I bob. Muzey turizmi mohiyati


Germaniyada muzey pedagogikasining shakllanishi



Yüklə 42,05 Kb.
səhifə7/9
tarix29.05.2023
ölçüsü42,05 Kb.
#113830
1   2   3   4   5   6   7   8   9
MUZEY TURIZMI

Germaniyada muzey pedagogikasining shakllanishi. Germaniyada muzey ta’lim faoliyati rivojlanishida nafaqat nemis, balki Evropa muzey pedagogikasining kashfiyotchisi A.Lixtvark alohida oʻrin tutadi. U muzey ham maktab kabi bilim maskani ekanligiga ishonch hosil qilib, oʻzining amaliy faoliyati orqali san’at sohasidagi ta’lim-tarbiya ishlarining keng tarqalishiga katta hissa qoʻshdi.
Gamburgdagi Kunsthall sanʼat muzeyi direktori sifatida “San’at hayot uchun” shiorini oʻzida mujassam etgan A.Lixtvark oʻzining koʻp qirrali faoliyati bilan muzeyni tartibsizlikdan xalos etishga intildi. Uning muvaffaqiyatli harakatlari orasida:

    • professional rassomlar rahbarligida havaskor rassomlik va chizmachilik kurslarini tashkil etish;

    • san’at, fotografiya, uy bezagi va boshqalar muammolarini oʻz ichiga olgan yillik jurnalni nashr etish bilan "Gamburg san’at doʻstlari jamiyati" ni tashkil etish;

    • bolalar ijodiyoti koʻrgazmalarini tashkil etish;

    • havaskor fotografiya rivojiga koʻmaklashish va noyob fotosuratlar toʻplamini shakllantirish jamiyatini tashkil etish;

    • oʻquv qurollari toʻplamini yaratish (oʻyinchoq bosma mashinasi va boshqalar);

    • zamonaviy rangtasvirni, shu jumladan, gamburglik rassomlari faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish;

    • Gamburg rassomlari klubini tashkil etishda yordam berish;

A.Lixtvark oʻz uslubining oʻziga xos xususiyatlarini tushuntirib, shunday yozgan edi: “Biz butun davrni bir nigoh bilan qamrab olishga, uning birgina asarda qanday aks etganligini, qanday taassurot qoldirganini koʻrsatishga intilamiz”. "Muzey dialoglari" tushunchasini birinchi marta fanga kiritgan Lixtvark muzey pedagogik metodologiyasining asoschisi boʻlib, uning maqsadini rassomning gʻoyasini tushunish orqali badiiy asarni ijodiy idrok etish qobiliyatini rivojlantirishda koʻrgan.
XX asr boshlariga kelib Myunxendagi nemis tabiatshunoslik va texnologiya durdonalari muzeyi asoschilaridan biri G.Kershenshtayner "Ta’lim nazariyasi" (1926) kitobini yozdi. Unda nemis muzeylari faoliyatini pedagogik asosda tashkil etish zarurligini asoslab berdi va bu maqsadga erishish yoʻllarini belgilab berdi. G.Kershenshtaynerning pedagogik faoliyati konsepsiyasining asosi quyidagicha fikrdir: “Bolalarni bilim orqali tarbiyalab, oʻqitmoqchi boʻlgan muzeyni tashkil etish oʻquv-qurilishdan boshqa narsa emas, faqat bu yerda qurilish obyektlarning soyalari bilan emas, balki obyektlarning oʻzi bilan maktablardagidek ishlaydi”6.
G.Kershenshtayner muzey oʻquv faoliyatining asosiy tamoyillarini quyidagi tarzda shakllantirilgan:

    1. Muzey-pedagogik jarayonining metodologiyasi ta’lim mazmunining mantigʻiga, ta’lim obyektining psixologik holatiga va ta’lim jarayonining maqsadlariga qarab belgilanishi kerak;

    2. Muzeyning pedagogik jarayoni maktab oʻquv dasturi tamoyiliga muvofiq tuzilishi kerak, farqi shundaki, u "narsalarning tavsifi bilan emas, balki narsalarning oʻzi bilan ishlaydi";

    3. Muzey tomoshabinlarga barcha mavjud "pedagogik va yordamchi vositalar" (matnli tushuntirishlar, filmlar, maketlar va boshqalar) yordamida texnologik yoki ijodiy jarayonlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishga imkon yaratishi kerak.

Germaniyada 1920-1930-yillarda muzey va maktabning oʻzaro hamkorligi muammolari hal qilindi. Ularning yechimi Berlindagi Ta’lim va tarbiya markaziy institutining iste’dodli oʻqituvchilari L.Pallat, D.Rixter va G.Froydentallar tomonidan koʻrib chiqilgan. Ular muzeylarda pedagogik boʻlimlarni tashkil etish va ularning tarkibiga muzey oʻqituvchilari lavozimlarini joriy etishga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Shu bilan birga, Maynsda G.Klenkning "Muzey va maktab" nomli uslubiy qoʻllanmasi (1927) chop etildi, oʻquv dasturida ushbu shahardagi Rim-Germaniya muzeyining tavsifi, uning toʻplamlarini tarixni oʻqitishda foydalanish metodologiya tavsifi berilgan.
Ushbu muammoni hal qilishda G.Froydentalning "Muzey-xalq ta’limi-maktab" (1931) kitobi muhim rol oʻynadi. Unda muallif dastlab muzey va maktab oʻrtasidagi farqning mohiyatini va ularning imkoniyatlari chegaralarini aniqlab olish kerakligini va shundan keyingina birgalikdagi ishlarni rejalashtirish zarurligini ta’kidlagan. Ushbu kitobda Gamburgdagi oltita muzey namunasidan foydalanib, ularning koʻrgazmalarini maktab dasturlari bilan muvofiqlashtirish, oʻqituvchilarga muzeyni maktab sinfinining davomi sifatidagi faoliyatiga imkoniyat yaratdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, nemis olimi R.Froydental ilk bor muzeylarda maktab tizimidagi mashgʻulotlarni oʻtkazish metodikasini yaratib, muzey muhitida ta’lim jarayonini tashkil etish uchun pedagog mutaxassis zarurligini ta’kidlab, unga «muzey pedagogi» nomini berishni tavsiya qildi. Shuningdek, R.Froydental muzeyda darslarni oʻtkazish uchun bugungi kunga tegishli boʻlgan bir qator talablarni bayon qildi:

    • muzeyga har bir tashrif mashgʻulot sifatida oʻtkazilishi, unda aniq (oʻquv, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi) maqsad qoʻyilgan boʻlishi kerak;

    • oʻqituvchi va bolalar muzeyga tashrif buyurish shunchaki ekskursiya emas, balki jiddiy ish ekanligini va shuning uchun unga tayyorgarlik koʻrish kerakligini bilishlari lozim;

    • bolalar charchamagan va idrok qilishga tayyor boʻlgan holda muzeyga tashrif buyurishi maqsadga muvofiq;

    • “nafaqat bolaning ongi, balki kattalar uchun ham ogʻir boʻlgan” umumiy ekskursiyadan voz kechib, diqqatga sazovor joylarni tanlab olish muhim;

    • ekskursiyani oʻtkazish uchun eksponatlarni mavzuga oid hamda bolaning yosh hususiyatlari va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tanlash lozim;

    • muzeyga tashrifning natijasida bolalar mustaqil ijodiy ish yaratishlari muhim (rasm chizish, koʻrgan narsasi asosida esse yozish, modellar yaratish va h.k.)7.

A.Lichtvark tajribasini rivojlantirib, G.Froydental muzey oʻquv faoliyati tarixida birinchi marta, muzeyda maktab darslarini tashkil etish boʻyicha pedagogik metodikani shakllantirdi, bu esa ularni tayyorlash, oʻtkazish va mustahkamlash bosqichlarini ta’minladi. Muzey oʻqituvchisini muzeyda oʻquvchilarni oʻqitish jarayonini tashkil qila oladigan mutaxassis boʻlishini hisobga olib, G.Froydental yosh bolalarni tarixiy, tabiatshunoslik va san’at muzeylari bilan tanishtirishni, katta yoshdagilar uchun esa texnik va maxsus muzeylarni tavsiya qildi.
1939-1944-yillarda Berlindagi Etnografiya muzeyida "Maktab va muzey" boʻlimi boshligʻi A.Reyxveyn “muzey pedagogikasi” atamasini birinchilardan boʻlib qoʻllagan. A.Reyxveyn muzeydagi pedagogik faoliyatning muvaffaqiyatini quyidagi shartlar bilan bogʻladi:

    • Muzey ekspozisiyasi maktabning oʻquv maqsadlarini hisobga olgan holda tashkil etilishi lozim.

    • Koʻrgazmaga oʻqituvchi bilan sinf tashrifi muzey tomonidan tasdiqlanishi kerak.

    • Muzey maydonida oʻqituvchi sinf oʻquvchilari bilan yaxshi ijodiy aloqada boʻlishi lozim.

    • Muzey ilmiy xodimlari oʻqituvchilar tayyorlash bilan shugʻullanishlari lozim.

    • Muzey ta’lim muassasasi sifatida turli sohalardagi oʻqituvchilar uchun ochiq va mavjud boʻlishi kerak

Germaniya muzey pedagogikasining rivojlanishi 1930-yillarda madaniyat va ta’limga fashistik mafkura va ikkinchi jahon urushi oqibatida toʻxtab qoldi. Shunga qaramay, Germaniyaning muzey va pedagogik faoliyatni rivojlantirishga qoʻshgan hissasini qayd etamiz, ular quyidagilardan iborat:

    • ekskursiya muzey pedagogik jarayonining asosiy shakli sifatida oʻzini namoyon qildi;

    • "muzey dialoglari" tushunchasi birinchi marta joriy etildi (A.Lichtvark);

    • Germaniya Yevropada birinchi muzeyga oid jurnalni chiqara boshladi. Jurnal “Muzeum-skunde” (“Muzey ishi”) deb nomlanib, uning sahifalarida muzeyning ta’lim faoliyati yoritilgan;

    • muzeyning oʻquv faoliyati ilmiy tadqiqot obyektiga aylandi (G.Kershenshtayner va G.Froydental);

    • "muzey pedagogikasi" atamasi ilk bor ilmiy foydalanishga kiritildi (1934, A.Reyxveyn).


Yüklə 42,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə