I. Kirish II. Asosiy qism



Yüklə 85,68 Mb.
səhifə2/3
tarix17.12.2023
ölçüsü85,68 Mb.
#150294
1   2   3
Amaliyotning mazmuni
U yoki bu holatda talaba dalaga chiqish oldidan “Arxеologiya kabinеt-muzеyi” va O'zbеkiston tarixi davlat muzеyi saqlanayotgan eksponatlar sifatida foydalanayotgan moddiy manbalarning qadimgi va o'rta asrlar davri tarixi va madaniyati bo'yicha amaliy bilim doirasini kеngaytirish maqsadida tanishishi, uning davomida soha muzеylaridan biridagi o'rganilayotgan hududga tеgishli arxеologik matеriallarni qiyosiy tahlil qilishda foydalanib borishi tavsiya etiladi, yakunida esa malakaviy amaliyot davomida o'rganilgan ashyoviy manbalarni “kamеra” sharoitida qayta ishlov bеrish ko'nikmalarini egallashlari talab etiladi.
Talabalarga amaliyotga chiqish oldidan uni o'tkazish davomida rioya qilinadigan qoidalar, dala va qazish ishlari sharoiti tеxnika xavfsizligi hamda sanitariya–gigiеna qoidalari bilan tanishtiriladi.
Amaliyot davomida esa amaliyot o'tkaziladigan yodgorlikning umumiy holati, o'rganilish tarixi, undan o'rin olgan madaniyat yoki madaniyatlarning davri va sanalari, ularning mazkur voha tarixi va madaniyatida tutgan o'rni hamda ahamiyati bo'yicha umumiy ma'lumotlar bеriladi.
Kundalik amaliyotda talabalar qazishma ishlarida bеvosita ishtirok etishib, qazish usullarini amaliy jihatdan kuzatib boradilar. Qazilma joyini tanlash, tomonlarini o'lchash, qazish ishlarida anjomlardan foydalanish va boshqalar to'g'risida nazariy bilimlarini mustahkamlaydilar. Qazishma jarayonida aniqlangan qurilish inshootlari, topiladigan barcha turdagi moddiy topilmalar (sapol bo'laklari, tosh, suyak, mеtall va boshqalardan yasalgan buyumlar) to'g'risida ma'lumotlar bеrib boriladi. Madaniy qatlam (stratigrafiya) va ularning shakllanishi tushuntiriladi. Talabalar olib borilgan kundalik amaliy ishlarni kundalik daftarlar qayd etib boriladi. Amaliyot soati tugagan vaqtlarda esa to'plagan amaliy bilimlarini ilmiy adabiyotlar asosida nazariy tahlil qilib, boyitib borishlari talab qilinadi.

O’zbekiston tarixi davlat muzeyi


Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi -O’zbekiston Fanlar Akademiyasining yirik ilmiy tekshirish va madaniy-maʼrifiy muassasalaridan biri. 1876-yilda Toshkent muzeyi nomida tashkil etilgan. 1883-yil Turkiston ommaviy kutubxonasi bilan birlashtirildi. Etnografiya, arxeologiya, numizmatika, harbiy tarix boʻlimlari boʻlgan (1903). 1918-yil Turkiston oʻlka xalq muzeyiga, 1922-yildan Turkiston Bosh muzeyiga, 1925-O’rta Osiyo Bosh muzeyiga aylantirildi. 1943-yildan Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb nomlangan. 1969—92-yillar Oybek nomidagi Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb atalgan. 1992-yil 21-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 203-sonli qaroriga muvofiq, bir necha muzeylarni birlashtirish asosida hozirgi nomi bilan qayta tashkil etildi.
Muzey Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyo xalqlarining moddiy va maʼnaviy obidalarini saqlash va oʻrganish boʻiicha mamlakatda yirik ilmiy tekshirish markazi hisoblanadi. Hozirgi kunda uning zaxirasida 250 mingga yaqin tarixiy, sanʼat va madaniyat yodgorliklaridan iborat osori atiqalar saqlanadi. Buning 60 mingdan ortigʻini arxeologiya, 80 mingdan ziyodi numizmatika va 16 mingdan ortigʻini etn. yodgorliklari tashkil etadi. Unda mahalliy oʻlkashunoslar, oʻtmish bilan qiziquvchi havaskorlardan toʻplangan oʻlka tarixiga oid numizmatika, arxeologiya, uyroʻzgʻor buyumlari va fotosuratlardan iborat kolleksiyalar ham mavjud.
Arxeologiya fondida arxeologik yodgorliklardan topilgan ashyolar, devoriy tasvirlar, uyroʻzgʻor buyumlari, mehnat qurollari, qadimiy yozuvlar tasvirlangan ashyolar va boshqalar buyumlar saqlanadi.
Numizmatika fondida esa eng qadimiy davrlardan to shu kungacha zarb etilgan oltin, kumush, mis tangalar, pullar, oltin va kumush medallar va podsho sulolalarining muhrlari jamlangan.
Muzeydagi etnografiya fondi esa nihoyatda qimmatli buyumlardan iborat boʻlib, xalqimizning uyanjomlari, kiyimkechaklari, zargarlik buyumlari, xalq hunarmandchiligining hamma sohasiga oid ish qurollari va mahsulotlaridan namunalar — har bir etn. hududning oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shulardan 10 mingdan ortigʻi oʻzbek xalqining ijtimoiy hayotiga oid boʻlsa, 6 mingi Oʻzbekiston hududida yashovchi boshqa millatlarga taalluqlidir.
Muzeyning yangi ekspozitsiyasi Oʻzbekistonni jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini, shu bilan birga Oʻzbekiston hududidagi tarixiymadaniy jarayonlarning eng qadimiy davrlardan boshlab hozirga qadar boʻlgan taraqqiyotini oʻzida aks ettirgan.
YunonBaqtriya, Kushon, Koʻhna Xorazm, Naxshab, Buxoro va Chochda zarb qilingan tangalar alohida diqqatga sazovor. Bu tangalarda mahalliy hukmdorlarning qiyofasi, boshqalarida esa qabila belgilari yoki tamgʻalari zarb qilingan. Muzey ekspozitsiyasida Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilgan, somoniylar, qoraxoniylar, temuriylar, Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklariga mansub tangalar namoyish etilgan.

Muzey arxiv va kutubxonaga ega. Muzey faoliyati davomida olimlar tomonidan ilmiy asarlar, ilmiy va ommabop kitoblar, albom, buklet va turli koʻrsatkichlar hamda maktab oʻquvchilari va talabalar tarbiyasi uchun ilmiymetodik qoʻllanmalar nashr etib kelmoqda. Ular orasida keyingi yillarda nashr etilgan "Temuriylar sulolasining tangalari" (1996); "Katalog metallicheskix i keramicheskix izdeliy Uzbekistana XSHX1X vv" (2000); "Oʻzbek milliy kiyimlari" (2002); "Fargʻona vodiysidagi milliy ozodlik kurashlari" (2003); "Toshkentning yangi shahar qismi tarixi" (2004) kabi nashrlar bor.
Muzeyda 4 ta fan d-ri va 4 ta fan nomzodi ishlaydi. 2003-yil aprelda muzey qoshida ilmiymetodik kengash tashkil qilingan.Muzey 1964-yildan 1887-yil qurilgan sobiq Turkiston davlat palatasi binosida faoliyat yurgizgan. 1992-yil aprel dan sobiq Lenin muzeyi binosiga koʻchib oʻtdi. Mazkur bino 1970, meʼmori Ye.Rozanov, V.Shestopalov va boshqalar) shahrining markazida Sharof Rashidov shohkoʻchasida joylashgan. Bino murabba tarhli, 20 ta zal (umumiy ekspozitsiya maydoni 3,2 ming kv.m), maʼruzalar (500 kv.m) hamda konferensiya (170 kv.m) zallari, ustaxonalar, fond, ish xonalaridan iborat. Anʼanaviy panjara uslubida ishlangan quyosh nuridan saqlovchi toʻsiqlar oddiy geometrik shakldagi binoga jozibadorlik baxsh etgan; keng yoʻlka (pandus) bino oldi maydoniga olib borib, 2qavat vestibyuli bilan bogʻlanadi. Bino 1999—2003 yillarda qayta taʼmirlandi (meʼmor R.Iskandarov va boshqalar), ichki tuzilishi oʻzgartirildi, yangi dizaynda zamonaviy texnika bilan jihozlandi. Ustaxonalar, fond hamda xodimlarning ish xonalari 1qavatda joylashgan. Bino interyeri milliy anʼanalarda (ganchkorlik — M.Usmonov va boshqalar; yogʻoch oʻymakorligi — K,.Haydarov va boshqalar) ziynatlangan, taʼmirlash davrida mahobatli devoriy rasmlar (rassom A. Ikromjonov, A.Aliqulov) bilan bezatilgan.

Mingo’rik yodgorligi
MINGOʼRIK – arxeologik yodgorlik, qadimiy shahar xarobasi qoldigʼi (1–13-asrlar). Mahalliy aholi oʼrtasida u Аfrosiyob tepasi nomi bilan ham mashhur boʼlgan. Toʼrtburchak arkka yondoshgan minora-qasr va shahristonning tepalikka aylangan hududidan iborat. 19-asrga oid shahar xaritasida maydoni 30–35 ga ekanligi koʼrsatilgan. Toshkent temir yoʼl vokzali yaqinida, Salor kanali sohilida joylashgan; shahar xarobasi oʼrnida 19-asrda katta oʼrikzor boʼlganligi uchun shunday atalgan. Hozir shahar qurilishi munosabati bilan Mingoʼrik hududining oldingi relьefi va yodgorlikning madaniy qatlami buzilib ketishi natijasida Mingoʼrikning bir qismigina saqlangan. Birinchi marta 1896 yil (E.T. Smirnov, N.S.Likoshin tomonidan), keyin 1912 yil (А.I.Dobrosmislov, Turkiston arxeologiya havaskorlari toʼgaragi aʼzolari tomonidan) qayd qilingan. 20-yillarda M.E.Masson, 40–50-yillarda T.Mirgʼiyosov, V.I.Sprishevskiy, Yu.F.Buryakov arxeologiya kuzatish ishlari olib borgan. Birinchi qazish ishlari Oʼzbekiston FА Tarix va arxeologiya instituti (Yu.F. Buryakov, D.G.Zilьper, O.V. Obelьchenko) tomonidan oʼtkazilgan, 1968 yildan Toshkent arxeologiya eks¬peditsiyasi mazkur arxeologik yodgorlikni oʼrganishni boshlagan. Uning ishlari 2008 yildan davom ettirilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish toʼgʼrisida»gi qaroriga (2008 yil 2 aprel) muvofiq, Mingoʼrik shahar xarobasi qoldiqlari konservatsiya qilindi (2008).Mingoʼrikda olib borilgan ilmiy tekshirishlar natijasida shahriston (15 gektar) va ark (0,5 gektar) maydonlari, shahar hayotining 3 asosiy bosqichi aniqlangan.1-bosqichda oʼziga xos xochsimon tarhli, uchta ichki gumbazli xonalari boʼlgan mahobatli meʼmoriy-qurilish majmui bunyod etilgan. Bino devor bilan oʼralgan. Oʼz davrida bino bir necha marotaba taʼmirlangan, yarim aylana burj va moʼlalari oʼsib borgan, shu bilan birga asrlar mobaynida binoning asosiy vazifasi saqlanib qolgan. Bu majmua tepasidagi otashgohda oʼt yoqish va undan hosil boʼlgan muqaddas kullarni muntazam ravishda toʼplab, yigʼib borish bilan bogʼliq boʼlgan. Qurilish qoldiqlari va funktsional belgilar tahliliga koʼra, bino milodning dastlabki asrlarida oʼt va quyoshga topingan mahalliy aholi tomonidan qurilgan. Tadqiqot natijalari Toshkent vohasi qadimda Qangʼ davlatining milodning boshlaridagi diniy markazlaridan biri boʼlgan, deb hisoblash imkonini berdi. Uning atrofida, kelajakdagi ilk shahar markazi shakllangan. 2-bosqichda (5–6-asrlar) shahar tez surʼatda rivojlanib, aholi soni oshib borishi natijasida mustahkam ark va shahristonga ega yirik shahar markaziga aylangan. 7-asr boshida shahar Chochning poytaxti boʼlgan. Аrab manbalarida tilga olingan «Madinat ash-Shosh» shu yodgorlikning aynan oʼzi deb hisoblanadi. 3-bosqichda shahar eng yuksalgan davrda boʼlgan. Barcha meʼmoriy qurilish uslublari majmuasi, ichki bezaklarda hashamatli devoriy tasvir va naqshlardan foydalanish, uy-roʼzgʼor asbob-uskunalari, idishlar Mingoʼrikning umumsoʼgʼd madaniyati asosida Soʼgʼd, Fargʼona va Oʼrta Osiyoning boshqa joylari bilan mustahkam aloqada rivojlanganligidan dalolat beradi. Shu bilan birga shahar turmush tarzida koʼchmanchi qabilalarning taʼsiri katta boʼlgan. Shahar qurilishi kengayib borgan sari eski qalʼa devorlari torlik qilib, uning xarobalari ustiga shahriston uylariga nisbatan salobatli qasr majmuasi – Choch hukmdorlarining saroyi qurilgan. Saroyda supa va naqshinkor ustunli hashamatli xonalar va ibodatxonalardan tashqari qoʼshimcha xonalar (xoʼjalik ehtiyojlari uchun) ham boʼlgan. Bu davrda Choch oʼlkasi Turk xoqonligiga tobe boʼlgan. Sanʼat va madaniyat rivojlangan. Manbalarda qayd etilishicha, musiqa va raqs sanʼati, ayniqsa, yuksak pogʼonaga chiqqan. 8-asr boshlarida Choch poytaxti xarobaga aylangan. 10-asrda Mingoʼrikning bir qismidagina hayot tiklangan va 13-asrgacha davom etgan. Markaz yangi shahar – Binkatga koʼchirilgan.
Arxeologik tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, Mingo‘rik shahar xarobasining ostki qatlamidan ochilgan obidalar milodning birinchi asrlariga taalluqli bo‘lib, undagi dastlabki binolar hozirgi kundan rosa 19-20 asr burun qad ko‘targan.Aftidan, milodning III-IV asr­larida Mingo‘rikdagi qadimgi qo‘rg‘on birmuncha kengayib, uning tash­qi mudofaa devori ta'mir etilgan. Bu davrda loyiga somon qo‘shilgan yirik xom g‘isht va paxsadan yangi binolar qurilgan. Ochilgan xonalardan topilgan, chala yongan yog‘ochlarga qaraganda, xonalarning tomi to‘sin va ustunli bo‘lib, sahni(poli) somonli loy bilan suvalgan. Mingo‘rikda ilk o‘rta asrlarga oid qasr binosining bir qismi yaxshi saqlangan. Bu yerdan bir necha xona ochib, tekshirildi: xom g‘isht va paxsadan bino qilingan devorlar balandligi 2 metrgacha saqlanib qolgan. Xonalarda eni bir metr, baland­ligi 0,5 metr va usti somonli loy bilan suvalgan supalar bo‘lib, ulardan birining supasi va sahni(poli)ga 25ta xum qator terib qo‘yilgan. Xumlarning birida kuyib ko‘mirga aylangan mosh donlari saqlangan. Hatto kavlab ochilgan xonalardan birining devorlarida oq bo‘yoq bilan hoshiya tortilib, ustiga qizil rang bilan islimiy naqsh berilgan devoriy rasmlarning qoldiqlari qayd etilgan. Bu devoriy rasm­lar VI-VII asrlarga mansub bo‘lib, yaxshi saqlanmaganligi sababli uning manzarasini aniqlab bo‘lmadi.Xullas, Mingo‘rik tepasidan saqlanib qolingan qism uning qadimgi arkining qoldiqlari bo‘lib, maydoni 0,5 gektarga teng bo‘lgan. Ark nishon tuynuklar o‘rnatilgan va ravoqsimon qilib yopilgan aylanma galereya va qo‘shqator mudofaa devori bilan o‘ralgan. Devor tashqarisida unga yondoshtirilib qurilgan chorburchakli burj, boru va mo‘lalar bo‘lib, ularning orasi 12 metrga teng edi.Tarixiy manbalardan ma'lum bo‘lishicha, milodning III asrida Qang‘ davlati bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan bog‘langan bir necha mayda mustaqil viloyatlarga bo‘linib ketadi. Shu vaqtlarda Toshkent vohasida mustaqil Choch davlati tashkil topadi. Mingo‘rikdagi qadimgi maskan uning markaziy shaharlaridan biriga aylanadi. III asrga oid yozma manbalarda ko‘rsatilishicha, shahar tevaragining umumiy o‘lchami bu davr­da 4 kilometrga yetgan. Mingo‘rikdagi shaharning mudofaa devorlari shahar aslzodalarining devoriy rasm­lar bilan naqshlangan saroylariyu savdogarlarning hashamatli uylari hamda hunarmandchilik mahallalari, korxonalari joylashgan shahristonni to‘rt tomondan o‘rab turgan. Manbalarda shahar xuddi shu asrlardan boshlab «Choch» nomi bilan tilga olina boshlaydi. Afsuski, O‘rta Osiyoning boshqa vohalari qatorida Choch viloyatida ham hamma vaqt osoyishtalik bo‘lmagan. Tashqi hujumlar, bos­qinchilarning yurishlari Choch aholisini doimo bezovta qilib turgan. Sharq solnomachilarining ta'riflashlaricha, Chochning erksevar va jangovar aholisi bunday to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida ilk o‘rta asrlardayoq butun Choch viloyatini dasht tarafdan mustahkam bo‘lgan devor (bir necha yuz kilometr cho‘zilgan) bilan o‘rab olgan. Bu devorning qoldiqlari ayrim joylarda bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. U xalq orasida "Kampir devor", ya'ni "Girdi xandaqli devor" nomi bilan mashhurdir.
VIII asr boshlarida yurtimizning Arab xalifaligi qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi oqibatida boshlangan talon-torojlik davrida Choch o‘lkasi va tevarak-atrofidagi shahar-qishloqlar o‘t ichida qoladi. Bu voqealardan keyin Mingo‘rikdagi vayron bo‘lgan qadimgi Choch shahri necha o‘n yillar davomida bo‘shab, o‘zini o‘nglab ololmaydi. Bu yerda shahar keyinchalik ham tiklanmaydi.





Yüklə 85,68 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə