Ekologiya huquqining tushunchasi, predmeti va manbalai



Yüklə 119,5 Kb.
səhifə1/6
tarix28.11.2023
ölçüsü119,5 Kb.
#133282
  1   2   3   4   5   6
1364045555 42928


www.arxiv.uz

Reja:



1. Tabiat va jamiyat, ular o`rtasidagi o`zaro munosabat shakllari va qarashlar tizimi.


2. O`zbekistonning ekologik siyosati

3. Ekologiya huquqining tushunchasi, xususiyatlari va umumiy ekologiya tizimida tutgan o`rni.

Tabiat - keng ma'noda - butun borliq, olam va uning xilma-xil shakllari; tor ma'noda - kishilarning moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirish manbai bo`lgan atrof tabiiy muhit. Jamiyat va tabiat tizimini ko`rib chiqayotganda ikkinchi tor ma'nodagi tushuncha qo`llaniladi. Chunki inson o`zining hayoti davomida butun borliqdan emas, balkim uni o`rab turuvchi va uning ta'siri doirasida turgan atrof tabiiy muhitdan foydalanishi mumkin.


Shu tariqa insoniyat tarixida jamiyat bilan tabiat o`rtasida to`xtovsiz va xilma-xil o`zaro ta'sirlar ro`y berib kelgan. Ammo tabiat insonlarsiz bu moddiy dunyoda hukm surib kelgan, lekin insonlar tabiatning bir bo`lagi bo`lib, ular tabiatsiz hayot kechira olishmaydi. Insonlar o`z hayoti uchun zarur bo`lgan hamma narsani tabiatdan oladi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh uchun xom ashyo, qurilish uchun binokorlik materiallari, nafas olish uchun atmosfera havosi, ichish uchun suv, dam olish uchun go`zal landshaftlar va h.k. Shunday qilib inson hayoti davomida foydalanilgan hamma narsalar tabiiy modda va kishilar faoliyatining mahsulidir.
Inson - tirik organizmlar turkumiga kiruvchi murakkab ijtimoiy va mehnat faoliyatini yurgazuvchi individ. Inson tarixiy - jamoat jarayoni subyekti bo`lib, u Yer kurrasidagi moddiy va ma'naviy-madaniy rivojlanishning asoschisidir. Inson boshqa turdagi tirik mavjudotlar bilan genetik bog`langan holatda, lekin ulardan ongining yuqoriligi, mehnat qurollarini ishlab chiqara olishi, nutqning rivojlanganligi, ijodiy faolligi, hamda ahloqiy, ma'naviy va ruhiy o`z o`zini anglay olishi bilan ajralib turadi.
Jamiyat - keng ma'noda insonlarning tarixan qaror topgan birgalikdagi faoliyatlari majmui yoki tor ma'noda - ijtimoiy munosabatlarning konkret tipi. Shunday qilib, aqliy mehnat faoliyatiga ega bo`lgan insonlar yig`indisi bo`lgan jamiyat atrof tabiiy muhit bilan passiv (sust) emas, balkim aktiv (faol) ta'sir doirasida bo`lishi mukarrardir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning "O`zbekiston XXI bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va rivojlanish kafolatlari" degan asarida "Asrlar tutash kelgan pallada butun insoniyat, mamlakatimiz aholisi juda katta ekologik xavfga duch kelib qoldi. Buni sezmaslik, qo`l qovushtirib o`tirish o`z-o`zini o`limga maxkum etish bilan barobardir"1 degan edilar.
Agarda jamiyat va tabiat o`rtasidagi o`zaro munosabatlarga inson hayotining tarixi nuqtai nazaridan qaraydigan bo`lsak, ularni quyidagi munosabat shakllariga ajratsak bo`ladi: oddiy, oddiy-iqtisodiy, iqtisodiy, iqtisodiy-ekologik, ekologik.
Jamiyat va tabiat o`rtasidagi oddiy munosabat shakli - kishilarni ekologik tizimni buzmaydigan soddalashtirilgan hayot tarzi. Ekologik tizim (ekotizim) - tirik organizmlar majmui va ularning yashash muhiti yig`indisi bo`lib, tirik organizmlar o`zaro va atrof tabiiy muhit bilan uzviy aloqadorlik qonuniyati asosida bo`lgan holati. Bu shakl kishilarning ibtidoiy jamoa tuzumidagi hayot tarziga, ya'ni insoniyat tarixining ilk ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyasi davriga xosdir.
Sinfiy jamiyat shakllana borgan sari, kishilar soni va ishlab chiqarish qurollarining sifati o`sib borishi bilan tabiat va jamiyat o`rtasidagi munosabatlarning yangi shakli - oddiy-iqtisodiy ko`rinishi namoyon bo`lgan. Natijada, kishilarning hayot tarzi tabiiy muhitni ma'lum bir kichik maydon va makon bo`yicha ekologik xavfsizlik darajasini keskunlashuviga olib kelgan.
Jamiyatda ishlab chiqaruvchilar va amaldorlar sinfining shakllana borishi va ish qurollarining takomillashib davlatlar orasidagi nizolarning kengayishi feodalizm va ilk bozor munosabatlari yuzaga kelgan kapitalizm davrlarida iqtisodiy munosabat shakli yuzaga keldi va rivojlandi.
Yer kurrasida ekologik inqirozli obyekt va hududlarning kengayishi, ommaviy kasalliklarni ko`payishi XX-asrning ikkinchi pallasiga kelib kishilar e'tiborini tabiatga qarashga majbur etdi. Yevropa, Ayrim Osiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlarida nafaqat tabiatdan samarali foydalanish, balkim uni asrashga bag`ishlangan bir qator qonunlar qabul qilindi va o`sha asosida ekologik chora tadbirlar amalga oshirildi. Natijada tabiat bilan jamiyat o`rtasida yangi munosabat - iqtisodiy-ekologik shakl yuzaga keldi. Jamiyat va tabiat o`rtasida iqtisodiy-ekologik munosabat shakli - mavjud ekologik tizimni saqlab qolish darajasidagi kishilarning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan hayot tarzi.
Tabiiy muhitni inqirozga, ijtimoiy muhitni falokatga olib kelmaslik uchun biz yaqin kelajakda ekologik munosabat shakliga o`tib olishimiz kerak. Jamiyat va tabiat o`rtasidagi ekologik munosabat shakli deb biz kishilarni tabiat resurslardan o`ta samarali foydalanishga, qayta tiklash va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan hayot tarzini tushunamiz. Bunday hayot tarzi mavjud ekologik tizimni sog`lomlashtirishga olib keladi. Ekologik munosabat shaklida davlatning boshqaruv tizimi avvalam bor ekologik nobop hudud va obyektlarni tiklashga qaratilgan bo`ladi. Bu yerda ishlab chiqarish texnologiyasi birinchi navbatda kam chiqitli yoki yopiq holda bo`lishni talab etadi. Ekologik ong va madaniyat kishilarning jamiyatda tutgan o`rnini belgilovchi mezon omili bo`lib qoladi. Ekologik qonunlar va normativ xujjatlar nafaqat bevosita, balki bilvosita ham ekologiyalashtirilgan va amaliy tadbiqi mexanizmiga to`liq asoslangan bo`lishini talab qiladi. Tabiiy resurslardan foydalanishni cheklash va tabiiy obyektlar "rekonstruksiyasi" bir mamlakat miqyosida emas, balkim ekologik xavfli hududlar bo`yicha amalga oshiriladi va ular davlat tomonidan alohida muhofaza etish obyektiga kirishini taqazo qiladi.
Shunday qilib, biz tabiat va jamiyat o`rtasidagi turlicha munosabat shakllarini ko`rib chiqdik. Lekin, insonlarning tabiatga nisbatan dunyoqarashlari, ularning xarakteriga o`xshab, turlicha bo`lishi tabiiy holdir. Insonlarning dunyoqarashi, - degan edi Abu Nasr Farobiy, - ularning tashqi ko`rinishiga o`xshab turlicha bo`ladi va bu fazilat ularning ilmiga, hayot tarziga, yashash muhitiga to`g`ridan-to`g`ri bog`liqdir. Biz ham ulug` o`rta asr faylasufi A.N. Farobiy fikriga to`lig`icha qo`shilib ekologiya borasidagi qarashlar tizimini ko`rib chiqamiz. Buyuk rus ekolog olimi N.F. Reymers1 ekologiya keng ma'noda "insonlarni yashab ketishi haqidagi ta'limot" deb bejiz aytmagan. Chunki insonlarning chegaralangan Yer kurrasida yashash muddati ularning ekologik dunyoqarashi va bu dunyoqarashlarning amaliyotda tadbiq qila olish imkoniyati bilan belgilanadi.
Ekologik konsepsiya - tabiat va jamiyatning o`zaro ta'siri to`g`risidagi qarashlar tizimi, ya'ni jamiyat qonunlari bilan tabiat qonunlarining o`zaro harakat yo`nalishlari o`rni, ahamiyati va mohiyati haqidagi dunyoqarash.
Taniqli ekolog-huquqshunos olim V.V. Petrov2 shu kungacha bo`lgan ekologik dunyoqarashlarning mohiyati va mazmuni bo`yicha o`n ko`rinishini ajratadi: naturalistik, iste'molchilik, alarmizm, ekologik inqiroz sabablari, harakatlar strategiyasi, o`sish va organik rivojlanish, global boshqarish, ekologik revolutsiyalar nazariyasi, muhofaza qilish va rivojlanish, sotsialistik.
Naturalistik konsepsiya - jamiyatdan ustun turuvchi tabiatni ilohiy kuch, dono yaratuvchi, ideal borliq deb qaraydigan falsafiy oqimlar va maktablar. Bunday qarashlar tizimi tabiat va jamiyat o`rtasidagi munosabatlarning oddiy va oddiy-iqtisodiy shakli davridagi kishilarga hos dunyoqarash. Shuning uchun ham ularning xudosi suv, olov, yer va boshqa tabiat obyektlari yoki hodisalari bo`lib kelgan. Ular shu muhitda tabiatning bir bo`lagi sifatida yashab kelganlar va o`zgacha yashashni tushuna olmaydilar ham.
Naturalistik konsepsiyasiga qarama-qarshi dunyoqarash iste'molchilik konsepsiyasi - jamiyat qonunlarini tabiat qonunlaridan ustun yoki kishilarni tabiat ustidan hukmronlik g`oyasini ilgari suradiganlar. Bunday g`oya namoyondalari jamiyatni iqtisodiy munosabat shakliga olib kelganlar.
Kishilar va tabiat o`rtasidagi iqtisodiy munosabat shakli bundan 20-30 yil avval keskin ekologik inqirozlarga olib keldi. Buning hammasi aholi orasida davlatning boshqaruv siyosatiga nisbatan qarama-qarshi harakatlarini yuzaga keltirdi. Atrof tabiiy muhitni yomonlashuvi va spid kabi og`ir kasalliklarni paydo bo`lishidan vahimaga va tashvishga tushgan kishilar ekologik partiya va jamoat harakatlari, uyushmalarini tuzdilar. Ulardan biri "Alarmizm"chilar, ya'ni "alarm" nemis va ingliz tilida tashvish, vahima, havotir degan ma'noni anglatadi. Ular asosan rivojlangan mamlakatlarda (Germaniya, Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya, AQSH, Ispaniya...) faoliyat ko`rsatib kelmoqdalar. Maqsadlari - tabiiy muhitda kechayotgan salbiy jarayon, hodisa va voqealarni mohiyatini ochib tashlash va noekologik siyosatga qarshi ochiqdan-ochiq kurashish. Alarmizm namoyondalari o`zlarining dunyoqarashlari bo`yicha ikki oqimga bo`linadilar: pessimistik qarashlar - kishilarning yashash muhitini juda mudhish ko`rsatib, hozirgi sivilizatsiya so`zsiz ekologik inqirozga olib keladi, deganlar; optimistik qarashlar - faqat demokratik (fuqarolar) jamiyati va erkin bozorgina ekologik inqirozning oldini olishi mumkin, deganlar.
Alarmizm namoyondalari ma'lum bir yagona partiyaga birlashmaganlar va aniq bir dunyoqarashga ham egamaslar, lekin ekologik inqirozni oldini olishga bor kuch va bilimlarini sarf qilayotgan olimlar, ishchilar, maishiy-xizmat va sport sohasida ishlaydigan turli kasb sohiblari bo`lib, ular "Grinpis", "Yashillar partiyasi", "Kedr" kabi oqimlarga birlashganlar. Ularning soni 10 dan oshib ketgan va o`z saflariga 30 mln.dan oshiq kishilarni birlashgandirlar.
Alarmizmchilarga yaqin bo`lgan dunyoqarash - ekologik inqiroz sabablari konsepsiyasi. Ular ham ekologik inqirozni kelib chiqish sabablarini ilmiy-texnik taraqqiyot va aholi sonining tez sur'atlarda o`sib ketishi deb biladilar. Sivilizatsiya va demografik portlash ekologik xavfsizlik darajasiga teskari proporsional ravishdadir va ekologik inqiroz holatidan chiqib ketish uchun demografik holatni boshqarish va tabiiy resurslarga nisbatan aholi sonini uyg`unlashtirish kerak deganlar. Bunday tadbirlarni olib borish har bir mamlakatning iqtisodiy ko`rsatqichlari, tabiiy sharoiti va resurslari imkoniyatlariga monand ravishda olib borilishi kerakligini e'tirof etadilar.
Ilmiy-texnik revolutsiya va demografik portlash oqibatidan chiqib ketishni tavsiya qiluvchi g`arb sotsiologlarining harakatlar strategiyasi namoyondalari uch yo`lni ma'qul ko`ryaptilar. Bu yo`ldagi dunyoqarashlar tizimi: tabiatga aralashmaslik; muammosi bor tabiat qonunlariga xujum qilish yoki aralashish; atrof muhitga kishilarni moslashtirish orqali kishilik jamiyatini boshqarish.
O`sish chegarasi va organik rivojlanish konsepsiyasi namoyondalari Yer kurrasi resurslari imkoniyatlariga monand ravishda, ilmiy-texnik va insonlarni o`sish chegarasini belgilash yoki bunday ilmiy asoslangan o`sishni chegaralash ma'lum bir region (mintaqa), hudud yoki ma'muriy chegarada amalga oshirishni tavsiya etadi.
Global boshqaruv konsepsiyasi - atrof tabiiy muhit komponentlari yagona bir tizimda harakat qiladi va ular ajralmasdir degan g`oyani olg`a suruvchilar. Shuning uchun ham atrof tabiiy muhitni saqlab qolish ma'lum bir hudud yoki mamlakat doirasida emas, balkim xalqaro miqyosda, butun dunyo hamjamiyatining birgalikdagi tadbiri orqali amalga oshirishini yoqlab chiqadiganlar.
Muhofaza qilish va rivojlanish konsepsiyasi namoyondalari jamiyatning ekologik talablarini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish talablariga moslatirishni taklif qiladilar. Bu oqim qarashlarini rivojlangan "katta yettilik" davlatlarida keng targ`ib qilinayapti.
Ekologik revolutsiyalar konsepsiyasi - siyosiy tuzum va kishilarni ekologik dunyoqarashlarini keskin ravishda - revolyutsion yo`l bilan iste'molchilik psixologiyasidan ekologik talablar doirasiga o`tkazish. Ammo bu taklif qanchalik yaxshi bo`lmasin, bir qoidani esdan chiqarmaslikka undaydi - kishilik jamiyatida (tabiatdagi singari) revolyutsion yo`l bilan biron bir tadbirni amalga oshirish ularda salbiy oqibatlarni kelib chiqishiga sabab bo`ladi. Lekin hozirgi ekologik inqiroz holati ekologik ong, madaniyat, o`quv va tarbiyani keng miqyosda va jadal sur'atlarda olib borishni takazo qiladi. Aks holda "tabiatdagi tizimlarni evolyutsion rivojlanishini orqaga qaytarib bo`lmaydi" degan tabiat qonuni o`zining salbiy ko`rinishlarini saqlab qolishi va eski ijobiy tizimni tiklash imkoniyati bo`lmasligi mumkin.
Sotsialistik konsepsiya asoschilari K. Marks va F. Engels tomonidan keng ta'riflangan dunyoqarash atrof tabiiy muhit holatini inobatga olib jamiyat kuchlarini bir me'yorda rejali rivojlantirishni yoqlab chiqadiganlar. Albatta bu dunyoqarash amalda (70 yil Sovet tuzumi hukm surganda) o`z ifodasini topa olmadi. Tabiatni biron bir mamlakatda rejali muhofaza qilish yoki undan foydalanish ekologik holatga emas, balkim iqtisodiy -ijtimoiy, siyosiy holatga qarab olib borilishini isbot qildi. Tabiiy resurslarni aniq hisobini olish va ulardan rejali foydalannish biron bir hudud yoki mamlakatda emas, balkim butun bir region yoki Yer kurrasi bo`yicha global holda amalga oshirish mumkin bo`ladi.
Yuqorida sanab o`tilgan ekologik konsepsiyalardan tashqari dunyoning turli joylarida, turli dunyoqarashga ega bo`lgan qarashlar tizimidagi partiyalar, oqimlar, harakatlar, kengashlar, jamg`armalar mavjud. Lekin, bizningcha, ekologik konsepsiya - tabiat qonunlari bilan jamiyat qonunlarini o`zaro uyg`unlashgan va ilmiy asoslangan holda rivojlanishini yoqlab chiqadigan qarashlar tizimidir. Aks holda boshqacha qarashlar tizimi noekologik konsepsiyalar tizimiga kiradi. 

Yüklə 119,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə