Jahon adabiyoti



Yüklə 0,76 Mb.
səhifə89/110
tarix29.12.2022
ölçüsü0,76 Mb.
#98024
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   110
Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich jahon adabiyoti

Eron adabiyoti. Fors zamini insoniyat sivilizatsiyasining beshiklaridan biri sanaladi. Fransuz sharqshunosi Rene Grossi “Eronning bashariyatdan buyuk haqqi bor” deganida ham ayni shu tarixiy haqiqatni ko‘zda tutgan bo‘lsa, ajab emas.
XX asr boshlaridagi jadal o‘zgarishlar, Ovruponing turli falsafiy va adabiy maktablari bilan tanishuv, kishilar ongu tafakkuridagi evrilishlar ta'sirida Eronda yangi davr adabiyoti shakllandi. Eronda 1906 yil avgust oyida konstitutsiyaviy tuzum (mashrutiyat) o‘rnatilgandan boshlab hozirgacha bo‘lgan davrni zamonaviy Eroy adabiyoti deb atash mumkin. Matbaachilikning vujudga kelishi, jurnalistikaning ravnaq topishi va yangi usuldagi maktablarning ta'sis etilishi esa zamonaviy adabiyot taraqqiyotiga doyalik qildi.
Zamonaviy prozaning mavzu va mazmun doirasi kengaydi. Nasriy asarlarda real voqyelik, xalqning orzu-armonlari, dardu iztiroblari va yangi g‘oyalar ko‘proq aks eta boshladi. Adabiy til soddalashib, chigal mavhumlik va mubhamlikdan xalos bo‘ldi, badiiy asarlarga jonli xalq tili ohanglari kirib keldi. Zayn ul-Obidiyn Marog‘aiy, Ali Akbar Dehxudo, Sayyid Muhammad Ali Jamolzoda kabi adiblar zamonaviy nasr “veteran”lari sanaladi.
She'riyatda ham tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. “She're no‘” (yangi she'r), “she're sepid” (oq she'r), “mo‘je no‘” (yangi mavj) kabi yangi maktablar shakllandi. Qalam ahli mumtoz va zamonaviy janrlarda birdek ijod qila boshladi. Bugun ham ayrim shoirlar Firdavsiy, Farruxiy va Unsuriy ijodidan mahorat maktabi o‘laroq foydalansa, boshqalari Sa'diy, Jaloliddin Mavlaviy (Rumiy) va Hofizning etagidan tutgan, yana bir guruh ijodkorlar esa Soyib Tabriziyga xos nuktadonlik va go‘zal tashbehlarni afzal biladi.
Bugun madhiya, qasida, ruboiy, g‘azal singari ko‘hna janrlar yangi ohang va ranglar ila boyigan. Masalan, yangi davr ruboiylarida “dunyoi dun bebaqo, dardni unutmoq uchun sharobdan no‘sh ayla” qabilidagi pessimistik chaqiriqlar o‘rnini “bu yorug‘ olamga kelmoqning o‘zi ulug‘ ne'mat, shunday ekan, inson Parvardigor in'om etgan har lahzadan unumli foydalanishi lozim” singari umidbaxsh da'vatlar egalladi. Qur'oni karim va diniy hikmatlar she'riyat mazmunini yanada boyitdi.
Shahriyor, Mehrdod Avesto, Mo‘saviy Garmorudiy, Hamid Sabzavoriy (bu shoirlar ham inqilobdan oldingi, ham keyingi davrga mansub), shuningdek, Ali Muallim, Nasrulloh Mardoniy, Salmon Hirotiy, Qaysar Aminpur, Hasan Husayniy, Sepide Koshoniylarning ijodi xalqqa maqbul va manzur bo‘ldi.
Umuman, adabiyot ahli qalamga olayotgan asosiy mavzular istibdod davri adolatsizliklari, qullik va qaramlikni qoralash, “muqaddas vatan mudofaasi” deb atalgan sakkiz yillik urush davridagi xalq qahramonliklari hamda umumbashariy fazilatlarni ulug‘lash, yovuzlikka qarshi kurash va ezgulikka da'vatdan iboratdir.
Islom inqilobidan keyingi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar davrida o‘zlikni anglash, bebaho tarixiy merosni o‘rganish ishtiyoqi oshdi, ta'bir joiz bo‘lsa, ma'naviyatimizning asl buloqlari qayta ko‘z ochdi. Adabiyot ahliga munosabat butkul o‘zgardi. Har yili mushoira o‘tkazilayotgani buning tasdig‘idir.
Turkiylar azaldan fors adabiyotiga oshno bo‘lib kelgan, ikki xalq o‘rtasida til bilan bog‘liq to‘siqning o‘zi yo‘q edi. Keyingi davrlarda fors tilidagi asarlarni o‘zbekchaga o‘girish ehtiyoji kuchaydi. Yangi zamon Eron adabiyoti vakillaridan Murtazo Mushfiq Kozimiy, Said Muhammad Ali Jamolzoda, Sodiq Hidoyat, Xusrav Shohoniy, Faridun Tonkaboniy, Faridun Amuzoda Xaliliy kabi adiblar, Furo‘g‘ Farruxzod, Salmon Hirotiy, Qaysar Aminpur, Nodir Nodirpur kabi shoirlarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Qatra yig‘ilib daryo bo‘lganidek, turfa so‘z san'atkorlari qalamiga mansub asarlar jamlanib yaxlit adabiyotni hosil qiladi. Eron adabiyo- tini chamanzorga qiyoslasak, bu bo‘ston ichra har bir qalamkash xush ifor taratayotgan gul kabi o‘z o‘rniga ega. Binobarin, bu gullar harchand xushbo‘y va go‘zal bo‘lmasin, yakka holda fors adabiyoti ma'naviy gulistonining sarxush etuvchi muattar bo‘yi va sohir ranglari jilosini to‘la ifoda etishga ojiz.
O‘zbekiston zaminida yashab ijod qilgan mohir mutarjimlar qadim zamonlardan hozirgacha fors adabiyoti bo‘stonidan xushbo‘y gullarni saralab, o‘quvchilarga taqdim etib kelgan. Tarjima uchun esa zamonaviy Eron adabiyotidan quyidagi buyuk adiblarni tavsiya qilgan bo‘lardim: shoir va rassom Suhrob Sipehriy, atoqli shoira Parvin E'tisomiy, zullisonayn shoir Shahriyor (Sayyid Muhammad Husayn Bahjat), Jalol Ol-Ahmad taxallusi bilan tanilgan zabardast yozuvchi Jaloliddin Sodot Ol-Ahmad, Faridun Mo‘shiriy, Sepide Koshoniy, Ali Akbar Dehxudo, Ali Muallim, Ahmad Shomlu, Muhammad Ali Islomiy (Nadushan), Eqbol Eshtiyoqiy, Mushfiq Koshoniy, Ali Rizo Qazve, Mahmud Davlatobodiy, Siymin Behbahoniy va Siymin Donishvar.
XX asrning 30-yillari eronlik shoir Nimo Yushij barmoq vaznidagi she'rlari bilan shuhrat qozondi. “She're no‘” (yangi she'r) deb nomlangan yo‘nalish asrlar davomida aruz “zulm”idan “aziyat chekkan” fors she'riyatiga yoqimli epkin olib kirdi go‘yo. Keyinroq boshqa bir novator Ahmad Shomlu fors nazmida “she're sepid ” (oq she'r) yo‘nalishiga asos soldi. Darvoqye, XX asr fors she'riyatining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan A.Shomlu o‘z chiqishlarida oq she'rni yoqlab, ko‘hna she'riy an'analarni rad etadi. Shoir aruzda qalam tebratgan ijodkor “so‘zni vazn katakchasiga qamash”ga majbur bo‘ladi deb hisoblaydi, qasida, g‘azal, ruboiy kabi an'anaviy janrlarning “kuni bitdi” deya hukm chiqaradi.
Men mumtoz va zamonaviy adabiyot o‘rtasiga “xitoy devori” qo‘ymagan bo‘lar edim. Fikrimni asoslash uchun ijozatingiz bilan gapni uzoqroqdan boshlasam. G‘azal, qasida, qit'a, masnaviy, ruboiy, tarji'band, tarkibband kabi mumtoz janrlar asrlar davomida shakllandi, aruz bag‘rida Firdavsiy, Nosir Xusrav, Nizomiy, Attor, Mavlaviy, Sa'diy, Hofiz kabi daho shoirlar kamol topdi. Shu tariqa hijriy-shamsiy 1300 yillar, ya'ni XX asrning yigirmanchi yillarigacha fors adabiyotida an'anaviy klassik uslub va aruz vazni yetakchi bo‘lib keldi. Biroq Eronda konstitutsiyaviy tuzum o‘rnatishga urinishlar jonlangan kezlari she'riyatda ham keskin o‘zgarishlarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ayni shu davrda adib ul-mamolik Farahoniy, malik ush-shuaro Bahor, Orif, Ishqiy, Lohutiy, Farruxiy Yazdiy, Iraj Mirzo kabi shoirlar xos tabaqaning biqiq muhiti hamda saroyning qalin devorlari orasida qolgan fors she'riyatini ozod etib, keng omma mulkiga aylantirdi. Aytish kerakki, qalam ahli garchi poeziyaga yangi ma'no-mazmun olib kirgan, ijtimoiy-siyosiy mazmundagi she'rlari bilan klassik nazmda burilish yasagan bo‘lsa-da, baribir an'anaviy qoliplarga sodiq qolgan edi...
O‘tgan asrning 30-yillaridan boshlab esa chinakam poetik yangilanish davriga qadam qo‘yildi. Shoir Nimo Yushij an'anaviy she'r “anatomiya”sini o‘zgartirib yubordi. Ijodkor she'rdan she'rga o‘sib borib, shunday nazm fazosini yaratdiki, u ko‘hna she'riyatdan butkul farq qilar edi.
Sirasini aytganda, Nimo fors she'riyatida inqilob yasadi. Klassik adabiyot va zamonaviy Ovrupo poeziyasini puxta bilgan, ayni choqda, o‘z davri ijtimoiy-siyosiy hayoti, ma'naviy muhitini teran anglagan shoir zamonaviy Eron she'riyatida yangi sahifa ochdi. Iqtidorli shoir yangi estetik me'yorlar, obrazlar tizimiga asos solib, poeziyaga benazir ohang va ayricha musiqiylik olib kirdi. Nimo o‘z ijodi xususida bunday degan edi: “Mening erkin she'rlarimda vazn va qofiya o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ayrim misralar qisqa, ayrimlari esa uzun ekani shunchaki shakl o‘yini yoki xayolot mahsuli emas”.
Nimo she'riyatini nafis kapalakka o‘xshatish mumkin. Fors zamini “pillasini yorib chiqqan” emasmi, u shaklan o‘zgacha ko‘rinsa-da, yetmish ikki tomiri bilan milliydir. Shoir taxayyul osmonida erkin parvoz qiladi. Garchi asarlari salaflari merosidek mashhur bo‘lmasa-da, biroq shubhasiz betakror fusun va jozibaga ega.
Adabiyot millat tafakkuri va ijodiy salohiyatini ko‘rsatuvchi muhim mezonlardan ekani ayni haqiqat. Fors adabiyotida yangi she'riy to‘lkinning paydo bo‘lishi navkiron avlod tafakkuriga ham ta'sir etmay qolmadi. Fors tafakkurining yashirin xazinalari ochilgandek bo‘ldi, adabiyot muhiblari forsigo‘y shoirlarning aytar so‘zlari hali ko‘p va xo‘b ekaniga ishonch hosil qildi.
Yana bir jihatni aytib o‘tmasam bo‘lmas. Hozirgi zamon Eron poeziyasi tadqiqi “yangi she'r” bir guruh shoirlar tomonidan iliq kutib olingan bo‘lsa-da, adabiyot ahli va nazm muxlislarining asosiy qismi an'anaviy she'riyatni afzal ko‘rishidan dalolat beradi. Darhaqiqat, zamonaviy poeziya hali katta yo‘l boshida. Nazarimda, ko‘p asrlik taraqqiyot yulini bosib o‘tgan klassik she'riyatga xos donolik, zakiylik hamon adabiyot muxlislarini ohanrabodek o‘ziga tortyapti. Biroq nima bo‘lganda ham, mumtoz va zamonaviy she'riyatni musbat va manfiy qutblar sifatida bir-biriga zid qo‘yish to‘g‘ri emas. Gap shundaki, zamonaviy she'riyat mumtoz nazmning ko‘p asrlik tajribalari asosida shakllandi. Menga qolsa, bu ikki yo‘nalishni adabiyot atalgan azim daraxtning shoxlari degan bo‘lar edim. Ya'ni ularning ildizi bir, har ikkisi ayni pokiza buloqdan suv ichadi. Shu bois ham bugun fors she'riyatida oq she'r yoki erkin she'r namunalari bilan bir qatorda an'anaviy janrlar ham “umrguzaronlik qilmoqda”. Qay birini tanlash esa o‘quvchining o‘ziga havola.



Yüklə 0,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   110




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə