Bitiruv malakaviy ishi



Yüklə 172,5 Kb.
səhifə3/8
tarix29.04.2023
ölçüsü172,5 Kb.
#107670
1   2   3   4   5   6   7   8
Sharq adabiyotida Iskandar timsoli

Tadqiqot obyekti. Ushbu bitiruv malakaviy ishining obyekti sifatida, asosan, Firdavsiyning “Shohnoma”si, Nizomiyning “Iskandarnoma”si, Jomiy va Navoiy “Xamsa”larining bir dostoni Iskandar nomi bilan atalishi va uning timsoli, o‘xshash va farqli jihatlari muqoyasa qilinadi.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
- bitiruv malakaviy ishida tarixiy shaxs Aleksandr Makedonskiy – Iskandar timsolining fors, ozarbayjon va o‘zbek adabiyotidagi tadriji va o‘xshash hamda farqli jihatlari tahlil qilinadi.
- Firdavsiy “Shohnoma”sida Iskandar obrazi va g‘oyalarining qanday rol o‘ynagani kabi masalalar o‘rganildi.
- Nizomiy “Iskandarnoma”sida Iskandar obrazi va g‘oyalarining qanday rol o‘ynagani kabi masalalar o‘rganildi.
-Jomiy va Navoiy “Xamsa”larida Iskandar timsoli va uning o‘xshash va farqli jihatlari hamda shoirlarning mahorati kabi masalalar yoritildi.
Tadqiqotning ilmiy amaliy ahamiyati. Ushbu bitiruv malakaviy ishi natijalarining amaliy ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
- bitiruv malakaviy ishidagi Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy va Navoiy ijodidagi Iskandar obrazi, uning Sharq adabiyotidagi o‘ziga xos qiyofasi jahonning yarmini zabt etgan Aristotelning shogirdi, shoh obrazining tadrijiy evolyutsiyasi kabi masalalar o‘rganildi.
- mazkur bitiruv malakaviy natijalaridan o‘zbek tili yo‘nalishi bakalavr bosqichi talabalari amaliy va seminar mashg‘ulotlarida foydalanishi mumkin.
Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi va hajmi. Mazkur bitiruv malakaviy ishi kirish, ikki bob, to‘rt fasl, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. BMI ning umumiy hajmi sahifani tashkil qiladi.


  1. BOB. ISKANDAR HAQIDAGI ASARLAR VA SHOH OBRAZINING EVOLYUTSIYASI




    1. Iskandar timsoli yunon adabiyotida

Bor-yo‘g‘i 33 yil umr ko‘rgan va dunyoning yarmini zabt etgan Aleksandr Makedonskiy – Sharqda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhurdir. Yunon va Rim tarixchiligi va adabiyotida Aleksandr shaxsi va yurishlariga qiziqish butun antik davrda davom etadi, ammo bulardan Aleksandr tarixi va timsoli haqida an’anaga aylanib qolgan ma’lum bir konsepsiya yaratilmadi, mualliflarning siyosiy, falsafiy, axloqiy qarashlaridan kelib chiqqan holda shoh timsoli turli talqinda beriladi. Bu o‘rinda V asr Rim muallifi Oraziyning “Ma’jusiylarga qarshi yetti tarix kitobi” xarakterlidir. Adib Aleksandr faoliyatiga yuqori baho berish bilan “Aleksandrni odam qoni bilan to‘ydirib bo‘lmas edi, u hammavaqt odamning yangi qoniga tashna edi, xoh u dushmanniki, hoh do‘stlarniki bo‘lsin”, deydi. Oraziy xulosa qilib, “butun dunyoni zabt etgan qahramonlik davri, Aleksandr davrini maqtash kerakmi yok u keltirgan vayrongarchilik, dunyoni larzaga solgan qilmishlarini maqtash kerakmi? O‘z baxtini boshqalar baxtsizligidan topishni maqtovga sazovor qahramonlik deb hisoblovchilar hali ham oz emas”, deydi. Aleksandrga bo‘lgan ana shunday qarama –qarshi munosabat Yevropada butun O‘rta asr davomida ham davom etdi.


Aleksandr Makedonskiy Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari – Misr, hozirgi Suriya, Iroq, Sinay yarim oroli, Eron, Xuroson, Movarounnahr, Shimoliy Hindistonlarni ba’zida osonlik, ba’zida katta talofat va qon to‘kishlar bilan bosib olar ekan, bu xalqlar folklori, keyincha esa tarixi va yozma adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi, ayni vaqtda badiiy asarning eng qadimiy namunasi bo‘lgan “Avesto”ning to‘liq nusxasi bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Bu asarning keyingi davrlarda yaratilgan qismlarida xabar berilishicha, “Makkor Aleksandr muqaddas kitobni kuydirgan”. Ana shu voqea haqida Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida “Podshoh Doro ibn Doro xazinasida (Abistonning) o‘n ikki ming qoramol terisiga tilla bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi”1,-deydi. Umuman, forsigo‘y va arabgo‘y tarixchilarning hammasi 12000 taxtachaga oltin harflar bilan bitilgan “Avesto”ning to‘liq nusxasini Aleksandr Makedonskiy Eronga yurishi vaqtida, tabiat, geografiya, dehqonchilik, tabobatga oid qismlarini yunon tiliga tarjima qildirib, otashxonalarni buzgani haqida yozadilar. Zardushtiylik rasmiy adabiyotida Aleksandr qonxo‘r, zolim, vayronalik, o‘lim, ochlik, yalang‘ochlik keltiruvchi bochqinchi, jahannam, do‘zaxdan chiqqan tajovuzkor sifatida tasvirlanadi. Nemis sharqshunos olimi Shpigelning ma’lumotiga ko‘ra, qadimiy pars (ya’ni zardusht) qissalarining biri “Qissai Sanjlon”da “Keyinchalik Sikandar Shoh paydo bo‘ldi, u haqiqiy vahylar (xudo so‘zi) kitoblarini kuydiradi, 300 yil davomida din bisyor maxfiy saqlanadi, mu’taqidlar esa ta’qib ostiga olindi”2, deydi. Aleksandr haqidagi bunday tanqidiy fikrlar “Ardaviraznamak”, “Bundaxishn”, “Denkard”, “Pandnomayi Zardusht” kabi zardushtiylik kitoblarida mavjud.
Aleksandr Makedonskiy Sharq xalqlari adabiyoti va og‘zaki ijodining eng sevimli qahramoni. Lashkarboshining tug‘ilishidan to o‘limigacha bo‘lgan hayot yo‘li turli afsonalar bilan boyitilgan. Sharq xalqlarining sevimli qahramoniga xos xususiyatlarning hammasi-olijanoblik, odob, bilimga tashnalik, yengilganlarga, umuman mazlumlarga nisbatan rahmdil bo‘lish, ajoyib jasorat, qahramonlik, tadbirkorlik, ko‘p joylarni bilish, ko‘rish, zabt etishga intilish kabilar uning shaxsida mujassamlashgan edi. Tarix osmonida u meteordek o‘tib ketishiga qaramay, haligacha uning nomi katta qiziqish uyg‘otadi. Shuning uchun Aleksandr haqida faqat tarixiy, badiiy asarlardagina emas, balki diniy asarlarda (Bibliya, Talmud, Qur’on) ham ma’lumotlar berilgan.
Aleksandr tarixi va timsolining Sharq adabiyotidagi rivojiga Qur’onning 18-surasidagi Zulqarnayn haqidagi ma’lumotlar katta ta’sir etadi. Qur’on rivoyatlarining manbai Suriya afsonasi bo‘lib, unda Iskandar boshida shoxga o‘xshash ikki narsa o‘sib turgan deyiladi.3 Bu haqda YE.E.Bertels “Afsonada Aleksandr xudo bilan suhbatida “Men bilaman, jahon podshohliklarini tor-mor etsin deb mening boshimda ikki shox o‘stirding”1, deydi. Lekin Aleksandrning qanday din vakili ekani haqida islomning ilk vakillarida hech qanday tushuncha yo‘q, shuning uchun uni Ka’bani qurgan Ibrohimga yaqin, xanafiylar maslagi vakili deb tushunadilar. Aleksandr tarixi va timsolining Sharq adabiyotidagi rivojiga Qur’onning 18-surasidagi Zulqarnayn haqidagi ma’lumotlar katta ta’sir etadi. Qur’on rivoyatlarining manbai Suriya afsonasi bo‘lib, unda Iskandar boshida shoxga o‘xshash ikki narsa o‘sib turgan deyiladi.2 Bu haqda YE.E.Bertels “Afsonada Aleksandr xudo bilan suhbatida “Men bilaman, jahon podshohliklarini tor-mor etsin deb mening boshimda ikki shox o‘stirding”3, deydi.
Yaqin Sharq xalqlari tushunchasida shoxdorlik ilohiyatga aloqador ekanligining belgisi sifatida talqin etilgan. Shuning uchun tafsir tuzuvchilar 18 –sura haqida aniq bir fikrga kelolmagandilar. Ular Aleksandrni Misrda Amon o‘g‘li sifatida ikki shoxlik tarzida qabul qilganlar va bu tushuncha arab xalqlariga ham o‘tgan, ikkinchidan, uni zardushtiylikka qarshi kurashi tufayli nabiylar to‘dasiga qo‘shib Muhammad payg‘ambarning ilkdoshlaridan deb hisoblaganlar. Lekin Aleksandrning qanday din vakili ekani haqida islomning ilk vakillarida hech qanday tushuncha yo‘q, shuning uchun uni Ka’bani qurgan Ibrohimga yaqin, xanafiylar maslagi vakili deb tushunadilar.
Buyuk Aleksandr vafotidan keyin yunon faylasuflari, ayniqsa, stoiklar shohni o‘zlari targ‘ib etgan g‘oyalarni amalga oshiruvchi insonparvar hokim deb e’lon qiladilar (Eratosfen). Bu an’anani Plutarx ham davom ettirdi. Yozuvchining yoshlik paytida yozilgan “Aleksandrning muvaffaqiyati va qahramonligi” deb atalgan she’rda shoh obrazi ideallashtirilganligini, stoitsizm faylasuflariga xos fikrlar nisbat berilganini ko‘ramiz. “Aleksandr Aristotel bergan maslahatga amal qiladi... Xudoning buyrug‘i tufayli o‘zini turli joylardagi odamlarni o‘rni kelganda yaxshi so‘z bilan, bo‘lmasa qurol kuchi bilan yarashtiruvchi, birlashtirib, do‘stlashtiruvchi deb hisoblab, urf-odatlarni, yashash tarzi, oila, xulq –atvor kabilarni qorishtirib yubordi va hammaga vatan – butun olam, qasr va uy-joy –lager, qardoshlar – yaxshi odamlar, begonalar - yomon odamlar, ellinlar-xayrli ishlar, varvarlik – yomon ishlarda namoyon bo‘ladi, deb e’lon qildi. Plutarx kabi adiblarning fikricha, Aleksandr insonlarga qonli fojialar, baxtsizliklar, yo‘qotishlar emas, balki do‘stlik, tinchlik, ittifoqlik keltiruvchi bo‘lgan. Amalda esa Aleksandr bosib olgan joylarda davlat idoralari tuzumini o‘zgartirmay, Ahmoniylarda qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldirgan, faqat o‘zi barpo etgan shaharlarni grek polislariga o‘xshatib qurgan, xolos. Lekin shunisi qiziqki, Aleksandrning o‘zi faoliyati, urush, qon to‘kishlari bilan xalqlarga ozodlik, farovonlik keltirayotirman deb o‘ylagan. O‘z yaqinlari va lashkarboshilariga ham shu fikrni singdirgan. Aleksandr faoliyati haqidagi ana shu tasavvur u haqida yaratilgan asarlarda ham o‘z aksini topgan. Albatta haqiqiy Aleksandr ko‘pchilik adiblar tomonidan madh etilgan ideal qahramon emas, o‘ta qarama-qarshi tabiatga ega; bir tomondan, katta iste’dod egasi, lashkarboshi; dovyurak jangchi, mehribon rahbar, ikkinchi tomondan, faqat o‘z amri bilan ish yurituvchi, yaxshilikni qadrlamovchi, injiq, o‘ta manman, kuchli shaxs bo‘lgan.
Aleksandr haqida bizgacha yetib kelgan asarlarning dastlabkisi va qadimiysi sitsiyalik Diodor (er. av. 90-21yillar)ning 40 kitobdan iborat “Tarixiy kutubxona”si. “Kutubxona” antik davrda yaratilgan dastlabki “jahon tarixi” bo‘lib, unda Sharq mamlakatlari, Gretsiya va Rim tarixi beriladi. “Kutuxona”ning 1-5 va 2-20 kitoblari to‘liq, qolganlaridan esa parchalar saqlanib qolgan. Asarda uzoq o‘tmish, afsonaviy davrdan boshlab to Galliyaning Sezar tomonidan bosib olinishigacha, ya’ni adib yashagan davrgacha bo‘lgan voqealar qamrab olingan. “Kutubxona”ning o‘n oltinchi kitobi Filippga, o‘n yettinchisi Aleksandrga va o‘n sakkizinchisi Diadoxlarga bag‘ishlangan.
Diodorning asari sof tarixiy asar. Adib o‘zigacha yozilgan manbalardan foydalangan. “Kutubxona”ning qiymati ham unda eng qadimiy mualliflarning ma’lumotlari saqlanib qolganligida. Aleksandrga bag‘ishlangan boblarda u lashkarboshi hayoti va janglari tasvirini obyektiv ko‘rsatish bilan birga jang, yerli xalqlar, shahar va qishloqlarni jangchilar tomonidan talash, yaralanganlarning og‘ir ahvoli, o‘liklar, bosqinchilarning yovuzliklarini tasvirlashga ham ko‘p o‘rin beradi. U Aleksandr shaxsi va faoliyatini ideallashtiradi, ammo shoh xarakterini ochib bermaydi. Diodorni umuman na voqealar sababi, na personajlar xarakteri, na uzoq yurtlarga qilingan yurishlar, na behisob janglar, na vayronaliklar, na talofatlar, na qon to‘kishlar qiziqtiradi. Diodor “Kutubxona”sining mohiyati faktik materiallarga boyligidir.
Rimlik adib Kvint Kursiy Ruf (e.av. I va I asr o‘rtasida) ham o‘n kitobdan iborat “Makedoniyalik Aleksandr” asarini yozgan. Asar lotin tilida yozilgan bo‘lib, birinchi, ikkinchi qismlari va qolgan kitoblarning ham ba’zi boblari yo‘qolgan. Kursiy asari, muallifning aytishiga ko‘ra, Ptolemey Lag va Klitarx asarlari asosida yaratilgan bo‘lishiga qaramay, unda fantastika elementi juda ko‘p, tarixiy voqealar badiiylashtirib yoritilgan, personajlarning psixologik holatini ochishga harakat qilgan va uzundan –uzoq pand-nasihat xarakteridagi parchalar kiritilgan. Qahramonlar bir-birlari bilan bahslar olib boradilar, uzun nutqlar so‘zlaydilar. Asarni o‘qiganda Kursiy asosiy diqqatni Aleksandr voqeasini yoritishga emas, balki o‘z bilimini namoyish qilishga qaratgandek tuyuladi.
Kursiy asarida Aleksandr ziddiyatli shaxs etib tasvirlangan. U o‘ta shuhratparast, ko‘p o‘rinda o‘zini tuta bilmaydi, buzuq ayollar bilan aysh-ishratda hayot kechiradi, juda zolim, o‘z yaqinlari, unga xizmat ko‘rsatgan, hatto hayotini saqlab qolgan odamlarni ham o‘ldirtiradi. Kursiy Aleksandrning yovuzliklarini elchilarning shohga qarata aytgan nutqlarida beradi. Elchilar nutqlarini “agar sen umuminsoniyatni bo‘ysundira olsang, keyin o‘rmonlar, qorlar, daryolar va yovvoyi hayvonlarga qarshi urushasan. Boylikning senga nima keragi bor? U yana ortiqroq ochlik tug‘diradi. Senda qancha ko‘p boylik bo‘lsa, uni yana orttirishga urinasan, battarroq ochko‘zlik qilasan”, degan so‘zlar bilan tugatadilar. Ikkinchi tomondan, Kursiyning fikricha, Aleksandr yaxshi niyatlar bilan Sharq zolimlaridan, xalqlarni ozod etish maqsadida ish boshlagan, ularning erkin, farovon yashashini ta’minlamoqchi bo‘lgan. O‘spirinlar suiqasdi fosh etilgach, Aleksandr o‘z zolimliklarini oqlash uchun nutq so‘zlab, asli niyatlari xayrli ekanini aytadi. Butun asr davomida lashkarboshi o‘ta jasur etib tasvirlanadi, hatto ba’zida uning hatti-harakatlari aql doirasiga ham sig‘maydi.
Kursiy baqtriyaliklar tilidan turli maqollar ham keltiradi: “Qo‘rqoq it ko‘p huriydi”, “Eng chuqur daryolar sokin oqadi”, “Yaxshi otga bir qamchi” va hakozo.
Kvint Kursiy Rufning asari tarix, etika, falsafa, notiqliklarning yig‘indisi bo‘lib, yaxlit bir tarixiy yoki badiiy asar darajasiga ko‘tarila olmagan, shuning uchun ham keyingi davrlarda yaratilgan Aleksandr haqidagi asarlarga asos bo‘la olmagan. Lekin Kursiyning badiiylashtirilgan, zamonaviy falsafiy qarashlar bilan boyitilgan asari antik davr kitobxonlari talabiga javob berar edi. Shuning uchun ham bu asar keng tarqalgan va kelajakda shakllangan antik tarixiy roman tabiatini aniqlab bergan.
Aleksandr haqida antik davrda yaratilgan asarlar orasida Plutarxning shoh hayot yo‘lini yorituvchi “Aleksandr va Sezar” asari bizga yetib kelgan asarlar orasida greklar tomonidan yaratilgan asarlarning dastlabkisi hisoblanadi. Adibni urushlar tarixi emas, balki Aleksandrning shaxsi qiziqtiradi. Shuning uchun ham adib asar boshidayoq “biz tarix emas, balki tarjimai hol yozmoqdamiz”, deydi. Tarjimai hollar yozishdan maqsad boshqalarga ibrat bo‘lsin uchun u yoki bu arbobning ehson va nuqsonlarini ko‘rsatish edi. Tarix va shaxslarga yondashish shu nuqtai nazardan bo‘lgan.
Aleksandr Misr fravini Nektanebning o‘g‘li, vaqtincha Makedoniyada yashashga majbur bo‘lgan fravn ilon qiyofasida Olimpiada yotoqxonasiga kirgan degan afsona Misrda keng tarqalgan edi. Uning sababi mamlakat va xalqni faqat xudolar zotidan tarqalgan fravnlar idora eta oladi degan tushuncha bor edi. Aleksandrning Misrni bosib olishi va hukmronlik qilishi bu afsonaga zid edi. Shuning uchun kohinlar Nektaneb haqidagi afsonani o‘ylab topganlar. Plutarx Nektaneb haqidagi afsonaga din arboblari Aleksandrni Misrning bosh xudosi Amonning o‘g‘li deb e’lon qilishlariga, shoh shaxsini ilohiylashtirish g‘oyasiga ishonmagan va kinoyaviy munosabatda bo‘lgan. Yozuvchi Aleksandrning “hayot yo‘lini” berar ekan, afsona va hikoyalardan faqat lashkarboshi fe’l-atvorini ochib berishda yordamchi material sifatidagina foydalangan. Adib Makedoniya shohini ayamay, uning tabiatiga xos salbiy tomonlarini ham ko‘rsatgan (“Aleksandrning mijozi issiq bo‘lgani uchun ichkilikka berilgan va jahli tez edi”). Adib shohni o‘ta shuhratparast sifatida tasvirlagan. Shoh doimiy urushlarda bo‘lgani uchun yaxshi xususiyatlarini ancha yo‘qotgan, qo‘pollashgan, aysh-ishrat, ichkilikbozni, laganbardorlikni va maqtanishni yaxshi ko‘rgan.
Adib Aleksandrning salbiy tomonlarini berish bilan birga, ijobiy tomonlarini ham bo‘rttirib ko‘rsatadi. Plutarx yaratgan Aleksandr ideallashtirilgan shoh. U, birinchi navbatda, Aristotelning shogirdi –faylasuf, botir, jasur qahramon, jangga lashkarlardan avval o‘zi otiladi, yaqinlari va lashkarlariga nisbatan mehribon ota, xushtabiat, nihoyatda olijanob inson. U katta iste’dod egasi, rahmdil inson, qon to‘kish, urush qilishlarining sababi xalqlarni zolim shahanshohdan ozod etish, qoloqlikdan chiqarishdir. Shuning uchun ham u jangsiz taslim bo‘lganlarni o‘z o‘rnida qoldiradi, hatto ularga yordam qo‘lini cho‘zadi. Plutarx tasviridagi Aleksandr salbiy tomonlardan ko‘ra, yaxshi xususiyatlari ko‘p bo‘lgan haqiqiy inson sifatida gavdalanadi. Plutarx Aleksandr tilidan hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan “Farog‘atda dabdabali hayot kechirish qullar orzusi, mehnat qilish shohona ish” so‘zlarini aytadi. Adib Aleksandr o‘z yaqinlari, unga xizmat qilgan odamlar Parmenion, Filoto, Klit, Kallisfen, Aleksandr Linkestid kabilarning begunoh halok etilishini oqlovchi sabablarni ham topib, ayb ularning o‘zida, deydi.
Plutarxning lashkarboshi haqidagi mazkur asari antik davrda yaratilgan asarlar orasida alohida o‘rin egallaydi, unda tarixiylik tarbiyaviy maqsadga bo‘ysundirilgan. Grek adibi asarining xuddi ana shu xususiyati Sharqning buyuk adiblari Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Jomiy va Navoiylar tomonidan davom ettirilgan.
II asrda yashab ijod etgan grek satirik yozuvchisi Lukian ham o‘zining “O‘liklar dunyosidagi suhbatlar” asarida Aleksandr haqida yozadi. “Diogen va Aleksandr” suhbatida Aleksandrga zamondosh bo‘lgan faylasuf Diogen tilidan, “Filipp va Aleksandr” da ham Makedoniya shohi Amonning o‘g‘li ekani, Nektaneb haqidagi afsona, ayniqsa, Aleksandrni ilohiylashtirish g‘oyasi keskin fosh etiladi. Ayniqsa, eronshohlar urf –odatlari, hashamatli hayoti va kiyimlari, ko‘p xotinlilik va haram, shoh uchun jon fido qilgan Klit va Kallisfenning halok qilingani haqidagi parchalarda satira zaharxanda tusini oladi, Filipp ham o‘g‘lining faoliyatini oqlamaydi. Lukian asarida Aleksandr ota-onasini hurmat qilmovchi, ularning sha’niga dog‘ tushiruvchi, ayyor, yovuz, qonxo‘r, shuhratparast inson sifatida gavdalanadi.
Aleksandr yurishlari haqida antik davrda yozilgan tarixiy asarlar orasida Flaviy Arrianning (95-175 yillar) “Aleksandrning yurishlari” asari alohida o‘rin tutadi. Arrian Kichik Osiyoda Vifiniya viloyatining Nikomediya shahrida dunyoga kelgan. U grek va lotin tillarida falsafiy, tarixiy va geografik asarlar yaratgan. Tarixiy va geografik asarlar orasida ahamiyatlisi “Aleksandr yurishlari” va bu asarga ilova sifatida yozilgan “Hindiston tasviri”dir.
“Aleksandr yurishlari” (“Aleksandr anabasi”) Ksenofontning “Anabasi” (Eronga qarshi yurish) asariga taqlidan yaratilgan bo‘lib, bu ham yetti kitobchadan iborat. Asar deyarli to‘liq saqlangan, faqat yettinchi kitobning o‘n ikkinchi bobi to‘liq emas. Adib Aleksandrning butun hayotini emas, balki faqat yurishlar boshlangan paytdan keyingi hayotini yoritgan.
Lashkarboshi faoliyati Arrianni qanchalik hayratga solmasin, muallif shohning yaramas, nojo‘ya qilmishlarini ochiq ko‘rsatadi. Arrian o‘zi foydalangan manbalarga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘ladi. U Aleksandr yurishlari ishtirokchilari yozib qoldirgan bir qancha asarlar orasidan Ptolemey Lag va Aristobul asarlarini manba sifatida tanlaydi: Lashkarboshilarning biri, keyinchalik Misr podshohi bo‘lgan Ptolemey Lag ham Aleksandr vafotidan ancha keyin Aleksandr yurishlari haqida asar yaratgan. Lekin bu asar qadim davrlardayoq yo‘qolib ketgan, nomi noma’lum. Shoh vafotidan keyin Aristobul ham 84 yoshida yurishlar haqida asar yozgan. Har ikkala asar ham biri ikkinchisini to‘ldirgan. Agar Ptolemeyni asosan jang, qamal qilish, shaharlarni ishg‘ol qilish kabi masalalar qiziqtirsa, Aristobulni esa harbiy ishlar emas, mamlakatlar, tabiat, daryolar, tog‘lar, o‘simliklar, urf-odatlar qiziqtiradi.
Arrian asarida voqealarni, u yoki bu personajlarning harakatlari sababini ochmaydi, unga nisbatan o‘z fikrini ham bildirmaydi, axloqiy yoki siyosiy mulohazalar ham yuritmaydi, faqat faktlar va voqealarni obyektiv tarzda bayon qiladi, xolos.
“Aleksandrning yurishlari” asari Aleksandrning Axmoniylar davlati hududi, ayniqsa, Markaziy Osiyoni bosib olishi, yerli xalqlarning bosqinchilarga qarshi isyoni, mintaqa tabiati, u yerda yashovchi xalqlar haqida (III-IV kitoblari) ma’lumot berishi jihatidan qimmatli.
Antik davrda Aleksandr haqida tarixiy, badiiy asarlar va ko‘plab afsonalar yaratilgan. Agar tarixiy asarlar orasida eng muhimi va ishonchlisi Arrian bo‘lsa, badiiy asarlardan Kallisfenga nisbat berilgan “Aleksandr faoliyati” yoki “Aleksandr haqidagi roman” edi. Tarixiy voqea, badiiy asar va afsona elementlarini o‘zida mujassamlantirgan “Aleksandr faoliyati” asari antik davrda yaratilgan lashkarboshi haqidagi asarlar orasida alohida o‘rin egallaydi.
Ellinizm davrida yaratilgan yunon adabiyoti endilikda inson –xudolar, inson-jamiyat muammolarini emas, balki inson shaxsi muammolarini oldinga surdi. Bu davrda roman janri keng tarqalgan bo‘lib, unda qahramonlar sevgisi, sevgi tufayli turli sarguzashtlar tasvirlanadi. I –III asrda keng tarqalgan bu janr namunalari orasida eng xarakterlisi “Aleksandr faoliyati” asari edi. Asarning yaratilish davri haqidagi bahslar hali nihoyasiga yetgani yo‘q, eradan avvalgi III asr bilan yangi davr III asri haqida gap boradi. Asar birinchi ptolemeylar davrida Misrda yaratilib, keyinchalik bir necha marta qayta ishlangan va bizga ma’lum nusxasi III asr boshlarida yuzaga kelgan bo‘lsa kerak.
III asr boshlarida Aleksandr mavzusiga qaytishga ma’lum tarixiy sharoit sabab bo‘lgan: 222 -235 yillari Rim saltanatini Aleksandr Sever idora etgan edi. U ataylab mashhur lashkarboshi nomini tanlab Aleksandr nomi bilan taxtga o‘tiradi, shu yillari, Sosoniylar davrida Eron yana yirik davlatga aylangan edi. 233 yili Aleksandr Sever Eronga yurish qiladi, vaqtinchalik g‘alabasini katta tantana bilan nishonlaydi. Ammo o‘zi qo‘zg‘olon ko‘targan lashkarlar tomonidan o‘ldiriladi. Xuddi ana shu yillari Aleksandr obrazi va uning yurishlariga qiziqish kuchaygan, ana shu tarixiy sharoitda “Aleksandr faoliyati” asari qayta ishlangan bo‘lsa kerak. Asarning muvaffaqiyati katta bo‘ldi. IV asr boshida lotin tiliga tarjima etilib, qayta –qayta uning qisqartirilgan nusxalari tuzildi, bir qancha Sharq tillariga ham tarjima qilindi (24 tilga ag‘darilgan).
Roman uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Aleksandrning tug‘ilishi, yoshligi, ikkinchi qismda yurishlari to Porning asir olinishigacha, uchinchisida – Hindistondan qaytishi, Bobilda vafot etishi, Aleksandrning Aristotel va Olimpiadaga xatlari berilgan. Xatlarda Aleksandr ko‘rgan ajoyibotlar, hayvonlar haqida yoziladi. Asosiy boblar orasida Aleksandrning turli sarguzashtlari qistirma hikoyalar sifatida berilgan, masalan, dengiz ostiga va “zulmat olami”ga sayohat, obi hayot, odamyuzli qushlar, osmonga sayohat, suv parilari, turli ajoyibotlar, odamxo‘r ya’juj va ma’jujlar, mo‘jizakor ikki daraxt va hakozo. Psevdo Kallisfen romani tarixiy asarlar, mifologik afsonalar, Sharq va G‘arb xalqlari afsonalari asosida yaratilgan. Tarix va tarixiy asarlar esa Kallisfenga nisbat berilgan asarda lashkarboshining afsonaviy tarjimai holi uchun faqat asosiy syujet rolini o‘ynadi, xolos.
Asarda quyidagicha bir epizod bor: Hindistondan qaytayotganda Aleksandr odamga o‘xshab gapiruvchi Quyosh va Oy daraxtlarini ham ziyorat qiladi. Quyosh daraxti; “Ey janglarda yengilmas Aleksandr, sen niyatingga yetib hamma yerlarning yagona hokimi bo‘lasan, lekin vataningga tirik qaytmaysan, taqdiring shu”, deydi. Oy daraxti: “Aleksandr, sening yashash muhlating tugadi, yanagi yilning to‘qqizinchi oyida Bobilda o‘lasan. Butunlay kutmagan odam tomonidan aldanasan”, deydi. Aleksandr va uning yaqinlari bu gapni eshitib faryod qiladilar. Quyosh daraxti uning onasi va opa-singillarining taqdirini ham aytadi. Aristotelga yozgan ushbu xat Aleksandrning Eron va Hindistonda o‘z sharafiga oltin ustunlar o‘rnatishni buyurgani bilan tugallanadi.
“Aleksandr faoliyati” asarida qahramon Nektanebning o‘g‘li, bundan xabar topgan Aleksandr haqoratlanganidan fravnni qoyadan uloqtirib halok qiladi. Asarning yashirin siyosiy maqsadi Aleksandrni fravnlar, ular orqali ilohiyat bilan bog‘lash va nihoyat Ptolemeylarning Misrdagi hokimligini oqlash edi.
Asarda Aleksandr timsoli adolatli, vijdonli, ozodlik uchun kurashuvchi sifatida ideallashtirib, tasvirlangan. U ma’rifatparvar, bilimga chanqoq shaxs, faylasuf, jasur lashkarboshi, donishmand shoh, o‘tkir aql egasi. Hatto yuzaki qiyofasi bilan ham boshqalardan ajralib turadi.
“Aleksandr faoliyati” asarini ko‘pincha tarixiy roman deydilar. Ammo antik davrning biror bir janrida uning o‘xshashini topib bo‘lmaydi. Bu asarda tarixiy material zamonaviy muammolarni hal etish uchun xizmat qildirilgan. Shunchalik faol, harakatchan shaxsning qilmishlari baxt keltirdimi, Aleksandr to‘g‘ri ish qildimi? Asarda bu savolga javob yo‘q, rim hukmronligining afgorlik davrida odam o‘z kuchiga ishonishdan boshqa chora yo‘q, har bir inson o‘z imkonidan kelib chiqib baxtini topadi, degan xulosa chiqarish mumkin.




    1. Yüklə 172,5 Kb.

      Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə