Bitiruv malakaviy ishi



Yüklə 172,5 Kb.
səhifə7/8
tarix29.04.2023
ölçüsü172,5 Kb.
#107670
1   2   3   4   5   6   7   8
Sharq adabiyotida Iskandar timsoli

X U L O S A
Inson yaratilibdiki, xalqlar hech qachon bir-biridan ajragan, o‘z qobig‘iga berkingan holda yashagan emaslar. Insoniyat erishgan hayotning turli tomonlaridagi ulkan g‘alabalar faqat hamkorlik, boshqa xalqlar yutuqlaridan foydalanish, ilg‘orlarga yetib olish va o‘zib ketishga intilishning mahsulidir. Bu o‘rinda Ovrupa xalqlarining bobokalonlari ilk o‘rta asrlarda xalqlarning buyuk siljishi jarayonida Sharqdan ketganligini (oxirgisi IX asrda ko‘chgan xalq, mojorlar, hozirgi vengerlar bo‘ldi. Ularning qoldig‘i hozir ham janubiy O‘zbekiston, Orol bo‘ylarida yashamoqda) esdan chiqarmasligimiz lozim. Keyin Ovrupo mamlakatlarining davlat tuzumi ana shu ko‘chib borib, Rim imperiyasi ustidan g‘alaba qozonib, Italiya, Galliya, Britaniya, Ispaniyalarda got, vesigot, langobard, frank, vandal, olmon, xunn xalqlari tomonidan o‘rnatilgan edi. Kelgan xalqlar madaniyat jihatidan ancha qoloq bo‘lib, oz vaqt ichida isaviya dinini qabul qilib, qisman bo‘lsa-da, madaniyatni o‘zlashtirib, yerli xalqlar bilan aralashib ketadilar. Bu jarayon natijasida Ovrupo uzoq asrlar davomida o‘ta qoloqlikni boshidan kechiradi.
Bor-yo‘g‘i 33 yil yashab, dunyoning yarmini zabt etgan Aleksandr Makedonskiy-Sharqda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhurdir. Dastavval yunon adabiyotida vujudga kelgan Makedonskiy obrazi asta-sekin Sharq xalqlari adabiyotiga ham kirib keldi.
Aleksandr Makedonskiy tarixi va shaxsi Sharq badiiy adabiyotiga to‘laqonli syujet va timsol sifatida X-XI asrlarda kirib keldi. Bu davrga kelib, Markaziy Osiyo, Xuroson va Eron arablar bosqinchiligi natijasida yuz bergan inqirozdan anchagina o‘ziga kelgan, qisman bo‘lsa-da, milliy mustaqillikka erishgan, endilikda umuman mustaqillik uchun kurash muammosi turar edi. Ana shu tarixiy sharoitda milliy ong o‘sdi, natijada qahramonona o‘tmishga qiziqish ortdi. Firdavsiyning mashhur “Shohnoma”si xuddi ana shu davrda vujudga keldi. Sharq xalqlari yozma adabiyotida Iskandar timsoli birinchi bo‘lib Firdavsiyning shoh asari “Shohnoma”da yaratildi.
Firdavsiy Aleksandr tarixini bayon qilar ekan, faqat “Aleksandr faoliyati” izidan boribgina qolmay, uni yangi afsona va ajoyibotlar bilan ham boyitdi: yumshoq oyoqli odamlar, qizil yuzli, qizg‘ish sochli odamlar, oltin taxtdagi o‘lik shox, vahiylik qiluvchi yashil qushlar, zumraddan qurilgan saroy, undagi ajoyib jonivorlar Firdavsiy tomonidan kiritildi. Bularning ko‘pchiligi Firdavsiy xayolotining mahsuli, lekin Sharq ertakchiligiga xos elementlar ham bor. Masalan, ramziy mazmunga ega bo‘lgan tuhfalar, Qaydning tushlari va hakozo. Ayniqsa, Firdavsiyda “Aleksandr faoliyati”ning kompozitsiyasi erkin holda o‘zgartirilgan. Firdavsiy talqini Tabariy tarixiga yaqin. Firdavsiy asarida Eronning o‘z tarixi afsonalashtirilgandek Iskandar tarixi ham haqiqiy Aleksandr tarixidan yiroq tasvirlangan. Iskandarga bag‘ishlangan boblar tarixiylik eng kam yoritilgan boblardir. Bu yerda eron –zardushtiylik bilan islom ta’limotlari o‘rtasidagi keskin qarama –qarshilik jahongir timsolining talqinida o‘z ifodasini topgan1. Aleksandr haqidagi qismda tarixning asosiy umumiy qismi va tarixiy nomlar Doro, Faylakus (Filipp), Rustalis (Aristotel), Fur (Por), Ravshanak kabilar saqlanib qolgan, xolos. Albatta, Aleksandr shaxsi va tarixiga bunday munosabatda bo‘lishning o‘ziga xos sabablari bor edi. Shoirning maqsadi Eron tarixini emas, balki eronshohlar tarixini yozish bo‘lgan. Shunday ekan, Iskandar obrazini boshqacha talqin qilish mumkin emas edi. Firdavsiy Iskandar voqeasini tasvirlashda qahramonlik eposi an’analariga suyangan. Shuning uchun ham dostonlarda bo‘lganidek, qahramon psixologiyasi ochib berilmagan, qotib qolgan holatda, ichki kechinmalarning faqat yuzaki belgilarigina tasvirlangan. Voqea boshida ham, oxirida ham u olijanob jangchi, fotih, faylasuf –donishmand, sarguzashtlarga intiluvchi, ham berahm bosqinchi, ayni vaqtda ko‘ngli bo‘sh inson2.
Aleksandr timsolining avvalgi talqinidan farqli o‘laroq, Firdavsiy Iskandari ziddiyatli shaxs. Uning intilishlari, osmon, suv osti, abadiy zulmat yurti sirlarini anglab yetishga harakat qilishi bilan imkoniyati o‘rtasida katta masofa bor. Hind braxmanlari, gapiruvchi daraxtlar, qushlar, oltin taxtdagi murdalarning hammasi Iskandarga bu dunyoning bevafoligi haqida gapiradilar, u yolg‘iz, uni hech kim tushunmaydi, nima maqsadda shunchalik qon to‘kishlar, vayrongarchiliklar bo‘ldi – aniq emas, Firdavsiy qahramonida ikki, qahramonona davrga xos bo‘lgan epik qahramon ideali bilan islom o‘rta asriga xos bo‘lgan tarkidunyochilik ideali to‘qnashadi. Lekin bu to‘qnashuv fojiali emas, epik qahramon va diniy tushunchalar ham bir davr mahsuli. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Bertels “Iskandar timsoli aniq shakllanmagan” deydi.
Firdavsiy asarida, ikkinchi tomondan, Qur’ondagi Zul-Qarnaynga ishora va laqabning o‘zi yo‘q. Aleksandrni na ilohiyat, na nabilar va na avliyolar qatoridan deb hisoblashni ham ko‘rmaymiz. Firdavsiy tasviridagi Iskandar tarixi g‘ayrioddiy, favqulodda holat ham emas, ideal ham emas, o‘ta zolim qonxo‘r ham emas, u Eron shohlarining biri. YE.E. Bertelsning ma’lumotiga ko‘ra, davlatni idora etish, hokim va jamiyat munosabati, umuman pand-nasihat tarzida yaratilgan. Abu Bakr Muhammad Turtushi, Abu Hamid Muhammad G‘azzoliy asarlarida Iskandar namuna sifatida keltirilib, juda ko‘p nasihatomuz hikoyatlar beriladi.
Bu timsol keyinchalik rivojlanib, ozarbayjon adabiyotiga ham o‘tdi va Nizomiy Ganjaviy “Iskandarnoma” dostonini yaratdi.
Nizomiy har taraflama kamolot bosqichiga erishgan donishmand, nabi Iskandarni – hokimiyatni jamiyat tuzumining eng oliy shakli bo‘lmish sinfsiz jamiyatga yo‘liqtiradi. Iskandar baxtiyorlar jamiyatini topdi, boshqalar, butun bir xalq baxti uni baxtiyor qiladi. Shu o‘rinda Iskandar Gyote Faustining “To‘xta, ey daqiqa! Go‘zalsan g‘oyat” degan xitobini aytishi mumkin edi. Bu so‘zni shoir aytadi, qaytishda Shahrazurda Iskandar vafot etadi. Mashhur sharqshunos olim, akademik Orbeli “Nizomiy Aleksandr haqidagi dostonga epizod sifatida ajoyib xayoliy jamiyat tasvirini kiritdi va Tomas Mor, Kampanella g‘oyalarini bir necha asr avvaldan aytdi”, - deydi.1 Iskandarning sarguzashtlarga boy hayot yo‘li haqiqatga erishishning boshlanmasi edi. Yuqorida qadimiy xalqlar, jumladan, greklarda, Aristey “Arimaspeya”sida ham uzoq sharqi –shimolda yashovchi, Apollon homiyligidagi giperboreylar va ular haqidagi mif Nizomiy dostonidagi utopik jamiyat tasviriga asos bo‘lganligi haqidagi fikrni aytgan edik.
Makedoniya shohi haqidagi hikoyani Nizomiy yangi mazmun bilan boyitdi. Aleksandr tarixi asosida yirik falsafiy-axloqiy doston yaratdi.
XV asrning 80-yillarida Hirotda ustoz va shogird Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ham Aleksandr Makedonskiy mavzusida asar yozdilar – “Xiradnomai Iskandariy” va “Saddi Iskandariy”. Har ikkala doston deyarli bir davrda, bir ijtimoiy muhitda bir-biriga ruhan yaqin bo‘lgan ikki buyuk zot tomonidan yaratilgan. Har ikkala doston biri ikkinchisini to‘ldirgan holda yuzaga kelgan deyish mumkin.
Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) “Haft avrang”ining yettinchi dostoni bo‘lmish “Xiradnomai Iskandariy” avvalgi “Iskandarnoma”lardan farqli o‘laroq, asosan pand-nasihatdan iborat. Jomiyning Aleksandr Makedonskiy haqidagi asari falsafiy –didaktik doston, Iskandar timsoli esa mavhumlashtirilgan, Iskandar shaxsi, faoliyati shoir fikrlarini izhor qiluvchi vosita, xolos. Aleksandr timsoli Makedoniya, Gretsiya va u zabt etgan Sharq mamlakatlari tarixidan uzib olingan holda talqin etilgan.
Alisher Navoiy yaratgan Iskandar timsoli zolim bosqinchi, vayrona keltiruvchi zobit ham emas, dunyo lazzatlaridan qo‘l silkigan darvesh, zohid ham emas. Zo‘ravonlik, zolimlikning ashaddiy dushmani, imkoni boricha qon to‘kishdan qochib, mazlumlarni himoya etuvchi adolatli, lekin shaxsiyati ziddiyatlardan xoli bo‘lmagan, borgan sari hukmronlik lazzatini anglab yeta boshlagan shoh. U dunyo lazzatlaridan meyorida foydalanuvchi, mehribon, rahmdil odam, olim-donishmand.
Akademik I.A. Orbeli: «Aleksandr Makedonskiyni yangi mamlakatlarni zabt etishga beto‘xtov intilgan lashkarboshi etib talqin etgan G‘arb xalqlaridan farqli o‘laroq, Sharq xalqlari uni qadimgi zamon faylasuflarining eng buyugi bo‘lmish Aristotelning haqiqiy shogirdi, o‘zi ham falsafaga berilgan, atrofini faylasuf olimlar qurshagan... odam sifatida tasavvur etganlar. Aleksandrni shu yo‘sinda qabul qilish uchun tarixiy sharoit bor edi”1-deydi. Biz ham shu fikrga mutloq qo‘shilamiz.


Yüklə 172,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə