Amir temur va temuriylar davri tarixshunosligi. Reja: Tarixshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Tarixshunoslik tadqiqotlarining tahlil usullari


Ibn al-Asir va uning “Al-komil fi-t-tarix” asari



Yüklə 255,5 Kb.
səhifə4/6
tarix28.11.2023
ölçüsü255,5 Kb.
#134757
1   2   3   4   5   6
ma\'ruza matni №1.

Ibn al-Asir va uning “Al-komil fi-t-tarix” asari. Ushbu asarning muallifi arab tarixchisi Izzuddin Abulhasan Ali ibn Muhammad (1160–1234) bo’lib, u ko’pincha Ibn al-Asir nomi bilan mashhur. Asar 12 jilddan iborat bo’lib, unda dunyoning yaratilishidan to 1231- yilga qadar Sharq mamlakatlarida bo’lib o’tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar yilma-yil, xronologik, ya’ni davr tartibida bayon etib beriladi. Asarning VII–XII jildlari mustaqil, alohida ahamiyatga ega bo’lib, 924–1231 yillar orasida Sharq mamlakatlari, shuningdek, Movarounnahrda bo’lib o’tgan voqealarni o’z ichiga oladi. Ushbu kitob asosan, qo’lyozma manbalar, shuningdek, tarixni yaxshi bilgan kishilar bergan axborotlar hamda muallifning shaxsiy kuzatishlari davomida to’plangan boy va faktik material asosida yozilgan. Asar Xivada to’liq holda o’zbek tiliga Muhammad Rahim soniy davrida Nurillo Muftiy, Muhammad Sharif Oxund tomonidan tarjima qilingan bo’lib, Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida uning 13 ta qo’lyozmasi saqlanmoqda.
Istaxriyning “Kitob masolik val-mamolik” asari. “Kitob masolik ul-mamolik” 20 ta bobdan iborat geografik asardir. Unda musulmon mamlakatlari (Arabiston, Mag’rib, Misr, Suriya, Iroq, Eron, Movorounnahr), shuningdek, Hindistonning chegaralari, iqlimi, ma’muriy bo’linishi, mashhur shaharlari, ularga olib boradigan yo’llar, aholisi va uning mashg’uloti, mashhur kishilari, savdo-sotiq va boshqa masalalar bayon etilgan.
Musulmon tarixchilari ushbu murakkab vaziyatda o’ziga xos yo’l topdilar. Ular voqealarning kelib chiqish sabablarini bayon etib, mazkur sabablar ham Allohning irodasi ekanligini e’tirof etdilar. Alloh-taolo lozim topsa, shu voqealarni boshqa izga burib yuborishi ham mumkin. Musulmon tarixchilari ko’p o’rinlarda “Qur’oni Karim” suralari va oyatlarga asoslanadi. O’z o’rnida shuni qayd etish kerakki, islom ta’limoti Arabistondan tashqari mamlakatlarga yoyilgan paytdan boshlab tarix fani sezilarli darajada rivojlandi.
Abu Rayhon Beruniy tarixiy asarlarining musulmon tarixshunosligidagi o’rni
O’rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy tarix, falsafa, falakiyot, ma’danshunoslik va boshqa fanlar bo’yicha 152 dan ortiq ilmiy asar muallifidir. Arablar istilosidan keyin Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy madaniyati inqirozga uchradi, zavol topdi, ammo yangi sharoitlarda ushbu xalqlar yanada yuksak ilm-fan va madaniyatni yaratdilar.
Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi uchun murakkab bo’lgan sharoitni Markaziy Osiyoda hukm surgan feodalizm sharoitidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayot murakkabliklaridan ajralgan holda o’rganish mumkin emas. Sarson-sargoardonlik qomuschi olimning qismatiga aylangan edi. Yosh Beruniy 998- yilda Kaspiy dengizining janubiy sohilidagi Jurjon hokimi Qobus ibn Vushmagir o’z huzuriga taklif qiladi. Beruniy Vushmagir huzuridagi qaytgandan so’ng o’zining tarixiy asarlaridan biri – “Osorul-boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini hokimga bag’ishlaydi.
Tarixshunoslik fani Abu Rayhon Beruniyning tarixiy dunyoqarashiga doir ma’lumotga ega emas. Bizning tahlilimiz shu masalaga bag’ishlanadi. Beruniyning ko’pdan-ko’p ilmiy ishlari orasida “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” nomli tarixiy asari alohda o’rin tutadi. U 5 yildan ortiq Jurjonda yashaydi. Qobus saroyida yashab turgan G’ilon va Tabariston hokimi Marzubon ibn Rustamning taklifi bilan tarix fanida qisqa “Xronologiya” nomi bilan mashhur bo’lgan “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” risolasini yozadi. Asar muqaddimasi kun va tun nima, ularning majmui va boshlanishi, oy, yil va milodlarning mohiyati, bu masalada xalqlarning tafovutlari, xalqlarning podsho va hokimlarga munosabati, Zulqarnayn degan shoh haqida, milodiy va hijriy yil hisoblari, xronologik turkumlar, soxta payg’ambarlar va adashgan xalqlar, fors, so’g’d hamda xorazmliklarning bayramlari, yahudiylar, suryoniylar va nasoroniy xalqlari, qadimgi sehrgarlik, sabiylar, arablar, shuningdek, islomga e’tiqod qiluvchi xalqlar, arablarning johiliyat davridagi bayramlari hamda musulmonlarning nishonlaydigan kunlari haqida fikr yuritiladi.
Beruniy tarixiy risolalarining ko’pi yo’qolib ketishi sababi ham ehtimol shunda bo’lsa kerak. U manbalarni shafqatsiz tanqid qiladi, bu esa o’sha davr zamondoshlarining ko’pchiligiga manzur bo’lmasligi mumkin edi. Beruniyning “Xronologiya” va “Osor ul-boqiya” risolasi an’anaviy islom dunyosi tarixshunosligida odat bo’lgan shohlar va qahramonlar faoliyati, siyosiy voqealar o’rniga xalqlar madaniyati tarixi, ularning urf-odati va fe’l-atvori masalalarini yoritishga e’tibor beradi. Shuning uchun tarixchilar “Yodgorliklar”ga tarixiy-etnorafik tadqiqot sifatida ham qaraydilar.
Abu Rayhon Beruniy 27 yoshida yozgan ushbu asarda alloma o’zining hayotiy kuzatuvlari asosida yunon, rim, fors, so’g’d, xorazm, yahudiy, arab va boshqa xalqlarning yilnoma (kalendar) tizimlarini bir-biriga taqqoslab, ularning kelib chiqish tarixini tahlil qiladi. Mazkur asarda yana Turonzamin xalqlarining tarixi, urf-odatlari va madaniyatiga oid masalalar ham o’z ifodasini topgan.
Beruniyning “Osor ul-boqiya” asari tarixchilar tomonidan katta qiziqish bilan o’rganilgan. Asarni 1957- yilda arabshunos olim M. A. Sale birinchi marta rus tiliga tarjima qilgan edi. Tarjima jarayonida V. Zaxau nashr etgan arabcha va inglizcha nusxasi, Leningrad va qisman Istambul qo’lyozmalaridan foydalangan.
Shuni ham qayd etish kerakki, rus tiliga qilingan tarjima ayrim nuqson va kamchiliklardan xoli emas. Ayrim o’rinlarda butun jumlalar tushib qolgan, ba’zan esa chalkashtirib yuborilgan. Tarjimon qo’lida Istambul qo’lyozmasining fotonusxasi mavjud bo’lishiga qaramay, undan to’la foydalanmagan. Ruscha tarjima S. P. Tolstov va V. P. Sheglovlarning so’z boshisi bilan boshlanadi. Tarjimaga M. A. Sale tuzgan ilmiy izohlar ham ilova qilingan.
Rossiyada ushbu noyob asar bilan o’z vaqtida akademik I. Yu. Krachkovskiy ham qiziqqan edi. U o’zining “Arab qo’lyozmalari ustida” nomli mashhur asarida 1910- yillarda Petrogradning Osiyo muzeyida sotib olingan XIII asrga oid qo’lyozma bilan qiziqqani, bundan Zaxau nusxasini to’ldiradigan o’rinlarini ko’chirib olgani va bularni nashrga tayyorlashni mo’ljal qilib qo’yganini eslatib o’tadi. Lekin, I. Yu. Krachkovskiy buni amalga oshirolmaydi. U o’zining “al-Beruniy va Sharqning XI asrdagi geograflari” nomli asarida “Yodgorliklar”ga juda yuksak baho beradi va ushbu kitob haqida qimmatli fikrlarni aytib o’tadi.
Beruniyning tarixiy tadqiqot usuli, uning islom madaniyatidagi o’rni, Qur’oni Karim va Hadisi sharifdagi asoslari, qadimgi va o’rta asrlardagi tarixiy tadqiqot usullaridan keskin farq qiladi. Allomaning ilmiy-tarixiy tadqiqot usullaridagi o’ziga xos tizim va yangiliklar Ahmad Zakiy Validiy To’g’onning “Tarixte usul” kitobida ilk marotaba 1950- yillarda o’rganilgan. G’arbdagi tarixni talqin etish va metodologik yoritishning tarixi bo’lganidek, Sharqda ham tarixni talqin etishning o’z tarixi mavjud.
Ilk musulmonlarning tarixni tushunish va talqin etishlari asosan, ilohiyot ta’sirida shakllangan va shuning uchun bu ilmiy tarix emas, asosan, ertak, afsona, rivoyat, doston, juda nari borsa, xronologik bayon va sulolalarning qahramonlik ishqiy sarguzashtlari doirasida qolavergan edi. Hadis va rivoyatlarning tanqidiy tahlil qilish usuli Tabariy kabi olimlarning rivoyatchilik tizimidan ta’sirlanishlariga olib keldi. Hozirda o’zbek olimlari ham Imom al-Buxoriy yaratgan hadis ilmidagi tanqidiy usul tarixda ilmiy usulining shakllanishiga sabab bo’lganligi to’g’risidagi xulosani aytmoqdalar. Beruniy tarix falsafasi muammolarini yoritishda go’yo pozitivistlar va iqtisodiy omillarga urg’u qiluvchi materialistlarga yaqin ko’rinsa-da, uning tarixga yondashishi, birinchi navbatda, insoniylik ta’sirining kuchayib borishini hal qiluvchi sabab deb biluvchi yondashishdan iborat. Ikkinchidan, Beruniy o’rta asr diniy, ilohiyot, tarix falsafasidagi nuqtai nazarlardan emas, balki inson aql-zakovatiga to’la ishonch nuqtai nazaridan tarixga optimistik yondashgan.
Uchinchidan, F. Nitsshe, A. Shopengauer, O. Shpengler va boshqa G’arb tarixchi hamda mutafakkirlaridan farqli o’laroq, Beruniy tarix insoniyatning kelajagini faqat taqdiri azaldan bog’lab qo’yilmagan, balki insoniyatning istiqboliga umid bilan qaragan, tarixiy taraqqiyotning ilg’or yo’li, buning qonun va qonuniyatlarini e’tirof etgan.
Beruniy, ayniqsa, ibn Xaldunning “Tarix falsafasi usuli va prinsiplari” asari, hozirgi G’arb tarixchi olimlari, jumladan, A. Toynbi kabi zabardast tarixchilarga sezilarli ta’sir ko’rsatgan.
Beruniyning o’z zamonasi ijtimoiy taraqqiyoti va ilm-fani darajasidan ilgarilab ketganligining boisi shundaki, tarix ilmini oddiy xronologik qaydlar tarixidagi qiziqarli siyosiy-harbiy, jangu-jadal, suronli voqealar haqidagi maroqli va ibratli fan, pand-nasihat manbasi emas, balki muttasil yuksalib boradigan jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va ma’naviy-axloqiy jihatlari hamda qonuniyatlari mavjudligini ochib beruvchi jiddiy ilm-fan sohasi sifatida tushunishga erisha olganligini ko’rish mumkin. Bu jihatdan uning tarixiy tafakkur va tadqiqot usullari XIX–XX asrlardagi “Tarix falsafasi”ning turli maktablari, ayniqsa, O. Kontning pozitivlik istoriosofiyasi, E. Dyurkegeymning istoriosofik sotsiologiyasi, “Annalar” maktabi tarixiy tafakkur va tadqiqot usullari bilan hamohangdir.
4. Qadim zamonlardan sivilizatsiya o’choqlaridan bo’lgan Xorazm tarixi bilan nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo tarixchilari shug’ullanib kelgan hamda bir qator yirik ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Lekin, o’z o’rnida shuni ta’kidlash joizki, o’rta asrlar Xorazm tarixi fanda juda kam o’rganilgan. Vaholanki, Xorazm, umuman, Markaziy Osiyo hududida o’rta asrlarda dunyo ahamiyatiga molik bo’lgan buyuk voqealar ro’y bergan va ular ko’plab manbalarda aks ettirilganiga qaramay, ushbu asarlar hozirgi kunda o’zbek tiliga tarjima qilinmagan, tahlil qilinmagan va to’liq o’rganilmagan. Ana shunday kam tadqiq etilgan muammolardan biri bu – Xorazmshohlar davlati tarixidir.
Ziyo Bunyodov o’zining “Anushtegin - Xorazmshoxlar davlati (1097–1231)” nomli asarida Xorazmshohlar davlatining shakllanishi, taxt uchun kurashlar, mazkur davlatning yuksalishi, harbiy tuzilishi, davlat va saroydagi lavozimlar, tanga-pul muomalasi hamda madaniy hayoti to’g’risidagi keng ko’lamli ma’lumotlar beradi.
Muhammad bin Muayyad Bag’dodiyning “Kitob at-tavassul ila tarassul” asarida 1182–1184- yillarga tegishli Xorazmshoh Takash hukmronligi davri hujjatlari jamlangan. Ularning orasida Tekeshning 1183- yilda G’iyosiddin G’uriyga yuborgan maktubi ham mavjud. V. V. Bartold asarlarini hisobga olmaganda, to 1962- yilgacha “Tarixi Bayhaqiy” to’liq yevropa tillariga o’girilmagan. A. K. Arends uni rus tiliga tarjima qilishda G’ani va Fayozning 1945- yildagi nashri matniga asoslandi. Ikkinchi nashrda o’zgarishlar mavjud bo’lib, unda kirish qismiga qo’shimchalar kiritildi, ba’zi joylar, ayniqsa, iboralar tarjimasi aniqlashtirildi. Qo’shimchalarda yo’qolgan jildlarga tegishli qismlarning yangi topilmalari ham bor. Bundan tashqari, Bayhaqiyning asarida tasvirlangan tarixiy voqealarga aloqador “Maqomati xoja Abu Nasri Mishkan” asaridan ham ushbu voqealarni to’ldiruvchi ayrim parchalar ikkinchi nashrga kiritildi.
Mo’g’ullar bosqini Markaziy Osiyo xalqlariga cheksiz kulfat va fojialar olib keldi. Movarounnahrning shahar va qishloqlari xarobaga aylantirildi, hunarmandchilik hamda savdo-sotiq inqirozga uchradi, dala-yu vodiylar huvillab qoldi. Sharqning eng yirik va qadimiy o’chog’i bo’lgan Samarqand mo’g’ullar bosqiniga qadar juda katta shahar edi. Samarqand orqali Chingizxon huzuriga borgan Xitoy rohibi Chan-Chunning so’zlariga qaraganda, mo’g’ullar bosqinidan so’ng shaharda 25 ming oila – oldingi aholining chorak qismi qolgan edi, xolos. Demak, ilgari bu yerda 100 ming oila, ya’ni taxminan 400 mingdan ortiq kishi yashagan. 30 ming hunarmand Mo’g’ulistonga olib ketilib, mahalliy shahzodalarga tarqatilgan edi.
Muammoning tarixshunoslik jihatiga qaytamiz. Xitoy rohibi Chan-chunning hikoyasiga sharqshunoslardan birinchi bo’lib, V. V. Bartold e’tibor qaratdi. Uning “Turkiston o’lkasi XIII asrda” (Xitoy sayohatchisining hikoyasi asosida) maqolasi “Turkestanskoe vostokovedenie” jurnalining 1894- yil 43–44 sonlarida e’lon qilindi. Ushbu maqoladan sayohat yo’nalishini aniqlash mumkin edi. U quyidagicha: Chu va Talas daryolari, Sayram, Sirdaryo, Mirzacho’l, Zarafshon, Samarqand (1221-yil dekabr – 1222- yil aprelning oxiri), Kesh va Amudaryo orqali o’tib, Chingizxon qarorgohiga yetib borgan. Qaytishda Chan-Chun Chingizxon ortidan ketgan. V. V. Bartold “X asrdan to XIII asr (Chan-Chun)gacha bo’lgan davrga tegishli Turkiston hayotini mufassal yorituvchi bironta ma’lumotga ega emas edik. Chan-Chunning ma’lumotlari shu jihatdan mamlakatni o’rganish uchun qimmatlidir”, – deb yozgan edi.
V. V. Bartoldning muhim tarixiy asarlaridan biri hisoblangan “Turkiston mo’g’ullar bosqini davrida” doktorlik dissertatsiyasiga ham to’xtalish zarur. Asarning kirish qismida muallif kitobining nomi mazmuniga to’liq kelmasligini yozadi. V. V. Bartold maxsus tadqiqot uchun Markaziy Osiyo tarixining muhim bosqichi – mo’g’ullar bosqini davrini tanlagan. U Markaziy Osiyoning qadimgi va ilk o’rta asrlar tarixiga esa o’zining maqsadi uchun zarur bo’lgani qadar murojaat qilmoqchi edi. Biroq, mavzuga oid adabiyotlar bilan tanishuv muallifga o’zigacha bo’lgan tadqiqotchilarning manbalar bo’yicha xulosalar qilmaganliklarini ko’rsatdi. Ularsiz esa mo’g’ullar kelganda Markaziy Osiyo qay ahvolda ekanligini aniqlash mushkul edi.
Muallifning fikricha, ushbu kitob ilk bor Markaziy Osiyo tarixini manbalar asosida, ijtimoiy va maishiy sharoitlarga e’tibor berilgan holda yoritadi. Asar kirish, to’rtta bob va ilovadan iborat. Asarning kirish qismi tarixshunoslikka oid bo’lib, u arab tarixchi va jo’g’roflaridan tortib, to Temuriylar davrigacha bo’lgan, Markaziy Osiyo tarixiga bag’ishlangan manbalarga bergan tanqidiy sharhiga bag’ishlangan.
XIII asr oxiri – XIV asr boshlarida chingiziylar saroyida yashagan yirik tarixchi olim va siyosiy arbob Rashididdinning hayoti va ijodi mo’g’ullarning Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlaridagi hukmronligi davri bilan bog’liqdir. Fazlulloh Abul-Xayr Rashididdin Hamadoniy 1420–1447 yillar oralig’ida Hamadonda unchalik mashhur bo’lmagan tabib oilasida dunyoga kelgan. U Abakaxon hukmronligi (1265–1282) davrida davlat xizmatiga kiradi va G’ozonxon (1295–1296) hukmronligi davrida saroy tabibi vazifasini bajaradi.
Rashididdin ma’rifatli kishi bo’lib, ko’p tillarni o’rgangan, adabiyot va she’riyat nafosatini tushunar, tarixiy asarlarni yaxshi bilar, tibbiyot, xandasa hamda falakiyot ilmlaridan yaxshi xabardor edi. U ayniqsa, ilohiyot bilimdoni sifatida mashhur edi, Fazlulloh 1298- yilda vazir etib tayinlanadi. U Xulagu davlatining boshqa vazirlaridan farqli o’laroq, kuchli markaziy hokimiyatning zaruriyatini chuqur his qilgan hukmdor sifatida aniq siyosiy yo’nalishda ish olib bordi.
Rashididdin 19 yil hokimiyat tepasida bo’lib, o’zi mansub bo’lgan tabaqaning tub an’analariga sodiq qoldi. U feodal jamiyatning markazlashgan davlat hokimiyati uchun izchil kurashdi. Ammo, afsuski, uning umri fojiali tugadi. “Markazlashtirish siyosati” jamiyatning feodal ravnaqi yo’nalishida eski vaqtlardagidek tayanch topa olmadi. Hukmdor madadidan mahrum bo’lgan Rashididdin 1317- yilda iste’fo berdi, bir yildan so’ng esa dushmanlari uyushtirgan fitna qurboni bo’ldi. U sulton O’ljaytuni zaharlashda ayblanib, o’g’li, sulton soqiysi Ibrohim bilan 1318- yilning 18- iyulida qiynab o’ldirish va mol-mulki musodara qilinishiga hukm qilinadi. Tabrizda ular qurgan, asosan hunarmandlar, muqovachilar, xattotlar va yozuv qurollari yasovchi ustalar yashaydigan Rashididdin mahallasi buzib tashlandi. Ammo, tasodifgina uni qatl etilishdan saqlab qoldi. 10 yil o’tgach, Rashididdin oqlandi, oilasiga mol-mulkining bir qismini qaytarildi. O’g’li G’iyosiddin vazir lavozimini egalladi va otasining siyosiy yo’lini davom ettirishga urinib ko’rdi. Rashididdin esa Xulagu naslidan bo’lgan G’ozonxonning buyrug’i va taqdir taqozosi bilan tarixchiga aylandi. Keyinchalik “shunday asarlar yaratdiki, bu asarlar uning nomini asrlar osha saqlab qoldi”.
“Jome’ at-tavorix” bugungi kunda haqli ravishda ko’p mamlakatlarda uzoq hukmronlik qilgan ko’chmanchi mo’g’ullarning maishiy hayoti va ijtimoiy-siyosiy tarixi bo’yicha eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. Fors tilidagi manbalar orasida bunga teng asarlar yo’q. “Jome’ at-tavorix”da boy ma’lumotlar asosida mo’g’ullarning ko’chmanchi turmush tarzi, marosimlari, urf-odatlari va qonun-qoidalari haqida yorqin hikoya qilinadi. Rashididdinning ushbu shoh asarida o’troq xalqlar hayoti, xo’jalik-iqtisodiy ahvoli, ko’chmanchi va o’troq turmush tarzi o’rtasidagi ziddiyatlar ham o’z ifodasini topgan. “Jome’ at-tavorix”da ko’chmanchi feodallar hukmronligi ostida qolgan, “asosan, o’troq aholi ko’p mamlakatlarning iqtisodiy, xo’jalik va siyosiy tarixiga oid ancha mufassal ma’lumotlar keltiriladi”.
Rus olimi I. N. Berezin tarixshunoslik jihatidan Rashididdinning asarini chuqur o’rgangan. Ushbu sharqshunos olim butun umrini Rashididdin merosini o’rganishga bag’ishladi. I. N. Berezin fors tilidagi nashrlarning asosiy noshiridir. U “Jome’ at-tavorix”ning birinchi jildi (Chingizxon hukmdorlik davri tarixi), shuningdek, “Turkiy va mo’g’ul ko’chmanchi qabilalari” tarixini o’z ichiga olgan qismlarining tarjimonidir. Biroq, I. N. Berezin hayotligi davrida asar qo’lyozmasining eng yaxshi, ya’ni Toshkent va Istambul nusxalari ma’lum emas edi. Shu bois ismlar, turkiy mo’g’ul iboralari, jo’g’rofiy va tarixiy-toponomik iboralar aniqlashtirishni talab qilar edi.
I. N. Berezinning forscha matni va ruschaga tarjimasi hozirda ham bibliografik jihatdan nodir hisoblanadi. Buning ustiga uning nashri to’liq emas edi. Shu bois 1936- yilda SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti “Jome’ at-tavorix”ning forscha matni va ruscha tarjimasining qayta ko’rib chiqilgan nashrini bosmaga tayyorlay boshladi. 1–139 betlarni prof A. Romaskevich, 140–231 betlarni filologiya fanlari nomzodi L. Xechaturov va nihoyat, 232 betdan iborat asarning oxirigacha bo’lgan qismini yetuk sharqshunos, professor A. Alizoda nashrga tayyorladi. Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, tanqidiy matnni birinchi jildining 1 va 11 qismlari hamda ruscha tarjima matni 1941- yilda professor A. A. Romaskevich tomonidan oldindan tahrir qilingan edi.
Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” asari elxonlarga bo’ysunuvchi mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga oid juda ko’p ma’lumotlarni o’z ichiga oladi. Bu sohada bironta ham tarixiy asari u bilan tenglasholmaydi. Asarda dehqonchilik, yerdan foydalanish tartibi, soliqlar va ularni undirish usullari hamda mamlakatning iqtisodiy ahvoli xususida qiziqarli ma’lumotlar berilgan. Rashididdinning ushbu asari V. V. Bartoldning iborasi bilan ifodalaganda, o’rta asrlar fors tarixshunosligining “so’nggi so’zi”dir. Mana, 150 yildirki, asar tadqiqotchilarni o’ziga tortib keladi, u to’g’risida ko’plab asarlar bitiladi. Mazkur asarni o’rganish va nashr etish bilan bugun ham butun jahon shug’ullanmoqda.
“Yilnomalar majmuasi” bilan bir qatorda Rashididdinning “Yozishmalar”i ham Yaqin, O’rta Sharq va Markaziy Osiyoning XIII–XIV asr boshlari tarixini o’rganishda muhim manbadir. Ushbu manba tarixshunosligi unchalik chuqur va mukammal emas. Gap shundaki, “Yozishmalar” muallif vafot etgach, 1327–1336 yillar oralig’ida uning o’g’li G’iyosiddin Muhammad Rashidiyning urinishlari natijasida kitobga aylangan. Vazirning topshirig’iga ko’ra, Rashididding sobiq shogirdi Muhammad Abarko’hiy ushbu to’plamni tuzishga kirishdi. Rashididdin maktublari Sharqda keng tarqaldi. Ingliz tadqiqotchisi E. Braunning shaxsiy kolleksiyasidan shu narsa anglashiladiki, ushbu xat (yozishma)lar XIV–XV asrlar chegaralarida va keyingi asrlarda ham qayta ko’chirib olingan. Sovet tarixchisi I. Petrushevskiyning guvohlik berishicha, “Yozishmalar” “Yilnomalar majmuasi”ga o’xshab ketadi va ularda o’sha davr rasmiy hujjatlari uchun xos bo’lgan iboralar bir xil shaklda uchraydi. Xullas, hozir Rashididdin “Yozishmalar”ining 13 ta nusxasi ma’lum va Ulardan 8 tasi ro’yxatga olingan. “Jome’ at-tavorix” asari 1301–1311 yillar oralig’ida G’ozonxonning topshirig’i bilan yozilgan.
Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” asari Sharq va G’arb olimlarining e’tiborini ko’pdan beri jalb etib kelmoqda. XV asrda Eronning yirik tarixchilaridan biri Hofizi Abru “Jome’ at-tavorix”ning davomini yozib, Eronning 1371- yilgacha bo’lgan tarixini yoritib bergan. Hofizi Abruning ushbu asari “Zayli jome’ at-tavorix” (“Jome’ at-tavorix”ga qo’shimcha) nomi bilan mashhur. Asar 1937–1938 yillarda professor Xonbobo Bayoniy tomonidan Tehronda nashr etilgan. Asarning birinchi qismi, ya’ni “Tarixi G’ozoniy” fransuz sharqshunos olimlari M. Kartmer (1836), E. Bloshe (1911) va chex tadqiqotchisi K. Yan (1941) tomonidan chop etilgan.
Shuningdek, rus sharqshunosi I. N. Berezin “Tarixi G’ozoniy”ni izchil o’rgandi va uning forscha matni bilan ruscha tarjimasini nashr ettirdi (1858, 1868, 1888). “Jome’ at-tavorix” rus sharqshunoslari A. A. Romaskevich va Y. ye. Arendslar tomonidan ruscha izohi bilan 1968- yilda Moskvada nashr qilindi. Asar uch qismdan iborat bo’lib, birinchi qismda mo’g’ullar va ular asos solgan davlatlar Ulug’ yurt, ya’ni Mo’g’uliston, elxoniylar davlati hamda mo’g’ullar asoratiga tushib qolgan mamlakatlar, Shimoliy Xitoy, O’rta Osiyo va Yaqin hamda O’rta Sharq mamlakatlari xalqlarining mo’g’ul istilosigacha bo’lgan qisqacha tarixi yoritilgan.
Ikkinchi qismda Sharq mamlakatlari xalqlarining islomdan avvalgi tarixi, Arab xalifaligi va uning tarkibida tashkil topgan G’aznaviylar imperiyasi, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlatlari tarixi; Xitoy, qadimgi yahudiylar, franklar, Rim imperiyasi va Hindiston tarixi aks etgan bo’lsa, uchinchi qismda esa yer kurrasi hamda yetti iqlim mamlakatlarining geografik holati yoritilgan. Afsuski, asarning so’nggi, uchinchi qismi saqlanmagan. Qo’lyozma 1318- yilda Rashididinning shaxsiy kutubxonasi talon-taroj qilingan vaqtlarda yo’qolgan bo’lishi mumkin.
Asarning turk-mo’g’ul xalqlari tarixini o’z ichiga olgan qismi Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o’rganishda katta ahamiyatga ega. Kitobning O’rta Osiyo, Eron va Kavkazorti xalqlarining XIII asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qismlari ham benihoya qimmatlidir.
Birinchi qism ayni paytda islom hukmdori O’ljaytu sultonning ukasi G’ozonxon nomiga atab yozdirilgan. Ushbu jildda turk-mo’g’ul xalqlarining Chingizxongacha bo’lgan tarixi, Chingizxon tuzgan yirik feodal davlat, uning yurishlari va mo’g’ullarga qaram bo’lgan mamlakatlar tarixi, XII–XIII asrlarda shimoliy-sharqiy Osiyoda ko’chib yurgan turk va mo’g’ul qabilalarining kelib chiqishi hamda ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda tutgan o’rni keng sharhlanib, G’ozonxon (1295–1304) o’tkazgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlar batafsil yoritilgan.
Asarning ikkinchi qismi O’ljoytu Sulton (1304–1317)ning topshirig’i bilan elxoniylar saroyida yashagan chet ellik olimlar (kashmirlik baxshi Kamalashri, xitoylik olim Li Da-chji, fransiyalik bir monax, ikkita fors olimi va boshqalar) ishtirokida yozilgan. Asarda mo’g’ul istilosiga qadar musulmon olami, shuningdek, yahudiylar, yevropa, Vizantiya, Rim, Xitoy va Hindiston tarixi bayon etilgan.
Mazkur asarning uchinchi qismi jo’g’rofiy xarakterga ega bo’lib, “yetti iqlim”, ya’ni olamning insonlar yashaydigan to’rtdan bir qismi tavsifiga bag’ishlangan bo’lib, bizgacha yetib kelmagan. Ushbu qismning birinchi bobi tarix sahnasida turk xalqlarining paydo bo’lishi va ularning shajaralari, har bir xalq ajdodlarining hayoti haqida batafsil ma’lumot beradi. O’z navbatida, ushbu bob debocha (kirish) va to’rt fasldan iborat.
Ikkinchi bobda mo’g’ul va turk xoqonlari hamda boshqa xalqlar haqida ma’lumotlar bayon qilinib, ushbu bob ham ikki fasldan tashkil topgan. Ikkinchi jild O’ljaytu sultonning buyrug’i bilan uning muqaddas noibiga bag’ishlab yozilgan. Ushbu jild ikki bobdan iborat bo’lib, birinchi bobi O’ljaytu Sultonning tavalludidan to mazkur kitob yozilgan vaqtgacha davrni o’z ichiga oladi. Bu esa hijriy 700- yilga to’g’ri keladi.
Ikkinchi bob ikki qism va o’z navbatida birinchi qism ham ikki fasldan iborat. Ikkinchi qism esa O’ljatuxonning tarixiga tegishli bo’lib, xoqonning so’nggi kunlarigacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Ikkinchi jild asosan, geografik va topografik chizgilar hamda ma’lumotlarga bag’ishlangan. Unda turli davlatlarga olib boradigan yo’llar va mamlakatlar orasidagi masofalar nisbiy darajada bo’lsa ham muxtasar tarzda bayon qilingan.
A’loiddin Muhammad Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy” asarida ham mo’g’ullar bosqini batafsil bayon qilingan. Tarixchi A’loiddin Muhammad Juvayniy Temur Malikning ko’rsatgan qahramonligiga quyidagicha baho bergan edi: “Temur Malik shunday jasoratli sarkarda ediki, agar pahlavon Rustam tirik bo’lganida, uning otiga jilovdorlikka yarardi, xolos”.
Juvayniyning ma’lumotlariga qaraganda, Xo’jandni qamal qilishda 20 ming mo’g’ul askarlaridan tashqari, 50 ming nafar asirlar ham qatnashgan. Kuchlar nisbatining teng bo’lmaganligini hisobga olib va tinch aholini qirg’in bo’lishdan saqlab qolish maqsadida Temur Malik o’zining 1000 ta saralangan jangchi suvoriylari bilan jang qilib, mo’g’ullar safini yorib o’tadi va Sayhun daryosi o’rtasidagi orollardan biriga joylashib oladi. Mo’g’ullarning kamon o’qlari va palaxmon toshlari uzoqqa yetib bora olmas edi. Mo’g’ullar daryoga toshlarni tashlab vatanparvarlar tomon o’tishga qaror qiladi va askarlarga 3 farsax (18–24 km) uzoqlikdan toshlarni olib kelib, daryoga tashlab, to’g’on (damba)lar hosil qilmoqchi bo’ladilar.
Temur Malik esa o’zining jasur yigitlari bilan tunda qayiqlarda suzib kelib, kuni bilan hosil qilingan to’g’on (damba)larni buzib ketar edi. Temur Malikning buyrug’iga ko’ra, 12 ta maxsus qayiq qurilgan. Dushman otgan o’qlar qayiqlarni teshib o’tmasligi, olovli o’qlar ularni yondirib yubormasligi chorasi sifatida qayiqlarning usti namat bilan qoplanadi, ustidan esa sirkali loy suvaladi. Bunday kemalarda Temur Malik bemalol, qo’rqmasdan daryo sohillari tomon suzib borib, mo’g’ullarga qiron keltirar edi. Ammo, kuchli dushman bilan bunday usulda uzoq vaqt jang qilishning iloji yo’q edi. Shuning uchun Temur Malik 70 ta kema, ya’ni qayiq qurdirib, daryoning quyi qismi orqali mash’allar yoqib suzib borib, Xorazm (Orol) dengizi va Jayhun orqali Urganchga yetib olishga qaror qiladi.
Daryoning har ikki qirg’ogidan esa mo’g’ullarning otliq suvoriylari Temur Malik kuchlari ustiga tinimsiz kamon o’qlarini yog’dirar edilar. Qattiq jang, olovli mash’allar bilan Temur Malik sarbozlari Jand tomon dadil suzib boradi. Barchig’likent va Jand yaqinida daryoning har ikkala sohili bo’ylab sarhang Ulus Idi boshliq dushman kuchlari daryo ustiga zanjir tortib, mustahkam to’siq quradilar. Ammo, Temur Malik ushbu to’siqni buzib o’tib, Jand shahrida qirg’oqqa chiqishga muvaffaq bo’ladi. Qirg’oqda Temur Malik bahodirlari bilan mo’g’ullar o’rtasida mislsiz va shiddatli jang bo’ladi. Ushbu jangda Temur Malik o’z qo’shini va safdoshlaridan deyarli batamom ayriladi.
Faqat kichik bir guruh yigitlar bilan qolgan Xo’jand arsloni mo’g’ullarning butun boshli qo’shiniga qarshi jang maydonida ot suradi. Juvayniyning yozishicha: “Orqadan ta’qib etib kelayotgan dushmanni yo’l-yo’lakay chopib, kamondan o’qqa tutib parokanda etdi, mo’g’ul sardorlaridan birining ko’zini ko’r qildi. “Yana ikki o’q-yoyim bor, ikkovingga ham yetadi. Yaxshisi, orqaga qaytinglar!” deb xitob qiladi Temur Malik. Vahimaga tushgan mo’g’ullar otlari jilovini orqaga tortib qaytib ketdilar”.
Ana shu tariqa Temur Malik qattiq mashaqqat va qahramonliklar evaziga Xorazmshohlar davlatining poytaxti Urganchga yetib boradi va Jaloliddin Manguberdi kuchlariga qo’shiladi. U Xorazm bahodiri bilan mo’g’ullarga qarshi olib borilgan juda ko’p janglarda qatnashadi. Jo’jiga qarshi muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshiradi va hatto undan Sirdaryoning quyi oqimidagi Yangikent shahrini qaytarib ham oladi. Ularning hammasi yoritilayotgan voqealarning nafaqat guvohi, balki qatnashchilaridir, shu boisdan ular yaratgan asarlar o’sha davrning muhim tarixiy hujjatlari bo’la oladi.
Mo’g’ullarga qarshi milliy-ozodlik kurashning tarixchilar tomonidan o’rganilishi. Mo’g’ullar bosqini Markaziy Osiyo xalqlariga cheksiz kulfat va fojealar olib keldi. Movarounnahr shaharlari xarobaga aylandi, hunarmandchilik va savdo inqirozga uchradi, dala va vodiylar huvillab qoldi. O’zbekiston tarixining eng fojiali sahifalaridan mo’g’ullar bosqini va ularning 150 yillik hukmronlik tarixi Yoqut Hamaviy, Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy, Jamol Qarshiy va boshqa tarixchilar asarlarida keng yoritilgan.
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo’lga kiritgach, tarixiy manbalarni o’rganish uchun keng yo’l ochildi. Jumladan, Mirzo Ulug’bekning “Tarix-i arba’ ulus” (To’rt ulus tarixi) asari 1994- yilda Bo’riboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasida Toshkentda “Cho’lpon” nashriyotida chop etildi. Ushbu asar 1425- yilda Ulug’bek tomonidan yozib tugallangan.
Shu o’rinda asar haqida rus olimi V. Bartold tomonidan bildirilgan ayrim fikrlarni qayd etish maqsadga muvofiqdir. Avvalombor, shuni ta’kidlash kerakki, olim o’zining bir qator ilmiy risolalari (“Turkiston mo’g’ullar bosqini davrida”, “Ulug’bek va uning davri” hamda boshqalar)da Ulug’bekning mazkur asaridan manba sifatida foydalangan. Lekin, noma’lum sabablarga ko’ra, uni muhim tarixiy manbalar qatoriga qo’shmaydi, to’g’rirog’i, asarning qimmatini bir qadar pasaytirmoqchi bo’ladi. Chunonchi, u bu haqda shunday yozadi: “Shohruhning o’g’li va taxt vorisi Ulug’bek (1449- yilda o’ldirilgan) “To’rt ulus tarixi”ni bitgan. Asar o’z nomiga ko’ra, Mo’g’ullar imperiyasining to’liq tarixini o’z ichiga oladi. Ulug’bekning bu asari bizgacha yetib kelmagan, lekin ba’zi manbalar, xususan, Xondamirning “Habib us-siyar”ida undan olingan parchalar uchraydi. Ushbu parchalardan ko’rinib turibdiki, mo’g’ullar davlati tarixi muallif yashagan davrgacha bayon qilingan. Ammo, muallif o’sha podsholiklar haqida to’la ma’lumot bermaydi, aksincha, xonlarning nomini qayd etish bilangina kifoyalangan, xolos. Shu sababdan ham ushbu asarning bizgacha yetib kelmaganidan ortiqcha qayg’urib o’tirishga asos yo’q, desa ham bo’ladi”.
“To’rt ulus tarixi” asarining uchinchi bobida yurtimiz tarixiga oid muhim ma’lumotlar uchraydi. Bular: Xorazmshoh Alouddin Muhammadning mo’g’ullar istilosi arafasida Samarqandni mustahkamlash borasida olib borgan ishlari, Balx shahrining mo’g’ullar tomonidan qamal qilinishi va mo’g’ul armiyasi tarkibida Chingizxonning boshqa mamlakatlarni bosib olishda faol ishtirok etgan turk qo’shinlari hamda ularning sardorlari haqidagi ma’lumotlardir. Birinchi misol, “Tarix-i arba’ ulus”da keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, mo’g’ullar hujumi arafasida Xorazmshohning farmoni bilan 300 ming odam Samarqand devorlari, qal’asi va boshqa mudofaa istehkomlarini mustahkamlashga safarbar qilingan, o’shanda haqiqatdan ham shaharni mustahkamlash, uni qamalga hozirlash borasida katta ishlar olib borilgan ekan. Asarda keltirilgan ushbu ma’lumot 1960 yilda Afrosiyobda olib borilgan arxeologik kuzatish va qazish ishlarining natijalari bilan ham ta’kidlandi.
Ikkinchi misol. Ma’lumki, 1221- yilning bahorida mo’g’ullar Xurosonning qadimgi iqtisodiy-siyosiy va madaniy markazlaridan biri bo’lmish Balx shahrini ishg’ol qilib, uni vayronaga aylantirdilar. Ibn al-Asir (1160–1233)ning guvohlik berishicha, shahar o’z ixtiyori bilan dushmanga taslim bo’lgan. Shuning uchun ham Chingizxon Balx xalqiga mehr-shafqat ko’rsatgan hamda shahar va uning xalqini omon qoldirgan. Boshqa bir tarixchi – Alouddin Juvayniy (1226–1283)ning so’zlariga qaraganda, Chingizxon avval shahar va uning xalqiga omonlik va’da qilgan, lekin so’zida turmay, shaharni vayron qilgan. Mirzo Ulug’bek bu haqda tamoman boshqa ma’lumot keltiradi. Uning so’zlariga qaraganda, Chingizxon balxliklar so’nggi Xorazmshoh Jaloliddin (1198–1231)ning odamlariga boshpana berganliklari uchun shahar va uning xalqini jazolagan. Chingizxonning amri bilan Balxob daryosiga qurilgan Bandi Amir to’g’onini buzib tashlangan, o’shanda Balx va uning tumanlari olti oy mobaynida suv ostida qolib ketgan.
Asarning eng muhim qismi – uning yettinchi bobidir. Unda Chig’atoy ulusining Chingizxon zamonidan to Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishigacha bo’lgan tarixi hikoya qilinadi. Ma’lumki, Chig’atoy ulusining qariyb 250 yillik tarixi o’rganilmagan. Buning asosiy sababi, bu haqda qo’lyozma manbalarda yetarli ma’lumotlar yo’qligidir.
Asar “Ulus-a arba’-yi Chingiziy” (“Chingiziylarning to’rt ulusi”) va “Tarix-i arba’ ulus” (“To’rt ulus tarixi”) nomlari bilan mashhur. Lekin, yevropa sharqshunoslari orasida ushbu asarni birinchilar qatorida o’rgangan va uning qisqartirilgan inglizcha tarjimasini e’lon qilgan polkovnik Mayls yetarli asosi bo’lmagani holda bu kitobni “Shajarat ul-atrok” (“Turk (xoqon)larining shajarasi”) deb ataydi. Chuqur va atroflicha o’rganish natijalari shuni ko’rsatadiki, asarning faqat Yofas o’g’lon va uning o’g’li Turkxon hamda farzandlari tatar-mo’g’ul bilan turk tabaqalari, shuningdek, ularning podsholarigina “Shajarat ul-atrok” asosida yozilgan, xolos.
Asarning Chingizxonning ulug’ ajdodi Buzunjor qoondan boshlab Movarounnahrni XIII–XIV asrning birinchi yarmida idora qilgan Chig’atoyxon avlodi tarixini o’z ichiga olgan qismi “Ulus-i arba’-yi Chingiziy” yoki “Tarix-i arb’a ulus” deb ataladi. Rus sharqshunosi V. V. Bartold, yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu asar haqida ko’plab tanqidiy fikrlar bildirgan. Olimning bir qator ilmiy risolalari, xususan, “Turkiston mo’g’ul bosqinchiligi davrida” va “Ulug’bek va uning davri” asarlarida Ulug’bekning mazkur asaridan manba sifatida foydalanilgan. Lekin, olim uni muhim tarixiy manbalar qatoriga qo’shmaydi. U bunday deb yozadi: “Shohruhning o’g’li va taxt vorisi Ulug’bek “To’rt ulus tarixi”ni yozgan. Asar o’z nomiga ko’ra, mo’g’ullar imperiyasining to’liq tarixini o’z ichiga oladi. Ulug’bekning ushbu asari bizgacha yetib kelmagan, lekin ba’zi manbalar, xususan, Xondamirning “Habib us-siyar”ida undan olingan parchalar uchraydi. Ushbu parchalardan ko’rinib turibdiki, mo’g’ullar davlati tarixi Xondamir yashagan davrgacha bayon qilingan.
Olimning boshqa bir asarida esa mana shu ma’lumotlarni o’qish mumkin: “Ulug’bek qalamiga taalluqli deb hisoblangan tarixiy asar ehtimol, adabiy manba va tarixni tanqidiy o’rganish uchun material sifatida birmuncha qiziqish uyg’otishi mumkin, lekin mazkur asar nusxasi topilganda ham mo’g’ullar imperiyasi yoki uning inqirozidan so’ng tashkil topgan davlatlar tarixiga oid bo’lgan mavjud ma’lumotlarni boyitadi, deb aytish qiyin”. Tarixchi B. Ahmedov Bartoldning “Tarix-i arba’ ulus”ga bunday munosabatda bo’lishining ikkita sababi borligini qayd etadi. Birinchidan, jahon kutubxonalarida mazkur asar to’liq nusxasining saqlanmaganligi va ikkinchidan, XV–XVII asrlarga oid tarixiy qo’lyozma asarlarning hozir ham qoniqarli darajada o’rganilmayotganligidir. Lekin, haqiqat faqat ma’lum mavzuga bag’ishlangan asarlarni bir-biriga qiyoslab o’rganish va ular keltirgan ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirish orqaligina aniqlanadi.
Asarni yozishda muallif ko’plab tarixiy va jo’g’rofiy asarlardan foydalangan. Ulug’bek ko’p hollarda o’z manbalarini aniq ko’rsatmaydi va “aytishlaricha”, “qissa va tarix kitoblarda yozilishicha”, “Chig’atoy ulusi ulamolarining kitoblarida keltirilishicha”, “bir guruh odil, haqiqatgo’y tarix arboblarining aytishicha” kabi umumiy iboralar bilan cheklanadi. Lekin, ayrim o’rinlarda o’zi foydalangan ba’zi asarlar va ularning mualliflari nomini ham tilga oladi. Bular orasida mashhur astronom Abu Ma’shar Balxiy, yirik olim, shoir hamda sayyoh Rashiduddin Votvot, mashhur tarixchi-yu, davlat arboblari Alouddin Otamalik Juvayniy, Rashiduddin Fazlulloh Hamadoniy, Hamidulloh Mustovfiy Kazviniy va boshqalarning nomlari tilga olinadi. Olim hadis kitoblar va rivoyatlardan foydalanganligini ham qayd etadi. Asarda Rashiduddin Votvot, Xo’jandiy va Nizomiydan olingan she’riy parchalar ham uchraydi. Bundan ma’lum bo’lishicha, Ulug’bek mazkur asarini yozishda juda ko’p va mazmun jihatdan xilma-xil kitoblardan keng foydalangan.
Endi bevosita asarning tarkibiy qismi haqida to’xtaladigan bo’lsak, asar muqaddima va yetti bobdan iborat.

Yüklə 255,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə