Texnika falsafasi


Noklassik texnika fanlari: shakllanish bosqichi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə36/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Noklassik texnika fanlari: shakllanish bosqichi. Texnika fanlari shakllanish jarayoni noklassik bosqichining quyidagi umumiy jihatlarini ajratish mumkin. Bu, eng avvalo, nazariy tadqiqotlarning kompleksliligi. Texnika fanlari o‘z shakllanish jarayonining dastlabki bosqichlarida tegishli tabiiy fanlarning shartli ravishda tayanch deb nomlash mumkin bo‘lgan “amaliy” bo‘limlarini o‘zida ifodalar edi. Keyinchalik texnika fanlarida mustaqil nazariy bo‘limlar ham paydo bo‘ladi. Hozirgi texnika fanlarining aksariyatida bunday yagona tayanch nazariya mavjud emas, chunki ular ko‘p sonli fanlar (matematika, texnika fanlari, tabiiy va hatto gumanitar fanlar) ishtirokini talab etuvchi kompleks ilmiy-texnikaviy vazifalarni yechishga qarab mo‘ljal oladi. Shu bilan bir vaqtda yangi alohida metodlar hamda sintez qilinayotgan fanlarning har biri uchun o‘z nazariy tadqiqot vositalari ishlab chiqiladi. Bu metod va vositalar mazkur kompleks ilmiy-texnikaviy muammoni yechish uchun maxsus moslashtiriladi. Bunga misol tariqa-sida informatika muammolarini keltirish mumkin. Ularni o‘rganish va ishlab chiqishda muhandis va kibernetiklargina emas, balki lingvistlar, logiklar, psixolog, sotsiolog, iqtisodchi va faylasuf-lar ham ishtirok etadilar7.
Noklassik texnika fanlari turli ilmiy va nazariy qismlar-dan tarkib topadi, ishlab chiqilayotgan ob’ektlarning tizimli va blok-sxemali modellarini, tadqiqot, loyihalash yoki muhandislik ishlanmalarida foydalanilayotgan vosita va tillar tavsifini o‘z ichiga oladi. Kompleks texnika fanlari tadqiqot ob’ektlariga ko‘ra ham farq qiladi. Odatdagi muhandislikdagidan murakkabroq bo‘lgan texnik moslama va muhandislik qurilmalaridan tashqari, ular yana kamida uch xil ob’ektlarni: inson – mashina sistemalari (EHM, boshqaruv pultlari, yarim avtomatlar), murakkab texnosistemalar (masalan, shahardagi muhandislik inshootlari, samolyotlar va ularga xizmat ko‘rsatish texnik tizimlari – aerodromlar, yo‘llar, xizmat ko‘rsatuvchi texnika va h.k.), nihoyat, texnologiya yoki texnosfera kabi ob’ektlarni ham tavsiflaydi. So‘nggi zikr etilgan holda, bir tomondan, turli texnik tizim va inshootlarni yaratish qonuniyatlari, shuningdek, bunda ular kasb etadigan xossalar, boshqa tomondan esa – muayyan mintaqa, ijtimoiy tizim yoki madaniyatda amal qilayotgan texnik inshoot va tizimlar sohasining qonuniyat hamda xususiyatlari o‘rganiladi.
Noklassik texnika fanlari bilimlarining qo‘llanish sohasi ham sezilarli darajada o‘zgardi. Klassik tipdagi texnika fanlari-ning ilmiy bilimlari asosan muhandislik faoliyatining ixtiro qilish va konstruksiyalash kabi turlarida, shuningdek, an’anaviy muhandislik loyihalash faoliyatida qo‘llaniladigan bo‘lsa, kompleks ilmiy-texnika fanlarining bilimlari, odatda, muhandislik faoliyatining noan’anaviy turlari (masalan, sistemotexnika)da va noan’anaviy loyihalashda talab etiladi.
Noklassik texnika fanlarining mazkur xususiyatlarini avto-matik boshqarish nazariyasining shakllanishi misolida kuzatish mumkin. Ma’lumki, avtomatik boshqarish nazariyasi turli texnika fanlari (mexanizm va mashinalar nazariyasi, nazariy elektrotexnika va radiotexnika, texnik gidravlika va pnevmatika)ning birlashti-rilishi natijasida paydo bo‘lgan. Uning maqsadi alohida muhandis-lik ob’ekti – avtomatik boshqarish tizimlarini o‘rganishdan iborat. Avvaliga mazkur tizimlarning barcha rang-barang bo‘g‘inlari ekviva-lent elektrik sxemalar bilan bog‘langan, ularda asosiy hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Bu radiotexnikada rivojlantirilgan ba’zi metodlarni avtomatik boshqarish tizimlariga keng tatbiq etish imkonini bergan. Avtomatik boshqarish tizimlari (dinamik zanjirlar)ni tasniflash va strukturaviy tahlil qilish uchun mexanizmlar nazariyasida kinematik zanjirlarni o‘rganish uchun yaratilgan mexanizmlarni tasniflash va strukturaviy tahlil qilish metodlaridan foydalanilgan. So‘ngra avtomatik boshqarish vazifa-lari bilan matematiklar ham shug‘ullana boshlaganlar, bu chiziqli boshqarish nazariyasi jadal sur’atlarda rivojlanishiga imkon yarat-gan. Natijada har qanday turdagi avtomatik boshqarishni tahlil va sintez qilish yagona matematik metodlari ishlab chiqilgan8.
Bu alohida umumlashtirilgan (mexanizmlar nazariyasi, nazariy radiotexnika, gidravlika va hokazolarning xususiy nazariy sxema-lariga nisbatan) nazariy sxemalarning rivojlanishini rag‘batlan-tirdi. Mazkur sxemalarda avtomatik boshqarish tizimlarining ularda yuz beruvchi fizik jarayon turi (gidravlik, mexanik, elektrik, pnevmatik)dan qat’i nazar, yagona tavsifi keltiriladi.
Noklassik texnika fanlarining shakllanish jarayonida ham bir necha bosqichni ajratish mumkin.
Birinchi bosqichda ancha murakkab turdosh muhandislik ob’ekt-lari (tizimlari) sohasi vujudga keladi. Mazkur ob’ektlarni loyihalash, ishlab chiqish va hisob-kitob qilish klassik tipdagi texnik nazariyalardan bir nechtasi qo‘llanilishi (zarur holda rivojlantirilishi)ga olib keladi. Bunda vazifa loyihalanayotgan (o‘rganilayotgan) tizimning turli jarayonlari, jihatlari va ish rejimlarini tavsiflash hamda konstruktiv belgilashdangina emas, balki ayrim tasavvurlarning barchasini yagona serqirra model (imitatsiya)da jamlashdan ham iborat bo‘ladi. Ushbu maqsadga erishish uchun blok-sxemalar, sistema haqidagi tasavvurlar, turli jinsli murakkab tavsif va shu kabilardan foydalaniladi. Mazkur bosqichda tizimlar tahlili klassik tipdagi bir nechta texnik nazariya (fan)lar, sintez esa – yuqorida zikr etilgan blok-sxemalar, sistema haqidagi tasavvurlar, murakkab tavsiflar va qisman (ayrim jarayon-lar va kichik tizimlarga nisbatan) klassik tipdagi texnika fanlari asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqichda murakkab muhandislik ob’ektining turli kichik tizimi va jarayonlarida o‘xshash reja hamda jarayonlar (boshqarish, axborotni uzatish, muayyan turdagi tizimlar faoliya-ti) aniqlanadi. Bu, birinchidan, mazkur muhandislik ob’ektlariga xos bo‘lgan yangicha turdagi vazifalarni hal qilish (masalan, turli jinsli kichik tizimlarning ishonchliligi, ularni boshqarish va sintez qilish tamoyillarini aniqlash), ikkinchidan, bunday ob’ekt-larni tavsiflash va loyihalash uchun muayyan matematik apparat-lardan (matematik statistika, to‘plamlar nazariyasi, graflar nazariyasi va h.k.) foydalanish imkonini beradi. Masalan, axborot nazariyasi va kibernetikaning konseptual hamda matematik apparati-dan radiolokatsiyada foydalanish murakkab signalning nozik strukturasi tahliliga o‘tish uchun imkoniyat yaratdi. “Radiolokatsion axborot” tushunchasi axborot tashuvchisi (signal), ya’ni radiolokatsiya tizimida yuz beruvchi tabiiy jarayon tavsifi bilan bog‘liq. Bunda radioto‘lqinlar erkin tabiatli to‘lqinlarning turlaridan biri sifatidagina qaraladi. Radiolokatsiya tizimining faoliyatiga sistemotexnikada radiolokatsion axborotga ishlov berish algo-ritmi sifatida yondashiladi. Radiolokatsion signallarga ishlov berish algoritmlarining nazariy sinteziga o‘tish muayyan matematik amallarni bajaruvchi selsin va moslamalar yordamida ma’lumot-larga ishlov berish vositalarining rivojlanishi bilan rag‘batlanti-rildi. Natijada radiolokatsiya tizim va hisoblash moslamalari funksiyalarini bir-biridan ajratish hozirgi vaqtda ancha mushkul ish hisoblanadi.
Mazkur bosqichga noklassik texnik nazariyalarning yaratilishi xos. Bu nazariyalar murakkab muhandislik ob’ektlarini loyihalash va ishlab chiqish jarayonida klassik tipdagi texnika fanlari asosida yaratilgan model va tavsiflarni birlashtirish bilan bir vaqtda yangi matematikalardan ham foydalanish imkonini beradi. Shunday qilib, noklassik texnik nazariyalar ikkinchi darajali texnik nazariyalar hisoblanadi. Ularni yaratish klassik tipdagi texnika fanlaridan foydalanishni, shuningdek, ular asosida tizimli, kiber-netik, informatsion va boshqa shunga o‘xshash tasavvurlarni sintez qilishni nazarda tutadi.
Uchinchi bosqichda noklassik tipdagi texnika fanlarida ideal muhandislik qurilmalari (tizimlari) nazariyalari yaratiladi. Masa-lan, nazariy radiolokatsiyada XX asrning 50-yillaridan keyin radio-lokatsiya tizimlari nazariy sxemalarini tahlil va sintez qilish taomillari ishlab chiqiladi. Turli xil radiolokatsion qurilmalar ishining sifatini tahlil qilish vazifasi ularga shovqin va halaqitlar bilan aralash signal ta’sir ko‘rsatganida mazkur quril-malar faoliyati murakkab jarayonlarini o‘rganishdan iborat bo‘ladi. Radiolokatsiyada qo‘llanilayotgan metodlar o‘z vazifasi, parametrlari va konstruksiyasiga ko‘ra farq qiluvchi (bort, dengiz, yer usti, aniqlash, kuzatish va sh.k.) radiolokatsiya tizimlari-ni yagona nuqtai nazardan taqqoslashni amalga oshirish imkonini beradi. Ushbu maqsadga erishish uchun bir jinsli ideal radiolokatsiya ob’ekti – “ideal radiolokatsiya tizimi” quriladi va unga nisbatan radio-lokatsiya uzoqligining asosiy tenglamasi, shuningdek, uning ish ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi tenglamalar ta’riflanadi.
Klassik texnika fanlarining shakllanish jarayoni ham, noklas-sik texnika fanlarining shakllanish jarayoni ham ideal muhandis-lik qurilmalari nazariyasining yaratilishi bilan yakunlanadi. Bu nazariyalar texnika fanlarini tabiiy fanlarga qarama-qarshi qo‘yadi, chunki ideal muhandislik qurilmalarining hayoti va faoliyati birinchi tabiat qonunlari bilangina emas, balki muhandislik ob’ektlarining paydo bo‘lishi va yashashini belgilovchi ikkinchi tabiat qonunlari bilan ham belgilanadi. Boshqacha qilib aytganda, texnika fanlari, eng avvalo, texnologiyaning rivojlanish darajasi bilan belgilanadigan qonunlarni tavsiflaydi.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə