Bitiruv malakaviy ishi


BOB. ISKANDAR TIMSOLI SHARQ ADABIYOTIDA



Yüklə 172,5 Kb.
səhifə5/8
tarix29.04.2023
ölçüsü172,5 Kb.
#107670
1   2   3   4   5   6   7   8
Sharq adabiyotida Iskandar timsoli

BOB. ISKANDAR TIMSOLI SHARQ ADABIYOTIDA




    1. Iskandar Firdavsiy va Nizomiy talqinida

Iskandar tarixi va shaxsi Sharq badiiy adabiyotiga to‘laqonli syujet va timsol sifatida X-XI asrlarda kirib keldi. Bu davrga kelib, Markaziy Osiyo, Xuroson va Eron arablar bosqinchiligi natijasida yuz bergan inqirozdan anchagina o‘ziga kelgan, qisman bo‘lsa-da, milliy mustaqillikka erishgan, endilikda umuman mustaqillik uchun kurash muammosi turar edi. Ana shu tarixiy sharoitda milliy ong o‘sdi, natijada qahramonona o‘tmishga qiziqish ortdi. Abulqosim Firdavsiyning mashhur “Shohnoma”si xuddi ana shu davrda vujudga keldi.


Firdavsiy o‘z asarida Aleksandr voqeasini tasvirlashda tarixiy asarlardan ko‘ra Soxta Kallisfen asariga suyanadi. Iskandar Filipp va Olimpiadaning o‘g‘li emas, Filippning nabirasi, Doroning o‘g‘li, Doroning akasi, demak, Eronning qonuniy shahanshohi. Voqea Doro Bahman bilan Filipp o‘rtasidagi jang, Makedoniya shohining yengilishi, oltin tuxumdan boj to‘lashni bo‘yniga olishdan boshlanadi. Aleksandrning boj to‘lashdan bosh tortishi, natijada nizo va urushlar kelib chiqishi, undan keyingi voqealar ham “Aleksandr faoliyati” mazmuni tarzida boradi. Farqi shundaki, Doro va Iskandar timsollari asarda bir –biriga qarama-qarshi qo‘yiladi. Doro hech kimning maslahatiga quloq solmovchi, manmanlikka berilgan shaxs. Iskandar esa Aristotelning shogirdi, faylasuf. Doro –zardusht, Iskandar esa xristian (shoir Aleksandrni Vizantiya qaysari, imperator deb hisoblaydi). Olimpiadaning nomini “Nihid”ga aylantiradi. Firdavsiyda ham Tabariydagi kabi Ravshanak Doroning qizi. “Shohnoma”da Doro va Aleksandr lashkarlari o‘rtasida dahshatli jang yetti kun davom etadi, lekin har ikkala tomon ham bir –biridan ustun chiqolmaydi va oxiri sakkizinchi kunda eron lashkarlari bamisoli zulmatda qoladilar, ularni tuman bosadi. Lashkarlar jangni davom ettirolmay qochadilar. Iskandar g‘alaba qozonadi, lekin jangda emas, balki g‘ayritabiiy kuchlarning aralashuvi natijasida. Yana ikki marta to‘qnashuv bo‘lib, har ikkalasida ham Doro lashkarlari yengiladi. Natijada Doro qochadi va hind shohi Furdan (aslida Por) Iskandarga qarshi kurash uchun yordam so‘raydi. Xabar topgan Iskandar Doroning ketidan boradi. Lekin shoh yaqinlaridan ikki kishi unga xiyonatkorona xanjar urib, Makedoniya shohiga xabir qiladilar.
Firdavsiy “Shohnoma”da Eron yilnomalari va “Aleksandr faoliyati ” elementlarini kontaminatsiyalashtirish natijasida mustaqil mazmun yaratdi. Firdavsiy nusxasida tarixiy Makedoniya shohi Aleksandr ismidan boshqa hech nima qolmaydi. Doroning esa Tabariyda ko‘rsatilgan salbiy xususiyatlarini Firdavsiy kamaytiradi. Firdavsiy yaratgan Iskandar ideal shoh ham, bosqinchi ham emas, Eron taxtining qonuniy merosxo‘ri, nimaiki qilmasin, Eron manfaatini ko‘zlaydi, Doro bilan ham birodardek vidolashadi. Iskandar Eron shahanshohlarining biri.
Yaqin va O‘rta Sharqni yashin tezligida ishg‘ol qilgan, yarim jahonni zabt etgan, yirik davlat tuzib, 33 yoshga yetmay vafot etgan jahongir shoh haqida Sharqda ko‘pdan-ko‘p afsonalar yaratilgan. Bularning ko‘pchiligi Aleksandrning haqiqiy tarixidan uzoq. Firdavsiy Aleksandr tarixini bayon qilar ekan, faqat “Aleksandr faoliyati” izidan boribgina qolmay, uni yangi afsona va ajoyibotlar bilan ham boyitdi: yumshoq oyoqli odamlar, qizil yuzli, qizg‘ish sochli odamlar, oltin taxtdagi o‘lik shox, vahiylik qiluvchi yashil qushlar, zumraddan qurilgan saroy, undagi ajoyib jonivorlar Firdavsiy tomonidan kiritildi. Bularning ko‘pchiligi Firdavsiy xayolotining mahsuli, lekin Sharq ertakchiligiga xos elementlar ham bor. Masalan, ramziy mazmunga ega bo‘lgan tuhfalar, Qaydning tushlari va hakozo. Ayniqsa, Firdavsiyda “Aleksandr faoliyati”ning kompozitsiyasi erkin holda o‘zgartirilgan. Firdavsiy talqini Tabariy tarixiga yaqin. Firdavsiy asarida Eronning o‘z tarixi afsonalashtirilgandek Iskandar tarixi ham haqiqiy Aleksandr tarixidan yiroq tasvirlangan. Iskandarga bag‘ishlangan boblar tarixiylik eng kam yoritilgan boblardir. Bu yerda eron –zardushtiylik bilan islom ta’limotlari o‘rtasidagi keskin qarama –qarshilik jahongir timsolining talqinida o‘z ifodasini topgan1. Aleksandr haqidagi qismda tarixning asosiy umumiy qismi va tarixiy nomlar Doro, Faylakus (Filipp), Rustalis (Aristotel), Fur (Por), Ravshanak kabilar saqlanib qolgan, xolos. Albatta, Aleksandr shaxsi va tarixiga bunday munosabatda bo‘lishning o‘ziga xos sabablari bor edi. Shoirning maqsadi Eron tarixini emas, balki eronshohlar tarixini yozish bo‘lgan. Shunday ekan, Iskandar obrazini boshqacha talqin qilish mumkin emas edi. Firdavsiy Iskandar voqeasini tasvirlashda qahramonlik eposi an’analariga suyangan. Shuning uchun ham dostonlarda bo‘lganidek, qahramon psixologiyasi ochib berilmagan, qotib qolgan holatda, ichki kechinmalarning faqat yuzaki belgilarigina tasvirlangan. Voqea boshida ham, oxirida ham u olijanob jangchi, fotih, faylasuf –donishmand, sarguzashtlarga intiluvchi, ham berahm bosqinchi, ayni vaqtda ko‘ngli bo‘sh inson1.
Aleksandr timsolining avvalgi talqinidan farqli o‘laroq, Firdavsiy Iskandari ziddiyatli shaxs. Uning intilishlari, osmon, suv osti, abadiy zulmat yurti sirlarini anglab yetishga harakat qilishi bilan imkoniyati o‘rtasida katta masofa bor. Hind braxmanlari, gapiruvchi daraxtlar, qushlar, oltin taxtdagi murdalarning hammasi Iskandarga bu dunyoning bevafoligi haqida gapiradilar, u yolg‘iz, uni hech kim tushunmaydi, nima maqsadda shunchalik qon to‘kishlar, vayrongarchiliklar bo‘ldi – aniq emas, Firdavsiy qahramonida ikki, qahramonona davrga xos bo‘lgan epik qahramon ideali bilan islom o‘rta asriga xos bo‘lgan tarkidunyochilik ideali to‘qnashadi. Lekin bu to‘qnashuv fojiali emas, epik qahramon va diniy tushunchalar ham bir davr mahsuli. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Bertels “Iskandar timsoli aniq shakllanmagan” deydi.
Firdavsiy asarida, ikkinchi tomondan, Qur’ondagi Zul-Qarnaynga ishora va laqabning o‘zi yo‘q. Aleksandrni na ilohiyat, na nabilar va na avliyolar qatoridan deb hisoblashni ham ko‘rmaymiz. Firdavsiy tasviridagi Iskandar tarixi g‘ayrioddiy, favqulodda holat ham emas, ideal ham emas, o‘ta zolim qonxo‘r ham emas, u Eron shohlarining biri. YE.E. Bertelsning ma’lumotiga ko‘ra, davlatni idora etish, hokim va jamiyat munosabati, umuman pand-nasihat tarzida yaratilgan. Abu Bakr Muhammad Turtushi, Abu Hamid Muhammad G‘azzoliy asarlarida Iskandar namuna sifatida keltirilib, juda ko‘p nasihatomuz hikoyatlar beriladi.
Yaqin va O‘rta Sharq klassik adabiyotining buyuk vakillaridan biri bo‘lmish Muslihiddin Sa’diy SHeroziyning axloqqa oid asarlaridan “Guliston”da ham Iskandar hikoyati bor.
Sharqda Aleksandr haqida dastavval maxsus yirik doston yaratgan shoir ozar xalqining buyuk adibi Ilyos ibn Yusuf Nizomiy Ganjaviy edi. Nizomiy dostoni “Iskandarnoma” ikki qismdan: “Sharafnoma” va “Iqbolnoma” (yoki “Xiradnoma”) dan iborat bo‘lib, bu asar shoir hayotining so‘nggi yillarida yozilgan. Asar katta bilim va hayot tajribasiga ega bo‘lgan adibning avlodlariga qaratilgan vasiyati edi.
Nizomiyning o‘zi aytishiga qaraganda, «bu podshoh haqida yaxlit bir asar ko‘rmagan, yangi yahudiy, xristian va pahlaviy tarixi” bilan tanish bo‘lgan xolos, demak Nizomiy “Aleksandr faoliyati” bilan tanish emas.
Nizomiyda Aleksandr (Iskandar) Nektanebning o‘g‘li ham emas, onasi o‘lgan yetim ham emas (doston boshida shoir Iskandar haqidagi afsonani keltirar ekan, vizantiyalik bir ayol vayrona ichida o‘g‘il tug‘ib, o‘zi o‘lgani, ovda yurgan Filipp uni topib olib o‘z o‘g‘lidek tarbiya qilgani haqidagi afsonani keltiradi), Eron shahanshohlari avlodi ham emas, u Rum (Vizantiya) hokimi. Nizomiyni Aleksandr tarixi qiziqtirmaydi, adibning diqqat markazida umuminsoniy tushunchalar qadr –qimmati, insonparvarlik turadi.
Nizomiy asarida Iskandar Faylaqus (Filipp) ning o‘g‘li, uni Aristotel emas, balki otasi Nikumaxus tarbiyalaydi. Aristotel esa shahzoda bilan birga o‘qiydi, u bilan umrbod birga bo‘ladi. Iskandar bosqinchilik urushlari olib boruvchi ham emas, misrliklar iltimosiga ko‘ra Zanzibarga qarshi jang qilib, misrliklar mustaqilligini ta’minlaydi. Iskandar timsoli asar boshidanoq mazlumlarning himoyachisi sifatida talqin etiladi. Eronga qarshi urush ham faqat Makedoniya mustaqilligi uchun, Doro oltin tuxumlarni talab qilib yurish boshlaagandan keyingina Iskandar jangga otlanadi. Qo‘pol, qiziqqon Doro Iskandarga xat yozadi, Iskandarning javobi esa donishmandning xati. Shu epizodning o‘ziyoq ikki shoh, ikki xarakter, idora etishning ikki usuli namoyon bo‘ladi. Doro jangda yengilmaydi, ikki xoin Iskandarning roziligi bilan shahanshohni og‘ir yarador qiladilar. Doro huzuriga yetib kelgan Iskandar u bilan suhbatlashadi, shoh Firdavsiyda aytilgan uch shartni qo‘yadi - qotillarni jazolash, Eron arboblariga xayrihox munosabatda bo‘lish va malikalarni xotinlikka olmay, qizi Ravshanakka uylanish. Iskandar hamma shartni bajaradi.
Iskandar Eronda zardushtiylik ibodatxonalarini buzib, haqiqiy din tan olinishiga zamin hozirlaydi. Mamlakatda osoyishta, adolatli tartib o‘rnatadi, chunki Doroning zolimligi natijasida xalq jabrlangan edi.
Nizomiy bu dostonda Aleksandr tarixda umuman bo‘lmagan, lekin Nizomiy vataniga aloqasi bor epizodlarni ham kiritadi: Iskandar Bardaga borib, No‘shoba bilan uchrashadi. Kallisfendagi amazonkalar bergan oltin non g‘oyasi shoirda boshqacha hal etiladi. Ziyofatda Iskandar oldiga bir kosa la’li javohir qo‘yadilar, hayratda qolgan shohga No‘shoba bosqinchilik urushlarini tark etish haqida nasihat qiladi. Ikkinchi epizod – Iskandar Darbendga borib, aholini qaroqchilardan qutqaradi. Nizomiy yaratgan Aleksandr tarixining asosiy chizig‘i – Misr, Eron, Xuroson, Markaziy Osiyo, Shimoliy Hindistonni zabt etish bo‘lib, voqealar izchil tasvirlanadi. Iskandar Nizomiyda Chin mamlakatiga ham boradi, lekin Nizomiy Iskandari mamlakatlarni bosib olish uchun emas, balki bosqinchilardan ozod qilish, mazlumlarni himoya qilib, erkinlikka chiqarish uchun yurishlarni amalga oshiradi.
Nizomiyning bu asarni yozishdan maqsadi jahongirni kuylash emas, balki axloqiy kamolotga erishgan, sof vijdonli, pok qahramon misolini yaratish edi. Haqiqiy gumanist shoir fikricha, har bir inson faqat o‘zini, narigi dunyodagi taqdirnigina o‘ylamay, olamdan o‘tib ketganlar, kelajakda yashovchilar va o‘z zamondoshlari oldida ham javobgardirlar. Kelajakda narigi dunyoni o‘ylagan odam bu dunyoda boshqalarga xizmat qilmog‘i shart. O‘lim oldida barcha barobar, hamma odam o‘ladi, demak, yer yuzida zo‘ravonlik bo‘lmasligi kerak.
Chin hoqoni Iskandarga “Men ham, Sen ham tufroqdanmiz, tufroq esa yerdan, butun hukmronlik yergacha, xolos, tufroqda hech kim bir –biridan ortiq emas”,- deydi. Lekin bu umidsizlik emas, balki adolatli bo‘lish, xalqqa xizmat qilishga undashdir.
Nizomiy Aleksandrning Sharqda tarqalgan laqabi “Zu-l-Qarnayn” haqida ham fikr yuritadi, bir qancha variantlar keltirib, “Abul Ma’shar talqini to‘g‘ri”, -deydi. Iskandar vafot etgach, Rumda uning haykalini ishlaydilar, haykal kallasining ikki yog‘ida ikki farishta tasvirlangan, farishtalarda oltin va moviy bo‘yoqlarda ishlangan ikkitadan shox bo‘lgan. Arablar farishtalarni Iskandar deb o‘ylaganlar. Shuning uchun unga “Ikki shoxli” laqabini berganlar deydi. Shoir Gretsiyada yaratilgan va Yaqin, Markaziy Osiyoda keng tarqalgan Krit oroli shohi eshak quloqli Midas va bu sirni jahonga tarqatgan Qamish nay haqidagi afsonani ham keltiradi.
Keksaygan Nizomiyning hayot falsafasi Iskandar timsoli orqali targ‘ib qilinadi. Asardagi Iskandar bilan bog‘liq bo‘lgan har bir epizod ma’lum axloqiy normaga illyustratsiya. Iskandar hayoti bu haqiqatga erishish yo‘li, ammo u ham xatoliklardan xoli emas.
“Iskandarnoma”da qahramon faoliyati uch nuqtai nazarda beriladi – jahonni zabt etuvchi, donishmand- faylasuf va payg‘ambar. Iskandar timsoli odil shohdan olim – faylasuf, donishmand darajasiga va nihoyat nabilikka ko‘tariladi.
“Sharafnoma”da Iskandar ezilgan, jabr – zulm ko‘rganlarga yordam qo‘lini cho‘zuvchi adolatparvar. Shu maqsadda Misrga, Makedoniya mustaqilligi va xalqni zolim, johil Dorodan qutqarish uchun Eronga, Bardani vayron qilgani uchun ruslarga qarshi, hindlarga yengillik tug‘dirish uchun Shimoliy Hindistonga, butun jahonda bir turdagi adolatli tuzum o‘rnatish uchun Chinga yurish qiladi. Iskandarni obi hayot endi qiziqtirmaydi (Kimki, inson bo‘lib tug‘ildimi, ajal changalidan qutula olmaydi), chunki abadiy barhayotlik befoyda, maqsad tirik yurishda emas, balki insonlarga xizmat qilib burchini bajarishda, xizmatlari bilan o‘zidan yaxshi nom qoldirishda. Doston birinchi qismining nihoyasida Iskandar yovuz, qora kuchlarning ofati, mazlumlar himoyachisi sifatida gavdalanadi.
“Iqbolnoma”ni ikki asosiy bo‘limga ajratish mumkin. Iskandar vatani Rumga qaytib, mamlakat idorasini yo‘lga qo‘yadi, Erondan keltirilgan kitoblarni tarjima qildiradi va o‘z atrofida turli soha bilimdonlarini to‘playdi. Nizomiy dunyoqarishi asosan shu qismda to‘liq namoyon bo‘ladi. Qadimgi yunon olimlari Aristotel, Valis (Fales Miletskiy), Bulinas (Appoloniy Tianskiy), Sokrat, Furfurius (Porfiriy Tirskiy), Xarmis (Germes Tristmegist) va Platonlar bilan Iskandar dunyo, yer va osmonning kelib chiqishi haqida ilmiy bahslar uyushtiradi. Bu masalada qahramon mavjud ilmlarni to‘liq o‘zlashtirgan donishmand sifatida gavdalanadi. Asarga Nizomiy ilmning turli sohalaridan bahslar kiritadi, asosiy mazmunni qistirma hikoyatlar bilan boyitadi. Nizomiy Platon tilidan bronza ot, uning ichida murda, murdaning panjasida sirli oltin uzuk topgan va keyinchalik uzuk yordamida boyib, katta mansablarga erishgan cho‘pon haqida hikoya qiladi. Xuddi ana shu hikoya Platonning “Davlat” risolasining ikkinchi qismida ham keltirilgan. Nizomiyda uzukning ajoyib xususiyatini cho‘pon poda egasi oldida aniqlaydi. Platonda esa cho‘ponlar yig‘inida bilib qoladi, Nizomiyda cho‘pon nabiylikka da’vo qiladi. Platonda malikani yo‘ldan urib, shoh bo‘ladi. Demak, Nizomiy qandaydir risola, balki Platon asarining arabcha tarjimasi bilan tanish bo‘lishi ham ehtimol yoki biror asar orqali faylasuf hikoyasi bilan tanish bo‘lgan. Xulosa qilib aytish mumkinki, “Iskandarnoma”da Nizomiy imkoni boricha antik manbalardan foydalanishga uringan, bu fikrni Midas haqidagi afsona ham quvvatlaydi.
Endilikda Iskandar kamolot bosqichining cho‘qqisi nabiylik darajasiga ko‘tariladi. Alloh vakili unga ayon bo‘lib, buyruqni yetkazadi. Iskandar dunyoni aylanib, insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim. Iskandar uchun nabiylik bu kamolotga erishgan donishmandlik. Iskandar yuz ming lashkar to‘plab yo‘lga tushadi. Nizomiy shu yo‘sinda G‘arb, Janub, Sharq va Shimolda turli mamlakatlar, xalqlar ajoyibotlarni tasvirlaydi. Shimolda yovvoyi qabila YA’juj va Ma’jujlar yashaydi. Iskandar ular yo‘lini to‘suvchi “Sadd” devor qurdiradi. Shimolda sayohat nihoyasida Iskandar yashnab gullagan, boy va kambag‘al, zolim va mazlum bo‘lmagan, yolg‘on, adolatsizlik nima ekanini hech kim bilmagan hamma baxtiyor yashovchi mamlakatga keladi. Bu yerda kasallik ham yo‘q, odamlar keksalikdan vafot etadilar. Paradoks shundaki, Nizomiy har taraflama kamolot bosqichiga erishgan donishmand, nabi Iskandarni – hokimiyatni jamiyat tuzumining eng oliy shakli bo‘lmish sinfsiz jamiyatga yo‘liqtiradi. Iskandar baxtiyorlar jamiyatini topdi, boshqalar, butun bir xalq baxti uni baxtiyor qiladi. Shu o‘rinda Iskandar Gyote Faustining “To‘xta, ey daqiqa! Go‘zalsan g‘oyat” degan xitobini aytishi mumkin edi. Bu so‘zni shoir aytadi, qaytishda Shahrazurda Iskandar vafot etadi. Mashhur sharqshunos olim, akademik Orbeli “Nizomiy Aleksandr haqidagi dostonga epizod sifatida ajoyib xayoliy jamiyat tasvirini kiritdi va Tomas Mor, Kampanella g‘oyalarini bir necha asr avvaldan aytdi”, - deydi.1 Iskandarning sarguzashtlarga boy hayot yo‘li haqiqatga erishishning boshlanmasi edi. Yuqorida qadimiy xalqlar, jumladan, greklarda, Aristey “Arimaspeya”sida ham uzoq sharqi –shimolda yashovchi, Apollon homiyligidagi giperboreylar va ular haqidagi mif Nizomiy dostonidagi utopik jamiyat tasviriga asos bo‘lganligi haqidagi fikrni aytgan edik.
Makedoniya shohi haqidagi hikoyani Nizomiy yangi mazmun bilan boyitdi. Aleksandr tarixi asosida yirik falsafiy-axloqiy doston yaratdi.



    1. Yüklə 172,5 Kb.

      Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə