Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi
109
bilan ey xizmatkor! Menga bir obdasta suv keltiringlar!» dedi.
Unga suv keltirishdi va u
o‘tirib har bir a’zosini uch martadan yuvib tahorat qildi. Keyin: «Shunday tahorat qil»,
dedi. Hotam esa: «(Iltimos), shu yerda tursangiz. Men huzuringizda tahorat qilib
ko‘rsatsam. Xatolarimni tuzatib qo‘yasiz», dedi. Tanofusiy o‘rnidan turdi va Hotam o‘tirib
tahorat qila boshladi. Keyin a’zolarini to‘rt martadan yuvdi. Shunda Tanofusiy: «Ey
birodar, isrof qilding», dedi. Hotam: «Qanday qilib?» deb so‘radi. U kishi: «A’zolaringni
to‘rt martadan yuvding», dedi. Shunda Hotam: «Subhonalloh (vo ajab)! Men bir hovuch
suvni ko‘p ishlatish bilan isrof qilgan bo‘lsam, sen shuncha narsalaring bilan isrof
qilmayapsanmi?» dedi. Tanofusiy uning maqsadi o‘rganish emas, balki shu narsani
bildirish ekanini bildi va uyiga kirib ketdi, so‘ng qirq kun odamlar oldiga chiqmadi.
Keyin Hotam (r.a.) Bog‘dodga keldi. Bog‘dod ahli uning yoniga to‘planib: «Ey Abu
Abdurrahmon! Siz ajamiy kishisiz. Kim siz bilan gaplashsa, albatta, mag‘lub qilasiz»,
deyishdi. Hotam aytdiki: «Menda
uch xislat bor, ular bilan raqibim ustidan g‘olib
bo‘laman: avvalo, raqibim to‘g‘ri fikr aytsa, xursand bo‘laman; xato qilsa, xafa
bo‘laman; unga johillar kabi muomala qilishdan ehtiyot bo‘laman».
Bu xabar Imom Ahmad ibn Hanbalga (r.a.) yetganida u kishi: «Subhonalloh! Naqadar
aqlli ekan. Turinglar, birgalikda uning huzuriga boraylik», dedilar. Huzuriga
kirganlaridan keyin unga: «Ey Abu Abdurrahmon! Dunyodan salomat bo‘lish (chorasi)
nima?» deb so‘radilar. Hotam javob berdi: «Ey Abu Abdulloh! Sizda (quyidagi) to‘rt
xislat bo‘lmagunicha, dunyodan salomat bo‘lmaysiz: qavmning johilliklarini kechirasiz;
ulardan o‘zingizning johilligingizni tiyasiz; hamma
narsangizni ularga sarflaysiz; ularning
narsalaridan umid qilmaysiz. Shunday qilsangiz salomat bo‘lasiz».
Keyin (Hotam) Madinaga yo‘l oldi. Madina ahli uning istiqboliga chiqdi. Hotam: «Ey
qavm! Bu qaysi shahar?» dedi. Odamlar: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam)
shaharlari», deyishdi. U: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) qasri qaerda? U
yerda namoz o‘qimoqchiman», dedi. Ular: «U zotning qasri bo‘lmagan, balki pastakkina
kichkina uylari bo‘lgan, xolos», deyishdi. «Unday bo‘lsa, sahobalarining qasrlari
qaerda?» deb so‘radi. Yana ular: «Ularning ham qasrlari bo‘lmagan. Pastak kulbalari
bo‘lgan, xolos», deb javob qilishdi. Shunda Hotam: «Ey qavm! Bu Fir’avnning shahri
ekan», dedi. Odamlar uni tutib, voliyning oldiga olib borib: «Bu
ajamiy odam Madinani
Fir’avnning shahri, deyapti», deyishdi. Voliy undan: «Nega bunday deding?» deb so‘radi.
Hotam shunday dedi: «Menga jazo berishga shoshilmang! Men ajamiy g‘arib odamman.
Shaharga kirib, bu kimning shahri deb so‘radim. Odamlar Rasulullohning (sollallohu
alayhi vasallam) shahri, deyishdi. Men esa u kishining qasri qaerdaligini so‘radim...»
Shunday qilib, u bo‘lgan voqeani aytib berdi. Oxirida esa Alloh taoloning:
«Albatta, sizlar uchun Allohning payg‘ambarlarida go‘zal namuna bordir»
(Ahzob surasi, 21-oyat), degan oyatini o‘qib: «Sizlar kimdan namuna olyapsizlar.
Rasulullohdanmi (sollallohu alayhi vasallam) yoki birinchi bo‘lib g‘isht va toshdan uy
qurgan Fir’avndanmi?» dedi. Shunda uni qo‘yib yubordi».
Hotamul Asom (r.a.) hikoyati mana shudir.
Salaflarning kamtarlik va zeb-ziynatni tark etish kabi siyratlaridan yuqoridagi ma’nolarga
dalolat qiluvchi iboralar yana keladi. Bu boradagi haqiqat shuki, muboh narsalar bilan
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi
110
ziynatlanish harom emas. Lekin unga chuqur kirishish unsiyatni paydo qiladi. Natijada
uni tark qilish qiyinlashadi.
Ziynatlanish faqat uning sabablariga rioya etish bilan mumkin bo‘ladi. Ko‘pincha uning
sabablariga rioya etmaslik mudohana (murosa, xushomadgo‘ylik), xalqning xohishiga
rioya qilish, riyokorlik va boshqa man’ qilingan ishlardan iborat gunohlarni keltirib
chiqaradi. Bu gunohlardan qutulishning chorasi ziynatlanishdan saqlanishdir.
Chunki kim
dunyoga sho‘ng‘isa, albatta, undan salomat chiqmaydi. Agar dunyoga sho‘ng‘ish bilan
birga, undan salomat qolish mumkin bo‘lganida edi, Rasululloh (sollallohu alayhi
vasallam) dunyoni tark etishda mubolag‘a qilmas edilar. Hattoki, xutba vaqtida naqshli
kiyimni
157
va tilla uzukni yechib qo‘yar edilar.
158
Bundan boshqa yana ko‘plab dalillar
borki, bayoni yaqinda keladi.
157. Muttafaqun alayh.
158. Muttafaqun alayh.
Hikoya qilinadiki, Yahyo ibn Yazid Navfaliy (r.a.) Imom Molik ibn Anasga (r.a.) shunday
maktub yozgan: «Bismillahir rohmanir rohiym. O‘tmish va kelajakdagilar ichida Uning
payg‘ambari Muhammadga Allohning salot va salomi bo‘lsin!
Yahyo ibn Yazid ibn
Abdulmalikdan Molik ibn Anasga. Ammo ba’d. Menga ma’lum bo‘ldiki, sen nafis
kiyimlar kiyib, nozik taomlar yer emishsan. Yana ko‘rpachalar ustida o‘tirib, eshigingga
soqchilarni qo‘yibsan. Holbuki, sen ilm kursisiga o‘tirgan zotsan. Sening huzuringga
kelish uchun ulovlar tayyorlangan va odamlar ham doimo sen tomonga oshiqadilar. Ular
seni imom qilib olganlar va so‘zlaringdan rozi bo‘ladilar (qabul qiladilar). Shunday ekan,
Allohdan qo‘rq, ey Molik! Mutavoze’ bo‘l. Bularni senga nasihat uchun yozdimki,
Allohdan o‘zga hech kim bundan xabardor emas. Vassalom!»
Molik (r.a.) unga shunday javob yozdilar: «Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taolodan
sayyidimiz Muhammadga, ahli va ashobiga salot va salomlar bo‘lsin!
Molik ibn Anasdan
Yahyo ibn Yazidga. Senga Allohning salomi bo‘lsin! Ammo ba’d. Maktubing menga yetib
keldi va nasihat, shafqat, adab bo‘lib (qalbimga) joylashdi. Alloh seni taqvo bilan siylasin
va nasihating evaziga yaxshilik bilan mukofotlasin. Alloh taolodan tavfiq so‘rayman.
(Yaxshilik qilishga) kuch va (yomonlikdan saqlanishga) quvvat faqatgina buyuk va oliy
zot bo‘lgan Allohdandir. To‘g‘ri, sen zikr qilganingdek, men nozik taomlar yeyman, nafis
kiyimlar kiyaman, (soqchi bilan o‘zimni) qo‘riqlataman va yumshoq o‘rinlarda o‘tiraman.
Mana shularni qilamiz va Alloh taolodan mag‘firat so‘raymiz. Zero, Alloh taolo:
«Bandalari uchun chiqarilgan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga
chiqaradi?» (A’rof surasi, 33-oyat) deb marhamat qilgan. Albatta, buni tark etish unga
kirishdan ko‘ra yaxshiroq ekanini bilaman. (Bundan keyin ham) bizni maktubingdan
darig‘ tutma. Biz ham seni maktubimizdan darig‘ tutmaymiz. Vassalom!»
Molikning (r.a.) insofiga qaraki, ziynatni tark etish uni olishdan yaxshiroq ekanini e’tirof
etib, uning mubohligiga fatvo berdilar. U zot ikkala holatda ham to‘g‘ri so‘zlagandirlar.
Bir inson qachon, bu nasihatdagi kabi insof va e’tirof bilan nafsini isloh etsa, keyin uning
nafsi mubohlar huzurida to‘xtashga qodir bo‘lsa,
ammo bu uni riyokorlikka, xushomad
go‘ylikka va yomon ko‘rilgan ishlarga o‘tib ketishga majbur qilmagan bo‘lsa, u kishi
Imom Molik kabi (buyuk) maqomdadir. Lekin ko‘plar ziynatlar oldida o‘zini to‘xtatishga
qodir bo‘lmaydi. Shu sababdan mubohlar bilan ziynatlanish katta xatardir. Bu holat xavf