Eron ahamoniylar hukmronligi yillarida Xorazm


II.BOB. XORAZMSHOHLAR DAVRIDA ILM-FAN VA SAN’AT RIVOJLANDI



Yüklə 0,54 Mb.
səhifə5/8
tarix19.12.2023
ölçüsü0,54 Mb.
#152769
1   2   3   4   5   6   7   8
XORAZMSHOHLAR DAVLATI.

II.BOB. XORAZMSHOHLAR DAVRIDA ILM-FAN VA SAN’AT RIVOJLANDI.
2.1. Xorazmshohlar davlatida fan va madaniyat, ijtimoiy va siyosiy hayotda yorqin iz qoldirgan buyuk allomalar.
Xorazmshohlar davlatida bundan tashqari, fan va madaniyat, ijtimoiy va siyosiy hayotda yorqin iz qoldirgan buyuk allomalar yashagani manbalardan ma’lum. Shulardan ba’zilarini eslatib o’tamiz:
1. Al-Hakim Ali ibn Muhammad al-Hijoziy al-Qo’iniy atoqli shifokor, tibbiy ilmlarning bilimdoni. Uning tib ilmi va amaliga oid nomalari bor (rasoil) eng buyuk Sulton Sanjar sharafiga u “Kitob mafoxir ul-atrok”, (“Turklarning faxrli ishlari haqida kitob”) yozgan. Hakim Ali Hijoziy “Kitob fi-l-hikmat” asarini Xorazmshoh Otsiz ibn Muhammadga bitgan. U Umar al-Xayyomiyning shogirdi bo’lgan.
2. Faylasuf olim Bahovuddin Abu Muhammad Abdul Jabbor ibn Muhammad Sobit ibn Xorogiy - Marv donishmandlaridan biri, astranomiya va mantiqqa doir asarlar muallifi. Otsiz uning ilmini qadrlab Xorazmga chaqirib olgan. Uning tarixga oid kitoblari ham bor.
3. Abul-Mafohir Muhammad ibn Muhammad ibn Abdul–Jalil Umariy kotib al-Buxoriy al-Xorazmshohiy. Laqabiga ko’ra, Muhammad Umariy Xorazmshoh Otsiz saroyida kotiblik qilgan.
4. Amir sayyid imom Zayniddin Ismoil ibn Hasan tabib. “U nodir asarlari bilan tib va boshqa ilmlarga jon kiritdi ... Xorazmshoh Otsiz uzoq yillar davomida unga izzat-hurmat ko’rsatdi. Xorazmda imom Zayniddin quyidagi asarlarini yozdi: “At-Tib al-mulukiy” (“Shohlar uchun tib kitobi”), “Kitob ul-ag’roz” (“Niyatlar kitobi”), “Kitob fi radd ul-falosifa” (“Faylasuflarga raddiya”), “Kitob tadbir yavm va layla” (“Kecha-kundiz tadbiri”), “Kitob vasfnoma” va boshqalar.
5. Abul-Hasan Ali ibn Muhammad ibn Ali ibn Ahmad Marvon al-Xorazmiy - adib, laqabi - Hujjatul-afozil sayyiddul udabo va faxrul-mashoix (fozillar hujjati, adiblar hojati va shayxlar faxri). Mahmud ibn Umar Jorilloh Zamaxshariyga adab ilmidan dars bergan. Shoir sifatida ham tanilgan (vaf. 1164)
6. Abu Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Abbos Arslon Xorazmiy (1099-1172) – ilohiyotchi va tarixchi olim “Kofiyul - fiqh” va “Tarixi Xorazm” kitoblarining muallifi.
7. Al-Hakim Abu Ja’far ibn Muhammad Buxoriy (vaf. 1156) - qadimgi donishmandlarning ilmlarini (Aflotun, Arastu, Batlimus asarlarini) yaxshi bilgan.
8. Abul–Vafo Muhammad ibn Muhammad ibn Qosim Ahsikentiy – adib va shoir, imom va til, tarix olimi (vaf. 1126).
9. Ahmad ibn Muhammad ibn Qosim Ahsikentiy – Muhammad Ahsikentiyning ukasi. Adib va shoir.
10. Faxriddin Muhammad ibn Umar ibn Xusayn ar-Roziy (1148-1210) - Xorazmshoh Takish sharafiga “Javome’ ul-ulum” (“Ilmlar yig’indisi”) qomusiy asarini yozgan.
11. Shamsiddin Muhammad ibn Ashraf ibn Xusayn Samarqandiy (vaf.1204) – “Risola fi adabul bahs” (“Bahs odobi haqida risola”) muallifi.
12. Muhammad ibn Umar ibn Xolid Muhammad ibn Umar al-Chag’miniy al-Xorazmiy falakiyot, astranomiya olimi “Al-Mulaxxas filhay’at” (“Astranomiyadan muxtasar kitob”) muallifi. Bu asarida Chag’miniy sayyoralarning fazo va zamondagi harakati, Quyosh va Oy tutilishi, Er qimirlashi sabablari, fasllarning almashuvi, kecha va kunduz tengligi, qutblar, ekvator, meridian chiziqlarini aniqlaydi.
13. Malikul-ulamo Abul-Muzaffar Mas’ud ibn Muhammad ibn Sadid Xo’jandiy - taniqli adib va lashkarboshi.
14. Minhojiddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr al- Marg’iloniy - fiqh olimi.
15. Minhojiddin Muhammad ibn Umar ibn Abul fatx Buxoriy - kotib va muarrix.
16. Faxrul-Xorazm al-Alloma Jorulloh Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Xorazmiy az-Zamaxshariy (1075 y. 18-mart 1114 y. 14-aprel) nahv - grammatika va lug’at ilmlarida arabu ajam olimlariga ustozligi uchun an-Nahaviy va al-Lug’aviy laqablarini ham olgan. Al-Zamaxshariy talabalik yoshiga etgach, Buxoroda tahsil oladi va o’qishni tugatib, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida kotiblik bilan shug’ullanadi. Az-Zamaxshariy qolgan umrini faqat ilm-fanga bag’ishlash maqsadida Marv, Nishopur, Isfaxon, Shom, Bog’dod, Hijoz va Makkada bo’ladi. Olim bu erda ilmiy ishlarini davom ettirib, arab tili grammatikasi va lug’atini, mahalliy qabilalarning lahjalarini, maqollarini, urf-odatlarini chuqur o’rgandi. Bu mintaqalarda jug’rofiyaga oid xilma-xil ma’lumotlarni yig’di. U hayotini shogirdlariga dars berish va ilmiy asarlar yaratishga bag’ishladi. Az-Zamaxshariy Makka shahridan vatani Xorazmga qaytib kelib bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yili Arafa kechasi (1144 y. 14 aprel)da vafot etadi.
Olim arab tili grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug’rofiya, tarix, tafsir, hadis va fiqxga doir 50 dan ortiq asarlar yaratgan, ularning ba’zilari bizgacha etib kelgan. Jumladan, arab tili grammatikasini o’rganishda yirik qo’llanma hisoblangan “Al-Mufassal”, “Sharh tobiat kitob Sibavayh” – “Sibavayhning (taniqli arab tilshunosi) kitobiga yozilgan mukammal sharh”, Xorazmshoh Alouddavla Abul Muzaffar Otsizga bag’ishlab yozilgan “Muqaddimat ul-adab”, jug’rofiyaga oid “Kitob al-jibal va –l- amakin va – l-miyax” (“Tog’lar, joylar va suvlar haqida kitob”), “Asos al-balog’at”, “Al- Qustos fil aruz”, musulmon olamida mashhur bo’lgan “Al-Kashshof an-haqoiq it – tanzil va uyin fi vujuh it-ta’vil” (“Qur’on haqiqatlari va ularni sharhlash orqali so’zlar ko’zini ochish”) va boshqa ko’plab asarlari mavjud.
Shuningdek, Abul – Muayyid Muvaffaq ibn Ahmad al-Makkiy shoir va adib, Abu Mador ad-Dabbiy Xorazmiy, Malik Nusratiddin Hamza ibn Muhammad ibn Umar ibn Hamza an-Nasaviy - Niso shahri hokimi, shoir, bashoratchi, Sirojiddin Ya’qub Sakkokiy - falakshunos, shoir, ilm- fanning barcha sohalarida asarlar yozgan, Abdul-Karim ibn Muhammad ibn Mansur Abu Sa’id ibn Abul - Muzaffar al-Marvoziy as-Sam’oniy (vaf.1167) - Marvning mashhur ulamosi, adib va tarixchi, Shamsiddin Muhammad ibn Qays ar-Roziy - adib va olim, Zahiriddin Muhammad ibn Umar ibn Muhammad Buxoriy-Nujobodiy - ilohiyotchi olim, Taho ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Ishoq shayx yoki Faqihul-a’lam imom Zayniddin Abu Bakr al-Buxoriy (vaf.1252) faqih va adabiyotchi olim, Qosim Abu Muhammad Buxoriy (1160 yilda tug’ilgan), Majiddin Nasaviy - olim va shoir, Shihobiddin Nasaviy - shoir, tarixchi, davlat arbobi. Xorazmshoh sulton Jaloliddin devonida munshiylik vazifasida xizmat qilgan. Ba’zi paytlarda elchilik ham qilgan, Muhammad ibn Najib Bakron - jug’rofiyun olim va boshqa olimu shoirlar xorazmshohlar davrida ijod qilganlar.
Madrasalarning imomlari va mudarrislari Sulton yoki uning noibi tomonidan tayinlangan va maxsus imtihonlardan o’tkazilgan ulamolardan saylangan, sulton o’z noiblariga o’zi yaxshi bilgan ulamolarni tavsiya etgan. Masalan, Xorazmshoh El-Arslon 557 yil ramazon (1167 y. sentyabr) oyida Turkiston hoqoni Abul – Muzaffar Tamg’ach Bug’roxon zimmasiga boshqa ishlar bilan birga, madrasalarga munosib mudarrislar tayinlash vazifasini ham yuklagan. Xorazmshoh Otsizning bir farmonida “Falonchining otasi uzoq yillar Marvdagi madrasaning mudarrisi edi, bizning xonadonga yaqin kishi edi. Falonchi otasining vafotidan so’ng saroyga taklif etilib, Oliy majlisga (a’zo qilib) saylangan. Endi bu kishi otasining maktabiga darslarga rahbarlik qilish (tadris) uchun tayinlanadi. Madrasaning barcha vaqflari shu kishining tasarrufiga beriladi, bu kishi vaqf daromadlaridan munosib ishlarga, imoratlar qurish, ziroat (ekin ekish) uchun sarflaydi. Madrasaning barcha ilohiyotchi, faqih, ulamolari, talabalari bu kishini izzat-hurmat qilishlari, uning yig’inlariga qatnashlari zarur”.
Xorazmshoh Takish din ulamosi Badriddin nomiga bunday farmon chiqarganlar: “Saroyda katta hurmatga sazoavor bo’lgan Badriddin yaxshi xizmatlari uchun falon yirik viloyatlardagi madrasaning mudarrisi, imom-xatibi etib tayinlandi. Badriddin o’z vazifalarini taqvodorlik bilan, Qur’oni majidga, hadisi sharifga, payg’ambar sunnatiga va imomlar ibratiga muvofiq holda bajarsin. U juma va hayit namozlarida (imomlik qilib), va’z, xutbalar o’qishni, Allohga, payg’ambarga, xalifalar va xorazmshohlarga hamdu sano aytsin, diniy binolar, inshootlarni ta’mirlash, vaqf daromadlarini ko’paytirish uchun g’amxo’rlik qilsin, odamlarga so’zda va amalda ibrat ko’rsatsin, o’ziga munosib o’rinbosarlar tayinlasin ”.
Ba’zi madrasalarga butun boshli qishloqlar vaqf qilib berilgan. Xorazmshoh Takishning vazir Nasriddin nomiga chiqargan farmonida mazkur vaqfning avvalgi mutavalliysi layoqatsiz odam bo’lib chiqqanligi, vaqf erlari daromad keltirmay, ziyon keltirayotgani ko’rsatilgan. Vazir Nasriddin ana shu madrasa vaqf erlaridan kelgan zararni qoplashi, yangi mutavalli tayinlashi, bo’lajak mudarrislarni o’qitish ishlarini nazorat qilishi zarurligi aytilgan.
Sulton Alouddin Muhammad davridagi xorazmshohlar davlatining atoqli arboblaridan Shihobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xevaqiy mashhur faqih, shofi’iya mazhabining muftiysi edi.
Eng zukko va ziyrak odamlar ham unga xizmatkorlikka yarar edi. Sulton juda muhim ishlarda u bilan maslahatlashardi. Uning ostonasida podsholar, vazirlar, amirlar, navbat kutib turishar, ul zot esa o’sha paytda imomlarga ta’lim berar edi. Shihobiddin Xorazmning beshta madrasasida dars o’qir, faqat darslari tamom bo’lganidan keyin u Sultonning hojiblari bilan turli ishlar haqida gaplashar edi. U Xorazmdagi Shofi’iya masjidi qoshida shunday ajoyib kutubxona ochganki, avval ham keyin ham unga teng keladigani bo’lmagan.
Buxoroning mashhur mudarrislaridan yana biri Muhammad Umar ibn Muhammad Qutbiddin ibn Umar al-Ansoriy al-Aqliy al-Buxoriy edi (vaf. 1220). U Buxorodagi eng obro’li shayx-mudarrislardan edi. Madrasa mudarrisligi obro’li mansab bo’lib, ba’zan iste’foga chiqqan yuqori martabali amaldorlar mudarris bo’lib ishlar edilar. Sulton yangi madrasalar qurilishini odatda taniqli din arboblariga topshirar edi. Masalan, Xurosondagi bir madrasa qurilishi muftiy va imom Aziziddin Alp Balxiyga, Nishopurdagi bir madrasa qurilishi – muftiy va mudarris imom Faxriddin Abu Sobit Abdulaziz ibn Abdul- Jabbor Kufiyga topshirilgan.
Xorazmshoh Jaloliddin taniqli ma’rifatparvar olim Muqarrabiddin Muhammad ibn Ibrohim Pahlavon al-Xorazmiyga (vaf. 1228) Isfaxonda otasi Sulton Alouddin Muhammad xotirasi uchun katta madrasa qurishni topshirgan va bu ishga 30 ming dinor mablag’ ajratgan. Bu mablag’dan tashqari yana Iroqdan keladigan xirojlardan bir qismi “madrasa qurilishini tamomlash (va zarur ashyolar, darsliklar uchun) qo’shimcha mablag’lar berilgan.
(Ko’zalar va shamdonlar ham tilladan bo’lgan). Muqarrabiddin Isfaxonga borib, madrasa qurilishini boshladi. “Kamina (Shihobiddin Nasaviy) to’rt oydan keyin Isfaxonga borganimda madrasa devorlari odam bo’yi ko’tarilgan ekan”.
Xorazmshohlar davrida Buxoroning Dehqon tumanida Xizonatul-kutub Dorul-fuqaro - xalq kutubxonasi ochilgan bo’lib, bu erda nodir qo’lyozmalar saqlanar edi.
Tarixiy manbalar va olib borilgan tadqiqot ishlarining shohidlik berishicha, dashtdan kelgan ko’chmanchilar Xorazm va Xuroson mintaqalarida avvaldan yashab kelayotgan turkiy unsurni yanada kuchaytirdi. Natijada ko’chmanchilar o’troqlashib, shahar va qishloqlarda yashay boshladilar. Shuni ta’kidlash kerakki, XII asrning ikkinchi yarmida qangli-qipchoqlar harbiy kuch sifatida davlat hayotida yanada kuchliroq rol o’ynaydilar. Hukmron sulola bilan yuqori tabaqa turkiy urug’ zadogonlari o’rtasida quda- andachilik munosabatlari o’rnatildi. Buning natijasi o’laroq, ijtimoiy hayotda turkiy an’analar yanada rivojlandi. Eski turkiy unvonlarning rasmiy laqabi sifatida qo’llanishi, armiyada qadimgi an’anaviy rutbalar (xon kabi) joriy etilishi, sulola a’zolariga turkiy ismlar berilishi (Manguberdi kabi), urug’ tashkilotida mavjud an’anaga ko’ra, qo’shinning o’ng va so’l qanotga bo’linishi qo’mondonlarni urushga chorlash uchun qizil o’q yuborilishi ham ana shunday dalillardandir. Bu urug’chilik an’analarining ko’pchiligi avvalgi xorazmshohlardan avvalgi turkiy davlatlarda ham, ulardan keyingi davlatlarda ham mavjud bo’lgan. Bu hodisalar, shuningdek, turkiy til va adabiyotning XII asrdan beri islom ma’naviyati doirasida ravnaq topgani e’tiborga olinsa, bu jarayon Xorazmshohlar davrida ham davom etgani tabiiy bir holdir. Biroq, g’aznaviylar va saljuqiylar davridagi kabi, Xorazmshohlar zamonida ham turkiy til saroy va armiya tili sifatida qo’llanilgani, uning mavqei va taraqqiyot darajasi manbalarning kamligi uchun etarli darajada yoritilmagan. XII asrda Qoraxoniylar mamlakatida yaratilgan “Hibat ul- haqoyiq” asari bir qator o’ziga xos xususiyatlariga ko’ra Qashqar davriga oiddir. Bu e’tiborga olinmagan taqdirda ham, Ahmad Yassaviy va izdoshlarining XII asrda yaratgan tasavvuf adabiyoti bevosita Xorazmshohlar davrining mahsulidir. Bu adabiyot ko’chmanchi qabilalar orasida darvishlik, tasavvuf g’oyalarini targ’ib qilgan. Shu boisdan ham u ko’proq qishloq she’riyati an’analariga bog’liq edi. Bundan tashqari, Xorazm va Xuroson shaharlarida mumtoz fors she’riyati namunalari uslubiyoti asosida turkiycha she’rlar yozilgan, arabcha va forscha asarlar turkiychaga tarjima qilingan. Bu jarayon mo’g’ul istilosidan so’ng ham davom etdi. Ozarbayjon, Arron va Onado’liga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Xorazmshohlar zamonida turkiy til muhim rol o’ynaganiga oid boshqa bir misol ham bor. Muhammad ibn Qays ismli bir muallif “Tibyan lug’at at-turki alo lison al-qangli” nomli asar yozib, Jaloliddin Xorazmshohga tuhfa qilgan. Afsuski, bu asar bizgacha etib kelmagan. XIV asrda yashab o’tgan adiblardan Ibn Muqanna bu asar to’g’risida ma’lumot bergan. Professor Fuod Ko’prulu mazkur kitobning qangli-forscha lug’at bo’lganligini, unda grammatikadan tashqari tarixiy va etnografik ma’lumotlar ham bo’lganligini aytib o’tadi. Fuod Ko’pruluning qayd qilishicha, “Al-Mu’jam fi ma’oyir ash’or al-Ajam” nomli muhim bir asar ham o’sha muallif tomonidan bitilgan”.
Ma’mun akademiyasiga jalb etilgan al-Beruniy, ibn Sino, al- Chag’miniy, al-Jurjoniy kabi allomalar Xorazm maqomlarini “Duvazdax maqom”, ya’ni o’n iki maqom shaklida rivojlantirib, yilning har bir oyiga, har bir kunu-tuniga bag’ishlab kuy bastaladilar. Buni IX-XIII asrlarda Xorazmga kelgan arab sayyohlari Yoqut Xamaviy, Maqdisiy, ibn Rusta, ibn al- Xaysamiy va boshqalar ham qayd etganlar. “Jurjoniya eli, - deb yozadi Yoqut Hamaviy o’zining “Mu’jam al-buldon” nomli asarida, - o’z maqomlarini behad qadrlaydi, mamlakat poytaxti Gurganjda musiqa asboblari yasab tirikchilik qiladigan mahallalarni o’z ko’zim bilan ko’rdim”. Haqiqatan ham Xorazm maqomlarining ovozasi etti iqlimga tarqalgan edi, bu maqomlarni o’z yurtini tark etgan hofiz va mashshoqlar Buxoro va Samarqand, Shosh va Shirvon, Iroq va Damashq, Rum va Oltin O’rdada, Qrim va Sharqiy Turkiston o’lkalarida ijro etib yurdilar. Ulug’ shoir Alisher Navoiy “Xamsa”siga kirgan mashhur “Sab’ai sayyor” dostonida musofir sozanda tilidan Xorazm o’lkasining musiqa san’atida “ilmi advor” fani beqiyos rivojlanganligini quyidagi misralarda yanada ravshanroq ochib beradi:
Chunduoqildi, dedi farzona, Kideyo’z ko’rganimdin afsona:
Menki tushmish buyon guzar manga, Mulki Xorazm erur diyor manga.
San’atim anda soz chalmoq ishi, Bilmayin men kibi ishimni kishi. Ilmi advoru fanni musiqiy, Mendin ul ilm ahli tahqiqiy. Elga ta’lim etmoq virdim,
Kimki ustodi qavm, shogirdim. Qildi Xorazm ahli istiqbol,
Fahm qilmoqqakim, nedur ahvol.
Shoir aytganday, Xorazm maqomlari faqatgina mafkuraviy yo’sinda bo’lmay, o’z vatanidan uzoq-uzoqlarda, podshoh saroylarida, to’y va bazmlarda sayl va diralishmalarda qayta-qayta ijro etildi. Xorazm xalq musiqasi tarixidan bunga juda ko’plab misollar keltirish mumkin. Darvoqe, Xorazmning qadimiy shahri Hozaraspdan topilgan ulkan musiqa arxivi – ko’hna Xorazm notalarida bitilgan ilk manbalar fikrimizning tasdig’idir. Bu “Xorazm musiqa hayoti”, ya’ni notasi chizig’i XII asr boshlarida Xorazmshohlar mamlakatida yaratilgan ekan.
Xorazmshohlar davrida bugungi musiqamizning asosini tashkil etgan mukammal bir musiqa bo’lganligi muharrardir.
Taniqli musiqashunos marhum Xusayn Sadaddin Oral 1940 yillarda yaratgan tadqiqotlari natijasida bugungi turk musiqasining O’rta Osiyodan kelib chiqqanligini isbot etdi. Bundan tashqari, u turkiy musiqa arab, Eron va Vizantiyadan olinmaganini, balki aksincha turkiy musiqa Misr va Eron musiqasiga va boshqa xalqlar musiqasiga katta ta’sir o’tkazganini ham isbotlab berdi. U klassik va xalq musiqalarining ildizi birligi, maqomlarda farq yo’qligi to’g’risidagi fikrni o’rtaga tashlagan edi.
Garchi, XI asrdan oldin bitilgan nazariy kitoblar mavjud bo’lsa-da, turkiy musiqa haqida yozilgan va bizgacha etib kelgan bu davrlarga oid biron asar yo’q. Bu nazariy kitoblarda turkiy musiqa alohida tadqiq etilmagan, balki turkiy musiqaga asoslangan islom musiqasining tarannum xususiyatlari o’rganilgan. Sharq musiqasi haqida ilk ilmiy tadqiqot mashhur olim Forobiy tomonidan bitilgan. Faqat u ham qadimgi yunon musiqa nazariyasini Sharqqa tadbiq etgan. Turkiy musiqa nazariyasiga oid ilk asar Jaloliddin Xorazmshoh davlati barpo etilgan, Ozarbayjonda yaratildi. 1224 yilda u Tabrizni poytaxt qilib, o’z davlatini barpo etgan vaqtlarda Urmiyada tug’ilgan Safiuddin (1293 yilda vafot etgan). “Sharafiya” nomli bir kitob yozgan. 1247-yilda yozilgan bu asar turkiy musiqa haqida bugungacha yozilgan asarlar orasida eng mukammalidir. U baron D’ Erlanger tomonidan frantsuzchaga tarjima qilingan. 1975-yilda doktor Ahmad Bijan Erjilasin tomonidan Til va Tarix-geografiya fakultetining qo’lyozma kitoblar bo’limida mazkur asarning yangi bir nusxasi topildi va Murod Bardaqchi tomonidan taqdimoti o’tkazildi. “Sharafiya”da hatto bugun hal etilishi qiyin bo’lgan masalalarning bundan 700 yil oldin echib berilgani diqqatni tortadi. Shunga ko’ra, Safiuddinning asariga g’arb musiqashunoslari “Tushunishi ham tushunilmaydigan muazzam bir asar”, deb ta’rif berganlar. Kitobning birinchi sahifasidagi: “Bu erda yunon olimlari tilga olmagan ma’lumotlar haqida gap boradi” degan jumla diqqatni jalb qiladi. Bundan ma’lum bo’ladiki, Safiuddin Forobiyning asaridan bexabar bo’lgan. U turkiy musiqaning boshqacha bir texnikasi bo’lganligini asarining boshida ta’kidlagan. Safiuddinning asari singari nihoyatda qimmatli bir kitobning bitilgani bu sohada undan oldin ham musiqaga oid kitoblar yozilgani va ulardan foydalanilganini ko’rsatadi. Afsuski, bu kitoblar yo’qolib ketgan. Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, Xorazmshohlar davrida, hatto undan oldingi saljuqiylar imperiyasi vaqtlarida turkiy musiqa mukammal bir darajaga ko’tarilgan deb aytish mumkin va bu hech kanday mubolag’ali emasdir.



Yüklə 0,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə