilariga
«gazetada idora va rahbarlikka tegishli nima gap chiqsa o‘qib,
mazmunini menga aytasan», deb qo‘yardilar.
Past ishdagi qiyinchiliklar, g‘iybat bo‘lmasin-ku, Shermat
akani tajangroq qilib qo‘ydi: «Isoning alamini Musodan oladi»,
deganday, idorada bo‘lar-bo‘lmasga shovqin soladigan,
sizlaganni xushlab, senlaganni mushtlaydigan bo‘lib qoldilar;
«nega kekirdakka zo‘r berasiz, tilingizga zindalak chiqqanmi»,
degan bir xodimni ishdan bo‘shatib yuborguncha ona suti
og‘izlariga keldi... Yana g‘iybat bo‘lmasin-ku, Shermat aka
ishga ba’zan, majlislarga esa hech qachon kelmaydilar,
majlislarga kelganda ham biron masalaning muhokamasida
qatnashish, flkr aytish uchun emas, hech kimni pisand
qilmaganliklarini ko‘rsatish, pisanda qilish uchun keladilar
va hamma bilan urishganday qovoqlarini solib, oyoqlarini
chalmashtirganlaricha bir yelkalarini ko‘taribroq shiftning bur-
chagiga yoki derazadan tashqariga qarab o‘tiradilar...
Ertasiga samovarga chiqsam, Shermat aka keksa o‘qituv-
chi – bir oshnalarini burchakka qisib, kuyib-pishib gap
ma’qullab o‘tiribdilar, yonlaridan menga joy berib, so‘zlarida
davom etdilar:
– To‘g‘ri, men hammavaqt hukumatning soldati bo‘lib
kelganman, o‘t kech desa o‘t kechganman, suv kech desa


137
suv kechganman, lekin soldat bo‘lsam ham generalning
xizmatini qilgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Mana, seni olaylik,
sen ham eski faollardansan, nechta ordening bor?
O‘qituvchi jilmaydi.
– Ordenim ko‘p emas, bittasini urushdan oldin, ikkitasini
urushda olganman...
Shermat aka bir lahza tutilib qoldi.
– Men orden tegadigan vaqtlarda ordenga chap berib
medal olgan vaqtlarim ham bo‘lgan, lekin faxriy yorliq, rah-
matnomalarim bor...
O‘qituvchi oppoq soqolini tutamlab yana jilmaydi.
– Men orden olmasimdan burun sakkizinchi, to‘qqizinchi,
o‘ninchi sinflarga dars berar edim, hozir to‘rtinchi sinfdan
nari o‘tolmay qoldim. Oliy ma’lumotli yoshlar ko‘p. Bundan
tashqari, o‘quvchi bolalar ham men orden olgan vaqtdagi bolalar
emas. Rahbarlik ishi ham inchunin, bu san’atni yaxshi egalla-
gan, bilimdon yoshlar chiqqan. Hozirgi xalq ham sen generallik
xizmatini o‘tab orden olgan zamondagi xalq emas. Sen hozir
general bo‘lolmasdan ham generallik izzat-hurmatini ko‘rishing
mumkin. Buning uchun yoshlarning g‘ayratini, qobiliyatini tan
olishing, yoshlarning yelkasiga qoqishing kerak. Orden, medal
vaqtida qilgan xizmatimizni taqdirlab berilgan narsa, orden,
medalni qachongacha qaynatib ichamiz!
O‘qituvchining bu gaplari Shermat akaga qattiq tegdi.
Uning yuzida «dard-hasratimni kelib-kelib senga aytdimmi»,
degan bir ifoda qotib qoldi. O‘qituvchi turib ketganidan keyin
Shermat akaga tegishdim:
– Hozircha bu gapni hech kimga og‘zingdan chiqarma
degan edingiz, o‘zingiz aytibsiz-ku! – dedim.
Shermat aka «hech aqling kirmadi-da», degan ma’noda
menga qiyo qaradi.
– Men tangadakkina qilib aytdim, sen aytsang g‘alvirday
qilib aytar eding!
Bir necha kundan keyin tuman rahbari Shermat akani
suhbatga chaqirdi. Suhbatda nima gaplar bo‘lganini Shermat
aka menga aytmadi, lekin jon-jonidan o‘tib ketgan bir narsani
aytdi: uni «So‘ngan vulqon» deb atashibdi.
Shermat aka ertasiga tush vaqtida yangi idorasiga meni
ham olib bordi. Uning kelishi ma’lum ekan shekilli, xizmat-


138
chilar yo‘lakda saf tortib qarshi olishdi. Kabinetni ko‘rib
Shermat akagina emas, men ham hang-mang bo‘lib qoldim:
yashil movut qoplangan va oyoqlari shertamg‘a eski stol,
besh-oltita har xil kursi, bitta telefon, u ham devorga qoqilgan.
Shermat akaning qovoqlari qizarib, tomog‘i lipilladi, aftidan,
juda ham xo‘rligi kelib ketdi. U o‘zini bosib olganidan keyin
taomilga ko‘ra xizmatchilarni chaqirtirdi va ularga qarab bir
necha so‘z aytdi:
– Men bu kungi kunda sizlar bilan ishlashlik sharafiga
erishib turibman. Bitta rahbarning qo‘lidan hech ish kelmaydi,
qachonki rahbarlikda ishlaydigan odamlar vazifani ortig‘i bilan
bajarmasalar...
Shermat aka ilgarilar bunaqa vaqtda qog‘ozga so‘zlar edi,
hozir so‘z, nazarimda, kabinetga yarasha bo‘ldi. Odamlar
tarqalishdi. Shermat aka uzoq sukut qilganidan keyin boshini
ko‘tarib menga ma’yusgina qaradi.
– Nima bo‘layotibdi o‘zi? So‘ngan vulqon! Vulqon so‘nsa
olov, tutun chiqarmasa ham teshigi qoladi-ku! Yerdagi olov,
tutundan ko‘ra tog‘ning cho‘qqisidagi teshik yaxshi emasmi?..
Xotiningga telefon qil, bitta achchiq osh qilib tursin!
Men uyga telefon qildim. Idoradan chiqib katta yo‘lga
tomon yurdik. Katta yo‘l bo‘yiga kelganimizda Shermat aka
menga, yo‘q, o‘ziga dedi:
– Ko‘kragingni ko‘tarib yur, ko‘rgan odam mashinasi
bor-u oyog‘ini yozgani piyoda yuribdi desin!
Mashinalar keti uzilmay u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab
o‘tayotgan katta ko‘chani kesib o‘tishimiz kerak edi, men
chopib o‘tib oldim. Shermat aka savlat to‘kib bitta-bitta
qadam tashlar edi. Bir shofer do‘ng‘illadi, yana biri chaparasta
qilib so‘kib tashladi. Shermat aka yo‘lkaga chiqib olganidan
keyin chuqur xo‘rsindi.
– Mana, yer tepkanni el tepadi degani shudir-da, endi
shoferlardan ham so‘kish eshitadigan bo‘lib qoldik. Nima
bo‘layotibdi o‘zi!
Sal jadallasak bo‘lar edi, osh lanj bo‘lib qoladi.


139

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə