Alisher Navoiy va Gulxaniy ijodi ta’lim tarbiya masalalari



Yüklə 96,5 Kb.
səhifə4/10
tarix07.03.2022
ölçüsü96,5 Kb.
#84374
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
4 Alisher Navoiy va Gulxaniy ijodi ta’lim tarbiya masalalari

Muhammad sharif gulxaniy

Muhammad Sharif Gulxaniyning hayoti va ijodiy faoliyati xususida nimalarni bilasiz?

Isyonkor kuychi Muhammad Sharif Gulxaniy XVIII asrning oxiri, XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan o`zbek mumtoz shoiri va yozuvchisidir. Uning asl ism-sharifi Muhammad Sharif bo`lib, Gulxaniy esa uning adabiy taxallusidir. Taxminlarga ko`ra Gulxaniy XVIII asrning 70-yillarida hozirgi Xo`jand viloyatining Darvoza qishlog`ida dunyoga keladi.

Bo`lajak yozuvchining bolaligi o`zi olamga kelgan tog` qishlog`ida o`tadi. Bu yerda ozmi-ko`pmi o`qib, savod chiqaradi, adabiyotga bo`lgan havasi ortadi. She`riyatga oid ko`plab asarlarni o`qiydi, xalq og`zaki ijodini berilib o`rganadi va asta-sekin she`riy mashqlari boshlanadi. U o`z ilmini oshirish maqsadida avval Namangan va so`ngra Farg`onaga keladi, qiziqchiligi, hozirjavobligi hamda hajviy she`rlari bilan kishilar o`rtasida tanila boshlaydi. Ayniqsa, g`ariblik turkumidagi ruboiy va to`rtliklari bilan el og`ziga tushadi. Shoir keyinchalik Qo`qonga keladi va qiyinchilik bilan yashaydi. U o`zbekcha she`rlariga Gulxaniy, tojikcha she`rlariga Jur`at deb taxallus qo`yadi. Xullas, u yoshligidan badiiy adabiyot bilan jiddiy shug`ullanib, Qo`qon adabiy muhitida e`tiborli o`rinni egallagan. Gulxaniy forsiy va turkiy tilda mahorat bilan qalam tebratgan zullisonayn shoir edi. O`zbek mumtoz adabiyotida badiiy tasvir uslubiga ko`ra Gulxaniy xalq tilini bilishda, uning so`z boyligidan foydalanishda, nozik ifoda imkoniyatlarini ishga solishda yuksak mahorat sohibidir.

Gulxaniy nazmda ham, nasrda ham yaxshi badiiyat namunalarini yaratib qoldirgan buyuk iste`dod egasidir. Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, shoir “Gulxaniy” va “Jur`at” taxalluslari bilan ijod qilgan. Ba`zi manbalar uning hammomda go`lax-o`t yoquvchi bo`lib ishlaganligi tufayli “Gulxaniy” taxallusini olganligini tasdiqlaydi. “Majmuai shoiron” tazkirasining muallifi Fazliy esa shoirning devonavor fe`li, otashin tabiati “Gulxaniy” taxallusini olishiga asos bo`lgan deb hisoblaydi:

Xusho Gulxaniy shoiri purnafast,

Chi gulxanki, zebotar az gulshan ast.

Zi devonaxo`yiyu otashfani

Taxallus nihoda ba xud Gulxaniy.

Mazmuni: “Gulxaniy gulxandek shu`lavor, san`atkor shoirdir. Gulxan nima bo`libdi, u gulshandan ham go`zalroqdir. U devonavor fe`l, otashin tabiatga ega bo`lganligi uchun ham o`ziga “Gulxaniy” deya taxallus qo`ydi”.

Shoirning “Jur`at” taxallusini ham olganligi esa uning jur`atli, jasur, jo`mard bo`lganligi, masalan, navkarlik faoliyati davrida amirga “bideh” (ber!) radifli g`azal yozganligi asos bo`la oladi.

Gulxaniy bir necha yil Qo`qon xoni Olimxon saroyida navkar bo`lib xizmat qilgan, janglarda qahramonlik ko`rsatgan bo`lsa-da, ammo ochlik, yupunlik, muhtojlik uning hamrohi bo`lib qolaveradi.

Gulxaniyning «ber menga» radifli she`ri uning navkarlik davrida yozilgan asaridir. G`azal och qolgan kishining o`z xo`jayinidan non so`rashi bilan boshlanib, lirik qahramon – navkarning qalb alamlari so`nggi baytlarda izchil ochila boradi.

Bu g`azalga chuqurroq nazar tashlansa, unda faqat yakka, ochlikdan tinkasi qurigan bitta shaxs haqida gapirilmay, balki katta ijtimoiy masala – Olimxonning navkarlari orasidagi ichki hayot sharoiti haqida gapiriladi. G`azalda lirik qahramonning obrazi umumlashma obraz darajasigacha ko`tarilgan, chunki Olimxon navkarlaridan faqat Gulxaniy xon iltifotiga sazovor bo`lolmadi, degan qarorga kelish yanglishdir. Demak, lirik qahramon – navkar o`z boshidan kechirganlarini bayon qilish asosida Olimxonning navkarlarga muruvvatsizligi va qo`shindagi tartibsizlikni fosh qiladi. O`z huquqini yoqlash bilan boshqa navkarlarni ham ana shunday ish ko`rishga da`vat etadi:

Hazratim, ochlikdan o`ldim, egani non ber menga,

Kofir o`lg`ayman agar desamki, bahmon ber menga.

Moshu bug`doyu guruch berkim, shular menga kerak,

Hech aytmasman aqiqu la`lu marjon ber menga.
Egnima yopiq berib, qornimni to`yg`az non bilan,

Senga billohkim demasman: dinu mon ber menga.


Navkaring ochlikdan o`lsin, nega hayfing kelmagay?

Ey tabibi hoziqim, doruyu darmon ber menga.


Nonu to`n ber, benavolik dardidin qutqar meni,

Men qachon aytdimki, qorun ganjidek kon ber menga.


Gulxaniyni er yigitlar to`pidan kamsitmagil,

Fo`ta ber, ot ber, qilich ber, to`nu chakmon ber menga.

Xalq zolim deb atagan Olimxondan keyin Qo`qon taxtiga chiqqan Umarxon hukmronligi davrida ham Gulxaniyning turmushida hech qanday o`zgarish bo`lmadi.

Gulxaniy avval adashib, turmushim yaxshi bo`larmikan, qornim nonga to`yarmikan, degan o`y-umidlar bilan Umarxon saroyidagi maddoh shoirlar guruhiga qo`shiladi. Xonni maqtab qasida va g`azallar yozadi. Qasidalarida Umarxonni ko`klarga ko`tarib maqtadi, xonga unda bo`lmagan yaxshi sifatlarni taqdi, uni fuqaroparvar, adolatparvar, zulm va haqsizlikka xotima beruvchi kishi qilib tasvirladi va bu bilan xonni ana shunday ijobiy xislatlar egasi bo`lishga da`vat etdi. Ammo Umarxon saroyidagi fisqu-fujurlar, munofiqliklar, xon va uni o`rab olgan arkoni davlat tayanchlari tomonidan xalq boshiga keltirilgan qora kunlar Gulxaniydek xassos shoirning saroy ahliga bo`lgan munosabatini o`zgartirib yubordi: endi u ba`zan ixtiyoriy ravishda va ba`zan payravlik qilib shohni ta`riflashdan chekinadigan bo`ldi, o`z e`tirozlarini bildira boshladi.

Gulxaniy adabiy merosini, asosan, ikki turdagi asarlar – forsiy va turkiy tillardagi lirik she`rlari hamda “Zarbulmasal” tashkil etadi. Shoir, “Zarbulmasal” dagi singari, lirik she`rlarida ham o`ta an`anaviylik va kitobiylikdan qochgan, xalqona soddalikka intilgan:

Va`dalar qilib erding: “Shod etay sani g`amdin”,

Ushbu g`amda jon berdim, qani ahdu paymonlar?!

San nechuk paridursan, topmadim so`rog`ingni,

Kezmisham quyon yanglig` vodiyu biyobonlar.

Gulxaniyni qon tortdi – azmi ko`yi yor etti,

Qatl etarga mijgonlar chekti tig`i uryonlar.

Azbaroyi tushunarli va samimiyligidan ushbu g`azalni bugungi muxlislar ham bemalol mutolaa eta oladilar.

Zullisonaynlik bobida shoir shunday mahorat qozonganki, zamonasining zabardast g`azxalnavisi va amir Umarxon Amiriy bilan ham forsiy g`azalchilikda bellasha olgan. Masalan, Amiriy g`azallaridan birida shunday bayt bor.:

Amir kishvari har`am, livoyi adl dar dastam

Ki, miftohi dari fathu zafar boshad dar angushtam.

Mazmuni: “Men shariat mamlakatining amiri ekanman va adolat bayrog`i mening qo`limda ekan, zafar va g`alaba eshigining kaliti mening barmoqlarimda bo`lmog`i tayin”.

Gulxaniyning shu g`azalga javoban yozilgan g`azali uning o`z dunyoqarashi va sarguzashtlari ifodasi bilan yo`g`rilgan. Lekin badiiylik jihatidan Amiriy g`azaliga aslo izoh bermaydi:

Ba izzu davlat sulton Umar nozamki, dar ahdash,

Ba farqam toji iqbol ast chun noxun bar angushtam…

Hunar har chand injo metarovad az har angushtam,

Zi baxti noraso kore nadorad bo zar angushtam.

Ba xushki rondaam kishtiyu umre zindaam, Jur`at,

Nasshud z-in bahri behosil sari mo`ye tar angushtam.

Mazmuni: “Men sulton Umar davlati bilan faxrlanaman, chunki uning zamonasi zayliga binoan, barmog`imdan hunar tomadi, ammo baxtimning norasoligidan barmoqlarimning oltin bilan ishi yo`q. Tiriklik umrim kemasini quruqlikka tomon haydadim, ey Jur`at. Oqibatda, bu hosilsiz ummondan barmog`im boshimning biror tukicha ham bo`lmadi”. Hukmdorning faxriya g`azaliga javoban o`zining ayanchli qismati va afsus–nadomati singdirilgan g`azal bitishi ham uning otashinlik hamda jur`at nishonasi edi.

Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari XVIII-XIX asrlar o`zbek nasrining nodir namunasidir. Mazkur asar xalq ertaklari taxlitida yozilgan mukammal mazmunli o`tkir satirik asardir. Gulxaniy o`zining bu asarida xalqning mazmundor maqollari, hikmatli so`zlari va qochiriq gaplaridan mohirlik bilan foydalandi. U feodal hukmdorlar va ularning laganbardorlarini, saroy ahlining yaramas kirdikorlarini majoz yo`li bilan o`tkir satira ostiga oladi. Chunki u mehnatkash xalqning og`ir, mashaqqatli hayotini o`z ko`zi bilan ko`rdi, saroy bazmlari, keti uzilmas mayparastliklar xalqni talash hisobiga bo`lishini payqad va bunday salbiy ishlar uning ko`zini ochdi. Natijada, unda saroy ahliga nisbatan nafrat hissi tobora oshib bordi. Ammo shoir sharoitga ko`ra, hukmron doiralardan noroziligini va nafratini ochiq-oydin ifodalay olmas edi. Shuning uchun majoziy shakldagi “Zarbulmasal” asarini yozishga kirishdi. Asarda shoirning maqsadi, hayotga, uni o`rab olgan muhitga, hokim tabaqalarga bo`lgan munosabati to`g`ridan-to`g`ri ifoda etilmay, balki hayvonlar, qushlar va shunga o`xshash majoziy obrazlarning tasviri orqali ifodalandi. Shoir shu zaylda o`zi yashagan zamon uchun aniq va xarakterli voqea-hodisalarni, ularga o`zining munosabatini, qarashlarini tasvirlaydi.

Muallif o`z masallarida majoziy obrazlar orqali o`sha davrdagi humron sinf vakillarini fosh qiladi, mamlakatga xarobalik, xalqqa qapshshoqlik keltirgan o`zaro feodal urushlarga qarshi ommaning noroziligini ifodalaydi.

Gulxaniy o`z zamonasida sodir bo`layotgan talon-tarojlik, xalqni qiynash, ortiqcha soliqlar solish kabi voqealarni ochiqdan-ochiq yoza olmas edi. U buni faqat ertak yo`li bilan amalga oshirish mumkin ekanligini tushunadi. Shuning uchun Yapaloqqush va Boyo`g`lining bir-biriga quda bo`lishi voqeasini keltiradi. Bu ikki quda to`y bahonasi bilan mamlakatni xonavayron qiladi. Yozuvchi Ko`rqush, Hudhud, Kulonkir sulton, Sho`ranul, Malik Shohin va Kordonlarning bir-birlariga aytgan masallari, hikoyalari orqali asarning g`oyaviy mazmunini ochadi.

Yapaloqqush va Boyo`g`lilar yuqori tabaqa vakillari. Ularning xatti-harakatlari ochko`z va qonxo`r bo`ri, aldamchi va shayton tulkilarga o`xshaydi. Bularning o`y-fikrlari, yurish-turishlari shumlik, shahar va qishloqlarning vayron bo`lishi uchun bayramdir.

Asarda Yapaloqqush bilan Boyo`g`lining quda-anda bo`lishi, Yapaloqqushning o`g`li Kulonkirga Boyo`g`lining qizi Gunashbonuning olib berilishi sarguzashtlari majoziy, o`tkir hajviya tarzida tasvirlanadi. Gulxaniy qushlarning o`zaro murakkab munosabatlari asosida o`z davri ijtimoiy hayotining tanqidiy manzarasini yaratadi.

Asarning “Zarbulmasal” deya nomlanishiga sabab, unda yozuvchi xalq tilidagi maqol va masallarni tasvirlayotgan hayotiy voqealarga mutanosib ravishda zarblash usulida ish tutgan. “Zarbulmasal” mundarijasiga “Toshbaqa bilan Chayon”, “Tuya bilan bo`taloq”, “Maymun bilan najjor” kabi masal va 400 dan ortiq maqol, talay xalqona iboralar voqealar izchilligiga singdirib yuborilgan. “Zarbulmasal” badiiy asar bo`lishi bilan birga, mumtoz nutqiy xazina hamdir. Undagi «tesha tegmagan» iboralar va mazmundor maqollardan bugungi adabiy tilimizni boyitishda ham foydalanish mumkin.

Umuman, jamiyat tushkun bir jarayonni boshidan kechirganiga qaramay, bu davrda ko`plab yetuk san`atkorlar etishib chiqdi, ulkan ma`naviy meros maydonga keldi. Zotan, so`z san`atkorlari faqat o`zi yashab turgan zamon nafasi bilan emas, balki porloq kelajak orzulari bilan yashab ijod etadi.

Gulxaniy XIX asrning birinchi yarmida vafot etdi.

Zarbulmasal” asari haqida nimalarni bilasiz?

Yuqorida ta`kidlab o`tilganidek, Gulxaniy lirik she`rlari va “Zarbulmasal” nomli etuk prozaik asari bilan tanilgan talantli adibdir. Bizgacha uning o`zbek va tojik tillaridagi 12 g`azali, Qo`qon xoni Amir Umarxonga bag`ishlangan 1 qasidasi va “Zarbulmasal” asari etib kelgan.

1822-yilda Gulxaniy mashhur “Zarbulmasal” asarini yozadi.

Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari majoziy timsollar – Yapaloqqush va Boyo`g`li o`rtasidagi qudachilik mojarolari orqali turli toifadagi, har xil fe`l-atvordagi tabaqalar, kishilar munosabatini, mamlakatdagi vayronagarchilikni tasvirlaydi. “Zarbulmasal”da qushlar o`zaro masal, maqol, matal va hikmatli so`zlarni keltirish orqali mavjud haqiqatni ifodalaydi. Mazkur asar 1980-yilda alohida kitob holida nashr etildi.

“Zarbulmasal” xalq og`zaki ijodi durdonalari-maqol, masal va hikmatli so`zlar asosida yaratilgan. Asarning maroqli syujetini tashkil etgan qoliplovchi hikoya xalq ertaklariga o`xshab ketadi. Undagi Yapaloqqush hikoyasiga bir necha mustaqil syujetli masala qoliplash yo`li bilan bog`lanib keladi.

Gulxaniy Yapaloqqush bilan Boyo`g`lining bir-biriga quda bo`lish voqeasini bayon qilish orqali o`sha zamon uchun xarakterli voqea-hodisalarni va ularga o`z munosabatini aks ettiradi. Yozuvchi asardagi Yapaloqqush, Boyo`g`li, Ko`rqkush, Hudhud, Kulonkir sulton, Sho`ranul va Kordonlarning bir-biriga aytgan masalalari, maqollari, hikoyalari orqali asarning g`oyaviy mazmunini ochadi.

“Zarbulmasal” ning personajlari, asosan, qushlarning kinoyaviy-allegorik obrazlaridan iboratdir.

O`z davr voqealarini majoziy usulda badiiy ioda etgan axloqiy-pandnoma va tanqidiy-hajviy yo`nalishdagi “Zarbulmasal” asari Gulxaniyga favqulodda shuhrat keltirdi. Unda ijtimoiy hayot muammolari, turli toifadagi odamlar o`rtasidagi munosabatlar, xalq turmush tarzi va udumlari haqida majoziy uslubda so`z yuritiladi. Insonga xos xususiyatlar boshqa jonli va jonsiz narsalarga ko`chirib tasvirlansa, majoziy asar deyiladi. Gulxaniy ham, qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit qabilida qushlar misolida o`z davri voqeligi manzaralarini tasvirlaydi. Toju taxt talashlari, mamlakat urushlar natijasida yurt vayron, xalq xarob bo`lgan. Buxoro va Qo`qon xonliklari o`rtasidagi munosabat yomon bo`lib, ular o`zaro urishib yurganlari uchun ham asarda Buxoro go`yoki vayronalarga boy muzofot singari tasvirlansa-da, Qo`qon ham undan obod emas edi. Adib aytmoqchi, xonning atrofini Boyo`g`li, Yapaloqqush, Ko`rqush, Kordon, Kulonkir sulton kabi yomon odamlar o`rab olgan. “Holo, bu turg`onlaring navola do`stlari, piyola hariflari, taom emakka hozir, maslahatga aqli qosir”. Bu ketishda mamlakat vayronaga, shoh uning ustidagi Boyo`g`liga aylanib qolishi hech gap emas. Gulxaniyning yirtqich va asosan, tunda ov qiladigan qushlarni o`z asariga qahramon qilib olishida nozik ishora mavjud. Shuning uchun Ko`rqush tilidan nasihat qiladi: “Ulug`ni borgohinda xiradmandi donish va aqli xiradi bohush har qancha ko`b bo`lsa ham, oz bo`lur. Xususan, podshohi odilg`a uch toifadin guzir yo`qdur: avval, odamni boamalki, podshohning oxiratlik asbobini tarabdudida bo`lsa. Ikkinchi vaziri sohibi ra`ykim, podshohning dunyolik yarog`ini tarabdudida bo`lsa. Uchinchi, munshiyi rostnavis, qalamzanu nigohdoru shamshirzan bo`lsa”.

“Zarbulmasal” arabcha “zarb” va “masal” so`zlarining qo`shilishidan hosil bo`lgan bo`lib, «masallar yig`indisi» ma`nosini beradi. Masal so`zi o`tmishda biz hozir qo`llaydigan maqol ma`nosida ishlatilgan. Zarbulmasal so`zga maqol qo`shib gapirish, o`xshashi va dalilini keltirish ma`nolarini ham anglatadi. Zarbulmasal bo`lish – el og`ziga tushish, afsona bo`lish, mashhur bo`lish ma`nolarida ham keladi. Ma`lum bo`ladiki, Gulxaniy o`z davri va zamondoshlarini asarda zarbulmasal qilgan.

Asar qahramonlari o`z nutqlarida vaziyatga mos ko`plab maqollarni keltiradilar, to`g`rirog`i, maqollar yordamida gapiradilar. Shu bilan birga, ular bir-birlariga turli masala va hikoyatlarni aytib beradilar.

“Zarbulmasal” da 400 ga yaqin maqol, matal, naql va 15 dan ortiq katta-kichik masal va hikoyat mavjud. Bu muallifning xalq hayoti, turmush tarzi, an`ana va marosimlari, og`zaki va yozma adabiyotni chuqur bilganligidan dalolat beradi. U mashhur hind eposi “Kalila va Dimna”, Abdurahmon Jomiyning “Silsilat uz-zahab” asarlari, shuningdek, Sa`diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, So`fi Olloyor kabi ulug` so`z ustalari hikmatlaridan ham mahorat bilan foydalangan. Bularning barchasi asarning ta`sirchanligi va o`qimishliligini oshirgan.

Zarbulmasal” ning g`oyaviy mazmuni va obrazlari xususida nimalarni bilasiz?

“Zarbulmasal” majoziy asar bo`lishiga qaramay, unda XIX asr muhiti voqealari tasvirlanadi. Yozuvchi bu asarida o`zaro o`sha davrda bo`lib o`tayotgan urushlarning dahshatli oqibatlarini ochib tashlaydi. Asarda bu kabi urushlarning el-yurtga keltirgan qashshoqlik va xarobaliklari xarakterli tafsilot va imo-ishoralarda yorqin aks ettirilgan.

Yapaloqqush o`zaro to`qnashuvlarda boyligi qo`ldan ketgan, qo`rg`oni buzilgan, Gulxaniy aytganidek, «oti ulug`, suprasi quruq» boylarning kinoyaviy obrazidir. Buni biz dastlab uning xatti-harakatlarida va atrofdagilar bilan munosabatida kuzatamiz, chunonchi, u o`g`liga Kulonkir sulton deb balandparvoz nom qo`yadi. Yoki Boyo`g`liga quda bo`lmoqchi bo`ladi, o`zini katta tutib “Har qanchalik qalin bo`lsa topilur”, deb maqtanadi. Yapaloqqushning tushkunlikka uchragan “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” boylarning kinoyaviy obrazi ekanligi, atrofdagilar, jumladan, unga qarshi qo`yilgan Ko`rqush bilan muomalasida ham yaqqol ko`rinadi: Ko`rqush sovchilikka ketayotganida Yapaloqning maqtanchoqliga qarshi “Bor maqtansa – topilur, yo`q maqtansa – chopilur”, “Chumchuq semirsa botmon bo`lurmi?” kabi maqollarni keltiradi.

Yapaloqqush “…bolamning asbobi kulonkirligi minqori bilan changalidan ma`lum va ravshan emasdurmu?” degan so`zlar bilan o`ziga o`xshash boylarning zo`ravonligiga ishora qiladi. Lekin bu o`rinda ham Ko`rqush Yapaloqning quruqligini fosh etib, “Chuchvarani xom sanabsan”, “Halvo degan birla og`iz chuchimas”, “Oti ulug`-suprasi quruq”, “Uyida chaksa uni yo`q, tom boshida qo`sh tandir”, “Sichqon sig`mas iniga, g`alvir bog`lar dumiga” degan iboralar senga mos keladi, deydi.

Shunday qilib, Yapaloqqush misolida o`sha davrdagi boylarning shuhratparastligi, ochko`zligi, maqtanchoqligi ochib tashlanadi.

“Zarbulmasal” xalq orasida “Yapaloqqush hikoyasi” nomi bilan mashhur bo`lib, qissaxonlik kechalarida uni eshitgan shinavandalar asarning chuqur hayotiy mazmuniga qoyil qolishgan. Uning qisqacha mazmuni quyidagicha:

Farg`ona iqlimida Qayqubod degan podshohdan qolgan bir vayrona bor edi. Unda yashovchi Boyo`g`lining Gunashbonu ismli qizi bo`ladi. Shu atrofda manzil tutgan Yapaloqqush uni o`g`li Kulonkir sultonga olib bermoqchi bo`lib, Ko`rqushni sovchilikka yuboradi. Ko`rqush yo`lda Hudhudga duch kelib, o`zaro munozara qiladi. Keyin Kulonkir sulton bilan gaplashib oladi. Boyo`g`linikiga kelsa, u qarindoshlari bilan kengashib, so`ng javob bermoqchi bo`ladi. Buni yaxshilikka yo`ygan Yapaloqqush do`sti Sho`ranul degan qarg`a orqali qushlar shohi Malikshohindan suyunchi oladi. Malikshohin o`zining pahlavoni bo`lmish Kulonkir sultonning to`yini podshohlik hisobidan o`tkazib bermoqchi bo`lib, o`z xazinachisi Kordonni to`y xarajatlarini aniqlash uchun Boyo`g`linikiga jo`natadi. Boyo`g`li qizining qaliniga mingta vayrona so`raydi. Kordon Umarxon davrida mamlakat obod bo`lib, vayronalar kamaygani, shuning uchun uning sonini 600 taga tushirishni so`raydi. Boyo`g`li ko`nmagach, ortiga qaytib ketadi. Uni eshitgan Ko`rqush oting Kordon – ishbilarmon bo`lsa-da, aslida qo`lingdan hech ish kelmas ekan deb, o`zi Boyo`g`lining yoniga kelib, Qo`qondan topilmasa ham, mingta vayronani Buxoro muzofotidan topib berishga va`da beradi. Shundan keyin dabdabali to`y qilib, kelin-kuyov murod-maqsadlariga etadilar.

Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, mazkur to`y bo`lishidan oldin Ko`rqush sovchilikka borgan edi. U sovchilikka keta turib yo`lda Hudhud (popishak) ga duch keladi. Ko`rqushning Boyo`g`lining qiziga sovchilikka boryotganini fahmlagan Hudhud unga: “…qo`lidan kelmas ishga uringan… maymunga o`xshab rasvo bo`lma”, - deydi. Shu o`rinda Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalini voqeaga bog`lab keltiradi.

“Hunar-zar” deb, Najjorning ishini davom ettirmoqchi bo`lgan Maymunning dumi yog`ochning orasiga qisilib qoladi, qutulmoqning ilojini topolmay sharmanda bo`ladi:

Ketdi hunar shavqi bila g`ussasi,

Tushdi yag`och ayrisig`a dumchasi.


Bal keynidin bo`ldi tutulmoqlig`i,

Mumkin emas o`ldi qutulmoqlig`i.

Odami jinsida yo`q qissasi,

Qoldi aning dumchasining hissasi.

Gulxaniy kishilarni bilim va hunar o`rganishga, o`z kasbini to`liq egallashga chaqiradi:

Aydi: «Ulus ichra bu bir kasbdur,

Kasbni boshina kiysang nasbdur».

Bu fikr qissadan hissa tariqasida uqtiriladi.

Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalida hunar va hunar ahlini ulug`laydi, qo`lingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi bo`lma, ko`r-ko`rona birovga taqlid qilib falokatga yo`liqma, degan fikrni maymunning qismati orqali ko`rsatadi.

Najjor juda aqlli va mohir hunarmand sifatida tasvirlanadi. U ijtimoiy-foydali mehnat bilan shug`ullanishni har narsadan yuqori qo`yadi. Gulxaniy Najjor va uning mehnatini, duradgorlik mahoratini tasvirlar ekan, hattoki, Maymun ham mehnatga muhabbat bilan qaraydi, hunarga va hunar egasiga uning havasi keladi, degan fikrni olg`a suradi.

O`z navbatida, Ko`rqush ham Yapaloqqush uni majbur qilib sovchilikka yuborayotganini ta`kidlamoqchi bo`lib, “Sen tevaning bo`tasi onasi birla munozara qilganidan bexabarga o`xsharsan”, deydi va “Tuya bilan Bo`taloq” masalini hikoya qiladi.

Bunda sorbon tuyani cho`ktirganda bo`talog`i onasiga yetib olib, uning ilgarilab ketganidan ranjib:


Bo`zlanib aydi: - Ayo berahm onam,

Kuydi-yu, yondi-yu tutoshti tanam.


Asta-asta yursang, bo`lg`ay na g`am,

Siyna sutidin emayin dam-badam,

deydi.

Holbuki, ona tuya bo`talog`ining oh-zoriga qaramay, tuyakash- sorbonning qistovi bilan tez yurishga majbur edi. Tuya bo`talog`iga:



- Ko`rki, burunduq kishining qo`lida,

Bu kishining ko`zlari o`z yo`lida.

Menda agar zarra kabi ixtiyor

Bo`lsa edi, bo`lmas edim zeri bor,

deb ixtiyori o`zida emasligini tushuntiradi.

Tuyaning majoziy obrazi misolida muallif erku ixtiyoridan mahrum etilgan kishilarning alamli qismatini aks ettirgan.

Mehnatkash xalqning og`ir hayoti va mehnati, huquqsizlikgi va nochorligi, bir so`z bilan aytganda ayanchli qismati “Tuya bilan Bo`taloq” da o`ziga xos badiiy tasvirga ega.

Gulxaniyning tasvirlashicha Tuya hayotda ezilgan, tutqun, erksiz, og`ir mehnat bandasi hamda qul qismatiga mahkum etilgan mehnatkashlarning majoziy obrazidir. Bo`taloq esa, ona sutiga ham to`yolmay, og`ir, mashaqqatli hayot kechirgan, och-yalang`ochlikda, muhtojlikda yashagan erksiz mehnatkash bolalarning timsolidir.

Shunday qilib, Yapaloqqushning Boyo`g`liga quda bo`lish mojarosi qoliplovchi hikoya bo`lib, Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” hamda “Tuya bilan Bo`taloq” kabi mustaqil syujetli masallarni asosiy (qoliplovchi) voqeaga ustalik bilan bog`lab keltiradi. Shu tarzda, ertaklarda bo`lganidek, hikoya ichida hikoyalarning san`atkorona kompozitsiyasi qoliplash san`ati deyiladi. Bu esa muallifning mahoratidan dalolat beradi. Buni biz syujetning yanada rivojlantirilishi misolida ham ko`ramiz: “Alqissa, Ko`rqush yiqila-surila Kulonkir sulton dargohiga ravona” bo`ldi.


Yüklə 96,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə