Bitiruv malakaviy ishi


Iskandar timsoli o‘rta asr sharq olimlari nigohida



Yüklə 172,5 Kb.
səhifə4/8
tarix29.04.2023
ölçüsü172,5 Kb.
#107670
1   2   3   4   5   6   7   8
Sharq adabiyotida Iskandar timsoli

Iskandar timsoli o‘rta asr sharq olimlari nigohida

O‘rta asr tarixchilari orasida Aleksandr faoliyatiga eng to‘g‘ri tarixiy obyektiv baho bergan olim Abu Rayhon Beruniydir. “Qonuni Mas’udiy” asarida Aleksandr haqida hamma afsonalarni rad etib, “Filip yunonliklarning yigirma birinchi podshohi bo‘lmish Perdikka vafotidan keyin yigirma yetti yil Makedoniyada podshohlik qilgan... o‘g‘li Iskandar Olimpiadadan tug‘ilgan”.
Ushbu parcha olim tarixni qanchalik yaxshi bilganligining isboti. Ammo “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” da Filippning Sharqda tarqalgan afsonaviy nasabi ham keltiriladi. Yuqorida Makedoniya shohlari Gretsiyadan chiqqanini olim ta’kidlaganini aytgan edik. Yoki: “Filif podshohligining sakkizinchi yilida Iskandar Olimpiadadan tug‘ildi. Iskandar o‘z otasidan keyin o‘n ikki yil va olti oy podshohlik qildi... Iskandar (Sharq yurishidan) qayta yotib Bobilda vafot etgach, mamlakat uch bo‘lakka bo‘lindi. Makedoniya va unga tutash yerlar o‘z birodari Filipp Arrideyga tegdi... Misr Iskandariyasi va G‘arb yerlari Ptolemeyga tegdi. Bularning birinchisi Ptolemey Lag o‘g‘li edi. Suriya va Osiyo, ya’ni Shom va Iroq, Antakiya (Antioxiya) shahrini bino qilgan Antiohga tegdi. Selevk Nikator, Antioxga hamkorlik qildi. Haqiqatan, qisqa qilib aytganda, Aleksandr tarixi Beruniy keltirgan ana shu parchadan iboratdir. Abu Rayhon Beruniy haqiqiy olim sifatida hech qanday g‘ayritabiiy kuchlar, hodisalarga ishonmaydi. “Mineralogiya” asarida “Zul-qarnayn makedoniyalik Aleksandrning arab-fors laqabidir», deydi.
Beruniy asarlarida Aleksandr Makedonskiy tarixi, faoliyati va shaxsi fantastika va loflardan mutlaq uzoq obyektiv tarzda tasvirlangan, tarixiylik to‘liq saqlangan. Beruniy yunon tilini bilganligining yana bir isboti shuki, u “Mineralogiya” kitobida “Billur” haqida fikr yuritar ekan, Plutarxning “Hayot tasviri” va “Axloq haqida” asarlaridan Neron va Seneka, Arximed, Aleksandr haqida, ular uchun ishlangan billur idishlar haqidagi hikoyalardan ma’lumotlar keltiriladi.
Demak, Beruniy faqat Sharq manbalaridan emas, Iskandar haqidagi yunon tilidagi tarixiy asarlardan ham iste’foda etgan. Shuning uchun ham olim afsonalarga suyangan holda emas, balki masalaga tarixiylik nuqtai nazaridan yondashgan. Aksincha, ilmiy yondashish natijasida Psevdo Kallisfen kitobi orqali tarqalgan ba’zi g‘ayritabiiy, fantastik voqealarni rad etadi: “Hozirgi vaqtda mavjud bo‘lgan olmos toshlarining hammasi olmoslar vodiysidan Zulqarnayn tomonidan olingan deb ta’kidlanishi behuda gap. U yerda bir boqishda odamlarni o‘ldiruvchi ilonlar ham bor ekan. U oldinda katta oynalarni ko‘tarib, o‘zlaring oynalar ortiga yashirinib boringlar deb, buyruq beribdi. Ilonlar o‘zlarini oynada ko‘rib qirilib ketiptilar. Axir avval ham bir ilon ikkinchisini ko‘rgan va o‘lmagan-ku, axir oynadagi tasviridan ko‘ra tirik tananing o‘ldiruv kuchi ortiq-ku. Agar ular aytgan gaplar faqat odamlarga aloqador bo‘lsa, nega ilonlar o‘z tasvirini oynada ko‘rish bilan o‘ladilar? Va, nihoyat, odamlar Zulqarnayn o‘ylab topgan yo‘sinni endi bilib olgandan keyin uning ishini yana takrorlashlariga nima xalaqit beradi”. Yoki Iskandarning zulmatlik eliga qilgan sayohati haqiqatdan qanchalik uzoq ekanini quyidagicha isbotlaydi:
“Zulqarnayn zulmat eliga kirganida (lashkarlari) otlari toshda yurganlaridan tarak-tarak ovoz chiqaradi, shunda u hamrohlariga “bu toshlar ham ularni olgan, ham olmagan odamlarda achinish uyg‘otadi”, debdi. Ba’zi jangchilar toshdan oliptilar, ba’zilari olmaptilar. Ular yorug‘likka chiqqanlarida bu toshlar zabarjad ekanini ko‘riptilar, olgan odamlar kam oldim deb, olmaganlar esa ololmagani uchun achiniptilar. Ana shu (rivoyat) asosida eng yaxshi zumrad tosh Zulmatlik elidan chiqadi deb hisoblanadi... Ammo butun yer kurrasida, agar uni har tomonlama va ustini berkitilmasa mutlaq qorong‘u bo‘lgan joy yo‘q. Faqat qutb yulduzlari ostidagi joylarda olti oy qorong‘uliq bo‘lib, undan keyin olti oy uzluksiz yorug‘lik bo‘ladi.
Beruniy Psevdo Kallisfen asaridan foydalanish o‘rniga oldi-qochdi, fantastik joylarni o‘sha davr fani yutuqlari asosida inkor etadi.
Beruniy Iskandarning bosqinchilik yurishlari, yerli xalqlar madaniy merosi, boyliklarini talon-taroj etishini ham qoralab: “Iskandar va uning vorislari rumliklar tomonidan (eronliklar) rag‘bat qilgan barcha ilmiy kitoblari kuydirilib, hayot vositasi bo‘lgan va faxr qilinadigan go‘zal san’atlari barbod qilingan edi. Hatto Iskandar ko‘plab diniy kitoblarni kuydirgan, ajoyib binolarni vayron qilgan”, yoki “Iskandar ... ularning (zabt etilgan xalqlarning) ilmu fan xazinalarini o‘z mamlakatiga olib ketgan”, deydi1.
Buyuk olim “Qadimgi xalqlardan yodgorliklar” asarining to‘rtinchi bobini “Zulqarnayn laqabini olgan podshohning (kimligini) aniqlashda turli millatlarning ixtiloflari ustida so‘z” deb atab, butun bobni Aleksandr Makedonskiyga bag‘ishlaydi. Unda Zulqarnayn haqida gapirib, Aleksandrning haqiqiy tarixini bayon qilishga o‘tadi. Iskandar shoxlarining kelib chiqishi haqidagi afsonalar uydirma gap ekanligini misollar bilan ko‘rsatadi: “Ba’zilar Iskandar quyoshning ikki “shoxi”ga, ya’ni kun chiqish va kun botish tomonlariga borgani sababli shu laqabni oldi, deb izohlagan... Boshqalar Iskandar ikki nasldan, (ya’ni) Rum va eronliklardan tug‘ilgani uchun shu laqabni oldi, deb tasnif etib... bu haqda eronliklarning uydirma hikoyalariga asoslanadilar” deb, Olimpiada Dorodan farzand ko‘rgani va bobosi Filipp uni o‘z o‘g‘li sifatida voris qilgani haqidagi afsonani keltiradi. Beruniy Zulqarnayn laqabli boshqa shaxslar haqidagi afsonani ham keltirib, “Iskandarning Filipp o‘g‘li ekanligi yashirin emas, juda ravshandir”2, deb tarixiylikni ta’kidlaydi.
Abul Fazl Bayhaqiy Iskandar o‘z maqsadiga erishish uchun hech qanday makkorlikdan qaytmagani, Doro va For (Por) ustidan g‘alaba qozonish uchun turli qabihliklar qilganini yozadi. Olim Iskandar obod mamlakatlarni zabt etdi, lekin birontasini idora etmadi, shohning vazifasi obod etish va idora etish, u esa dunyodan shamoldek o‘tib ketdi, “yozgi bulutdek tezlikda tarqalib ketdi”3, deydi. Tarixchi Iskandar tarixini o‘zi xizmat qilgan g‘aznaviylarga ibrat bo‘lsin uchun keltiradi.
Saljuqiylar sulolasidan bo‘lgan Malik shoh ibn Muhammadning (1072-1092) vaziri Nizomulmulk tomonidan yaratilgan mashhur “Siyosatnoma”da ham Aleksandr haqida fikr yuritilib, Doroning mag‘lubiyati, uning o‘limi haqida to‘g‘ri ma’lumotlar beriladi. Asarda agar malikalar davlat ishiga aralashsalar, erlari ularning so‘zlari bilan ish ko‘rsalar yaxshilik kelib chiqmasligi haqida ham yozilib, Aleksandrni misol qilib keltiradi. Unga Doroning asir bo‘lgan oila a’zolari orasida katta qizi benihoya go‘zalligini ta’riflaganlarida Aleksandr “Men ularning erlari ustidan g‘alaba qozondim, ularning ayollari bizning ustimizdan g‘alaba qozonishi to‘g‘ri bo‘lmaydi”,-deydi. Bu o‘rinda ham Aleksandr qilmishlaridan hokimlarga ibrat, o‘git sifatida foydalanilgan. Xuddi ana shu yo‘nalish keyinchalik Sharqda yaratilgan “Iskandarnoma”lar yo‘nalishini aniqlab berdi.
Aleksandr Makedonskiy Sharq xalqlari adabiyoti va og‘zaki ijodining eng sevimli qahramoni. Lashkarboshining tug‘ilishidan to o‘limigacha bo‘lgan hayot yo‘li turli afsonalar bilan boyitilgan. Sharq xalqlarining sevimli qahramoniga xos xususiyatlarning hammasi-olijanoblik, odob, bilimga tashnalik, yengilganlarga, umuman mazlumlarga nisbatan rahmdil bo‘lish, ajoyib jasorat, qahramonlik, tadbirkorlik, ko‘p joylarni bilish, ko‘rish, zabt etishga intilish kabilar uning shaxsida mujassamlashgan edi. Tarix osmonida u meteordek o‘tib ketishiga qaramay, haligacha uning nomi katta qiziqish uyg‘otadi. Shuning uchun Aleksandr haqida faqat tarixiy, badiiy asarlardagina emas, balki diniy asarlarda (Bibliya, Talmud, Qur’on) ham ma’lumotlar berilgan.
“Bibliya”da Aleksandr o‘n ikki yil hukmronlik qilgani, dunyoni zabt etish orzusida ko‘p qon to‘kkani, mamlakatlarni talon –taroj etgani haqida yoziladi. “Xettiim yurtidan chiqqan makedoniyalik Filippning o‘g‘li Aleksandr forslar va midiyaliklar podshosi Doroni yengib, halok etib uning o‘rniga o‘ltirdi, birinchi bo‘lib Elladaga hukmron bo‘ldi; va ko‘p janglar qildi, ko‘p qal’alarni ishg‘ol qildi, va dunyo shohlarini yengdi;
Va u yerning chegarasiga yetdi va ko‘p xalqlardan ko‘p o‘ljalar oldi, va uning yuzi oldida yer mayuslanib jim bo‘lib qoldi, va mag‘rurlanib ketdi, qalbi faxrlandi;
Va u katta kuch, lashkarlar jamg‘ardi, va yurtlar, xalqlar, podshohlar ustidan hukmronlik qila boshladi, ular unga boj to‘ladilar;
Va shundan so‘ng u yerga yuzi bilan yiqildi, va o‘layotganini angladi;
Va yoshligida birga tarbiya topgan sodiq do‘stlarini chaqirdi, va hali tirikligida saltanatni ularga taqsimlab berdi;
Va Aleksandr o‘n ikki yil hukmronlik qildi va o‘ldi.
Bu asarda Aleksandr Filippning o‘g‘li ekanligiga shubha qilinmaydi, ammo u eroniylarga nisbatan xudoning qahr-g‘azabining quroli sifatida talqin etiladi. Lekin IV-VI asrlar o‘rtasida yaratilgan yahudiylarning dogmatik, diniy-axloqiy hikoyalar to‘plami bo‘lmish “Talmud”da Aleksandr haqida tarixiy voqealar, Psevdo Kallisfendan olingan va qo‘shimcha qilingan afsonaviy hikoyatlar ko‘p berilgan.
Aleksandr tarixi va timsolining Sharq adabiyotidagi rivojiga Qur’onning 18-surasidagi Zulqarnayn haqidagi ma’lumotlar katta ta’sir etadi. Qur’on rivoyatlarining manbai Suriya afsonasi bo‘lib, unda Iskandar boshida shoxga o‘xshash ikki narsa o‘sib turgan deyiladi.1 Bu haqda YE.E.Bertels “Afsonada Aleksandr xudo bilan suhbatida “Men bilaman, jahon podshohliklarini tor-mor etsin deb mening boshimda ikki shox o‘stirding”2, deydi.
Yaqin Sharq xalqlari tushunchasida shoxdorlik ilohiyatga aloqador ekanligining belgisi sifatida talqin etilgan. Shuning uchun tafsir tuzuvchilar 18 –sura haqida aniq bir fikrga kelolmagandilar. Ular Aleksandrni Misrda Amon o‘g‘li sifatida ikki shoxlik tarzida qabul qilganlar va bu tushuncha arab xalqlariga ham o‘tgan, ikkinchidan, uni zardushtiylikka qarshi kurashi tufayli nabiylar to‘dasiga qo‘shib Muhammad payg‘ambarning ilkdoshlaridan deb hisoblaganlar. Lekin Aleksandrning qanday din vakili ekani haqida islomning ilk vakillarida hech qanday tushuncha yo‘q, shuning uchun uni Ka’bani qurgan Ibrohimga yaqin, xanafiylar maslagi vakili deb tushunadilar. Aleksandrga bunday munosabatda bo‘lishga yahudiylarning Aleksandr faoliyati talqini ham sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Soxta Kallisfen asari IV asrda suryoniy tiliga ag‘darilgan bo‘lib, Aleksandrning Qur’onda berilishiga ana shu suryoniy tarjima ta’sir etgan bo‘lsa kerak.
“Qur’on”da xudo tilidan “Biz aytdik; Zulqarnayn degan joy bor, keyinchalik shu o‘rin, xudoning Aleksandrga murojaatiga (chunki xudo payg‘ambarlargagina murojaat qiladi), vahiy faqat payg‘ambarga tushadi) asoslangan holda Iskandarni payg‘ambarlar qatoriga qo‘shadilar (Nizomiy, Navoiy). Xudo Zul-qarnaynga YA’juj-Ma’jujlarga qarshi to‘siq qurishni buyuradi. U temir va misdan ikki tog‘ o‘rtasiga to‘siq (sadd) quradi, ular endi o‘tolmaydilar, lekin xudoning buyrug‘i bilan bir kun keladiki, to‘siq kukunga aylanadi. YA’juj-Ma’jujlar ilk bor “Bibliya”da uchraydi. YE.E. Bertels ular tafsilotiga to‘xtalib, ular Iyofat avlodidan, to‘siq musulmon olamini YA’juj-Ma’jujlardan saqlaydi, deydi. 1864 yilda Qur’onning fransuzchadan ruschaga tarjimasi chop etilgan edi. K.Nikolayev tomonidan unga yozilgan ilovada “bibliya”dagi Gog- Magog, Sharqdagi YA’juj-Ma’juj Sharqiy Osiyoda uzoq asrlardan buyon davom etib kelayotgan ko‘chmanchi xalqlarning Markaziy Osiyoga hujumining aks-sadosi bo‘lsa kerak. Aleksandr Makedonskiy ikki tog‘ o‘rtasida to‘siq qurib, ular hujumini to‘xtatishi kerak1, deyiladi. YA’juj-Ma’jujlar «Bibliya» afsonasi bo‘lsa-da, unda real hayotning uzoq aks-sadosi bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillardagi tadqiqotlarga binoan “Bibliya” afsonalari tarixiy voqealarning mifologik talqini degan fikrga kelindi. Yuqorida, birinchi bobda Aristey tasvirlagan arimasplar haqida fikr yuritar ekanmiz, YA’juj-Ma’jujlar masalasiga o‘z fikrimizni bildirgan edik. Nizomiyning “Iskandarnoma”sidagi YA’juj-Ma’jujlar ham afsonaviy jonivorlar emas, balki real hayotga yaqin qoloq ko‘chmanchi xalqlarga o‘xshaydi. Navoiy, Jomiyda ham shunday.


  1. Yüklə 172,5 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə