Amir temur va temuriylar davri tarixshunosligi. Reja: Tarixshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Tarixshunoslik tadqiqotlarining tahlil usullari



Yüklə 255,5 Kb.
səhifə6/6
tarix28.11.2023
ölçüsü255,5 Kb.
#134757
1   2   3   4   5   6
ma\'ruza matni №1.

Beshinchi bobida Chingizxonning to’ng’ich o’g’li Jo’jixon naslidan bo’lgan 33 xon zamonida Dashti Qipchoq (hozirgi Qozog’iston, G’arbiy Sibir va Volgabo’yi yerlari)ning tarixi bayon qilinadi.
Mazkur bobda keltirilgan “o’zbek” etnonimining kelib chiqishiga oid muhim ma’lumotlar alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, o’zbek xalqining kelib chiqish masalasi hanuzgacha ilmiy jihatdan to’la hal qilinmagan bir muammo bo’lib turibdi. Ilm-fanda ushbu masalaga har xil yondashuv va qarashlar mavjud. Masalan, N. A. Aristov, A. Yu. Yakubovskiy va boshqa chet ellik olimlarning fikricha, “o’zbek” etnonimi Oltin o’rda xoni O’zbekxonning nomi bilan bog’liq bo’lsa, V. V. Grigorev va A. A. Semyonovlar esa Dashti Qipchoqning sharqiy qismida istiqomat qilgan turk-mo’g’ul qavmlarini o’zbeklar, deb ataydilar. G. Vamberi, G. Xovors va Pellolarning fikricha, Dashti Qipchoqda ko’chib yurgan turk-mo’g’ul qabilalari o’zlarini erkin tutganliklari tufayli o’zbeklar, ya’ni o’z-o’ziga beklar, deb atalgan bo’lishlari mumkin.
Asarning oltinchi bobida Eron bilan Ozarboyjon ustidan qariyb bir asr mobaynida (1256–1353) hukmronlik qilgan elxoniylar davlati, ularning ichki ahvoli va tashqi siyosatiga oid bir talay qimmatli ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, elxoniylar davlatining Misr, Shom, Suriya, Oltin O’rda hamda Chig’atoy ulusi bilan bo’lgan siyosiy munosabati haqida ham e’tiborga molik ma’lumotlar uchraydi.
Asarning eng muhim qismi uning yettinchi bobidir. Unda Chig’atoy ulusining Chingizxon zamonidan (1227- y.) to Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi (1370- y.) gacha bo’lgan tarixi hikoya qilinadi.
Ma’lumki, Chig’atoy ulusining qariyb 150 yillik (1227–1370) tarixi o’rganilmagan. Buning asosiy sababi, muammoga oid yozma manbalarning yetarli emasligidir. To’g’ri, Chig’atoy ulusida hukmronlik qilgan xonlar haqida juda qisqa ma’lumotlar Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” va Mahmud ibn Valining “Bahr ul-asror” asarlarida ham keltirilgan. Lekin, “Tarix-i arba’ ulus” ularga nisbatan bir qadar to’laroq. Unda ulusda hukmronlik qilgan Chig’atoy va O’qtoy xoqon naslidan (Ali sulton, Donishmandchaxon, Suyurg’atmishxon va Sulton Mahmudxon) bo’lgan 33 nafar xonning tarixi qisqa tarzda bayon etilgan.
Chingizxon vafoti (1227- y.)dan oldin o’z tasarrufidagi mamlakatlarni o’g’illariga taqsimlaganda, ikkinchi o’g’li Chig’atoyga Sharqiy Turkiston, yettisuv va Movarounnahrni Xorazmning bir qismini in’om qilgani, hozirgi Afg’oniston va Shimoliy Hindiston yerlari esa Chig’atoylar tasarrufiga keyinchalik o’tganligi haqida aytiladi. “To’rt ulus tarixi”da keltirilishicha, Afg’oniston va Shimoliy Hindiston hududlari ham Chingizxonning hayotligidayoq Chig’atoyga berilgan. Bu haqda asarda quyidagilarni o’qishimiz mumkin: “Chingizxon Turonzamin mamlakati hokimligini Koshg’ar sarhadlaridan uyg’urlar yeri chegarasigacha; Jayhun daryosi adog’igacha yastangan yerlar: Eron bilan Turon oralig’idagi Balx, Badaxshon, Qobul, G’aznin, Sind daryosigacha bo’lgan yerlarning ko’p qismini shu suyukli farzandi Chig’atoyxonga berdi”.
Asardagi Chig’atoy qo’shinining tuzilishi, ayniqsa, harbiy bo’linmalar nomi haqidagi ma’lumotlar o’ta muhimdir. Masalan, qo’shinning qorovul qismi o’sha vaqtlarda bulung’or, irovul (ilg’or qism orqasidan boruvchi bo’linma) - burung’or, maymana (o’ng qanot) - avang’or, soqa (ar’ergard) - o’kchung’or deb atalgan.
Asarning to’liq nusxasi hali topilmagan. Bugungi kunda uning qisqartirilgan to’rtta nusxasi saqlangan bo’lib, uning ikkitasi Angliyada, bir nusxasi Hindistonning Bankipur shahri kutubxonasida, to’rtinchi nusxasi esa AQShning Garvard universitetida saqlanadi. Asarning mazkur o’zbekcha nashri asarning Britaniya muzeyi (Angliya)da saqlanayotgan ADD 26190 raqamlik qo’lyozmasi asosida 1994- yilda B. Ahmedov, N. Norqulov va M. Hasaniylar tomonidan amalga oshirilgan. Mazkur ish asarga qiziquvchilar safini kengaytiradi, deb hisoblash mumkin. Ushbu asarning tarjimasi, shubhasiz, uni o’zbek tilida o’qiy olish imkonini beradi.
Shunday qilib, fan va madaniyat tarixida o’chmas iz qoldirgan buyuk mutafakkir Mirzo Ulug’bek tarix fani sohasida ham samarali faoliyat olib borgan. Buning natijasini “To’rt ulus tarixi”da ko’rish mumkin. Ko’p bora tanqidlarga uchragan ushbu asar o’zining ilmiy ahamiyati va o’quvchisini yo’qotmagan, undagi ma’lumotlar o’z ahamiyatini saqlab qolgan. “To’rt ulus tarixi” Markaziy Osiyoning XIII–XIV asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’rganishda muhim o’rin egallashi shubhasizdir.
Mo’g’ullar bosqinining Markaziy Osiyo xalqlariga cheksiz kulfat va fojea keltirganligi Shihobiddin an-Nasaviyning “Sulton Jaloliddin Manguberdi” asarida ham to’liq yoritilgan.
Bizga ma’lumki, mustaqillik yillarida O’zbekiston tarixining ko’pgina jabhalarida ulkan o’zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, uzoq asrlar davomida o’zbek xalqining qalbida saqlanib kelgan milliy qahramonlarining nomi tiklandi va chuqur tadqiq qilina boshlandi. Shunday qahramonlardan biri “XIII asr vabosi” deb nom olgan mo’g’ullarga qarshi 14 marta duch kelib, 13 martasida g’olib kelgan, ko’plab jasoratlar ko’rsatgan, keyinchalik dunyoning katta qismida ulkan davlatga asos solgan o’zbek xalqining faxri – Jaloliddin Manguberdidir. Jaloliddin Manguberdining jo’shqin, mazmunli hayoti va faoliyatida intilishga loyiq namuna, ayni paytda hech qachon o’z dolzarbligini yo’qotmaydigan ulkan saboq bor. Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyati haqida ko’plab asarlar yaratilgan. U haqdagi XIII asrdan to hozirgacha yaratilgan asarlar soni salkam 500 jildga yaqin kitobni tashkil etadi.
Shularning orasida eng ishonchli, asosiy tarixiy manba Shihobiddin Muhammad an-Nasafiyning “Sirat as-sulton Jaloliddin Mankburni” (“Sulton Jaloliddin Manguberdi hayotining tafsiloti”) asaridir. Ushbu manbani o’rganish buyuk sarkardaning hayoti haqida aniqroq va chuqurroq tushuncha olishga imkon berib, ozodlik va erk uchun kurash azaldan xalqimizning qon-qoniga singib ketgan tushuncha ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilish, bugungi yoshlarning vatanga bo’lgan muhabbatlarini yanada oshirish, ular buyuk ajdodlarning avlodi ekanligini tarixiy manba asosida bayon qilish imkonini beradi.
Shihobiddin Muhammad an-Nasaviyning “Sulton Jaloliddin Manguberdi hayotining tafsiloti” asari arab tilida yozilgan. Asarning ikkita to’liq bo’lmagan qo’lyozmasi bugungi kungacha yetib kelgan. Ulardan biri 1260- yilda yozilgan qo’lyozmasi Parij Milliy kutubxonasida, ikkinchisi Britaniya muzeyida saqlanadi. Mazkur asar haqida g’arb tarixiga ilk ma’lumotni XIX asr o’rtalarida K. Douson olib kiradi. Uning 1852- yilda Amsterdamda nashr etilgan “Mo’g’ullarning Chingizxondan Amir Temurgacha bo’lgan tarixi” deb nomlangan asarida bu haqda mufassal ma’lumot berilgan. Keyinchalik sharqshunos olim Oktav Udas asarni fransuz tiliga tarjima qiladi va nashr ettiradi. Ushbu asarning jahon tarixidagi o’rni haqida bir qancha maqolalar yozadi.
Shundan keyin g’arb tarixida A. Myuller, J. Boyl, V. Fishsl, V. Allen, X. Xorst, Kl. Kaen, G. Gotshalk va B. Shpuler kabi olimlarning Jaloliddin to’g’risidagi ilmiy tadqiqotlari paydo bo’ladi. Ular Nasaviy asari bilan birgalikda Jaloliddin Manguberdining tarixdagi o’rniga ham munosib baho beradilar.
O. Udas tarjimasi asosida Nasaviyning ushbu asarini 1914–1916 yillarda Yu. Ziyo va A. Tavhid turk tiliga o’girib, nashr qiladilar. 1934- yilda mazkur asar Najib Asim tarjimasida yana bir bor turk tilida nashr qildiriladi. Bunda avvalgi tarjimada yo’l qo’yilgan kamchiliklar to’ldiriladi va asar mukammallashtiriladi. Keyinchalik O. Udas tarjimasidagi asar Qohirada nashr etiladi. 1945- yilda ushbu asar Muhammad Ali Nasix tomonidan fors tiliga ham o’giriladi. 1953- yilda Hofiz Ahmad Hamdiy uni O. Udas tarjimasi asosida arab tiliga tarjima qilib, chop etadi. Keyinchalik Nasaviyning ushbu asari boshqa tillarga ham tarjima qilindi.
“Sirat” rus tiliga 1850- yildan 1900- yilgacha qisqartirilgan holda bir necha bor tarjima etilgan. Uning Rossiyada o’rganilishida Peterburg universitetining professori, shayx Muhammad Tantaviyning xizmatlari kattadir. Avvalo, shayx Tantaviy Parij Milliy kutubxonasidagi Nasaviy asari qo’lyozmasini qaytadan ko’chirib oladi. Uning yo’qolgan sahifalari va o’chib ketgan joylaridagi so’zlarni asar ruhidan kelib chiqqan holda to’ldiradi. Ba’zi joylariga aniqlik kiritadi. Shu tariqa, an-Nasaviy asarining shayx Tantaviy tayyorlagan nusxasi O. Udas nashr ettirgan nusxasidan ko’ra to’laroq va mukammalroq chiqadi.
Ushbu asar ustidagi ishni keyinchalik ozarboyjonlik tarixchi, sharqshunos olim Ziyo Bunyodov davom ettiradi. U an-Nasaviy asarining arab, fransuz va fors tillaridagi hamda shayx Tantaviyning nusxalari asosida uning tanqidiy matnini tayyorladi. Ammo, bu ish 1960- yillardan beri nashr qilinmasdan qolib kelmoqda. Ayni paytda, olim asarning to’liq nusxasini tanqidiy matn asosida rus tiliga tarjima qilib, 1973- yilda Bokuda nashr ettirgan. Afsuski, an-Nasaviyning Jaloliddin Manguberdi haqidagi eng ishonchli manba bo’lgan ushbu asari ham, uni tadqiq qilish asosida xorijlik qadimshunoslar tomonidan yaratilgan boshqa o’nlab asar va maqolalar ham o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.
Jaloliddin Manguberdi haqida yozilgan asarlardan yana biri Nuriddin Zaydariyning fors tilidagi “Nafsat al-masdur fi fugur zaman as-sudur va zaman as-sudur al-futur” yilnomasidir. Nuriddin Zaydariy ham Jaloliddinning munshiysi, ya’ni kotibi bo’lgan. Tarixchilarning ma’lum qismi Zaydariyning ushbu asarini an-Nasaviyning “Sirat”idan tarjima deb baholasalar, ba’zilari esa alohida mustaqil asar, deb qaraydilar. Ziyo Bunyodov ikkala asar – “Sirat” va “Nafsat al-masdur”ni ham o’rganib, bir shaxs, bir voqea-hodisalar, bir tarix haqidagi ikki asar deb yozadi. Qanday bo’lmasin, ushbu asarning mavjudligi va unda Jaloliddin Manguberdi haqida ma’lumotlarning berilganligi tarixni o’rganish uchun muhim katta ahamiyatga ega.
Jaloliddin Xorazmshoh hayoti va faoliyati to’g’risida ma’lumotlar beruvchi manbalardan biri Izziddin ibn al-Asirning o’n ikki jilddan iborat “al-Komil fit-tarix” (“Mukammal tarix”) asaridir. Jahon tarixiga oid voqealar xronologik tarzda qayd etilgan bu asarda Xorazmshohlar davlati faoliyatiga alohida o’rin berilgan. Asar muallifi kitobida keltirgan voqealarni ko’rmagan, shohidi bo’lmagan bo’lsa ham, eshitganlari asosida yaratgan. Shihobiddin an-Nasaviy Ibn al-Asirning ushbu kitobiga yuqori baho berib, bunday deb yozadi: “U asarida ba’zi o’rinlarda haqiqatdan bir oz chekingan bo’lsa-da, eng muhim va asosiy voqealardan birortasini e’tibordan chetda qoldirmagan”. Shuningdek, Nasaviy uning bu kitobidan ta’sirlangani va o’z asarini yaratishda undan foydalanganini ham eslatadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Ibn al-Asirning ushbu asari Nasaviy asaridan o’n yillar ilgari yozib tugallangan. O’tmish tariximiz to’g’risida boy manbalarga ega bo’lgan, jahonning ko’plab tillariga o’girilgan ushbu asar ham o’zbekchaga tarjima qilinmagan.
Shuningdek, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”, Rashididdinning “Jami at-tavorix” va Juzjoniyning “Tabaqati Nosiriy” asarlarida ham Jaloliddin Manguberdi xususida ma’lumotlar berilgan. Mo’g’ul xonlari xizmatida bo’lgan ushbu tarixchilar sulton hayoti va faoliyatini rahnamolari talabi bilan bir yoqlama yoritishga majbur bo’lgan. Shunga qaramay, ular ham sultonning mardliklari, qahramonliklaridan ko’z yumolmaydilar – u haqdagi tarixiy haqiqatni e’tirof etadilar. Bunday e’tiroflar mo’g’ullar tarixi – “Muqaddas bitiklar” va Chingiz xizmatida bo’lgan xitoylik tarixchilar yetyuy Chu-Say va Sun Szi-Chjen asarlarida ham uchraydi. Ularda Xorazmshohlarning davlati, qo’shinlari va aholining hayoti haqidagi ma’lumotlar keltiriladi, shuningdek, Jaloliddinning qahramonliklari va kurash yo’llari to’g’risida so’z boradi.
Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy hayoti masalasida XIX asrning 80-yillaridan buyon qator tadqiqotchilar tomonidan turli xil fikrlar bildirilgan. Qoraqalpoq xalqining XVI–XIX asrlardagi tarixini bayon etar ekanmiz, XVI asrning ikkinchi yarmida No’g’ay xonligi uch qismga: “Olti ul” o’rdasi, Kichik o’rda va Katta o’rdaga bo’linib ketadi. XVI asrning boshlarida no’g’aylar Volga va Yoyiq daryolari bo’ylariga bostirib kelgan jung’orlar (qalmoqlar) tomonidan tor-mor etiladi. Yaylovlaridan ajralgan no’g’aylar g’arbga, ya’ni Qrim tomonga ko’chib ketishga majbur bo’ladi. No’g’aylarning “Olti ul” ulusi tarkibiga kiruvchi qoraqalpoqlar esa Orol va Sirdaryo bo’ylariga kelib o’rnashadilar. Bu davrda qoraqalpoqlar goh Buxoro, goh Qozoq xonliklariga tobe bo’lgan.
XVI asr boshlariga kelib Sirdaryo bo’ylarida yashovchi qoraqalpoqlar birlashishga harakat qilgan. Ularning birlashish jarayonida Sig’noq singari qadimiy qo’rg’on shaharlar tayanch bo’lib, ularning birlashuvida Kuchukxon, Tabirchak va G’oyib sultonlar muhim rol o’ynagan. Buning natijasida 1714- yilda Sirdaryobo’yi qoraqalpoqlari yetakchilari Eshmuhammad (Eshimxon) boshchiligida o’z davlati – Qoraqalpoq xonligiga asos solgan. Ushbu davlat Sirdaryoning quyi oqimi, Volga bo’ylari jung’orlari, Boshqird ulusi va Kichik juz qozoq xonliklari bilan chegaradosh edi. Jung’orlar davlati kuchayib, g’arbga qarab yurish qiladi. 1723- yilda Jung’or qalmoqlari Sirdaryoning o’rta qismini egallagach, qoraqalpoqlar ko’chishga majbur bo’ladi. Ularning bir guruhi Sirdaryoning quyi oqimi va Orol tomonga, ikkinchi bo’lagi Sirdaryo bo’ylab yuqoriga, ya’ni Toshkent atrofiga siljishga majbur bo’ladi. Shu tariqa, qoraqalpoqlar shartli ravishda “yuqori qoraqalpoqlar” va “quyi qoraqalpoqlar”ga bo’linib ketadi. Quyi qoraqalpoqlar Sirdaryo bilan Amudaryo o’rtasidagi bo’sh yotgan yerlarni o’zlashtirib, Quvondaryodan suv haydab kelib, dehqonchilik bilan shug’ullanadi. Qoraqalpoqlar Orolbo’yi o’zbeklari (qo’ng’irotlar) bilan yaqinlasha boshlaydi.
Xondamirning “Ma’osir ul-muluk” (“Hamasr podshohlarining tarixi”), “Dastur al-vuzaro”, “Habib us-siyar” asarlarida ham mo’g’ullar bosqini, ushbu davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot keng yoritilgan.
“Ma’osir ul-muluk” (“Hamasr podshohlarining tarixi”). Tarixchi olim Xondamir o’zining 63 yillik umri davomida taxminan o’n uchta asar yozgan bo’lib, ulardan bizgacha sakkiztasi yetib kelgan. U “Ma’osir ul-muluk” asarini Alisher Navoiyning iltimosiga ko’ra va unga minnatdorchilik tariqasida 904- (1498–1499) yilda yozgan. Ushbu asar podshoh hamda qadimgi donishmandlarning xayrli ishlari haqida aytilgan hikmatlarini o’z ichiga oladi. U, jumladan, Qayumarsdan Anushiravongacha, Odam Atodan Buzurgmehrgacha bo’lgan hamda Muhammad Payg’ambar va imomlar haqida bitilgan naqllardan iborat. So’ngra muallif ummaviylar, abbosiylar, somoniylar, g’aznaviylar va boshqa sulolalarga tegishli hukmdorlar tarixi va shular qatorida Qurd podshohlari hamda turk xoqonlari tarixini yoritgan. Asarning oxirgi qismida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyga zamondosh bo’lgan hukmdorlar, olimlar va donishmandlar haqida ma’lumotlar aks etgan.
“Dastur al-vuzaro” (“Vazirlar uchun qo’llanma”) Alisher Navoiyning iltimosiga muvofiq, 906- (1500–1501) yilda yozilgan, Husayn Boyqaro va uning vaziri Amir Kamoliddin Mahmudga bag’ishlangan asar. Oradan to’qqiz yil o’tgach, qayta ishlangan va kengaytirilgan. Unda Sharq mamlakatlarining VII–XVI asrlardagi tarixi, jumladan, Movarounnahr va Xurosonda Temuriylar sulolasi inqiroziga qadar o’tgan vazirlar, Chingizxonning vaziri, keyinroq mo’g’ullarning Xitoydagi noibi, xorazmlik Mahmud Yalavoch hamda uning o’g’li Chig’atoy xonlarining Movarounnahrdagi vaziri Mas’udbek to’g’risida ma’lumotlar bor. Xondamirning hayoti va ijodi haqida o’zbek olimlaridan B. Ahmedov va D. Yusupovalar ilmiy izlanishlar olib borgan.
“Habib us-siyar” asari. Xondamirning eng yirik asari «Habib us-siyar fi axbor afrod ul-bashar» (Inson zoti xabarlari va do’stning tarjimai holi)dir. Ushbu asar 927 (1520–1521) – 930 (1523–1524) yillarda yozilgan va vazir Karimuddin Xoja Habibulloh Sovajiyga bag’ishlangan. Ushbu asarda qadim zamonlardan to 1524- yilga qadar Sharq mamlakatlari, jumladan, Eron, Afg’oniston, Iroq va Markaziy Osiyo davlatlarida sodir bo’lgan voqealar hikoya qilingan. Asar muallif Hindistonda bo’lgan yillari (1528–1535)da yana ikki marta qayta tahrirdan chiqarilgan. Shuning uchun ham ushbu asarni shu yillar orasida tugal tamomlagan, deb hisoblash mumkin.
Xondamir ushbu asarini yuqorida nomi zikr etib o’tilgan vazir Xoja Habibullo Sovajiga atagan, chunki u Xondamirga o’z vaqtida ko’p marhamat va iltifotlar ko’rsatgan edi. Asarda qadim zamonlardan to XVI asrning 30-yillariga qadar musulmon sharqida, xususan, Eron, Afg’oniston, Iroq va Markaziy Osiyoda sodir bo’lgan voqealar talqin etiladi.
“Habib us-siyar” muqaddima, xotima va uchta bobdan iborat. Har bob o’z navbatida to’rt qismga bo’linadi. Birinchi bobda islomdan ilgari o’tgan payg’ambarlar, Arab va Ajam mamlakatlarining Arab xalifaligigacha bo’lgan umumiy siyosiy ahvoli, Muhammad payg’ambar (s.a.v), shuningdek, xalifa Abubakr (632–634), Umar (634–644), Usmon (644–656) va Ali (656–661) zamonida yuz bergan voqealar bayon qilinadi.
Asarning ikkinchi bobida shia imomlari, Ummaviylar (661–750) va Abbosiylar sulolasi (750–1258) davrida Arab xalifaligi va uning bosqinchilik urushlari, Tohiriylar (820–873), Safforiylar (868–903) va Somoniylar (874–999) sulolalari haqida hikoya qilinadi. Uchinchi bob Chingizxon va uning avlod-ajdodlari, Chingizxon bilan zamondosh bo’lgan boshqa sulolalar (Qoraxitoylar, Xorazmshohlar, sarbadorlar va boshqalar), Temuriylarga bag’ishlangan. Bundan tashqari, ushbu bobda Movarounnahr, so’ngra Xurosonning Muhammad Shayboniyxon yetakchiligida ko’chmanchi o’zbeklar tomonidan bosib olinishi va Ismoil Safaviy davrida Eron, Afg’oniston va Iroqning siyosiy ahvoli hikoya qilinadi. “Habib us-siyar”ning muqaddimasida olamning paydo bo’lishi, xotimada esa jahonning ajoyibot va g’aroyibotlari (iqlimlar, mashhur daryo, dengiz va ko’llar, sahro va tog’lar) xususida gap boradi.
Xondamirning yana bir asari “Humoyunnoma”dir. Ushbu asar “Qonuni Humoyun” nomi bilan ham mashhur bo’lib, Hindiston podshohi, Boburning o’g’li Humoyunga bag’ishlangan. “Humoyunnoma” 941-(1534–1535) yilda yozib tugallangan. Asarda Humoyun davrida Hindistonda joriy etilgan yangiliklar, aholining uch tabaqa, hokimiyatning esa to’rt idora usuliga bo’linishi va Humoyun tomonidan amalga oshirilgan me’morchilik ishlariga oid ma’lumotlar o’rin olgan.
Xondamirning boshqa beshta asarining faqat nomlarigina ma’lum, xolos. Bular: “Osor ul-muluk val-anbiyo” (“Podshoh va payg’ambarlar haqida hikoyalar”), “Axbor ul-axyor” (“Yaxshi insonlar haqida xabarlar”), “Muntahibi tarixi vassof” (“Vassof tarixidan saylanma”), “Javohir ul-axbor” (“Xabarlar gavharlari”) va “G’aroyib ul- asror” (“Qiziqarli sirlar”)dir.
Shuni alohida qayd etish joizki, Xondamir o’z zamonasining yetuk vakillaridan biri bo’lgan. Uning nafaqat mashhur tarixshunos olim bo’lganligi, ayni zamonda “Noqiy” taxallusi bilan yaxshigina she’rlar ham yozganligini Alisher Navoiy alohida ta’kidlagan edi.
Shu tariqa, “Tarix-i arba’ ulus”, “Shajarayi turk", “Sulton Jaloliddin Manguberdi” va Xondamirning tarixiy asarlarini o’rganish Markaziy Osiyoning mo’g’ullar istilosi davridagi tarixini o’rganishga yaqindan yordam beradi. Shuningdek, mo’g’ullar istibdodi va unga qarshi kurashlar tarixini o’rganishda birinchi darajali manbalar qatoriga Abu Umar Minhojiddin Juzjoniyning “Taboqoti Nosiriy”, Alouddin Otamalik Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy” va Fazlulloh Rashiduddinning “Jome’ at-tavorix” asarlari kiradi.
So’nggi yillarda yurtimizda Jaloliddin Manguberdining 800 yillik yubileyi munosabati bilan ma’lum ishlar amalga oshirildi. Xususan, Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykali o’rnatildi, Muhammad an-Nasafiyning Sulton Jaloliddin Manguberdining hayotiga oid asari nashr etildi, old tomoniga Jaloliddin Manguberdi timsoli tushirilgan 25 so’mlik tanga zarb etildi. Shu bilan birga, hozirgi kunning muhim muammolardan biri, ammo tariximizning muhim qismi bo’lgan, juda kam ma’lumotlar saqlanib qolgan mo’g’ullar istibdodi davrini o’rganish yuzasidan tadqiqotlar olib borishdir.
Amir Temur shaxsi va davlati tarixi ko’p o’rganilgan hamda o’rganilayotgan mavzulardan biridir. Lekin, Temur shaxsi va faoliyatiga hamisha bir xil baho berilmagan. Amir Temur tarixi tarixshunosligi u hokimiyat tepasida turgan vaqtdanoq boshlangan. Ana shu katta hajmdagi tarixshunoslikni uch davrga bo’lib o’rganish maqsadga muvofiqdir:
1. Temur davridan to XX asrning 30- yillarigacha.
2. XX asrning 30- yillari oxiri – 80- yillarning ikkinchi yarmi.
3. Mustaqillik davri.
Birinchi davrda Amir Temur davlati tarixi butun dunyoda keng ko’lamli o’rganilgan bo’lsa, ikkinchi davrda esa tarixiy voqyeliklarning barchasi, jumladan, Amir Temur tarixi ham kommunistik mafkura nuqtai nazaridan va sinfiylik tamoyillari asosida tadqiq qilindi. Natijada, Amir Temur shaxsiga nisbatan “qonxo’r”, “kallakesar”, degan qarashlar hukmron bo’lib qoldi.
Amir Temur shaxsi, faoliyati va Temuriylar davlati tarixini o’rganishda mustaqillik yangi sahifa ochdi. Amir Temurning 660 yillik yubileyi O’zbekistonda va YuNeSKO tomonidan Fransiya poytaxti Parijda nishonlandi, ulug’ sarkarda haqida ko’plab ilmiy asarlar yaratildi. Amir Temur davriga oid manbalar chop etildi va qayta nashrlar amalga oshirildi. Ularda Temur shaxsi va faoliyati hamda davlatining haqqoniy tarixi yaratildi, bobokalonimizning o’zbek xalqi tarixi va shuningdek, jahon tamaddunida tutgan o’rni hamda roli ko’rsatib berildi. Amir Temurning diplomatik munosabatlari va harbiy yurishlari tadqiq hamda tahlil qilindi.
XIV asrning o’rtalariga kelib Movarounnahrning siyosiy hayotiga Xoja Barlos bekning jiyani Temur ham qo’shildi. U 1336- yilda Kesh (Shahrisabz) yaqinidagi Xo’jailg’or qishlog’ida tug’ilgan. Uning otasi Amir Tarag’ay barlos qabilasidan edi. Temur dastlab turli beklarning qo’shinini boshqardi. 1360- yildan boshlab 10 yil davomida goh u, goh bu hukmdor tomonida turib kurashdi va bir vaqtning o’zida barlos qabilasini o’z atrofiga jipslashtirib bordi.
1361- yilda u Tug’luq Temur tomoniga o’tdi, biroq u Tug’luq Temurning raqibi – Balx hukmdori amir Husayn bilan ittifoq tuzdi. Ular birgalikda mo’g’ullarga qarshi isyon ko’tardilar. Biroq, mag’lubiyatga uchragach, O’rta Osiyoni tashlab, Seyiston (Eron)ga qochishga majbur bo’ldilar. Seyistondagi harbiy harakatlaridan birida Temur o’ng qo’li hamda o’ng oyog’idan yaralanadi. Shundan keyin u bir umr cho’loq bo’lib qoldi va kelgusida ulkan davlat tuzgan ushbu shaxs “Temurlang” (Oqsoq Temur) laqabini oldi. 1360- yilda Shahrisabz va Qarshining begi bo’lgan Amir Temur 1370- yilga kelib, ya’ni o’n yil ichida butun Movarounnahrning hukmdoriga aylandi.
Ibn Arabshohning ma’lumot berishicha, Temurning otasi Amir Tarag’ay xudojo’y odam bo’lgan, u olim va darveshlar, ayniqsa, shayx Shamsiddin Kulor (Kulol)ning do’sti edi. Ushbu taqvodor zotning xoki Go’ri Samarqanddagi Go’ri Amir maqbarasiga qo’yilgan. Amir Temurning yangi diniy maslahatchisi hamda homiysi Said Baraka umrining oxiriga qadar Temurning maslahatgo’yi va ma’naviy rahnamosi bo’lib, Temur Xorazmga yurish qilganda ham ishtirok etadi. Mir Said Baraka va termizlik sayyidlardan so’ng ma’lum bir nufuz va obro’-e’tiborga ega bo’lgan zotlar – samarqandlik shayxul-islom Xoja Abdul-Avval va uning jiyani Xoja Isomiddin, keshlik Xoja Afzal va keshlik shayxul-islomning o’g’li Abdul Homid va Abdurahmon hamda samarqandlik shayxul-islom al-Maliklar edi. Ibn Arabshohning so’zlariga ko’ra, Amir Temur Zohid Zoyi al-din Abu Bakr Toyobodiy (1381- yildan Xuroson ruhoniylarining yetakchisi, Xuroson yonidagi Toyobod qishlog’idan chiqqan)ni o’zi erishgan zafarlarda katta xizmat qilgan Shamsiddin Kulol va Mir Said Baraka qatori homiylaridan biri hisoblangan.
Rus sharqshunosi V. V. Bartoldning ta’kidlashicha, “Shohruh davrining tarixchilari Chingizxon qonunlari oldida islom shariati yuqori mavqyeiga erishgan bir paytda, tabiiyki, Temurning dinga bo’lgan jonkuyarligini bo’rttirib ko’rsatishga moyil bo’lganlar. Shubhasiz, Amir Temur ulamo ahlining homiysi bo’lgan, ular bilan tengma-teng muloqotlar olib borgan va ayniqsa, payg’ambar avlodlariga hurmat bilan qaragan: sohibqironning o’z tug’ishgan¬lari¬dan tashqari, uning davlatida hayoti daxlsiz hisoblangan yakkayu-yagona odamlar sayyidlar bo’lgan, deyish mumkin.
Bundan tashqari, Hofizi Abruning yozishicha, Amir Temur islom dinini mustahkamlash uchun g’amxo’rlik qilgan, u hech qachon vaqflarning pul bilan bog’liq ishlariga aralashmas edi. V. Bartold yana bir o’rinda Temur tarixni juda yaxshi bilgan, deb yozadi. Olimning ushbu e’tirofi tarixchi ibn Xaldunning Temur bilan bo’lgan suhbati mazmuniga suyanib yozilgan.
Gap shundaki, faqat XVI asr oxirlariga kelibgina arab faylasufi ibn Xaldun (1332–1406) ilk bor musulmon dunyosida tarixni hikoya qilishdan tashqari, voqealarning sababiy bog’lanishlarini ham pragmatik bayon qilish va umumdunyo tarixining taraqqiyot qonunlarini belgilash borasida urinib ko’rdi. Ibn Xaldun tabiat va insoniyat tarixi o’rtasida dialektik aloqa mavjudligini isbotlash uchun harakat qilgan edi. Shuning uchun ham tanqidiy manbalarda ibn Xaldun quyidagi asosiy qoidalarga suyanadi: kishilik jamiyati tarixi ham tabiat hayoti kabi umumiy bo’lgan muhim qonunlarga bo’ysunadi va xalqlar hayotida ushbu qonunlarning namoyon bo’lishi tarixiy haqiqatning asosiy mezoni bo’lib xizmat qiladi.
2. Amir Temur o’z davrida yirik imperiya tuza olgan iste’dodli davlat arbobidir. Bu haqda o’rta asr mualliflarining asarlari juda boy ma’lumot bera oladigan manba hisoblanadi. Temur o’z hukmronligining dastlabki yillarida mamlakat poytaxtini belgilashda ikkilangan edi. XIV asrning 70-yillaridan Samarqand yirik siyosiy markaz tusini oldi va shu bilan shaharning yuksalishi ko’zga tashlandi, Sharqning savdo-iqtisodiy, hunarmandchilik, ilmiy-adabiy markazga aylandi.
Hozirgi kunda bizgacha Amir Temur va temuriylar yaratgan inshootlardan oz qismigina saqlanib qolgan xolos, aksariyati yo’qotilgan, ayrimlari vayronalarga aylangan. Masalan, Samarqand qal’asi (Tepaqo’rg’on) 1371–1372- yillarda o’sha davrning obro’li kishilaridan biri bo’lgan so’fiy Nuriddin Basir yoki Qutbi Chahordoxum uchun maqbara tiklangan edi. Mazkur obida 1868 yilning mayiga qadar yaxshi saqlangan. Rossiya imperiyasi Samarqandni bosib olgach, shu yilning iyunida fon Kaufmanning buyrug’i bilan ushbu nodir yodgorlik durdonasining faqat tarixi va tasviri-tarixchi rassom V. V. Vereshchaginning suratlarigina saqlanib qolgan xolos. Hatto mana shu ko’hna suratlar ham 1915- yilga kelibgina oshkor qilindi va bundan faqat Turkistondagi rus ziyolilari ogoh bo’ldilar, xolos. Hozir loyiha tarixi va unda ko’rsatilgan o’lchovlar bo’yicha xulosa qilish mumkinki, Qutbi Chahordoxum maqbarasi olti burchakli mahobatli gumbazi bo’lgan bino ekanligini ko’rish mumkin. Uning devorlari sirlangan g’ishtlar bilan, peshtoqlari yozma naqshlar va gumbaz qubbalari feruza rang bilan ziynatlangan edi.
Taniqli muarrix Zayniddin Vosifiy XV asr oxiridagi voqealarni bayon qilayotib, Abdurahmon Jomiy Samarqand gazlamalarini behad xush ko’rgan va liboslarini ham faqat shu gazlamalardan tiktirganligini eslab o’tadi. Uning biografi Abulvosiy: “Jomiy kamtarona va sodda kiyinsa ham yilbo’yi o’zining odatdagi xarjlariga 100 ming dinor sarflar edi”, – deb yozgan edi. Asarda bunday dalillar juda ko’p. Yozma hujjatlar hamda arxiv manbalaridan faqat ushbu hunar turlarining gullab-yashnagani haqidagina emas, balki usta hunarmandlar va quruvchilar, muhandislar hamda me’morlarning ismlarini ham bilib olish mumkin.
Masalan, Sankt-Peterburgdagi Ermitajning madaniyat va san’at tarixi kolleksiyasida 1989- yilgacha ulkan doshqozon va Temur nomi bilan bitilgan shamdon bor edi. Temurning hadyasi, ya’ni ulkan doshqozon Turkiston shahriga qaytarilib, O’rta Osiyo va Qozog’istondagi ulkan me’morchilik kompleksi – Temur amri bilan bunyod etilgan, o’rta asrlarning buyuk shoiri va mutafakkiri Xo’ja Ahmad Yassaviy maqbarasining asosiy xonasidagi gumbaz ostiga o’rnatildi. Oshkoralik sharofati ila ko’p yillar mobaynida Leningrad ermitajida saqlangan doshqozon, ya’ni Temurning tortig’i o’zining tarixiy o’rniga qaytdi. Manbada qayd etilishicha, ikki tonnali to’y qozoni olti asrcha burun “yetti xosiyatli metall quymasidan ishlangan, turli shakllar va Qur’ondan olingan arabcha so’zlar bilan behad nafis bezatilgan to’y qozonining yuqori diametri ikki yarim metrni tashkil etadi. Unda bir yo’la 1000 nafar oshxo’rga yetarli palov damlash mumkin”.
Amir Temur harbiy yurishlar chog’ida jamg’argan boyligining katta qismini poytaxti Samarqandni bezash, yangi yo’llar va savdo rastalari qurishga sarflaydi. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Temur “dunyo savdogarlar sharofati bilan royishdir”, deb hisoblaydi va nafaqat ichki, balki tashqi savdoni ham rivojlantirishga urinadi: bunda u faqat Yaqin va O’rta Sharq davlatlarinigina emas, boshqa ko’plab mamlakatlar, jumladan, Ispaniya, Fransiya va Angliya bilan savdo aloqalarini yaxshiladi.
Shu o’rinda Samarqandning G’arbiy yevropa mamlakatlari bilan tashqi savdo aloqalariga tarixiy jihatdan baho berish kerak. XIV–XV asrlar chegarasida Temur shaxsi zamondoshlarining e’tiborini jalb qilibgina qolmasdan, balki uning diplomat sifatidagi faoliyati ham mutaxassislar nazariga tushdi. Tarixchilar Amir Temurning G’arbiy yevropa davlatlari rahbarlari bilan olib borgan yozishmalari haqida salmoqli dalillarga ega.
Mustaqillik yillarida Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida batafsil gapirish hamda u haqda asar va maqolalar yozishga imkoniyat tug’ildi. O’z o’rnida shuni qayd etish kerakki, Temur davlatining Sharq va G’arb mamlakatlari bilan o’zaro ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy aloqalari tarixchilar tomonidan kam o’rganilgan. Bu hol, ayniqsa, XV asrning boshida Usmoniylar davlatiga qarshi uyushtirilgan G’arbga yurish, ya’ni “yetti yillik” urush (1399–1404)ga tegishlidir.
XIV asr oxirida Turkiyaning harbiy qudrati osha bordi. 1389- yildan boshlab Turkiya Bolqon yarim oroli va yevropa xalqlariga nisbatan bosqinchilik yurishlarini boshladi. U Serbiya va Bolgariyani bosib olib, Vengriya (Mojariston)ga tahdid qila boshladi. Sulton O’rxon va Yildirim Boyazid 1396- yilda G’arbiy yevropa ritsarlari ustidan g’alaba qozonib, endi Konstantinopol (Istambul)ni bosib olishga jon-jahdi bilan tayyorlanadi. Shuning uchun Vizantiya imperatori Manuil va uning noibi Ioann Paleolog yordam so’rab, yevropa saroylarini aylanib chiqadi. Xalqaro miqyosda ushbu davr yevropa uchun eng murakkab davr edi. Ba’zi mamlakatlar turklar bilan sulh tuzib, o’zlarini xavfdan qutqarmoqchi bo’lsalar, boshqalari esa Rim papasi boshchiligida ittifoq tuzib, g’ayridinlarga qarshi kurashmoqchi edilar. Lekin, tezda sharoit o’zgarib qoldi. Kichik Osiyo ikki hukmdor Temur va Boyazid tomonidan mahv etilgach, Kichik Osiyolik amirlar Temur saroyida panoh topgan va unga xizmat qilib, Boyazidning yengilishini tilardi. G’arbning nasroniy davlatlari – Vizantiya regenti (monarx o’rniga vaqtinchalik hukmdor) va Genuya hukmdori Galat, Fransiya qiroli Karl VI, Sultoniya shahri (Shimoliy Eron)ning katolik dohiylari – missionerlari Temurdan ko’mak so’radilar. Temur esa, o’z navbatida Venetsiya va Istambul (Konstantinopol)ning dengiz kuchlarini Usmoniylar davlatiga qarshi ishlatishdan manfaatdor edi.
Imperator Manuilning Istambul (Konstantinopol)dagi noib Ioann Paleolog Temurdan yuqoridagi taklif bitilgan maktubni oldi. Konstantinopoldan Venetsiyaga keltirilgan ushbu xat bizgacha asl nusxada emas, Italiya tarixchisi Marino Sanudo (XV–XVI asrlar) tomonidan birmuncha buzib qilingan tarjima holida yetib kelgan. Tarixchi Temur xatining tarjimasini o’zining “Venetsiya hukmdorlari hayoti” kitobiga kiritgan. Ushbu nodir hujjatning ruscha tarjimasi ilk bor taniqli sharqshunos, SamDU professori I. I. Umnyakov tomonidan amalga oshirilgan. Matnning to’la tarjimasi 1969- yilda “Samarqand tarixi” kitobining I jildida e’lon qilingan.
Mavjud hujjatlardan Temurning diplomatik qobiliyati xususida fikr yuritish mumkin. Qo’shinlari Kichik Osiyoda bo’lgan chog’ida Temur turk sultoni Boyazid elchixonasi vakillari bilan muloqotdan kifoyalanmasdan, bir vaqtning o’zida Fransiya qiroli Karl VI (1380–1422) va ingliz qiroli Genrix IV Lankaster bilan aloqalarni amalga oshirgan. Temurning yevropa mamlakatlari hukmdorlari bilan olib borgan yozishmalaridan qudratli Usmoniylar imperiyasiga qarshi kurash borasida ularning qarashlari bir joydan chiqqanligi ko’rinib turibdi.
Temurning dastlab Misr sultonini, so’ngra 1402- yildagi Anqara jangida qudratli Usmoniylar imperiyasini tor-mor etgani, aslini olganda, G’arbiy yevropa xalqlarini qullikdan asrab qoldiki, bu hol G’arbda Sharqqa nisbatan qiziqish uyg’otdi. G’arbliklar olis Sharqqa o’z elchilarini yo’llar ekanlar, o’zlarining doimiy maqsadlarini unutmadilar, ya’ni elchilar hamma joyda kuzatib yurishlari, ishlarning borishi, xalq ahvoli to’g’risida, savdo-sotiq va hunarmandchilik haqida ma’lumotlar to’plashi, o’z mamlakati uchun foydali biron yumush bilan mashg’ul bo’lishlari kerak edi.
Elchilar doimo kundalik yuritar edilar. Qaytganlaridan so’ng esa barcha ko’rganlari haqida batafsil hisobot yozardilar. Buning yaqqol misoli 1403- yilda Amir Temur saroyida bo’lgan Ispaniya elchisi Klavixoning sayohatnomasi 1582- yilda Sevilyada “Buyuk Temurlangning hayoti va faoliyati” nomi bilan nashr etildi. Asar Madridda 1782- yilda qaytadan nashr qilindi. Ingliz sharqshunosi Strondj “Kundalik”ni Sreznevskiy nashriga suyanib, ona tiliga tarjima qildi va 1928- yilda nashr etdi. 1943- yilda Klavixo kundaligining yangi nashri F. Lopez tomonidan Madridda amalga oshirildi. Nashr asosiga u XV asr qo’lyozmasini olsa-da, lekin asar matnini chuqur adabiy-ilmiy tekshiruvdan o’tkazdi va kundalikni Temur davlatidagi Klavixo elchixonasi haqidagi tarixiy ma’lumotlar bilan to’ldirdi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, XV–XX asrlar tarixchi va adabiyotshunoslarining ko’plab asarlari Temurning shaxsi hamda faoliyatiga bag’ishlangan. V. V. Bartold to’g’ri ta’kidlaganidek, Temur davri tadqiqotchisi “ma’lumotlarning kamligidan emas, ko’pligidan qiynaladi. Chunki, ular ko’plab kutubxonalarga sochilib ketgan bo’lib, dastlab tanqidiy nuqtai nazardan qarab chiqish va nashr etishni taqozo etadi. Sharqshunos olimning ushbu fikrlari hozir ham o’z kuchini saqlab kelmoqda.
“Zafarnoma” Markaziy Osiyo xalqlarining nodir madaniy obidasi bo’lib, u nafaqat O’rta Osiyo, balki butun Sharq mamlakatlari tarixining muhim manbasi hisoblanadi. Asarning o’ziga xosligi va to’plangan materiallarning haqqoniyligi bilan ko’rsatilgan davr tarixiy manbalari ichida alohida o’rin tutganligi bois hozirda ham sharqshunos tadqiqotchilarning diqqatini o’ziga jalb qilmoqda.
Gap shundaki, “Zafarnoma” tuzilishiga ko’ra ikki qismga bo’linadi: Birinchi qismi muqaddima bo’lib, u Amir Temur shajarasiga bag’ishlangan, unda turk urug’lari va Chingizxonning to’rt ulusi haqida umumiy ma’lumotlar beriladi. Umuman, ushbu masalalar yuqorida qayd etilgan ayrim asarlar (masalan, Rashididdinning “Jome’ at-tavorix”, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy” va boshqalar)da ham batafsil bayon qilingan.
Ikkinchi, ya’ni asosiy qismi (Temurning o’z tarixi). Muallifning so’zlaridan shular ma’lum bo’ladiki, ushbu tarixiy asar Sharafuddin Alini saroyga taklif qilib yozdirilgan. Shoh o’zining bobosi haqida maxsus kitob yaratishlarini istab, 822- (1419–1420) yilda Sohibqiron Temur to’g’risida ma’lumotlar to’plash borasida farmon berdi. Muqaddimada tasvirlanishicha, dastlab to’plangan ma’lumotlar shohidlarning og’zaki hikoyalari bilan taqqoslangan, so’ngra Sharafuddin Ali Yazdiy ushbu ma’lumotlar bilan tanishib chiqib, Ibrohim Sultonga ular haqida fikrini aytgan, shundan so’ng u “Zafarnoma” kitobini yozishga kirishgan.
Muallif to’plagan ma’lumotlarini uch guruhga bo’ladi: voqealar shohidlarining hikoyalari, ikkinchi va uchinchi o’quvchilar turi hamda fors manbalarining bilimdonlari. Barcha sanalar, jo’g’rofiy koordinatalar va ular orasidagi masofalar, Ibrohim Sulton farmoniga ko’ra, har tomonlama tekshiruvdan o’tkazilib, so’ngra Sharafuddin Ali Yazdiyga beriladi. Bunda muallifga ma’lum ko’rsatmalar berilgan. Birinchidan, kitob badiiy nafosatli hamda tushunarli tilda yozilishi, ikkinchidan, muallif hujjatga qat’iy amal qilmog’i, dastlabki bitiklardan chekinmasligi, hech narsani bo’yab-bejamasligi shart edi. Shu yo’sinda Amir Temurning keng miqyosdagi rasmiy tarixi dunyoga keldi.
“Zafarnoma” yozilgan davrning tarixiy xronologiyasi haqida shuni ta’kidlash kerakki, asarning boshlanishi (832–1419) va tugatilishi (828–1424–1425) haqida Ali Yazdiy hamda zamondoshlari tomonidan berilgan ma’lumotlar mavjud. Lekin, bizni boshqa masala qiziqtiradi – muallif asar ustida ishlashni davom ettirganmi, axir u 1454- yilgacha yashagan-ku? Ha, muallif asar ustida ishlashni davom ettirgan. Bu haqda quyidagi ma’lumot bor: Tarixiy haqiqat nuqtai nazaridan qarasak, rasmiy ohangda yozilishiga qaramay, Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da Amir Temur faoliyati va uning ziddiyatli tomonlarini o’ziga xos tarzda ifodalaydi – mustabid shoh va Movarounnahrdagi markazlashgan buyuk feodal davlati bunyodkorini birmuncha odillik bilan yoritadi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning mazkur asari qo’lyozma holida keng tarqalib ketgan, chunki asar uning zamondoshlari va keyingi asr tarixchilari uchun ham birlamchi manba bo’lib xizmat qildi. Sharafuddin Ali Yazdiyning tarixiy voqealarni bayon etish uslubi ohangi ko’p paytgacha o’lkashunoslar, tarixchilar uchun namuna bo’lib xizmat qildi. Masalan, XVI asrning mashhur tarixchilari – Mirxond (“Ravzat us-Safo”), “Safo-farog’at bog’i”, Xondamir (“Habib us-siyar” – “Do’stlar atroblari”) va boshqalar ham Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga suyanib ish ko’rdilar.
Markaziy Osiyo tarixshunosligining durdona asarlaridan biri bo’lgan “Zafarnoma” jahon tarixchilarining tadqiqot manbai bo’lib kelgan va shunday bo’lib qoladi. Chunonchi, 1887–1888- yillarda hind sharqshunosi Mavlaviy Ilohdomning tashabbusi bilan olti nusxa asosida “Zafarnoma”ning ikki jildi Kalkuttada nashr etildi.
1958- yilda Muhammad Abbosiy tomonidan uch qo’lyozma va yuqorida zikr etilgan Kalkutta nashri asosida Tehronda yangi nashr paydo bo’ldi. Abbosiy foydalangan qo’lyozmalarning ikkitasi muallif hayotligidagi nusxalardir: biri (sanasiz) Muhammad Abbosiyning shaxsiy mulki sanalgan, ikkinchisi – Majlis kutubxonasida saqlangan (36782-son ko’chirish sanasi hijriy 840, 1436), uchinchisi ham Majlis kutubxonasida bo’lib, (36773-son, 1037), ya’ni 1637–1638- yillarda ko’chirilgan.
Demak, Asomiddin O’rinboyevning haqqoniy ko’rsatishicha, “Zafarnoma”ni fransuz va ingliz tillariga o’girgan tarjimonlar, shu kungacha bibliografik jihatdan noyob bo’lsa-da, asarning 1/5 qismini tashkil etgan muqaddima qismi tarjimasini tushirib qoldirganlar. Asarning Kalkutta va Tehronda nashr qilingan nusxalarida muqaddima qismi mavjud emas. Shuning uchun A. O’rinboev tomonidan faksimile nusxa, kirish so’zi, izoh va ko’rsatmalar bilan tayyorlangan “Zafarnoma” matni asarning eng yaxshi nusxalarini o’zida jamlagan, deyishga asosimiz bor. Shubhasiz, “Zafarnoma”ning mazkur nashri O’rta Osiyo xalqlarining XIV asr oxiri – XV asr boshlaridagi hayotini o’rganishda muhim ahamiyatga ega.
3. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Mirxondning “Ravzat us-safo”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” va Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida ham Mirzo Ulug’bek to’g’risida ma’lumotlar uchraydi. Amir Temur shaxsi va faoliyati haqidagi A. Yu. Yakubovskiy hamda V. V. Bartoldning qarashlari hozirgi davrda bizda, jumladan, g’arbdagi Temur tarixshunosligiga ham katta ta’sir ko’rsatdi.
Mirzo Ulug’bekning faoliyatiga oid tarixiy fundamental asarlardan biri – V. V. Bartoldning 1915- yilda yozilgan va 1918- yilda nashr qilingan “Ulug’bek va uning davri” asaridir. V. V. Bartoldning ushbu asarida Mirzo Ulug’bekning ilm-fan yo’lidagi xizmatlarini zarracha kamsitmagan holda olim Ulug’bekning faoliyatini hukmdor Ulug’bekning faoliyatidan ajratib ko’rsatadi.
Temurning vafoti (1405- yil)dan so’ng hokimiyat uchun kurash boshlanadi va Ulug’bekning harbiy siyosati shu bilan ajralib turardiki, uning o’zi har doim ham urush ochmas, zaruriyat tug’ilib qolganda, jangari qo’shnilar tomonidan xavf tug’ilgandagina urushga kirar edi. Masalan, 1414- yilda Ulug’bek Farg’ona shahzodasi sulton Ahmadga qarshi muvaffaqiyatli urush olib bordi. Natijada, dastlab Farg’ona, keyin Qoshg’ar Movarounnahrga qo’shib olindi.
Mo’g’ulistonning kuchayib borayotgan xonlari Ulug’bek hokimiyatiga tahdid solar edi. Avvaliga Ulug’bek ularni itoatda tutdi, lekin tezda ular bo’ysunmasdan qo’ydilar. Chunonchi, 1423- yildagi yurish vaqtida Ulug’bek Chu daryosiga yetib keldi va 1425- yilning bahorida Ketmontepa jangida uning qo’shini Shermuhammadxon ustidan g’olib chiqdi. Ulug’bek boshqa boyliklar qatorida ikki bo’lak nefrit yashma toshni ham o’lja oldi. Ular shunchalik og’ir ediki, Samarqandga yuborish uchun maxsus yuk ko’targich tayyorlashga to’g’ri kelgan edi. Ulug’bekning hukmiga ko’ra, keyinchalik ulardan Temurga qabrtoshi tayyorlandi. 1425- yildagi zafarli yurish sharafiga Ulug’bek Ilono’tdi darasining Jalolota dovonidagi tog’ qoyasiga bitik bitishni buyurdi. Unda, jumladan, shunday ma’nodagi so’zlar yozilgan edi: “Ulug’ tangrining qo’llab-quvvatlashi birlan ulug’ sulton, jamiy podshohlar hukmdori, tangrining yerdagi soyasi, islom dinining tug’dori, din homiysi Mu’iniddin Ulug’bek Ko’ragon, tangri onining saltanati poydor qilsun. Jete va Mo’g’ulistong’a yurish vaqtida ushbu yerdan o’tg’on. Hijriy, 828- yil”. Ushbu bitik hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
Ma’lum bo’lishicha, Mirzo Ulug’bek ichki siyosatda o’zining bobosiga taassub qilar edi. Agar Shohruhni “Musulmonlar shohi” deb atagan bo’lsalar, Ulug’bek esa aksincha, ruhoniylar bilan unchalik chiqishmadi. Afsuski, rasmiy tarixshunoslik Ulug’bekning ma’lumoti xususida aniq dalillarga ega emas. Ma’lumki, Ulug’bekning birinchi tarbiyachisi uning buvisi Saroymulkxonim edi. 1405–1411 yillarda u amir Shohmalik tarbiyasida bo’ldi. “Rashohat” orqali Samarqanddagi madrasaning bosh quruvchisi Shohmalik uning tarbiyachisi ekanini bilish mumkin.
1397–1398- yillarda shoir va taniqli olim, bir turkum falsafiy-axloqiy asarlar muallifi shayx Orif Ozariy necha yil davomida Ulug’bekning madrasasida tahsil olgan edi. Orif Ozariy Eron va Old Osiyo viloyatlariga qilgan 1399–1404 yillardagi yurishlarida Ulug’bek Marog’ada (Ozarbayjon) Nasriddin Tusiy rasadxonasining xarobalarini ziyorat qilgan edi. Aftidan, uni falakiyotshunos Mavlono Ahmad bilan Temur xizmatida bo’lgan Qozizoda Rumiy kuzatib borgan. Qozizoda Rumiyning shahzodaga bag’ishlangan “Matematika asoslari” kitobida guvohlik berilishicha, shu paytdan boshlab Rumiy shahzodaning doimiy ustoziga aylandi. Shuni qayd etish joizki, ushbu kitob talabalar uchun matematikadan asosiy qo’llanma sifatida XV–XIX asrlarda ham xizmat qilgan.
Markaziy Osiyo tarixshunoslarining yozishlaricha, Ulug’bek madrasa mudarrisi bo’libgina qolmasdan, eng yaxshi muallimlarni tanlashda shaxsan o’zi qatnashgan. Madrasaning birinchi muallimi faylasuf va bilimdon olim Muhammad Havofiy edi. Madrasaning ochilish marosimida u birinchilardan bo’lib tinglovchilar huzurida ma’ruza qilgan edi. “Aflotuni zamon” ¬deb nom olgan Qozizoda Rumiy madrasada tabiiy fanlar bo’yicha yetakchi mudarris edi.
Zayniddin Vosifiyning yozishicha, madrasa qurilishi yakuniga yetganidan so’ng Ulug’bekdan: “Kim madrasaning bosh mudarrisi bo’ladi?”, – deb so’raganlar. Ulug’bek kim bo’lishidan qat’iy nazar ushbu odam barcha fanlar bo’yicha komil odam bo’lishi kerakligini aytadi. Ulug’bekning so’zini eshitgan eski kiyimdagi, g’ishtlar orasida madrasa quruvchilari bilan o’tirgan mavlono Muhammad ushbu vazifaga o’zining haqqi borligini aytadi. Abu Tohirxoja Samarqandiyning ma’lumotlariga ko’ra, mavlono Muhammad madrasa qurilishida qora ishchi sifatida qatnashgan. Ulug’bek u bilan suhbatlashib, tezda uning zukkoligiga amin bo’lgan. Shuning uchun ham madrasa ochilishida mudarris sifatida unga birinchi bo’lib ma’ruza qilishi huquqi beriladi. Shuni qayd etish kerakki, mazkur tadbirda 90 dan ortiq olimlar ishtirok etgan.
Keyinchalik Ulug’bek ma’lumoti jihatidan ustozi Qozizoda Rumiydan o’zib ketgan. Olim o’z atrofiga o’sha davrning eng ilg’or ziyolilari – tarixchilar, adabiyotshunoslar, shoirlar, san’atshunoslar, tabiiy fan namoyondalari, jumladan, falakiyotchilarni to’plagan edi. Mirzo Ulug’bekning rahbarligi va ishtirokida madrasada ilmiy ishlar muvaffaqiyatli rivojlandi.
XV asr Markaziy Osiyo tarixidagi ikki dunyoqarashning ayovsiz kurashi davri hisoblanadi. Ulardan “birining vakili Amir Temurning nabirasi, Samarqandda qirq yil podsholik qilgan Mirzo Ulug’bek bo’lsa, ikkinchisining vakili uning yosh zamondoshi, Naqshanbandiylardan bo’lgan darvesh, Mirzo Ulug’bek vafotidan so’ng ikki yil o’tmayoq o’zining ulkan diniy ta’siridan foydalanib, siyosiy hokimiyatini qo’lga olgan va Temurning haqiqiy yoki uzoqroq avlodlari vositasida mamlakatni qariyb qirq yil boshqargan Xoja Ahror Valiy edi”. Ushbu fikrlarda mubolag’a bor, albatta.
Shunday qilib, XV asrda Markaziy Osiyoda tarixiy bilimlar rivojlandi. Ushbu davrda Hofizi Abru, Abdurazzoq Samarqandiy va boshqa tarixchilar yashab, ijod qildilar. Ularning asarlari Markaziy Osiyo tarixshunosligining qimmatli manbalaridir. Masalan, Hofiz Abruning “Zubdat ut-tavorix” (“Yilnomalar qaymog’i”) asarida 1427- yilgacha bo’lgan tarixiy voqealar bayon qilinadi. Abdurazzoq Samarqandiy (1482- yilda vafot etgan) esa “Matla’ as-sa’dayn majma ul-bahrayn” (“Ikki baxtli yulduzning chiqishi va ikki daryoning qo’shilish joyi”) asarida 1471- yilgacha bo’lgan voqealarni tasvirlaydi. Ushbu kitob xulagular avlodidan bo’lgan Abu Said tavalludidan to temuriylar sulolasi vakili Abu Saidgacha bo’lgan davr (1304–1469)dagi tarixiy voqealarni o’z ichiga oladi. Mirxondning (1498- yilda vafot etgan) “Ravzat us-safo” asari Sulton Husayn podsholigi davri tarixiga bag’ishlanadi. 1491- yilda Isfizoriy Hirot tarixini yozgan bo’lsa, Davlatshoh Samarqandiy esa “Tazkirat ush-shuaro” asarini Alisher Navoiyga bag’ishladi. Ushbu asarda 100dan ortiq shoirlar to’g’risidagi mufassal ma’lumotlar jamlangan edi.
V. L. Vyatkin XVII asr o’rtalariga mansub vaqf hujjatlaridan birini o’rganayotganida, hozirgacha Obirahmat arig’i va “Naqshi Jahon” degan joy nomlari bilan ma’lum bo’lgan “Tole rasad”ning aniq chegaralarini topdi. Hujjat rasadxonaning o’rni haqida shu qadar aniq va tushunarli ma’lumotlar beradiki, unda aytilgan tepalikni topish hech ham qiyin emas edi. V. L. Vyatkin Ulug’bek rasadxonasidagi 1908–1909 yillardagi qazish ishlari natijalari haqida Markaziy va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik hamda etnografik jihatdan o’rganish rus qo’mitasida hisobot berdi.
1909-yildagi qazish ishlarining birinchi kunlarida V. L. Vyatkin bir g’isht qalinligida, balandligi ikki metr atrofida bo’lgan aylana devor va uchta parallel joylashgan, ikkita g’isht to’siq bilan ajratilgan, keskin pastga, binoning tashqi qatlamida qazilgan chuqurga tushadigan zinalarni topdi. Zinalarni tozalash natijasida arxeolog rasadxonaning asosiy falakiyotshunoslik uskunasi – ulkan kvadrantning bir qismini topdi. Keyingi tadqiqotlar rasadxona binosining diametri 48 metr bo’lgan aylana shaklida bo’lganini ko’rsatdi, meridian bo’yi radiusi esa 40,212 metr ekanligi aniqlandi.
V. L. Vyatkinning ushbu yutug’i, shubhasiz, jahonshumul ahamiyatga ega bo’ldi. Akademik Bartoldning yozishicha, Ulug’bek shaxsi hamda uning Samarqand rasadxonasi faoliyati mavzusi sharqshunos sifatida uning e’tiborini tortdi. Ushbu qazish ishlari unga birinchi bo’lib “Ulug’bek va uning davri” asarini yozish imkonini berdi. Mazkur asar 1915- yilda yozilib, 1918- yilda e’lon qilindi. “Ulug’bek va uning davri”ni “Turkiston mo’g’ullar bosqini davrida” asarining davomi, desak yanglishmaymiz.
T. N. Qori-Niyoziyning SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan “Ulug’bekning falakiyot maktabi” kitobi Temuriylar davri tarixiga oid g’oyat qimmatli asardir. Unda jumladan, V. L. Vyatkinning 1914- yilda Samarqanddagi Ulug’bek rasadxonasida qazish ishlarini boshlaganligi va mablag’ yo’qligi sababli ishning to’xtab qolganligi kabi voqealar bayon qilingan.
1941- yilda Alisher Navoiy davrini o’rganish munosabati bilan Navoiy qo’mitasi a’zolari (M. Ye. Masson va boshqalar) rasadxonada qazish ishlarini davom ettirdilar. Biroq, ikkinchi jahon urushi boshlanganligi sababli ushbu ishlar to’xtatib qo’yildi. 1948- yilga kelib qazishma ishlari tadqiqotchi V. A. Shishkin boshchiligida Tarix va arxeologiya instituti xodimlari tomonidan davom ettirila boshladi.
1941- yilning iyunida Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan Temuriylarning Go’ri Amir maqbarasidagi qabrlarini o’rganish maqsadida Samarqandga T. N. Qori-Niyoziy rahbarligida ekspeditsiya uyushtiriladi. Komissiya a’zolari 1941- yilning 18- iyunida qabrni ochadilar. Qori-Niyoziyning so’zlariga ko’ra, qabr toshidagi bitikni professor A. A. Semyonov o’qishga muvaffaq bo’lgan. Unda quyidagi yozuv bitilgan edi: “Bu nur taratuvchi qabr, bu sultoni shahidning sharafli joyi, bu muattar bog’, jannatiy kishilarning, davlatpanohning so’nggi osoyishtaligi joyi, ilm-ma’rifat homiysi, tinchlik va din madadkori Sulton Ulug’bek (Alloh uning qabrini doimo yoritib tursin), 796- yilda Sultoniyada tavallud topgan 810- yilning zulhija oyida esa Madinatus salom-Samarqandda oliy hukmdor bo’ldi. Allohning irodasiga bo’ysunib, har bir kunda o’ziga belgilangan muddat sari suzib boraveradi. Uning umri nihoyasiga yetganda, taqdir belgilangan muddat chegarasiga kelganda o’g’li unga nisbatan shafqatsizlik qildi – qilich tig’idan o’tkazdi, oqibatda u azobli o’lim topib, hamma gunohlarini kechirguvchi egasining shafqatli dargohiga yo’l oldi. 853- hijriy yilning ramazon oyi, 10-kuni”.
Ushbu komissiya Ulug’bek o’limining haqiqiy sababini ham aniqladi. Olimning o’limi, uning so’nggi daqiqalari haqida Abdullatif roziligi bilan Ulug’bekka hamroh bo’lib Makkaga yo’l olgan Xoja Muhammad Xisravning og’zidan tarixchi Mirxond yozib olgan mufassal hikoya bor.
T. N. Qori-Niyoziyning guvohlik berishicha, Ulug’bekning qabri ochib ko’rilganda, uning boshi g’arb tomonga sal surilib, tepaga qaratib qo’yilgan bo’lib, uchta bo’yin umurtqasi bosh suyagidan uzilmagan holda edi. Oxirgi umurtqada o’tkir kesuvchi qurolning aniq izlari bor edi. Suyaklarning ko’l qismi bir necha qavat mato qoldiqlari bilan qoplangan edi. T. N. Qori-Niyoziyning fikricha, bular yopilgan mato qoldiqlari bo’lgan. Xoja Muhammad Xisrav va Ulug’bekka hamroh bo’lgan boshqa kishilar uning tanasini olishganmi yoki yo’qmi, u qachon va kim tomonidan dafn etilgan, kabi savollarga hali to’la javob olinmagan. Davlatshohning so’zlariga qaraganda, Ulug’bek Siyob (“Qorasuv”) bo’yida 853- yil ramazon oyining 8- kuni (25- oktyabr)da o’ldirilgan. Qori-Niyoziyning asarlari tarixchi olimlarning urushdan keyingi davrdagi ilmiy tadqiqotlarni yakunlovchi tadqiqot ishi sifatida keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Mustaqillik yillarida tarixchilar tomonidan Amir Temur va temuriylar davriga oid ko’plab tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, yosh tadqiqotchi A. Rahmatullaevaning “Amir Temur saltanati tarixnavisligi” kitobida Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid yozma manbalar hamda ilmiy tadqiqotlar tarixnavisligining qisqacha tahlili amalga oshirilgan. Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid bibliografik ko’rsatkich tuzilib, adabiyotlar klassifikatsiya qilingan.
Akademik A. Asqarov muharrirligida 1996- yilda nashr etilgan “Temur va Ulug’bek davri tarixi” nomli kitobda o’rta asrlarga oid qo’lyozma manbalar asosida yaratilgan, shuningdek, arxivlardan axtarib topilgan aniq ma’lumotlarga tayangan holda, Amir Temur va uning nabirasi Mirzo Ulug’bek davridagi siyosiy voqea-hodisalar, iqtisodiyot masalalari, mazkur saltanatlardagi madaniyat va san’at ravnaqi yoritiladi.
Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahardagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot “История Узбекистана. Эпоха Амира Темура и Темуридов” deb nomlangan monografiyada ham batafsil yoritib berilgan. Temuriylar tarixi davlat muzeyida har yili o’tkazaladigan “Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi materiallari ham Amir Temur va temuriylar davrini yoritib berishga xizmat qilmoqda.
Tarix fanlar nomzodi F. Shamukaramovaning “Mirzo Ulug’bekning hayoti va ijodi XX asr tarixshunosligida” deb nomlangan monografiyasida XX asr boshlaridan to 2012- yilga qadar bo’lgan uch tarixiy davrda buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug’bek hayoti hamda faoliyatini o’rganish dinamikasi ko’rib chiqiladi. Kitobda Mirzo Ulug’bekning astronomiyaga sohasidagi kashfiyotlari, tarix ilmiga qo’shgan hissasi, shuningdek, u hukmronlik qilgan davr siyosiy va madaniy hayoti yoritilgan katta hajmdagi ilmiy tarixiy adabiyotlar tahlil qilinadi.
“Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o’rganish va targ’ib qilishning umumbashariy ahamiyati” nomli monografiyada ham temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o’rganish hamda targ’ib qilishning umumbashariy ahamiyati mavzusiga bag’ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar materiallari, ilmiy tadqiqotlar, ma’naviy-targ’ibiy ishlar, manbalar va chop qilingan ishlar tahlil qilingan.
Mualliflar jamoasi ishtirokidagi “Amir Temur jahon tarixida” kitobida ham O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I. A. Karimovning Amir Temur haqidagi fikrlari, bu boradagi hukumat farmonlari, qaror va farmoyishlar, Amir Temur hamda temuriylar davri tarixi, uning jahon madaniyati rivojiga qo’shgan hissasi, Amir Temur davri tarixnavisligi masalalari keng talqin qilingan bo’lib, asar o’rganilayotgan mavzuga oid yirik tadqiqot hisoblanadi.
“Amir Temur saltanatiga oid yozma manbalar tadqiqi va tavsifi” deb nomlangan kitob tarixshunoslik yo’nalishida tuzilgan bo’lib, unda jahon miqyosida tarqalgan mazkur mavzuga oid yozma manbalarning tadqiqi va tavsifi berilgan. Kitobda dunyoning turli kutubxonalari, muzeylari va fondlaridan o’rin olgan manbalar qamrab olingan. Ushbu asarda keltirilgan ma’lumotlar ilmiy, ma’naviy-g’oyaviy va amaliy jihatdan dolzarb ahamiyatga ega.





Yüklə 255,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə