Gen faoliyatni boshqarish


Genetika fani tarmoqlarining klassifikatsiyasi



Yüklə 33,65 Kb.
səhifə6/10
tarix11.12.2023
ölçüsü33,65 Kb.
#144340
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
GEN FAOLIYATNI BOSHQARISH

Genetika fani tarmoqlarining klassifikatsiyasi. Genetika fanining tez sur’atlar bilan rivojlanishi natijasida bu fan doirasida ko`plab genetik fan yo`nalishlari paydo bo`ldi. Ularning aksariyati mustaqil genetik fanlar darajasiga ko`tarildi. Shuning uchun ham biz bayon etgan genetika fanining umumiy genetika deb qo`llanilishi maqsadga muvofiqdir. Umumiy genetika negizida paydo bo`lgan genetik fanlar ikki printsipda klassifikatsiya qilinadi:
1. Genetik fanlar o`rganayotgan ob’yektiga qarab quyidagi xususiy genetik fanlarga ajratiladi: odam genetikasi, hayvonlar genetikasi, o`simliklar genetikasi, mikroorganizmlar genetikasi, viruslar genetikasi.
Yuqorida keltirilgan yirik xususiy genetik fanlar o`z navbatida ayrim organizmlar turi, turkum genetikasini o`rganadigan kichik xususiy genetik fanlarga bo`linadi. Masalan, o`simliklar genetikasi doirasida quyidagi xususiy genetik fanlar paydo bo`ldi: bug`doy genetikasi, kartoshka genetikasi, g`o`za genetikasi va boshqalar.
2. Genetik fanlar ilmiy – tadqiqotlarda qo`llaniladigan metodlariga qarab quyidagicha klassifikatsiya qilinadi:
Ontogenetika (fenogenetika) – genlar faoliyati natijasida organizm belgi va xususiyatlarining ontogenez (shaxsiy rivojlanish) jarayonida uning fenotipida rivojlanish qonuniyatlarini tadqiq qiladi;
Sitogenetika – duragaylash genetik tahlil metodini sitologik metod bilan kompleks holda qo`llaydigan fan;
Mutatsion genetika – organizmlar genotipining mutatsion (irsiy) o`zgarish qonuniyatlarini tadqiq etadi;
Ekologik genetika – organizmlar genotipining fenotip tariqasida rivojlanishiga ekologik omillarning ta’sirini o`rganadi. Ularning genofondini ekstremal omilning salbiy ta’siridan saqlash muammolarini yechish usullarini yaratadi;
Populyatsion genetika – populyatsiya genofondining sifat va miqdor tarkibi, populyatsiyada genlar va genotiplarning tarqalish hamda taqsimlanish qonuniyatlarini o`rganadi;
Tibbiyot genetikasi – odamlarda irsiy kasalliklarning kelib chiqish sabablarini diagnostika qilish va davolash metodlarining genetik asoslarini ishlab chiqadi;
Molekulyar genetika – irsiyat va o`zgaruvchanlikning moddiy asosi bo`lgan genlarning strukturasi va funktsiyasini tadqiq etadi.
Genetik injeneriya – molekulyar genetikaning nazariy yutuqlariga asoslangan holda gen va xromosoma injeneriyasi bo`yicha amaliy natija beruvchi tadqiqotlar o`tkazadi. Transgen o`simliklar, hayvonlar formalarini yaratish, ayrim xromosomalarni yoki uning foydali gen joylashgan bo`lagini ko`chirib o`tkazish orqali yangi formalar yaratish bilan shug`ullanadi.
Biotexnologiya genetik injeneriya metodi bilan olingan yangi genotipga ega bo`lgan organizmlar yordamida fiziologik faol moddalar, rekombinant oqsillar, dori sifatida ishlatiladigan moddalar olish metodlari va texnologiyalarni yaratadi, hamda amaliyotga tadbiq etadi.
Tabiiy fanlar tizimida genetikaning o`rni. Irsiyat va o`zgaruvchanlik organizmlarning ko`payishi bilan aloqador. Ko`payish, irsiyat va o`zgaruvchanlik asosida murakkab biokimyoviy, fiziologik jarayonlar yotadi. Bu bilan genetikani biokimyo va fiziologiyaga bog`liqligi izohlanadi. Organizmlarning individual rivojlanishi irsiy omil – genlar faoliyati bilan belgilanadi. Genlar ta’sirini ontogenezning umumiy qonuniyatlaridan ajratilgan holda tushuntirish mumkin emas. Bu esa genetikaning embriologiya bilan bog`liqligini ko`rsatadi. Hozirgi zamon biokimyo, fiziologiya, embriologiya va boshqa biologik fanlar genetika bilan o`zaro aloqada bo`lmay, o`z maqsadlariga erishadilar deyish noto`g`ridir. Chunki irsiy o`zgarishlar – mutatsiyalar organizmdagi barcha fiziologik, biokimyoviy jarayonlarni qamrab oladi. Genetika o`simliklar va hayvonlar sistemasiga o`z ta’sirini ko`rsatmoqda. Faqat irsiyatning moddiy asoslarini tadqiq qilish orqali o`simlik va hayvonlarning turli sistematik guruhlar orasida filogenetik yaqinlikni aniqlash mumkin. Genetikaning tibbiyot fani bilan aloqasi nihoyatda dolzarb sanaladi. Odamlarda olib borilgan genetik tadqiqotlar tufayli 5000 ga yaqin irsiy kasalliklar aniqlandi. Ular xromosomalar, genlarning o`zgarishi bilan aloqador ekanligi ma’lum bo`ldi. Tibbiy genetik bilimlar asosida irsiy kasalliklarga tashxis qo`yish, bu kasalliklarning oldini olish tadbirlari belgilanmoqda. Genetikaning ekologiya fani bilan bog`liqligi nihoyatda xilma-xil. Avvalo atrof muhitning ifloslanishi o`simliklar, hayvonlar, odamlar irsiyatiga zararli ta’sir etishi va shunday ta’sirlar natijasida paydo bo`ladigan irsiy kasalliklarning oldini olish uchun ekologik tadbirlar belgilanmoqda. Genetika evolyutsion ta’limot bilan ham uzviy aloqador. Ch.Darvinning ta’biricha o`zgaruvchanlik tufayli organizmdagi yangi belgi va sifatlar vujudga kelsa, irsiyat ularni bo`g`inlarda mustahkamlaydi, tabiiy tanlanish esa ma’lum sharoitga moslanishni vujudga keltiradi. Natijada foydali o`zgaruvchanlikka ega organizmlar yashab, zararli o`zgaruvchanlikka ega organizmlar esa yashash uchun kurashda nobud bo`ladilar. Genetikaning nazariy va amaliy ahamiyati. Genetikaning asosiy vazifalariga genning o`zgarishi, gen kelib chiqishi, genlarning ta’sir mexanizmlari, ularning nazoratidagi jarayonlar va butun organizmda murakkab belgi va xususiyatlarning boshqarilishini o`rganish kiradi. Hozirgi zamon genetikasining vazifasi nazariy muammolar bilan birga muhim amaliy vazifalarni hal etishdir. Genetika hayvonlar, o`simliklar, mikroorganizmlarning irsiyatini tushuntirish va ularni inson manfaatlariga mos ravishda o`zgartirish metodlari va yo`llarini ishlab chiqishga ma’suldir. Selektsiya yangi nav va zotlarni yaratish bilan shug`ullanishiga qaramay, u irsiyat va o`zgaruvchanlik qonuniyatlarini o`rganmasdan rivojlana olmaydi. Genetika irsiyat va o`zgaruvchanlik qonuniyatlarini o`rganib selektsiya’ning ilmiy jihatdan asoslangan metodlarini yaratish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda makkajo`xori va boshqa o`simliklarda duragay yetishtirish yo`lga qo`yilgan bo`lib, bu o`simliklar toza navlarga qaraganda hosildordir. Genetik qonuniyatlarga asoslanib respublikamiz olimlari g`o`zaning bir qancha tezpishar, hosildor, ko`sagi yirik navlarini yaratdilar va ishlab chiqarishga joriy etdilar. Gen injenerligi rivojlanishi bilan transgen o`simliklar va hayvonlar hosil qilindi. Genetikaning tibbiy muammolarni hal etishdagi o`rni ham ahamiyatlidir. Butun yer yuzidagi tug`ilgan bolalarning 4-5 foizida turli irsiy kasalliklar namoyon bo`ladi. Irsiy kasalliklarga masalan, asab (epilepsiya), endokrin (kreatinizm), qon (gemofiliya), moddalar almashinuvi bilan bog`liq boshqa qator kasalliklar kiradi. Odam va hayvonlar irsiy kasalliklari alohida genlarning va xromosomalarning o`zgarishi bilan aloqador. Xromosomaning yetishmasligi yoki ortiqchaligi, hamda genlar tuzilishi va funktsiyasini o`zgarishi turli nomaqbul hodisalarga olib kelishi mumkin. Irsiy kasalliklarning sababini bilish yoshlik davrda kasallik rivojlanishini oldini olish va davolash metodlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Antibiotiklar yaratilishi va mikroorganizmlar genetikasi paydo bo`lgandan so`ng genetika farmatsevtika sanoatida muhim o`rin tuta boshladi. Oxirgi - yillarda genetika oldida hayvonlar va insonlarni oziqlantirish uchun aminokislotalarni ishlab chiqarish muammosi turibdi. Bu muammoni aminokislotalarni yuqori darajada ishlab chiqaruvchi yangi organizmlarni hosil qilish yo`li bilan hal etish mumkin. OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi), saraton kasalligi juda xavfli kasallik bo`lib, mutaxasislarning fikricha bu kasalliklar hujayralarning irsiy apparati o`zgarganda yuzaga keladi. Bu kasalliklarga qarshi samarali kurash choralarini ishlab chiqish nihoyatda dolzarb sanaladi.

Yüklə 33,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə