Boshlang’ich ta’lim integrattsiyasining metodalogik asoslari


Pedagogik texnologiyalarning mazmun mohiyati



Yüklə 0,5 Mb.
səhifə4/21
tarix28.11.2023
ölçüsü0,5 Mb.
#134155
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
23 BOSHLANG’ICH TA’LIM INTEGRATTSIYASINING METODALOGIK ASOSLARI

1.2. Pedagogik texnologiyalarning mazmun mohiyati.
Pedagogik texnologiya amaliyotga joriy etish mumkin bo'lgan ma'lum pedagogik tizimning loyihasi hisoblanadi.
Pedagogik texnologiya-ta'lim texnologiyasi, yangi pedagogik tajriba, yangi pedagogik texnologiya, pedagogik texnologiya, axborot texnologiyasi, yangi tajriba, ta'lim-tarbiya metodlari tushunchalarini qamrab oladi. Demak, pedagogik texnologiya didaktik vazifalarni samarali amalga oshirish, shu sohadagi maqsadga erishish yo'li bo'lib hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda mutaxassislarning ilmiy salohiyatini birlashtirishga imkoniyatlar yetarli darajada. Pedagogik texnologiyani pedagogika fanining alohida tarmog'i sifati­da yoki faqat ta'lim amaliyotini maqbullashtirishiga yo'naltirilgan tizim deb qarash mumkin emas. Pedagogik texnologiya bu sohadagi nazariy va amaliy izlanishlarni birlashtirish doirasidagi faoliyatni aks ettiradi. Avvalo, pedagogik texnologiya nimani anglatadi?
1. Pedagogik texnologiya o'quv-tarbiya jarayoni uchun loyihalanadi va belgilangan maqsadni yechishga qaratiladi. Har bir jamiyat shaxsni shakllantirish maqsadini aniq belgilab beradi va shunga mos holda ma'lum bir pedagogik tizim mavjud bo'ladi. Bu tizimga uzluksiz ravishda ijtimoiy buyurtma o'z ta'sirini o'tkazadi va ta'lim- tarbiya maqsadini umumiy holda belgilab beradi. Maqsadi esa peda­gogik tizimning qolgan elementlarini, o'z navbatida, yangiiash zaruratini keltirib chiqaradi.
2.Bugungi kunda fan-texnikaning rivojlanishi bilan inson faoliyati chegarasi nihoyatda kengayib boryapti, yangi texnologiyalar kirib kelmoqda. Sifat o'zgarishlari shundan dalolat beradiki, endilikda yangi metodikalarni talab etadigan va ta'lim jarayonining ajralmas qismiga aylanib borayotgan, unga o'zining ma'lum xususiyatlarini joriy etadigan yangi texnikaviy, axborotli, audiovizual, audial vositalar ham mavjud bo'lib, ular pedagogik texnologiyalarni real voqelikka aylantirdi.
Pedagogik texnologiya mohiyat-e'tibori jihatidan boshqa texnologiyalar bilan bir safda turadi, chunki ular ham boshqalari qatori o'z xususiy sohasiga, metodlari va vositalariga egadir. Biroq pedagogik texnologiya inson ongi bilan bog'liq bilimlar sohasi sifatida murakkab va hammaga ham tushunarli bo'lmagan pedagogik jarayonni ifoda etishi bilan ishlab chiqarish va axborotli texnologiyalardan ajralib turadi. Uning o'ziga xos xususiyati — tarbiya komponentlarini mujassamlashtirganidir.
Pedagogik texnologiya boshqa sohalardagi texnologik jarayonlar bilan uzluksiz boyib boradi va an'anaviy o'quv jarayoniga uning samarasini oshirishga ta'sir ko'rsatishning yangi imkoniyatlarini egallab oladi. O'quv-tarbiyaviy jarayonni texnologiyalashtirish tarixiy voqelik va jarayondir. Axborotlashtirish bu jarayondagi inqilobiy burilish va uning muhim bosqichidir. Oddiy til bilan aytganda, ta'lim tiziniida axborot texnologiyasi — bu «o'quvchi yoki talaba — kompyuter» o'rtasidagi muloqotdir.
Axborotli texnologiya pedagogik texnologiyaning tarkibiy qismi bo’lib, u ta'lim jarayonida texnik vositalarning mukammallashgan zamonaviy turi sifatida qo'llana boshlandi. Axborot texnologiyalari insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ham mavjud bo'lgan. Hozirgi zamon axborotlashgan jamiyatining o'ziga xos xususiyati shundaki, sivilizatsiya tarixida birinchi marta bilimlarga erishish va ishlab chiqarishga sarflanadigan kuch energiya, xomashyo, materiallar va moddiy iste'mol buyumlariga sarflanadigan xarajatlardan ortiq bo'ldi, ya’ni axborot texnologiyalari barcha mavjud texnologiyalar va xususan yangi texnologiyalar orasida yetakchi o'rin egallamoqda.
Axborot texnologiyalarining rivojlanishida aqliy mehnat vositalarining o'zgarishi bilan bog'liq ikkita axborot inqilobi hal qiluvchi ta’sir ko'rsatdi. Birinchi inqilob kitob bosishning paydo bo'lishi bilan ro'y berdi va telefon, telegraf, radioning ixtiro qilinishi bilan chuqurlashdi. Ikkinchi inqilob elektron-hisoblash mashinalari (EHM)ning paydo bo'lishi va tez tarqalishi, EHM lokal tarmoqlarining yaratilishi, axborot resurslarini boshqarish tizimlarining tashkil etilishi bilan bog'liqdir. Shu bois yaqin kelajakda respublikamizdagi mavjud barcha o'quv yurtlari dasturli mashinalar bilan yetarli darajada ta'minlash muammosi paydo bo'ldi. Shundagina axborotli texnologiya asosida talabalarning bilish faoliyatini tashkil etish va boshqarish imkoniyati tug'iladi va u o'qituvchining yaqin ko'makdoshiga aylanadi.
Ta'lim-tarbiya jarayoniga pedagogik texnologiyalarni qo'llash, avvalo, pedagogik munosabatlarni insonparvarlashtirish va demokratizatsiyalashni talab etadi. Chunki pedagogik munosabatlarni insonparvarlashtirish va demokratizatsiyalashni amalga oshirmay turib qo'llangan har qanday pedagogik texnologiya kutilgan samarani bermaydi.
Pedagogik munosabatlarni insonparvarlashtirish va demokratlashtirish asosidagi pedagogik texnologiya avtoritar texnologiyaga qarama-qarshi bo'lib, pedagogik jarayonda hamkorlik, g'amxo'rlik, ta'lim oluvchilar shaxsini hurmat qilish va e'zozlash orqali shaxsning tahsil olishi, ijod bilan shug'ullanishi va o'zini-o'zi rivojlantirishiga qulay ijtimoiy va psixologik muhit yaratadi. Mazkur jarayonda talaba o'z o'quv faoliyatining subyekti sanaladi va pedagog bilan hamkorlikda yagona ta'lim jarayonining subyekti ta'lim-tarbiya vazifalarini hal etadi.
Umuman, pedagogik texnologiya o'quv jarayoni va uning ishtirokchilari bilan bog'liq barcha maqsadli sa'y-harakatlar yig'indisini anglatishi lozim.
Hozirgi kunda uning mavjud ta'riflari juda ko'p va xilma-xildir:
Texnologiya – biror ishda, mahoratda, san'atda qo'llaniladigan usullar va yo'llar yig'indisi (Izohli lug'at).
Texnologiya – ishlov berish, ahvolni o'zgartirish san'ati, mahorati, qobiliyati, metodlar yig'indisi (V.M.Shepel).
Pedagogik texnologiya-o'qitishning, ta'limning shakllari, metodlari, usullari, yo’llari tarbiyaviy vositalarning maxsus yig'indisi va komponovkasi (joylashuvi)ni belgilovchi psixologik tartiblar (ustanovka)lar majmuasi; u pedagogik jarayonning tashkiliy-uslubiy vositalaridan iborat (B.T.Lixachev).
Pedagogik texnologiya-o'qituvchi mahoratiga bog'liq bo'lmagan holda pedagogik muvaffaqiyatni kafolatlay oladigan, o'quvchi shax­sini shakllantirish jarayonining loyihasidir (V.P.Bespalko).
Pedagogik texnologiya-ta'limning rejalashtiriladigan natijalariga erishish jarayoni tafsiloti (LP. Volkov).
Ta'lim texnologiyasi – didaktik tizimning tarkibiy jarayonli qismi (M. Choshanov).
Pcdagogik texnologiya-o'quv jarayonining o'quvchilar va o'qituvchi uchun so'zsiz qulay sharoitlar ta'minlashni loyihalash, (tashkil qilish va o'tkazish bo'yicha hamma detallari o'ylab chiqilgan birgalikdagi pedagogik faoliyat modeli (V.M. Monaxov).
Pedagogik texnologiya-texnika resurslari, odamlar va ularning o'zaro ta'sirini hisobga olgan holda ta'lim shakllarini optimallashtirish vazifasini qo'yuvchi o'qitish va bilimlarni o'zlashtirishning hamma jarayonlarini yaratish, qo'llash va aniqlashning tizimli metodi bo'lib ta'limni modernizatsiyalashda harakatlantiruvchi kuchdir (YUNESKO).
Pedagogik texnologiya – pedagogik maqsadlarga erishish uchun foydalaniladigan barcha shaxsiy, uskunali va metodologik vositalarning tizimli yig'indisini va ularni amal qilish tartibini bildiradi (M. V.KIarin).
Pedagogik texnologiya, bu-so'zsiz rioya qilish evaziga eng yuqori natijani kafolatlaydigan ko'rsatmalar emas, balki qonuniyatlar bo'lib, ularning amaliy ahamiyatidan iborat (V.Yu. Pityukov).
Pedagogik texnologiya – bu tizimli fikr yuritish usulini pedagogikaga singdirish, boshqacha qilib aytganda, pedagogik jarayonni muayyan bir tizimga keltirishdir (T.Sakomoto).
Pedagogik texnologiyaning mohiyati didaktik maqsad, talab etilgan o'zlashtirish darajasiga erishishdan iborat bo'lib, uni tatbiq etishni hisobga olgan holda ta'lim jarayonini ilgaridan loyihalashtirishda namoyon bo'ladi (U. Nishonalieyv).
Pedagogik texnologiya-bu o'qituvchi (tarbiyachi)ning o'qitish (tarbiya) vositalari yordamida o'quvchi (talaba)larga rnuayyan sharoit va ketma-ketlikda ta'sir ko'rsatish va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilangan sifatlarni shakllantirish jarayonidir (N. Sayidahmedov).
Pedagogik texnologiya-bu jamiyat extiyojidan kelib chiqib, shaxsning oldindan belgilangan sifatlarini samarali shakllantiruvchi va aniq maqsadga yo'naltirilgan o'quv jarayonini tizim sifatida qarab, uni tashkil etuvchilar, ya'ni o'qituvchi (pedagog)ning o'qitish vositalari yordamida tahsil oluvchilarga ma'lum bir sharoitda muayyan ketma-ketlikdan ko'rsatilgan ta'sirini va ta'lim natijasini nazorat jarayonida baholab beruvchi texnologiyalashgan ta'limiy tadbirdir (B.G’. Ziyomuhamedov).
Pedagogik texnologiya bu — obycktiv, moddiy jarayon. Agar biz o'quv-tarbiya jarayonidan uning obyektiv, moddiy (substansiyalik) jihatini ajrata olsak, shunda biz texnologiyaga, eng kamida, uning tafsilotiga ega bo'lamiz (V.K. Dyachenko).
Pedagogik texnologiya- bu o'qitishga o'ziga xos yangicha (innovatsion) yondashuvdir. U pedagogikadagi ijtimoiy-muhandislik tafakkurining ifodalanishi, texnokratik ilmiy ongning pedagogika sohasiga ko'chirilgan tasviri, ta'lim jarayonining muayyan standartlashuvi hisoblanadi (B.L.Farberman).
Pedagogik texnologiya – turli mualliflar (manbalar)ning barcha ta'riflari mazmunini o'zida mujassam etuvchi umumlashtirishdan iborat (G.K. Selevko).
"Texnologiya" tushunchasi keng ma'noda insonning barcha antropogen faoliyati natijasida mahsulot yaratilishi jarayonlarini qamrab oladi. Texnika va texnologiya, sanoat va transport, mashinasozlik va aviatsiya, kimyo va metallurgiya, tibbiyot va farmatsevtika, qishloq xo'jaligi va chorvachilik, umuman, yaratuvchanlik va ijodkorlik mehnati va metod, usul, vosita hamda jarayonlar majmuasini ifodalash uchun shu kungacha cheklanmagan miqyosda foydalanib kelinayotgan ushbu atamaning mazmun va mohiyati keng ko'lamga ega bo'lib qoldi. Pedagogik jarayonlar uchun tatbiq qilinuvchi texnologiyaning an'anaviy va noan'anaviy, tarixiy, klassik, yangi va zamonaviy turlari farq qilinmoqda. Asosiy maqsad - shaxsning ta'lim va tarbiyasi hamda uning aqlan va jismonan rivojlanishi bilan bog'liq kasbiy faoliyat ekanligini nazarda tutsak qanday nomlanishidan qat'iy nazar, pedagogik texnologiya komil inson tushunchasiga mazmunan singib ketishi lozim.

Yüklə 0,5 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə